“Kiyimlarning ochiq va tarangini tanlang. Sevgi mojarolari bilan band bo‘lishingiz mumkin”. Bu radio orqali berilayotgan “munajjimlar bashorati”dan parcha. Muhtaram munajjimlar mazkur so‘zlari bilan nimani targ‘ib qilayotganlari tahlilini biroz keyinga qo‘yib turaylik-da, avvalo, hozirda alohida ilm sifatida e’tirof etilayotgan bu sohaning aslida qanchalik to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekaniga e’tibor qarataylik.
Munajjimlar bashoratini o‘qimaydigan odam kam topiladigandek. Hozir oramizda munajjimlar bashorati deya atalayotgan, taqdirlarni oldindan aytib berish vazifasi bo‘lgan bir “ilm” paydo bo‘lgan. Uning hayotimizda qanchalik chuqur ildiz otib ulgurgani yuqoridagi misoldan ko‘rinib turibdi.
Munajjimlar bashoratini kundalik hayotida yo‘riqnomaga aylantirib olganlar ham yo‘q emas. Shundaylardan birini bilaman. O‘zi oliy o‘quv dargohida ishlaydigan ayol. Bir kuni u, gazetalardagi yulduzlar ta’biri har doim hayotimda aytilganidek ro‘y beradi, deb qoldi. Achinarlisi, u o‘zini ziyoli deb biladi. Kasbi o‘qituvchilik…
Bugungi kunda ayrim gazetalarimizning so‘nggi sahifalarini bosib ketgan «munajjimlar bashorati» qanchalik haqiqatga yaqin? Uni kimlar tuzadi? Bu ta’birlarning shunchalik omma e’tiboriga tushishining sababi nimada?
Ana shunday savollarga javob topish maqsadida o‘tkazilgan ko‘plab tadqiqotlar burjlarda taqdirni oldindan aytib berish qobiliyati yo‘q ekanini ko‘rsatmoqda. G‘arbda chiqayotgan ilmiy maqolalarda nafaqat burj, umuman, ilmi nujum – astrologiyaning chinligi butkul shubha ostiga olinayotir.
Ma’lumki, ilmi nujum, qadimgi Rimda juda mashhur bo‘lgan. Kopernik tomonidan dunyoning geliotsentrik sistema (Quyoshning markaz bo‘lib, barcha sayyoralar uning atrofida aylanishi) nazariyasi kashf etilgach, bu sohaga qiziqish xiyla susaygan. Lekin insoniyatning astrologiyaga qiziqishi XX asrning 2-yarmidan boshlab yana ortib bordi. Bugungi kunda goroskop – jadval tuzib, biznes qilish butun dunyoda keng tarqalgan.
So‘rovnomalarning ko‘rsatishicha, britaniyaliklarning qariyb 90 foizi munajjimlar va folbinlarning bashoratlariga muayyan darajada ishonar ekan (50 yil oldin bu ko‘rsatkich 13 foiz bo‘lgan, xolos). Tumanli Albionning 80 foiz aholisi o‘z muchalga oid ma’lumotlarni muttasil o‘qib boradi. 60 foizi esa unga amal qiladi.
Yurtimizda ham munajjimlarning muxlislari talaygina. Har uch odamning bittasi, qo‘liga gazeta oldi, deguncha, o‘z burjini o‘qishga tutinadi. Ayniqsa, bu holat ayollar orasida yuqori.
Taqdirni oldindan bilish jozibasi azaldan insoniyatni o‘ziga maftun qilib kelgan va bu qiziqish bugungi texnologik taraqqiyot rivojlangan zamonda ham aslo susaymayapti.
O‘tgan asrda avstraliyalik doktor Jeffri Din (uning o‘zi bir paytlar ilmi nujum bilan shug‘ullangan) va kanadalik psixolog Ivan Kelli tadqiqot o‘tkazib, ilmi nujum sohiblarining bashoratlari mutlaqo yolg‘ondan iborat ekanini e’lon qilishdi.
1958 yili bir vaqtda (orada bir necha daqiqa farq bo‘lishi mumkin) tug‘ilgan ikki ming chaqaloq alohida hisobga olindi. Ilmi nujum qoidalariga ko‘ra, yulduzlar bu chaqaloqlarga bir-biriga o‘xshash taqdirlar lozim ko‘rishi kerak edi. Olimlar yillar mobaynida ana shu ikki ming go‘dakning ulg‘ayishi, ularning fe’l-atvori, kasb-kori, oilaviy ahvoli, asabi, matematika iqtidori, ijodiy qobiliyati va boshqalarni o‘rganib borishdi. Biroq bu guruhdagilarning barchasiga daxldor bo‘lgan biror-bir umumiy xususiyat yuz ko‘rsatmadi. Fe’l-atvorlar ham, taqdiru ruhiy holat, tashqi ta’sirga moyilliklar ham turlichaligi kuzatildi.
Olimlar turli vaqtlarda har xil ilmiy muassasalar tomonidan o‘tkazilgan qirqdan ortiq xolis tadqiqotlar natijalarini ham keltirib, ilmi nujum bashoratlarini shubha ostiga qo‘yishdi.
Doktor Din “Sandi Telegraf” gazetasidagi maqolasida: “Astrologlarning faoliyati aniq printsiplardan xoli, ularda bashorat qilishning ongli ravishda qabul qilish mumkin bo‘lgan mexanizmi yo‘q, astrologiyaga oid kitoblarda bular haqida biror-bir so‘z aytilmagan. Bu kitoblarning o‘zi esa aldovga yo‘g‘rilgan mashqlar, xolos”, deb yozadi.
Grinvich universiteti professori Sh.Yang astrologlarning “o‘jar”ligi sabablarini moddiy manfaat bilan bog‘laydi. Uning talqinicha, bugungi astrologiya – juda katta xalqaro biznes, unda minglab odamlar ishtirok etadi. Gazetalar, jurnallar, veb-saytlar, odamlar bu sohadan millionlab dollar ishlamoqda.
Shuningdek, Rossiya ob-havoni o‘rganish markazining sayyoralar harakati va geliogeofizikaviy tekshiruvlar laboratoriyasi mudiri Nikolay Sidorenko bunday deydi: “Ma’lumki, Quyosh kuzda osmon ekvatorini kesib o‘tadi va bu nuqta kuz tengkunligi deb ataladi. Astrologlar (munajjimlar) esa uni burj belgisiga ko‘ra “Tarozi” deb atashgan. Lekin gap shundaki, tengkunlik belgisi, Quyoshning tug‘ilishi va burj belgilari bundan ikki ming bir yuz yil muqaddam astrologiya gullab-yashnagan Vavilon va qadim Yunonistonda amalga kiritilgan edi. Quyoshning burj yulduzlariga nisbatan o‘rni almashib turgani uchun bu yil Quyosh Tarozi yulduzlar turkumiga “odatdagidan” bir oy kech kirdi. U asl o‘rniga qaytib borishi uchun yana 25700 yil kerak bo‘ladi. Eski munajjimlar aynan mana shu “kechikish”dan bexabar bo‘lishgan. Hozirgilari buni bilsalar-da, hamon eskicha “hisob-kitob” qilgan munajjimlar bashoratidan foydalanishmoqda”.
Yana bir rossiyalik nazariyotchi-fizik, akademik, Nobel mukofoti sohibi Vitaliy Ginzburgning bu haqdagi fikri bilan tanishing. U “Argumentы i faktы” muxbiri bilan bo‘lgan suhbatda shunday deydi: “Astrologiya g‘irt bema’nilik, fanni shunchaki inkor etishning o‘zginasidir. U nimani ta’kidlaydi? Go‘yoki, odamning tug‘ilish paytida yulduzlar va sayyoralar uning kelajakdagi butun taqdirini belgilar emish. O‘tmish ajdodlarimizning astrologiya bilan shug‘ullanganlarini tushunsa bo‘ladi. Ilgari odamlar sayyoralar harakatini bilishmas edi. To‘rt yuz yil muqaddam falakiyotchi Iohann Kepler goroskop tuzib, pul ishlagan. Lekin shundan buyon fan oldinga ulkan qadamlar tashlab, sayyora va yulduzlar taqdirga hech qanday ta’sir o‘tkaza olmasligini allaqachon isbotlagan”.
Dinda ham taqdirni oldindan bashorat qilish qattiq qoralanadi. Folbinlik qilish, yulduzlarga qarab inson hayotini ta’bir qilish gunohi kabira hisoblanadi.
Umuman, islomda ilmi nujumni o‘rganish taqiqlanmagan. Ulamolar bu ilmni ikkiga bo‘lishgan. Birinchisi, hisob-kitob ilmi. Binobarin, Qur’oni Karim oy va quyoshning sayr qilishi hisobli ekanidan xabar beradi. Ajdodlarimiz quruqlik va dengizda yo‘l topish, namoz, ro‘za, haj kabi ibodatlar vaqtini aniqlash, dehqonchilik ishlarini tashkil etish uchun yulduzlar ilmidan foydalanishgan.
Ilmi nujumning ikkinchi qismi esa, ulug‘ alloma Imom G‘azzoliyning fikriga ko‘ra, hukmlar ilmidir. Ilmning ushbu turi shariatimizda taqiqlangan.
Umar ibn Xattob (r.a.): “Quruqlik va dengizda yo‘l topadigan miqdorda yulduzlar ilmini o‘rganing, so‘ng qolganidan o‘zingizni tiying”, deganlar.
Xullas, dinimiz ham, bugungi zamonaviy ilm ham munajjimlar bashoratining mutlaqo yolg‘ondan iborat ekanini ta’kidlaydi. Bizdagi gazetalarning aksariyati “bashoratlar”ni o‘zlari tuzishlari ham sir emas. Mushtariylarni hurmat qiladigan ayrim ommaviy axborot vositalari ma’lumotlarni internetdan, ruscha manbalardan tarjima qilishadi. Lekin bu ikki faoliyat orasidagi farq unchalik ham ko‘p emas. Har ikkisida ham bashoratlarning yo‘q joydan to‘qilishi haqiqatga yaqinroq.
Endi yuqorida keltirilgan misolimizga ozgina to‘xtalib o‘tsak. Unda munajjim bir burj vakilasiga qanday kiyinish kerakligi haqida maslahat beryapti. E’tibor qiling:
“Kiyimlarning ochiq va tarangini tanlang. Sevgi mojarolari bilan band bo‘lishingiz mumkin”.
Ta’birchi bu bashorat bilan qizlarni nimaga undayapti? Yulduzlar berayotgan “xabar” ularni axloqan tubanlik, hayosizlik sari boshlamayaptimi? Nahotki, biz inson bo‘laturib, o‘z aqlimizga, Xudo bergan farosatimizga ega bo‘lib, qaerdagi bir jonsiz jismlarga ishonishimiz kerak? Agar yulduzlar ta’birida qandaydir ilohiylik bor deb aytadigan bo‘lsak, bu da’voning ham noto‘g‘ri ekanligini yuqorida ko‘rmadikmi?
Xo‘sh, Siz bunga nima deysiz?
Behzod Mamadiyev
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.