Siz ayolni zaifa dedingizmi? So‘zingizni qaytib oling. Bu borada biroz o‘ylab gapirishga to‘g‘ri keladi. Yo‘q, men ularni himoya qilmoqchi emasman. Chunki ular mening himoyamga zor emas. Ammo shunga qaramay, gapingizni qaytib olishingizga to‘g‘ri keladi. Nega deysizmi? Unda eshiting!
Itdan juda qo‘rqardim. Ishonasizmi, ayol tufayli bu qo‘rquvdan batamom xalos bo‘ldim. Voqea bunday bo‘lgandi. Bo‘lajak keliningiz bilan uchrashuvdan qaytayotgan edik. Ka-atta bir kuchuk bola bizga qarab pildirab qoldi-ku! Damim ichimga tushib ketdi. Shu payt yonimdagi xonim itdan qo‘rqqan odamlarni jini suymasligini aytib qoldi. Birdan dadillandim, yonimizdan beparvo o‘tib ketayotgan bechora itni shunday quvladimki, xuddi u odamu men itdek…
Agar ayol zaifa bo‘lganda, menga shunchalik jur’at berolarmidi?
Harbiy xizmatdaligimda bir ehtiyotsizlik tufayli xizmatdoshimning oyog‘i lat yedi. Doktorga olib borish mening zimmamga tushdi. Borgunimizcha u oh-vohlari bilan hammamizni «qon» qildi.
Tibbiy bo‘limda esa ahvol butunlay o‘zgardi. Baxtimizga shunaqa hamshira qarshiladiki, bemorning yodidan oyog‘i, bizning yodimizdan bemor chiqib ketdi.
Xullas, kelguncha tinimsiz voy-voylagan xizmatdoshimiz uni ko‘rib tirjaya boshladi. Hayron qoldim. Nima qilarkin degan o‘yda yaramasning lat yegan oyog‘ini jo‘rttaga bir-ikki turtib ham qo‘ydim. Og‘riqqa chidolmay chinqirib yuborishini kutgandim…
Chinqirish qayoqda, qah-qah otib kuladi, ablah. Buyam yetmaganday hamshiraning «ko‘p gapirmang urinib qolasiz» degan gapiga iyib, «sizning qo‘lingizda o‘lishgayam roziman» desa bo‘ladimi! Palataga joylashtirib hamshira chiqib ketgach, bizga qarab, “Mana buni omad desa bo‘ladi. Jononmisan-jonon ekan”, dediyu qiyqirib oyog‘iga shapatladi. Galvars. Kelib-kelib lat yegan oyoqqa ham shapatlaysanmi?..
Hammasi boshidan boshlandi. Xizmatdoshim og‘riqni qoldirishni so‘rab, xudoga, aziz avliyolarga yana ko‘ziga kim ko‘rinsa o‘shanga iltijo qila boshladi…
Xayriyatki, hamshira uzoqqa ketmagan ekan…
Agar ayol zaifa bo‘lganda, xizmatdoshimizga shuncha chidamlilik berarmidi?
Gazetadan o‘qib qoldim. Bir ayol o‘g‘lini toptab tashlamoqchi bo‘lgan begemotni bir urishda narigi dunyoga ravona qilibdi.
Agar u zaifa bo‘lsa, shunday bahaybat maxluqqa bas kela olarmidi?
Xullas, ayol – zaifa emas. Zaifalar mutloqo boshqa?
Kim deysizmi? Qo‘ying nima qilasiz, gapni ko‘paytirib?! Hali choyxonaga borib bir chuqum osh yegim bor…