Ishdan enidigina kelib, kiyimlarimni almashtirishga ulgurmasimdan ayolim gap boshlab qoldi (xotinlarning ichida gap turarmidi):
– Voy dadasi, bugun bolalarni boqqa olib chiqqandim, shunaqa narsa ko‘rib qold-i-i-m, yer yorilsayu, yerga kirib ketsam…
Tushunarli. Jiyanlarim biznikiga dam olishga kelishgan. Uyimiz Abdulla Qodiriy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ining yaqinida. Bolalarni o‘sha yerga aylantirgani olib chiqqan.
– Ha, nimani ko‘rib qoldingiz, – so‘radim men, – juda vahimaliga o‘xshaydi gapirishingizdan.
– E-e, vahimali bo‘lmay o‘lsin. Bolalar basseynda cho‘milishdi, keyin uyga qaytayotsak, skameykada bir yigit bilan qiz o‘tirvolib shunaqa bemazagarchilik qilyaptiki, aytgani til bormaydi. Ikkovi ham o‘zini bosolmaydi-ya, bolalarning oldida xijolat bo‘lganimdan o‘zimni qo‘yarga joy topolmadim. Bechoralarni yugurtirib o‘tkazdim o‘sha yerdan.
– O‘zbek ekanmi ular?
– Ha-a, ikkalasiyam o‘zbek.
– Hech bo‘lmasa qizni tartibga chaqirib qo‘ymabsiz-da.
– Qayoqda deysiz, qo‘rqqanimdan oyog‘im qaltirab zo‘rg‘a o‘tvoldim-ku.
– Nima, hech kim indamadimi?
– Shuni ayting, dadasi, hech kim nima qilyapsan demaydi-ya. Katta yoshdagi amakilar ham hech narsa ko‘rmaganday parvo qilishmadi…
Abdulla Qodiriy nomidagi bog‘ ochilganida juda xursand bo‘lganmiz. Chunki yaqin o‘rtada oilaviy hordiq chiqaradigan maskan yo‘q. Lekin «istirohat» so‘zini boshqacha tushunadigan ayrim yoshlar uchun bu yer visol bog‘iga aylanib qolgan. Bir-birining pinjiga kirvolib aylanib yurishlariga chidasa bo‘lar, ammo skameykalarda o‘rivolib, atrofdagilarni umuman pisand qilmay, istagancha ko‘ngil xushlaydigan yigit-qizlarga ko‘rib qolsangiz, ko‘zingizni yumib o‘tishdan boshqa iloj yo‘q. Ha, Xudodan uyalmaganlar, bandasidan xijolat bo‘larmidi. Aqalli bog‘ ma’muriyati o‘sha odobsizlarni tartibga solib qo‘ysa bo‘ladi-ku. Axir boqqa asosan ota-onalar yosh bolalarini o‘ynatgani olib kelishadi. Uyatsiz manzaralarga guvoh bo‘lgan bolakaylar qanday xayolga borishadi? Ularning tarbiyasiga ham salbiy ta’sir qilmaydimi bu holat?
– O‘sha qiz kun kelib turmush qurar, – deydi ayolim, – o‘shanda turmush o‘rtog‘ining ko‘ziga qanday qararkan? Bog‘larda qilib yurgan ishlari esiga tushib, vijdoni qiynalmasmikan?
– Vijdoni bo‘lganida bunday ishlarga qo‘l urmasdi, – javob qildim men. – Qolaversa, Yaratganning adolati haq. Kun kelib o‘sha ahmoq yigit o‘ziga o‘xshagan buzuq qizga uylanadi, hayosiz qizga esa buzuqchilikda uchiga chiqqan kuyov uchraydi.
Yigit va qizning tarbiyaga muhtojligi kunday ravshan. Eng avvalo ularda bunday «oshkoralik» paydo bo‘lishida bizning ham «hissamiz» borligini unutmaylik. «Mening ishim nima», deb yuz o‘girib o‘tib ketaversak, bir kun o‘zimizning farzandlarimizni ham o‘sha skameykalarda ko‘rib qolmasaydik…
Abror Adhamzoda