Oqshom: kimga to‘y, kimga aza

Yurtimizga may oyining qaynoq tafti bilan birga qizg‘in yugur-yugurlar davri ham kirib keladi. Kimdir chala qolgan ishlarini tiklaydi, kimdir yangi uy sotib olish harakatiga tushadi, birov bir yildan buyon yo‘qlamagan qarindosh-urug‘larinikiga aylanadi, kim qiz chiqaradi, kim o‘g‘il uylaydi. Bu millatimizning azaliy tashvishi.
Ammo shu bilan birga zamonamizning ham azaliy tashvishlari boshlanadi.

—To‘ng‘ich qizim maktabni tamomlayapti. O‘rtancham boshlang‘ich ta’limni. Kenjatoyimiz esa maktabga chiqadi, — deydi tanishim Marg‘uba ismli ayol. Ammo bu kamsuqum ayolning gap ohangidan farzandlari kamolga yetib qolganidan sevinch emas, zo‘r bir tashvish seziladi. Tashvishning «zo‘r»ligi shundaki…

—Qizimning bitirish oqshomiga sinfdoshlari 15000 so‘mdan yig‘ishyapti. Buning ustiga «oqshom»ga ko‘ylak ham tiktirishimiz kerak. O‘g‘lim birinchi sinfligida «Alifbo» bayramida ota-onalar pul yig‘ib, o‘qituvchisiga sovg‘a-salom qilgan edik. Qarangki, endi boshlang‘ich ta’limni tugatganlari uchun ham bayram qilishlari, muallimga «bo‘ladigan» sovg‘a, gilammi, olinishi kerak emish. Bunga ham 10000 so‘mdan to‘g‘ri kelarkan. Buning ustiga ota-onalardan biri: «bolalarning bayramiga shashlikni men ko‘taraman» dedi, ikkinchisi «napitka»si mendan» dedi, qarabsizki, «plyus» yana hammamizga pishiriq-shishiriq bo‘lib berildi. Uyga kelsam, qizcham bog‘chadan bir parcha qog‘oz olib kelibdi. Uning ham bog‘cha bilan xayrlashuv ertaligi bo‘larkan. Bog‘cha opalar, bolalarning sovg‘a-salomi uchun falon so‘m, ya’ni «choy bazmi» uchun bir tog‘oradan dasturxonga tortiladigan noz-ne’matlar buyurishibdi. Bugun maoshimni olishim kerak: qay biriga yetkaza olaman? Issiq-sovuq suvgami, chiroq bilan gazgami, oziq-ovqatgami, bolalarning bitiruv oqshomlarigami?

Qiziq. Bitiruv kechalarini dabdabaga aylantirmasliklari uchun qanchadan-qancha fikr-mulohazalar bildiriladi, bahslar, ko‘rsatuv, eshittirishlar bo‘ladi, kezi kelsa, keskin choralar qo‘llaniladi. Ammo «oqshom»ning borgan sari «yasharib» bolalar bog‘chasiga kirib borganini qanday tushunsa bo‘ladi? Respublikamizda 9748 ta umumta’lim maktablari bo‘lib, bu yil taxminan 258938 nafar o‘quvchi maktabni tamomlashi kerak bo‘ladi. Endi bu bolalarning har birining uyida «bitiruv oqshomi» munosabati bilan boshlanadigan mashmashalarni hisoblab ko‘ring-chi? Boringki, bundaylar kamchilikni tashkil etar ham. Ammo bolaga bitiruv oqshomlaridagi dabdaba-yu as’asa, «shashligu» palovlarning nima qizig‘i bor? Bu kunda bola miriqib o‘ynab-kulishi, sinfdosh do‘stlari, ustozlari bilan dildan suhbatlashishi, kelajakdagi orzu-niyatlari bilan o‘rtoqlashishi kerak. Bir so‘z bilan aytganda, bolaga ziyofat emas, bayram muhimroq-ku. Bitiruv oqshomlarining borgan sayin banketu to‘yga aylanib ketayotganida faqatgina o‘qituvchilar va ta’lim muassasalarini ayblash mutlaqo noto‘g‘ri bo‘lur edi. Gap shundaki, bir paytlar bitiruv oqshomlari taqiqlab qo‘yilganda, yigit-qizlar o‘z bilganlaricha yashirin kechalar o‘tkazishga harakat qilishgan va bu ayrim noxushliklarga sabab bo‘lgan edi. Bugungi kunga kelib esa oqshomlarni tashkil etish mazmun mundarijasini rasman ota-onalar qo‘mitasi tasdiqlaydi. Qizig‘i shundaki, aksariyat qo‘mita raislari bo‘lgan beli baquvvat ota-onalar o‘z xomcho‘ticha qilingan taklifni o‘rtaga tashlaydi. Ba’zan bunday ko‘pxarajatli yig‘inishlarga qarshi bo‘luvchilar ham topiladi. Ammo afsuski, bu ota-onalar ham farzandlarining istaklariga qarshi borolmay qolmoqdalar. Oqibatda esa… kutilgan oqshom va kutilmagan xarajatlar va ulardan olingan taassurotlar nari borsa bir-ikki oyda unutilib ham ketar, ammo…

Taassufki, ilk bora mustaqil hayotga yoxud bog‘chani tugatib, maktab ostonasiga qadam qo‘yishga shaylanib turgan bolamiz uchun bera olganimiz – to‘kin ziyofatgina bo‘lib qolaveradi, xolos. Axir hozir maktabni a’lo baholarga tugallagani uchun oila a’zolari tomonidan ko‘pdan buyon orzu qilib yurgan biror bir qo‘l soatmi, kitob bilanmi mukofotlanish urfdan qolib ketgan. Hozir faqat oqshomda o‘smirlar yigitlardek viqor kasb etishlari, qizaloqlar ayollardek soch turmaklatishi, ota-onalar esa kimning bolasi qanaqa kiyinganini zimdan kuzatib o‘tirishlari, o‘qituvchilar olam-olam tilaklar bildirib, yaxshimi-yomonmi, nasib etgan sovg‘alarini olib, uy-uylariga ketishlari kerak, xolos.

Ertasiga esa Sizga, menga yoki Marg‘uba opaga o‘xshagan «intellegentlar» tanish-bilishlariga birma-bir sim qoqishni boshlaydilar:

—Bezovta qilganim uchun uzr… Agar imkoni bo‘lsa… oylikkacha bir-ikki so‘m qarz berib tursangiz…

Dilfuza Qo‘ziyeva