“Agar televideniye xuddi hozirgidek rivojlanishda davom etsa, bugun tug‘ilgan bola 18 yoshga to‘lgach, eng ko‘p vaqtini uyquda va televizor qarshisida o‘tkazadi”, deb yozgan edi Entoni Giddens “Sotsiologiya” asarida. Olimning qanchalik haq ekanligi vaqt o‘tgach ma’lum bo‘ladi. Umuman olganda, kutishga hojat ham yo‘q, negaki Grabovskiy kashf etgan “qora quti” o‘zining nimalarga qodirligini ancha ilgariroq ko‘rsata boshladi.
Odamlar pult orqali boshqariladi(mi)?
Televizor juda tez fursatlarda xonadonlarga kirib bordi va qaysidir ma’noda insoniyat hayotining mazmuniga aylandi. Ajablanarlisi shundaki, bu qadar keng ommani o‘ziga ohanrabodek jalb eta olgan boshqa shunga o‘xshash buyumni tarix hali hech qaysi zamonda ko‘rgan emas. Millionlar o‘yini futbol – faqat shu sohadan xabardor odamlarnigina qiziqtiradi, lekin futbolchilarning orasida televizor ko‘rmaydigani deyarli uchramasa kerak. To‘g‘ri, qachonlardir, kitob o‘qish – ajdodlarimizning sevimli mashg‘ulotlaridan biri bo‘lgan. Lekin bu mashg‘ulot bilan hamma yoppasiga shug‘ullana olmas, kitob o‘qish uchun savod kerak edi. Bugun televideniye orqali uzatilayotgan yengil-elpi dasturlarni ko‘rish uchun esa, aksincha, savodning bo‘lmagani yaxshi.
Odamlar kundalik turmushini yangiliklar, seriallar va shoularsiz tasavvur qila olmaydigan, kun tartibini TV dasturlariga qarab tuzadigan bo‘lib qoldi. Pult bilan boshqariladigan televizorlar dastavval mo‘jizadek ko‘rindi, keyinchalik biz o‘tirgan joyimizdan bir necha metr uzoqlikdagi “quti”ni boshqarishga ko‘nikib ham qoldik. Darvoqe, kim-kimni boshqarayotganini avval aniqlab olish kerak.
Birgina teledasturlar birdaniga teatr, muzey, sayohat va mutolaaning o‘rnini to‘ldirgandek bo‘lyapti. Hech kimga ma’lum bo‘lmagan axborotlar, madaniy hordiq chiqarishga yordam beradigan dasturlarning aynan televizor orqali uzatilayotganini hech kim inkor qilmaydi, biroq ekran ortidan dunyoni tanir ekanmiz, biz mustaqil izlanish va fikr yuritish qobiliyatidan asta-sekinlik bilan mahrum bo‘lib boramiz. San’atga, go‘zallikka bo‘lgan ehtiyoj va bu tushunchalarning asl mohiyati yo‘qolib ketadi. Televizor qarshisida ulg‘ayayotgan yoshlarimizning Vatanga, hayotga, ota-onasiga nisbatan munosabati ham avvalgidek emasdek, nazarimizda.
“Nonushta”ga nima tortildi?
Deyarli barcha o‘smirlar o‘zlari sevgan qahramonlarga taqlid qiladi, hattoki ilojsiz vaziyatlarda ham…
“Agar muammolaringiz ko‘payib ketib, tushkunlikka tushib qolgan bo‘lsangiz, tonggi xabarlarni tomosha qilmaganingiz ma’qul” – maslahat beradi xorij ruhshunoslari. Darhaqiqat, ko‘proq auditoriyani jalb qilish hamda reytingini oshirish maqsadida ko‘plab xorijiy telekanallar o‘z tomoshabinlarini tong-sahardan suv toshqinlari, yong‘inlar va qotilliklardan tayyorlangan “nonushta” bilan siylaydi. “Katta dunyodagi kichkina ko‘ngilsizliklar”dan voqif bo‘lgan aholi kun bo‘yi ularning ta’sirida yurganidan keyin, qarabsizki, tushkunlikkacha bor-yo‘g‘i to‘rt qadam qoladi!
Olimlarning aniqlashicha, (buni aniqlash ham shart emas, nazarimda) ekran ortida bo‘layotgan voqealar odamlarning ruhiyatiga ta’sir etar ekan. Masalan, navbatdagi fantastik filmni tomosha qilib bo‘lgach, tashqaridagi shovqindan “o‘zga sayyoraliklar kelgan bo‘lsa-ya!” degan fikrga kelishingiz va buni odatiy holdek qabul qilishingiz mumkin. Yalmog‘iz kampirning borligiga ishonadigan 5 yoshli bola esa bunday filmni ko‘rib, har kuni uxlashdan oldin karovati ostiga mo‘ralaydigan bo‘lib qolishi tabiiy. Afsuski, ko‘p ota-onalar farzandlari televizordan qanday dasturlarni, qancha muddat davomida tomosha qilishiga deyarli e’tibor bermaydi.
“Tilbuzar” yoxud siz bilgan televizor
Axborot asri farzandlari biz bilgan “berkinmachoq”, “quvlashmachoq”, “lafta” o‘yinlari haqida eshitmagan ham hatto. Ular loydan uy yasash yoki daraxt ortiga berkingan do‘stini topishdan ko‘ra “urush-urush” o‘ynashni afzal ko‘radi. O‘yinchoqlari ham shunga yarasha: vahimali. Ko‘cha-ko‘yda avtomat ko‘tarib olib, “paq-paq!”, “otaman!”, “o‘lding!” deb baqirib yurgan bolalarni ko‘rib qolsangiz – hayron bo‘lmang, ular shunchaki o‘ynayapti. O‘yinlarning bu qadar “dahshatli” ko‘rinishga ega bo‘lishida TV bilan birga kompyuterning ham hissasi bor. Ajablanarli hech narsa yo‘q. Televizor ota-onasi kun bo‘yi ishda bo‘ladigan bolakaylarning asosiy va eng sevimli ovunchog‘iga aylanib qoladi.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, Garvard universiteti olimlari bola 18 yoshga to‘lguncha teleekran orqali 180 mingdan ortiq zo‘ravonlik sahnalariga guvoh bo‘lishini aniqladi. Ulardan 80 mingtasi – qotillik. Oddiygina reklama bola organizmida salbiy o‘zgarishlarni yuzaga keltirishi mumkin ekan. Britaniya olimlarining tadqiqotlariga ko‘ra, bir yil mobaynida “dasturlar orasidagi tanaffuslar”ni muntazam tomosha qilib borgan olti yoshli bolalar qo‘shish, ayirish, o‘qish kabi boshlang‘ich maktab amallarini o‘zlashtirishda televizor ko‘rmaydigan tengdoshlaridan 15 foizga orqada qolar ekan. Bundan tashqari, reklamalar milliy urf-odatlarimiz, tilimiz uchun yaxshigina xavf tug‘dirmoqda. Reklamalardagi “Hammasi nol”, “…telefoningga yuklab ol”, “Sinib qoldingmi?” kabi xitoblar yoshlarning shusiz ham “neologizm”larga boy bo‘lgan lug‘atini yanada “boyitish”ga xizmat qilayotganini ularning gap-so‘zlaridan anglab olish qiyin emas.
Ko‘p vaqtini TV ko‘rishga sarflaydigan bola tengdoshlari uni tushunmayotganligidan aziyat chekadi. Chunki uning dunyoqarashi multfilm va kino qahramonlarining boshidan kechirganlari asosida shakllanadi. Afsuski, bugun ular reallikdan uzoqlashib ketgan. Televizorda aks etadigan hayot aslicha emas, ba’zan juda qora, ba’zan esa haddan tashqari oq ranglarda tasvirlanishini yaxshi bilamiz.
Faqatgina tomosha qilish emas, xonadonda televizorning tez-tez “so‘zlab” turishi boladagi aqliy qobiliyatlarni susaytirishi ma’lum bo‘ldi. Ota-ona vaqtini oynai jahon qarshisida o‘tkazar ekan, farzandi bilan kam muloqotda bo‘ladi va uning ko‘p savollarini javobsiz qoldiradi. Bu bolaning nutqi yaxshi rivojlanmay qolishi, maktabdagi fanlarni o‘zlashtirishda muammolar yuzaga kelishiga olib keladi.
– Bola televizor orqali dunyoni tanir ekan, ota-onasi albatta uning yonida o‘tirib, bo‘layotgan voqealarni tushuntirib borishi kerak. Milliy telekanallarimiz bugun 7-11 yoshdagi bolalar uchun maxsus ko‘rsatuvlarni kamdan-kam tayyorlaydi. Oila a’zolari yig‘ilib o‘tirgan «praym-taym» vaqtida esa, asosan, seriallar namoyish etiladi. Buning qanday zararli jihatlari bor? Ota-onasi serial tomosha qilayotgan paytda bola ham ularga «sherik» bo‘ladi. Zamonaviy filmlarning aksariyatida salbiy xarakterdagi personajlar (mafiya va bezorilar) ijobiy qahramon sifatida ko‘rsatiladi. 7-11 yosh esa aynan bolaning yaxshini yomondan ajratadigan davri. 3-6 yoshdagi bolaga «Bunday qilma, bu yomon», deb tushuntirsangiz, u avtomatik ravishda sizga quloq soladi, lekin keyingi bosqichda farzandingiz hamma narsaning sababini bilishga harakat qiladi. «Nega shunday?» degan savolga javob qidiradi, – deydi psixolog, Nizomiy nomidagi TDPU o‘qituvchisi Zilola Bozorova.
Bola tarbiyasi bilan shug‘ullanayotgan uy bekalari, turgan gapki, asosiy vaqtini televizor qarshisida o‘tkazadi. Doimiy ravishda ota-onasining serialga «mixlanib» o‘tirganini ko‘rayotgan bola kitoblarga bo‘lgan muhabbati bilan maqtana olmaydi, albatta. Xayriyatki, milliy telekanallarimiz xalqimiz mentalitetiga xos ko‘rsatuvlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratib kelmoqda. Muammo shundaki, tomoshabinlarimiz bugungi kunda berilayotgan aksariyati shunchaki umumiy, “biz bilgan” gaplardan iborat ko‘rsatuvlardan zerikib, pullik bo‘lsa ham, kabel orqali Rossiya telekanallarini ko‘ra boshladi. Oqibatda, hatto Rossiyaning o‘zida ham yoshlar tarbiyasi uchun juda xavfli deb topilib, qattiq tanqid ostiga olingan “Dom-2” va shunga o‘xshash realiti-shoular bizning hayotimiz bilan aralashib ketyapti. Axloqsizligi tufayli “mashhur” bo‘lgan shou qahramonlari yoshlarimizga “qanday yashash kerak”ligini o‘rgatyapti. Vaholanki, bizda yaxshi ko‘rsatuv yoki film tayyorlash uchun hamma imkoniyatlar bor.
Visola Qarshiboyeva,
«Ma’rifat» gazetasidan olindi.