Kecha «Guliston»ning birinchi sonini varaqlab turib Abdulla Oripovning «Armaniston» she’riga ko‘zim tushdi. Bu she’rni Abdullaning o‘zidan bir necha bor eshitgan bo‘lsam ham jurnal sahifasida yana bir marta o‘qib chiqdim.
Bir vaqtlar «O‘zbekiston madaniyati» gazetasi yax-shi tashabbus boshlab «Bir she’r haqida» rubrikasi bilan bir necha taqrizlar e’lon qilgan edi. Bugun bir taqrizga arziydigan she’r paydo bo‘lgan ekan, gazetaning o‘sha tashabbusi yodimga tushdi va bir kitobxon, she’r ixlosmandi sifatida o‘z taassurotimni ikki og‘iz so‘zda bayon qilish istagi tug‘ildi.
Yaxshi she’r yaxshi shoir kabi noyob hodisa. Chinakam shoir har yili chiqavermagandek, chinakam yaxshi she’r hatto eng ulkan shoirlarga ham har kuni nasib bo‘lavermaydi. Shunday she’r paydo bo‘lgan kun esa faqat shoir uchun emas, butun she’riyat uchun bayram bo‘ladi. G‘afur G‘ulomning «Turksib yo‘llarida» she’ri e’lon qilinganda mening tengdoshlarim dunyoda yo‘q edi. Lekin biz o‘sha kunning she’riyatda qanday katta bayram bo‘lganini tasavvur qilamiz. Uyg‘un «Jontemir»ni yozganda, Hamid Olimjon «O‘rik gullaganda»ni ilk bor o‘qib berganda, Usmon Nosir «Nil va Rim»ni dastlab e’lon qilganda o‘zbek she’riy dunyosida qanday katta shodlik bo‘lganini his qilamiz.
She’riyatga ana shunday baxtli kunni hamma ustozlarimiz necha-necha bor baxsh etganlar.
Lekin bari bir yaxshi she’r noyob hodisa.
Har bir shoirning o‘z davrn, har bir she’rning o‘z mavridi bor. «Sen yetim emassan» yoki «Bahor keldi seni so‘roqlab» hech qachon qayta yozib bo‘lmaydigan she’rlar. Bu jihatdan, ba’zi adabiyotshunoslarning «Vaqt» she’riga o‘xshagan she’riyat namunalari paydo bo‘lmayapti» degan da’voyu o‘kinchlari o‘rinsiz tuyuladi. Lekin ba’zida shunday ham bo‘ladiki, haqiqiy she’riyat namunasi paydo bo‘ladi-yu, biz o‘zimiz, she’r muxlislari, adabiyotshunoslar, vaqtida sezmay qolamiz. Xuddi shunday G‘afur G‘ulomning «Ona qizim Jamilaga» deb ataluvchi she’ri o‘z vaqtida bir voqea munosabati bilan yozilgan kundalik she’rday qabul qilingan bo‘lsa ham, haqiqatda, u zabardast shoir ijodining nodir durdonalaridan hisoblanadi.
Jazoir zindonida bir qiz uqubatdadir, Rubobning torlaridek joning jonimga payvand. Hasratingda qon yutib ko‘zlarim g‘urbatdadir, Xalhol taqqan oyoqlar bu kun kishan bilan band.Bu gaplarni aytishdan men Abdullaning she’rini ulkan ustozlar yaratgan eng yaxshi asarlarga yonma-yon qo‘ymoqchi yoki solishtirmoqchi emasman. Chunki yuqorida aytilganidek, har bir shoirning o‘z davri va har bir she’rning o‘z mavridi bor.
«Armaniston» she’rining jozibasi nimada?
Bu dastavval she’rning harorati-yu, shoirona fikrning teranligida. Hislarning tabiiyligi va ifodaning tiniqligida. Nihoyat, juda chuqur samimiyligida.
Ba’zi she’rlarning shoir tomonidan to‘qilgani shundoq bilinib turadi. Bu she’r esa o‘zi yozilganga, shoirning yuragidan o‘zi oqib chiqqanga o‘xshaydi. Ilhom bilan yozilgan she’r ana shunday bo‘ladi.
Ilhom tashbih qidirmaydi. Shoir o‘z she’ri bilan yonganda tashbihning o‘zi keladi. Topilgan obrazlar, o‘xshatish, istioralar asosiga qurilgan she’r har qancha yorqin, har qancha chiroyli bo‘lmasin, yasalgani bilinib turadi. Qofiya fikrga bo‘ysunishi kerak bo‘lganidek tashbih she’rning ruhiga bo‘ysunishi kerak. Shuning uchun ilhom bilan yozilgan she’rda ilgari topib qo‘yilgan obraz begona bo‘lib turadi.
«Armaniston»da she’r ruhiga begona obraz yo‘q. Bunda Ararat — tog‘lar tashbihining gavhar donasi, Sevan ko‘li — misoli bulutlar ichida qamar, minoralar — kajrav falakka qasoskor bobolar sanchib ketgan nayzalar. Armanistonning o‘tmishi haqida so‘z borganda — u Odamatoning o‘gay bolasi: Tole tongining yulduzi haqida gapirganda — u arman may shishasi uzra yulduzdek va hokazo.
She’rni o‘qib turib — mening hayolimga Sergey Yeseninning «Fors taronalari» deb atalgan Eron turkumidagi she’rlari keldi. Shoir qayerga bormasin, qayerni kuylamasin, uning qalbida birinchi navbatda o‘z o‘lkasi bo‘ladi. Sergey Yesenin Eron haqida ilhom bilan yonib kuylar ekan, she’rning har satrida o‘z o‘lkasining mehri, Ryazan bug‘doyzorlarining zavqi barq urib turadi.
Abdullaning she’rida ham mana shu tuyg‘u bor:
Mening ham Vatanim janglar guvohi, Mening ham tuprog‘im toptalgandi xor. Mening ham ruhimda ajdodlar ohi, Mening ham qonimda qilich zangi bor…«Armaniston» — qamragan doirasining kengligi bilan dostonga arzigulik she’r. Unda arman xalqining dardli o‘tmishiyu, porloq bu kuni, taqdir butun dunyoga pardek to‘zg‘itgan xalqning hasratu nolasi va bugungi iftixori shoirona his, shoirona bir tug‘yon bilan bayon etilgan. She’r juda siqiq va puxta yozilgan. Obrazlar anor donalariday zich joylashgan. Yuksiz, maqsadsiz birorta satr yo‘q. Lekin shu bilan birga, she’rda allaqanday kenglik, ochiqlik bor.
«Armaniston» Abdullaning shoir sifatida shakllanganiga yana bir dalil. Kechagina biz uni «harakat qilsa yaxshi shoir bo‘ladi», deb yurardik. O‘rganish bo‘lib qolgani uchun bugun ham shunday deymiz. Lekin Abdulla Oripov bundan uch-to‘rt yilcha avval, «Mitti yulduz» kitobi bilanoq shoir bo‘lib yetishgan edi.
Balki men zavqqa berilib Abdullani juda maqtab yuborgandirman. Buning uchun shoir meni kechirsin. Chunki Abdullaning yoshida tanqid va ta’na yukini ko‘tarishdan ko‘ra maqtov va shuhrat yukini ko‘tarish qiyinroq bo‘ladi. Ko‘pgina yosh, ammo katta talant egasi bo‘lgan kishilar ana shu yukning qurboni bo‘lganlar. Ishonch bilan aytish mumkinki, Abdulla bu yoshdan ham o‘tgan…
«Armaniston» she’rida ayrim tahrir talab satrlar ham yo‘q emas. Lekin bunday satrlar uyetida to‘xtab o‘tirmaymiz. Bu ish qarchig‘ay ko‘zli munaqqidlarga havola.
So‘z oxirida ikki og‘iz she’riyatda mung, dard, o‘ychanlik haqida. Inson hayoti keng, shahroh yo‘l emaski, undan marsh bilan, yoki muzika ostida raqs bilan o‘tilsa. Tabiatda doim bahor bo‘lmaganidek bahorda ham havo doim bir xil bo‘lmaydi. Odamzod kayfiyati ham shunday. Bu uning qaysi viloyatda, qaysi qishloqda yashashiga bog‘liq emas. Agar ikki yurak bir-biriga yetolmasa butun olam o‘rtaga tushganida ham bu mushkulni yecholmaydi. Agar yigit eng jonajon do‘stini yo‘qotsa, hech bir tashkilot bu yo‘qotishning o‘rnini to‘ldirolmaydi. Eng matonatli erlar ham gohi to‘lib-to‘lib yig‘laydilar…
She’riyat inson qalbining ko‘zgusi va malhami, unga qanot beruvchi omil ekan, shoirning birinchi vazifasi kishilar ko‘ngliga taskin va nur olib kirish, dardiga hamdard bo‘lish, unga kuch va madad berishdir.
Abdulla buni yaxshi tushunadi, chunki uning dard to‘la she’rlari ham kishiga ana shunday yorug‘lik va quvonch bag‘ishlaydi.
1968