G‘aybulla Hojiyev. Sodiq boboning ketmoni

“Qari bilganni pari bilmas”, deydilar. Darhaqiqat, ko‘pni ko‘rgan, hayot maktabini o‘tagan insonlarning har bir so‘zi hikmatga yo‘g‘rilgan, xatti-harakatlari ibratliki, ularga taassub qilgan, ulardan o‘rnak olganlar xato qilmaydi.
Taniqli teatr va kino aktyori, dublyaj ustasi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist G‘aybulla Hojiyevning xotira-bitiklari bilan tanishar ekanmiz, bunga yana bir bor amin bo‘ldik.

Bobom o‘giti

Ona tarafimdan bobomni Muhammad Safo Maxsum Buxoriy deyishardi. U kishi Samarqand, Buxoro madrasalari tahsilini olgan, o‘ziga yetgulik donishmand, zukko kishi bo‘lganlar. She’r yozganlar, lekin o‘zlarini shoir emas, gulchin — shoirlar bo‘stonidan gul teruvchi muxlis deb hisoblaganlar. Ajabki, shunday ziyoli, ilmli bobomni, men es tanib, oddiygina maktab qorovuli qiyofasida ko‘rganman. Istiqomat joylari maktabimizga kiraverishdagi qorovulxona — mo‘jazgina kulbacha edi. Sababini keyin tushunganman: bu sho‘ro qatag‘oniga bog‘liqholat bo‘lib, aksari ziyoli odamlar o‘zlarini savodsiz, omi ko‘rsatib, nazarnogir (nazar ilmas) kasb-korlarda ishlashni ma’qul ko‘rgan ekanlar.
Bobom qorachadan kelgan, ixchamgina tana-to‘shli, mosh-guruch soqollari kalta kuzalgan, yuzlarida doim nimtabassum, qo‘llari ko‘ksilarida, nuroniy bir mo‘ysafid edilar. Bir oyoqlari xiyol oqsardi. Har erta sahar bomdod namozidan so‘ng maktab hovlisiga chiqib, qishda qor kurab, yo‘laklar ochar, yoz bo‘lsa suv sepib, supurib-sidirib ozoda qilib qo‘yardilar.
Bobomning xotiramga qattiqo‘rnashgan o‘gitlaridan biri shu ediki, “bolam, hargiz pardadarron bo‘lmang, hech kimning pardasini yirtmang, aybiga pirioxan, ya’ni ko‘ylak (yopinchiq) bo‘ling”, derdilar.
Mabodo huzurlariga kelgan odam (u kishini yo‘qlab keluvchi ko‘p bo‘lardi) birovni yomonlasa yoki undan shikoyat qilib qolsa, xomush bo‘lib eshitardilar-da, keyin beozor kulimsirab e’tiroz bildirar edilar.
“E, falonchi, siz bekorga ranjib yuribsiz, xuddi kecha edi, o‘sha falonchi iningiz kelib edilar. Mana shu sizning o‘rningizda o‘tirib, duoi joningizni qilib, obdon olqadilar. Haligi xizmatingizdan minnatdorki, qo‘yaverasiz…”ga o‘xshagan gaplar bilan suhbatdoshi ko‘nglidagi gina-kuduratlarni tumandek tarqatib yuborardilar va haligi odam bobomning huzuridan qushday yengil tortib chiqib ketardi. Boshqa bir safar esa bu odam haqidagi shunaqa yaxshi gaplarni narigi kishiga gapirib, uni ham quvnatib o‘tirganlarini necha martalab shohidi bo‘lganman.
— Bolam, odamlar o‘rtasiga ko‘prik tashlang, hargiz jarlik paydo qilmang, —deya nasihat qilib o‘tirardilar rahmatli bobom.

Himoyachi

Mening bolalik davrlarim (o‘tgan asrning ellik-oltmishinchi yillari)da biz tomonlarda negadir yetim bolalar ko‘p bo‘lar va ularning aksari maktabda tarbiyasi og‘ir o‘quvchilar hisoblanardi. Bir kuni shunday o‘quvchilardan uchtasi maktab bufeti tomini teshib, ichkariga tushibdi. O‘g‘irlashga narsa topilmaganmi yoki bunday niyatlari bo‘lmaganmi, ular kattagina idishdagi povidloni o‘rtaga olib, nonga surtib yeb turgan holatda qo‘lga tushib qolishadi. To‘daboshi Ismoil degan o‘quvchi maktabdan haydaladigan, qolgan ikkitasiga hayfsan beriladigan bo‘ladi. Shunda, hali aytganimdek, maktabimiz qorovuli, istiqomat joylari qorovulxona bo‘lgan bobom o‘rtaga tushadilar. “Tomni o‘zim tuzatib beraman, bolalar yegan nonu povidlo pulini moyanamdan chegirib qolasizlar”, deb tomteshar bolalar gunohini so‘rab oladilar.
Shu voqeadan so‘ng Ismoilni va unga o‘xshagan o‘n besh-yigirma nafar o‘quvchi bola tarbiyasini direktor bilan kelishib, o‘z zimmalariga olgan ekanlar. Amak Maxsumning (bobomga shunday murojaat qilishardi) ta’siriga berilgan bu bolalar hammasi keyinchalik hayotda o‘z o‘rnini topib ketadi. Jumladan, Ismoil Husaynov Toshkentda — konservatoriyada tahsil oladi. Mashhur sozanda (klarnet cholg‘usida) bo‘lib yetishadi. Buxoro musiqa bilim yurtida uzoq yillar dars beradi. Ismoil aka bobomni o‘z otasiday ko‘rib, harbayramda, xususan Navro‘z va Hayit bayramlarida bobom Muhammad Safo Buxoriyni yo‘qlab, ziyorat qilib ketganlari yodimda.

Tuguncha

Bobomning G‘ulomjon degan do‘stlari bo‘lardi. Negadir shishasi to‘q yashil rangli ko‘zoynak taqib yurar, ziyoli, ta’bi nazmi tuzukkina otaxon edi. Lekin bir qusuri bor ediki, qachon bobomning oldiga kelmasin, gapi orasida noxush bir xabari bo‘lardi: kimdir vafot etgan, kimningdir uyini o‘g‘ri urgan yoxud qay bir er-xotin ajrashganga o‘xshagan…
Bir safar bobom qiziq ish qildilar. G‘ulomjon do‘stlari bilan uzoq chaq-chaqlashib o‘tirdilar-da, do‘stlari xayrlashib, yo‘lga otlangan mahali, “G‘ulomjon bir nafas o‘ltira turasiz”, dedilar. Keyin meni yonlariga chaqirib, qo‘limga pul berib, guzarga choptirdilar. Ismat holvagardan halvoyi sabuniy, lafz halvo xarid qildim. Novvoydan to‘rtta issiq non olib zumda ortimga qaytdim. Bobom bularning hammasini yangi belboqqa tugdilar-da, do‘stlariga tutqazdilar. G‘ulomjon bobo ajablanib so‘radilar:
— E, Safo Maxsum, buning boisi ne?..
— Boisi shulki, mullo G‘ulomjon, bugun noxush xabar keltirmadingiz, shuning suyunchisiga sizga hadya, — dedilar nimtabassum bilan.
G‘ulom otaning ham sho‘xligi tutib, “E, shundoq bo‘ldimi, bugunam bittasi bor edi, xotirdan chiqibdi, yaxshi esga soldingiz”, dedi.
Bobom uni gapirtirmadi.
— Xudo xayringizni bersin, bugun qaytarib keting xabaringizni, — dedilar. Ikki do‘st baralla kulib yuborishdi.

Saboq

Bu ibratomuz hangomani rahmatli otam Ne’matjon mulla Hoji o‘g‘li kula-kula so‘zlab bergandi. U kishi fin urushi, nemis urushlarida qatnashib, qayta-qayta yaralanib, qayta-qayta tuzalib, nihoyat urushni oxirlatib qishlog‘iga qaytgan, foydaga qolgan umri shukronasiga hammaga yaxshilik sog‘inguvchi, yaxshilik qilishga intilguvchi shokir bir zot edi.
U kishi uylanib, uch-to‘rt yil muddatni o‘tkazgach, otauyidan ko‘chib chiqadigan bo‘ladi-da, shaharning qishlog‘imizga yaqinroq bir mavzeidan imorat joyi o‘lchatib oladi.
— Belgi qoziqlar bilan ihotalangan imoratim joyini viqorla aylanib chiqdim-da, keyin bitta ketmon topib, “bismillo” deb ishga kirishmoqchi, o‘ydim-chuqurlarni tekislab qo‘ymoqchi bo‘ldim, — deb eslaydi otam kulimsirab. — G‘ayratlanib tanish eshikni taqillatdim. Ichkaridan ota qadrdonim Bobo Sodiqiy (Sodiq boboga shunaqa murojaat qilishardi) yo‘g‘on ovozda yo‘talib-yo‘talib chiqib keldi.
Basavlat, oppoq soqolli, qarashlaridan odam hurkadi….
Otam Bobo Sodiqiy bilan qo‘shqo‘llab ko‘rishadi.
— Keling-da, pisar, — deydi qariya salom-alikni qisqa qilib. —Hamsoya bo‘lyapsiz ekan deb eshitamizu, o‘zingizni ko‘rmaymiz…
— Endi kunda-shundamiz, bobo, —deydi otam iljayib, —faqat joningizga tegib ketmasak bo‘ldi…
Hazilni iqi suymaydigan Bobo Sodiqiyning qovog‘i uyuladi. Otam darhol hushyor tortadi-da, muddaoga ko‘chadi.
—Bobo, ketmoningizni berib tursangiz.
—Ketmon?
—Ha, ketmon kerak edi, o‘ydim-chuqurlarni tekislamoqchi edim. Keyin…
Sodiq Bobo otamning gapini oxirigacha eshitmay, ichkariga kirib ketadi-da, andak hayallab, la’liday keladigan, og‘ir bir ketmon ko‘tarib chiqadi.
— Mullo Ne’mat, mana ketmon…
— E, Rahmat, Bobo Sodiqiy, zo‘r ekan o‘ziyam… Bir-ikki kunda qaytib beraman… — deb otam ketmonga qo‘l uzatadi. Lekin qo‘li havoda qoladi. Bobo Sodiqiy ketmonni berishga oshiqmaydi…
— Mana, ketmon, ko‘rdingizmi, bor ekan-a? Lekin, sizga ketmon yo‘q, xafa bo‘lmaysiz… — deydi-da, otamni eshikda qoldirib, orqasiga qaytadi.
Umrida bu qadar izzayu mulzam bo‘lmagan otam qizarib-bo‘zarib, uyiga qaytib keladi-da, onamni yoniga chaqiradi.
— Daftar-qalam olib kel. Bu yerga o‘tir-da, yoz, — deydi.
Shu kuni qo‘lida onam yozib bergan ro‘yxat bilan bozorga ketgan otam ikkita ketmon, ikkita belkurak, yana bolta, tesha, arra, poytesha, qo‘yingki, ro‘zg‘orga, imorat qurilishiga nimaiki kerak bo‘lsa, hammasidan bir juftdan xarid qiladi. Keyin usta saqlab, imoratni boshlaydi.
Yoz oxirlarida imorat bitadi. Ko‘chib kirishadi. Odatga ko‘ra mahalla-ko‘y qariyalarini chorlab, xudoyi qilishadi. Bobo Sodiqiy ham keladi. Oshu ob, duoi fotihadan keyin chollardan orqada qolgan Bobo Sodiqiy otamning yoniga kelib, tirsagidan tutadi.
— Mullo Ne’mat, bilaman, siz mandan xafasiz. Lekin xafaligingiz nodurust, — deydi salmoqlab. — Agar man o‘shanda ra’yingizni qaytarmasam edi, ehtimolki, imoratingiz bu yil bitmay qolardi. Bilasiz, rahmatli mulla Hoji eng yaqin qadrdonim bo‘lgan. Shunday odamoxun, hamiyatli qadrdonimning o‘g‘li imorat solishga bel bog‘lagan bo‘lsayu, ketmon tilanib yursa ayb bo‘ladi-da. Ketmon bersam, ertaga poytesha so‘rab chiqardingiz. Ana shunaqa yomon xislat fe’lingizga o‘rnashib qolardi. Bu esa mulla Hojining nomiga yarashmaydigan ish bo‘lardi, pisar. Mana ko‘rib turibman, hovlida hamma narsa badastir, hatto oftobagacha ikkitadan olib qo‘yibsiz. Asbob-anjomlar hammasi top-toza, moylangan, yaltirab turibdi. Baraka toping, pisarim, oriyatli ekansiz, mani xursand qildingiz…
— Shu-shu bo‘ldi-yu, Bobo Sodiqiyni xuddi otamday yaxshi ko‘rib qolganman, — degandi otam o‘ychan tortib. — Uch-to‘rt oy arazlab, jahl qilib yurganlarim bir bo‘ldi-yu, o‘sha kungi nasihati bir bo‘lgandi. Ko‘zimni ochgandi…
Ulug‘ bir yoshga kirib dunyodan o‘tgan Bobo Sodiqiyning bir paytlar otamni izza qilgani otam orqali o‘tib menga ham ta’sir etgani, saboq bo‘lgani shubhasiz, deb o‘ylayman…

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 23-sonidan olindi.