(XVIII asrda va XIX asrning birinchi yarmida Toshkent)
Bu davrda Buxoro, Samarqand, Qo‘qon, Toshkent, Xiva va Turkiston O‘rta Osiyoning yirik savdo-hunarmandchilik va madaniy markazlari hisoblanardi. Ushbu shaharlar o‘lkaning chet mamlakatlar bilan siyosiy va iqtisodiy aloqalarida yetakchi mavqeni ham egallab kelgan. O‘rta Osnyo bilan Rossiya o‘rtasidagi aloqalar ayniqsa samarali bo‘ldi. Chunki ikqala mamlakat ayirboshlaydigan savdo-sotiq mollari asosan tayyor mahsulotlardan iborat edi. Ular ishlab chiqarish kuchlarini rivojlantirish uchun muhim ahamiyat kasb etardi. O‘rta Osiyodan turli gazlamalar, xilma-xil kiyim-kechaklar va boshqa tayyor mahsulotlar jo‘natilardi. Bu esa hunarmandchilik sanoati, uning xom ashyo bazasi hisoblangan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini ta’minlab turardi. O‘lkada paxtachilik, ipakchilik va qorako‘lchilik tobora rivojlandi.
O‘z navbatida Rossiya uchun G‘arbga nisbatan O‘rta Osiyo bilan savdo-sotiq qilish ancha nafli edi. Rossiyadan G‘arb mamlakatlariga asosan xom ashyo yetkazib berilardi. Sharqda esa, jumladan, O‘rta Osiyo bozorlarida rus hunarmandchiligi va sanoatining tayyor mahsulotlari g‘oyat xaridorgir sanalardi. Bunday o‘zaro manfaatli aloqalar shaharlar rivojlanishining eng muhim omillaridan biri bo‘ldi.
Bu borada Toshkent shahri alohida o‘rin tutadi. Toshkentdan XVI asrning ikkinchi yarmidayoq Rossiya bilan bevosita savdo-sotiq aloqalari o‘rnatish maqsadida Astraxanga vakil yuborildi. Vaqt o‘tishi bilan Toshkent bilan Rossiya o‘rtasidagi savdo-sotiq aloqalari va ularning bir-birlariga elchilar yuborishi tobora kengaydi. Har ikkala tomonning savdogarlari va elchilari bir-birlarining huzurida bo‘ldilar, natijada yaqindan tanishishga imkon tug‘ildi. Rus davlati o‘zaro foydali aloqalarni rivojlantirishga intilibgina qolmay, o‘zbek xonliklari, xususan, Toshkentning siyosiy va iqtisodiy hayotini ham o‘rgandi. Turli vaqtlarda Toshkentga kelgan rus sayyohlarining hisoboti yoki esdaliklarida shahar to‘g‘risida bayon qilingan qiziqarli ma’lumotlar bizgacha yetib kelgan.
1735 yilda Ufada bo‘lgan toshkentlik Nurmuhammad mulla Olim va 1741 yilda Toshkentga kelgan Shubay Arslonov yozib qoldirgan esdaliklar diqqatga sazovordir. Mayor Karl Myuller, 1742 yilda qalmoqlar diyorida bo‘lgan paytida, Toshkent haqida ma’lumotlar to‘plagan. Uning hisobotida qimmatli dalillar keltiriladi. XVIII asrning oxirida Toshkentga kelgan kon injenerlari Telyatnikov, Burnashev va Pospelovlarning esdaliklarida ham boy materiallar bor. 1813—1814 va 1830 yillarda Toshkentda bo‘lgan Filipp Nazarov va Xorunji Potaninning xotiralari ayniqsa e’tiborni jalb etadi.
Nurmuhammad mulla Olimning aytishicha, Toshkent o‘sha vaqtda qo‘rg‘on devor bilan o‘ralgan ekan. «Shahar, — degan edi u, — g‘isht devor bilan o‘rab olingan. Shahardan chiqadigan 32 ta minorali darvoza bor. Shaharni o‘rab olgan devor g‘oyat qalin bo‘lib, uning ustidan ikki kishi yonma-yon yurishi mumkin; dushman sharpasi ko‘rinishi bilanoq qorovullar devor usti bo‘ylab chopishib, xalqni mudofaaga tayyor bo‘lishga da’vat etadilar. Shaharning u darvozasidan bu darvozasiga borish uchun tushdan kechqurungacha yuriladi. Devorning ko‘ndalangiga masofasi ham shuncha. Masjidlar va uylarning hammasi g‘ishtdan qurilgan. Shuning uchun har bir uyning darvozari oldida bir xonali, ikki xonali va, hatto, uch xonali imoratlar bo‘lib, atrofi mevali bog‘lar bilan o‘ralgan». Bu yerda ma’muriyat vakillari axborot olishganida devor va g‘isht uylar qurilishida birmuncha noaniqliklarga yo‘l qo‘yganlar. Aslida uylar paxsa devorli yoki sinchli qilib qurilgan. Shahar devorlari esa paxsa bilan o‘ralgan. Nurmuhammad Mulla Olim shaharning ichki joylashishi to‘g‘risida quyidagicha ma’lumot beradi: «Shahar darvozalaridan boshqa darvozalarga olib boradigan yo‘llar katta va to‘g‘ri bo‘lib, kichik-kichik har xil ko‘chalar ham bor. Suv tog‘dan, Chirchiq daryosi orqali butun shaharga keltirilgan va har bir xonadon bemalol ta’minlangan. Toshkent shahrining qoq o‘rtasida qal’a joylashgan bo‘lib, u alohida, g‘ishtdan mustahkam qilib qurilgan. Qal’aga oltita darvoza orqali kirish mumkin. Uni eski Toshkent deb ataydilar; imoratlar zich joylashgan, bu yerda din peshvolari ham istiqomat qiladi. Ko‘kcha darvozasi oldida, masjid yaqinida, maktablar, qozixona joylashgan». O‘sha vaqtda shaharning o‘zida va uning atrofidagi qishloqlarda bog‘dorchilik, sabzavotchilik va polizchilik yaxshi rivojlangan bo‘lib, uzum, shaftoli, behi, nok, olxo‘ri, gilos, olcha, yong‘oq, olma, qovun, tarvuz, sabzi, turp va boshqa xil mahsulotlar yetishtirilar edi. Donli ekinlardan bug‘doy, arpa, suli, sholi, shuningdek kanop va zig‘ir ekilardi. Ruhoniylar ichishni ta’qiqlaganlari uchun uzumdan yashirincha may tayyorlar edilar, Shuningdek, shinni qilinardi. Bu paytda Toshkentda to‘quvchilik ancha rivojlandi. Shoyi va ip gazlama mo‘l bo‘lardi. U yerliklarning liboslari kimxob, surp va gul bosilgan chitlardan tikilgan. Shaharda metall buyumlar ishlab chiqarish sezilarli darajada rivojlangan edi. Nurmuhammad Mulla Olim bu haqda quyidagicha yozib qoldirgan: «Toshkent va Turkiston muzofotlarida temir ko‘p bo‘lib, uni tog‘dan, Chilchi (Chirchiq) daryosi atroflaridan qazib oladilar; misni Samarqand tomondan olib kelib, juda arzon narhda sotadilar; qo‘rg‘oshinni Turkiston yaqinidagi Suvundu tog‘idan keltiradilar. Undan har xil narsalar yasaydilar va o‘q-dori ishlab chiqaradilar. Oltinni esa Chilchi daryosining yuqori qismidan, Sirdaryoning ham yuqori qismidan olib, sotish uchun Buxoroga olib ketadilar. Oltin olish ishlarini hech kim nazorat qilmaydi. Xo‘jand mulkidagi Kulambosh, Chom, Qaznoq aholisi o‘z tirikchiligini oltin chiqarish hisobiga o‘tkazadi. Buxoroda Sirdaryo oltinidan ko‘ra, Chilchi oltinini yuqori baholaydilar».
Toshkent Buxorodan tashqari, Samarqand, Turkiston, Qarshi, Xiva, Badaxshon, Shahrisabz, Balx shaharlari, shuningdek Rossiya va boshqa mamlakatlar bilan savdo-sotiq qilib kelgan. Nurmuhammad mulla Olim Rossiya bilan savdo-sotiq to‘g‘risida gapirib, quyidagi fikrlarni ham aytgan edi: «Karamzin movutlarining eng yaxshisi bu yerliklarning puli bilan ikki yarim so‘m turadi yoki 40 ta bo‘rsiq terisiga almashtirish mumkin, shoyi kimxobdan esa besh-olti kiyimlikka to‘g‘ri keladi; bitta bulg‘ori Qizil charmi uch so‘m turadi yoki 60 ta mo‘ynaga almashtiriladi; nemis qunduzi sifatiga qarab ikki yarim so‘mdan uch so‘mgacha turadi yoki uni 40 ta mo‘ynaga almashtirsa bo‘ladi. 250 dona — bir o‘ram igna yarim tanga yoki ikkita mo‘ynaga teng. Munchoq va marjonlarni o‘zaro savdo qilishadi. Ularning mollari bo‘rsiq, tulki, qunduz va yo‘lbars terilaridan, shoyi kimxob va gul bosilgan qog‘oz, shuningdek Badaxshon va Balxdan olib kelingan rangli toshlardan iborat».
Shu tariqa ikkala mamlakat o‘rtasidagi savdo-sotiq mollari g‘oyat xilma-xil bo‘lgan. Shuni aytish kerakki, o‘sha vaqtda Toshkent atrofida bo‘ri, tulki, yo‘lbars va boshqa yirtqich hayvonlar ko‘p bo‘lgan. Ularning mo‘ynasi Rossiyaga yuborilardi. Keyinchalik, bu hayvonlar kamayib borishi munosabati bilan, ularning terisini chetga chiqarish ancha qisqardi.
Shahar bozorlari to‘g‘risidagi tafsilot ham qiziqarlidir. «Toshkentda bozor payshanba, juma va dushanba kunlari shahar ichkarisida bo‘lar edi. Chetdan kelgan savdogarlar aholi bilan hech qanday dallolsiz muomala qilishardi. Shahar qal’asining eng katta bozoridagi omborlarga savdogarlar mollarini qo‘yib, o‘zlari ham shu yerda yashar edilar. Buning uchun ulardan ko‘p haq olinmasdi». Shaharda katta-kichik bozorlar ko‘p bo‘lgan. Ularda asosan non, turli xil qog‘ozlar, shoyi, kalish-maxsi, chakmon va kimxoblar bilan savdo qilingan. Har xil mollar uchun alohida-alohida emas, balqi ular bitta bozorning o‘zida ayrim rastalarda sotilgan.
Nurmuhammad mulla Olim karvon yo‘llari haqida shunday deydi: «Toshkentdan Turkistongacha bo‘lgan yo‘lni yuk ortilgan tuya karvoni 6 kunda bosib o‘tadi. Irgiz daryosidan Ufagacha 43 kun, Buxorogacha 10 kun, Balxgacha 23 kun, Badaxshongacha 5 kun yuriladi».
Mulla Olimning xabarida shaharning qanday idora qilinishi haqida ham ma’lumot bor. — Shaharni o‘n kishi idora qilar edi, — deb yozadi Mulla Olim, — ular Ko‘kcha darvozasi yaqinidagi qal’ada yashardilar, har qanday muqim ishlarni ko‘rib chiqishardi…
Shaharda har bir katta darvoza uchun bittadan qozi tayinlangan. Ayblanuvchilar shu yerning o‘zida so‘roq qilinar va jazolanar edilar. Haqiqatni aniqlash mushkul bo‘lib qolgan paytda qozikalonga murojaat qilinardi. U muhim ishlar yuzasidan Qur’onga qarab hukm chiqarardi.
Xondayliq, Xo‘jakent, Parkent, Zarkent, Nushpiya, Namdanak, Qoramurt, Chimkent, Sayram va boshqa joylar Toshkentga qarashli edi».
1741 yilda harbiy ma’muriyat Orskdan Toshkentga yuborgan savdogar Shubay Arslonovning ma’lumotlari Toshkentning siyosiy va iqtisodiy ahvoli to‘g‘risidagi tushunchamizni ancha boyitadi. Kursklik savdogar S. Drozdov va qozonlik tatar savdogari M. Yusupov xilma-xil rus mollarini olib Arslonov bilan birga Toshkentga otlanadilar. S. Drozdov yo‘lda baxtsiz hodisa tufayli vafot etadi. Arslonovning Toshkentga kelishidan maqsadi mavjud imkoniyatlarni aniqlash va Orenburg bilan savdo-sotiq ishlarini yo‘lga qo‘yish edi.
Shu yili rus karvoni Turkiston orqali Toshkentga keladi. Shubay Arslonov bu yerda besh oycha yashagach, Orsk shahriga qaytib boradi va Toshkent haqidagi taassurotlarini yozadi.
Arslonovning aytishicha, u Toshkentda yashagan vaqtda shaharni mahalliy amaldorlarning vakili Ko‘sakbek idora qilgan.
Mehnatkashlarning ahvoli juda og‘ir bo‘lib, Ko‘sakbek boshchiligidagi mahalliy amaldorlar xalqni shafqatsizlarcha ezib kelardilar, «Toshkent xalqi, — deydi Arslonov, — Ko‘sakbekdan juda norozi edi. Chunki u har qanday mayda-chuyda ayblar uchun ham odamlarni butun oilasi bilan xonavayron qilardi…»
Ko‘sakbek hukmronligidan xalq ommasigina emas, mahalliy amaldorlarning ayrim doiralari ham norozi edilar. Natijada, Arslonov Toshkentda bo‘lgan vaqtda, Ko‘sakbekka qarshi Solixo‘ja degan kishi boshchiligida suiqasd uyushtirildi. Ammo suiqasd fosh etilib, uning qatnashchilaridan besh kishi qo‘lga tushdi. Suiqasd ishtirokchilarining ko‘pchiligi shahardan tashqariga qochishga ulgurishdi. Shubay Arslonov suiqasdda qatnashgan kishilardan tashqari ularning qarindosh-urug‘laridan ham dahshatli o‘ch olinganligining guvohi bo‘lgan. U shunday deb yozadi: «Qo‘lga tushganlarni ham, ularning otalari, aka-ukalaridan iborat 25 kishini ham Ko‘sakbek qatl etdi: ba’zilarini dorga osdilar, ayrimlarining boshlarini tanalaridan judo qildilar, qolganlarini nayza sanchib o‘ldirdilar. Xotinlari va bolalarini amaldorlar cho‘rilikka olib ketdilar, ularning uy-joylarini esa talon-toroj qildilar».
Arslonov shahar qiyofasining ko‘rinishini quyidagicha tasvirlaydi:
«Toshkent qal’asi qalin paxsa devor va zovur bilan o‘rab olingan. Shahar kattaligi jihatidan Qozon shahriga teng keladi. Uning 12 ta darvozasi bor. Bu yerda imoratlar tartibsiz holda, paxsa devor bilan qurilgan. Shaharda bog‘lar va machitlar ko‘p… Katta machitlarda hayit kunlari ko‘pchilik bo‘lib namoz o‘qiladi. Darvozalar oldida alohida xonada mirshab turadi. Ularda to‘p yo‘q, uzoqqa otadigan miltiqlar bor. Bunday miltiqlar Toshkentda yasaladi».
Bu ma’lumotlardan ko‘rinib turibdiki, Nurmuhammad mulla Olim aytganidek, shaharning 32 ta emas, balki 12 ta darvozasi bo‘lgan. Keyin Toshkentga kelgan kishilar ham shaharda 12 ta darvoza bo‘lganligini tasdiqlaydi.
Shubay Arslonov Toshkentdagi savdo-sotiq xususida ham qimmatli ma’lumotlar bergan. Uning o‘zi Toshkentga qizil charm, bo‘yoq, chakmon, turli kiyim-kechak, igna, momiq, olmaxon mo‘ynasi olib kelgandi. O‘sha mollarning hammasi tez fursatda sotib yuborilgan. Arslonov o‘zi olib kelgan mollarning o‘rniga turli qog‘oz, gazlama, tulki, bo‘rsiq, bo‘ri terisi va boshqa mollarni sotib oladi. Uning ta’kidlashicha, Toshkent o‘sha vaqtda Buxoro, Xo‘jand, Qashqar viloyatlari bilan, shuningdek qalmoqlar, qozoqlar va boshqa xalqlar bilan qizgin savdo-sotiq olib borgan.
Toshkent bu sohadan katta naf ko‘rgan. Arslonov Buxoro bilan olib borilgan savdo-sotiq to‘grisida quyidagilarni yozadi: «Buxoroliklar qorako‘l teri, qizil va qora duxoba, belbog‘ va kimxoblar olib kelib, Toshkent va Rossiyaning turli xil mollariga almashtirgan. Xo‘jandlik savdogarlar esa ko‘proq Rossiyaning mollarini xarid qilganlar». Demak, rus mollari Toshkentga ko‘plab olib kelingan. Mahalliy aholi xarid qilibgina qolmay, ular O‘rta Osiyoning boshqa rayonlariga ham jo‘natib turilgan.
Arslonov ruslarning qizil karamzin movuti, qunduz mo‘ynasi, momiq, charm, yog‘och bo‘yog‘i va boshqa xil mollari g‘oyat xaridorgir bo‘lganligini uqtiradi. U Toshkentda bo‘lgan vaqtida toshkentliklarni savdo qilish uchun Orenburgga borishga ko‘ndirish uchun uringan.
Bu davrda Toshkent bilan Rossiya o‘rtasida savdo-sotiq ancha rivojlandi. Arslonovning dalolat berishicha, u toshkentlik savdogarlarni Orenburgga borishga ko‘ndirgan. Natijada yetti yuz kishidan iborat karvon Orenburgga jo‘nab ketgan. Ana shu karvon Arslonov bilan birgalikda Turkiston orqali Orenburgga eson-omon yetib borgan. Boshqa ko‘pgina toshkentlik savdogarlar ham. Arslonov Toshkentda turgan paytda, uning tavsiyasi bilan Orenburgga borganlar. Shunday qilib, ruslarning, Shubay Arslonov boshchiligidagi kichik karvoni Toshkentga kelishi shahrimiz bilan Orenburg, qolaversa, ruslar o‘rtasida savdo-sotiqni rivojlantirish uchun shubhasiz katta ahamiyatga ega bo‘lgan. Ayni vaqtda uning esdaliklari Toshkent tarixiga oid ayrim masalalarni ancha to‘ldiradi va oydinlashtiradi.
Bu borada 1742 yilda Yamishev qal’asi orqali Qalmoq xoni huzuriga kelgan mayor Karl Myullerning ma’lumotlari ham diqqatga sazovordir. U Qalmoq xoni huzuridan Toshkent to‘g‘risida bir qancha qimmatli ma’lumotlar olishga muvaffaq bo‘ladi. Myullerning xabaridan ma’lum bo‘lishicha, qalmoqlar Toshkent ustidan hukmronlik qilib, ko‘plab ipak gilamlar, miltiq, momiq, qunduz mo‘ynasi va boshqa xil buyumlarni soliq sifatida olganlar. Qalmoq xonlari soliqni pul hisobida ham to‘latganlar. Umuman, qalmoqlarga to‘lanadigan soliq g‘oyat xilma-xil va katta miqdorda bo‘lgan. Bir vaqtlar Badaxshon ham qalmoq xonligiga bo‘ysungan va u qimmatli toshlar bilan soliq to‘lagan.
O‘sha paytda Farg‘ona vodiysida Abdukarimbek boshchiligida kuchli siyosiy uyushma tashkil topdi. Abdukarimbek Samarqand, Xo‘jand va o‘sha vaqtgacha Qalmoq xonligiga qaram bo‘lgan Badaxshonni o‘z hokimiyatiga birlashtirdi. Abdukarimbek Qalmoq xoniga qarshi kurashga boshchilik qiladi va umumiy dushmanga qarshi kuchlarni birlashtirish uchun Toshkentga, Ko‘sakbek huzuriga o‘z elchilarini yuboradi. Shubay Arslonov Toshkentda bo‘lgan vaqtidayoq Galdan Chirin Abdukarimbekka qarshi kurashish uchun Xo‘jandga 40 ming kishilik qo‘shin yuborganligidan xabardor bo‘lgan edi. Qo‘shin soni ancha oshirib ko‘rsatilgan bo‘lishi ehtimol. Ular orasidagi jang qanday tugaganligi noma’lum, lekin keyingi voqealar Abdukarimbek g‘olib chiqqanligini qo‘rsatadi. U Badaxshon yaqinida ham qalmoqlar bilan jangda g‘alaba qozonadi. Karl Myullerning aytishicha, qalmoqlarning Senten boshliq besh ming lashkari Abdukarimbekka qarshi kurashadi. Bu paytda Abdukarimbek Qo‘qon, Xo‘jand, Samarqand shaharlarini va Badaxshonni, shuningdek Sirdaryo sohilidagi ko‘pgina joylarni o‘z qo‘li ostiga olgan edi. U Badaxshon yaqinida qalmoqlarni yana tor-mor etadi. Dushmanning juda ozgina qismi o‘z yurtiga qochib ketishga muvaffaq bo‘ladi. Qalmoq bosqinchilari Abdukarimbek qo‘shinlariga qarshi kurashda shunchalik talafot ko‘rdiki, ko‘pgina uluslar qirib tashlanadi va ba’zi joylarda chechak tarqaladi. Bir so‘z bilan aytganda, xalqning ozodlik kurashi qalmoqlar hukmronligiga putur yetkazadi. Bu esa O‘rta Osiyoda bir qancha joylarning, shu jumladan Toshkentning ozod qilinishiga olib keladi. Shu munosabat bilan Orenburg guberniyasining general-gubernatori I. Neplyuyev hukumat senatiga: «Toshkent va Turkiston shaharlari qalmoqlardan mustaqil bo‘lib ajralib chiqdi va hozir Eron shohi hukmronligidan ozod bo‘lgan Xiva xonligi bilan o‘zaro munosabat o‘rnatdi», deb xabar bergan edi.
Biroq Qalmoq xoni bunday ahvolga chiday olmaydi. Chunki Toshkent, Turkiston, Badaxshon uning eng boy va ko‘p daromad keltiradigan viloyatlari edi. Karl Myullerning yozishicha, Galdan Chirin o‘z huqmronligini qayta tiklash uchun Toshkentga ko‘p sonli qo‘shin yuboradi. «Agatsak qo‘mondonligidagi to‘rt ming qalmoq qo‘shini Toshkentga kelib, shaharni o‘rab oldi…
Galdan Chirin Agatsak qo‘shiniga Toshkentni qirq kun qamal qilib turish va shahar shu vaqt mobaynida taslim bo‘lmasa uni vayron qilishni Katta Juz qozoqlarining boshliqlariga topshirish to‘g‘risida buyruq berdi».
Mana shu ma’lumotlardan ko‘rinib turibdiki, Toshkent aholisi Abdukarimbek qo‘shinlari bilan birgalikda qalmoqlarga qarshi qattiq kurash olib borgan.
Toshkent tarixida XVIII asrning oxirlarida bu yerga rus kon injenerlarining kelishi diqqatga sazovordir. Ma’lumki, 1784 yilda Toshkentda Yunusxo‘ja boshliq mustaqil davlat tashkil topgan edi. Shundan keyin Toshkentga Chimkent, Sayram, Qorabuloq, Turkiston va shu atrofdagi joylar bo‘ysundirildi. Toshkentning mustaqil davlat sifatida rivojlanib borishi Buxoro va Qo‘qon xonliklarini tashvishga soldi. Toshkent bilan ana shu xonliklar o‘rtasida harbiy to‘qnashuvlar sodir bo‘ldi. Yunusxo‘ja qo‘l ostidagi hokimiyatini mustahkamlash va atrofdagi xonliklarning hujumlarini qaytarish maqsadida o‘z qo‘shinining jangovar faoliyatini kuchaytirishga qaratilgan choralarni ko‘rdi. Biroq hunarmandchilik va qurol-yaroqlar uchun zarur bo‘lgan metall yetishmasdi. Shu tufayli Toshkent hukumati Rossiyaning yordami bilan shahar atrofidagi tog‘lardan foydali qazilmalar (oltin, temir, mis)ni qazib olishni yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘ladi.
Shu vaqtga kelib Toshkent bilan Rossiya o‘rtasidagi savdo aloqalari ancha rivojlangan edi. Toshkent savdogarlari Sibir, Orenburg va Rossiyaning boshqa joylarida savdo-sotiqni tinmay rivojlantiradilar. Ular Rossiyaning O‘rta Osiyo bilangina emas, balki Hindiston, Eron, Qashqar va Qozog‘iston bilan savdo adoqalari o‘rnatishida ham vositachilik rolini o‘ynaganlar. Rus hukumati toshkentliklarning bu muhim rolini inobatga olib, ularning Sibirga ko‘chib kelishlariga ruxsat beradi va uning uchun qulayliklar yaratadi. Natijada Sibir liniyasida toshkentliklar yashaydigan mahallalar vujudga keladi. O‘sha paytda Toshkentdan Rossiyaga ip va ip gazlamalar, kiyim-kechaklar, paxta, turshak va boshqa mollar yuborilgan. Bunday tayyor mahsulotlarning Rossiyaga jo‘natib turilishi Toshkentda hurnarmandchilik sanoati va qishloq xo‘jaligining mahsuldorligini ta’minlashda, umuman, ishlab chiqarish kuchlarini o‘stirishda g‘oyat muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Bu vaqtda Rossiya O‘rta Osiyoda, shu jumladan Toshkentda sanoati rivojlangan davlat sifatida ma’lum edi. Buni yaxshi anglagan Yunusxo‘ja Rossiyaga elchi yuborib, aloqani mustahkamlashga intiladi. Shu maqsadda u 1794 yilda savdo karvoni orqali Sibir liniyasining boshlig‘i general-poruchik, Shtardmanga maxsus xat yo‘llaydi. Unda savdo-sotiqni kengaytirish va tog‘ jinslari bo‘yicha mutaxassislar yuborish takliflari yozilgandi. Shu munosabat bilan Shtardman Toshkent haqidagi ma’lumotlar yuzasidan rus hukumatiga raport yozib, ijozat so‘raydi. Natijada toshkentliklar turli mollar bilan Sibir liniyasida qizg‘in savdo-sotiq olib borganlar. Ularning bu yerdagi savdo hajmi salmoqli o‘rin egallagan. Rossiyadan Toshkentga movut, duxoba, qizil charm, marjon, qand, oyna, turli mo‘ynalar, mis, temir asboblar va boshqa xil mollar keltirilgan. Toshkent va O‘rta Osiyoning boshqa shaharlarida rus savdogarlari savdo bilan bemalol shug‘ullanganlar.
1794 yilda rus imperatorining ijozati bilan Sibir liniyasidan Beznosikov va Burnashevlar Toshkentga jo‘natildi. Ularga Yunusxo‘ja tomonidan yuborilgan Qoraboy ismli toshkentlik savdogar yo‘lboshchi qilib tayinlangan. Burnashev tog‘ jinslari bo‘yicha mutaxassis edi. Rus elchilari Toshkentga Buxoro orqali bormoqchi bo‘ladilar. Biroq ularni Buxoro xoni Toshkentga o‘tkazmaydi. Bundan xabardor bo‘lgan Yunusxo‘ja, qanday bo‘lmasin, ruslarning Toshkentga yetib olishlari uchun harakat qilgan. Lekin bu harakat natijasiz tugaydi va rus elchilari Sibirga qaytishga majbur bo‘ladilar.
1796 yilda rus hukumati ikkinchi marta o‘z elchilarini Toshkentga yubordi. Bu gal «ma’danchilik» mutaxassisi Telyatnikov va Beznosikov elchi qilib tayinlandi. Shu yili ruslar Toshkentda hurmat-ehtirom bilan kutib olindi. Ular Toshkent atrofidagi tog‘larda tekshiruv ishlarini o‘tkazdilar. Rus mutaxassislari oltin va kumush yo‘qligi, faqat mis, qo‘rg‘oshin va temir singari jinslar borligi haqida Yunusxo‘jaga axborot berdilar. Rus elchilari Toshkentning geografik joylashishi, aholisi, idora qilish uslubi, qo‘shini, savdo-sotig‘i va boshqa masalalar bo‘yicha qimmatli ma’lumotlarni rus hukumatiga yetkazib turganlar. Shularga ko‘ra, Toshkent qo‘shini nayza, qilich kabi qurollar, cho‘yan va temirdan yasalgan to‘plar bilan qurollangan. Bunday to‘plar 20 tacha bo‘lan. Shaharda porox ishlab chiqarish ancha rivojlangan. Jumladan, bir ma’lumotda bunday deyiladi: «Poroxni toshkentliklarning o‘zlari ishlab chiqaradi. Toshkentning selitrali yerlari juda ko‘p. U yerlar bunday o‘gitga boy. Qo‘rg‘oshin Turkistonda qazilib, Toshqentda eritiladi. Lekin uning miqdori juda oz». Rus elchilarining aytishicha, Toshkentda qishloq xo‘jalik mahsulotlari ishlab chiqarish ancha rivojlangan. «Toshkentda, — deb yozadi ular, — pilla, paxta juda ko‘p. Shuningdek bug‘doy, arpa, tariq, uzum, o‘rik, yong‘oq, olma, nok, qovun-tarvuz serob». Bu davrda Toshkent Buxoro, Xo‘jand, Qo‘qon, Qashqar va Tibet bilan savdo aloqalari olib borgan. Ayniqsa Rossiya bilan mahkam aloqa bog‘lanadi.
Rus elchilarining Toshkentdagi faoliyati rus hukumatining diqqat-e’tiborida bo‘lgan. Shtardman hukumatga yuborgan maxsus raportida Toshkentning savdo markazi sifatida muhim rol o‘ynashini uqtirib o‘tgan. Yunusxo‘ja o‘zining birinchi maslahatchisi Mullajon Oxun va mingboshi Ashirmat botirlarni rus elchilariga qo‘shib, Peterburgga jo‘natadi. 1796 yilning dekabr oyida Toshkent elchilari Peterburgga yetib kelib, Yunusxo‘janing rus imperatoriga yo‘llagan maktubini topshiradilar. Maktubda: «…Mening qo‘l ostimdagi yerlardan totsilgan beshta konni tekshirish uchun metallurgiyani biladigan ikkita mutaxassis yuborishingizni siz ulug‘ podshohdan so‘rayman», — degan so‘zlar yozilgandi. Toshkent elchilari Peterburgda shaxsan imperator va boshqa davlat arboblari tomonidan izzat-ikrom bilan kutib olindi va qizg‘in suhbatlar o‘tkazildi. Ular tog‘ konlarini birgalikda ishga tushirishdan tashqari, savdo-sotiqni yanada rivojlantirish xususida ham kelishib olganlar. Shu bilan birga, Toshkentga tog‘ jinslari bo‘yicha yana mutaxassislar yuborish va’da qilingan. Va’daga binoan 1800 yilda Toshkentga Burnashev va Pospelovlardan iborat rus kon injenerlari keldilar.
Toshkentda rus kon injenerlarini Yunusxo‘ja qabul qildi, samimiy suhbatlashdi. Mutaxassislar Chirchiq daryosi atrofidagi tog‘larga borib tekshirish o‘tkazdilar; u yerda jinslar miqdorining ozligi, texnika va mutaxassislarning yo‘qligi tufayli konlarni ochishga imkon yo‘qligini aniqladilar. Bularni Rossiyadan keltirgan taqdirda xarajatlarni oqlay olish mumkin emasligi ma’lum qilindi. Biroq Yunusxo‘ja Rossiya yordamida tog‘ qonlarini ishga solish istagidan qaytmasligini rus injenerlariga uqtirdi. Hatto Yuno‘sxo‘ja tekshirish uchun tog‘ jinslari namunalarini Rossiyaga olib ketishga ham ruxsat bergan.
Rus kon injenerlari Toshkentning o‘sha vaqtdagi ahvoliga doir qimmatli ma’lumotlarni yozib qoldirganlar. Ularning ko‘rsatishicha, ilgari, shaharning to‘rtta dahasi o‘z qo‘shini va hokimiyatiga ega bo‘lib, o‘zaro kurash olib borganlar. «Buning natijasida, — deb yozgan edi ular, — dehqonchilik, chorvachilik tushkunlikka uchradi, hosil beradigan bog‘lar xarob bo‘ldi, har bir kishi tinch mehnat qilish o‘rniga qurol bilan chiqar va hayotini doimo xavf ostida qoldirardi». Bunday og‘ir ahvol XVIII asr davomida, mustaqil Toshkent davlati barpo etilgunga qadar, ko‘chmanchilarning tinimsiz hujumlari va zulmi tufayli ham yuzaga kelgan edi.
XVIII asrniig 80-yillaridan boshlab Toshkent siyosiy va iqtisodiy jihatdan ancha mustahkamlanadi, hunarmandchilik va dehqonchilik rivojlanadi. O‘sha paytda qo‘shinda bir qancha katta zambarak va kichik to‘plar bo‘lgan. Zambaraklar balandroq joylarga o‘rnatilar, to‘plar esa tuyalarga ortilgan holda ishlatilardi.
Shuningdek turli rangdagi bayroqlar, nog‘ora va surnaylar ham bor edi. Urush boshlanganda har bir xonadondan ikki kishi askarlikka olingan. Juda zarur bo‘lganda ishga yaroqli odamlarning hammasi shahar mudofaasiga jalb etilgan.
Shuni ko‘rsatib o‘tish lozimki, Toshkentda mustaqil davlatning yuzaga kelishi xalq ahvolini yaxshilay olmadi. Yuqori tabaqa sinfning ayovsiz zulmi va to‘xtovsiz urushlar xalq ommasining tinkasini qo‘ritdi. Bu hol Yunusxo‘ja boshliq hokimiyatning zaiflashishiga olib keldi. Oqibatda 1808 yilda Toshkent Qo‘qon xonligi tomonidan bosib olindi.
1813—1814 yillarda Toshkent va Qo‘qonga kelgan Filipp Nazarovning bu xususdagi ma’lumotlari ham diqqatga sazovordir. «Guberniya markazi bo‘lgan Toshkent shahri, — deb yozadi Nazarov, — Chirchiq daryosi sohilida joylashgan bo‘lib, uning katta qismidagi tekislikda qariyb 20 ming xonadon bor; 15 chaqirim masofada shahar atrofi paxsa devor bilan o‘rab olingan. Shaharda 12 ta darvoza bor… shahar ichkarisida aholi bog‘lari bo‘lib, ular ham baland devor bilan o‘rab olingan. Bu bog‘lar bir-biriga shu qadar yaqin joylashganki, ular orasidagi o‘tish joyi tor ko‘chadan ko‘ra ko‘proq yo‘lakka o‘xshab ketadi. Shahar atrofi ham bog‘lar bilan qoplangan. Ularga suv Chirchiq daryosidan kanal orqali keltirilgan. Kanaldan shaharga favvoralar chiqarilgan… Shaharda gumbazli eski machitlar ko‘p». Shahar ayollari haqida ham Filipp Nazarov qimmatli esdaliklar yozib qoldirgan, «Men xotin-qizlarni faqat bozorlarda paranji-chachvon yopingan holda ko‘rdim. Ular qaddi-basti kelishgan, bashang kiyinishadi…» Nazarov Qo‘qon xonligiga qarshi qo‘zg‘olonning guvohi bo‘lgan. Bu qo‘zg‘olondan maqsad Toshkentning ilgarigi mustaqilligini tiklash edi. Qo‘zg‘olonga mahaliy zodagonlar namoyandasi Rustambek boshchilik qilgan. U Qo‘qon xonligi Toshkentni bosib olgandan keyin qozoq dashtlariga yashiringan. Rustambek Buxoro xoni yordamida ish ko‘rgan. Bu qo‘zg‘olon shafqatsizlarcha bostirilgan va uning qatnashchilari qattiq jazolangan. «Men o‘n kun davomida, — deb yozadi Filipp Nazarov, — bu bechoralarning qanday qatl etilganini ko‘rdim. Toshkentliklar ko‘zi o‘ngida ular qattiq azoblab o‘ldirildi. Rustambek qo‘lga tushirildi va o‘lim jazosiga hukm etildi…» Biroq Rustambekning qarindosh-urug‘lari Filipp Nazarovga murojaat qilib, o‘lim jazosini bekor qilish uchun yordam ko‘rsatishini iltimos qiladilar.
1830 yilda Rossiyadan Vataniga qaytib ketayotgan qo‘qonlik elchilarga kuzatuvchi qilib tayinlangan Xorunjiy Potaninning Toshkent tarixiga oid esdaliklari ham qiziqarlidir. Potanin 12 nafar kazak va bir uryadnikdan iborat kichik harbiy otryadga boshchilik qilgan. U o‘z otryadi bilan birga Qo‘qon elchisi va uning o‘n ikki hamrohini kuzatib borgan. Potanin otryadi Toshkentga kirishdan oldin Qoraqamishda to‘xtadi. Shahar ma’muriyatining vakili u bilan uchrashish uchun bu yerga keldi. Shaharda ruslar izzat-ikrom bilan kutib olindi. «Men, — deb yozadi Potanin, — o‘z otryadim va elchilar bilan shaharga yo‘l oldim. Sovg‘alar ortilgan tuyalarning ikki tomonida ikkitadan kazak, ularning orqasidan esa bizlar borardik. Bizlarni To‘qsabo (O‘rta Osiyo xonliklaridagi lavozimlardan biri) qilich, nayza va kamon o‘qlari bilan qurollangan ellik kishi bilan kutib oldi. Askarlar turli rangdagi chopon kiyib, boshlariga salla o‘rab olishgan va tartibsiz holda otda yurib borardilar. Ularning ba’zilari arg‘umoq, ayrimlari qirg‘iz otlarini minib olgan edilar. Ortidan esa piyoda va otliq keksa hamda yoshlar kelardi».
Shahar markazida ruslarning paydo bo‘lishi aholi orasida qiziqish uyg‘otdi. Rus soldatlarining intizomliligi ularni hayratga solgan va qoyil qoldirgan edi. Potanin shu to‘g‘rida quyidagilarni yozadi: «Bizlar shaharga kirib borar ekanmyz, tomlarda, devorlarning ustida ko‘plab erkak va ayollarning qiziqish bilan qarab turganliklarini ko‘rdim. Hamma bizlarga ajablanib tikilar, tartib bilan yurishimizni, tsilindr shaklidagi baland, yarqiroq bosh kiyimimizni va qurollarimizni hayratlanib tomosha qilardi… Bozordan o‘tib borayotganimizda ham u yerdagi odamlar savdo-sotiqni to‘xtatib, diqqat bilan kuzatardilar…»
Toshkent qushbegisi ruslarning shaharga kelishi sharafiga ziyofat berdi. «Ziyofatda qushbegi mendan Rossiya to‘g‘risida juda ko‘p narsalarni so‘rab bildi», degandi Potanin. Ziyofatdan keyin qushbegi rus harbiy mashqlarini ko‘rsatishni iltimos qildi. Potanin kazaklarni saf torttirdi, so‘ngra ularga nayza va qilich bilan turli mashqlar bajartirdi. Qushbegi bundan g‘oyat xursand bo‘lib, Potaninga minnatdorchilik bildirdi. Xon ruslarning Qo‘qonga kelishidan juda mamnun bo‘lganini aytdi.
Xorunji Potanin Toshkentda aholi g‘allakorlik va bog‘dorchilik bilan shug‘ullanishi, shahar yerlari unumdor ekanligi, ekinzor va bog‘larga suv kanallar orqali olib kelinganligi to‘g‘risida ham yozadi. Uning esdaliklarida toshkentliklarning kuy va raqslari, ayollari haqida ma’lumotlar bor. Xorunji Potanin Sibirdan Toshkentga, so‘ngra Qo‘qonga borayotganida faqat suvsiz qaqrab yotgan dashtlarnigina emas, dehqonchilik vohalarini, obod shaharlar va qishloqlarni ham ko‘rdi. U o‘zbek xalqining mehnatiga yuksak baho beradi: «Bu yerlarda faqatgina ko‘chmanchi xalq va chorva mollari namoyon bo‘libgina qolmay, ko‘rkam dalalar, katta-katta shahar-qishloqlar, siyosiy jihatdan birlashgan, hokimiyat va qonunlarga bo‘ysunuvchi, savdo-sotiq, foydali hunarmandchilik va san’atkorlik bilan mashhur, hayot kechirish yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan odamlarni ham ko‘rish mumkin».
Garchi Potanin Toshkentdan orqaga qaytib ketishi kerak bo‘lsa-da, shahar hokimining taklifiga binoan, u Qo‘konga jo‘naydi. Qo‘qonda ham Potaninni hurmat va ehtirom bilan kutib oladilar.
Xorunji Potanin Toshkent bilan Sibir o‘rtasida savdo karvonlari va elchilar qatnagan yo‘llarning batafsil tafsilotini qoldirgan. U 1829 yilning 12 avgustida Omskdan Semipalatinskka, so‘ng Irtish daryosidan o‘tib, Mirzacho‘lga yoki Botqoqdalaga keladi. U 800 chaqirimdan ortiq masofani bosib o‘tdi. Suv yetishmasligi va manzilgohlar yo‘kligi tufayli yo‘l yurish g‘oyat mashaqqatli edi.
U qoyali tog‘larga yo‘liqadi. Potanin Temirchi tog‘ining tagida uch arshin keladigan odam qiyofasi tasvirlangan tosh ustunni ko‘radi. Qizilray tog‘i yaqinidagi Bo‘g‘ozbuloq ko‘li tepasida ham xuddi shunday qoya ko‘rganligini aytadi. Bu yerda yana to‘rtburchak shaklidagi katta-katta toshlar yotardi. «To‘rtburchak shaklidagi toshlar va tosh ustunlar, — deb yozadi Potanin, — vayronaga aylangan binolarni eslatib turardi. Birinchisi, qabrga qo‘yilgan toshlar, ikkinchisi esa ilgari bu o‘lkalarda yashagan xalqlarning mashhur farzandlarini sharaflovchi yodgorlik, deb taxmin qilish mumkin… Tosh ustunlardagi tasvirlar g‘oyat mohirlik bilan yaratilgan bo‘lib, musulmonlar u joyni muqaddas deb biladilar. Shuning uchun ham qirg‘izlar, toshkentliklar va islom dinidagi boshqa xalqlar bu yerda to‘xtab, Qur’on o‘qiydilar».
Dashtdan keyin yo‘l Olatov daryosidan boshlanuvchi Chuy daryosi orqali o‘tadi. Karvonlar bu daryodan kechib o‘tgach, uning 500 chaqirim keladigan irmog‘i bo‘ylab borganlar. Bu yerda Potanin Toshkentdan Semipalatinsk shahriga ketayotgan savdo karvonini uchratadi. Ayni vaqtda Filipp Nazarov ham Semipalatinsk va Petropavlovskka savdo karvonlari kelganligi va jo‘nab ketganligining guvohi bo‘lgan. Masalan, 1814 yilda u 1500 tuyadan iborat savdo karvoni Toshkentdan Semipalatinsk va Petropavlovsk shaharlariga yuborilganini ko‘rgan.
Chuy daryosi irmog‘i kechuvidan keyin yo‘l egri-bugri qumloq dasht orqali o‘tib, yurish g‘oyat mushkul edi. Bu yo‘l Qo‘qon xonligining Cho‘loqqo‘rg‘on istehkomiga, so‘ngra Bo‘roldak, Qoratov tog‘lari tutashgan Cho‘loqovush degan joyga olib borardi. Cho‘loqqo‘rg‘on aholisining ko‘pchiligi toshkentliklardan iborat edi. Ular ma’muriy lavozimlarni egallab, savdo-sotiq va dehqonchilik bilan shug‘ullanardilar. Bu yerda Rossiyadan, Xitoydan va o‘lkadagi boshqa mamlakatlardan keladigan karvonlardan boj olinardi. So‘ngra yo‘l Mingbuloq va Chimkent orqali o‘tardi. Chimkentda ruslarni mahalliy ma’murlar g‘oyat samimiy kutib oldilar. Potanin shu haqda: «Shahar hokimi bizlarga choy va chilim tutib, uzum, qovun va palov bilan mehmon qildi. U mendan Rossiya to‘g‘risida, bizdagi turmush tarzi, ruslarning urf-odatlari haqida so‘rab-surishtirdi», deb yozadi. Ayni vaqtda Potanin Chimkentda oddiy xalq, xotin-qizlar Toshkentdagiga qaraganda birmuncha erkin ekanligini payqadi. «Ayollar ancha go‘zal, xushmuomala bo‘lib, erkaklardan yuzlarini yashirmaydilar».
Chimkentdan esa yo‘l Toshkentga olib borardi.
Xulosa qilib aytganda, ushbu ma’lumotlar Toshkentning siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotini o‘rganishda juda katta ahamiyatga ega.
Hamid Ziyoyev,
tarix fanlari doktori, professor
“Sharq yulduzi” jurnali, 1983 yil 8-son.