Jahongir Ismoilov. Oraliqdagi masofa

Insonning qachon, qayerda, qanday sharoitda dunyoga kelishi hamda qachon va qanday holatda hayotdan ko‘z yumishi — taqdiri azal. Umrni esa oraliqdagi masofaga mengzash mumkin. Bu masofani albatta har kim o‘zicha bosib o‘tadi va u qanday kechganiga qarab insonga baho beriladi. Umr (“oraliqdagi masofa”) ana shunday bebaho ne’mat, Yaratganning bandasiga benazir in’omi. Uni nurli izlarga yo‘g‘irish ham, o‘kinch-iztirob yoki hech vaqosiz bo‘shliqqa aylantirish ham har bir insonning o‘z qo‘lida.

Yoshi qirqni qoralab qolgan yigit qora kursida o‘tiribdi. U ukasining to‘yida haddan tashqari ko‘p ichgan. Davra tar­qalgach, dasturxonni yig‘ishtirayotgan qarindoshlari bilan o‘rtada gapi qochgan.

Mojaroga nuroniy onasi, jon-jigar ukasi aralashgan va tomonlarni murosaga keltirishga uringanlar. Aroq oldin sher qiladi, deganlaridek u battar jahlga mingan. Nihoyat, g‘azabi xuruj qilib, mastligini yuziga solgan ukasi ko‘ksiga kutilmaganda pichoq sanchgan. Qonga belangan, hayoti uchun xavfli jarohat olgan jon-jigari kasalxonaga yetmayoq, jon bergan. Ne-ne yaxshi niyatda, qanchalik yig‘inib qilingan to‘y azaga aylangan…

 

Sud zalidagi ayblanuvchi ham, jabrlanuvchilar ham bir umr yaxshi-yomon kunlarda yelkadosh bo‘lgan, bir das­turxondan tuz totib yashagan kishilar. Qotilning boshi xam. Nazarini yerdan uzolmaydi. O‘ziga qahr-g‘azab, nafrat, nadomat bilan qadalgan ko‘zlarga qarashga yuragi betlamaydi.

— Peshonamda shu ko‘rgilik bor ekan, meni kechiring, — dedi uzoq muddatga hukm qilingan kimsa ham achingani, ham kuyganidan yuzlarini yosh yuvayotgan, musibatga botgan onaizoriga.

Xom sut emgan banda shu yo‘sin o‘zining tubanligini oqlashga, qandaydir tasalli topishga urindi.

Aslida ham qotillik azaldan uning peshonasiga bitilganmidi? Bir qorindan talashib tushgan inisining umriga zomin bo‘lishi qismatida bormidi? Jigarkush degan tavqi-la’natning manglayiga muhrlanishi ham taqdirning hukmi edimi? Yo‘q! Bu badmast kimsa ukasining ma’rakasida mezbonlik odobini saqlashi, xatti-harakatining oqibatini mushohada etolmaydigan darajada ichmasligi, nafsini tiyishi mumkin edi. Axir, hech kim aroqni birovning og‘ziga yotqizib, majburlab quymaydi-ku. Yoki o‘rtada kelishmovchilik chiqqanida Rahmonning izmiga kirib, jahlini jilovlaganida ham shubhasiz mudhish qotillik yuz bermagan bo‘lardi. Afsuski, u “chirsillab turgan uchqunni o‘chirish”ni emas, tobora “alanga oldirish”ni tanladi. Oqibatda qavm-qarindoshlarning el oldida boshi egildi.

Yaqinda yana bir voqeaga guvoh bo‘ldim. Endigina xarid qilingan, hali davlat raqami ham olinmagan “Lasetti” tezligi kattaligi bois o‘tish joyida piyodaga yo‘l berish uchun to‘xtagan “Jiguli”ni urdi. Orqada mashinalar qatorlashdi. “Jiguli”ning egasi qaltirab-qaqshab mashinadan tushdi. “Lasetti” rulidagi nari borsa yigirma yoshlardagi yigitchaga: “Sekinroq haydasang, ko‘zingga qarasang bo‘lmaydimi”, deya dashnom berib, qo‘l telefoni orqali yo‘l nazorati xodimlariga xabar qilishga tutindi. “Qo‘ying, kelishaylik”, dedi yigitcha jabrlanuvchiga. “Jiguli” egasining: “Buni tuzatishga kamida bir yarim million so‘m kerak”, deganiga javoban “Lasetti”lik yigitcha mashinasidan shuncha pulni olib, unga tutqazdi.

Tasavvur qiling: bordiyu harakatlanish jarayoni bir daqiqa oldinga surilganida “Jiguli” o‘tib ketgan, yuqori tezlikdagi “Lasetti” piyodani urib yuborgan bo‘lardi. Yoki yigitcha muayyan oraliq masofani saqlaganda, umuman avariya yuz bermasligi mumkin edi.

— Mashinani mehnat qilib olmagan-da, ko‘ziga qarab haydamaydi. Hozirgina orqadan kelayotib faralarini tinimsiz o‘chirib-yoqib, meni quvib o‘tgandi. Bundaylar albatta bir kasofat orttiradi, — dedi voqea guvohlaridan biri.

— Mushtday bola halol ishlab, ellik millionga mashina olarmidi? — Bir yarim millionni uzatayotganida kuzatdim. Zarracha achinmadi-ya, — dedi kimdir bosh chayqab.

Chindan ham yigitchaning ortida mo‘maygina daromad topayotgan, “soyai davlatimizda yayrab yursin”, qabilida fikrlaydigan ota-ona turgani hech qanday izohsiz ravshan edi. “Navqiron yoshni shunday yengil-elpi, havoyi tarzda boshlagan farzand kelgusida mudhishroq hodisalarni keltirib chiqarmasligi, hatto o‘z umriga zomin bo‘lmasligi yoki maishat girdobiga tushib, nashavandga aylanmasligiga kim kafolat beradi? Axir, o‘zgalar hayotini zaharlash evaziga cho‘ntak qappaytirayotgan giyohvandfurushlarga ana shunday puldor, ota-onalari taltaytirib qo‘ygan “xaridor-mijoz”lar kerak-ku! Ular bunday erkatoylarni girdobga tortish, qo‘ldan chiqarib yubormaslik uchun turli hiyla-nayranglarni qo‘llashi sir emas.

Farzandi tarbiyasida tuzatilmas xatoga yo‘l qo‘ygan, oxir-oqibat afsus-nadomatdan yoqa yirtayotgan ota-onalar oramizda yo‘qmi? Yoki buning aksi o‘laroq, farzandining ilm olishi, mehnatda chiniqishi, yengil-elpi davralarga qadam qo‘ymasligi yo‘lida qayg‘urayotgan, ertani o‘ylab fahm-farosat bilan ish tutayotgan ota-onalar kammi? Bunday tarbiyadan butun jamiyat manfaatdor. Boy-badavlat ota-onalari harchand sharoit yaratib bermasin, uni suiiste’mol qilmaydigan, odob chegarasidan chiqmaydigan, bor imkoniyatdan kamolotga erishish yo‘lida foydalanayotgan yoshlar ham istagancha topiladi.

Inson orzu-istaklari ro‘yobga chiqishi muayyan darajada uni qurshab turgan muhitga, tevarak-atrofdagilarning munosabatiga ham bog‘liq. Lekin o‘zimizga bog‘liq haqiqat ham bor: “oraliq masofa” — umr qanday kechishini asosan har bir shaxsning dunyoqarashi, o‘z oldiga qanday maqsad qo‘yishi va unga erishish yo‘lidagi g‘ayrat-shijoati belgilaydi. Uzoqni o‘ylagan halol rahbar qo‘lidan ish keladigan, fidoyi, intiluvchan, mehnatdan qochmaydigan kishini qo‘llab-quvvatlaydi. Aksincha yashashga odatlangan kimsa esa bir kuni albatta el nazaridan qoladi. Bir kishini bilaman. Xushmuomala, kamtarin edi. Boshqalardan yordamini ayamasdi. Yillar o‘tgan sari mansab pillapoyalaridan yuqorilab, nihoyat katta ishlab chiqarish korxonasi amaldori bo‘ldi. Berilgan keng imkoniyatlardan foydalanib qo‘shimcha ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. Xorijdan dastgohlar keltirib o‘rnatishiga erishdi. Odamlar ishonch bildirib mahalliy kengash deputatligiga ham saylandi. Lekin keyinchalik o‘zini so‘zda fidoyi, tashabbuskor qilib ko‘rsatgani holda boshqalarni mensimaydigan, odamlarni kimligiga qarab qabul qiladigan odat chiqardi. Hovli-hashamga zo‘r berdi. To‘rt-besh laganbardor bilan savlat to‘kib yuradigan bo‘ldi. Ko‘z o‘ngimda u butunlay boshqa kimsaga aylandi. Odamning kimligini bilmoqchi bo‘lsang, amal yoki boylik ber, degan naql bejiz aytilmaganiga ishonch hosil qildim. Ko‘p o‘tmay qing‘irlik yo‘liga kirgani, juda katta miqdorda mulkni o‘zlashtirgani, jamoasidagi bir necha kishini jinoyatga boshlagani uchun uzoq muddatga qamoq jazosiga hukm qilindi. Uning “oyog‘i uzangida”lik paytida ko‘pchilik hurmat qiladigan fermer do‘stimdan bir gap eshitgandim.

Amaldor qabuliga kirgan fermerning salomlashish uchun uzatgan qo‘lini zo‘rg‘a olib, “sen”sirab gapiribdi.

— Kechirasiz, yoshingiz nechchida?—deb so‘rabdi amaldorning bunday muomalasi nafsoniyatiga qattiq tekkan do‘stim.

Kutilmagan savoldan taajjublangan amaldor istar-istamas yoshini aytibdi.

— Mendan sakkiz yosh kichik ekansiz. Akangiz qatoriman, “sen”siramang, — debdi fermer do‘stim e’tirozli ohangda.

— Men akamni, hatto otamniyam “sen”sirayman. Odatim shunaqa. Xafa bo‘lma, polvon, — debdi amaldor masxaraomuz kulib.

— Unda gap yo‘q. Odamgarchilikdan butunlay chiqib ketgan ekansiz, — debdi do‘stim ham zaharxanda jilmayib.

Ishonchim komilki, u bildirilgan katta ishonchni qadrlaganida, qonun barcha uchun barobarligini vaqtida anglab yetganida tanazzulga yuz tutmasdi. Ko‘rinib turibdiki, hayotda qanday yo‘ldan borish — “oraliq masofa”dan qay yo‘sinda o‘tish uning o‘ziga bog‘liq edi.

Zamondoshlarimiz orasida umrning har lahzasidan samarali foydalanadigan, ezgu niya­t­larni diliga tugib, saxovatpeshalik, odamlarga yaxshilik qilish bilan o‘tkazuvchi insonlar ko‘p. Ular turli sohalarda kechayotgan islohot, yaratuvchilik jarayon­larining old saflarida borishmoqda. Ammo, afsuski, bebaho umrni odamlar orasini buzish, «oyog‘ingiz uzangida»ligida soyangizga salom berib, yoningizda tulkiday yaltoqlanadigan, pana-pastqamda fisqu-fasodgo‘y nusxalar bilan og‘iz-burun o‘pishadigan, zavolingizni kutadigan toifalar ham bor. Kunlarini shu taxlit kechirish o‘rniga ular qalbi pok insonlar singari umrlarini halollikka, yaxshi amallarga sarflaganlarida ishonchim komilki, ko‘proq ijobiy samaraga erishgan bo‘lardilar.

Bir donishmand kishining kuyinib aytgan gaplari esimga tushadi:

— Bugun siz bir kasbning boshida turibsiz. Tinim bilmang, yoniq qalb bilan ishlang. Har kuningiz samarali o‘tsin. Odamlar sizdan rozi bo‘lsin. Bir kun kelib “Eh, attang! Falon ishni o‘sha vaqtda qilsam bo‘lardi-ku”, deb, afsuslanib peshanangizga shapatilamang. Unda kech bo‘ladi. Qanday ishlayotganingizni ko‘rib-bilib, shunga yarasha bahoingizni beradiganlar bor.

Sirasini aytganda, jamiyatning har bir a’zosi o‘z faoliyatiga shu nuqtai nazardan yondashgan taqdirda, shubhasiz, ko‘zlagan marralarga tezroq yetib, yanada salmoqli natijalarni qo‘lga kiritardik.

Axir, biz bugun nomlarini e’zozlayotgan bobolarimiz shunchaki yashaganlarida, nuqul huzur-halovatlarini o‘ylaganlarida katta-katta kashfiyotlar yuzaga chiqarmidi? Boy ma’naviy merosimizni jahonga ko‘z-ko‘z qilib turgan durdona asarlar, nafis san’at namunalari, noyob arxitektura yodgorliklari yaratilarmidi? Sport sohasidagi yuksak natijalar qo‘lga kiritilarmidi? Yoshlarimiz xalqaro olimpiadalarda nufuzli o‘rinlarni egallarmidi?! Erishilgan muvaffaqiyatlar, qozonilgan g‘alabalar zamirida qanchalik zahmatlar yotganini bir tasavvur eting! Ko‘ngil mulkiga aylangan ma’naviy-ma’rifiy, badiiy asarlar yaratilguncha qanchalik qimmatli vaqt, ko‘z nuri, aql-idrok, bilim va mablag‘ sarflanishini o‘ylab ko‘rganmisiz?! O‘zgacha yo‘l tutilganida, bugun biz iftixor etayotgan ma’naviy boyliklar yaratilarmidi?! Millatini emas, o‘z huzur-halovatini o‘ylaganida Hazrat Navoiy dahosi abadiyat kasb etarmidi? Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat, Oybek singari adiblar o‘zlaridan o‘lmas, betakror adabiy meros qoldirarmidi? Asarlari sevib o‘qilayotgan zamondosh adiblar ijod dardida zahmat chekmaganlarida, el-yurtning shu qadar yuksak e’zoziga musharraf bo‘lisharmidi?!

Uzoqqa borib o‘tirmaylik. Buxoroi sharifda ke­yingi yillarda yuz bergan va o‘zimiz guvoh bo‘lgan o‘zgarishlarni bir ko‘z oldingizga keltiring. Tamomila yangicha, zamonaviy ko‘rinish olgan yo‘llar, ta’mirlangan yodgorliklar, Yurtboshimiz tashabbusi va rahnamoligida bunyod etil­gan Madaniy markaz… Bu o‘zgarishlar o‘z-o‘zidan bo‘layotgani yo‘q. Ular zamirida yurtimizning yanada gullab-yashnashi, obodligi yo‘lida har qanday qiyinchilik, muammolarni yengib o‘tish kabi olijanob fazilatlar mujassamligini kim anglamaydi, deysiz!

“Har kim ekkanini o‘radi”, degan purma’no hikmat bor. “Oraliqdagi masofa” mazmunini teran tushungan, ertasini o‘ylagan, kishi ortidan nurli izlar qolayotganiga imon keltirib, ko‘ngli to‘q yashaydi. Zamondoshlari, kelajak avlod ko‘ziga tik, yorug‘ yuz bilan qaray oladi.

Istiqlolimizning qutlug‘ 20 yilligi tobora yaqinlashmoqda. “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi Yurtboshimiz qarori eng aziz bayramga hozirlik tadbirlariga yanada ko‘tarinki ruh bag‘ishladi. Qarorda ta’kidlanganidek, tarixan qisqa davrda jahon xaritasida yangi, o‘z kuchi va salohiyatiga tayangan, bugun taraqqiyot yo‘lidan barqaror sur’atlar bilan rivojlanib borayotgan mustaqil, suveren O‘zbekiston davlatining paydo bo‘lishi, hech shubhasiz, xalqimizning tarixiy g‘alabasidir. Bu e’tirof zamirida, ta’bir joiz bo‘lsa, “oraliqdagi masofa”ni yaratish, ortidan yaxshi nom qoldirish, el-yurt ma’murchiligi, Vatanimizning bundan-da gullab-yashnashi yo‘lida fidoyilik ko‘rsatib yashayotgan minglab zamondoshlarimiz jasorati o‘z aksini topgan.

Olloh bergan rizqni qadrlamas kim,
Noshukurlik bo‘lsa turmush, a’moli.
Afsus, nadomatda yonadi bir kun,
Bir kuni tutadi uning uvoli.
Umr ham rizq erur,
Bosh-oxiri bor,
Uni qadrlagan yetar kamolga.
Vaqtingni behuda o‘tkazma zinhor,
G‘aflat bosib bir kun qolma uvolga.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2011 yil 18-sonidan olindi.