Axloq — qonunning asosidir, degan edi Pifagor. Internet tarmog‘i, xorijiy telekanallar, uyali aloqa tizimi va hokazo vositalar orqali tarqatilayotgan turli g‘ayri milliy g‘oya va qarashlar yoshlar ongiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. So‘nggi yillarda o‘nlab yangi gazeta va jurnallar, xususiy radiostantsiyalar, telestudiyalar tashkil topdi va shakllanish jarayonini boshdan kechirmoqda.
Mazkur nashrlarning g‘oyaviy yo‘nalishi, e’lon qilinayotgan maqolalardagi ma’naviyat masalasi eng dolzarb muammolardan biri sifatida yuzaga qalqib chiqmoqda. Nashr muassisi va bosh muharrir bevosita e’tibor qilishi shart bo‘lgan bu muammolar millat peshvolari — ziyolilarni o‘ylantirishi kerak. Toki, biz shu xalqning farzandi ekanmiz, hech birimizga uning axloqiy qadriyatlarini, qalb kechinmalarini ermak qilish huquqi berilmagan. Qator xususiy nashrlarda to‘xtovsiz, ta’bir joiz bo‘lsa, kim o‘zarga e’lon qilinayotgan «ijod» namunalarini millat ma’naviyatiga tajovuz, deb tushunaman. O‘zbek mentalitetining yorqin ifodasi bo‘lgan uyat, or-nomus, andisha, g‘ururni («Er yigitning uyalgani — o‘lgani», «Uyat — o‘limdan qattiq» xalq maqollari) arzon pullayotgan, toptayotgan hamkasblarimiz zimmasida istiqlol mas’uliyati ham bor.
«Yosh kuch» jurnalining 2005 yil 1-sonida «Bolangiz nimani o‘qiyapti?» sarlavhali maqolasi e’lon qilindi. Maqola nodavlat nashrlar faoliyati xususida bo‘lib, muallif aksariyat gazetalardagi shahvoniy hikoya va maqolalarga o‘z munosabatini bildirib, shunday yozadi: «Nahot, bir hovuch kishilarning oson pul topishi yoki soxta shuhratga ega bo‘lishi uchun ma’naviyatimiz oyoqosti qilinsa, xususiy gazetalar faqat fohishalarning sarguzashtlarini doston aylasa…». Muallif aniq faktlar asosida fikrini isbotlaydi va ba’zi nashrlardagi hikoyalardan iqtiboslar keltiradi. O.Bobonovning fikrlari yuzasidan «Hurriyat» gazetasining 2005 yil 30- mart sonida Qobiljon Ahmedovning «Tanqiddan taklifga o‘tish vaqti keldi» maqolasi e’lon qilindi. Muallifning «…gazeta ochishdan maqsad — pul topish, daromadli bo‘lish. Lekin bu xalqning ma’naviy tubanlikka, tor dunyoqarashga sudrash hisobiga bo‘lmasligi kerak», degan fikrlari o‘rinli. Lekin Q.Ahmedovning «qariyb barcha xususiy gazeta sahifalarida zo‘ravonlik, fahsh, shahvoniyatga boshlovchi hikoya va qissalarni uchratishimiz mumkin. Negaki, bu bozor iqtisodiyoti. «Talab va taklif», degan qat’iy xulosasi bizni ajablantirdi. To‘g‘ri, bozor iqtisodiyotida talab va taklifning o‘rni katta. Ammo bozor qonuniyatlari bilan ma’naviyatni belgilash qanchalik to‘g‘ri bo‘lar ekan? Qolaversa, bozor va ma’naviyat — ikkita qutb. Tarixiy haqiqatni unutmasligimiz kerakki, xalqimiz bozorni, bozor qonuniyatlarini endi ko‘rayotgani yo‘q.
Ko‘ngilning ko‘chasi ko‘p, deydilar. Tarbiya topmagan ko‘ngilning eh-he, qancha-qancha talab va ehtiyojlari bor. Eslaylik, Alpomish Qalmoqda zindonda. Qalmoqshohning qizi Tovka oyim bandi Alpomishga qarab, zindondan chiqarsam nimam bo‘lasan, deb qistalang qiladi. Alpomish, og‘ang bo‘laman, dedi, tog‘ang bo‘laman, dedi. Qarindoshing bo‘laman dedi. Lekin Tovkaning ko‘ngil talabi boshqa edi: Alpomishdan ering bo‘laman, degan javobni kutar edi. Tabiiyki Alpomish Qalmoqshohga kuyov bo‘la olmas edi… yoki bo‘lmasa, ulug‘ adib Abdulla Qodiriy «O‘tkan kunlar» romanida Otabek va Kumushning visol onlarini pardali, sirli va ayni paytda jozibali qilib emas, aksincha, besh-olti qog‘oz hajmida ochiq-oshkor, tuban bir tarzda tasvirlasa bo‘lmasmi edi. Yo‘q, adibimiz bunday qilmas, aniqrog‘i, qila olmas edi. Chunki, Abdulla Qodiriydagi botiniy ulug‘vorlik, millatga bo‘lgan mehru muhabbat, chin insoniy fazilatlar — hayo, nomus, g‘urur yo‘l qo‘ymas edi.
Bunday misollarni istagancha keltirish mumkin. Bu kabi asarlarni ichdan yoritib turgan nur — Vatanga, xalqqa, insoniy muhabbatga bo‘lgan sadoqatdir. Aksariyat nodavlat nashrlar faoliyatida esa bu kabi xususiyatlarni deyarli ko‘rmaysiz. Ular sizga majburlab sotayotganimiz yo‘q, tekinga ham tarqatayotgan emasmiz. Xalqning o‘zi sotib olyapti, deyishlari tayin. Bu borada sizni mot qilishi turgan gap. Chunki bizning uka-singillarimiz, farzandlarimiz o‘z ixtiyorlari bilan sotib olishyapti. Shaytoniy vasvasaga berilgan «qalamkash»larning badbin xayollari mahsuli bo‘lgan shahvoniy hikoyalar (hikoya deyishga ham til bormaydi), orsizlik va surbetlikni targ‘ib etuvchi kechinmalarni yoshlar o‘qimokda. Misol uchun, «Xonadon» gazetasining 2005 yil 4-mart sonida e’lon qilingan Oygul Kajanovaning «Xiyonatkor xotin» nomli hikoyasidan parcha keltiramiz. «Erini ishga jo‘natib, o‘zi ham maktabga borgan Asal shirin xayollar og‘ushidan qutulolmadi. Tundagi voqeani eslab olam ko‘ziga go‘zal ko‘rindi… Har kech egat boshiga erining ovqatini olib boradigan Asal qaytayotganda Otabek bilan xufyona uchrashib, lazzat onlarini birga suradilar. Uzoqdan esa Erkinbekning traktorining tarillagan ovozi eshitilib turadi».
Hikoyada aytilishicha, Asaloy bir o‘g‘il, bir qizning onasi. Kasbi — o‘qituvchi. Erkinbek, ya’ni er — dehqon. Otabek Erkinbekning sinfdosh do‘sti. Yana hikoyaga qaytaylik. «Ikki oshna rosa ulfatchilik qilishdi. Yarim tunda ovqat ko‘tarib kirsa, Erkinbek uxlab qolibdi. Endi chiqib ketmoqchi bo‘lgan Asalning qo‘lidan shartta ushlab olgan Otabek:
— Meni kuzatib qo‘y, — deya shivirladi.
Qorong‘ulikda Otabek Asaloyni mahkam quchoqlab olib, tinmay bo‘salarga ko‘mib tashladi. Asal ham qarshilik qilmasdi».
Ana xolos! «Ming bir kecha» qahramonlari ham bularning oldida hech gap emas. O‘zbek dehqonining muallima xotini… Do‘st do‘stning xotinini o‘ynash tutibdi? Kim ishonadi? Xo‘p, shunday bo‘ldi ham deylik. Lekin bu bilan adibamiz nima demoqchi?! Qishloq ayoli, buning ustiga o‘qimishli, ikki farzandning onasi bir ishora, qarash bilan o‘zga erkakning quchog‘iga kirishini sog‘lom aql qabul qila olmaydi.
Ashurbek Po‘latovning «Bekajon» gazetasining 2005 yil 15-mart sonida e’lon qilingan «Ikki o‘t orasi» hikoyasidan bir parcha: «…Qarshisida to‘shakda qip-yalang‘och bir qiz yotardi. Uning qo‘llarini siypalar, sochlari yoyilib ketgan, o‘zi esa hansirab nafas olgancha yigitga yopishardi». Davomini o‘qiymiz: «Nozima hirs o‘ti alangasida yonar, tobora yigitning issiq quchog‘iga talpinardi. Uning qaynoq bo‘salari yigitni-da, tug‘yonli hislar bag‘rida besaranjom qilar, ixtiyorsiz ravishda o‘zi tomon chorlardi». Yoki bo‘lmasa «Charxpalak» gazetasining 2005 yil 10-16-mart sonida e’lon qilingan Iroda Kamolning «Baxtsizlik qismati» nomli davomli hikoyasini olaylik. Unda shunday jumlalar bor: «Ko‘zlari chaqnab ketgan Charos erkakni yana quchib oldi. Quyuq qora sochlarini ohista silarkan, qulog‘iga shivirladi:
— Sizdan o‘pkalamayman, faqat… ozor yetishini istamayman.
Samir Davlatovichning vujudida yana o‘sha his, otashin quchib, olchadek qip-qizil lablariga labini bosdi…»
To‘g‘ri, hayotda nimalar sodir bo‘lmaydi deysiz. Ammo, ming-minglab o‘quvchi hukmiga havola etilayotgan asarning muayyan maqsadi va unga qo‘yilgan yuki bo‘lishi kerak-ku?! Demak, bu kabi muallif va asarlarning maqsadi… Biz esa uyalmasang bilganingni qilaver, degan muborak o‘gitni takrorlashdan bo‘lak ilojimiz yo‘q. Bugungi xususiy nashrlarning aksariyatida mezon — o‘lchovning o‘zi yo‘q. Ular uchun mezonsizlik — mezon, g‘oyasizlik — g‘oya vazifasini bajarmokda. G‘ayri axloqiy va mutlaqo g‘ayri milliy sarguzashtlarning mualliflari o‘zbekona muhitda tarbiya topganmikan o‘zi, deb o‘ylab qolasan kishi.
Agar e’tibor qilayotgan bo‘lsangiz, nodavlat nashrlarda plagiatlik, ya’ni adabiy o‘g‘irlik tobora avj olib bormoqda. So‘zimiz quruq bo‘lmasligi uchun «Sug‘diyona» gazetasi bosh muharriri o‘rinbosari Umida Hasanovaning «Hurriyat» gazetasining 2005 yil 30-mart sonida e’lon qilingan «Sug‘diyona — ko‘chirmachi gazeta…mi?» maqolasidagi ayrim faktlarni keltiramiz: «Saodat» jurnalining 2000 yil 3-sonida «Jaklin Buve-Kennedi-Onassis» nomli maqola (Nodira tarjimasi)ni «Sug‘diyona» gazetasining 2004 yil 40-sonida «Mashhur ayollar» rukni ostida o‘qishingiz mumkin. Muallifning ismi va olingan manbani ko‘rsatishi bosh muharrirning «yodidan chiqib qolgan». «Qonun himoyasida» jurnalining 2003 yil 8-9-sonlarida nashr etilgan o‘sha paytda Farg‘ona viloyat prokurori o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Ma’rufjon Usmonovning «King-kong» to‘dasining tugatilishi» sarlavhali sud ocherki «Sug‘diyona»ning 2004 yil 3-4-5-6-7- 8-sonlarida chop etilgan.
2004 yil 19 fevralda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2004-2008 yilarda maktab ta’limini rivojlantirish dasturini tayyorlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoyishi e’lon qilindi. Dastur Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi bilan hamohangdir. Dasturda ko‘zda tutilgan muhim masalalardan biri, bu — shaxs tarbiyasidir. Ta’limga aloqador har bir xodim bola timsolida shaxsni ko‘rishi, unda shaxslik xususiyatlarini shakllantirishda mas’ul ekani ta’kidlanadi. Masalaga kengroq qaraydigan bo‘lsak, shaxs tarbiyasida barchamiz — jamiyatning har bir ongli a’zosi burchlidir.
«Yosh kuch» jurnali, 2005 yil, 6-son