Feruza Hudoyqulova. Serialsevar bolalar

http://n.ziyouz.com/images/bolalar.jpg

Xolamning uyiga mehmonga borgandim. Eshik ochilishi bilan sho‘x-shodon jiyanlarim yugurib chiqishdi. Sog‘inganimdan mehrim tovlanib, birma-bir bag‘rimga bosdim. Bu vaziyatni jiyanim Otabek zimdan kuzatib turgan ekan, o‘z fikrini dabdurustdan bayon etdi:

— Opa, siz bizni o‘pmang. Biz sizning jiyaningizmiz-ku, sevishgan yigit-qizlar shunday qilishadi.

Boshida uning so‘zidan qotib qoldim. “Ha, sen odobsiz, bu gapni qayerdan olding?” desam, “Solih bilan Zaynab sevishib maktabga ham bormay, shunday qilishdi”, deb kulib qochdi.

— Dadang qayerda? Sen bolani dadangga aytmasammi?

— Dadam uyda yo‘q. Mehmonga ketgan.

— Unda onang qayerda?

— Bir soat oldin qo‘shnining ­uyiga ketuvdi.

Oyoq kiyimimni yechar-echmas katta jiyanim Madinaning baland ovozi eshitilib qoldi: “Kelinglar, “Seyman og‘a” boshlandi”. To‘polonchi bolalar televizor turgan xona tomon chopishdi. Men ham ular o‘tirgan xonaga kirdim. Pultni olib, boshqa kanalga o‘tkazdim. Birdan shovqin-suron boshlandi. So‘ng biri qo‘yib, biri yig‘lashga tushdi. Qandaydir kanalga qo‘ysam, multfilm namo­yish etilayotgan ekan. “Shuni ko‘ring­lar”, dedim-u, baloga qoldim. Ilojsiz “Yoshlar” telekanaliga almashtirishga majbur bo‘ldim. Qo‘yishim bilan yig‘i-sig‘i ham, baqir-chaqir ham tindi. Xolam ham keldi. Bo‘lgan voqeani aytdim.

— Qulog‘imning tinchi deya indamayapman. To‘g‘ri qilyapmanmi yoki noto‘g‘rimi, o‘zim ham bilmayman. Qara, ovozlari ham chiqmay tomosha qilishlarini.

Serial yakunlanishi bilan bolalar oldimizga kelishdi. Ko‘rganlarini oqizmay-tomizmay, ipidan ignasigacha aytib berishdi. So‘ng Otabek:

— Oyi-oyi, qachon yana “Jabbor og‘a”ni beradi? – dedi.

Xolam ham oddiy qilib:

— “Seyman og‘a” tugasin keyin, — dedi. Otabek o‘zida yo‘q xursand.

— Oyi, siz Nazar, dadam esa Jabbor og‘a, men Efeman. Siz oldin Ali muallimni sevgansiz-a? Men shunda kimning o‘g‘liman?

Bu savol qanchalik kulgili tuyulsa-da, uning zamirida murg‘ak bola ongining qanchalar o‘zgargani namoyon edi.

Otabek yana so‘z qotdi:

— Opa, Amirxonbeyni ko‘ryapsizmi?

— Yo‘q!

— Ko‘ring-da, — deya koyiganday bo‘ldi. Keyin yana so‘zini davom ettirib: — Men Amirxon, siz Ray­hon, — dedi.

— Kim u Rayhon?

— Amirxonbeyning xotini. Katta bo‘lganimdan so‘ng sizga uylanaman. Keyin “dadasi-ayasi” bo‘lib yashaymiz.

Qanchalar kulgili gap! Biz bu komediyaning ortidan keluvchi tragediyani kutib yashayotgan tomoshabinga o‘xshaymiz, xolos.

O‘zbekiston teleradiokompaniyasidagi barcha kanallarda serial namoyish qilish odat tusiga aylanib ulgurgan. Biri tugagach, ikkinchisi boshlanadi. Soat 19.30 dan to 24.00 gacha seriallar poyezdi ulanib, efirga uzatiladi. O‘zbek xonadonlarini kuzatar ekansiz, shaharmi yoki qishloq, shu vaqt ichida hamma serial tomosha qilish bilan band bo‘ladi. Tomoshabinlar orasida bog‘cha yoshidagi bolalar ham, maktab o‘quvchilari ham ko‘pchilikni tashkil etadi. Ular serialni kiprik qoqmay tomosha qiladi. Shunda bir savol tug‘iladi: Bolalar qachon dars tayyorlaydi yoki ustozlariga ko‘rgan seriallarini so‘zlab berishadimi?

Biz farzandlarimizga “Qulog‘imning tinchi, jonimning rohati” zaylida indamayotganimiz o‘zimizning oyog‘imizga bolta urish bilan barobardir. Ruhshunoslarning ta’kidlashicha, har kungi takroriy holat shartli refleks hosil qiladi va vaqti-vaqti bilan odam o‘sha narsaga ehtiyoj sezib turadi. Ke­yin esa asta-sekin butun hayot shundan iboratday bo‘lib qoladi. Bu, ayniqsa, yosh avlod kelajagi uchun katta xavf soladi. Bugungi kunda namoyish etilayotgan seriallar bolalarga ham “yuqib”, yillar o‘tgach o‘z asoratini ko‘rsatmaydimi? Eng achinarlisi, millat yoshlarining ma’naniy tarbiyasiga ana shu seriallar salbiy ta’sir ko‘rsatmay qolmasa kerak. Kelajak esa, ko‘p bora ta’kidlanganidek, yoshlar qo‘lida. Yoshlarni kattalar tarbiya­lashi va oq-qorani tanitishi lozim. Kinoshunoslarning fikricha, turk seriallari bizning mintalitetimizga mutlaqo zid. Xalqimizga ko‘proq Koreya-Xitoy hamda Yaponiya kinoijodkorlari tomonidan ishlangan “Oshin”, “Dengiz hukmdori”, “Saroy javohiri”, “So‘nggi qirolicha” kabi tarixiy seriallar mos tushadi. Bular yoshlar va kattalar ko‘radigan serial bo‘lib, ibrat olsa arziydigan jihatlari ko‘p.

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2008).