Vosit Ahmatxonov. Multfilmlar kimlar uchun?

«Oynai jahon»da multfilm namo­yish etilmoqda. Lekin uning tomoshabini – kichkintoy boshqa mashg‘u­lot bilan band-u, kattalar esa multfilmni qiziqib tomosha qilishmoqda. Nega shunday? Chunki bugungi multfilmlarning aksariyati go‘yo kattalar uchun yaratilayotganday.

Darhaqiqat, multfilmlar kimlar uchun yaratiladi? Bugun ularni kimlar tomosha qilmoqda? O‘nlab telekanallarda namo­yish etilayotgan multfilmlarni ko‘rar ekanmiz, miyamizda shunday savollar charx uraveradi.

Albatta, bolalar uchun-da, deymiz-u, yana o‘ylab qolamiz. Nega unda bu film­lar bolalarbop emas?

Esingizda bo‘lsa, bir payt­lar televideniyeda kattalar uchun multfilmlar ham ko‘rsatilardi. Ular bolalar uxlagan paytlarda namoyish etilardi. Shunga qaramay, ularning eng sharmsizi ham hozirgi aksariyat mult­filmlardan «yumshoqroq» edi.

Modomiki, bolaga televideniye orqali biror misqol tarbiya berishga kirishgan ekanmiz, bu vazifani hozircha multfilmlar ado etadi. Buning uchun ularda yaxshilik, ezgulik, mehr-oqibat, ahillik, saxovat, mehnatsevarlik kabi fazilatlar ulug‘lanishi, bir so‘z bilan aytganda, yomonlik ustidan yaxshilikning g‘alabasi tantana qilishi lozim. Ammo nadomatlar bo‘lsinki, «oynai jahon»ni egallab olgan bugungi multfilmlarning aksariyatida bunday xususiyatlar mavjud emas. Aksincha, zo‘ravonlik, bir-birini aldash, firibgarlik, dog‘ulilik singari qusur-u illatlar tasvirlanadi. Bola uchun zarur tarbiyaviy xususiyatlarni ulardan topa olmaysiz. Topsangiz-da, boshqa «xususiyatlar» – axloqsizlik, sharmsizlik oldingi o‘rinda qizil chiziq bo‘lib o‘tgan bo‘ladi. Ularda ezgulik g‘olib chiqsa-da, bu bolalarbop tasvirlarda emas, kattalarbop — muhabbat, oilaviy rishtalar singari syujetlar orqali tayyorlangan bo‘ladi. Shuning uchun ham bunday mult­filmlarni ko‘proq kattalar qiziqib ko‘rishadi.

Shu o‘rinda misollarga murojaat qilsak. Boshqa multfilmlarni qo‘yib turaylik, «Maugli», «Sohibjamol va maxluq», «Qirol sher» kabi eng ommabop mitti filmlarga bir nazar solaylik. Ularning barchasida bir-birini quchish, bir-biridan bo‘sa olish, ishq-muhabbat izhorlari lav­halari to‘lib-toshib yotibdi. Bugungi kunda bolalar uchun eng qiziqarli bo‘lgan «Tom va Jerri» mult­filmining har beshtadan bir qismida ham shunday sharmsiz sahnalar bor. Qolaversa, zo‘ravonlik, zulm, dahshatli lav­halar tasvirlari bisyor ularda.

— Kichkina nevaram bilan multfilm ko‘rib o‘tirgandim, — deydi Andijon shahridagi 34-maktabgacha muassasa mudirasi Gulchehraxon Muhiddinova. — Bir payt unda bosh qahramon — yigit qiz tomon intilib qoldi. Shunda nevaram qo‘llari bilan yuz-ko‘zini to‘sib oldi. Ko‘ravermaysanmi, bu mult­film-ku, dedim uni sinash uchun. U esa, «Yo‘q, uyat bo‘ladi», dedi. Albatta tarbiya yaxshi yo‘lga qo‘yilgan oiladagi bola bunday hollarda o‘zi to‘g‘ri xulosa chiqarib oladi-ya, ammo…

Albatta, yot g‘oya inson miyasining, fikrining, tafakkurining, xullas, hayotining bo‘sh joyini mo‘ljalga oladi va u yerga joylashadi. Zero, bugun bolalarbop, mentalitetimizga mos milliy multfilmlarga ehtiyoj katta ekan, «O‘zbek­film»­ning bolalar uchun ishlayotgan studiyalariga katta mas’uliyat tushadi.

«…Mustaqillik yillarida «O‘zbekfilm» kinostudiyasi tomonidan saksondan ortiq multfilm ishlab chiqarildi…» deb yozadi O‘zA muxbiri Anvar Samadov «Multfilm – mitti, vazifasi — katta» («Ma’naviyat» gazetasi, 10-son, 21 may, 2011 yil) maqolasida. Mustaqillik yillari, ya’ni 20 yilni hisobga olsak, yiliga bor-yo‘g‘i 4 tadan multfilm to‘g‘ri kelmoqda. Ularni saralab olsak-chi? Bunday holatda telekanallarni, albatta, yuzlab o‘zga yurt mult­filmlari egallab oladi-da.

— Kuzatishlarimga asosan aytishim mumkinki, bolalar baribir o‘zimizning milliy multfilmlarni qiziqibroq ko‘rishadi, — deya so‘zida davom etadi Gulchehra opa. — O‘sha «Zumrad va Qimmat», «Ur to‘qmoq», oltin tarvuz haqidagi multfilmlarni. Ammo ular juda oz-da. Nazarimda, hozir tan­siqroq bo‘lib ketayotgan mehr-oqibat, ahillikni ulug‘lovchi multfilmlarni ko‘proq yaratish kerak. Bolalarni kuzatsam, ular orasida o‘zini o‘ylovchi, qizg‘anchiq, birovni xushlamaydiganlari uchrab qoladi. Ana shunday — yomon muhitda o‘sayotgan bolalarni tarbiyalovchi film­lar juda zarur…

Yurtboshimiz Islom Karimov o‘zining «Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch» asarida «Albatta, farzandga mehr qo‘yish, ularning qornini to‘q, ustini but qilish o‘z yo‘li bilan, lekin bolalarimizni yoshlik chog‘idan boshlab milliy tarbiya, axloq-odob, yuksak ma’naviyat asosida voya­ga yetkazish biz uchun doimo dolzarb ahamiyat kasb etib kelgan. Bu masalaga e’tibor bermaslik nafaqat ayrim ota-onalar, balki butun jamiyat uchun juda qimmatga tushishini ham ko‘pgina hayotiy misollarda ko‘rish mumkin…» deya bejiz ta’kidlamagan. Demak, bu borada hammaga birdek yuksak vazifa yuklanmoqda.

Multfilmlarga mavzu tanlashda kichkintoylar olamiga «sayr etish» yoxud shu olamni puxta biladigan ruhshunos-pedagoglar bilan maslahatlashish foydadan xoli bo‘lmasdi. Shu o‘rinda xorij kinematografchilari tomonidan ishlangan «Katta» («Bolshoy») filmini eslab o‘tishni joiz deb bildim. Kattalar olamiga intilib yashagan kinoasar qahramoni – yosh bola sehrli bir kuch orqali katta bo‘lib qoladi. Ammo uning ongi, dunyoqarashi yosh bolanikiligicha qoladi. Bu esa o‘yinchoq ishlab chiqaruvchi korxonada asqotadi. Uning bolalarcha maslahatlari bilan korxona gurkirab rivojlanadi. Shu nuqtai nazardan olib qarasak, mult­filmlar yaratuvchilar ham kichkintoylar olamini yaxshi anglaydigan mutaxassislar bilan hamkorlikda ishlashlari sohaga sifat rivojini berarmidi?!

Bundan tashqari, mult­filmlarning hayotiyligiga ham alohida e’tibor berish lozim. Hayotda zararkunanda, noxush kayfiyat uyg‘otadigan parrandayu darrandalarning obrazlarini ideallashtirishdan yiroq bo‘lmoq lozim. Aksincha, insonlarga do‘st bo‘luvchi, yordam beruvchi hayvonlar obrazlari ijobiy qahramonlar darajasiga ko‘tarilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Bu borada multfilm ishlab chiqaruvchi kinematografchilarga muvaffaqiyatlar, mitti film­larni xorij tilidan o‘girib, telekanallar uchun tayyorlayotgan mutasaddilarga esa, bu borada oqillik, baland saviyali tutum tilab qolamiz.

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2012).