Ming yillar sadosi

Beshik ko‘p asrlar avval hunarmandlarning aql-zakovati bilan ixtiro etilgan bo‘lib, u haqidagi ma’lumotlar o‘rta asr manbalarida, xususan, Mahmud Koshg‘ariyning “Devoni lug‘atit-turk” asarida, shuningdek, Alisher Navoiyning “Layli va Majnun” dostonida ham ta’riflangan. Uning kelib chiqishi haqida turli farazlar mavjud. Ko‘chmanchi xalqlarga tegishli bu kashfiyot, ko‘chib yurgan paytda onalarga ancha-muncha qulayligi bilan afzal sanalgan.

Zamonaviylashgan vositalar yaratilgan hozirgi paytda beshikka talab qanday? Bolani beshikka yotqizish chindan ham zararlimi?

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi va Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi hamda YuNESKO hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda bu borada quyidagi ma’lumotlar keltirilgan: bolani beshikka belamay qanchalik erkin qo‘yilsa, shunchalik yaxshi rivojlanadi. Govrapech (beshik yopqichi)ning doimiy ravishda yopiq turishi natijasida quyosh nurlaridan bahra olmagan go‘dakda A, D vitamini yetishmovchiligi kuzatiladi. Bu vitaminlar bolaning suyak to‘qimalari rivojlanishi uchun zarur hisoblanib, usiz mushaklari yumshoqlashadi. Yumshagan a’zolarni bog‘lash natijasida a’zolar qiyshayishi kuzatiladi. Oyoqlarning «ikssimon», «o»simon bo‘lib qolishi ana shular oqibatida yuzaga keladi.

YuNESKOning tadqiqotlariga ko‘ra, ayni paytda O‘zbekistonda har yilgi tug‘ilish darajasi deyarli 600 mingga yetgan. Shunday ekan, dunyoga kelgan bolalarning ko‘pchiligi beshikda yotishini hisobga olsak, ushbu mavzu yana bir bor tahlilga tortishga arziydi.

Foydali kashfiyot

Beshik bolani ulg‘aytirish uchun foydali bo‘lib, kichik va ixchamligi uchun uni istalgan joyga ko‘chirib olish mumkin. Qolaversa, chaqaloqni parvarishlash uchun ham qulay. Beshik go‘dakni tashqi salbiy ta’sirlardan, ya’ni shovqin, issiq va sovuq, oftobdan saqlaydi. Bundan tashqari, go‘dak beshikka maxsus qo‘l-oyoq bog‘lag‘ichlari bilan bog‘lab qo‘yilishi, uni uyquda bexosdan qilinadigan harakatlardan cho‘chimay, osoyishta va tinch uxlashiga imkon beradi. Shuningdek, belangan bolaning buti orasiga sumak, tagiga tuvak qo‘yilishi uning tagi ho‘llanishidan, shamollash va tanasining yallig‘lanishidan saqlaydi, zax o‘tmasligini ta’minlaydi.

Beshik tut, tol yog‘ochlaridan yasalib, bu vosita bolaning organizmiga foydalidir. Naqshlarning yorqin
ranglar bilan bezatilishi bolaning ranglarni tanish, ilg‘ab olish funktsiyasini rivojlantiradi, beshikka osib qo‘yilgan buyumlar esa, uning qo‘l harakatlarini rivojlantirishga yordam beradi. Beshik yasaladigan tol daraxti hidi yo‘qligi bilan ham afzaldir. Qadimda tabiblar bemorlarga tol daraxtining tagida o‘tirishni bejiz tavsiya qilmaganlar. Beshikning fasllarga moslangan yopinchiqlari esa bolani qishda sovuqdan, yozda issiqdan saqlab, mo‘tadillikni ta’minlaydi. Uning tagiga tariq solingan qovus (to‘shakcha) yozilishining ham katta ahamiyati bor. Bola terlaganida yoki qovus yuvilganda tez quriydi. Undan qilingan yostiqda bola yumshoqqina yotadi. Boshi va orqasi to‘shakka botmaydi, aksincha, massaj vazifasini bajaradi.

– Go‘dakni beshikka belaganda to‘g‘ri bog‘lanishi qaddini raso qilib rivojlantiradi, – deydi beshikchilar sulolasini davom ettirib kelayotgan usta Abdurasul Rasulov.

Yaxshi narsaga ham me’yor kerak

Lekin, tajribasiz yosh onalarning bolani noto‘g‘ri parvarish qilishidan bola organizmida turli xil nuqsonlar paydo bo‘layotgani beshikka bo‘lgan qarashlarni o‘zgartirmoqda. Ayrim onalarning, ayniqsa, o‘zbek oilalarida go‘dakni beshikka belab qo‘yib, o‘zi oila yumushlari bilan band bo‘lishi, bolaning soatlab unda yotishi beshikning vazifasidan yaxshi foydalana olmasliklarini bildiradi. Beshikda ko‘p vaqt yotishi natijasida go‘dakning orqa yelkalari qotib ketadi.

Odam harakatda bo‘lsagina ovqatga talabi kuchayadi. Bolaning doimiy ravishda beshikda yotishi esa, mushaklarni ko‘pam harakatga keltirmaydi. Organizm ham oziq moddalarni talab etmay qoladi. Bolalar shifokori Mohidil Alimardonovaning ta’kidlashicha, bolani faqatgina uxlaydigan paytda beshikka belagan ma’qul, uyqudan uyg‘onganda esa uni yechib olib, tanasining orqa qismini uqalash darkor. Ayrim onalar bolalarini faqatgina tunda belaydilar. Kunduzi esa, belanchak kabi vositalarda uxlatadilar. Bu ham yaxshi tanlov.

Bola yig‘layotgan vaqtida beshikni hadeb tebrataverish, uning asab tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin ekan. Ayniqsa, bu bosh miyaning qon bosimi oshgan bolalarda yomon holatlarni yuzaga keltiradi. Bu borada Hamza tumanidagi 4-shahar bolalar klinika shifoxonasining oliy toifali shifokori Nabira Zokirxo‘jayeva quyidagilarni ma’lum qiladi:

– Bosh miyasida qon bosimi bor bolalarni beshikka belash tavsiya etilmaydi. Tebratish natijasida bola ovunmaydi, balki undan ham qattiqroq kuch bilan yig‘laydi. Bu esa qon bosimining ko‘tarilib ketishiga, ona va bolaning ham qiynalishiga olib keladi.

Go‘dakning boshi beshikdan pachoq bo‘ladi, degan fikrga shifokor N.Zokirxo‘jaeva quyidagi fikrlari bilan qarshi chiqadi:

– Bosh miyaning pachoq bo‘lishi va oyoqlardagi nuqsonlar beshikning ta’sirida emas, balki ona va bola organizmida vitaminlarning yetishmasligi va go‘dakni noto‘g‘ri parvarishlash oqibatida yuzaga keladi.

Ularning havasi keladi

Millatimizning urf-odatlariga qiziqib qolgan yaponiyalik tanishimni qarindoshimizning beshik to‘yiga olib bordim. To‘yxonaga kirib borar ekanmiz, ayvonda quda tomondan keltirilgan chaqaloq uchun sarpo-surug‘dan tortib, shar va yumshoq o‘yinchoqlar bilan bezatilgan bolalar arg‘imchog‘igacha bo‘lgan buyumlarga ko‘zimiz tushdi. Ularning orasida bejirimgina bezatilgan beshik ham bor edi. Ochig‘ini aytsak, bularni ko‘rgan odam yayrab ketadi. Bizni iliq kutib olib, dasturxonga taklif qilishdi. Hamma mezbonlar chet ellik mehmon bilan ovorayu, u bo‘lsa beshigimizning atrofidan hech ketolmaydi. Tebranishiga ishqivoz bo‘lib qoldi. Uning betakror
naqshlar bilan tikilgan govrapechlari, ko‘z tegmasin deb osilgan tumorlari mehmonni o‘ziga butkul jalb etib qo‘ydi…

– Beshikka bo‘lgan talab haligacha so‘ngani yo‘q. Hatto, turg‘unlik davrida beshiklar eskilik sarqiti, deb qaralgan bo‘lsa ham, odamlar qoplarga solib uylariga beshik tashiganlar, – deydi beshikchi usta A.Rasulov. – Hozirgi kunda boshqa millat vakillari, xususan, rus, koreys xalqi vakillari orasida ham o‘z farzandlarini beshikda katta qilishga havasi keladiganlar bor. Ularda bu qiziqish o‘zbek qo‘shnilarini ko‘rib uyg‘ongan.

Hatto, beshikchi ustalarning aytishicha, Qozog‘iston, amerikalik o‘zbeklardan ham yurtimizga kelgan mehmonlarga beshik olib kelish buyurtmasi tushar ekan.

– Agar bu buyum yomon bo‘lganida beshik an’analari shu vaqtga qadar yetib kelmagan bo‘lardi, onalar esa o‘z bolalarini beshikka belamasdilar, – deydi beshikchilar sulolasini davom ettirib kelayotgan Sur’at Akbarov.

Shu o‘rinda…

Beshikni eskilik sarqiti deb hisoblovchi ayrim yosh oilalarga zamonaviy vositalarning salbiy jihatlari borasida ma’lumot berib o‘tsak. Shuni ta’kidlash kerakki, onalar uchun qulay sanalib kelgan tagliklar reklamalarda namoyish etiladigan darajada bola terisini quruq holda saqlay olmaydi. Suyuqlik o‘tkazishi, doimiy namlik bolada turli kasalliklarni keltirib chiqaradi. Bundan tashqari, go‘dakda bo‘shanish refleksini tug‘diradi. Beshik esa bolaning tagi doimiy ravishda quruq turishini ta’minlaydi.

Bolalarning doimiy hamrohi so‘rg‘ich haqida ham ikki og‘iz so‘z. So‘rg‘ich rezinadan tayyorlanadigan narsa, uning xomashyosi sun’iy bo‘lganligi uchun rezina parchalarining oshqozonga joylashishi infektsion kasalliklarni keltirib chiqaradi. Bolaning og‘zi har doim rezina so‘rg‘ich bilan band bo‘lishi so‘rish refleksini qondirib, unda ko‘krak suti va ovqat yeyishga bo‘lgan talabni susaytirib yuboradi.

Xullas, go‘dak ovqatni tez-tez talab qilmaganidan keyin unda oziqlanish jarayoni buzilishi, kam ovqatlanish, oriqlash, vazn yetishmasligi holatlari uchrashi mumkin. So‘rg‘ichdan ko‘p foydalangan bolalarning tili ham kech chiqadi. Mutaxassisning ta’kidlashicha, katta bo‘lganida ham bunday bolalarning muhim jarayonlarni o‘zlashtirishi qiyin kechar ekan.

Ming yillardan beri xalqimizni o‘z bag‘rida tebratgan, buyuk boboyu momolarni katta qilgan beshigimiz bundan
keyin ham xizmat qilaveradi. Endi unda kelajak avlod ulg‘ayadi, ajdodlarimizday baquvvat, tetik, alpqomat zurriyotlarni katta qiladi.

Muxlisa Mo‘minova,
«Ma’rifat» gazetasidan olindi.