O‘tayotgan har soniya zamonni o‘z izmiga solishga urinmoqda. Olimlar go‘yo zamon va makon birligi orasida o‘z iqtidorini sinayotgandek. Kompyuter, internet, mobil telefon kabi aloqa vositalari esa fan-texnika taraqqiyotining ommabop mahsuli sifatida turmush tarzimizdan mustahkam o‘rin olgan.
XX asrning o‘rtalariga kelib otalarimiz «Texnika — insonning do‘sti», deya quvonishgan edi. Bugun ana shu «do‘st» hatto oraliq masofalarni pisand etmay zumda eng yaqin ko‘makchimizga aylanganini, ishimizni qo‘limizdan olganini, hatto bizni muhofaza qilayotganini taraqqiyot imkoniyati, deb qabul qilishga ko‘nikib qoldik. Farzandlarimizning taqdirini hozirdan o‘ylamaslik anchayin tashvish keltirishi mumkin.
Bugun ko‘cha-ko‘yda boshini sarak-sarak qilib borayotgan yigit-qizlarni har qadamda uchratasiz. Ro‘parangizga keladi-yu, sizni ko‘rmaydi. Gapirsangiz, eshitmaydi. Chunki ularning butun o‘y-xayoli qulog‘iga o‘rnatilgan jimitdekkina karnaychalardan taraladigan suronli musiqa-yu olaquroq qo‘shiqlarda… Balki, bu bir o‘tkinchi qiziqish, shunga shuncha vahimami, deguvchilar ham topilar. Koshki edi bu — bir yoki ikki yilning muammosi bo‘lsa.
Ana shunday hayot tarzini ixtiyor etgan ayrim yoshlar ovqat yemasa, yemaydi, ammo qo‘l telefonining qarzini to‘lashga mablag‘ topadi. Siz bu yoqdan nasihat qilaverasiz, u boshini liqillataveradi. Aloqa tizimidagi turli kompaniyalarning biri olib, biri qo‘yib reklama qilayotgan “arzonlashtirilgan” tungi muloqotlariga nima deysiz? Kechasi bilan arzon muloqot soatlaridan foydalanib chiqqan odamning ertangi mashg‘ulotida baraka bo‘ladimi? Jismonan toliqqan vujud, musiqa ta’sirida tentiragan ruh talafoti ertaga qimmatga tushmasmikan?
«Bolang odobsiz bo‘lsa, tarbiyalab ol, kompaniyalarni nega ayblaysan», dersiz. Ammo baxtga qarshi, bu faqat mening muammoim emas. Hozir har o‘n bolaning sakkiztasi zamonaviy texnikaning bu kabi imkoniyatlaridan «unumli» foydalanadi. Uyali telefonlarning salomatlikka ta’siri to‘g‘risida mutaxassislar ishtirokida takror-takror teleko‘rsatuvlar efirga uzatildi. To‘g‘ri, hozircha natija yo‘q. Ammo farzandlarimiz o‘z kamchiliklarini anglab yetgunicha turli shakl va ko‘rinishlarda biz, ota-onalar ham nasihatlarimizni kanda qilmay davom ettirishimiz kerak.
18 yoshga to‘lmagan yigit-qizlarga qo‘l telefoni sotishni ham, bu vositalardan mustaqil foydalanishni ham taqiqlash kerakdir, balki. Xullas, mobil telefonlarning quloq orqali miyaga beradigan salbiy ta’siri, uyqusizlik oqibatida kelib chiqadigan kasalliklar, yana biz e’tiborsiz bo‘ladigan boshqa jihatlari haqida soha xodimlari ommaviy axborot vositalari orqali o‘z maslahatlari bilan tez-tez chiqishlar qilishsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Biz jigarbandlarimiz boshqalar yaratgan ixtiro va kashfiyotlarning iste’molchisi emas, balki jahon sivilizatsiyasiga munosib ulush qo‘sha oladigan darajada zakovatli avlodlar bo‘lib yetishishini istaymiz. Bugun yurtimizda yosh avlod kamoloti yo‘lida qilinayotgan barcha sa’y-harakatlar, olib borilayotgan keng ko‘lamli amaliy ishlardan ko‘zlangan maqsad ham aslida shu. Shunday ekan, farzandlarimizning botinidagi iqtidorlarini yuzaga chiqarishdan chalg‘itayotgan bu omillardan o‘rinli foydalanishlarini ularga o‘z vaqtida anglatmog‘imiz lozim.
“Hurriyat” gazetasidan olindi (2011).