Insonning kim bo‘lib yetishishi ongu shuurini shakllantirgan muhit, ko‘rgan kechirganlari va boshqa ko‘nikmalarga nihoyatda bog‘liq. Ayniqsa, endigina aqlini taniyotgan go‘dakning ongini ertaklar, har xil hikoyalar bilan bir qatorda turli o‘yinchoqlar ham boyitib boradi. Ular bolaning ma’nan yetuk bo‘lishida katta ahamiyat kasb etadi.
Uyda jiyanim bir qo‘g‘irchog‘ini ko‘rsatib: «Opajon, mana shu o‘yinchog‘imdan qo‘rqaman» deb qoldi. Haqiqatan ham, u shu darajada qo‘rqinchli ediki, hatto ko‘rib men ham cho‘chib ketdim. Jiyanimning qo‘g‘irchog‘i yosh bolalar sevib o‘ynaydigan, alla aytib uxlatadigan o‘yinchoq emas, ko‘zlari bo‘yalgan, yuzlari allambalo rangda, g‘arbga monand hayosiz kiyimdagi «maxluq» edi.
O‘ylanib qoldim. «Nahotki, yosh bolalarning ovunchog‘i, kelajagi uchun nafi tegadigan o‘yinchoq shu darajada qo‘rqinchli bo‘lsa?!..»
Haqiqatan ham hozir o‘yinchoqlarning ham har xillari chiqib ketgan. Ayniqsa, avtomat o‘yinchoqlarning. Axir, ular sovuq qurol namunasi-ku. Xorij nima ishlab chiqarsa olib kelib sotaverish kerakmi? Bu ovunchoqni o‘zimizning farzandlarimiz, avlodlarimiz o‘ynaydi-ku, axir!
Xayolimni ana shunday fikrlar band etib yurgan kezlarda bozorda onasiga «O‘yinchoq olib bering» deb xarxasha qilayotgan bola e’tiborimni tortdi. Kuzatdim. Ancha norozilikdan so‘ng onasi o‘yinchoq sotib olib berdi. Tabiiyki, uning qanday o‘yinchoq ekani meni qiziqtirdi. Qarasam, «O‘rgimchak odam» multfilmi qahramoni ekan. Yaqinroq borib onasidan «Nima uchun aynan shu o‘yinchoqni olib berdingiz?» deb so‘radim. U ayol mustahkamrog‘i, tuzukrog‘i shu ekanini, uni farzandi uzoqroq muddat o‘ynashini aytdi. Ba’zi o‘yinchoqlar qo‘lingga olishing bilan sochilib ketishini, tez buzilishini aytib nolidi. Boshqa bir onaning fikrini so‘raganimda, u qo‘rqinchli o‘yinchoqlar haqida faqat salbiy fikr bildirdi. O‘yinchoqlarning, xususan, qo‘g‘irchoqlarning birortasi bolalarning yoshiga mos emasligini, kiyimlari yarim-yalang‘och, ko‘rinishlari ham milliyligimizga mos kelmasligini ta’kidladi. Bugun shunday qo‘g‘irchog‘u o‘yinchoqlarni o‘ynab ulg‘aygan bolajonlarning tarbiyasi buzilmasligiga kim kafil bo‘la oladi? To‘g‘ri, zamon o‘zgarayapti, ong o‘zgarayapti. Ammo bularning hammasi milliy o‘zligimiz zamirida taraqqiy etsa qanday yaxshi?
Shu o‘rinda ajoyib o‘zbek xalq ertagi «Zumrad va Qimmat» asosida yaratilgan multfilmni eslab ko‘raylik. Uni necha marta ko‘rsak ham zerikmaymiz, yana ko‘rgimiz kelaveradi. Chunki qo‘g‘irchoqlarning ko‘rinishlari juda samimiy va sodda. Demak, milliy qo‘g‘irchoqlar bolalarimiz uchun afzal, menimcha. Chunki bolajonlar u orqali dunyoni anglaydi, fikr-mulohaza yuritadi.
Mavzu doirasida mutaxassislarning fikri bilan ham qiziqib ko‘rdik. Ularning aytishicha, o‘yinchoqlarni, avvalo, bolaning yoshiga qarab tanlash kerak ekan. Endigina tishlari chiqayotgan bolalar uchun yumshoq, rezinali, 3-4 yoshlilar uchun ertak qahramonlari aks etgan o‘yinchoqlar, masalan, Oppog‘oy, Zumrad, Tulpor kabilardan olib berish lozim. Sababi, shu yoshda bolaning ongi shakllanayotgan bo‘ladi. 5-6 yoshda esa sanashni, kichik sonlarni qo‘shish, ayirish amallarini o‘rgatadigan har xil «o‘qituvchi o‘yinchoq»lar olib berilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Bola dunyosi juda beg‘ubor va go‘zal. Bolaning ana shu go‘zallik dunyosini yanada boyitishida u o‘ynaydigan o‘yinchoqlar ham alohida o‘rin egallaydi. Shuning uchun ularga o‘yinchoqlar tanlashda beparvo bo‘lmaylik.
“Hurriyat” gazetasidan olindi (2011).