Tanishim lafz, oriyat haqida yozibdi. G‘ashim keldi. Yo‘q, hasaddan emas……
Keling, dastavval, uni sizga tanishtiray. Umuman olganda, o‘zi yomon odam emas. Hamma qatori. Vaqti kelsa, jahl qiladi, urishadi, so‘kadi. Bularni tushunsa bo‘ladi. Ammo… Bir “ammo”si bor-da: aytgan gapida turmaydi, va’da bersa, bajarmaydi. Ya’niki, yozganlariga o‘zi amal qilmaydi. Shunisiga chiday olmadim.
Tarbiya –og‘ir, mashaqqatli jarayon. Ayniqsa, o‘zini o‘zi tarbiya qilish. Nafsimiz hamisha tarbiyaga muhtoj ekanligini hisobga olsak, bu jarayonda o‘zimizdan orta olishimiz juda katta gap. O‘zgalar tarbiyasi haqida-ku, aytmasa ham bo‘lar.
Tanishimni, uning yozganlarini bejizga eslamadim. U o‘zi amal qilmaydigan fazilatlar haqida gapirdi. Shu orqali kimgadir “tarbiya bermoqchi” bo‘ldi. Shuni “hazm” qilishga qiynaldim. Uni o‘qiganlar nima deb o‘yladi ekan?
Tarbiyaning boshi amal hisoblanadi. Afsuski, ko‘pchiligimiz buni unutib qo‘yyapmiz. Shuning uchun bo‘lsa kerak, aytganlarimiz quruq gap bo‘lib qolaveryapti. Bu holda boshqalarga qanday ta’sir qilish mumkin?
Keksa bir jurnalistning gaplariga bir quloq tutib ko‘raylik: «To‘g‘risini aytay, har gal qo‘limga qalam olishdan oldin juda ko‘p o‘ylayman. U xoh kichik bir maqola bo‘lsin, xoh kattarog‘i, ancha paytgacha dunyo yuzini ko‘rsatgim kelmaydi. Go‘yo kimdir tepamda turib kuzatayotganday. Yozganlarimga yolg‘on aralashsa, “O‘zingga boq” deb ustimdan kulayotganday bo‘laveradi. Shunday bo‘lsa ham, ba’zi “asar”larimiz hech qiyinchiliksiz chiqib ketdi. O‘qisam, hozir ham uyalaman».
Aytilgan har bir so‘zning javobi bor. Demak, noni so‘z bo‘lgan ijodkorlarning zimmasidagi mas’uliyatning zalvorini tasavvur qilish qiyin emas. So‘zlarning o‘zi ogohlantiradi: o‘ta hazir bo‘lish kerak. Ba’zan qalam ham yozishni “istamay” qoladi. Demak, ahvol chatoq. O‘zimizni to‘g‘rilashimiz kerakka o‘xshaydi. Aksariyat gaplarning qog‘ozdagina qolib ketayotganiga ham sababchi, ehtimol, “tarbiyali” muallifning o‘zidir. Kim bilsin, faqat o‘zimiz amal qiladiganlar haqida yozsak, qog‘ozni to‘ldira olarmikanmiz?
O‘qituvchi – o‘quvchi, tarbiyachi – tarbiyalanuvchi. Inson o‘qitishni, tarbiyalashni, avvalo, o‘zidan boshlashi kerakligi har bir ishda ayon bo‘lmoqda. “Domlaning aytganini qiling-u” qabilidagi gaplar haqiqiy o‘qituvchiga tegishli emas. Chinakam ustoz tarbiyada, eng avvalo, o‘zi o‘rnak bo‘ladi. Halollik haqida og‘iz ko‘pirtirib gapirgan domlaning o‘zi ertaga bahosini “ko‘tarib” berish evaziga o‘quvchisidan pul so‘rasa, aroqning harom ekanligini qayta-qayta uqtirgan muallim davrada mast-alast “tomosha” ko‘rsatsa, uning amali qaerda qoladi? Bunday “tarbiya” tarbiyalanuvchiga qanday ta’sir etadi?
Aslida, tanishimni ayblayverishim ham noto‘g‘ri. Unga rahmat: menga yaxshigina tarbiya berdi. Bo‘ldi, yana bir oz yozsam, o‘zimga qiyin bo‘ladi…
Behzod Fazliddin