Muhabbat inson miyasini qanday boshqaradi?

Sevmagan insonlar uchun sevgi asab kasalligi, manmanlik, aqli zaiflik yoki vasvasadek tuyuladi. Bu tuyg‘u odamni yaqin do‘stlaridan, qarindoshlaridan deyarli umuman uzoqlashtiradi. Tinimsiz telefon qo‘ng‘iroqlari, serenada va shu kabi nolalarni hech ikkilanmay psixoz kasalligi deyish mumkin. Birinchilardan bo‘lib, neyrobiologlar ana shunday jabrlangan miya holatini skaner orqali suratga tushirish imkoniga ega bo‘ldilar. Bu jarayon miyada ilk sevib qolish paytlaridan boshlanadi.

Amerikalik olimlarning o‘tkazgan tadqiqotlari bugun mashhur jurnallardan biri The Journal of Neurophysiologyda chop etildi. Unda sevgi bu — biologik va jinsiy ehtiyoj ekanligi aytiladi.

Olimlarning fikricha, sevgi ko‘rinishi bilan boshqa his-tuyg‘ularga o‘xshaydi. Masalan, qorin ochishi, narkotik moddalarga bo‘lgan ehtiyoj, hayajon va ehtiros singari. Inson miyasini kuzatishganda ma’lum bo‘ldiki, ishqiy munosabat qanchalik chuqurlasha borsa, bu tuyg‘u asta-sekin o‘zgarib boradi. Tadqiqotlar yana shuni ko‘rsatadiki, sevgi keng his-hayajonlar majmuidan iborat ekan. U eyforiya (haqiqiy ahvolga mos kelmagan holda kayfiyatning ko‘tarinki bo‘lishi, o‘zidan-o‘zi xursand bo‘laverishlik)dan tortib, asabiylashuv, g‘am, alam va hatto nobud bo‘lishgacha ham borib yetishi mumkin ekan.

“Sevgi hukmida bo‘lgan inson uchun hamma narsa oson yechim topadiganday, u o‘zini yettinchi osmonda uchib yurgandek his qiladi. Siz o‘shanda o‘zingizni nazorat qila olmaysiz. Har kuni ertalab 6 da sport zaliga borasiz. Lekin nima uchun? Javob esa oddiy, u yerda siz sevgan insoningizni ko‘rasiz, — deydi Rutters universiteti antropologi Xelen Fisher. — Agar insonni rad etishsa, u sevgilisidan o‘ch olish rejalarini o‘ylay boshlaydi. Uning payiga tushadi. Bu yo‘lda u hech narsadan tap tortmasligi mumkin”. Ko‘pchilik olimlar ushbu tadqiqotni “a’lo” baholadilar.

Tadqiqot o‘tkazish uchun Nyu-York davlat universiteti tadqiqotchi guruhi 17 talabadan olingan ikki yarim ming miya suratlarini tahlil qildilar. Bu talabalar bir yoki ikki oy oldin sevib qolishgan. Ular sevgan insonlarining suratlariga qarab turadilar, bu paytda magnit-rezonansli tomografiya (apparati) uskunasi miyani kuzatib turadi. So‘ng olimlar olingan natijalarni talabalarning qarindosh va do‘stlarining rasmlariga qarab turgan holidagi natijalar bilan taqqosladilar. Natijada miyaning turli joylarida qon aylanishining o‘zgarishlari kuzatildi.

Yurak kasalligiga olib keladigan sabablardan biri ham sevilishdir. Bunda inson yengib bo‘lmas qo‘rqinchni his qiladi va bu qo‘rqinch uyqusizlikka olib keladi.

Keyingi tadqiqotda doktor Fisher, Aron va Braun 17 yoshdagi qizlar bilan ishladilar. Qizlar “rad etilganlardan” bo‘lib, ular ham yuqoridagi sinovdan o‘tdilar. Taqqoslash, miyaning ehtirosli muhabbat uchun javobgar qismida kengayish faolligini namoyish qildi. Bu holatga tushgan har bir inson sevgilisi tomonidan rad etilgach, uning muhabbati yana ham oshishini isbotladi.

Syuzanna Kats tadqiqotlarda o‘z xohishi bilan qatnashdi. 22 yoshli talaba Syuzanna uch yil muqaddam sevgilisi bilan kelishmay qolgan edi. U chalg‘ish maqsadida bir necha faoliyat turlari bilan mashg‘ul bo‘lgan.

“Shunday vaqtlar ham bo‘lganki, men o‘zimda qandaydir jismoniy kamchilik sezardim. Bu xuddi narkotiklarsiz yasholmaydigan odamlar uni iste’mol qilmagan holdagi ahvolga o‘xshardi. Bu holatim u bilan bog‘liq edi. U yonimdaligida o‘zimda qandaydir ishonch, umid bo‘ladi va men bularni his qila olardim. To‘satdan hammasi qayoqqadir yo‘qoldi”, deydi Syuzanna.

Ajablanarlisi, o‘tkazilgan tadqiqotlar yangi sevgini “o‘zlashtirmoq”ni nazarda tutadi. Ya’ni inson sevgan kishisining qarashlari, xarakteri, o‘zini tutishi, gapirish ohanglari, xobbilariga asta-sekin taqlid qila boshlaydi. Inson bularning barchasini yo‘qotsa, u avval qattiq tushkunlikka tushadi. Lekin vaqt o‘tishi bilan miyada kengayishning faolligi so‘na boradi. Bu esa yangidan sevilish imkonini beradi.

Marhabo MUHAMMADIY