Angliyalik Stiven Kovin degan tarbiyachi auditoriyada ajoyib bir mashg‘ulot o‘tkazadi. U 5 litrli shaffof idish oldiga mushtdek-mushtdek keladigan bir necha toshni qo‘yib, o‘tirganlardan: «Nima deb o‘ylaysizlar, shu toshlardan nechtasi bu idishga sig‘arkan?» deb so‘raydi. Turli fikrlar aytilgach, idishga bir nechta toshni soladi. Uning «Idish to‘ldimi?» degan savoliga hamma bir ovozdan «Ha» deb javob qaytaradi.
Keyin u idishga siqqanicha shag‘al to‘kadi. Shag‘al tezda tosh oralariga joy bo‘ladi. Stiven: «Endi-chi?» deb so‘raydi. Bu safar ular «Shubhasiz» deb javob qaytarishadi. U endi idishga bir chelak qum ag‘daradi. Qum zarralari tezda tosh va shag‘al oralariga joylashadi. Stiven boyagi savolini takrorlaydi. Ular «Bu safar aniq to‘ldi, endi unga hech narsa solib bo‘lmaydi», deyishadi. Shundan so‘ng u idishga bir litr suvni ham quyadi. Suv ham idishdan joy oladi. Stiven «Xo‘sh, bularning hammasi nimani bildiradi?» deb so‘raydi atrofidagilardan. Auditoriyada turli fikrlar aytiladi. U esa o‘z xulosasini: «Hayotda doimo bo‘shliq mavjud, uni to‘ldirish uchun ishlash kerak bo‘ladi. Bu tajribaning boshqa muhim jihati ham borki, agar men birinchi navbatda katta toshlarni solmasam, idishda ularga joy qolmagan bo‘lardi», deb bayon etadi.
Biz bu tajribani bejiz eslamadik. Kelajakka yuksak ishonch bilan intilgan har bir yosh hayotda, eng avvalo, muhim vazifalarni nomuhimlaridan ajrata bilishi kerak. Maktabda o‘qib yurgan davrimizda har oyning oxirgi shanbasini sinfdoshlar bilan intiqib kutardik. Sababi o‘sha kuni ko‘chma kino yo sirk tomoshalari namoyish etilar, miriqib madaniy hordiq chiqarardik. Yangi hafta boshlanishi bilan darhol maktabga shoshilib, ko‘rgan kinomizni muhokama qilardik. Rahmatli o‘qituvchimiz Oydin Qoplonov adabiyot fanining bir darsini kinoga bag‘ishlar edi. Bir safar o‘afur o‘ulomning «Shum bola» asari asosida suratga olingan filmni tomosha qilib, ustozimizga uning mazmunini hikoya qilib berganimizda u kishi: «Sizlar faqat kino tomosha qilavermasdan, badiiy asarlarni ham o‘qinglar. Chunki ularni o‘qigan kishi, avvalo, vaqtini bekor o‘tkazmaydi. Qolaversa, hayotdan asar qahramonlarining prototipini axtaradi va ularga o‘xshashga intiladi», degan edi.
Bu yigirma uch yil burungi gap. Hozir-chi? Hozir yoshlar orasida «vaqt» tushunchasi qanday ahamiyat kasb etmoqda? Ular bo‘sh vaqtlarini asosan nimalarga sarflamoqda?
Hozirgi yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlarni ko‘rib havasing keladi. Yurtimizning har bir go‘shasida muhtasham o‘quv dargohlari, sport inshootlarining qad rostlagani va ularda ko‘plab yoshlarning tahsil olayotgani, o‘zlari qiziqqan sport turlari bilan muntazam shug‘ullanish imkoni borligi ularning vaqtdan unumli foydalanayotganiga yaqqol misoldir. Yozgi ta’til davrida tashkil etilgan sog‘lomlashtirish oromgohlarini aytmaysizmi?!
Hayotni sevsang, vaqtni boy berma, chunki vaqtdan hayot yaraladi, degan edi faylasuflardan biri. Darhaqiqat, vaqtning qiymatini hech narsa bilan o‘lchab ham, qiyoslab ham bo‘lmaydi. Ajdodlarimiz qoldirgan ulkan moddiy va ma’naviy meros kishida «ular vaqtdan o‘zib ketmaganmikan», degan fikrni tug‘diradi.
Yuksak darajada taraqqiy etgan axborot texnologiyalari asrida ba’zan vaqt ziqligidan noliymiz. Bizdan besh-o‘n asr ilgari yashagan ajdodlarimizning sham yorug‘ida uddalagan olamshumul kashfiyotlari, yaratgan bebaho san’at asarlarini o‘rganish uchun ba’zan vaqt topolmay ovoramiz. Biroq kompyuter oldida soatlab vaqtimizni behuda sovurishga imkon topiladi.
Yaqinda mahallamizdagi ko‘pqavatli uyning birinchi qavatida joylashgan internet kafega kirdim. Eshik yonida to‘rt-besh bola navbat kutib gurunglashar, ichkarida esa bir guruh o‘smirlar kompyuter o‘yinlari bilan mashg‘ul edi.
Maktab yoshidagi bolalarning kompyuter ekraniga soatlab «mixlanib» qolishlari ularning sog‘lig‘i uchun qanchalik zarar bo‘lsa, ruhiy jihatdan ham shunchalik xavfliligini endilikda hammamiz bilamiz. Ammo bugun ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli sarf qilishlarini har bir ota-ona o‘z nazoratiga olishi har qachongidan ham muhim vazifaga aylandi.
Har qadamda internet-kafe. Shunga qaramay, ayrim ota-onalar bolalariga uyda ham internetdan foydalanish imkoniyatini yaratib bergan. To‘g‘ri, bunday imkoniyat bolalar o‘zlari axtargan ma’lumotlarni hech bir to‘siqsiz olishlari uchun yetarli, albatta. Biroq nazoratsiz qolgan bolakay «o‘rgimchak to‘ri»da xohlaganicha sayr qilishi, hatto behayo lavhalarni ham ko‘rishi ehtimoldan holi emas. Albatta, ma’naviyati yuksak farzandlar qaysi ma’lumotdan foydalanish lozimligini aql tarozusiga solib, o‘zlari hal etadilar. Buning uchun ular ongida ma’naviy bo‘shliq yuzaga kelmasligiga erishish, ya’ni umuminsoniy va milliy qadriyatlar asosidagi ta’lim-tarbiya orqali farzandlarimiz ongida sog‘lom hayot tarzini shakllantirish hammamizning burchimiz.
Avval yodga olganimiz o‘sha tajriba oddiy bir mashg‘ulot bo‘lsa-da, lekin bola tarbiyasi bobida muhim ahamiyatga ega. Farzandlarimiz vaqtini shunday taqsimlaylikki, toki ularning ongida «qum» va «shag‘allar»ga o‘rin qolmasin.
“Hurriyat” gazetasidan olindi (2011).