Oybek. “Navoiy” romanini qanday yozdim

Navoiy she’riyati va Navoiy obrazi hamisha kuchli bir quyosh kabi ko‘nglimni tortar edi. O‘z asarlarimda shoir Navoiy obrazini yaratishga zo‘r mayl, orzu, istagim bor edi. Lekin tarixga ko‘z tashlasam, Navoiy gigant, buyuk bir siymo holida qarshimda turar edi. Yoshligimdan beri Navoiyning o‘lmas, abadiy she’rlarini sevib o‘qir edim, uning jozibali g‘azallari borgan sari ko‘nglimga singib bordi, shakl va mazmunlari yuragimni mast va maftun etdi.

O‘zbek adabiyotining eng buyuk me’mori ulug‘ Navoiyni biz endigina tekshirishga boshladik. Uning misli yo‘q “Xamsa”si, dilbar g‘azallarini chala-chulpa, pala-partish tekshirishlar boshlandi; lekin ba’zi adabiyotchilarning ayrim asarlari diqqatga sazovordir. Umuman aytganda, Navoiy haqidagi tekshirishlar hali tor va sustdir. Chuqur mazmunli, vaznli tekshirishlar hanuz yo‘qdir.

Taxminan 1936-37 yillar kichik poema — “Navoiy”ni yozdim. Lekin bu mashq Navoiy obrazini yaratishda chizilgan faqat bir eskiz edi. Keyin 1942 yil buyuk polotnoga o‘tib, “Navoiy” romanini yozdim. Buning uchun, albatta, Navoiyning barcha asarlari, Navoiy yashagan davrning tarixi, u davrning sotsial qiyofasi, u davr jamiyatining xarakteri, urf-odati, xulqi-atvori bilan tanishishga to‘g‘ri keldi. Ko‘p tarixiy faktlar, materiallarni yig‘dim, ularni tahlil etib, mag‘zini chaqish uchun chuqur his etishga, o‘ylashga boshladim. Bu ishga shu qadar g‘arq bo‘lgan edimki, romanning ish plani qog‘ozda yo‘q edi. U mening ko‘nglimda, yodimda edi, butun borlig‘imni band etgan edi. Yursam-tursam hamisha Navoiyni o‘ylar edim. Uning ma’nodor aqlli ko‘zlari, xushfe’l, rahmdil, olijanob qiyofasi, asl, pok ulug‘ qalbini his etardim, ko‘z o‘ngimda ko‘rardim. Uning teran, nozik, falsafiy fikrlarini to‘la tushunishga urinardim. Roman personajlari haqida, ularning xarakterlari, bir-birlaridan farqi, bir-biriga munosabatini ravshan, yaqqol berish ustida xayol yuritib, obrazlarni tarashlardim. Nihoyat, yurakka yiqqan, yurakda saqlangan bu materialni yoza boshladim. Shuning uchun asar yaratish kabi mushkul, og‘ir ish dunyoda yo‘qdir, — deyman… chuqur his etish, qalbning zo‘r hayajoni, o‘tkir fikr, fahm, ajoyib ilhom… bilmadim, yana va na xislatlar kerak.

Masalan, faraz qilaylik — Navoiy va Boyqaro masalasi. Bular tarixiy konkret shaxslardir. Bularning obrazlari, o‘zaro munosabatlari, farqlari katta, keng, murakkab va g‘oyat qarama-qarshidir. Ayrim boblardagi voqealar tarixiy chin, realdir; ayrim boblardagi voqealar esa shu zamon xarakteriga muvofiq tuzilgan xayolimning natijasi, mevasidir. Umuman aytganda, bu romanda men ko‘rsatishim lozim bo‘lgan davr, Navoiy davri, qiyin, murakkab davrdir. Roman ustidagi mehnatimda mushkul va murakkab voqealarga ko‘p uchradim. Romanda tarixiy voqealarni to‘g‘ri berganman, lekin ba’zan xayolga ham oz-moz huquq berib qo‘yganman; bu narsa istak, orzu hislarimning ishi, ilhombaxsh narsalar, albatta.

Olaylik Navoiy va Jomiyni. Romanda Navoiy va Jomiyni tarixiy chin va haqiqiy, to‘g‘ri berdim. Navoiy va Jomiyning uchrashuvlari, suhbatlari haqiqiy real voqealardir. Lekin bu voqealar tarixiy haqiqiy materiallardan xira ko‘rinadi. Qanday qilayki, tarix ishlari, hayot shunday murakkab.

Jomiyning hovli-joyi, hujrasi, kitob ustida chuqur mutolaasi, Jomiyning muomalasi, so‘zlashi, qiliqlari, odati, xayoli, dunyoqarashlari — jinday fantaziya qo‘shilgan xayolim mevasidir.

Til masalasi ayrim masaladir. Navoiy yashagan davrlarda o‘zbek tili o‘ziga xos rangli, to‘la, ta’sirli til edi. “Muhokamatul lug‘atayn”da Navoiy turkiy tili xususida ko‘p yaxshi gapiradi, fors tili haqida umuman aytganda, andak shikoyatomuz gapiradi.

Navoiydan so‘ng kambag‘allashgan, rangini yo‘qotib o‘cha boshlagan o‘zbek tili inqilobdan boshlab yana jonlana ketdi. Jozibali ifodalar, rang-barang boy turlar bilan to‘la boshladi.

Men Navoiy tilining qudratini, go‘zalligi va husnini to‘la ko‘rsatishga tirishdim. Uning tilidagi ayrim o‘tkir, mohir, salmoqli ifodalarni, Navoiyga xos terminlar va shakllarni ishlatdim. Navoiyning yorqin she’rlaridan, sotsial motivlaridan jindek kiritdim.

Xonalar, podshohlar, vazirlar, beklarning dabdabali ifodalarini, ruhoniylarning forsiy va arab so‘zlariga g‘arq bo‘lgan, bejalgan usullarini ko‘rsatdim. Xalqning ma’noli, boy, original, jonli, o‘ziga xos ravshan tilini ko‘rsatdim. Buning uchun, albatta, u davr adabiyotini, hayotini, xalq tilini chuqur, mufassal o‘rganishga tirishdim. Yozuvchilar tilni xalqdan o‘rganishlari lozim. Xalq tili ajoyib uchirmalar va qochiriqlarga boy bitmas-tuganmas asl manbadir.

“Navoiy” romanida asosan u davrdagi sotsial hayotni, kuchli intrigalarni, murakkab siyosiy voqealarni aks ettirishga tirishdim.