Bahodir Mo‘minov. “Kuyov osh yemadi”

Yoshi ulug‘ ota-bobolarimizning aytishlaricha, bir zamonlar odamlar ikkita qotgan non, ikki qisim jiyda, agar topilsa bir hovuch mayiz bilan to‘y qilishgan ekan. Bugun esa o‘zbekning har bir kuni to‘y-tomoshasiz o‘tmaydi. Shukrkim, bu xildagi marosimlarga borsangiz elimizning dasturxoni to‘kisligiga, asaldan tortib novvotgacha borligiga guvoh bo‘lamiz. Bu osoyishta-farovon, to‘kin-sochin hayotimizdan nishona. Qolaversa, mustaqil O‘zbekistonimizda insonlar baxtli yashayotganidan dalolat emasmi? Buning esa qadriga yetishimiz kerak.

Bugun xalqimiz orasida ayrim kishilar o‘zlari o‘ylab topgan turli “odatlari” bilan to‘ylar qilishayotgani haqida ko‘p yozishmoqda. Shunday bo‘lishi tabiiy. Chunki qovun-qovundan rang oladi, deganlariday ba’zi ucharlarga ergashib, ko‘plab yurtdoshlarimiz yillab peshona teri evaziga topgan pulini bir kunlik to‘y dabdabalari uchun sarflashmoqda.

So‘zimiz quruq bo‘lib qolmasligi uchun bir misolni keltirib o‘taman. Yurtimizning boshqa hududlarida bo‘lgani kabi Namangan viloyatining ayrim qishloqlarida ham «kuyov osh yemadi» udumi bor. Unga ko‘ra, kelinning uyiga kuyov navkariga borgan yigitlar bor ovozlari bilan «kuyov osh yemadi», deb baqirishlari lozim. Shunda kelin tomondan kimdir biror bir sovg‘a berib kuyovga osh yediradi. Aks holda, quruq qo‘l bilan qaytishlari hech gap emas. Yaqinda chekka qishloqlarning birida ushbu udumning qanday o‘tkazilishi ustidan chiqdim. O‘zlarining baqir-chaqirlari butun qishloqqa eshitilganidan xursand bo‘lgan kuyov jo‘ralar borgan joylaridan kamida televizor bilan DVD pleer olib kelinishiga ishonishardi. Buni qarangki, ularning ta’bini bilmagan sho‘rlik qaynota qo‘lida «Madonna» gilam bilan xonaga kirib keldi. Buni ko‘rgan kuyov jo‘ralardan biri «ota, shuncha baqirganimizga bitta gilammi?», desa bo‘ladimi?

Bu ham yetmaganidek, ayrim hollarda kuyovlar qaynotalariga uyalmay o‘z istaklarini aytishgacha borishayotgani taajjublanarli. O‘sha kuni mahalla oqsoqoli shunday yigitlardan nolib qoldi:

— Sovuq qish kunlarining biri edi, — deb gap boshladi u. — Erta tongda qo‘shnimiz Xolida opa uyimizga chiqibdi. Yaqindagina qiz uzatib yelkalarini bosib turgan tog‘dan xalos bo‘lgan qo‘shnimizning kayfiyati tushkun edi. Avvaliga uning bu holatini to‘yning tashvishlaridan charchagan bo‘lsa kerak, deb o‘yladim. Ammo uning halovatsizliklariga boshqa sabab bordek tuyuldi. Shu haqda o‘ylab turgandim, Xolida opaning o‘zi so‘z ochdi:

— Qo‘shni, bir iltimos bilan chiqqandim, — dedi u ma’yus ohangda. — Iloji bo‘lsa, ozgina qarz berib tursangiz. Kecha qizim kelib ketgandi. O‘zizdan qolar gap yo‘q. Yangi kelinning ota-onasi har bayramda qudasinikiga sovg‘a-salom yuborishi kerak. “Yangi yilda kuyovingizga palto bilan telpak olib berasiz”, deb kelibdi bechora qizim. Shunga pulimiz yetmayroq turibdi.

Darhaqiqat, xalqimizning bayramlari ko‘p. Yangi orzular, yangi marralar sari eltuvchi, insonlarga xushnudlik ulashuvchi bu tantanalarning tashrifi, afsuski, kimlar uchundir hozirgidek tashvish tug‘dirmoqda. Har bayram arafasida yangi kuyov esa vijdoni qiynalmay qaynotasining pullari evaziga «nimalikdir» bo‘lib qolishdan, qaynona esa kelininikidan kelgan qo‘sh-qo‘sh savatlar bilan qo‘ni-qo‘shniga maqtanishdan uyalishmayapti. Eng achinarlisi, kuyov bo‘lgan ayrim yigitlar do‘stlari davrasida og‘iz ko‘pirtirib maqtanishni or bilmayaptilar. Shundaylardan birining aytishicha, egnidagi Turkiyaning qimmat kostyum-shimini ayolining ota-onasi hayitlik sifatida «in’om» etgan emish.

Shu o‘rinda qizlarga ham aytar so‘zimiz bor: aziz qizlarjon! Sizlarga yaxshi ma’lumki, ota-ona o‘z farzandi uchun har narsaga tayyor. Sizning baxtingiz, quvonchingiz uchun har qanday qiyinchilik chikora ularga. Biroq bu har bayramda tog‘ora-tog‘ora osh, boshdan oyoq ki­yim-kechak, farzand suyunchisiga zamonaviy servant hadya qiling, degani emas. Zero, shuni bilingki, sizdan ke­yin ham uylanadigan akangiz, turmushga beradigan singlingiz bor. Ularni uyli-joyli qilish ota-ona zimmasida. Shunday ekan, keling, sizning uyingizga qo‘shni kelinnikidan ko‘ra kamroq savat borsin. Kamtarlikka intiling. Hayitlikka televizor aytish o‘rniga turmush o‘rtog‘ingiz bilan baxtli hayot kechirish haqida o‘ylang. Bayramda yaxshi tilak, ezgu istakning o‘zi ham bebaho sovg‘a.

Aslida oila uchun zarur bo‘lgan ashyolar eru xotinning mehnat qilib topgan pullari evaziga sotib olinsa, taassurotlari boshqacha bo‘ladi.

Agar oila yaxshilik, ezgulik kabi xislatlar ustiga bunyod etilsa, jamiyat ham, mamlakat ham, farovon va nurli bo‘ladi. Ikki yoshning baxt­li turmushidan ko‘zlangan maqsadi turli hoyu havaslar evaziga qandaydir buyumlar orttirish emas-ku.

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2011).