O‘n sakkizdan o‘tgan «bog‘cha bolalari»

Murod uch kundan beri uydan pul kutadi. Nimadir bo‘lgan, shekilli, bu safar pulning kelishi juda kechikdi. Aksiga olib, ertaga tanish qizning tug‘ilgan kuni. Buyog‘iga sessiyaini ham «yopish» kerak. Endi nima qiladi?

***

Har qaysi davrning o‘ziga munosib yoshlari bo‘ladi. Ularni zamon, vaqt bilan bog‘liq ayrim jihatlar ajratib tursa-da, o‘rtada umumiy o‘xshashliklar, mushtaraklik bor. Bu ota-onaga bo‘lgan munosabatda ham ko‘rinadi. Ya’ni yoshlar har doim yaqinlariga suyanib, imkon boricha ulardan «foydalanib qolish»ga harakat qiladilar. Nega shunday?
O‘sib kelayotgan avlodning kamoli uchun eng ko‘p qayg‘uradigan, jigarbandining baxti uchun jonini ham ayamaydigan ota-onalar juda ko‘p. Bir qaraganda, bu tabiiy holday tuyuladi. Axir bu ularning burchi-ku! Lekin…
… O‘qituvchi universitet talabalariga ma’ruza qilish jarayonida bir fikrni aytdi: «Men sizlarni (yoshlarni demoqchi) katta yoshli bog‘cha bolalariga o‘xshataman». Domla bu gapini ko‘pchilik balog‘at yoshidan o‘tgan yigit-qizlar hamon ota-onasining ko‘magisiz hech narsa qila olmasligi, mustaqil tarzda ish yuritish qo‘llaridan kelmasligi, to‘g‘rirog‘i, buni xohlamasligi bilan izohladi. «Sizning yoshingizda ekanligimizda juda ko‘p ish qo‘limizdan kelardi, — deya davom etdi u. — Traktor haydab bo‘lsa ham, oila uchun yordam berardik». Domla shundan keyin o‘z fikrlarini isbotlash maqsadida hayotiy misollar keltira boshladi…
Bu faqat ma’ruza tinglayotgan talabalargagina emas, balki hali ham o‘z yo‘lini topa olmayotgan, biror kasb-korning etagini tutmagan boqimanda yoshlarga qarata aytilgan achchiq, lekin haq gaplar edi. U, o‘z navbatida, ko‘pgina iqtidorli yoshlar erishayotgan yutuqlar haqida ham eslab o‘tishni unutmadi…
Bunday gaplarni ko‘pchilikdan eshitgan bo‘lishingiz mumkin. «Eh, senlarning yoshingda men unday edim, bunday qilgandim» qabilidagi ta’nalardan bezib ketganlar ko‘p. Lekin domla shu qadar samimiy, kuyunchaklik bilan, azbaroyi yoshlar manfaatini ko‘zlab gapirganidan o‘tirgan «bog‘cha bolalari»ga uning gaplari og‘ir botmadi. Aksincha, kimdir yaxshi o‘qish, kimdir ish topib, oilasiga ozgina bo‘lsa-da yordam berish harakatiga tushib qoldi. Birovlar katta tanaffus paytidan ham unumli foydalanish tadorigini ko‘ra boshladi.

***

Farzand borki, albatta, ota-onasiga ishonib, ulardan madad kutadi. Ozgina qiynaldimi, otasiga yuguradi. Ruhan ezilyaptimi, onasiga dardini aytadi. Boshiga tashvish tushsa, osongina ularning yelkasiga «ag‘darib» qo‘yadi.
— Yaxshiyamki, dadam shu telefonni olib bergan, — qo‘lidagi uyali aloqa vositasiga ishora qiladi Bunyod ismli talaba. — Uyga qo‘ng‘iroq qilsam bo‘ldi, pul jo‘natishadi. Telegraf orqali uzog‘i bilan 3—4 soatda yetib keladi.
Bu yigitchaga havasmand tengdoshlariga qarab achinaman. Qo‘li unga botgan, odam bilan iymanibroq gaplashadigan bola — Qobilni eslab, o‘zimcha bu bilan solishtiraman. U ham talaba. O‘qishdan keyin nonvoylik qiladi.
— Uydan pul so‘rashga uyalaman, — deydi u. — Yigirmaga kirdim. Topishim yomon emas. Bundan tashqari, ishim o‘qishimga xalal bermaydi…
Qobilning bekorchi ishlarga vaqti ham yo‘q. Dam olish kunlari ba’zan o‘rtoqlari bilan kinoga tushadi, teatrga boradi… Kunda «Pul bering» deb otasining oldiga boradigan tengdoshlariga nimalardir degisi, to‘g‘ri yo‘l tutmayotganliklarini tushuntirgisi keladi…

***

Ota-ona uchun bolasining baxtidan boshqa narsa kerak emas. Buning uchun ular jonlarini garovga qo‘yib bo‘lsa ham harakat qilishadi. Biz buni juda yaxshi bilamiz. Bilganimiz holda har qanday istaklarimiz yo‘lida ularni xatarga qo‘yishdan ham toymaymiz. Qarz evaziga bo‘lsa ham qizining qimmatbaho libosi uchun pul topib beradigan, o‘g‘lining to‘yiga u istagan san’atkorni, mashinalarni olib keladigan ota-onalar bor. Ko‘ra-bila turib farzandlar bundan og‘rinmaydi. Aksincha, yana kamchiliklarini pesh qiladi. Bolasining ko‘ngli o‘ksimasligi, tengdoshlaridan kam bo‘lmasligi uchun ota-ona bor-budini berishga ham tayyor.
Ehtimol, Balzakning «Gorio ota» romanini o‘qigan chiqarsiz. Unda asar qahramoni bechora chol — Gorio ota o‘z qizlarining baxti, shodu xurram yashashi uchun, kibor davralarda viqor bilan yurishlari yo‘lida hech narsadan qaytmaydi. O‘zi qotgan non yeb o‘tirsa ham, qizlariga hamma narsaning yaxshisini ilinadi.
Oxir-oqibatda bor boyligidan ajrab, azob-uqubatda o‘lib ketadi. Suyukli qizlari ham otalarining o‘limiga kelmaydi. Asarda aytilganidek, u «otalik kasali»ga chalingan edi…
Bu kabi fidoyi otalarning borligi yaxshi. Lekin farzandlar ham shunga munosib bo‘lishlari kerak emasmi?
O‘xshatishimiz u qadar mos kelmasa-da, bugungi “gorio ota”lar dilbandlarining kelajagiga ishonarmikan?
Biz — yoshlar o‘z xatolarimizni bajonu dil boshqalar (to‘g‘risi, ota-onamiz) bo‘yniga qo‘yaveramiz. Vaholanki, allaqachon o‘zimizni boshqara oladigan, mustaqil ish yuritsa bo‘ladigan yoshga yetganmiz. Faqat ota-onaning qo‘liga qarab qolish yaqinlashib kelayotgan mag‘lubiyatlardan (o‘zi shundoq ham mag‘lubiyatlarimiz ko‘p) darak bermaydimi?
Hozir men ham ayamay o‘zimga mana bu savollarni bera boshladim:
O‘zimni eplay olamanmi?
Otamdan qachon pul so‘ramadim? (Har holda, bu savol nisbatan osonroq.)
Qachongacha birovning qo‘liga qarayman?
Onamga darddan boshqa nima sovg‘a qildim?
Yaqinlarimga tashvishdan boshqa narsani ham ilindimmi?
Oila mustahkamligi yo‘lida ozgina bo‘lsa ham hissa qo‘shdimmi?
Ertaga nima qilaman?
Qachon o‘zim uchun o‘zim yashashni boshlayman?
Javoblar bor. Ammo…
Siz ham o‘zingizga shu kabi savollarni berib ko‘ring, ehtimol, mendan yaxshiroq javob topa olarsiz.
Jismoniy nuqsoni bor, nogiron kishilarning intilishlari, bekorchilikdan qochishi, boqimanda bo‘lib qolishdan or qilishini ko‘rib, eshitib hayron qolasiz. Shu yarimjonning harakatlari ibrat emasmi? Yaqinlarimga malol kelmayapmanmikan, degan bezovta o‘y uni tinch qo‘ymaydi. Yaxshiroq o‘ylang, hozirgi holatingizda turgan-bitganingiz malol emasmi?
«Maktabni bitirganimga 4 yil bo‘ldi. O‘qishga kira olmadim. Afsuski, bolalikda hunar o‘rganmagan ekanman. Lekin uyda bekor o‘tirishni xohlamadim. Hozir avtomobil yuvish shaxobchasida ishlayman. Ba’zan tanishlarni ko‘rganda uyalaman. Mening ham tengdoshlarim singari yayrab yurgim keladi-yu, buning oxiri yaxshi emasligini bilaman. «Yomon ish qilmayapman-ku», degan o‘y menga taskin beradi…»
Shu so‘zlarni aytgan Nodir kelgusidagi rejalari haqida ham gapirdi. Albatta oliy o‘quv yurtiga kirmoqchi. «Ko‘cha bolalari»dan farqli o‘laroq uning fikrlari teran, dunyoqarashi keng. U «Ota-onamga og‘irligim tushishini istamayman» deya ko‘p bor ta’kidladi…
Bu mavzu yuzasidan ko‘plab ota-onalar bilan suhbatda bo‘ldim. Ularning aksariyati «O‘z bolamiz uchun yordam beramiz-da» deyish bilan kifoyalanishdi. O‘ylashimcha, farzandlari kamchiliklarini aytishni istashmadi. Inchinun, o‘zlarining xizmatlarini ham.
— To‘g‘ri, bolalarimizning aytganini olib berishga qurbimiz yetmaydi. Ammo, baribir, ularning ko‘ngliga qaraymiz. Farzandlarimiz o‘zlari ota-ona bo‘lmasidan oldin bizni tushunarmikan? — deya xo‘rsinadi Qurbon aka.
Yana bir suhbatdoshim, ikki farzandning otasi G’anijon Jo‘raevning fikrlari boshqacharoq:
— Men bugungi yoshlar bilan o‘zimni yoshligimdagi holatim bilan solishtirib ko‘rdim. Ularning oldida ancha tang ahvolda ekanman. Chunki o‘sha paytlarda biror tilni o‘rganmaganman. Biz tengi yoshlarning ko‘pchiligi shunday edi. Hozirgi yoshlar bilan bizning o‘rtamizda juda katta farq bor. To‘g’ri, ularning orasida ota-onasini doim tashvishga qo‘yadigan, dangasalari ham topiladi. Baribir, ularni yo‘lga solish bizning burchimiz deb bilaman.
Hamma narsani ota-onadan ko‘rish to‘g‘ri emas. Axir, o‘zini-o‘zi uddalayotgan, buning ustiga, oila byudjeti uchun hissa qo‘shayotgan yoshlar ham ko‘p-ku. Toshkentlik Marg‘uba Siddiqova O‘zbekiston davlat jahon tillari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetlarini tamomlagan. Ayni paytda Xitoyda ta’lim olmoqda. 2006 yili u «Xitoy tili ko‘prigi» xalqaro talabalar tanlovida qatnashdi. 50 ta davlatdan 101 ta turli millatli talaba ishtirok etgan ushbu nufuzli tanlovda u faxrli 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Marg‘ubaning bu boradagi fikrlari, tabiiyki, bizni qiziqtiradi:
— Farzandini erkalashda hech qaysi millat ota-onalari xitoyliklarga yetmasa kerak. Ular qonunan faqat bitta farzand ko‘rishlari mumkin bo‘lgani uchun doim tug‘ilgan bolasi atrofida parvona bo‘ladilar. Istagan narsasini muhayyo qiladilar. Shu bilan birga, o‘sib kelayotgan o‘g‘il-qizga: «Bir kun kelib sen ham o‘z bolang uchun mana shunday sharoitni yaratib berishing, buning uchun hozirdan harakat qilib, ilmli bo‘lishing shart» deb uqtiradilar. Xitoy yoshlari har qancha erka bo‘lmasin, biror kasb-korni egallashga, o‘zlarini o‘zlari ta’minlashga bor kuchlarini sarflaydilar.
Xitoyda o‘qish mobaynida, bu yilgi tanlovda turli davlatlardan kelgan tengdoshlarim bilan tanishib, suhbatlashish imkoniga ega bo‘ldim. Ularning hammasi o‘z yo‘lini belgilab olgan. Ota-onalari qo‘liga qarab o‘tirishni, dangasalikni or deb bilishadi. Demoqchi bo‘lganim, ota-onam men uchun yashaydi, degan tushuncha bilan voyaga yetgan bola ko‘pincha hayotda o‘z yo‘lini topishga qiynaladi. Bunga sabab faqatgina dangasalik va qo‘rqoqlik emas, ota-onaning o‘ta g‘amxo‘r yoki qattiqqo‘lligi ham bo‘lishi mumkin.

***

Bizningcha, ko‘p narsa mas’uliyatga borib taqalyapti. Yoshlar buni unutib qo‘yishmayaptimikan? Inson o‘zini o‘zi shaxs qilib shakllantirishi kerak emasmi? Bunday savollar ko‘p. Mana, siz oz bo‘lsa-da shular haqida o‘ylab ko‘rishga harakat qilyapsiz. Murod esa hali ham uydan pul kutyapti…

Behzod Fazliddin