1
Kichik xona derazasidan tushgan yorug‘lik qop-qora mo‘ylovi bug‘doyrang yuziga yarashgan qotma yigitni yoritib turibdi. U tik turganicha oq oralagan sochi orqaga taralgan ustozi uzatgan qog‘ozlarni oldi. Tahrir qilingan maqolasini oltin izlayotgandek diqqat bilan varaqlay boshladi. Sahifalardagi ayrim so‘zlarga soatning milidek nozik chiziqlarda qalam tekkizilgandi. Bular juz’iy kamchiliklar, degan xulosaga kelib, yengil tortdi. Oxirgi betni ochib, ajablandi:
– “Hasan Ali” deb o‘zgartiribsiz-da? – ustoziga “Tushunmadim?” ma’nosida qaradi.
– Ha, nima, – gazetaning yangi soniga tarx chizayotgan Izzatilla aka uning gapiga parvo qilmadi. – “Hasan Aliyev”dan ko‘ra “Hasan Ali” desak jaranglab eshitiladi. Bu o‘zbekona, ham tezroq tanilasiz. To‘g‘rimi?
Hasan mas’ul kotibning gapiga qo‘shilish yoki qo‘shilmaslikni bilolmay ikkilandi. Mo‘ylovi ostidagi yupqa lablarini biroz qimtib turdi-da, bu imzo o‘ziga yoqayotganidan mamnun jilmaydi: “Hasan Ali! Mashhur yozuvchilarning taxallusiga o‘xshaydi!”
Izzatilla aka zavq-shavq bilan qilayotgan ishidan to‘xtab, boshini ko‘tardi. Katta-katta kataklarga bo‘lingan sarg‘imtil qog‘ozga havas bilan qarab qo‘ydi-da:
– Bugun Oqchashmaga borasi-iz, Hasanbo-oy, – dedi so‘zlarni saqichdek cho‘zib-cho‘zib. – Chorvachilik fermasidan bitta zo‘-o‘r lavha kerak. Mo‘minjon akaga qo‘ng‘iroq qildim, u kishi ferma mudiri. Yosh, zo‘-o‘r sut sog‘uvchi qiz bo-or, deyapti. O‘sha qiz haqida lavha yozib kelasiz. Manavi bo‘sh joy – sizga!
Hasan Izzatilla akaning yoniga o‘tib, chizayotgan tarxiga tikildi. Uchinchi sahifaning naq yarmi bo‘sh edi.
– Shu joy sizniki! Gazeta ertaga sahifalanadi. Uyda ma-azza qili-ib yozib kelsangiz, Yodgora opa birpasda “moshinkalab” beradilar, – u gap tamom, degandek, kaftlarini bir-biriga ishqaladi.
Hasan ustozining oldidan ikki xil o‘yda chiqdi: Universitetni bitirib, tahririyatga ishga kelgan kunidan gazetaning mas’ul kotibi – Izzatilla akasi ustozlik qildi. Qiynalib, kalavaning uchini topolmagan paytlaridayam birorta topshiriq berib, yo‘lga boshlaydi. Bir necha marta xo‘jaliklarga ham aka-uka bo‘lib birga chiqishdi. Endi fermaga yolg‘iz o‘zini yo‘llayotir. Bu ishonchmi yoki sinov?
2
Oqchashma – tuman markaziga tutashgan katta qishloqlardan biri. Shimol tomonidan kumushrang ipakdek tovlanib Bo‘zsuv oqib o‘tadi. Bo‘zsuvni odamlar o‘zlaricha kanal, ariq, daryo ham deyishadi. Oqchashmaliklar uchun esa daryo. Qishloq odamlari o‘z daryolarining suvini panohlaridagi oilalari, farzandlaridek muqaddas deb bilishadi. Xastalarni shu suvda cho‘miltirsa shifo topishlariga chin dildan ishonishadi. Bu ishonuvchan, jaydari odamlarning fe’li ham o‘zlariga o‘xshagan turfa, g‘alati. Ba’zilari cho‘rtkesar, jangari bo‘lsa, boshqasi ziyolinamo, mo‘min.
Hasan Oqchashma qishlog‘ini, qishloq oralab oqayotgan Bo‘zsuvni bolaligidan biladi. O‘sha paytlarda daryo haqidagi afsonalarni eshitsa vahimaga tushgan. Ulardan biri hali-hanuz yodida. Afsona daryoga ko‘ndalang turib qolgan ulkan laqqa baliq va sevgilisiga yetisholmagan baliqchi yigit haqida edi…
…Uzoq o‘tgan zamonlarda Bo‘zsuv daryosining bo‘yidagi qishloqda xushsurat, pahlavon kelbatli bir yigit bo‘lgan ekan. U yolg‘iz onasi bilan yashar, baliqchilik bilan tirikchilik o‘tkazarkan. Bu yigitga qishloqning ko‘p jonon qizlari shaydo bo‘lishibdi. Lekin yigitning muhabbatga tashna, sarkash yuragi qishloqdagi katta boyning qizi – Maftunaga ohanrabodek talpinarkan. Yigitning sevgisi shunchalar kuchli ekanki, Maftunani bir ko‘rmoq, yuragining hovurini bosmoq dardida boyning uyi atrofida kechayu kunduz aylanib yurarkan. Hamqishloqlari oshufta yigitni “Majnun” deya atay boshlashibdi.
Maftuna ham hayotini Majnunsiz tasavvur qilolmas ekan. Yigit bilan qizning yuraklaridagi muhabbat cho‘g‘i pinhona uchrashuvlarning otash bo‘salarida alangalanibdi. Ozurda jonlar bir-birlariga talpinishar, ammo yetisha olishmasdi.
– Maftuna, sensiz yasholmayman, – dedi kunlarning birida Majnun.
– Men ham, – tan oldi Maftuna.
– Maftunam, otang qizini kambag‘alga berarmidi?
– Bilaman.
– Nima qilamiz, jonim?!
– Oh, Majnunim, bizga ham sarafroz kunlar bormi? Bu ishq ikkimizni ham halok qiladi, – deya yig‘ladi Maftuna.
– Sevgilim, unday dema, – qizni ovutdi Majnun. – Noqisligim faqat kambag‘alligimda. Endi men ko‘p, juda-juda ko‘p baliq ovlayman. Xudo xohlasa, boyib ketaman! Otang seni menga beradi!
Majnun tunu kun daryo bo‘yidan ketmabdi. U tinmay baliq ovlarkan. Sog‘inch qiynaganda Maftuna bilan uchrashar, hamohang qalblar bir-biriga ishq sirlarini so‘zlashar va Majnun yana Bo‘zsuv bo‘ylariga, baliq ovlagani shosharkan.
Oqar suvlardek kunlar, oylar o‘tibdi. Majnunning qayig‘i hamon vahimali jarliklar ostida tinimsiz suzarkan. Sirli jarliklar uning hijron qo‘shiqlariga aks-sado berarkan.
Ana shunday kunlarning birida Majnunning qayig‘i nimagadir zarb bilan urildi. Qayiqning suvga ag‘darilishiga bir baxya qoldi. Majnun ancha harakat bilan bazo‘r qirg‘oqqa chiqib oldi. O‘rnidan turib, daryoga qaradi-yu, hang-mang bo‘lib qoldi! Daryoda nihoyatda ulkan laqqa baliq ko‘ndalang turib, suvni to‘sib qolgandi. Majnun bunday bahaybat baliqni endi ko‘rishi edi. Bu baliqning ovozasini keksa baliqchilarning hikoyalaridangina eshitgan. Laqqa shunchalar katta ediki, Bo‘zsuvning besh qulochlik o‘zanida ortiga burila olmabdi. Ulkan og‘zi qirg‘oqdagi gil tuproqqa tiqilib qolgan, ko‘zlari iltijo bilan tikiladi.
Bahaybat laqqaning sehrlovchi ko‘zlariga qarab Majnunning hushi boshidan uchdi. Ko‘z o‘ngida suvlari ufqqa tutashgan ulkan dengiz paydo bo‘ldi. Dengizning ajdahodek mavjlari qirg‘oqni yuvib turibdi. Ufqdan bahaybat laqqa suzib kela boshladi. Baliq chuchuk suvga, daryoning ummonga quyilish joyiga o‘zini urdi. U oqimga qarshi suza ketdi. Suzaverdi, suzaverdi, nihoyat Bo‘zsuvning ona Sirdaryoga quyilish joyiga yetdi.
Bahaybat laqqa Bo‘zsuvda ham o‘jar oqimga qarshi to‘xtovsiz suzdi. Nihoyat, qamishzor sohilga yetganida jim turib qoldi… Majnun baliqning atrofida paydo bo‘lgan sonsiz-sanoqsiz uvuldiriqlarni ko‘rdi. Laqqa uvuldiriqlariga qulay suvni izlab Bo‘zsuvga suzib kelgan ekan. Va nihoyat… ulkan laqqa ortiga qaytmoqchi bo‘ldi. Lekin Bo‘zsuvning o‘zani torlik qildi. Baliq suvga ko‘ndalang turganicha shu yerda qolib ketdi…
Majnun baliqning ko‘zlariga tikilib ana shularni bilib oldi. Sakrab o‘rnidan turdi-da, qishloqqa, uyi tomonga shamoldek yugura ketdi. Hech kimga e’tibor bermay, to‘xtamay chopib boraverdi. Uyida uni onasi qarshi oldi:
– Bolajonim, Majnunim, nima bo‘ldi? – deya so‘radi o‘g‘lining ahvolidan xavotirlanib. – Yana boy quvib yubordimi?!
– Yo‘q, onajon, Bo‘zsuvda bahaybat laqqa ko‘rdim. Daryoga ko‘ndalang turib qolibdi. Atrofi to‘la uvuldiriq. Endi boyib ketamiz, onajon!
– Atrofida uvuldiriqlari, dedingmi, bolam?
– Ha, onajon, uvuldiriq qo‘yib, ortiga qaytolmagan. Juda bahaybat baliq!
– Sen uni…
– Ha, onajon, men bolta olgani keldim. Bu baliqning go‘shtini katta bahoga sotaman. Endi Maftunamga yetishaman!
Shunday deb Majnun og‘ilxona tomonga otildi.
– To‘xta! – dedi shunda onasi. – Sen ona baliqni halok qilmoqchimisan?
– Axir, u baliq-ku, onajon?
– Yo‘q, u ona baliq! Ona baliqqa rahming kelmaydimi?
– Rahmim keladi. Lekin, onajon…
– Mening ko‘nglim behuzur… O‘g‘lim, uni qo‘yib yubor! Bunday amal bilan sevgilingga yetisholmaysan.
Majnun o‘ylanib qoldi. Yuragi hapriqdi, bezovtalandi. Nihoyat onasiga qarshi ish qilolmasligini tushundi.
U og‘ilxonaga kirdi. Og‘ilxonada bolta bilan ketmon yonma-yon turardi. Majnun boltani emas, ketmonni oldi. Onasining oldiga kelib bosh egdi va yana Bo‘zsuv tomonga shamoldek yelib ketdi.
Bo‘zsuv hamon to‘lib-toshib oqardi. Bahaybat laqqa ko‘ndalang turganicha ko‘zlarida mung ila baliqchi yigitni kutib yotibdi. Uning ustidan oqib tushayotgan suvning shovullashi jarliklarda aks-sado beradi.
Majnun baliqning oldiga chopib-entikib yetib keldi. O‘ylab o‘tirmasdan, darhol ketmon bilan qirg‘oqning yumshoq gil tuprog‘ini chopa boshladi. U jon-jahdi bilan daryoni kengaytirar, terlab-pishib ketsa-da, sira ishdan to‘xtay demasdi. Terdan ho‘l bo‘lgan ko‘ylagini ham yechib tashladi. Daryo qirg‘og‘ini chopaverdi, chopaverdi… Baliq uning baquvvat bilaklari, bahor quyoshida misday yaltirayotgan badaniga havas bilan tikilib yotardi.
Laqqa baliq sekin-ohista Bo‘zsuvning azaliy oqimi tomonga kamondek egila boshladi. Uning zaytun tusidagi tanasini daryo o‘z bag‘riga oldi. Horib-charchagan Majnun ketmon dastasiga suyanganicha o‘ng qo‘li bilan peshonasidagi terni sidirib tashladi. Baliqning ortidan xayrlashayotgandek termilib qarab qoldi. Ko‘ylagini kiyib, ketishga chog‘landi.
Lekin bahaybat laqqa suzib ketishga shoshilmadi. Majnunga minnatdorlik bildirgandek, ixcham dumini bir necha marta shaloplatib suvga urdi. Nihoyat atrof jimib qoldi. Majnun ketishga chog‘lanib, ketmonini yelkasiga oldi. Shu payt yana daryoning suvi chayqalib, quyosh nurlarida baliqning dumi yaltirab bir ko‘rinish berdi. Qirg‘oqqa “tap” etib g‘alati temir quticha tushdi.
Majnun turgan joyida shamdek qotib qoldi: “Yo, Olloh”, – dedi hayratdan yoqasini ushlab. So‘ngra yugurib borib, temir qutichani ko‘tarib u yoq-bu yog‘ini ag‘darib ko‘ra boshladi. Ajablanib daryoga termildi. Hammayoq jimjit edi. Bo‘zsuv sokin oqayotir. Go‘yoki bu yerda bahaybat laqqa baliq hech qachon bo‘lmagandek. Qirg‘oqdagi qamishlar ko‘klam shabadasida sokin shitirladi. Qo‘lidagi qutichani ochishga bir-ikki urinib ko‘rdi, bo‘lmadi. U sodir bo‘lgan hodisadan lolu hayron edi. Qutichani ko‘ksiga bosib yana uyiga, onajonining huzuriga yelib ketdi. Yo‘lda uning bu ajib holini ko‘rganlar hayron bo‘lishmadi. Axir, u Majnun-da…
– Bolajonim! – onasi uni ko‘rib suyunib ketdi.
– Onajon, men baliqni qo‘yib yubordim!
– O‘rgilay sendan,Majnunim!
– Baliq mana bu qutichani qoldirib ketdi. Qarang, onajon!
Ular qutichani olib uyga kirishdi. Ona qutichaga qo‘lini tekkizgan hamon ko‘hna kulbada bir kuy taraldi. Bu sehrli kuy edi. Bu tanbur navosi edi! Qutichaning qopqog‘i kuy ohangiga mos ohistalik bilan o‘z-o‘zidan ochila boshladi. Nimqorong‘i kulba quyosh nurlari kirgandek birdan yorishib ketdi. Ona-bola bu tilsimotdan lolu hayron edilar. Qutichaning ichi duru javohirlarga to‘la ekan!
Ular bu sinoatdan jodulangandek qotib qolishdi. Shu payt kulbaga qutichaning kuyiga monand qo‘shiq taraldi:
Jiyda guli noparmon,
Bunda yor qolib ketdi.
Sevgim bo‘ldi-ku armon,
Bo‘zsuvda oqib ketdi.
Izlama yor, izlama,
Dardlarim to‘lib ketdi.
Sig‘may qoldim olamga,
Baliqlar olib ketdi.
– Maftuna! – Majnun titrab-qaqshab birdan hayqirib yubordi.
– Bolam!
– Bu Maftunaning ovozi, onajon! Maftunaga nima bo‘ldi?!
Ona boshini egdi. Ko‘zlaridan duv-duv yosh quyildi:
– Bugun Maftunaning to‘yi!
– Nima?! Nega?!
– Maftunang uzoqlarga ketyapti, bolam. Oh, bolajonim-a, boy kambag‘alga qizini berarmidi!
Majnun sapchib o‘rnidan turib, kulbadan chiqib ketdi. Onasi uning ortidan hay-haylaganicha beozor musichadek bo‘zlab qolaverdi. U shamoldek yelib ko‘chaga otildi. Shaydo ko‘ngli beadog‘ iztirobga to‘lgan, Maftunaning ismini tinmay takrorlardi. Shu payt daryo tomondan nolon bir sas keldi. Bu Maftunaning ohu zorlari edi! Majnun boyning uyiga emas, Bo‘zsuv tomonga yugurdi. U Majnun edi, bu holiga kimdir achindi, yana kimdir bee’tibor qarab qolaverdi. Qishloqda bahor shabadalari kezardi. Maysalar oshiq yigitning oyog‘ini o‘pdilar. Ochilgan chechaklar hamroz bo‘ldilar. Tun kelishini kutib, yashirinib yotgan yulduzlar taniga koinotning sohir quvvatini berdilar. Daryoning suvi qorli tog‘lardan olib kelgan toza havolar qaynoq nafasini sovutib, yuragining taftini bosdilar.
Nihoyat Majnun hayqirib oqayotgan Bo‘zsuv bo‘yiga yetib keldi. Qirg‘oqdagi bir tup gullagan jiydaga ko‘zi tushdi. Jiyda shoxida Maftunaning shohi ro‘moli ilinib qolgandi. Majnun ro‘molni tanidi. Shu payt daryodan yana o‘sha qo‘shiq eshitildi:
Jiyda guli noparmon,
Bunda yor qolib ketdi…
Majnun Bo‘zsuv yoqalab yugura ketdi. Maftunani chaqirib bo‘zlayverdi, bo‘zlayverdi. U jarliklardan oshdi, qamishlarni bosib-yanchdi. Jing‘illarning shoxlari a’zoyi badanini tilib yubordi. Ammo Maftunasini topolmadi, u hech yerda yo‘q edi.
Majnun hamon o‘z yorini izlab Bo‘zsuv bo‘ylarida yelib-yugurib yurar emish…
Bo‘zsuv asli Tyan-Shanning asrlar bo‘yi yig‘ilib yotgan qor, muzliklaridan suv oladi. Girdobli oqimlarida inson qadami yetmagan osmono‘par tog‘larning sir-sinoatlari yashiringan. Ilonizi o‘zanidagi tik va baland jarliklarni ayovsiz o‘pirib, qishloqqa oqib kirganida uyatchan kelindek sokin bo‘lib qoladi. Bu jilovsiz, bebosh oqim Oqchashmadan chiqaverishda yana o‘jar, jangari yigitdek asov daryoga aylanadi. Qirg‘oqlarini yemirib, jarliklarni kengaytiradi. Odamlar orasida vahimali afsonalar qoldirib, ona Sirdaryoning bag‘riga singib ketadi…
Hasan qishloqqa piyoda ketdi. Balandlikdagi temir yo‘ldan o‘tayotib quyida yastanib yotgan Oqchashmaga bir qur ko‘z tashlab oldi. Biroz yurgach qishloqning o‘ziga xos diltortar manzaralari boshlandi. Dimog‘iga barra bedaning mast qiluvchi xush bo‘yi keldi. Yo‘l chetiga qoziqlangan ola sigir buzog‘iga talpinib nolali ma’radi. Oq-jigarrang buzoqcha zorlanayotgan onasiga e’tibor bermay, boladek o‘ynoqlab sakrardi. Bu esa ajriqzorga bag‘rini berib yotgan beg‘am Olaparning g‘ashini keltirdi chamasi, it erinib o‘rnidan turdi, bir-ikki hurib, erinchoqlik bilan nari tomonga sekin yurib ketdi. Ola sigir arqoni yetganicha buzoqchasiga qarab talpindi. Keyin yana cho‘ziq ma’radi.
Hasan qishloq o‘rtasidagi ko‘chadan Bo‘zsuvgacha borib, shu yerdan chorvachilik fermasiga burildi. Yo‘l-yo‘lakay Bo‘zsuv bo‘ylarini tomosha qilib bordi. Kuz fasli edi. Daryo bo‘yidagi jing‘il butalari qish kelishini xohlamayotgandek och yashil yaproqlarini ko‘z-ko‘zlab, ajib manzara kasb etgan. O‘t-o‘lanlar turfa ranglarda jilolanib gullagan. Sohil quyosh nuriga to‘shalgan gilamdek yashil, sariq, pushti ranglarda tovlanadi.
Hasanning ko‘nglida kishini to‘lqinlantiruvchi hislar paydo bo‘ldi. Shunday kayfiyatda borarkan, yo‘l keskin o‘ngga burilib, tepalikka ko‘tarildi. U tez-tez yurib ketdi. Sayhonlikka chiqqanida uzoqdan beton devor bilan o‘ralgan ferma ko‘rindi. U qadamini tezlatib, bir zumda fermaga yetib keldi.
Ikki tavaqali ulkan temir darvoza oldida o‘rta yoshli, to‘ladan kelgan bir odam unga tikilib turardi. Hasan salom berib, so‘rashdi.
– Ferma mudirimisiz? – dedi gapni nimadan boshlashni bilolmasdan.
U boshini qimirlatib tasdiqladi.
– Ismim Mo‘minjon, – dedi-da, yana unga tikildi.
Hasan kalovlanib qoldi. “O‘ziyam mo‘min odam ekan”, – deya o‘yladi.
– Hasan… Aliyevman. Gazetadanman. Ilg‘or sog‘uvchi haqida lavha yozmoqchiman.
Bu gapi ferma mudiriga ta’sir qildi, chehrasi ochilib, jilmaydi.
– Aytishgandi, – Mo‘minjon aka imo qilib, ichkariga boshladi.
Ular temir darvozaning ochiq darchasidan fermaning katta hovlisiga kirishdi. Kirza etikdagi ferma mudiri zalvorli qadamlar bilan oyog‘ini sekin-asta sudrab bosardi. Hasan bir zum to‘xtab, atrofga alangladi. To‘g‘rida kichik-kichik tirqish oynali, tomiga shifer qoplangan, egizaklardek bir-biriga o‘xshash uchta molxona ko‘rindi. Uzoqda osmonga bo‘y cho‘zgan pichan g‘aramlari ko‘zga tashlanadi. Mo‘minjon aka Hasanni darvoza yonboshidagi uy tomonga boshladi.
Shu payt qizlarning chuvillagan ovozlari eshitildi. Ular kelishib olgandek baravar to‘xtab, o‘sha tomonga qarashdi. Oppoq oqlangan molxonadan yetti-sakkiz nafar sog‘uvchi qizlar chiqib kelishardi. Mo‘minjon aka qo‘lini silkitdi. Ular yoshgina bir qizni oldinga turtib chiqarishdi. Ferma mudiri uni imo bilan oldiga chaqirdi.
Qiz qiqirlab kulayotgan sheriklariga jahl bilan nimadir dedi. Peshonasiga tushgan sochini to‘g‘riladi-da, tez-tez yurib ularning oldilariga keldi.
Sog‘uvchi qiz oq xalatda edi. Boshidagi durrasi ham oppoq. Yuzlari sutga chayilgandek tiniq. Nigohini uyalgannamo yerga qadab, Hasanga ko‘z qirini tashladi. Qop-qora, qaldirg‘och qanotidek nozik egilgan qoshlar ostidagi shahlo ko‘zlar o‘tli bir qarash qildi. Qizning bu qarashidan Hasanning eti jimirlab ketdi. Bexosdan qalbida g‘alati hissiyot paydo bo‘ldi. Boyagi, ferma mudirini uchratganidagi hayajoni bir zumda unutildi. O‘rnini qadrdon do‘stini topib olgandagi quvonchga o‘xshagan yoqimli tuyg‘u egalladi. Qiz Hasanga qarab sekin salom berdi.
– Siz so‘ragan qizimiz mana shu, – dedi Mo‘minjon aka. – Gaplashib, yozavering.
U indamasdan qarshilaridagi uyning ochiq eshigidan ichkariga kirib ketdi. Hasan keyinroq bu kichik uy fermaning idorasi ekanligini bilib oldi. Mudir xonasi, molboqarlar yotog‘i, oshxona ham shu yerda joylashgandi.
Hasan mudirning g‘alati fe’lidan ajablandi. Ikkinchi tomondan uning indamay kirib ketganiga suyundi ham. Tepangda birov soqchidek tursa gaplashib bo‘ladimi! U Mo‘minjon akani nigohi bilan kuzatib, qarshisida iymanib turgan sog‘uvchi qizga qaradi:
– Ismingiz nima?
– Zuhra… Sizniki-chi?
– Hasan.
Birdan qizning chehrasi ochildi:
– Iy-e, ikkalamiz egizak ekanmiz-da!
Zuhra jilmayganida Hasanga yanayam maftunkor ko‘rindi. U hamon sehrlangandek qarshisidagi qizdan ko‘zini uzolmasdi: “Chehrasi bunchalar yoqimli, qarashlari-chi, yosh bolanikidek beg‘ubor!” Uning yuragi tosh tekkandek sirqirab ketdi.
– Chiroyli ekansiz, – dedi beixtiyor.
– Unday demang.
– Nega?
– Yaxshi emas.
– Siz haqingizda gazetaga yozmoqchiman.
– Mayli, – oqko‘ngillik bilan rozi bo‘ldi Zuhra. – O‘quvchilik paytimda men ham jurnalist bo‘lishni orzu qilganman.
– Rostdan-a?
– Ha, lekin mana, sog‘uvchiman, – u birdan o‘ychan bo‘lib qoldi.
– Nega o‘qishga kirmadingiz?
– Bilmadim… Ayam sut sog‘uvchilar, opam ham. Fotima opam turmushga chiqqanlar. Sizning Husaningiz-chi, u kishi ham jurnalistmilar?
– Husan… chaqaloqligida olamdan o‘tgan.
– Voy… Meni kechiring, bilmabman.
– Hechqisi yo‘q.
Oraga biroz jimlik cho‘kdi. Bu sukunatni yana Zuhraning mayin ovozi buzdi:
– Buvam o‘qishimizni xohlardilar. Dadam bo‘lsa uydan uzoqlashtirgilari kelmadi. Shunday qilib, o‘qiyolmadim. Siz judayam baxtli ekansiz.
– Yo‘g‘-e?
– Ha-da, jurnalistsiz. Odamlar bilan uchrashasiz, ularning hayotlarini yozasiz. Shuning o‘zi baxt-da!
Hasan kulib qo‘ydi. Qiz buni o‘zicha tushundi-da, xafa bo‘lgandek jiddiylashib oldi.
– Zuhraxon, men endigina o‘qishni bitirib keldim, hali tajribam yo‘q.
– Baribir, ko‘nglingizdagi gaplarni yozasiz.
– Sizni ko‘nglingizda nimalar bor?
Hasan bu savol tilining uchidan qanday uchganini sezmay qoldi. Zuhra yana xafa bo‘ladi, deb ichi xijil bo‘ldi. Ammo qiz ochiqko‘ngillik bilan jilmaydi:
– Hamma qatori. Men… o‘qigan kitoblarim haqida yozgan bo‘lardim.
– Ko‘p o‘qiysizmi?
– Bo‘sh qolsam kitob o‘qiyveraman. O‘qiyotib yig‘lab ham olaman.
Endi ular eski tanishlardek, bolalikdan birga o‘sgan sinfdoshlardek gaplasha boshlashgandi.
– Juda ta’sirchan ekansiz, – dedi Hasan.
– To‘g‘ri, o‘qiganlarimni tushimdayam ko‘raman.
– Qaysi yozuvchini ko‘p o‘qiysiz?
– Chingiz Aytmatovni. “Somon yo‘li” qissasini qayta-qayta o‘qiyveraman. Har safar ko‘zimga yosh keladi. Siz ham o‘qiganmisiz?
– O‘qiganman.
– Men To‘lg‘anoyga havas qilaman, ham dardiga sherik bo‘lib yig‘layman.
– Ona Yer bilan gaplashganlarini o‘qiganimda men ham o‘zimga sig‘may ketganman.
– Yigitlardayam shunaqa bo‘ladimi?
– Yaxshi asar insonning ko‘nglini larzaga soladi, Zuhraxon!
Zuhra peshonasiga tushgan sochini oq durrasiga bostirib, Hasanga qaradi:
– Savolingizni beravering?.. Men haqimda yozasizmi? Balki, ezma qiz ekan, deb aynib qolgandirsiz?
Ular hamon ferma hovlisida turishar, qarshilaridagi uyning birorta xonasiga kirib bafurja gaplashish mumkinligi na Hasanning, na Zuhraning xayoliga kelmasdi. Kuz quyoshining qizdirishiga ham e’tibor berishmas, go‘yo atrofda ulardan o‘zga odam yo‘qdek edi. Hasan avval yon daftariga nimalarnidir yozib turdi, keyin buni ham unutib, sehrlangandek qizning gaplariga quloq tuta boshladi. Zuhra yuragida asragan, hech kimga aytmagan tuyg‘ulari haqida to‘lqinlanib gapirardi. Boshqa payt bo‘lganida cho‘chir yoki istihola qilgan bo‘lishi aniq edi. Axir atrofda tanish odamlar yurishibdi, begona yigit bilan kunning tig‘ida turib gaplashishi odobdan emas-da. Hozir esa bunday hadik xayoliga kelmadi.
Ular idoradan chiqqan Mo‘minjon akaning o‘zlarga bir qarab, yana kirib ketganini ham sezishmadi. Zuhra Hasanga uyalinqirab qaradi:
– Men haqimda nimalarni yozasiz?
– Yozaman, albatta yozaman, keyin bilasiz! – dedi ehtirosini jilovlay olmayotgan Hasan.
Shu damda ular uchun vaqt to‘xtab qolgandek edi. Hasan bilan Zuhra ilk uchrashganlaridayoq ko‘zga ko‘rinmas ip bilan bir-birlariga bog‘lanishgan, ammo buni o‘zlari sezishmas, yuraklari ilk muhabbatning sohir lahzalari hukmiga tobe edi. Faqat bu totli lahzalar hech qachon tugamasligini istashardi. Bir ko‘rganda, bir onda-ya! Nega shunday?.. Ular uzoqdan ko‘rinib turgan Bo‘zsuv bo‘ylariga termilishar, bir-birlaridan ajrala olishmasdi. Qalblarida ayni paytda yaralgan, daryoning bebosh oqimidek asov tuyg‘u aqllariga bo‘ysunmasdi.
Oqchashma fermasiga muxbirlar tez-tez kelib turishardi. Hasanning bu yerda uzoq qolganiga hech kim jiddiy e’tibor bermadi.
– Muxbir-da, ularning ishi shu, gaplashadi, yozadi, – dedi shu yerdan ularga qarab-qarab o‘tib ketayotgan mo‘ylovdor molboqar yonidagi yoshgina sherigiga.
Hasan Zuhra bilan gaplashgan sari ruhida yoqimli yengillik sezardi. Parvozga shaylangan qushdek zangori osmonga uchgisi keldi shu damda. Yuragida yillar davomida zoriqib-zoriqib kutgan hislar uyg‘ondi. Atrofdagi olam ko‘ziga maftunkor ko‘rindi. Ferma hovlisida g‘imirlab yurgan molboqaru sog‘uvchilar ham qadrdonlaridek. Zuhradan sira-sira ajralgisi kelmasdi. U bilan xayrlashayotganida o‘yinchog‘ini yo‘qotib qo‘ygan boladek tumtayib oldi.
– Yozganingiz gazetada chiqsa, olib kelasizmi? – Zuhra yalinchoq ovozda so‘radi.
– Olib kelaman! – Hasan qizning chiroyiga to‘yib olmoqchidek o‘tli qarash qildi.
Osmonni kuz quyoshining tillarang nurlari to‘ldirganda ular sohir nurlar ummonida cho‘milib, bir-birlari bilan xayrlashishdi. Hasan qishloqdan qaytarkan, “Zuhra-a, Zuhra-a!” – deya hayqirgisi keldi. Bu yerlar ko‘ziga juda-juda chiroyli ko‘rindi. Beixtiyor bolaligida Oqchashmaga kelganini eslab ketdi…
…O‘shanda besh-olti yoshlardagi bola edi. Rahmatli buvisi qarindosh-urug‘chilikni qattiq ushlaguchi edi. Hasanni yetaklab Oqchashmadagi amakisining uyiga tez-tez olib borardi. Bir safar kelganlarida maktabning bitiruvchi sinfida o‘qiyotgan, bo‘y yetib qolgan ammasining kitoblariga bolalarcha o‘jarlik bilan qattiq yopishib oldi. Ko‘hna javonning qutisidagi g‘aroyib kitoblar o‘z-o‘ziniki bo‘lishini shunday xohladiki, uni kitoblardan, kitoblarni undan ajratib olisholmadi. “Mayli, shu kitoblar senga bo‘laqolsin”, – deyishdi bolani ovutib.
Hasan tunda kitoblarini quchoqlab uxlab qoldi. Uyg‘onganida quchog‘idagi suratli kitoblari yo‘q edi. U o‘ksib-o‘ksib yig‘ladi. Xo‘rlik jajji yuragini tilka-pora qilgandi. Ammo kitoblarini qaytarib berishmadi. Shundan keyin Hasan g‘aroyib suratli kitoblarini sira-sira unutolmadi. Hatto tushlaridayam o‘sha suratli kitoblarni ko‘rardi.
Bir kuni tushida qushlarga o‘xshab osmonu falakka uchdi. Buvisi olib bergan yangi duxoba do‘ppisi boshida emish. Yengi kalta katak ko‘ylagi shamolda hilpiraydi. Oyog‘ida yoqimli hid taratib turgan yap-yangi jigarrang boshmog‘i. U ko‘zlarini katta-katta ochganicha parvoz qilardi. Baland osmondan uylar gugurt qutisidek, ko‘chalar qizchalarning sochidagi tasmadek, odamlar kichkina qo‘g‘irchoqlardek ko‘rindi. Bir payt Bo‘zsuvning ustidan uchib o‘ta boshladi. Shunda suvga qulab tushmaslik uchun qo‘llarini qushning qanotidek ikki tomonga yoyib, ko‘zlarini yumib oldi… Ko‘zini ochganida tomi kungurador katta uyning hovlisida turardi. Sekin, ovoz chiqarmasdan atrofga alanglab, kungurador uyga kirdi: Ie, bu o‘zlarining uylari-ku! Uyda katta javon paydo bo‘libdi. Tortsa ochiladigan qutilariyam bor. Hasan ulardan birini ochib ko‘rdi. Quti kitoblarga to‘la edi. Bir-bir olib varaqladi. Suratlari biram ko‘p, ajoyibu g‘aroyib! Suyunganidan qiyqirib yubordi! Undan boy, undan baxtli bola yo‘q edi o‘shanda…
Hasan bu tushini ancha paytgacha unutolmadi. Kitoblar hayotidagi shirin orzusiga aylandi. Keyinchalik, maktabga borganida o‘zining ham kitoblari bo‘ldi. O‘qish-yozishni o‘rganib olganida yig‘ib yurgan pullariga kitob sotib ola boshladi. Kitoblari uning hech kimga berishni istamaydigan, sirli va bebaho xazinasi bo‘lib qoldi.
Buvisi o‘qish-yozishni bilmasdi, shuning uchun unga kitob o‘qitib eshitib o‘tirardi. Ertak, dostonlarni o‘qish Hasanning o‘zigayam yoqib qoldi. O‘qiyverib, beixtiyor kitobdagi qahramonlar xayoli bilan yashay boshladi. Alpomish, Go‘ro‘g‘li, uch og‘a-ini botirlar tushlariga kirdi…
Bugun o‘sha tuyg‘ular bahorda ochilgan chechaklardek bolalik xotiralarining yashirin puchmoqlarida qayta uyg‘ondi. Aslida ham bu qishloq bolaligidan juda-juda qadrdon ekanligi haqida o‘yladi.
U o‘rikzor ko‘chadan temir yo‘l tomonga yurib borardi. Qishloq bilan tuman markazini mana shu temir yo‘l ajratib turadi. Hozir uyiga borib Zuhra haqidagi lavhasini yozadi…
Hasan xayol bilan bo‘lib yo‘lda ketayotgan qariyaga urilib ketishiga bir baxya qoldi. Ixcham soqolli, ozoda kiyingan chol ajablanib to‘xtadi. Hasan qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, salom berdi.
– Vaalaykum assalom, o‘g‘lim, – chol qiroat bilan alik oldi. Xushmo‘ylov yigitga sinovchan tikildi. Uning keksalarga xos nurli yuzi kulib turardi.
– Kechirasiz, xayol surib qolibman, – Hasan xijolat bo‘ldi.
Chol beozor jilmaydi:
– Men ham sening yoshingda xayol surib qolardim. Sekinroq yursang, birga ketamiz… Isming nima?
– Hasan.
– Meni Hoshim amaki, de.
Hoshim amaki zerikib borayotgan ekan, gapga tushib ketdi:
– Quvvat avvalgidek emas, endi biz chopqillab yurolmaymiz. Kechagina senga o‘xshagan qirchillama yigit edim. Yoshlik ko‘zimni yumib-ochgunimcha o‘tib ketdi, bolam.
Ular ko‘cha chetidagi ulkan teraklarning soyasida yonma-yon yurib borishardi.
– Kimning o‘g‘lisan? – so‘radi Hoshim amaki.
– Tanimassiz, tuman markazidanman.
– Ha-a. Uylanganmisan?
– Yo‘q.
– Necha yoshdasan?
– Yigirma beshda.
– Uylan, tezroq uylan! Ayni payti. Qariganingda bolalaring belingga quvvat, oyog‘ingga darmon bo‘ladi. Bir rivoyat bor, aytib beraymi?
– Mayli, – Hasan rozi bo‘ldi.
– Qadim zamonlarda Bo‘zsuv bo‘yidagi mana shu qishlog‘imizda bir yigit bo‘lgan ekan, – Hoshim amaki atrofdagi uylarga qarab qo‘ydi. – Qoraqosh, qorako‘z, kelishgan bu yigit kattalarni hurmat qilar, kichiklarni ayarkan. U har kuni qishloq guzariga chiqib, yoshi ulug‘lar jamoasiga: “Assalomu alaykum”, – deya salom berarkan. Jamoa ham yigitning hurmatini joyiga qo‘yib: “Kel, ey olamning sultoni yigit”, – deya qarshi olarkan. Vaqt o‘tib, yigit uylanibdi. Endi guzarga chiqqanida jamoa uni: “Kel, ey olam bilan barobar yigit”, – deya qarshi oladigan bo‘libdi. Yoshi ulug‘larning bu gaplari mag‘rur yigitni chunon o‘yga toldiribdi: “Eh, – debdi u o‘zicha. – Avvallari olamning sultoni edim. Endi, uylanganimdan keyin hamma bilan barobar bo‘lib qoldimmi?” Yigit shunday xayol bilan uyiga kelibdi-da, yosh xotinini haydab yuboribdi. Ertasiga yigit yana guzarga, jamoa oldiga chiqibdi. “Assalomu alaykum!” – deya salom beribdi. Qariyalar yigitga qarab boshlarini chayqashibdi-da: “Kel, ey olamning maymuni!” – deya qarshi olishibdi…
Hoshim amakining aytgan rivoyati Hasanni o‘ylantirib qo‘ydi: “Bu bir afsona-da, o‘zini bilgan odam bunday ishni qilmaydi. Lekin o‘ylamasdan o‘zini chohga otadiganlar ham bor. Rivoyatdagi voqea shunga ishora. U o‘zi uylangan qizdan bir umr, bir kun ham ayrilmaydi”.
Hasanning ko‘z oldiga Zuhraning kulib turgan chehrasi keldi. Shu paytda Hoshim amaki bilan baxtli tasodif tufayli uchrashgani, uning bir kuni uylariga kirib kelib, o‘zini lol qoldirishini xayoligayam keltirolmasdi.
Ular hamon Oqchashma ko‘chasidan yonma-yon yurib borishar, Hasan qariyaning qadam tashlashiga qarab sekin-asta odim tashlardi.
– O‘g‘lim, rivoyatlar odamlarni yaxshilikka yetaklaydi. Xulosa chiqarish har kimning o‘ziga havola, – dedi Hoshim amaki hamrohining ko‘nglidan o‘tgan gapni payqagandek.
– To‘g‘ri, – tasdiqladi Hasan.
Hasan shu damda Hoshim amakini Bo‘zsuvning sokin oqimiga o‘xshatdi. Oqchashmaliklar doim o‘z daryolarining qudratiga tan berib, hayratlanadilar. Bu sokin oqim ostida behisob sir-asrorlar yashiringanini ham bilishadi.
U oqshom qo‘nganda uyga kirib keldi. Kiyimlarini almashtirib, yuvindi-da, ayvonga chiqdi. Hamma ovqatlanib, turib ketgan, hali dasturxon yig‘ishtirilmagandi. Xontaxtaning bir chetiga o‘tirdi. Charchagan bo‘lsayam Zuhra bilan uchrashuvi ta’sirida hamon ko‘zlari chaqnab turardi.
– Nima gap, o‘g‘lim, juda xursandsan? – dedi unga choy quyib uzatgan Mastura opa.
– Yaxshi kun bo‘ldi, shunga, – jilmaydi Hasan.
Onasi indamadi. Ammo o‘g‘lining yuz-ko‘zidan nimadandir bezovtaligini sezdi. “Rostdan ham ishi bilan bog‘liqdir bu, – deya o‘yladi.– Yanayam kim bilsin”.
Hasan lagandagi oshdan shoshib yedi-da, darrov o‘rnidan turdi. O‘zining xonasiga kirib, gazetaning ertangi soniga lavha yozishga tutindi. Fikri chalg‘ib, nimadan boshlashni bilmay ancha payt xayol surib o‘tirdi. Universitetda matbuot nazariyasidan dars bergan domlasining gapi yodiga tushdi: “Nimani, qanday vaziyatda yoki qay tartibda ko‘rsangiz, shundayicha qog‘ozga tushiravering, keyin tahrir qilasiz”, – derdi ustozi doim.
U kalavaning uchini topgandek shoshilib yoza boshladi. Avval fermani, Mo‘minjon akani, keyin oq durrali sut sog‘uvchi qizning qiyofasini ehtiros bilan bir-bir tasvirladi. Yozib-chizib o‘tirib, vaqt qanday o‘tganini sezmadi.
Tun yarimdan oqqanda lavhasiga so‘nggi nuqtani qo‘yib, o‘rnidan turdi. Derazadan to‘lin oy mo‘raladi. U Zuhra haqida o‘ylab yotib uxlab qoldi…
3
Quyosh derazadan mo‘ralab, Hasanning yuz-ko‘zlarini erkalab uyg‘otdi. U kech yotgan bo‘lsayam bardam bo‘lib o‘rnidan turdi. Uydan chiqib, kuzning salqin havosidan ko‘ksini to‘ldirib to‘yib-to‘yib nafas oldi. Hovlidagi keksa yong‘oqning yakkam-dukkam sarg‘aya boshlagan barglari yengil shabadada bezovta pirilladi. Chirt etib uzilgan ikki-uchta barg bir-birini quvalashib yerga tushdi. Hasan hovlini bir doira aylanib yugurdi, muzdek suvda beligacha yuvindi. Oyisining hay-haylashiga qaramasdan shoshilib bir piyola choy ichar-ichmas o‘rnidan turdi.
Tahririyatga borayotganida kechagi kunni esladi. Zuhra bilan uchrashgani qalbiga yoniq tuyg‘ularni olib kirgandi: “Zuhra shu paytgacha bilgan qizlariga hecham o‘xshamaydi. Ko‘ngli buloq suvidek toza. Uni avvalroq nega ko‘rmagan? Axir Oqchashmaga birinchi borishi emas-ku. Yoki e’tibor bermaganmi? Yo‘q, unday bo‘lishi mumkinmas. Chunki… chunki, uni birinchi ko‘rganidayoq sog‘inib yurgan odamini topib olgandek bo‘ldi. Hozir Zuhrani judayam ko‘rgisi kelyapti!”
Ishxonasiga kirganida hammayoq jimjit edi. Yo‘lakka ochib qo‘yiladigan eshiklar berk. Xonasiga kirib, tunda yozgan lavhasini o‘qiy boshladi. Zuhrani tasvirlagan joylari o‘ziga yoqdi. Xayol surib qo‘lyozmaga tikilib o‘tirganida yo‘lakdan qadam tovushlari eshitildi. Xodimlar ishga kela boshlashgandi. Hasan qog‘ozlarini yig‘ishtirdi. “Ertaga Zuhra bilan uchrashaman, – degan shirin xayol bilan o‘rnidan turdi. – Aslida bugun, ishdan keyin fermaga borsam bo‘lardi, ayni kechki sog‘in paytida! Lekin nima deb boraman? Avval lavha gazetada chop etilsin…”
U qo‘lyozmasini olib yo‘lakka chiqdi. Mas’ul kotib xonasining eshigi ochiq edi. Izzatilla akaning baralla kulgani, Abdulla akaning nimadir degani eshitildi. Muharrir o‘rinbosari ham shu yerda ekan.
– Kiring, kiravering, – dedi u Hasanga. – Bugun navbatchisiz. Izzatilla akangizning oldidan jilmang.
Izzatilla aka katta stolida bosmaxonadan chiqqan “granka”larga ko‘milib o‘tirardi.
– Yozib keldingizmi? – dedi Hasanning qo‘lidagi qog‘ozlarga ishora qilib.
– Ha.
– Abdulla akangiz bir ko‘zdan kechirib bersinlar, a? – u muharrir o‘rinbosariga qaradi.
– Bo‘pti-da, qani yuring-chi, – past bo‘yli, to‘ladan kelgan, doimo kulib turadigan Abdulla aka eshik tomonga yurdi.
Ular oldinma-keyin yo‘lak to‘ridagi qabulxonaga kirishdi. Yodgora opa mashinkasini chiqillatib o‘tirardi. Hasan opaga salom berib, muharrir o‘rinbosarining xonasiga kirdi. Abdulla aka qo‘lyozmani o‘qiy boshladi, har-har joyiga qalam tekkizib, tahrir qildi.
– O‘-o‘-o‘, Hasanboy! – dedi nihoyat boshini ko‘tarib. – Shunday yozish kerak! Sog‘uvchi qizni avval tanirmidingiz?
– Yo‘q.
– Yaxshi yozibsiz! Tasvirlar ham o‘quvchini tortadi. Eng asosiysi, sog‘uvchining ichki olamini yaxshi yoritgansiz.
Abdulla akaning maqtovi Hasanning ko‘nglini ko‘tardi.
– Mana, “Oqchashma qizi” deb sarlavha qo‘ydim, – dedi u qo‘lyozmani qaytarayotib. – Yodgora opaga bering, darrov moshinkadan chiqaradilar.
Tahririyat kotibasi Yodgora opa – past bo‘yli, jikkakkina ayol. U jamoadagilarni aka-ukalaridek o‘ziga yaqin oladi. Yoshligidan shu tahririyatda ishlagan. Xonalardagi jihozlarni xuddi o‘zinikidek avaylaydi. Ba’zan farroshning ishiga qanoat qilmasdan, deraza tokchalari, javonlardagi changlarni ham artib chiqadi.
– Epopeya yozibsiz-ku, shunaqa, – dedi Yodgora opa qo‘lyozmani olayotib. – U “shunaqa” so‘zini ko‘p ishlatardi.
– Yo‘g‘-e.
– Shu songami?
– Ha.
– Mayli, hozir yozib beraman.
Yodgora opa qo‘lyozmaning birinchi satriga urinib qolgan chizg‘ichini qo‘ydi. Jigarrang gardishli ko‘zoynagini taqib, darhol ishga kirishib ketdi. Uning barmoqlari yozuv mashinkasida ko‘z ilg‘amas darajada tez harakatlanardi. Hasan bir muddat Yodgora opaning ishiga tikilib turdi-da, qabulxonadan chiqdi. Xonasiga kirib, tahririyatga kelgan xatlarni ishlay boshladi. Birozdan keyin eshik ochilib Yodgora opa kirib keldi.
– Marhamat, tayyor! – dedi qo‘lidagi qog‘ozlarni uzatib.
Hasan xijolat bo‘ldi:
– O‘zim borib olardim, opa, ovora bo‘libsiz.
– Hechqisi yo‘q, bu bizning vazifamiz, shunaqa.
Hasan matnni bir qur ko‘zdan kechirib, Abdulla akaga olib kirdi. Muharrir o‘rinbosari hoshiyasiga imzo qo‘ydi:
– Endi linotipga, Farida opaga olib tushing. Bilib qo‘ying, jahli chiqadi, siz indamang, – kuldi u.
Hasan linotip xonasiga kirganida bahaybat dastgoh metin “qo‘l”larini u yoqdan bu yoqqa cho‘zayotgan temirtandek shovqin solib ishlardi. Jimitdekkina, yoqimtoy ayol harf termoqda. Moviy ro‘moli ostidan kumush tolalar oralagan sochi ko‘rinib turibdi.
– Shu songami? – dedi Farida opa Hasan uzatgan qo‘lyozmani olayotib. – Bunaqa katta maqolani bir kun avval berish kerak, oposi.
– Opa, iltimos?
Farida opa xijolat bo‘lib turgan baland bo‘yli, hushmo‘ylov yigitga qarab kuldi:
– Mayli, bu safar terib beraman, bizniyam o‘ylang-da, oposi. Ha, aytganday, to‘y qachon? Qizlarimizdan birontasini ko‘z ostiga olgandirsiz?
– Hali vaqtli, opa.
– Voy o‘lmasam, ayni payti!
Hasan qizarib-bo‘zarib chop etish bo‘limiga chiqib ketdi. “Dominant” mashinasi atrofida qorachadan kelgan, jikkak yigit kuymanib yurardi. Bu – Sardor, Hasanning tengdoshi, u bilan ishga kelgan birinchi kunidan oshna bo‘lib qolishgan.
– Ha, Hasanboy, opadan qochib chiqdingizmi? – kuldi u.
Sardor hamma bilan kulib gaplashadi. Ishi tiqilinch bo‘lsayam, dastgohi buzilib qolsayam, qo‘li ishda bo‘ladi-yu, o‘zi kulib turaveradi.
– Shu songa ketadigan lavha olib tushgandim, – dedi Hasan. – Opaning jahllari chiqdi.
– Opamizning jahllari chillaki, tez chiqadi, tez tushadi, – “piq” etib kuldi Sardor.
Hasan Sardorning ishini kuzatib, biroz u yoqdan bu yoqqa yurib turdi. U nimagadir ma’yus bo‘lib qolgandi. Shu tobda Zuhrani ko‘rgisi kelar, o‘zidagi bu xohishni yengolmay qiynalayotgandi. Undagi bezovtalikni Sardor ham sezdi:
– Shoshyapsizmi, Hasan?
– Yo‘g‘-e, undaymas.
Sardor yana “piq” etib kuldi:
– Ishingiz shunaqa-da, ijod qilasiz!
4
Hasan ertasi kuni odatdagidek barvaqt ishga keldi. Tunuka qoplamali, qo‘sh tavaqa eshikni ochganida dimog‘iga bosmaxona bo‘yog‘ining achchiq hidi urildi. Binoning birinchi qavatida bosmaxona, yuqori qavatda gazeta tahririyati joylashgandi. Kiraverishdagi kichik tirqishli xonada radio eshitib o‘tirgan qorovul chol bilan salomlashib, ikkinchi qavatga ko‘tarildi. Zina tahririyatning uzun, nimqorong‘i yo‘lagiga olib chiqdi. U to‘g‘ridagi, “Qishloq xo‘jalik bo‘limi” deb yozilgan xona eshigini ochdi.
Avvalgi bo‘lim mudiri boshqa ishga o‘tgan, bu xonada bir o‘zi ishlardi. Derazani ochdi. Xonaga kuz tongining salqin havosi yopirilib kirdi. Deraza oldida tik turganicha ko‘ksini to‘ldirib nafas oldi.
Shu damda uning uchun butun olam munavvar edi. Ulkan chinorning salom berayotgandek derazaga egilgan serbarg shoxlari, ko‘chadan g‘izillab o‘tayotgan qirmizi rangli mashina, yo‘lkadan o‘qishga shoshib ketayotgan yigit-qizlar ham zavqini oshirdi. Moviy osmonda safga tizilgan turnalar galasi ko‘rindi. Uzoq-uzoqlardan “qurey-qurey” degan ovozlari eshitildi. Hasan bir tekis uchib borayotgan kulrang turnalarning kamonning o‘qidek ajib saflariga havas bilan tikildi. Ayni paytda uning ham mana shu turnalar misoli parvoz qilib Oqchashma tomonlarga uchgisi keldi…
Derazani ochiq qoldirib xonasidan chiqdi. Zinalardan yengil-engil hatlab bosmaxonaga tushib bordi. Tunda chop etilgan gazetaning yangi sonidan olib, xonasiga qaytib keldi. Stoliga o‘tirib, “Oqchashma qizi”ni o‘qiy boshladi. Satrlarga ko‘z yugurtirarkan yana Zuhra bilan uchrashgandek bo‘ldi.
Shu payt eshik ochilib, Yodgora opa ko‘rindi.
– Hasanjon, hamma “letuchka”ga, shunaqa, – dedi-da, tezgina eshikni yopdi.
Hasan Yodgora opaning uzoqlashayotgan qadam tovushiga biroz quloq tutib o‘tirdi. Stolining tortmasidan yon daftarini olib yo‘lakka chiqdi. Bosh muharrirning xonasiga kirganida hamma xodimlar katta sariq stol atrofidan o‘z joylarini egallashgandi. U ham Izzatilla akaning yonidagi bo‘sh o‘ringa o‘tirdi. Shavqiddin Xo‘jayev – zahil yuz, sochini o‘ng tomonga silliq qilib taragan, ellik yoshlardagi bosh muharrir bahaybat oromkursining yumshoq suyanchig‘iga o‘zini tashlagan ko‘yi hammani bir-bir diqqat bilan kuzatdi.
– Jamoamizga yangi xodim keldi, – dedi nigohini to‘rdagi stolga o‘tirib olgan g‘alati qiyofali ozg‘in yigitga qadab. – Qurbon Qoraboyev! Xatlar bo‘limiga ishga oldik.
Hamma yangi xodimga qaradi. Qurbon Qoraboyevi tushmagur og‘zi qulog‘iga yetib iljaydi. O‘rnidan turib, qop-qora, ozg‘in yuziga yarashmagan taqir boshini egib ta’zim qildi. Bosh muharrir, bu masalada gap tamom, degandek qo‘lini shap etkazib stolga qo‘ydi.
– Endi gazetamizning bugungi, yangi sonini “obzor” qilamiz. Obzorchi kim?
– Men, – dedi Izzatilla aka o‘rnidan turib. Uning qo‘lida gazetaning yangi soni bor edi.
– Bugungi gazetamizning birinchi sahifasida rasmiy xabarlar, axborotlar berilgan, – deya tahlilini boshladi mas’ul kotib.
Xodimlar uni diqqat bilan eshitishardi. Izzatilla Ibrohimovning tahririyatda alohida o‘rni bor. Ko‘p yil ishlagan, kasbining ikir-chikirini yaxshi bilishi ko‘pchilikning havasini keltiradi. Maqolalar tahriridan gazeta tarxini chizishgacha bo‘lgan yumushlar uning zimmasida. Hasan ustozining “Izzatilla sho‘x” degan taxallusini eslab kulib qo‘ydi. U tanqidiy maqolalari, ba’zi-ba’zida yozib turadigan hajviya, hikoyalariga shu taxallusni qo‘yardi. Hasan ustozining tez-tez, yengil yozishiga havas qiladi. “Imlosiyam fe’liga o‘xshaydi”, deya o‘yladi unga tikilib o‘tirarkan. Yozganida harflar tik, orasi ochiq-ochiq bo‘lishi ko‘z oldiga keldi. Hozir, gazetaning yangi sonini tahlil qilayotib ham uning lavhasiga qisqa, lo‘nda baho berdi:
– “Oqchashma qizi” ehtiros bilan yozilgan, – dedi biroz o‘ylanib. – Gazetamizning bugungi sonidagi o‘quvchini tortadigan eng yaxshi lavha, deyish mumkin. Tahririyatimizga yoshlarning kirib kelishi quvonarli hol. Umuman, Hasan Aliyev bo‘lim mudirligini ham eplaydi deb o‘ylayman.
– Hoy-hoy, bu masalani hal qiladiganlar bor! – Shavqiddin Xo‘jayev tuyqusdan e’tiroz bildirib qoldi. – Lavhaga ham maqtovni oshirib yubordingiz. Bizga lirika emas, tahliliy maqolalar kerak!
– Endi-i, men o‘zimning fikrimni aytdim, – Izzatilla Ibrohimov hozirjavoblik qildi. – Bu yog‘i sizga havola. Gazeta yaxshi chiqsa, avvalo, bosh muharrirning obro‘si-da.
Uning bu gapi Shavqiddin Xo‘jayevni biroz shashtidan tushirdi. Hasan tahririyat yig‘ilishlarida bo‘lib turadigan bunday vaziyatlarning o‘zagini hali teran tushunmasdi. Ustozining maqtovidan xursand bo‘ldi. Bosh muharrirning e’tirozlarini shunday bo‘lishi kerakdir-da, deb qabul qildi. O‘tirganlarni kuzatarkan, ularning yuz-ko‘zlarida turlicha ifodalarni ko‘rdi. Shavqiddin Xo‘jayevning gaplari o‘rinbosari Abdulla akaga yoqmagani shundoqqina sezilib turardi. U yuzini chetga burib oldi. Ustozi Izzatilla Ibrohimov “Sho‘x” taxallusini behuda olmagan ekan. U ichki e’tiroz yoki his-tuyg‘ularini ifodalamaydigan niqob kiyib olgandek edi. Qurbon Qoraboyev bilan uning yonida o‘tirgan bo‘lim mudiri Hamida opa boshlarini silkitib, jon-jahdlari bilan Shavqiddin Xo‘jayevning gaplarini tasdiqlashdi.
Yig‘ilish tez tugadi. Bosh muharrir xodimlarga topshiriq berib, majlisni yakunladi. Hamma gap-so‘zsiz tarqaldi. Hasan ham xonasiga kirdi. Stoli g‘aladonidan kecha yozib tugallagan qo‘lyozmasini olib, Yodgora opaga olib chiqdi.
– Bugun juda tez ishlayapsiz, Hasan? – dedi Yodgora opa xabarlarga ko‘z yugurtirib.
– Fermaga bormoqchiman.
– Yanami? – Yodgora opa kulib qaradi . – Muncha, tez qatnab qoldingiz, shunaqa?
– Ha-a… – Hasan nima deyishni bilmasdan kalovlanib qoldi.
Yodgora opa ko‘rsatkich barmog‘ini silkitib, po‘pisa qilgan bo‘ldi:
– Fermada qizlar ko‘-o‘p, shunaqa!
U o‘zini bu gapga e’tibor bermagandek tutdi. Qabulxonadan chiqib, mas’ul kotibning oldiga kirdi.
– Keling, Hasanboy, nima gap? – dedi u labini cho‘chchaytirib.
– Fermada chala qolgan ishlarim bor edi.
– Mayli-mayli, bori-ing, yozi-ing. Bu yerda o‘tirishdan foyda yo‘q, – dedi Izzatilla aka bag‘rikenglik bilan.
Hasan qafasdan qutulgan qushdek xonadan uchib chiqib ketdi. Tahririyat darvozasi ortda qolganda yengil tortdi. Zuhra bilan uchrashishni o‘ylab shirin jilmayib qo‘ydi. Ko‘cha roshidagi sarg‘aygan barglar to‘kilgan yo‘lkadan ketayotganida ko‘z o‘ngida qizning kulib turgan chehrasi paydo bo‘ldi. Hatto mayin ovozini eshitdi.
Shoshilib yurganidan Oqchashma yo‘liga yetib kelganini ham sezmay qoldi. Oyoqlari o‘z-o‘zidan oldinga yugurgilardi. Temir yo‘ldan o‘tganida dimog‘iga qishloqning salqin havosi urildi. Ajab, tuman markazi bilan o‘rtada shu temir yo‘l bor. Ammo narigi tomonda hammasi boshqacha. Odamlarining fe’l-atvori ham qishloqchasiga – ular dangalchi, cho‘rtkesar. Oqchashmaliklar mehnatdan qochishmaydi. Kunlari dala yoki fermada ishlash, Bo‘zsuv bo‘ylarida qo‘y-mol boqish bilan o‘tadi.
Bu yilgi kuz iliq keldi. Yozning chillasida tog‘lardagi qor erishdan to‘xtamadi. Bo‘zsuvning sathi har qachongidan ham ko‘tarildi. Sohil tizza bo‘yi o‘t-o‘lan bilan qoplangan. Teparoqda jing‘il butalari barq urib o‘sayotir. Fermaga burilishda bir tup jiyda ko‘rindi. Besh-olti quloch keladigan shoxlari alvastining sochidek har tomonga tarvaqaylagan. Bu jiydaning necha yillik ekanini qishloqda hech kim bilmasdi. Keksalar, bizning bolaligimizdayam shu jiyda bor edi, deb yurishadi. Yoshlar “Majnun jiydasi” deb nom qo‘yib olishgan. Azal-azaldan oshiq yigitlar ma’shuqalari bilan shu jiydaning ostida uchrashishadi. Soyasida o‘tgan-ketgan yo‘lovchilar dam olishadi. Issiqdan qiynalgan kishi daryoning muzdek suvida yuz-qo‘lini chayib, jiyda panohida nafasini rostlab oladi. Keyin yana o‘z yo‘lida ketaveradi. Bu oqchashmaliklarga odat. Shuning uchun jiydaning tagida biror kimsani ko‘rishsa ajablanishmaydi.
Hasan jiydani chamalab qadamini tezlatdi. Yaqinlashganida kimningdir daryoga tikilib turganiga ko‘zi tushdi. Bu Zuhra edi! U xayolga cho‘mib, Bo‘zsuvga termilib qolgandi. Qadam tovushini eshitmadi. Hasanning yuragi qinidan chiqib ketgudek tipirchilay boshladi! O‘tgan ikki kun ko‘nglida faqat bir istak bo‘ldi: tezroq Zuhrani ko‘rish, qizning o‘zi bilan yonma-yon turishini his qilish! Mana, hozir Zuhra qarshisida, bir necha qadam tashlasa bas.
U qizni cho‘chitmaslik uchun qadamini sekinlatdi. Sohildagi kuz manzarasi nihoyatda go‘zal edi. Qiyg‘os gulga kirgan jing‘il butalari ulkan hududga guldastalardek sochilgan. Bu mohir musavvir chizgan suratni eslatadi. Daryodan kelayotgan salqin shabada kishining bahri-dilini ochadi.
– Zuhra! Shu yerdamisiz?! – dedi Hasan ovozini pasaytirib.
Qiz cho‘chib tushdi. Ortiga o‘girilib, Hasanni ko‘rdi-yu, jilmaydi:
– Hasan aka?! Bugun sizni kutgandim. Gazetada chiqdimi?
– Mana gazeta, men so‘zimda turaman! – Hasan qo‘lidagi buklog‘liq gazetani uzatdi.
Zuhra yosh boladek suyunib ketdi. Bir zumda ko‘zlari quvonchdan porlab gazetani ochdi. Katta harflarda yozilgan sarlavhani o‘qib, ajablandi:
– Voy! “Oqchashma qizi” deb yozibsiz? Mashhur qilib yuboribsiz-ku!
– Shunga munosibsiz, Zuhraxon!
– Hasan Ali-chi?
– Bu taxallusni ustozim qo‘yganlar. Hali bunga loyiq emasman.
– Yoqimli taxallus.
– Rostdanmi?!
Zuhra kulib, gapni boshqa yoqqa burdi:
– Qayoqqa ketayotgandingiz?
– O‘zingiz-chi?
– Men… ishga-da, fermaga.
– Men ham ishga!
– Siz?.. – Zuhra tutilib qoldi.
– Men ham ishdaman, Oqchashma qizi bilan gaplashaman, lavhamning davomini yozmoqchiman!
Zuhra kulib yubordi. Hasan ham unga qo‘shildi. Yengil shabada esib, jiyda barglari shitirladi. Ular bunga e’tibor berishmadi. Allanimalarni gaplashib ferma yo‘lidan yonma-yon yurib ketishdi.
Bu yilgi kuz iliq keldi. Yozning chillasida tog‘lardagi qor erishdan to‘xtamadi. Bo‘zsuvning sathi har qachongidan ham ko‘tarildi. Sohil tizza bo‘yi o‘t-o‘lan bilan qoplangan. Teparoqda jing‘il butalari barq urib o‘sayotir. Fermaga burilishda bir tup jiyda ko‘rindi. Besh-olti quloch keladigan shoxlari alvastining sochidek har tomonga tarvaqaylagan. Bu jiydaning necha yillik ekanini qishloqda hech kim bilmasdi. Keksalar, bizning bolaligimizdayam shu jiyda bor edi, deb yurishadi. Yoshlar “Majnun jiydasi” deb nom qo‘yib olishgan. Azal-azaldan oshiq yigitlar ma’shuqalari bilan shu jiydaning ostida uchrashishadi. Soyasida o‘tgan-ketgan yo‘lovchilar dam olishadi. Issiqdan qiynalgan kishi daryoning muzdek suvida yuz-qo‘lini chayib, jiyda panohida nafasini rostlab oladi. Keyin yana o‘z yo‘lida ketaveradi. Bu oqchashmaliklarga odat. Shuning uchun jiydaning tagida biror kimsani ko‘rishsa ajablanishmaydi.
Hasan jiydani chamalab qadamini tezlatdi. Yaqinlashganida kimningdir daryoga tikilib turganiga ko‘zi tushdi. Bu Zuhra edi! U xayolga cho‘mib, Bo‘zsuvga termilib qolgandi. Qadam tovushini eshitmadi. Hasanning yuragi qinidan chiqib ketgudek tipirchilay boshladi! O‘tgan ikki kun ko‘nglida faqat bir istak bo‘ldi: tezroq Zuhrani ko‘rish, qizning o‘zi bilan yonma-yon turishini his qilish! Mana, hozir Zuhra qarshisida, bir necha qadam tashlasa bas.
U qizni cho‘chitmaslik uchun qadamini sekinlatdi. Sohildagi kuz manzarasi nihoyatda go‘zal edi. Qiyg‘os gulga kirgan jing‘il butalari ulkan hududga guldastalardek sochilgan. Bu mohir musavvir chizgan suratni eslatadi. Daryodan kelayotgan salqin shabada kishining bahri-dilini ochadi.
– Zuhra! Shu yerdamisiz?! – dedi Hasan ovozini pasaytirib.
Qiz cho‘chib tushdi. Ortiga o‘girilib, Hasanni ko‘rdi-yu, jilmaydi:
– Hasan aka?! Bugun sizni kutgandim. Gazetada chiqdimi?
– Mana gazeta, men so‘zimda turaman! – Hasan qo‘lidagi buklog‘liq gazetani uzatdi.
Zuhra yosh boladek suyunib ketdi. Bir zumda ko‘zlari quvonchdan porlab gazetani ochdi. Katta harflarda yozilgan sarlavhani o‘qib, ajablandi:
– Voy! “Oqchashma qizi” deb yozibsiz? Mashhur qilib yuboribsiz-ku!
– Shunga munosibsiz, Zuhraxon!
– Hasan Ali-chi?
– Bu taxallusni ustozim qo‘yganlar. Hali bunga loyiq emasman.
– Yoqimli taxallus.
– Rostdanmi?!
Zuhra kulib, gapni boshqa yoqqa burdi:
– Qayoqqa ketayotgandingiz?
– O‘zingiz-chi?
– Men… ishga-da, fermaga.
– Men ham ishga!
– Siz?.. – Zuhra tutilib qoldi.
– Men ham ishdaman, Oqchashma qizi bilan gaplashaman, lavhamning davomini yozmoqchiman!
Zuhra kulib yubordi. Hasan ham unga qo‘shildi. Yengil shabada esib, jiyda barglari shitirladi. Ular bunga e’tibor berishmadi. Allanimalarni gaplashib ferma yo‘lidan yonma-yon yurib ketishdi.
5
Gazeta tahririyatida ish doim daryodek to‘lib-toshgan bo‘ladi. Hasan allaqachon bu jo‘shqin oqimning betinim silsilasiga qo‘shilib ketgandi. Ish bilan andarmon bo‘lib kunlar, oylar qanday o‘tayotganini sezmasdi. Qishloq xo‘jalik bo‘limining ishini bemalol eplab qoldi. Qilayotgan ishidan zavq olish nimaligini shu yerda tushundi. Zuhra bilan uchrashish uchun hamon Oqchashmaga tez-tez qatnab turardi. Buning uchun o‘zi sezmagan holda turli bahonalar o‘ylab topa boshladi.
– Qishloq xo‘jalik bo‘limini chorvachilik bo‘limiga aylantirib yubordingiz, – derdi Izzatilla aka kulib.
Aslini olganda ustozi bundan xursand ham edi. U o‘troq jurnalistlarni yoqtirmasdi. Hasan uchun tahririyat ikkinchi uyiga aylanib qoldi. Jamoadagilar bilan ahil edi-yu, nimagadir Qurbon Qoraboyevni sira jini suymadi. U o‘ziga “Qurbon Qora” deb taxallus qo‘yib oldi. Qurbon Qora asosan shikoyat xatlari bilan shug‘ullanar, onda-sonda tanqidiy maqolalar yozardi. Ularning hammasiyam gazetada chiqavermasdi. Hasan buni Izzatilla akadan so‘raganida, u kuldi:
– Qurbon Qora maxsus topshiriqlarni bajaradi.
– Kimning topshiriqlarini? – hayron bo‘ldi.
Izzatilla aka sirli jilmaydi:
– Hali o‘zingiz bilib olasiz!
Bu “sir” tez orada fosh bo‘ldi. Kuzgi yig‘im-terim pallasi davom etayotgandi. Mavsum ishini yoritish asosan qishloq xo‘jalik bo‘limining zimmasida edi. Hasanning bosh qashlashga qo‘li tegmasdi. Shunday kunda bosh muharrir chaqirtirib qoldi. U kirganida Shavqiddin Xo‘jayev xonasidagi yumshoq o‘rindiqda televizorga tikilganicha o‘tirardi. Hasan tik turgan holda uning e’tiboriga sazovor bo‘lishini kutdi.
– “Peshtaxtalar ortida nimalarni ko‘rdik?” rukniga feleton tayyorlang, – dedi Shavqiddin Xo‘jayev tuyqusdan o‘girilib. – Sanitariya-epidemiologiya nazoratidan odam qo‘shib beramiz. Meva-sabzavot do‘konlarini aylanasizlar. Qishloq xo‘jalik mahsulotlari savdosidagi kamchiliklarni ham yoritib borish kerak-da.
Hasan buni tahririyatning odatdagi topshirig‘idek qabul qildi. Ertasiga o‘rta yoshlardagi, tepakal sanitariya vrachining o‘zi tahririyatga keldi. Ismi Valijon ekan.
– Hamkor bo‘larkanmiz-da, – dedi u sirli qilib.
– Topshiriq shunday, – Hasan bu bizning qo‘limizda emas, degan ma’noda yelkasini qisdi.
Shu kunning o‘zida Valijon aka bilan tuman markazidagi sabzavot do‘konlariga chiqishdi. Bir nechta do‘konlarda ahvol talabga mutlaqo javob bermasdi. Sanitariya nazoratining vakili alohida-alohida dalolatnomalar tuzdi. Unda muddati o‘tib, iste’molga yaroqsiz bo‘lib qolgan karam, sabzi, boshqa sabzavotlar ko‘rsatilgandi. Dalolatnomalarga Hasan ham imzo chekdi. Kun yakunida Valijon aka o‘zi yozgan dalolatnomalarning nusxalarini Hasanga tutqazdi.
– Bular o‘zingizda qolaversin, men hammasini yon daftarimga yozganman, – dedi Hasan.
Valijon aka kuldi:
– Bosh muharrirga berasiz! Bu shaxsan Shavqiddin akangizning topshiriqlari, – u nimagadir “shaxsan” so‘ziga urg‘u berib gapirdi.
Hasan bu kinoyaga e’tibor bermadi. Sanitariya nazoratining vakili-ku, deb Valijon akaning aytganini qildi. Tahririyatga kelib, dalolatnomalarni Shavqiddin Xo‘jayevga olib kirdi. U g‘alati kulib, qog‘ozlarni oldi.
– Siz boravering, – dedi.
Hasan shu kunning ertasiga “reyd” natijalari bo‘yicha feleton yozdi. Unda iste’molga yaroqsiz sabzavot sotayotgan do‘kondorlarning qilmishlari fosh qilingandi. “Bemor sabzavotlar” degan yaxshigina sarlavha ham topdi. Feletonni darhol Shavqiddin Xo‘jayevga olib kirdi.
– Menda qolsin, – dedi u. – Ko‘rib chiqaman.
Dalalarda paxta terim mavsumi boshlangandi. Hasan qishloq xo‘jalik bo‘limining ishlari bilan andarmon bo‘lib, uch kun “Bemor sabzavotlar”idan xabar ololmadi. To‘rtinchi kuni Izzatilla akadan feletoni chop etishga berilgan yo berilmaganini surishtirgani kirdi.
– Shavqiddin akadan hech narsa chiqqani yo‘q, – dedi mas’ul kotib boshini chayqab.
Feleton izsiz yo‘qolgandek edi. Shundan keyin Hasan o‘zlari kirib chiqqan do‘konlarga yaqinlasholmay yurdi. Yana iste’molga yaroqsiz sabzavotlar sotilayotgandek, bunda o‘zining aybi bordek qisinib-qimtina boshladi. Nihoyat, feletonining taqdirini surishtirish uchun bosh muharrirning oldiga kirdi. U Hasanni istamaygina qarshi oldi. Bu odatdagidek televizorga tikilib o‘tirishi-yu, qarshisida tik turgan Hasanga befarq bir nazar tashlab, boshini burib olishidan ham sezildi.
– Shavqiddin aka, feleton nima bo‘ldi? – so‘radi Hasan.
– Feleton qoldirildi, – Shavqiddin Xo‘jayev yana gaping bormi, degandek o‘qraydi.
– Axir…
– Gap tamom! – cho‘rt kesdi u.
Tahririyatning o‘z qonun-qoidalari bor edi. Qo‘shma reyd-tekshiruv natijalari befarq qoldirilmaydi. Biroq Hasanning bosh muharrirga e’tiroz bildirishga yoshi kattalarga hurmat ruhida tarbiyalangani yo‘l bermadi.
Ertasiga sabzavot do‘konlarining tanish sotuvchilarini tahririyatda uchratdi. Ular hech narsa bo‘lmadi-ku, degandek tirjayib, namoyishkorona istehzo bilan Shavqiddin Xo‘jayevning xonasiga kirib ketishdi. Hasan g‘alati bo‘lib qoldi. Buni ichiga sig‘dirolmay Izzatilla akaning oldiga kirib, bor gapni to‘kib soldi.
– Nimalar iste’molga yaroqsiz ekan? – deb so‘radi u.
– Karam, sabzi…
– Tekshirganingizdan keyin o‘sha karam, sabzilar barra bo‘lib qolgandir-da…
Hasan mulzam bo‘ldi. Shu payt xonaga Qurbon Qora kirdi. Ko‘zlarini alang-jalang qilib, mas’ul kotib bilan Hasanga bir-bir qaradi:
– Xalaqit berdim-ov, jim bo‘lib qoldinglar?
– Nega jim bo‘larkanmiz, masalan men hozir ham gaplashyapman, – dedi Izzatilla aka labini cho‘chchaytirib.
– Kim bilan?
– O‘zim bilan, – Izzatilla aka uning ko‘zlariga tik qarab turaverdi.
Qurbon Qora dovdirab qoldi.
– Ie, shunaqasiyam bo‘ladimi?!
– Nega bo‘lmasin? Hamma narsa bo‘lishi mumkin. Masalan, men o‘zim bilan shaxmat o‘ynayman. Demak, o‘zim bilan gaplashishim ham mumkin.
Qurbon Qora g‘o‘ldirab allanima dedi. Biroz kalovlanib turdi, nega kirganini ham unutib, xonadan otilib chiqib ketdi.
– Qalay, – dedi Izzatilla aka ayyorona iljayib. – Bopladimmi?
Hasan kulib yubordi.
– Oqchashmaga bormoqchimisiz? – Izzatilla aka endi o‘zini beparvo tutdi.
– Ha, shu…
– Mayli, borib kelaqoling. So‘rab qolishsa, bir nima derman.
Hasan rahmat aytib, eshikka yo‘naldi.
– Hasanboy! – Izzatilla aka uni to‘xtatdi.
– Labbay?
– U yaxshi qiz, sizga munosib. Qo‘ldan chiqarmang!
Hasan eshikdan chiqib ketayotib ustoziga minnatdorlik bilan bosh irg‘adi.
* * *
Shu kunlarda Hasanning yuragini ishq sharorasi kuydirardi. Ko‘ngil uyida yangi bir olamga darcha ochilgandek. Bu olam beqiyos jozibasi bilan ishqiy ehtiroslarga limmo-lim qalbini rom qildi. Tomirlarida ko‘pirayotgan qaynoq qon vujudini o‘t-olov bo‘lib yondirar, u hayotning eng azaliy tuyg‘usi og‘ushida mast edi.
Kunlarini Zuhrasiz tasavvur qilolmay qoldi. Uni uch-to‘rt kun ko‘rmasa vujudini sog‘inch o‘rtaydi. Kunu tun yuragi orziqib, Oqchashmaga talpinadi. Zuhraga yetishish uchun tog‘ kelsa kemirib, suv kelsa simirishga ham tayyor. Faqat u bilan birga bo‘lsa bas! Bunday hissiyot Zuhraga ham begona emasdi. Fermadagilar muxbir yigit bilan sog‘uvchi qizning muhabbatini tildan tilga ko‘chirib, afsona qilib yuborishdi. Hasanning onasi Mastura opa esa allaqachon to‘y harakatiga tushgandi.
Bugun Hasan bilan Zuhra Bo‘zsuv bo‘yidagi majnun jiydasining ostida uchrashishdi. Tikkaga kelgan quyosh olovli nafasini ufurayotir. Ko‘chada odam ko‘rinmaydi. Hasan Zuhrani yetaklab daryo bo‘yiga olib tushdi. Bo‘zsuv birin-sirin girdoblar hosil qilib, to‘lib-toshib oqardi.
– Zuhra, jonim, ertaga sovchilar borishmoqchi, – dedi Hasan qizning qo‘lidan mahkam ushlab.
– Nega? – Zuhra beixtiyor shunday dedi-yu, ko‘zini olib qochdi.
– Oqchashma qizini olib ketgani.
– Oqchashma qizi qishlog‘ini yaxshi ko‘radi-da!
– Hasanni-chi?
– Uniyam! – Zuhra qo‘li bilan yuzini berkitdi.
Ular jing‘il butasining panasida turishardi. Hasan entikib Zuhrani quchoqladi. Qiz ilk bor qarshilik qilmadi. Hasan uni o‘tli bo‘salarga ko‘mib tashladi. Jing‘ilning kumushrang yaproqlari boshlarini siladi, Bo‘zsuv maysalari poylarini o‘pdi, muhabbatga limmo-lim yuraklar bir-biriga talpinib to‘ymadi…
Ertasi kuni Mastura opa tayinlagan sovchilar Oqchashmaga jo‘nashdi. Shu kungacha Zuhra bilan o‘zining munosabatidan narini ko‘rolmagan Hasan xavotirga tushib qoldi. Zuhraning uyidagilar “yo‘q” deb yuborishsa, nima degan odam bo‘ladi?!
Ammo ish unchalikka borib yetmadi. Qizlarining Hasanga ko‘ngil qo‘yganidan onasi xabardor ekan.
– Qaynotam, qizimning buvalari kuyovni ko‘rib, gaplashmoqchilar, – dedi istihola bilan. – Biz qishloqi, sodda odamlarmiz. Xafa bo‘lmanglar, o‘rgilaylar. Bir kunni tayinlab, qaynotamni olib borsak… Mayli-da, gaplashsinlar, tanishishsin. Zamona odamlari shudir-da.
Bu shart boshdan-oyoq sarpo kiyish ishtiyoqida kelgan sovchilarni cho‘chitmadi. O‘sha kunni belgilab, xabar qiladigan bo‘lishdi.
6
Yakshanba kuni Hasan uyda yolg‘iz qoldi. Otasi bilan akasining o‘g‘li ikkita qo‘chqorni mol bozoriga olib ketishdi. Qo‘chqorlar yetilib, tek turolmaydigan bo‘lib qolishgandi. Tisarilib bir-biriga kalla qo‘ygani-qo‘ygan. Sotmasa, bir-birini mayib qilib qo‘yishi tayin. Mastura opa ham xarajat qilgani katta bozorga chiqqan. Hasan ishkom ostidagi chorpoyada yonboshlaganicha gazeta o‘qib yotardi. Shu payt darvoza taqilladi:
– Ovsi-in, uydamisiz? – degan ingichka ayol ovozi keldi.
Hasan o‘rnidan turib, chorpoyadan tushdi. Yo‘lkadan tez-tez yurib kelayotgan sovchi xotinni darrov tanidi. U yonbosh tomondagi uzum ishkomlariga og‘zi ochilib qaray-qaray o‘ziga tikilib turgan Hasanni payqamay qoldi.
– Voy, qo‘rqitib yubordingiz-a! Kuyov bola, uyda ekaningiz yaxshi bo‘ldi, – dedi ko‘kragiga “tuf-tuf”lab. – Bugun kelinposhshaning buvasi keladi, ih-im, cho‘chib ketdim-a, yaxshilab kutib oling, – dedi-da, shoshayotganini bildirish uchun bo‘sh sumkasini u qo‘lidan bu qo‘liga oldi.
Hasan bir og‘iz so‘z deyolmay, boshini qimirlatib, uning gapini tasdiqladi. Sovchi xotin yana allaqancha gaplarni chuldirab chiqib ketdi.
Hasan biroz hovlida kalovlanib turdi. Sovchi xotinning gapi unga chaqmoq chaqnagandek ta’sir qilgandi. Zuhra buvasi haqida ko‘p gapirardi. Biroq Hasan uni biror martayam ko‘rmagan. “Qariya nimani surishtirarkin? Bo‘lajak kuyovni yoqtirmay qolsa, ishkal chiqmaydimi?” Shunday xayol bilan chorpoyaga o‘tirdi. Shu payt yana darvoza ochilib, kimningdir yo‘talib ovoz bergani eshitildi. U o‘rnidan turib qaradi-yu, o‘ziga tanish odamni ko‘rib suyunib ketdi. Darvozaning tutqichini ushlaganicha atrofga alanglab Hoshim amaki turardi. O‘sha-o‘sha ixcham soqol, nuroniy chehra. Oq ko‘ylak ustidan sariq-nofarmon yozlik chakmon kiygan. Hoshim amaki ishkom panasidagi Hasanni ko‘rmayotgandi.
– Uyda kim bor? – dedi hovliga ko‘z tashlab.
Hasan ishkom ostidan chiqdi.
– Keling, Hoshim amaki, – dedi darvoza tomonga chaqqon yurib borayotib.
Hoshim amaki o‘zining ismini eshitib hayron bo‘ldi.
– Muxbir Hasanboylarning uyi shumi? – dedi.
– Xuddi o‘zi! Kelavering, Hoshim amaki, – Hasan qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib salom berdi.
U Hoshim amakini gazetaga bog‘liq biror tashvish yetaklab kelgan deb taxmin qilgandi. Qariya esa kuyov bo‘lmishning emin-erkin muomalasidan hayratlandi.
– Meni tanimadingizmi? – dedi Hasan. – Oqchashmada, yo‘lda uchrashgandik. O‘shanda rivoyat aytib bergandingiz?
Hoshim amaki unga biroz tikilib turdi-da:
– Esim qursin! – deya kafti bilan peshonasiga urdi. – O‘sha senmiding, bolam? Tanimaganimni qara-ya!? – Endi Hoshim amaki ham suyunib ketdi.
Hasan qariya bilan so‘rashib, ishkom ostiga boshladi. Hoshim amaki amirkon kovushini yechib, chorpoyaga chiqdi. Ular xontaxtaning ikki tomoniga o‘tirishdi. Hoshim amaki hovli, uylarga bir-bir qarab oldi-da, qo‘lini fotihaga ochdi.
– Iloyo qo‘shganing bilan qo‘sha qarib, baxtli bo‘lgin, bolam.
– Oqchashmadan kelyapsizmi? – dedi Hasan.
– Ha, bolam, – Hoshim amaki taraddudlanib qoldi.
Hasan buni o‘zicha tushundi:
– Biror xizmat bo‘lsa, bemalol, aytavering.
– Hasanboy, meni ish bilan keldi, deb o‘yladingizmi? – U endi nimagadir “siz”lay boshladi.
– Ha-da, gazetaga bog‘liq biror ish bilan…
– Gazetaga emas, siz bilan nevaram Zuhraga.
– Zuhra, sizning…
– Mening nevaram.
Hasan taxtadek qotib qoldi. Peshonasidan sovuq ter chiqib ketdi. Uni kuzatib o‘tirgan Hoshim amaki kuldi:
– Shunaqa-a, o‘g‘lim, kuyov bo‘lmishni bir ko‘ray, gaplashay, – deb keldim-da, aybga buyurmaysiz endi.
– Meni kechiring, – Hasan xijolat bo‘ldi.
– Unday demang o‘g‘lim, sizligingizni bilib, ko‘nglim ko‘tarildi.
Hasan boshini egib jim bo‘lib qoldi. Hoshim amaki Zuhraning buvasi ekanligini bilmaganini o‘ylab g‘alati bo‘lib ketdi. Zuhra ham “buvam-buvam” derdi-yu, buvasining ismini aytmagandi. Sovchi xotin, kelinning buvasi keladi, deganida oppoq soqoli ko‘ksiga tushgan qariyani tasavvur qilgandi. Qanday kutib olishni bilolmay bezovta edi. Mana endi o‘sha “buva” Hoshim amaki bo‘lib chiqdi.
O‘rtadagi sukunatni Hoshim amakining o‘zi buzdi:
– Fotima bilan Zuhra – to‘ng‘ich nevaralarim. Yaxshi joyga tushishsin, baxtlari ochilsin, deb niyat qilganman. Fotimani uzatganimizga bir yarim yil bo‘ldi. Turmushi yaxshi, undan xotirjamman. Zuhramiz juda ko‘ngilchan, sodda qiz. Shuniychun kuyovni bir ko‘rmoqchi bo‘ldim. Si-iz yaxshi yigitsiz, o‘g‘lim, buni o‘shanda bilganman. Bolalarim, nevaralarimning hayotlari biznikiga o‘xshamasin, deyman-da.
– Urushda bo‘lganmisiz? – dedi Hasan uning gapini o‘zicha tushunib.
– Ha, o‘g‘lim, urush boshlanganida qirchillama yigit edim, ko‘ngilli bo‘lib jo‘naganman. Urushning ikkinchi yilida bilagimdan og‘ir yaralanib qaytib kelganman, suyak sinib ketgan, hali hanuz sirqirab og‘riydi. Urushning jarohatlari yomon… O‘shanda Oqchashmamizda erkaklar sanoqli qolgandi. Borlari ham qari-qartanglar edi. Shiyponda atala qilishardi. Shu atalani ichaman deb bolalar ham dalada ishlashgan. Jarohatim bitar-bitmas men ham dalaga chiqib ketdim. Bolaligimdan chidamli bo‘lib o‘sganman. O‘ttizinchi yillarning ocharchiligida onam bizni tashlab, bir oshpaz kishiga tegib ketgandi. Dadam chechak kasalidan cho‘tir bo‘lib qolgandi. Paxta zovutta ishlardi. Oqchashmadagi amakimning qo‘lida katta bo‘ldim. Bu hikoya juda uzun, aytaversam zeriktirib qo‘yaman.
– Unday demang, – Hasan chaqqon o‘rnidan turdi.
Endi Hoshim amaki Zuhraning buvasi ekanligidan suyuna boshladi. Kutilmagan uchrashuv uni ancha muztar ham qilib qo‘ydi. Chorpoyadan tushib, oshxonaga kirdi-da, bir zumda choy damlab keldi. Xontaxtadagi usti yopib qo‘yilgan dasturxonni ochdi. Piyolaga choy quyib, Hoshim amakiga uzatdi.
– Ocharchilik yillarini ko‘rganlar sizga ham gapirib berishgandir, – dedi Hoshim amaki piyoladagi choydan ho‘plab. – Insonga ochlikdan og‘ir azob yo‘q, deyman o‘zimcha. Odamlar aql-hushidan ajrab qolishgandek edi o‘sha paytlarda. Bolaligimdagi bir voqea sira esimdan chiqmaydi. Onam bizni tashlab ketganida otam hali ancha yosh edi. Amakilarim bir bolasi bor ayolga uylab qo‘yishdi. Shu ayol otam bilan besh-olti oy yashadi. Asabi chatoq, esarroq xotin edi. Bir kuni ovqatlanib o‘tirganimizda beshikdagi bola chinqirib yig‘lab qoldi. Qarasak, boyagi xotin bolani bo‘g‘yapti. Otam sakrab o‘rnidan turdi-da, xotinni nariga itarib yuborib, beshikni tortib oldi.
– Iplos! Nima qilyapsan!? – dedi o‘shqirib.
Haligi xotin kigizni ustida yotganicha dod solib yerni mushtlardi. Nima deydi, deng: “Shu bola bo‘lmaganida menam silar bilan ovqat yerdim”, emish… O‘sha voqeadan keyin otam u xotinni haydab yubordi. Ko‘ngli sovigandir-da.
– Bolasi bilanmi?
– Esimda yo‘q, u paytlarda yosh bola bo‘lganman, – Hoshim amaki boshini chayqadi. – Otam insofli odam edi. Qarindosh-urug‘lariga olib borib topshirgani aniq. Haligi xotin aqldan ozgandir-da, bo‘lmasa onayam o‘zi tuqqan bolasini bo‘g‘adimi, it-mushuklar ham bolasini qizg‘anib odamni talaydi-yu.
Hoshim amaki qovog‘iga o‘sib tushgan qoshlarini siladi. Bir narsani eslamoqchidek peshonasini tirishtirib, hovliga tikildi. Nima maqsadda kelgani, kimning oldida o‘tirganini ham unutib yuborgandek edi. Hasan uning hikoyasini darsda muallimini tinglayotgan o‘quvchidek diqqat bilan eshitib o‘tirardi.
Quyosh ko‘tarilib, oltinrang nurlar hovlini qizdira boshladi. Ishkomning osti salqin edi. Tok novdalaridagi shig‘il kattaqo‘rg‘on gujumlari sharbatga to‘lgan. Bu nav kech kuzgacha poyasida turadi, keyin omborning to‘sinlariga ilib, bahorgacha asrash mumkin. Hoshim amaki qo‘lidagi bo‘sh piyolani aylantirarkan uzum gujumlariga tikildi.
– Choy quyib beraymi? – dedi Hasan.
Hoshim amaki piyolani uzatdi.
– O‘g‘lim, o‘tgan gaplarni eslab, boshingizni qotirdim.
– Sirayam undaymas… Keyin nima bo‘lganini aytib bering?
– Qirq birinchi yilda urush boshlandi, jo‘ralarim qatorida urushga ketdim. Otam keksayib qolgandi, urushdaligimda vafot etibdilar. O‘smirlik paytlarimdan esimda, otamning boshi tinmay og‘rirdi. Men dorixonama dorixona yugurardim. Goh topiladi otamning dorisi, gohida yo‘q. Otam o‘sha dorilar bilan tirik edi-da. Oxiri dardi kuchayib, olib ketibdi… Biz amakim bilan bir hovlida yashardik. Yarador bo‘lib urushdan qaytganimdan keyin dalaga chiqib, g‘o‘za chopig‘i, paxta terimiga qarashib yurdim. Keyinchalik brigadaga hisobchi qilib qo‘yishdi.
Urushdan qaytgan mendek askar uchun bu kunlar juda-a tansiq edi bilsangiz. Ammo bolalik xotiralarim, bosh og‘rig‘idan azoblanayotgan bechora otamga dori izlaganlarim sira xayolimdan ketmadi. Oppoq xalat kiygan dorixonachilarga qattiq havas qilib qolgandim-da. Bu odamlarning yuzlarida zariflik, xatti-harakatlarida allaqanday joziba ko‘rardim. Xayolimda ular dunyodagi eng qudratli kishilar edi. Xohlashsa, otamni dodlatib yuboradigan bosh og‘rig‘idan xalos qilishadi, xohlashmasa… Xullas dorishunos bo‘lishga ahd qildim. Urush tamom bo‘lgan yiliyam kolxozda ishlayotgandim. Dorishunoslikka o‘qishga boraman, desam, rais: “O‘qishga o‘zim yuboraman, agronom bo‘lasan”, deb turib oldi. Men niyatimdan qaytmadim. Toshkentga, Oxunboboyev texnikumiga borib, o‘qishga kirdim…
Hasan Hoshim amakining hikoyasini tinglagan sari hayrati ortardi. Uni birinchi uchratganida oddiy namozxon qariya deb o‘ylagandi. Hozir qarshisida o‘tirgan, endi unga ham begona bo‘lmagan, ulug‘vor qiyofali kimsaning chehrasida o‘qimishli odamlarga xos bir inoyat – mehribonlikni ko‘rdi. Hoshim amaki esa allalovchi ovozda uzundan uzoq hikoyasini davom ettirdi:
– Dorishunoslikka o‘qishim oson bo‘lmadi. Texnikumning yotoqxonasida joy yetishmasdi. Bo‘sh o‘rinlarni uzoq viloyatlardan kelgan talabalarga berishdi. Avval qatnab turdim. Shaharga poyezd sahargi to‘rtda bo‘lardi. Temir yo‘l bekati uyimizdan uch chaqirim uzoqda. Kechqurun bekatdagi choyxonaga kelib yotaman. Ertalabki to‘rtda poyezdga chiqaman. Shu ahvolda bir oy qatnab, cho‘pdek ozib ketdim. Rahmi keldimi, amakim biroz pul berdi, shaharda ijara uyga joylashdim. Amakimning xotini – opoqim bir haftaga oltita non yopib berardi. Ijarada turgan uyimning egasi kechqurun bir kosa ovqat beradi. O‘qishdan bo‘sh paytimda odamlarning uncha-muncha ishlarini ham qilib turdim. Ta’til paytlari kolxozimizda ishladim. Bular urushda chiniqqan askarga unchalik qiyin ham emasdi. Shunday qilib o‘qishni bitirib oldim. Dorixonaga ishga joylashdim. Niyatimga yetgandim. Endi o‘zim oq xalatli dorishunosman. Qo‘lim pul ko‘rdi, ahvolim yaxshilandi, amakimning oilasigayam yordam berib turdim.
Taqdirni qarangki, shunday kunlarda hayotimda yana onam paydo bo‘ldilar. O‘gay otam qazo qilibdi. Keksayib qolgan onam qaytib keldilar. Endi yolg‘iz emasligimdan suyundim. Amakim meni uylantirish harakatiga tushgandi. Kelinni onam topdilar. Uzoq qarindoshlarining qizi ekan. O‘zimizga yarasha to‘y qildik. Uylanib, yetimlikda cho‘kkan ko‘nglim ancha taskin topdi. Amakim ikki o‘g‘lini uylantirganidan keyin hovli-joy torlik qilib qoldi. Alohida chiqib ketishimiz kerak edi. Tejab-tergab yig‘indim. Ikki yilda bir eski hovlini sotib oldim. Onam, xotinim, o‘g‘ilcham bilan ko‘chib chiqdik… Bunday kunlarga yetguncha boshimdan ko‘p qiyinchiliklar o‘tdi.
– Oson bo‘lmagan ekan, – tan oldi Hasan.
– Hayotning achchig‘igayam, chuchugigayam chidash kerak, o‘g‘lim. Men qiyin kunlarda cho‘kib qolmadim. Hammasini orqaga tashlab, shukr qilib yashadim. Yiqilay deganimda tirishib-tirmashib yana yo‘limni topib olaverdim. Bugun o‘tgan umrimdan xotirjamman. – Hoshim amaki chuqur tin oldi. – Endi men boray, Hasanboy, ancha o‘tirdik. Sabr bilan eshitdingiz, balli. – U qo‘lini fotihaga ochdi, duo qilib, o‘rnidan turdi.
Hoshim amakini kuzatayotganida Hasan g‘alati bo‘lib qoldi. Zuhraning – sevgan qizining buvasi u bilan tanishgani, to‘g‘rirog‘i, uni sinovdan o‘tkazgani keldi-yu, na so‘roqqa tutdi, na rozi yo norizoligini aytdi…
Ammo shu kunning ertasidan ikki tomonda ham to‘y harakati boshlandi.
7
Oradan bir oy o‘tdi. Sunbulada Hasan bilan Zuhraning to‘ylari bo‘ldi. Hasan oilada kenja o‘g‘il edi. Akasi bilan jiyanlari “qamishdan bel bog‘lab” xizmat qilishdi. Mastura opaning quvonchi olamga sig‘masdi. Hovliga chor burchak qilib mahalladan olib kelingan stollar qo‘yildi. Dasturxonni shirinliklar, qovun-tarvuz, olma-uzumga to‘ldirib tashlashdi. Hasanning jo‘ralari to‘rga gilam ilib, paxta bilan “Hasan+Zuhra” deb yozishdi, yoniga yurak shaklini “chizish”ni ham unutishmadi.
To‘yga tahririyat bilan birga bosmaxonaning ishchilari ham jamoa bo‘lib kelishdi. Davraning to‘riga Shavqiddin Xo‘jayev savlat to‘kib o‘tirib oldi, yonidan imi-jimida Qurbon Qora joy oldi. U yoshi ulug‘ Yodgora opa yoki bosmaxonaning kattalaridan ham “yuqorilab” ketganidan sira tortinmasdi. Muharrir o‘rinbosari Abdulla aka, mas’ul kotib Izzatilla Ibrohimov qarama-qarshi tomonga joylashishdi. O‘rtakash yigit davrani ochib, tabrik so‘zini Izzatilla akaga berdi.
– Siz Hasanga ham ustoz, ham aka o‘rnidasiz, gapiravering, – dedi Yodgora opa.
Hamma Shavqiddin Xo‘jayevga qaradi. U atrofdagilarga e’tiborsiz, Qurbon Qora bilan gaplashib o‘tirardi. So‘zga chiqishni istamaganini tushunishdi. Izzatilla aka o‘rnidan turib, ovoz tutqichni oldi-da, hayajon bilan baland ovozda gapira ketdi:
– Hasan bilan Zuhra bir-birlariga munosib yoshlar. Men ularning baxtli bo‘lishlariga chin dildan ishonaman va butun jamoamiz nomidan baxt tilayman! Hasan ukamiz juda iste’dodli jurnalist…
U kelin-kuyovni maqtab, ularning sha’niga bir olam iliq gaplarni aytib yubordi. Shu payt ketma-ket ko‘tarilgan qadahlar ta’sirida anchagina qizishib qolgan Abdulla aka ham o‘rnidan turib, tabrikka qo‘shilib she’r o‘qiy ketdi.
To‘y bazmi borgan sari qizirdi. Shirakayf yigitlar madaniyat uyidan kelgan xonandaga “Birinchi muhabbatim”ni qayta-qayta ayttirishdi…
* * *
To‘ydan keyingi kunlari olamda Hasandan baxtliroq yigit yo‘q edi. Avvallari ishiyu ko‘chadan beri kelmasdi. Mastura opa uni tergagani tergagan edi. Endi bo‘lsa bo‘zchining mokisidek uy bilan ishxona o‘rtasida qatnab charchamaydi. Zuhraning umr daftarida ham yangi sahifalar ochila boshladi. Tug‘ilgan uyi, sog‘uvchilik kasbi Oqchashmada qolib ketdi. Tuman markaziga kelin bo‘lganiga bir oy to‘lar-to‘lmas bosmaxonaga sahifalovchi bo‘lib ishga kirib oldi. Uquvli, uddaburon ekan, yangi kasbini tez o‘zlashtirdi. Bundan o‘zida yo‘q xursand edi, uning uchun muhimi – Hasanning yonida bo‘lishi.
Bir kuni bosmaxonada gazeta sahifalayotganida Hasan kirib keldi. O‘ziga tanish qadam tovushidan yuragi hapriqib, ortiga o‘girildi-yu:
– Sizmidingiz? – dedi jilmayib.
– “Men o‘sha”, – dedi Hasan “O‘tkan kunlar”dagi Otabekning Kumushbibi bilan nikoh kechasini eslab.
– “Ko‘zlarimga ishonmayman”, – Zuhra ham Kumushbibining gapini takrorladi.
Linotip xonasidan Farida opa chiqib kelganida ular bir-birlariga qarab kulib turishardi. Zuhra uyalib darrov nari ketdi.
– Ha, kuyov bola, sog‘inib qoldingizmi? – dedi Farida opa ma’noli qilib.
– Sahifani olib tushgandim, – Hasan jiddiylashdi.
– Endi navbatchiligingizda sahifani bo‘yab tashlamaysiz, – Farida opa kuldi. – Bo‘lmasa-a, xotinchangizning qo‘li qavaradi, ukaginam!
Hasan bosmaxona ayollarining beg‘araz hazillariga o‘rganib qolgandi, indamadi. Farida opa shipillab xonasiga kirib ketdi. Ochiq eshikdan yana harf terish mashinasining shovqini eshitila boshladi. Zuhra yana Hasanning oldiga keldi:
– Hasan aka, jurnalist bo‘lishni orzu qilganman, deganim esingizdami? – dedi beadog‘ mehr bilan tikilib.
– Esimda, birinchi uchrashgan kunimiz edi o‘shanda.
– Niyatimga yetay deb qoldim, qarang, sizning yozganlaringizni sahifalayapman.
– Bu boshqa.
– Menga shuyam yetadi.
Hasan zavqlanib ketib uni quchoqlab oldi. Zuhra o‘zini tortib, ochiq eshikka ishora qildi. Hasan yuz-ko‘zi aralash qattiq o‘pdida, ko‘zini qisib, chiqib ketdi.
8
Hasan Ali qattiq mehnat qilganidanmi yo o‘zi omadli yigitmi, harnechuk tezda tuman rahbariyati e’tiboriga tushdi. Yig‘ilishlarda jurnalist Hasan Alining nomi bot-bot tilga olinadigan, uning maqolalari atrofida bahs-munozara yuritiladigan bo‘lib qoldi. Hatto bir kuni tahririyatga tuman rahbarining mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari dabdurustdan kirib keldi!
– Hasan Ali qayerda, Hasan Ali?! – dedi u gumburlagan tovushda yo‘lak bo‘ylab odimlarkan.
Rahbarning sharpasini ilg‘agandayoq xonasidan otilib chiqqan Shavqiddin Xo‘jayev uni tavozelarga ko‘mib tashladi.
– Xush kelibsiz, Begali Yazidovich, xush kelibsiz… tashrifingizdan tahririyatimiz charag‘on bo‘lib ketdi…
Ammo rahbar bosh muharrirning yaltoqlanishlariga ko‘p ham e’tibor bermadi. Rasmiy ohangda u-bu narsalar haqida gaplashgan bo‘ldi-da, darhol maqsadga ko‘chdi:
– Ochig‘i, Hasan Ali degan jurnalistni ko‘rgali keldim. Kechagi sonda chiqqan ocherkini o‘qib chidab turolmadim. Shu yigitning bir qo‘lini qisib tabriklab qo‘ygim keldi. Zo‘r shogirdlarni tarbiya qilayapsiz, Shavqiddin Eshboyevich, rahmat sizga…
– Hozir Hasanboyni topib beramiz, – dedi bosh muharrir battar egilib-bukilib.
Ko‘p o‘tmay, kotiba chaqirib chiqqan Hasan Ali Begali Yazidovich yoniga keldi. Tuman rahbari o‘zi aytganday, yosh qalamkashning qo‘lini qisib qizg‘in qutladi.
– Xuddi shunday davom etishi kerak uka, – dedi u jo‘shqin ohanglarda. – Sizning har bir satringiz nafaqat gazetaning, balki bizning ham obro‘mizdir…
Tuman rahbari to‘lqinlanib gapirgan ko‘yi Hasan Alini yetaklab tahririyat hovlisiga chiqdi. Negadir u bosh muharrirga ko‘p ham e’tibor bermadi. Aftidan Hasan Aliga aytadigan alohida gapi borga o‘xshardi.
Shavqiddin Xo‘jayev xuddi to‘daboshi o‘yinga qo‘shmagan boladay o‘kinib yo‘lakda qolarkan, hovliga chiqqanlar ortidan darg‘azab tikildi. Qo‘llari musht bo‘lib tugildi, lablari qimtinib allanelar deya pichirladi.
Xuddi shu voqeadan so‘ng Hasan Ali tuman rahbariyati tomonidan poytaxtga, uch oylik malaka oshirish o‘quv kursiga yubordi. Bu ko‘p narsadan darak berardi. Harholda, gazeta bosh muharriri, uning atrofidagilar shunday fikrda edilar.
Hasan Ali malaka oshirish saboqlaridan qaytgach, yana katta kuch-g‘ayrat bilan ishga kirishdi. Ketma-ket, bir-biridan o‘tkir sermazmun maqolalar yozdi.
– Qalaysiz, bo‘lajak bosh muharrir, – deb hazillashardi ba’zan dangalchi Farida opa. – Yigitning omadini bersin ekan…
Bir kuni xuddi shunday hazil-huzul bilan Hasan Alini qarshi olgan Farida opa yigitni xomush ko‘rib ajablandi.
– Voy qoqindiq, voy, sizga nima bo‘ldi, bo‘lajak rahbar?
– E-e, – deb norizo qo‘l siltadi yosh jurnalist, – ahvolni ko‘rib yuribsizu o‘zingiz ham Farida opa, xuddi men yeb, boshqalar quruq qolishganday, ko‘plar menga qovoq-tumshuq qilib yuribdi..
Farida opa sharaqlab kuldi.
– Vuy, shunga shunchami, men nima emish deb o‘ylabman. Qo‘yavering, sizning yutuqlaringizdan ichlari yonib kul bo‘layotgandir-da…
– Menga biror yomonlik qilishadimi deb qo‘rqaman…. to‘g‘rirog‘i…. Zuhra uchun qo‘rqaman.
– Siz zarracha cho‘chimang, – dedi Farida opa g‘ayrat bilan harf terishga kirisharkan, – birovga choh qazigan, o‘sha chohga o‘zi qulaydi. Mana, ko‘rasiz.
– Rahmat opa, ko‘nglimni ko‘targaningiz uchun.
9
O‘sha yili qish qattiq keldi. O‘tgan yili zig‘ircha yoqqan qor ham bir kunda erib, quyosh charaqlab ketavergandi. Bu qishda pag‘a-pag‘a qor yog‘di-yu, ora-sira oftob mo‘ralab qolsayam, tarnovdan bir tomchi suv tushmadi. Daraxtlarning karaxt novdasidagi oppoq qorli po‘stin yana sadafrang momiq bilan qoplandi.
Hasan tahririyatga borayotib yo‘l chetidagi daraxtlarga tikildi:
“Mana bu chinor, anovi sada qayrag‘och uning bolaligida nihol edi. Bugun odam quchog‘iga zo‘rg‘a sig‘adigan ulkan daraxtlarga aylanishibdi. Yillar tez o‘tayapti. Bular ham tirik jonlar, bir-birlari bilan ahil aka-ukalardek tizilishgan. Aslidayam nega shunday bo‘lmasin? Daraxt ham tiriklikning bir turi-ku! Odamlar Yerdagi yagona ongli hayot biz, deb o‘ylashadi. Balki daraxtlar ham shundaydir? Ular ham o‘z tashvishlari bilan u yoqdan-bu yoqqa yelib-yugurayotgan odamlar ustidan, bular muncha besabr, deya kulishar?..”
U muzlamada qattiq-qattiq qadam tashlab tahririyatga yetib keldi. Sovuqning zo‘ridan qo‘liga yopishayotgan eshik tutqichini ushlab, o‘zining xayolparastligidan kuldi. Xonasiga kirar-kirmas Yodgora opa bosh muharrir chaqirayotganini aytib ketdi.
Hasan vaqt o‘tgan sayin Shavqiddin Xo‘jayevning fe’liga tushuna boshlagandi. Uning botinida ikki toifadagi odam yashardi. Biri – hamma qatori yeb-ichadigan, gazeta uchun yozib-chizadigan oddiy bir inson bo‘lsa, ikkinchisi – sershubha rahbar. Keyingi paytda jamoani tez-tez alg‘ov-dalg‘ov qilib turadigan ko‘ngilsizliklarda Qurbon Qoraning “qo‘li borligi”ni hamma bilardi. U birni mingga qo‘shib Shavqiddin Xo‘jayevga yetkazadi. Bu ko‘pchilik xodimlarning asabini buza boshladi.
Hasan kirganida Shavqiddin Xo‘jayev stolidagi bir to‘p qog‘ozni varaqlab o‘tirardi.
– Keling, uka? – dedi sovuqqina qilib. – Nima gap?
– Ishlayapman.
– Ishlamang, yoning! – U Hasanga sinovchan tikildi. – Jurnalist yonishi kerak! Shunchaki ishlasa bo‘lmaydi! Markaziy gazetalarni o‘qiyapsizmi?
– Ha.
– Mana bu maqolani nihoyatda diqqat bilan, sinchiklab o‘qing! – U ichki sahifasi ochilgan gazetani uzatdi.
Hasan qiziqib gazetani oldi. Ikkinchi sahifadagi katta qora harflarda “MANMANLIK” deb yozilgan maqolaga ko‘zi tushdi.
– Bu maqolani ham-ma o‘qisin! Bizning oramizdayam manmanlar yo‘q ema-as!
Shavqiddin Xo‘jayev, gap tamom, degandek stolida sochilib yotgan qog‘ozlariga tikilib oldi. Hasanga bu gap o‘ziga tekkizib aytilgandek tuyuldi. Birov ustidan sovuq suv quyib yuborgandek junjikib ketdi. “Bu odam nega hech tik gapirmaydi-ya? – deya o‘yladi g‘ijinib. – Kim, o‘sha manman? Menmi?.. Qurbon Qora bir gap aytib kelgandir-da”.
Hasan bosh muharrirning oldidan asabi buzilib chiqdi. Qabulxonada Yodgora opa bir qarab qo‘ydi-yu, indamadi. G‘ira-shira yoritilgan yo‘lakdan o‘tib, xonasiga kirdi. Qo‘lidagi gazetani stolga yozib, muk tushganicha “Manmanlik”ni o‘qiy boshladi. Bu maqola gazetaning salkam bir sahifasini egallagandi. Unda iste’dodli, yosh olimning manmanlanib, nochor ahvolga tushib qolgani haqida yozilgandi. Oxiri fosiqlikka berilib, talaba qizning nomusiga tajovuz qiladi. Sudda aybiga iqror bo‘lib, sharmandasi chiqadi.
Hasan maqolani o‘qib bo‘lib, gazetani chetga surdi-da, o‘ylanib qoldi: “Shavqiddin Xo‘jayev, bundaylar bizning oramizdayam bor, deb unga shama qilyaptimi? U nom chiqarish, shon-shuhrat haqida o‘ylamaydi-ku?! Shavqiddin Xo‘jayevning botinida nima gap bor?”.
Xonaga Izzatilla aka kirdi.
– Ha, Hasanboy, – dedi labini cho‘chchaytirib, – nega bo‘shishib o‘tiribsiz? Sizni Shavqiddin akaning oldida, deyishgandi?
– Assalom alaykum, – Hasan o‘rnidan turdi.
– Vaalaykum. O‘h-ho‘-o‘, siz ham “Manmanlik”ni o‘qiyapsizmi?
– Shavqiddin aka berdilar.
– O‘qing-o‘qing, har xil mayda gaplarni ko‘ngilga olavermang-da, – Izzatilla aka bosh muharrirning xonasiga ishora qildi. – Biz ishlashimiz kerak. Hammasi o‘tkinchi, ijod qoladi, uka. Atrofimizda ne-ne ajoyib odamlar bor, har kuni bir ezgulik yaralyapti. Ana shular haqida yozaylik! Shaxsan men o‘z ishimdan zavqlanaman. Bilishimcha, siz ham shunday. Xullas, sizga topshiriq bor.
– Mayli.
– Faqat qishloq xo‘jaligi bilan o‘ralashib qolmang, deyman-da. Qalamingiz ancha charxlandi. Hozir qish, boshqa sohalar bilan ham bemalol shug‘ullanishingiz mumkin. Shifokorlar haqida yozganmisiz?
– Jiddiyroq narsa yozmaganman.
– Lekin men aytmoqchi bo‘lgan odam haqida jiddiy yozish kerak. Oltinko‘lga borib kelasiz. Bilasiz, Oltinko‘l tumanimizdagi chekka qishloq. Qishloqda kasalxona bor. Tursunali Mamajonov degan yigit bosh shifokor bo‘lib ishlaydi. Uni izlab boshqa viloyatlardan ham bemorlar kelishadi. O‘zingiz bir o‘ylab ko‘ring, qirlar oralig‘idagi qishloqda taniqli shifokor ishlaydi? Nega odamlar unga intilishadi? Sababi nimada? Do‘xtir ko‘p-ku? Ana shuni ochib bering.
– Xo‘p, urinib ko‘raman.
– Avval tibbiyotdagi yangiliklar bilan yaxshilab tanishing, suhbatga jiddiy tayyorlaning. Hali ko‘rasiz, Mamajonov juda aqlli yigit.
Izzatilla aka shu gaplarni aytib, chiqib ketdi. Hasan Shavqiddin Xo‘jayev bilan bo‘lgan ko‘ngil xiralikni biroz unutgandek bo‘ldi. Endi ustozining topshirig‘i haqida o‘ylay boshladi. O‘ziyam anchadan beri birorta shifokor haqida portret ocherk yozishni rejalashtirib yurgandi. Bu taklif ayni muddao bo‘ldi.
U yon daftarini paltosining qo‘yin cho‘ntagiga solib, tahririyatdan chiqdi. Oltinko‘lga tuman markazining shohbekatidan avtobus qatnardi. Bekatga yetganida zarg‘aldoq rangli “PAZik” endi joyidan jilayotgandi. To‘xtatib, chiqib oldi. Yer muzlama edi, haydovchi avtobusning tezligini oshirmadi.
Qishloqqa salkam bir soatlarda yetib kelishdi. Oltinko‘ldagi uylar tog‘li qishloqdagiga o‘xshab baland-past qirliklarga sochilgan. Qirlar o‘rtasidagi suvi jimirlab kumushdek tovlanayotgan ko‘l kishi e’tiborini tortadi. Hasan avtobus oynasidan oppoq qor qoplagan sohilni tomosha qilib bordi. Ko‘lning qirg‘oqlarini qoplagan qorli ko‘rpadan qurib sarg‘aygan qamishlar chiqib turardi. Odamlarning aytishlaricha, bu ko‘l yer ostidan daryo bilan tutashgan emish.
Hasan daraxtlar qurshovidagi maktab binosida avtobusdan tushib qoldi. Kasalxona mana shu maktabning ortida edi.
Kasalxonaga kirib kelganida bosh shifokor xonasida ekan. Bu xona do‘xtirlarning oddiy qabulxonasidan hech narsasi bilan farq qilmasdi. Jihozlari – stol, bir nechta stul, kushetkadan iborat, oddiygina. To‘rdagi stolda oq xalat kiygan Tursunali Mamajonov o‘tirardi. Ellik yoshlardagi do‘xtirning soqoli qirtishlab olingan, chehrasida xotirjam bir ifoda. Ko‘rinishidan ozoda, batartib insonligi sezilib turibdi. Hasan qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib salom berdi. Do‘xtir alik olib, o‘tirishga taklif qildi
– Harbiyda bo‘lganmisiz? – dedi ichidagini o‘qib olmoqchidek tikilib.
– Ha… Qanday bildingiz?
– Qadam tashlashingizdan. Harbiyda bo‘lgan yigitlar oyoqlarini ko‘tarib bosishadi.
“Sinchkov ekan”, deya o‘yladi Hasan. Biroq buni o‘ziga aytmadi.
– Gazetadanman, – deb qo‘ya qoldi.
– Kasalxonamiz haqida yozmoqchimisiz?
– Siz haqingizda yozmoqchiman… Tursunali aka, qo‘li yengil shifokorsiz, – gapni ulab ketdi Hasan. – Bemorlar sizni uzoq yerlardan ham izlab kelisharkan?
– Bu mening alohida qobiliyatim bor, degani emas, uka, – u yoqimli jilmaydi. – Hamma shifokorlar ham odamlarni davolashyapti.
– Shundayku-ya…
– Shifokorning obro‘si ishiga munosabatida. Aslida hamma kasblardayam shunday. Tibbiyot oliygohini bitirganimda shu tumanga ishga yo‘llashdi. Sog‘liqni saqlash bo‘limidagilar Oltinko‘l ambulatoriyasiga tayinlashgandi. Yillar o‘tib qishloq odamlariga o‘rganib qoldim, shuning uchun bu yerdan ketolmadim. Sekin-asta ambulatoriyani tuman kasalxonasining bo‘limiga, keyinchalik shifoxonaga aylantirdik. Shifokorlarimiz, hamshiralar bemorlarga e’tiborli. Eng katta yutug‘imiz mana shu, aslida.
Tursunali Mamajonovning ko‘zlari kishiga mehribonlik bilan boqardi. Bu qarashlarda qat’iyat, o‘ziga ishonch bor edi.
– Bo‘limlarni aylanib ko‘rasizmi? – dedi u jiddiylashib.
– Mayli.
Shu payt eshik ochilib, qishloqcha kiyingan; yashil choponli, katta guldor ro‘molga o‘ranib olgan jikkakkina kampir kirib keldi. Uning qo‘lida kichik tuguncha bor edi. Ozg‘in yuzini taram-taram ajin qoplagan, qiyofasidan yoshini aniqlab bo‘lmasdi. U Tursunali Mamajonovga qarab nimadir degandek lablarini sassiz qimirlatdi. Bir so‘z demasdan, tugunini stolga qo‘ydi. Tursunali Mamajonov o‘rnidan turib, “rahmat”, dedi. Kampir qanday kirgan bo‘lsa, shunday, ovoz chiqarmasdan yurib chiqib ketdi.
Doktor tugunni bir chetga olib qo‘yib, Hasanga qaradi. Hasan kampir haqida so‘rashdan istihola qildi. Tursunali Mamajonov ham buni tushuntirib o‘tirmadi. Ular shifoxonani aylanish uchun birgalashib xonadan chiqishdi.
Kasalxona hovlisi oppoq qor bilan qoplangandi. Quyoshning nimjon, tillarang nurlari bu qorli ko‘rpaga avaylab tirmashar, ammo kun sovuq bo‘lgani uchun qor zig‘irdak ham erimayotgandi. Ular yo‘lkadan qarshilaridagi bir qavatli bino tomonga yurishdi. “Terapiya bo‘limi” deb yozilgan qo‘sh tavaqali eshikdan ichkariga kirishdi.
Bo‘lim yo‘lagi issiq edi. Tursunali Mamajonov chap tarafdagi 1-palataning eshigini ochdi. Ular oldinma-keyin xonaga kirishdi. Ichkarida to‘rtta bemor yotardi. Doktor tik turganicha ular bilan alohida-alohida so‘rashib chiqdi. Shoshilmasdan har birlaridan navbat bilan davolash natijalarini surishtirdi. Hasan uning harakatlarini diqqat bilan kuzatib turdi. O‘rinlarda yotgan turli yoshdagi erkaklar do‘xtirlari bilan zoriqib kutgan odamini topib olgan boladek berilib suhbatlashishdi.
Keyingi xonaga kirganlarida bir bemorning oldida uzoqroq ushlanib qolishdi. Ellik yoshlardagi bu odamning soqoli olinmagan, kayfiyati yo‘qligi yuz-ko‘zidan ham bilinib turardi.
– Do‘xtir, tuzalamanmi? – dedi u hazin ovozda.
– Albatta! Hamma ko‘rsatkichlaringiz yaxshi tomonga o‘zgaryapti, – dedi qon bosimini o‘lchayotgan Tursunali Mamajonov. – Asabni buzmang. Maslahatlarim esingizdami?
– Esimda, do‘xtir.
– Unda, kelishdik. Bu yerdan sog‘lom bo‘lib chiqasiz! Chekmayapsizmi?
– Chekmayapman, do‘xtir.
– Kasalxonadan chiqqaningizdan keyin ham chekmasangiz bemalol yuz yil yashaysiz.
Birdan bemorning chehrasi ochilib, jilmaydi.
Tursunali Mamajonov o‘rnidan turdi. Hasan do‘xtirning bir og‘iz so‘zi bemorga chaqmoqdek tasir qilib, bir zumda kayfiyatini ko‘tarib yuborganidan hayron edi. Axir, aytarli hech narsa demadi-ku?
– Bu kishining kasali nima? – deb so‘radi yo‘lakka chiqishganda.
– Xafaqonlik, gipertoniya.
– Ko‘nglini ancha ko‘tardingiz.
– Bemorim o‘zini menga yaqin olsa xotirjam bo‘laman. Xasta odam yosh boladek ta’sirchan-da. Unga mehr, e’tibor kerak, aldab bo‘lmaydi. Har bir bemorning o‘zi alohida olam. Shifokor tayyor qolip bilan ishlasa yaxshi natijaga erisholmaydi.
…Hasan Oltinko‘ldan qaytayotib, ko‘rgan-eshitganlarini kino tasmasidek xayolidan bir-bir o‘tkazdi. Yozmoqchi bo‘lgan ocherki qad rostlayotgan binodek tasavvurida satrma-satr tiklana boshladi. Bir qaraganda Tursunali Mamajonovda hech qanday g‘ayrioddiylik yo‘q. Lekin odamlar chanqagan sahroyi suvga intilganidek unga talpinishadi. Ko‘zlaridan nur yog‘ilib turadi uning… Ocherkda mana shularni ko‘rsatishi kerak!
Tahririyatga yetib kelganida Izzatilla aka ketishga shaylanib turgan ekan.
– Xo‘sh, Hasanboy, taassurotlar zo‘rmi? – dedi qayta joyiga o‘tirib.
– Oddiy kasalxona, hamma qatori shifokor, – Hasan beixtiyor Tursunali Mamajonovning gaplarini takrorlay boshladi. – Lekin…
– Ana shu “lekin”ini ayting-chi? – Izzatilla aka labini cho‘chchaytirib unga tikilib oldi.
Hasan qo‘yin cho‘ntagidan jigarrang muqovali yon daftarini chiqardi-yu, ochmadi. Ko‘rgan-eshitganlari xotirasiga muhrlanib qolgandi. Oltinko‘l qishlog‘i, g‘aroyib ko‘l, Tursunali Mamajonov bilan tanishgani, kasalxonani aylanganlarini batafsil gapirib berdi.
– Qishloq siz ko‘rgan ko‘lning nomi bilan ataladi, – dedi Izzatilla aka.
– Shunday.
– Ko‘lga suv quyilmasligi, oqib ham chiqmasligini eshitgandirsiz?
– Ha, bu ko‘l yerosti suvlari bilan tutashgan, deyishdi.
– Shunday bo‘lishi mumkin. Qirlar o‘rtasida sirli ko‘l! Birgina shuning o‘zi hayajonga soladi kishini. Men Oqchashma odamlari haqida yozganimda aynan ana shu manzarani tasvirlashdan boshlagan bo‘lardim. O‘zingiz g‘ayrioddiylikni ko‘ra olsangiz boshqalarni ham hayratga solasiz, to‘g‘rimi?
– Bu haqda o‘ylab ko‘rmabman.
– O‘qirmanni ortingizdan ergashtiring. Uni qishloqning jo‘shqin hayotiga olib kirsangiz – mana shu eng katta yutug‘ingingiz bo‘ladi. Shaharlik shifokorning qishloqda qolishi sababini ham ochib berish kerak. Darvoqe, tugunda ovqat qo‘yib ketgan kampir haqida surishtirdingizmi?
– Yo‘q, noqulay deb o‘yladim, e’tibor bermabman.
– E’tibor bering-da! – Izzatilla aka afsus bilan boshini chayqadi. – Men oltinko‘lliklardan eshitganman: siz ko‘rgan o‘sha kampirni bir paytlar Tursunali Mamajonov o‘limdan saqlab qolgan. O‘n sakkiz yildan buyon har kuni do‘xtirga bir kosadan ovqat olib kelarkan. Uni o‘g‘lim degan.
Hasan Izzatilla akaning tumanni yaxshi bilishiga ko‘p marta tan bergandi. Uning Tursunali Mamajonov haqidagi gaplari ham o‘ylantirib qo‘ydi: “Darhaqiqat, jurnalist qahramonini botinan tushunishi kerak. Aks holda, jonli qilib tasvirlay olmaydi. Shifokordagi fidoyilikning o‘zagi nimada?” U xayolida jonlanayotgan voqealarni bir ipga tizishga urinardi. Beixtiyor bosh muharrir bilan bo‘lgan noxush suhbatni esladi. “Nega odamlar turlicha? Lekin aslida Tursunali Mamajonovga o‘xshagan odamlar dunyoni tutib turishibdi”.
10
Yana bahor keldi. Qish bo‘yi oppoq qorli ko‘rpa ostida uxlab yotgan qirlar yashil maysa bilan qoplandi. Tund odamning yuzidek qovoq uygan osmon yorishdi. Quyoshning iliq nurlari zaminni ilitib, ona o‘z farzandini suygandek qor suvlarini shimib ko‘pchigan tuproqni erkalay boshladi. Ufqqa tutashgan mudroq paxta paykallari traktor dvigatellarining hayqirig‘idan uyg‘onib ketdi. Uvatlarda ketmon ko‘targan odamlar ko‘rinib qolishdi. Hasan gazetaning qishloq xo‘jalik bo‘limida ishlagani uchun shu kunlarda chigit ekish, g‘o‘za qator oralariga ishlov berish, oziqlantirish kabi dala ishlarini yoritishdan bo‘shamadi.
Zuhra homiladorlik ta’tiliga chiqdi. Er-xotin o‘zlarini yangi olamga tushib qolgandek his qilishardi. Ular birinchi farzandni kutishning shirin hayajoni og‘ushida edilar. Har kuni yangi reja tuzishadi, tunlari kun sanab chiqishadi. Do‘xtirlar belgilagan muddat yaqinlashib qolgandi. Shunday kunlarning birida Hasanni qattiq iztirobga solgan voqea sodir bo‘ldi.
O‘sha kuni tahririyatda gazetaning yangi soni sahifalanayotgandi. Hasan navbatchi edi. Bunday kunlarda hamma xodimlar soqchi askarlardek hushyor ishladi. Tayyor sahifani avval musahhih, keyin o‘zi o‘qib, xatolarini tuzatishdi. Izzatilla aka navbatdagi sahifani bosh muharrirga ko‘rsatib chiqdi-da, uning qo‘liga tutqazdi. Ular Rahmonali bilan o‘qishga kirishishdi.
Rahmonali – tahririyatning yangi musahhihi. Yoshi yigirmaga ham to‘lmagan. Past bo‘y, oq yuz, ko‘zlari kulib turadigan bu yigit ishga kelgan kunidan Hasan bilan aka-ukadek bo‘lib oldi. Hozir ham uning xonasida eshilib, yayrab o‘tiribdi. O‘qishi kerak bo‘lgan sahifa qolib, gapga tushib ketdi:
– Hasan aka, siz navbatchi bo‘lsangiz bizga ish qolmaydi, – dedi kulib.
– “Laylaklar dalasida”ni yaxshilab o‘qing. Imzoni ko‘rdingizmi? – qovog‘ini uydi Hasan.
– Ko‘rdim, “shef”niki ekan, xato ketsa – tamommiz! – Rahmonali qo‘lini “pichoq” qilib bo‘ynini “kesib” ko‘rsatdi.
– Shunaqa, o‘qing!
Uchinchi sahifadagi “Laylaklar dalasida” maqolasini Shavqiddin Xo‘jayev yozgandi. Tuman markaziga tutash bu dalani Hasan bolaligidan yaxshi biladi. O‘rtasidan magistral elektr tarmoqlari “kesib” o‘tgan. Yuqori kuchlanishli simlarni osmono‘par temir tayanchlar tutib turadi. Bu simyog‘ochlar Oqchashma qishlog‘igacha cho‘zilib boradi. Undan narisiga qirlar oralab, ko‘zga ko‘rinmas elektr quvvatini uzoq-uzoqlarga olib ketadi. Temir tayanchlarning parqu bulutlarga tutashgan uchlariga laylaklar uya qurishgan. Inlardagi ko‘ksini shamolga tutgan mag‘rur qushlar kishining zavqini oshiradi. Bir paytlar bu manzarani Zuhra bilan ham zavqlanib-zavqlanib tomosha qilishgan. O‘shanda laylaklar baxt keltiradigan qushlar ekanligi haqida gaplashishgani ham esida…
Hasan o‘qib bo‘lgan sahifasini darhol bosmaxonaga olib tushdi. “Begonalar kirmasin!” deb yozilgan temir eshikdan chop etish bo‘limiga o‘tdi. Bu yerda yuz yil avvalgi, qog‘oz qo‘lda uzatiladigan “tigel” mexanik dastgohi, zamonaviy “Dominant” dastgohlari ham bor.
Mahobatli “Dominant” atrofida Sardor kuymalanib yurardi. Bir qo‘lida yog‘ idishi, ikkinchisida qoramoy yuqli latta. Hasan yo‘l-yo‘lakay Sardor bilan salomlashib, gazeta sahifalanayotgan xonaga kirdi. Bu yerda Qurbon Qorani ko‘rib ajablandi. U eshikka teskari turganicha bigiz bilan qo‘rg‘oshin literalarni titkilardi. Hasan kirganini sezmadi.
– Bu yerda nima qilyapsiz? – dedi Hasan tuyqusdan.
Qurbon Qora yalt etib ortiga o‘girildi, Hasanni ko‘rib rangi o‘chdi. U qo‘lidagi literalarni almashtiradigan bigizni yashirishga behuda urinardi:
– Bekor edim, gazeta sahifalashniyam o‘rganib qo‘yay, dedim-da. Nima, mumkinamasmi?
Hasan indamadi. O‘qilgan sahifani qoldirib, chiqib ketdi. Bu paytda gazetaning uchta sahifasi tayyor bo‘lgandi. To‘rtinchi betda xato ko‘p ekan, ish ancha cho‘zilib ketdi.
– Hasan aka, faqat siz erinmasdan ishlaysiz! Har bitta vergulni ham to‘g‘rilayverasiz, – nolidi Rahmonali.
Hasan “jim” degandek o‘qrayib qaradi-yu, indamadi. Sahifani yana bir qur ko‘zdan kechirdi, hoshiyasiga “Bosishga ruxsat!” deb yozib, imzo qo‘ydi. Shundan keyin tahririyat xodimlari uy-uylariga tarqalishdi.
* * *
Ertasi kuni Hasan odatdagidek barvaqt ishga keldi. Xonasiga kirib, derazani ochdi. Dimog‘iga gul-chechak isli bahor havosi keldi. Ish stoliga o‘tirib, bir zumda qog‘ozlariga sho‘ng‘ib ketdi. Eshik qiya ochiq qolgandi. Bir-birlari bilan salomlashib, xonalariga tarqalishayotgan xodimlarning qadam tovushlari eshitildi. Yo‘lakdan Izzatilla akaning ovozi kelganda o‘rnidan turib, uning xonasiga chiqdi.
– Qalaysiz, Hasanboy? – dedi Izzatilla aka labini cho‘chchaytirib. – Yangilik bormi, deyman, bugun juda bardamsiz?
Hasan ustozining ma’noli savolini tushundi. U Hasan bilan Zuhraning farzand kutishayotganini bilardi.
– Hali vaqt bor, – dedi jilmayib.
Biroz o‘tib Izzatilla akaning oldidan chiqdi. Nimqorong‘i yo‘lakda Qurbon Qoraga urilib ketishiga bir bahya qoldi. U qabulxona tomonga yugurgilab ketayotgandi. “E-e-e!” deganicha to‘xtab, qo‘lini uzatdi-da, yov quvgandek shoshilib o‘tib ketdi. “Yana nimani boshlayapti bu, – deya o‘yladi Hasan. – Oyog‘i kuygan tovuqdek tipirchilab qolibdi!”.
U o‘zining xonasiga kirib, derazani yopdi. Telefonlar ro‘yxati bo‘yicha tashkilotlarga qo‘ng‘iroq qila boshladi. Anchagina xabarlarni yig‘ib, “Tuman yangiliklari” rukniga axborot tayyorladi. Yana telefon go‘shagiga qo‘lini uzatganida eshik taraqlab ochildi. Xonaga hovliqib Rahmonali otilib kirdi. Rangi quv o‘chgan, Hasanga uzatgan qo‘li bilinar-bilinmas titrardi. Yetti chaqirim yerdan halloslab yugurib kelgandek og‘zini kappa-kappa ochdi-yu, hech narsa deyolmadi. Hasan hayron bo‘lib o‘rnidan turdi. Nihoyat, Rahmonali yutinib olib, tilga kirdi:
– Hasan aka! Xato ketibdi! – dedi ko‘zini ola-kula qilib.
– Qanday xato? – Hasanning nigohi Rahmonalining qo‘lidagi gazetaga qadaldi.
– Mana… shu… – dedi u yig‘lamoqdan beri bo‘lib.
Hasan gazetani olib, stolga qo‘ydi. Rahmonali undan ko‘zini uzmay, titroq qo‘llari bilan gazetani ochdi. Uchinchi betdagi “Laylaklar dalasida” maqolasiga, yashirmoqchi bo‘lgandek, shap etkazib kaftini qo‘ydi. Beixtiyoriy bu harakatni shunday bir umidsizlik bilan qildiki, go‘yo kafti ostida bomba bor-u, ko‘tarsa portlab ketadigandek. Hasan Rahmonalining qo‘lini chetga surdi. Maqolaga ko‘zi tushib, uning ham rangi o‘zgardi. Sahifadagi teskari satrlarni ko‘rib, ko‘zlari jimirlashib ketdi.
Gazetani oddiy odamlar yaratishadi, farishtalar emas. Ba’zan birorta so‘zda xato o‘tadi yoki bezaklar joyiga tushmay qolishi mumkin. U avvaliga shunday deb o‘ylagandi. Chunki, navbatchiligida sahifalarni diqqat bilan o‘qigan, xato yo‘qligiga ishonchi komil edi. Lekin ne ko‘z bilan ko‘rsinki, “Laylaklar dalasida” maqolasining birinchi ustunidagi ikki satr teskari turibdi! Uchinchi, to‘rtinchi ustunlardagi uchta satrda ham ahvol shu!
– Bo‘lishi mumkinamas! – Hasanning rangi o‘chib ketdi. – Bu maqolani ikki marta o‘qiganman, birorta xato qolmagandi!
Gazetaga qayta-qayta tikildi: “Literalar sochilib ketganmi? Chop etuvchi sahifani dastgohga olayotganida ehtiyotsizlik qilganmi…” Hasanning xayolidan ming xil o‘y o‘tdi. Ertalabki xotirjamligidan asar ham qolmagandi. O‘ylanib turib, xayoliga kelgan birinchi gapni aytdi:
– Gazetani tarqatmaslik kerak!
– Tarqatib bo‘lishibdi, – dedi Rahmonali bo‘shashib.
– Sen qayoqdan bilding?!
– Qurbon Qora bosh muharrirning xonasidan chiqayotgan ekan, yo‘lakda menga do‘q urdi, o‘sha aytdi.
– Nega to‘xtatishmabdi?! Avval Shavqiddin aka o‘qirdi-ku?!
Rahmonali yelkasini qisdi. U hali gazeta ishining nozik tomonlarini tushunmasdi. Biroq bu xatolar katta mojaro bo‘lishini sezib, jim turardi. Gazetani allaqachon tarqatib yuborishgan, falokatning na oldini olib, na to‘xtatib bo‘ladi. Hasan bosh muharrirning sovuq nigohini tasavvur qildi-yu, eti junjikdi. “Shavqiddin Xo‘jayevning unga munosabati shundoq ham yaxshi emas. Endi og‘rimagan boshiga qanday g‘avg‘olar yog‘iladi?..” U derazadan ko‘chaga tikilib, shular haqida o‘ylardi.
Tashqarida so‘lim bahor edi. Quyosh saxiylik bilan iliq nurlarini sochmoqda. May havosi butun olamni uyg‘otgan. Ikkita qaldirg‘och chirqillashib, birin-ketin binoning peshtoqiga uchib kirdi. Aslida, mana shu beozor qushchalarning tashvishlari oldida ularning bezovtaligi pista po‘chog‘ichalik ham emas. Hozir jajji tumshuqlarida bir tomchidan loy tashib, ming azobda in qurishmoqda. Tuxum qo‘yib, polapon ochishadi. Uyalari, tuxumlari, keyinroq polaponlarini dushman qushlardan himoyalab, ming girdi baloga duch bo‘lishadi. Bu tinimsiz mehnat, bu azob-uqubat – umr bo‘yi, har yili takrorlanaveradi. Shundayam ularni yashash ishtiyoqi hech qachon tark etmaydi, musaffo osmonlarda parvoz qilib zavqlanishdan charchashmaydi. Azamat qushlar ekan-da, bu qaldirg‘ochlar…
Inson zoti qiziq. Aslida osmon yerga qulab tushmadi-ku? Axir, Yer o‘z mehvarida aylanayotir. Hamma jonzotlar shu hayotda yashash zavqini surishmoqda…
Ayni paytda Hasanning xufton ko‘ngliga bunday mantiqli fikr yupanch bo‘lolmasdi. U xona derazasidan ko‘chaga tikilib, o‘tgan-ketganlarni befarq kuzatar, ishtibohlar iskanjasida sovuq toshdek qotib qolgandi. Kun kelib, o‘zining shu bugungi holatini xokisorlik bilan mushohada etishi, xotirjam kulib qo‘ya qilishini bilganida edi…
– Rahmonali! – dedi ortiga o‘girilib. – “Granka”lar, o‘qilgan sahifalarni olib kel!
Inidan adashgan qushdek tipirchilayotgan Rahmonali birdan tek qotdi. Yo‘lini topdingiz, degandek Hasanga minnatdorlik bilan qaradi-da, eshikni taraqlatib ochib, yeldek uchib chiqib ketdi.
Hasanning yuragi battar siqildi. Rahmonali kelavermagach, sabri chidamasdan o‘zi musahhih xonasiga chiqmoqchi bo‘ldi. Oyog‘iga tosh boylangandek og‘ir qadamlar bilan eshik tomonga yurdi. Shu payt eshik ochilib, ro‘parasida Rahmonali paydo bo‘ldi.
– Hasan aka, hech narsa yo‘q! – dedi bo‘shashib.
– Nima, yo‘q?! – Hasan o‘zini bosolmay baqirib yubordi.
– Grankalar, o‘qilgan sahifalar – hammasi yo‘q! Bir tutam qilib o‘rab, gazeta sonini yozib, javonga qo‘ygandim, – ming‘irladi Rahmonali.
– Xo‘-o‘p?
– Hozir borsam, yo‘-o‘q! Hamma o‘ramlarni avra-astar qilib tashladim, shu son yo‘q! – U qo‘llarini ikki tomonga yoydi. – Tushunmay qoldim.
Hasan qo‘lini siltab, xonadan chiqib ketdi. U hozirgi ahvolida na tanasini his qilar, na tuzukroq fikrlay olardi. Boshi garang bo‘lib qolgan, nima qilishini bilmay qiynalardi. So‘nggi ilinji – bosmaxonadagi, o‘zi imzo chekkan gazeta nusxasida edi.
Yuragi xapriqib, shoshib bosmaxonaga tushdi. O‘sha ilinj bilan chop etish bo‘limiga kirdi. “Dominant” shovqin solib ishlardi. Sardor dastgohni diqqat bilan kuzatib turibdi. U Hasanning hovliqib kirganini ko‘rdi. Avval ajablanib biroz qarab turdi-da, ishini to‘xtatdi.
– Nima gap, tinchlikmi? – so‘radi dastgoh zinasidan tushayotib.
– Kechagi, imzo chekilgan nusxa qani? – dedi Hasan salomlashishni ham unutib.
– Shu yerda bo‘lishi kerak. Kecha yangi kelgan yigitlar ishlashgandi.
U qurdoshini hech qachon bunday ahvolda ko‘rmagandi. Hasanning rangi o‘chgan, og‘zidan chiqayotgan so‘zlarni tez talaffuz qilganidan tushunib bo‘lmasdi. Sardor jiddiygina noxushlik yuz berganini sezdi. Hayron bo‘lib, doimgi hazil-huzil gaplarini ichiga yutdi. Dastgoh yonidagi temir stol tortmasidan hoshiyalariga qoramoyli barmoq izlari tushgan gazetani olib berdi. Hasan pala-partish harakatlar bilan shoshib gazetani ochdi. Uchinchi sahifadagi “Laylaklar dalasida”ga ko‘zi tushib, bo‘shashib ketdi. Maqolada teskari satrlar yarq etib ko‘zga tashlanib turardi. So‘nggi umidi ham puchga chiqqandi: “Bu qanaqasi? Kimning ishi?!”. U yonida turgan Sardorni ham unutib yuborgandek edi. Bosmaxona hovlisiga qaragan derazaga xayolchan tikilib shamdek qotib qolgandi.
Hasan biroz shunday turdi-da, diqqatini jamlab, kechagi kunni bir-bir ko‘z oldiga keltirdi: “Avval – ikkinchi, uchinchi, keyin – birinchi sahifani o‘qidi. Birorta xato qolmagandi. To‘rtinchi sahifani bosmaxonaga o‘zi olib tushdi. U yerda… Qurbon Qora turgandi. Ha-ha, Qurbon Qora! Nega?! Uning qo‘lida sahifalovchi ishchining bigizi bor edi! Nega bigiz?… Axir, bu bigiz bilan “litera” – qo‘rg‘oshin satrlar almashtiriladi-ku?.. Nahotki Qurbon Qora? Nega?! Unga nima yomonlik qildi? Nega bu yigitning yuragida faqat yomonlik yashaydi? Hasan fitnachilik, firibgarlikdan, birovning haqiga xiyonat qilishdan doim hazar qilgan. Axir, inson poklikka intiladi. Qurbon Qoraga bu tuyg‘ular shunchalar begonami?”
Hasan o‘qigan sahifalarida xatolar yo‘qligiga ishongandi. Hozir esa chop etilgan gazetani varaqlamasdan imzo qo‘yganini eslab, alamdan ingrab yubordi. Endi ana shu xatosi uchun o‘zini o‘zi la’natlardi. Qo‘lidagi gazetani Sardorga qaytarib berdi-da, galdiraklab, indamay chiqib keta boshladi. Sardor uning ortidan biroz tikilib turib, gazetani stol tortmasiga soldi. Boshini chayqab, u ham dastgohi tomonga yurdi.
Hasan o‘sha ahvolda ikkinchi qavatga chiqib, xonasiga kirdi. Maqsadsiz u yoqdan bu yoqqa yura boshladi. Tor xona yanayam torayib ketgandek tuyuldi. Shu payt eshik ochilib, Yodgora opaning boshi ko‘rindi:
– Hamma yig‘ilishga! – dedi-yu, eshikni ohista yopdi.
Yodgora opa har safar ichkariga kirar, “Hasan, yig‘ilishga chiqing!” derdi dona-dona qilib. Keyin atrofga bir qur nazar tashlab, farroshning ishini ko‘zdan kechirardi. “Kechikmang, shunaqa”, deb chiqib ketardi. Bugun hamma o‘zini g‘alati tutmoqda. Bu holat butun uyni to‘polon qilib yuboradigan soatning jiringlashidan oldingi xavotirli sukunatga o‘xshardi.
11
Hasan bosh muharrirning xonasiga bo‘ynidan zanjir boylangandek oyog‘ini bazo‘r sudrab kirdi. “Endi nima bo‘ladi?” degan savol jizg‘anagini chiqarib, ich-etini kalamushdek kemirardi. Shu teskari turib qolgan qo‘rg‘oshin literalar tufayli mag‘rur boshi egiladimi? Topgan obro‘si bir pul bo‘ladimi? Tomchilab yiqqan obro‘si paqirlab to‘kilsa-ya! Yozayotgan maqola, ocherklari nufuzli gazetalarda bosilib turgan bo‘lsa… Shundoq ham Shavqiddin Xo‘jayev uni hushlamay yurgandi. Manmanlanib ketgan, deb o‘ylaydi. Bunda Qurbon Qoraning “xizmat”i bo‘lgani aniq. Modomiki shunday ekan, yig‘ilishdan shafqat kutmasa ham bo‘ladi…
Shavqiddin Xo‘jayevning xonasida butun jamoa yig‘ilib o‘tirardi. Hasan kirib kelganida hamma yalt etib unga qaradi. So‘ngra, askarlarga buyruq berilgandek, nigohlar zarg‘aldoq rangli yaltiroq stolga qadaldi.
– Keling, Hasan, o‘tiring, – Izzatilla aka yonidagi bo‘sh o‘rindiqni ko‘rsatdi. Hasan himoya izlagandek ustoziga bir qarab oldi-da, sekin yoniga o‘tirdi.
Shavqiddin Xo‘jayev hammaga bir-bir befarq nazar tashlab chiqdi. Hasan uning bu holatiga ajablandi: gazetada shuncha xato ketadi-yu, u nega xotirjam?
Xodimlar jim edi. Umumiy yig‘ilish deb kirib qolgan tahririyat haydovchisi Zokirjon yonidagilarga allanimalarni gapirib, o‘z-o‘zicha kulib o‘tiribdi. Uning hazilomuz gapiga hech kim e’tibor bermadi. Shavqiddin Xo‘jayevning ovozi eshitilganda u ham jim bo‘ldi. Bosh muharrir boshini yonboshga burib, kuchanib gap boshladi:
– Gazetamizda qo‘pol xatolar o‘tib ketdi! – u boshini sarak-sarak qildi. – Biz Hasan Aliyevga ishonardik… Bu qanaqasi?! Gap xatolar meni maqolamdaligidamas… Hamma ko‘rdimi, gazetani? – Shavqiddin Xo‘jayev qo‘lidagi gazetani silkitdi.
– Ko‘rdik, – dedi Izzatilla aka. – Xatolar qanday o‘tganini aniqlash kerak. Balki ayb bosmaxonadagilardadir? Tushunolmadim? – u yelkasini qisdi.
Shavqiddin Xo‘jayev bu gapni eshitmagandek davom etdi:
– Buni shunday qoldirolmaymiz! – U o‘rnidan turdi. – Bunaqa xatolar uchun xodim ishdan ketadi! Manmanlikning oqibati bu!
Hamma ertakdagi sehrlab qo‘yilgan odamlardekdek qotib o‘tirardi. Qurbon Qora bosh muharrirga muloyim termilib, uning aytganlarini tasdiqlab, boshini silkitdi. Yodgora opa “…xodim ishdan ketadi”, degan gapni eshitganida cho‘chib tushdi, Hasanga onalarcha kuyinchaklik bilan achinib qaradi. Bu muhokamaga adashib kirib qolgan Zokirjon atrofga alangladi, yonidagi Rahmonalidan pichirlab nima gapligini so‘radi. U ham bir og‘iz so‘z aytib, boshini majnuntoldek egib oldi.
Bosh muharrirning xulosasi Hasanga elektr toki urgandek ta’sir qildi. Eti jimirlashib ketdi. U har qanday jazoga tayyor edi, ammo Shavqiddin Xo‘jayevdan bunday keskin gapni kutmagandi. Aslida, gazetaning qo‘pol xatolar bilan tarqalishi kechirib bo‘lmaydigan hol. Bunga, birinchi galda, shu songa navbatchi bo‘lgan u aybdor. Bu ko‘rinib turgan haqiqat. Lekin qanday qilib satrlar teskari bo‘lib qoldi? Shuni o‘ylayverib miyasi g‘ovlab ketdi.
Yig‘ilish juda sovuq o‘tdi. Bosh muharrir yana ancha-muncha ta’nayu dashnomlarni to‘kib tashladi. Aksariyat xodimlar muhokamaga qo‘shilmaslikni ma’qul ko‘rishdi. Fikr bildirganlar “aniqlash kerak”dan nariga o‘tishmadi. Nihoyat, Qurbon Qora o‘rnidan turdi:
– Albatta, kechirib bo‘lmaydi! – dedi u yuziga qayg‘uli tus berib. – Men yoshmanku-ya, lekin gazetamizning obro‘si uchun…
Hasan uning qolgan gaplarini anglamadi. Miyasining gap yetib boradigan darchasi berkilib qolgandek edi. Rahbarning fikriga qarshi chiqishga hech kimning yuragi dov bermadi. Hasanni oqlaydigan birorta dalil yo‘q edi. Bosmaxonadagi chop etuvchilar yangi ishga kelganlardan ekan, ulardan ham ma’nili gap olish amrimahol. Rahmonali hali tajribasiz. Asosiy mas’uliyat Hasanning zimmasiga tushdi.
Yig‘ilish qatnashchilari “hukm”ni kutayotgan qaltis bir paytda Zokirjon so‘z so‘rab qoldi. Hamma hayron bo‘lib unga qaradi. Haydovchi qo‘llarini bir-biriga qovushtirib, biroz qizarib-bo‘zarib turdi-da:
– Hasan aka doim gazetaga jon kuydirgan, – dedi hayajonning zo‘ridan ovozi titrab. – Bu-u… qanaqasi?! Hamma bir bo‘lib bitta odamni ezsa, a?!
Yaltiratib sirlangan stoldagi o‘zining soyasiga homush tikilib o‘tirganlar hushyor tortishdi. “Rost-da-a” degan ma’no bor edi Yodgora opaning munis qarashlarida. “Haq gap” derdi muharrir o‘rinbosari Abdulla akaning aql-zakovat yog‘ilib turgan nigohi. “Bunday xato o‘z-o‘zidan o‘tmaydi”, demoqchi bo‘lardi labini cho‘chchaytirib olgan Izzatilla Ibrohimov. Bo‘lim mudiri Hamida opa befarq, Qurbon Qora bu oddiy haydovchining tili o‘tkirligidan hayratlanib bo‘zraydi.
Shavqiddin Xo‘jayev o‘zini Zokirjonning gaplarini eshitmaganga oldi. Xonaga yana yurakni siqib yuboradigan sukunat cho‘kdi. Zokirjon savoliga javob izlab hammaga bir-bir qarab chiqdi. So‘ngra haykaldek qotib o‘tirgan sheriklariga qo‘lini siltadi-da, ruxsat ham so‘ramasdan chiqib ketdi. Xonada pashsha uchsa eshitiladigan jimjitlik hukm surardi.
Vaziyatni yana bosh muharrir qo‘lga oldi. Ko‘pchilik tezroq tugashini kutayotgan yig‘ilishning boshlovchisi-yu, yakunlovchisi ham Shavqiddin Xo‘jayevning o‘zi bo‘ldi.
– Xo‘sh, gapingiz bormi? – U Hasanga noxush nazar tashladi.
Xatolar muhokama qilinganida, odatda, o‘qilgan sahifalar diqqat bilan ko‘rib chiqib, ayb kimdaligi aniqlanardi. Hasan buni aytolmadi. Rahmonalining javonidagi o‘qilgan sahifalarning yo‘qolgani qo‘lini ipsiz bog‘lab qo‘ygandi. “Aybingni yashirish uchun o‘zing yo‘qotgansan”, deyishlari mumkin edi. Shuning uchun javob topolmay qiynaldi.
– Bu xatolar qanday o‘tganini bilmayman, – deyoldi ilojsizlikdan.
– Qalamingiz bor, tanilib qolgansiz, – Shavqiddin Xo‘jayev qarz berayotgan odamdek tirishib, chaqib-chaqib oldi. – Lekin manmanlik har doim ko‘ngilsiz oqibatga olib boradi! Bunday xatolar uchun hech kim ayab o‘tirilmaydi, ertagayoq ishdan bo‘shaga ariza yozib kiring. Masalani tinchgina hal qilganimiz ma’qul.
Hamma yalt etib Hasan Aliga qaradi. Barchaning ko‘zida achinish, hamdardlik bor edi. Biroq hech biri bosh muharrirga qarshi biror nima deyishga botina olmadi.
– Aytmasangiz ham yozaman, – dedi Hasan Ali o‘rindan o‘ychan turib. – Men baribir bunday jamoa ichida qololmayman.
U ildam yurib xonadan chiqib ketdi.
13
Zuhraning ko‘zi yorish arafasi edi. Hasan darvozadan kirganida u keng-mo‘l ko‘ylakda hovlida sekin g‘imirlab yurardi. Bo‘shashib turgan erining rang-ro‘yini ko‘rib, hushi boshidan uchdi. Hasan xotiniga bir qaradi-yu, indamay uyga kirib ketdi. Zuhra ham uning ortidan kirdi. Hasan yotoqxonada kiyimlarini yechmasdan, o‘zini divanga tashlagan ko‘yi shiftga tikilib yotib olgandi.
– Nima bo‘ldi?! – dedi Zuhra ko‘zlarini katta-katta ochib.
– Gazetada xato o‘tibdi! Meni tinch qo‘y! – Hasan xotinidan alamini olmoqchidek zarda qildi.
Bu gapdan Zuhraning ko‘ziga g‘iltillab yosh keldi. Xotinining qappayib turgan qorniga qarab Hasan jim bo‘lib qoldi. Zuhra eriga achinib ketdi. Biroz tikilib turdida, pichirlab so‘radi:
– Qanaqasiga?
– Shunaqasiga.
– Sizda sirayam unday bo‘lmasdi?
– Bu gazeta-da…
– Endi nima bo‘ladi?
– Ishdan bo‘shatishdi.
– Xafa bo‘lmang, ishdan bo‘shasa ham odamning rizqi tugab qolmaydi-ku, – deb Zuhra uning yelkasiga qo‘lini qo‘yib, silay boshladi. – Ikkovlashib bir amallab biror tirikchilik qilarmiz.
– Ko‘nglim qoldi, – Hasan “uf” tortdi.
– Kimdan?
– Odamlardan.
Zuhra Hasanning gapiga hayron bo‘lib, jimib qoldi. Hozir o‘zi yaxshi bilgan, beadoq sevgisiga sazovor bo‘lgan yigit hamma qatori odam ekanligi, uning ham ko‘ngli borligi, erkak kishi toshdek mustahkam, ba’zan esa tortilgan tordek ta’sirchan bo‘lishi mumkinligini tushundi. Uning Oqchashma fermasida birinchi uchrashganlarida, “Yigitlarda qalb yo‘q deb o‘ylaysizmi?” deganini esladi.
– Hammadan ko‘ngil qolishi mumkinamas… Hamma bir xilamas, siz buni bilasiz, – Zuhraning ovozi eshitildi.
Hasan sergak tortdi. Zuhraning ikki qo‘lidan ushlab, ko‘zlariga qaradi.
– Voy! – Zuhra birdan qo‘lini tortib oldi. Qornini changallaganicha divanga o‘tirdi.
Hasan sakrab o‘rnidan turib ketdi.
– Nima bo‘ldi?! – dedi ko‘zlarini katta-katta ochib.
– Oyijonni chaqiring! – Zuhra og‘riqning zo‘ridan labini qonatib yuborgudek tishlab ingradi.
Hasan eshikka otildi. Hovliga chiqar-chiqmas bor ovozda “Oyi!”, deb baqirdi. Oshxonada kechki ovqatga unnayotgan Mastura opa ochiq derazadan boshini chiqardi:
– Ha, bolam, tinchlikmi?
– Zuhraning mazasi qochdi! – dedi Hasan hovliqib.
Mastura opa yugurgilab oshxonadan chiqdi. Hasan onasini ichkariga kiritib, o‘zi tashqarida qoldi. Ikki-uch daqiqa o‘tar-o‘tmas eshik ochilib, Mastura opa ko‘rindi:
– Tez mashina topib kel, kasalxonaga olib boramiz!
Hasan shu zahoti o‘qdek otilib ko‘chaga chiqib ketdi. Boyagi o‘ychan, g‘amgin kayfiyatidan asar ham qolmadi. U bir daqiqada arslondek qudratli erkakka aylangandi.
Ko‘chada birinchi duch kelgan mashinani to‘xtatib, uyga boshlab keldi. Darvoza taraqlab ochilganda Mastura opa hovliga chiqib, darvoza tomonga mo‘raladi. Ko‘chadagi mashinaga ko‘zi tushib, uyga qaytib kirdi-da, allaqachon kiyinib shay bo‘lib turgan kelinining qo‘ltig‘idan ushlab ochiq darvoza tomonga yetakladi. Zuhra qaynonasiga suyanib ohista qadam tashlardi. Yo‘l-yo‘lakay atrofga alanglab, qator qilib ekilgan atirgullarga to‘yib olmoqchidek termilib bordi. Hovlini so‘lim bahorning ifori tutgan, yo‘lka chetlarini qoplagan yashil maysalar olamning yasharish, yangilanishidan darak berib turardi.
Mastura opa bilan Zuhra qizil “Jiguli”ning orqa o‘rindig‘iga, Hasan haydovchining yoniga o‘tirishdi. “Jiguli”ning egasi ellik yoshlardagi qotma kishi edi. Mastura opa rangi o‘chgan, behol Zuhrani yetaklab chiqqanidayoq gap nimadaligini fahmladi. Mashinani darhol o‘t oldirib, gaz tepkisini bosdi. U yo‘ldagi o‘nqir-cho‘nqirlarni aylanib o‘tar, mashinani mohirona boshqarardi. Hasan tepasidagi oynadan orqa o‘rindiqqa xavotir bilan qarab-qarab bordi. Zuhra ko‘zini yumib olgan, labini qimtib jim o‘tiribdi. Har zamonda og‘riqning zo‘ridan ingrab qo‘yadi. Mastura opa nimadir deya pichirlab, uni yupatadi.
Oradan besh-olti daqiqa o‘tib-o‘tmay tuman kasalxonasiga yetib kelishdi. Mastura opa ihrab-sihrayotgan kelinini tug‘ruq bo‘limiga yetaklab kirib ketdi. Biroz fursat o‘tib jiddiy qiyofada qaytib chiqdi:
– Xudo oq yo‘l bersin, eson-omon qutulib olsin, – dedi o‘g‘liga eshittirib.
Bezovtalanib u yoqdan, bu yoqqa yurayotgan Hasan to‘xtab, onasiga bir qarab oldi. Mastura opa hech narsa demasdan hovlidagi xarrak tomonga yurdi. Hasan yosh boladek unga ergashdi. Ona-bola shu yerda o‘tirib kuta boshlashdi. Birozdan keyin tug‘ruqxonaning eshigi ochildi. Ichkaridan ixchamgina oq xalatli qiz yugurib chiqdi. Ular baravariga o‘rinlaridan turishdi.
– Ketmay turarkansizlar! – dedi qiz Hasanga tabassum bilan sho‘x bir qarash qilib.
U qanday chiqqan bo‘lsa xuddi ana shunday chaqqon qadamlar bilan dikirlab ichkariga kirib ketdi. Ona-bola yana o‘tirgan joylariga qaytishdi. “Eson-omon ko‘zi yorisin”, – dedi yana Mastura opa. Hasanga bu o‘tirishlari g‘alati tuyuldi. “Endi u ota bo‘ladi! O‘g‘ilmi yo qiz? Mayli, nima bo‘lsayam, onasi aytgandek eson-omon qutulib olsin”. Labini qimtiyotgan jajji chaqaloqni ko‘z oldiga keltirib hayajonlanib ketdi. Bu haqda o‘ylashning o‘zi juda-juda yoqimli edi. “Hozir Zuhra qiynalayotgandir? Boya uning ahvolini ko‘rib yuragi chiqib ketayozdi. Insonning dunyoga kelishi shunchalik qiyinmi?”
Oradan yana xavotirli yarim soat o‘tdi. Tug‘ruqxona ostonasida boyagi sho‘x qiz paydo bo‘lganida Hasan bilagidagi soatga qarab bezovtalanardi. Qiz nimagadir ikki qo‘lini ko‘tarib kulib qo‘ydi-da:
– O‘g‘il! – dedi quvnoq ovozda.
– Voy, tilingga shakar! – Mastura opa chaqqon o‘rnidan turib uning oldiga bordi.
Hasan shamdek qotib qolgandi. Na yura oladi, na tiliga bir kalima so‘z keladi. Onasi qizning qo‘liga nimadir tutqazdi. U “rahmat” deb, Hasanga bir qur nazar tashladi-da, yugurgilab ichkariga kirib ketdi. Chamasi, “mamasha”ga “dadasining xuddi o‘zi” demoqchi bo‘ldi. Mastura opa kalovlanib turgan Hasanning oldiga qaytdi.
– Ota bo‘lding, o‘g‘lim! Xudoyimga shukr! – dedi yelkasidan quchib, yuzidan o‘parkan. – Dadang, o‘g‘il bo‘lsa ismini Samandar qo‘yamiz, degandi.
– Dadam nima desalar, shu-da, – jilmaydi Hasan.
Shu payt yana tug‘ruqxonaning eshigi ochildi. Bu safar o‘rta yoshlardagi, lo‘mbillagan, oppoqqina ayol chiqdi.
– Doyani chaqirtirgandim, – dedi Mastura opa ayolning istiqboliga shoshib.
Ular bir-ikki og‘iz past ovozda gaplashishdi. Mastura opa bu doyaniyam imi-jimida rozi qildi. Ayol rahmat aytib, ichkariga kirib ketdi.
– Endi uyga boraylik, – dedi Hasanning oldiga qaytgan onasi. – Bir kosa mastava qilib beraman, obkelasan. Atalani ertaga ichadi, hozir ko‘ngli tortmaydi.
Ular yo‘l-yo‘lakay gaplashib piyoda uyga qaytishdi. Ayni paytda Hasan kundalik tashvishlarini butunlay unutib yuborgandi. Ichiga sig‘mayotgan quvonchini arang bosib borardi. Uyda Mastura opa eri bilan Hasanga o‘zi damlab ketgan oshdan suzib berdi. Ovqat ustida otasi qudalarga albatta xabar qilish kerakligi, Oqchashmaga ertalab borsa ham bo‘laverishini tayinladi. Mastura opaning mastavasi tayyor bo‘lganda qorong‘i tushdi. Hasan ovqatni olib kasalxonaga ketdi. Tug‘ruqxonada unga na Zuhrani, na chaqaloqni ko‘rsatishdi. “Ertaga bemalol kelaveringlar, bugun o‘zimiz yaxshilab qaraymiz, ovqat ham, choy ham beramiz”, dedi o‘sha past bo‘y, to‘ladan kelgan oppoqqina doya.
Hasan uyga kelganida vaqt allamahal bo‘lgandi. Tuni bo‘yi yaxshi uxlolmasdan u yonboshidan bu yonboshiga ag‘darilib chiqdi. Xayolan yo‘rgaklangan jajji chaqaloqni qo‘liga olishini qayta-qayta tasavvur qilardi…
Saharlab tug‘ruqxonaga bordi. Zuhra bilan ikkinchi qavatning derazasidan imo-ishora bilan gaplashishdi. Hasan shunday tushundiki, hech narsa kerakmas, chaqaloqning ham, o‘zining ham ahvoli yaxshi emish.
U kasalxonadan chiqdi-yu, darhol Oqchashmaga jo‘nadi.
Qaynotasinikida uni endigina o‘n oltiga qadam qo‘ygan qayinsinglisi Mohigul qarshi oldi.
– Jiyancha muborak, Mohi, – dedi Hasan og‘zi qulog‘ida jilmayib.
– Vuy-y! – chapak chalib yubordi Mohigul. – Opam yaxshimi?! Men hozir bo-ra-man! Yuring pochcha, bu yerda turmaylik, buvam uydalar, qolganlar ishda. Chaqaloqning daragini birinchi bo‘lib mendan eshitsinlar, suyunchi olaman! Aytganday, ismi nima bo‘ldi?
– Samandar.
– Vuy-y, zo‘r-ku!
– Shunaqa.
Mohigul yana allanimalar deb bijillaganicha hovli to‘ridagi uyga boshladi. Hasan har kelganida jihozlari ko‘hna bu uyga kirar, Hoshim amaki bilan suhbatlashib ko‘ngli yozilib ketardi. Uyning ichkari xonasida oynavand kitob javoni bor. Kitoblar dorishunoslik, tibbiyotga oid, badiiy adabiyotlar alohida ajratib terilgan. Bir kuni Hoshim amakining qo‘lida Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar”ini ko‘rgandi. Bugun ham kitob o‘qib o‘tirgan qariya kuyovini ochiq chehra bilan, o‘rnidan turib qarshi oldi.
– Buva! Chevaralik bo‘libsiz! – dedi Hasanning ortida tugmachadek bo‘yini ko‘rsatolmay, ichi qizib turgan Mohigul.
– Iya! Muborak bo‘lsin!
– O‘g‘i-il! – Mohigul chiyillab qichqirdi. – Ismi Samandar, buva!
– Oh-oh-oh, ismidan aylanay chevaraginamni! – Hoshim amaki Hasanni qaytadan quchoqlab oldi.
Xursandligidan yettinchi osmonda uchayotgan Mohigul choy damlab kirdi. Hoshim amaki bilan Hasan bir piyoladan choy ichishdi. Hasan bezovtalanib shoshilardi, turishga ijozat so‘radi. Hoshim amaki uning ko‘zidan bir narsani uqib olmoqchidek sinovchan tikildi:
– O‘g‘lim, to‘g‘ri yurganga tashvish o‘tkinchi, xotirjamlik hamroh bo‘ladi. Men umr bo‘yi noxushliklarni orqaga tashlab yashadim. Mana, endi nevara-chevaralarim bilan bag‘rim to‘lib o‘tiribman. Hayot daryoning to‘lqiniga o‘xshaydi, tashvishlarning ortidan yaxshi kunlar ham kelaveradi. O‘tkinchi dilxiraliklarni deb o‘zingizni qiynamang.
Bu gaplar Hasanga elektr toki urgandek ta’sir qildi. Qariya botinini sahifasi ochiq kitobdek o‘qib olayotganga o‘xshadi. Kechagi xato voqeasi, boshi majnuntoldek egilib uyga kelgani, Zuhraga gapirganlarini eslab o‘z-o‘zidan xijolat bo‘ldi. Hoshim amaki qo‘lini fotihaga ochib, uzundan uzoq duo qildi. So‘ngra o‘rnidan turib, uyning to‘ridagi taxmonga bordi. Ko‘rpa qatidan avaylab bir narsani oldi. Ortiga o‘girilganida qoqsuyak, serajin qo‘lida naqshinkor qinli pichoq yaltirab turardi. Hasanning oldiga kelib, pichoqni ikki qo‘llab unga uzatdi:
– Bu pichoq otamniki, chaqaloqning boshiga qo‘yinglar, bola yomon tush ko‘rmaydi. Chevaramga katta bobosidan xotira bo‘lsin.
Pichoqni olayotganida Hasanning yuragi bir qalqdi. Unga Hoshim amaki ajdodlaridan meros bebaho buyumini berayotgandi.
– Rahmat buva, aytganingizday qilaman, – dedi ko‘zlari quvonchdan porlab.
U Hoshim amakining uyidan ruhida ko‘tarinkilik bilan yaxshi kayfiyatda chiqib ketdi.
ORADAN YILLAR O‘TIB
Xotima o‘rnida
…O‘g‘li Hasan Alini Bo‘zsuv bo‘yiga olib keldi. Endi uning chekka sochlari oqargan, mo‘yloviga ham qirov qo‘ngandek edi. Biroz to‘lishgan gavdasiga keksalik nuqsi urgan. Sinchkov boqishlari o‘sha-o‘sha. Shu damda u chuqur xayolga cho‘mgandi.
– Sen o‘tira tur, – dedi mashinadan tushayotib Samandarga.
O‘zi esa yoshlik xotiralariga ozor bermoqchimasdek ohista qadam tashlab to‘g‘ridagi bir tup jiyda tomonga yurib ketdi.
O‘sha yili tahririyatdan haydalgach, Hasan Ali bog‘dorchilik sovxoziga oddiy ishchi bo‘lib o‘tdi. Tomorqaga qaradi. Xullas, tirikchilik amal-taqal kechdi. Ammo yosh ijodkorning qalami sindi. Xuddi qasam ichganday Hasan Ali boshqa yozmay qo‘ydi.
– Gazetadan ketganingizga achinayapsizmi? – deb so‘rardi ba’zan Zuhra erining ko‘zlariga mehr bilan termilib.
– Aslo, – deb kulimsirardi “quyilgan” jurnalist. – Gazetadan men o‘z haqimni olib bo‘lgandim.
– Qanaqasiga?
– O‘sha yerda ishlab men sizni uchratdim, baxtga erishdim, ozmi-ko‘pmi elga tanildim…
Mana, oradan yillar o‘tdi. Hasan Ali o‘zini har narsa deb ovutardiyu, biroq hanuz tahririyatni, ijodni qo‘msardi. Shunday kezlar shu yerga, tanish majnun jiydasi yoniga keladi.
Hasan Ali sekin-asta borib keksa daraxtning serajin tanasini quchoqladi. Jiydaning tarvaqaylagan shoxlari ham keksayib qolgandek edi. Novdalardagi kumushrang yaproqlar yengil shabadada sekin pichirlagandek tuyuldi. “Men bilan salomlashayapsanmi, qadrdon jiydam? – dedi u ham shivirlab. – Men keksayib qolayapman, sen ham qariding… Yoshlik shunchalar qisqa bo‘ladimi, vaqtning o‘tishini qara, endi oyog‘imda quvvat avvalgidekmas. Endi hech narsa avvalgidekmas…”.
U jiyda ostiga gilamdek to‘shalgan ajriqqa o‘tirib oldi. To‘lib oqayotgan Bo‘zsuvning qudratli oqimiga termilarkan o‘yladi: “Yillar oqar suvlardek o‘tib borayotir. Uning yoshlik davrlari ham shunchalar tez o‘tdiki, zavqiga to‘yolmay qoldi. Ular Zuhra bilan baxtli yashashdi. O‘g‘illari o‘zlaridek iymon-e’tiqodli bo‘lib ulg‘aydi. Aslini olganda bundan ortiq baxt bo‘ladimi?! Axir yashashdan maqsad, avvalo, o‘z yurting, oilang, farzandlaring ardog‘ida bo‘lish-ku!”
* * *
Hasan Ali o‘tgan umri davomida yaxshi odamlarni ko‘p ko‘rdi. Ezguliklardan ko‘ngli daryodek to‘lib yashadi. Endi, keksayganida ulardan qarzdor sezadi o‘zini. Bu ezguliklar ummonida yoshlikdagi bir sarkash g‘alayon nima degan gap.
U jiydaning qizg‘ish-qo‘ng‘ir, serajin tanasiga qo‘lini qo‘yib, sekin o‘rnidan turdi.
Daryoning yashil sohili, bahor havosi Hasan Alining diliga orom berdi. Sekin yurib mashinasida kutayotgan o‘g‘lining oldiga qaytdi.
– Dada, ketamizmi? – dedi Samandar.
– Ketamiz, o‘g‘lim.
Samandar mashinani o‘t oldirdi. Sadafdek tovlanib turgan “Neksiya” Oqchashmaning o‘rikzor ko‘chasidan shamoldek yelib ketdi. Hasan Ali yo‘l-yo‘lakay bir og‘iz ham gapirmadi. Oqchashmadan chiqqunlaricha ko‘cha yoqasidagi uylarga termilib bordi. Samandar dadasining fe’liga o‘rganib qolgani uchun indamadi. Bobosining uylari oldidan o‘tayotganlarida bir qarab qo‘ydi. Ammo u bunga ham e’tibor bermadi. U Hoshim amaki o‘tganidan keyin qaynotasinikiga kam keladigan bo‘lib qolgandi.
Uyga yetib kelishganda ham Hasan Ali o‘sha kayfiyatda edi. Uyga kira solib kelinidan Zuhrani so‘radi. Kelin qaynonasining qo‘shni ayollar bilan mahalladagi ma’rakaga chiqqanini aytdi.
Uni hamon daryo bo‘yidagi xotiralari tark etmayotgandi. Yolg‘izlikni istab, o‘zining xonasiga kirib ketdi.
Shift barobar tokchalarga terilgan kitoblarga termilib o‘tirib, ko‘zini yumdi. Birozdan keyin o‘rnidan turib, xona burchagidagi eski javonni ochdi. Gazeta taxlamlarini titkilab, ancha uringanidan keyin o‘zi izlagan, o‘ttiz yil avvalgisini topdi. Bu gazetalarni o‘sha xato muhokama qilingan yig‘ilishdan keyin qo‘liga olmagandi. Go‘yoki, bu bir yil hayotida bo‘lmagan, eslashni ham sira-sira istamasdi.
Taxlamni stolga qo‘yib, yana oromkursiga og‘ir cho‘kdi. Ko‘zoynagini taqib, yillar o‘tib sarg‘aygan gazetalarni bir-bir varaqlay boshladi. Maqolalardagi imzolarga ko‘zi tushib, ustozi Izzatilla Ibrohimovni, muharrir o‘rinbosari Abdulla akani esladi. Onasidek mehribon Yodgora opaning samimiy so‘zlashlarini yana bir martagina eshitgisi keldi… Bexosdan ko‘z o‘ngida Shavqiddin Xo‘jayev bilan Qurbon Qora paydo bo‘ldi. Tahririyat haydovchisi Zokirjonning chapanilarcha qo‘lini siltab, xonadan chiqib ketgani xayolida jonlandi… O‘zi yozgan lavha, ocherklarni oz-ozdan o‘qib ko‘rdi. Ular nihoyatda samimiy, jo‘shqin yozilgandi. May oyiga kelganda sahifalarni tez-tez varaqlashga tushdi. Hozir o‘sha maqola chiqadi, deya o‘ylardi. Lekin ko‘ngli xotirjam. Shu damda bunga o‘ziyam hayron. Axir, o‘sha kun boshiga qancha g‘avg‘olarni solgandi! Yuragi qon bo‘lib, ne xayollarga bordi. Endi esa bularni xotirjam eslamoqda…
Mana, o‘sha gazeta! U ichki sahifalarni ochdi. Uchinchi betda “Laylaklar dalasida” maqolasi yarq etib ko‘zga tashlandi. Ko‘p yillar avval jumboq bilan boshlangan voqea yodiga tushdi: Rahmonalining “xato ketibdi” deb sovuq xabar topib kelgani, o‘qilgan sahifalarni zir yugurib izlagani, muhokama yig‘ilishi, nihoyat Zokirjonning o‘tirganlarga qo‘lini siltab chiqib ketishi…
Uning xayolida bularning bari kuni-kecha bo‘lgandek edi. Ammo oradan o‘ttiz yildan ortiq vaqt o‘tdi. Yillar sarakni – sarakka, puchakni – puchakka ajratdi. Mana, uning ko‘nglini pora-pora qilgan o‘sha maqola! Ostiga “Shavqiddin Xo‘jayev” deb imzo qo‘yilgan.
Hasan Ali ko‘zoynagini to‘g‘rilab, gazetaga diqqat bilan tikildi. Uzoqlashtirib yana ko‘zdan kechirdi. Sergak tortdi! Ne ajabki, matnda teskari satrlar ko‘rinmasdi. Ustunma ustun qayta-qayta nazardan o‘tkazdi.
Tajribali jurnalist matndagi nomutanosiblikni bir qarashda ilg‘ardi. Lekin qo‘lidagi gazetada hamma satrlar shaxmat donalaridek o‘z o‘rnida. Axir, mana bu ustunda ikkita litera teskari bo‘lib qolgandi-ku? Uchinchi, to‘rtinchi ustunlardagi teskari literalar ham yo‘q. Maqola boshdan-oyoq risoladagidek, bexato!
Hasan Ali sehr-jodu, mo‘jizalarga ishonmasdi. Ammo shu onda o‘zi guvoh bo‘lgan jumboqqa yechim topolmadi.
– Yo, tavba! – dedi gazeta taxlamini stolga qo‘yib.
Uzoq o‘ylandi. Ming xil taxminni taroziga solib ko‘rdi. Nihoyat, o‘rnidan turib, eshikni ochdi.
– Zuhra-a! – dedi boshini chiqarib.
Qaytib kelib, yana “Laylaklar dalasida”ni o‘qiy boshladi. Hamma harflar o‘z o‘rnida edi. Voajab! Farishtalar to‘g‘rilab qo‘yishibdimi?! Nigohi beixtiyor devordagi ko‘hna zangli soatga tushdi. Soat bir maromda chiqillar, qo‘ng‘ir tusli nozik mili tinimsiz oldinga sakrab, vaqt o‘tib borayotganini bildirardi.
Xonaga ma’rakadan qaytgan Zuhra kirdi. U ham endi yosh emas, ammo oppoq chehra, mehribon nigohlar o‘sha-o‘sha. Faqat biroz to‘lishibdi, yuzida kulgichga o‘xshagan chiziqlar paydo bo‘lgan. Egnida yashil xalat, boshida moviy durra.
– Labbay? – dedi u eshikdan kirayotib.
– “Laylaklar dalasida” maqolasi esingdami?
Zuhraning qiyofasi jiddiylashdi:
– Samandarimning tug‘ilgan kuni esimdan chiqarmidi! Siz navbatchi edingiz. Shavqiddin Xo‘jayevning lavhasida literalar teskari bo‘lib qolgan.
– Ha, o‘sha maqola.
– Beshta satr teskari bo‘lib qolgandi. Men bilganman, bu ishda birortaning qing‘ir qo‘li borligini. Bosmaxona ishchilariyam aytishgan. Sahifalovchi litera teskari turganini bir qarashda payqaydi. Chop etuvchilar yosh ishchilardan ekan. Kimdir shundan foydalangan-da.
– Mana bunga qara! – Hasan Ali ochiq gazetaga ishora qildi. – Birorta xato yo‘q, satrlar joy-joyida.
Zuhra gazeta taxlamiga yaqin keldi. U hamon ko‘zoynaksiz o‘qirdi. Ochiq sahifaga boshini egib turdi-da, ko‘rsatkich barmog‘ini labiga bosdi. U ham nima deyishini bilmasdan ajablanib eriga qaradi:
– O‘sha maqola. Xato yo‘q-ku?
– Uyda gazetalarni o‘zing taxlam qilarding, shundaymi?
– To‘g‘ri?..
– Mana bu taxlamga tahririyatdan olib kelgan gazetamni tikkanmiding?
– Ko‘p yil o‘tdi axir, esimda yo‘q.
Hasan gazetaning birinchi sahifasini ochdi. Sarg‘aygan hoshiyaga ko‘k qalam bilan uy manzili yozilgandi.
– Bu men olib kelgan gazeta emas, pochtachi olib kelgani…
Hasan Ali o‘ylanib qoldi: odatda, pochta xodimi gazetalarni ro‘yxat bo‘yicha bo‘lib chiqadi. Keyin hoshiyasiga obunachining manzilini yozadi. O‘sha yili bosh muharrirning talabi bilan tahririyat xodimlari ham o‘zlarining gazetalariga obuna bo‘lishgandi.
Zuhra hech narsaga tushunolmay, ko‘zlarini pirpiratib Hasanga tikildi:
– Nega pochtachi olib kelgan gazetada xato bo‘lmaydi?
Bu jumboqni Hasan Alining o‘zi ham endi tushungandek bo‘ldi. Fikridan dahshatga tushdi. Lekin achchiq haqiqat qo‘lidagi gazetada yarq etib ko‘rinib turardi. U Zuhraga horg‘in qarab, buni tan oldi:
– Pochtadan tarqalgan gazetalar xatosiz chiqqan ekan, – dedi. – Xatolar faqat tahririyatga olib kelingan nusxalarda bo‘lgan. Avval satrlarni teskari qo‘yib, “signal” nusxalarini bosib olishgan, shundan keyin hammasini joy-joyiga qo‘yib, asosiy adad chop etilgan.
– Shunaqasiyam bo‘ladimi?!
– Bo‘lar ekan-da.
– Bu kimning ishi?
– Bilmadim, – Hasan Ali boshini chayqadi. – Kim bo‘lsayam bu xatosini o‘ttiz yil yuragida toshdek olib yuribdi. Bechora…
Hasan Ali bir nuqtaga tikilib, jim bo‘ldi. Zuhra uning yelkasini bir paytlardagidek silay boshladi.
Xonada ko‘hna devor soatining bir maromda chiqillashi eshitilib turardi.
Tamom
“Sharq yulduzi” jurnali, 2016 yil, 8-son