…Yaqin bir do‘stim akasi bilan bog‘liq voqeani gapirib berdi. Uning aytishicha, akasi hali maktabga bormaydigan qizini erkalatib, ko‘rpachaga yotqizsa, qizcha esa: «Dada, nega meni yotqizib oldingiz, axir sizning sevgilingiz emasman-ku!..» – debdi. «Hammasiga seriallar aybdor, – yozg‘iradi do‘stim, – jiyanlarimning bari bir qarich bo‘yi bilan serial ko‘radi, mana oqibati. Yoshim o‘ttizga yaqinlashdi, bola-chaqam bor, lekin televizorda yigit qizning qo‘lini ushlasa, uydagilardan xijolat bo‘lib boshqa kanalga olaman yoki o‘rnimdan turib chiqib ketaman. Hozirgi bolalar esa oxirigacha ko‘radi…»
Yigirma sakkiz yoshimda ota bo‘ldim. Qizimning dunyoga kelishi yuragimga qanchalar shodlik, quvonch olib kirganini bilsangiz edi. Farzandning bunchalar shirin, bunchalar aziz bo‘lishini oldinlari mutlaqo tasavvur qila olmagan ekanman. Har kuni ishdan kelib, uni qo‘limga olib o‘ynataman, qiqirlab kulishi, beg‘ubor qarashlari menga cheksiz zavq bag‘ishlaydi. Qizalog‘imning ma’suma che³rasiga boqar ekanman bir tomondan bu baxtiyorlikka shukronalar aytsam, boshqa tomondan esa meni savollar shodasi qiynayveradi: unga qanday tarbiya berishim kerak? O‘zbek qizlari hayo bilan urishib, ibodan arazlab qolgan bu zamonda dilbandimni tarbiyani buzadigan qanday tajovuz va tahdidlardan himoya qilishimga to‘g‘ri keladi? Qanday yo‘l tutsam u menga va onasiga rahmat keltiradigan, biz orzu qilayotgandek mastura qiz bo‘lib yetishadi?..
Ushbu savollarga javob izlar ekanman, avvalo oila va oiladan tashqaridagi muhitda bola tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan omillar ro‘yxatini tuzishga qaror qildim. Ular bilan siz ham tanishib ko‘ring.
YaNA O‘ShA SERIALLAR
Nima uchun televizor emas, aynan seriallar haqida gapirmoqchi bo‘lganimni izohlab o‘tay: har bir xonadon to‘ridan joy olgan zangori ekran bizni yangilik va turli ma’lumotlardan voqif etadigan muhim axborot vositasi yoki ertadan kechgacha chakagi o‘chmaydigan tarbiyabuzar sifatida xizmat qilishi mumkin. Qay birini tanlash esa o‘zimizga bog‘liq.
Oxirgi payt seriallar haqida ko‘p gapirilmoqda. Ochig‘i, tashvishga tushib qolganimizcha bor. Bema’ni seriallarni tomosha qilishga shunchalik berilib ketdikki (bu gap ko‘proq ayollarga tegishli), hatto endigina tili chiqa boshlagan bolalarimizning ham safimizga kelib qo‘shilishganini sezmay qolibmiz. Bu holat esa hali ijobiy natijasini ko‘rsatgani yo‘q, shaxsan men bunday bo‘lishiga ishonmayman ham.
Hayotiy misol keltiray. Yaqin bir do‘stim akasi bilan bog‘liq voqeani gapirib berdi. Uning aytishicha, akasi hali maktabga bormaydigan qizini erkalatib, ko‘rpachaga yotqizsa, qizcha esa: «Dada, nega meni yotqizib oldingiz, axir sizning sevgilingiz emasman-ku!..» – debdi. «Hammasiga seriallar aybdor, – yozg‘iradi do‘stim, – jiyanlarimning bari bir qarich bo‘yi bilan serial ko‘radi, mana oqibati. Yoshim o‘ttizga yaqinlashdi, bola-chaqam bor, lekin televizorda yigit qizning qo‘lini ushlasa, uydagilardan xijolat bo‘lib boshqa kanalga olaman yoki o‘rnimdan turib chiqib ketaman. Hozirgi bolalar esa oxirigacha ko‘radi…»
Bu o‘rinda aybni asosan ayollarimiz bo‘yniga yuklamoqchiman. Ular farzandlarini ko‘zdan qochirishni istamay, ko‘pincha tuturiqsiz sevgi mojarolaridan iborat serialni birga tomosha qilishadi. Shu tariqa hali voyaga yetmagan bolaning ongi bilimlarga emas, sevgi qissalariga to‘lib boraveradi va bu esa o‘z navbatida axloqan aynishga olib kelishi hech gap emas. Meni tashvishga soladigan yana bir jihat seriallarning yot madaniyat targ‘ibotchisi bo‘lishi mumkinligidir. Turk kinoijodkorlarining «Daniyalik kelin» filmida shunday epizod bor: kichkinagina qizaloq ovqatdan oldin qo‘llarini juftlagan ko‘yi nasroniycha duo o‘qiy boshlaydi. Undan nima qilayotganini so‘rashsa, «Falonchi serialda shunaqa qilishadi-ku», – deb javob beradi. Unutmang, bola ko‘rgan narsasini tahlil qilib o‘tirmay, shundayligicha qabul qilaveradi, serial qahramonlariga o‘xshagisi keladi. Siz bilan birga ekranga mixlanib o‘tirgan farzandingiz Xuan Antoniomi, Nazarmi yoki Rajivga aylanmasidan televizorni o‘chirib, unga ezgulikdan hikoya qiluvchi kit
oblar o‘qib bering.
Yaqinda milliy seriallar stsenariylari uchun tanlov e’lon qilinganini eshitib juda xursand bo‘ldim. Allaqachon shunday qilish kerak edi. Janubiy Amerikaning mentalitetimizga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydigan seriallaridan bezib, Sharqqa murojaat qilib ko‘rdik. Lekin bu bilan ahvol yaxshilanib qolgani yo‘q. «Muhabbat dardlari» va «Ikki qalb»da zinoning sevgi deb atalishi, koreys seriallarida qizlarning ham ichib-chekishini oqlab bo‘lmaydigan hol deb hisoblayman.
MULTFILMMI YoKI…
Bir kuni jiyanlarimga qo‘shilib multfilm (uzr, nomi esimda yo‘q) tomosha qildim. Tomosha qildimu hayratdan yoqa ushladim, bunaqa multfilmlarni kim tanlab, namoyishga tavsiya qiladi? Bir mahal qahramonlar, ya’ni yigit va qiz… o‘pishib ketsa bo‘ladimi? Tavba, biz bolaligimizda quyonchalar, ayiqchalar, kapalaklar haqida, do‘stlik, kattalarni hurmat qilish haqida multfilmlar ko‘rardik, hozirgilari esa…
Shu o‘rinda bolalarimizga atalgan milliy multfilm va badiiy filmlarning nihoyatda tanqisligini alohida ta’kidlashni istar edim. «Zumrad va Qimmat» yoki «Tilsimoy»ni bir yilda necha marta ko‘rsatish mumkin? Azbaroyi o‘zimizniki yo‘qligidan bolalarimiz Gollivud mahsulotlarini tomosha qilishga majbur. Gollivudda esa hatto hayvonlar ham bir-biriga sevgi izhor qiladi. Yoxud «Pokaxontas»ga o‘xshash animizmga e’tiqod qiluvchilar haqidagi multfilm kichkintoylar tasavvuriga qanchalik putur yetkazishini o‘ylab ko‘rmaymizmi? Axir multfilm yoki kino qilishga arzigulik ertaklarimiz yetarli-ku. Shuningdek, televideniyeda bolalar uchun atalgan ko‘rsatuvlar soni va mavzusini ko‘paytirish maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Jujuqlarimizdan bir so‘rab ko‘raylik-chi, «Oltin toj» yoki «Davrning bolasi»dan qanchalik zerikishdi ekan.
Men endigina dunyoni taniy boshlayotgan farzandlarimizni tashqi olamdan uzish, o‘zga xalqlar madaniyati bilan tanishtirmaslik kerak, degan fikrdan zinhor yiroqman. Lekin bu tanishtiruv milliy qadriyatlarimiz, o‘zbekona madaniyatimizga ters kelmaydigan ma’lumotlardan iborat bo‘lmog‘i lozim, toki ularning murg‘ak e’tiqodlariga zarar yetmasin.
KOMPYuTER TUZOG‘I
Zap ajoyib zamonda yashayapmiz-da, har qadamda internet kafe yoki kompyuter klubi. O‘ziga to‘qroq oilalar esa farzandlariga kompyuter sovg‘a qilishyapti. Achinarli tomoni esa ushbu zamonaviy texnika yutug‘ini bolalarimiz o‘yin o‘ynaydigan yoki kino ko‘radigan vosita sifatida qabul qilishadi. Istalgan kompyuterxonaga kiring, hali maktabga bormaydigan mittivoylardan tortib, darsdan qochgan «quyon»largacha berilib o‘yin o‘ynashayotgan bo‘lishadi. Alam qiladigani shuki, o‘zbek bolasi Amerikadami, Singapurdami ishlab chiqarilgan o‘yinni o‘ynayveradi, turli dasturlardan foydalanadi, lekin o‘zi ham kompyuter dasturi yaratishi mumkinligi haqida o‘ylab ko‘rmaydi. Bu esa bizning noto‘g‘ri tarbiyamiz natijasidan boshqa narsa emas.
Endi kompyuter o‘yinlari haqida. Shaxsan o‘zim ularning muxlisi emasman, ammo har safar internet kafega borganimda bolalar o‘ynayotgan o‘yinlarga bir qur qarab o‘taman – dahshatning o‘zginasi. O‘yinlarning aksariyat qismi jangovar ruhda bo‘lib, maqsad raqibni qirish. Tish-tirnog‘igacha qurollanib, hujum uyushtirish va dushmanning qizil qoni har tomonga sachrashi bolalarga olam-olam zavq bag‘ishlayapti. Menimcha, bunday o‘yinlar bola ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, uni jizzaki va agressiv qilib qo‘yishi hech gap emas.
Internet o‘smirlarning sevimli ovunchog‘iga aylanib ulgurdi. Ularning nazarida internetda ishlash chatda suhbatlashishdan boshqa narsa emas yoki…
Mazkur axborot vositasining butun dunyoni qamrab olganligi va deyarli nazorat qilinmasligi esa turli noma’qul ma’lumotlarning urchishiga olib keldi. Ayni paytda internetda axloqsizlikning eng «oliy» namunalarini uchratish mumkin. Eng xavotirlisi ham ana shunda. Farzandingiz xonasiga qamalvolib internetdan soatlab bosh ko‘tarmayotgan ekan, albatta uning nimalar bilan bandligini tekshirib ko‘ring. Aynan internet tufayli pornografiga yetishish mutlaqo muammo tug‘dirmasligi aslo yodingizdan ko‘tarilmasin.
Eng ma’qul yo‘l – farzandlarimizda kompyuter va internetda ishlash madaniyatini shakllantirish, yaxshini yomondan ajrata bilishni o‘rgatish.
XULOSA O‘RNIDA
Hozircha shular. Atigi uch banddan iborat ro‘yxatimga nazar solsam, faqat axborot vositalari haqida gapiribman. Zero, insonlar ongiga juda katta ta’sir ko‘rsatadigan ham aynan shulardir.
Farzandning jamiyatga foydasi tegadigan, komil inson qilib tarbiyalash har bir ota-onaning burchi. Demakki, eng birinchi navbatda ota-onaning o‘zi tarbiya ko‘rgan, bilimli va dunyoqarashi keng bo‘lishi darkor. Tan olish kerakki, biz ko‘pincha bolaning endigina o‘sib kelayotgan qiziqishini, dunyoni bilishga bo‘lgan istagini so‘ndirib qo‘yamiz. Uning «Manavi nima?», «Nima uchun?» tsingari savollariga javob berish o‘rniga, tergashga tushib ketamiz. Oqibatda esa farzandimiz o‘ylamay qo‘yadi, endigina kurtak otgan qiziqishlari adoi tamom bo‘ladi.
Oilamizni quvonchga to‘ldirib dunyoga kelgan bolajon o‘z-o‘zidan voyaga yetib qolmaydi. Toki o‘z ajdodlarini tanimas, ongi va tafakkuri o‘zbekona madaniyat va milliy qadriyatlarimiz bilan charxlanmas ekan, unday farzanddan sadoqat kutmay qo‘ya qolaylik…
Abror Adhamzoda