Xayriddin Sultonov. Bir o‘ylab ko‘raylik (1989)

Naql qilishlaricha, Qays Layli ishqida majnunlik holiga yetgach, uning yaqin yor-do‘stlari Laylini borib ko‘ribdilar. Qarashsaki, Qaysni aqlu hushdan butkul begona qilib qo‘ygan u dilbar aslida ozg‘ingina, qop-qora bir qiz ekan. Qaytib kelib, Majnunga aytibdilar: «Ey Qays, sen nechuk bu qizga oshiq bo‘lding, axir uning nimasi go‘zal?» Majnun javob beribdiki: «Ayo habiblarim, sizlar unga mening ko‘zlarim bilan qarangizlar».

Go‘zallik konkursi haqidagi bahs-munozaralarni o‘qib, beixtiyor shu naql yodimga tushdi. Va shu bahona ba’zi bir andishalar xayolimdan kechdi.

Avvalo shuni aytmoq lozimki, biz jahon madaniyati, jahon madaniyatidan o‘rganish deganda nima uchundir ko‘pincha faqat G‘arb madaniyatini, G‘arb madaniyatidan o‘rganishnigina nazarda tutamiz. Holbuki, olam bepoyon, bir-biriga o‘xshamaydigan o‘lkalari, diyoru mintaqalari ko‘p. Aytaylik, hind, eron, yapon, xitoy… umuman, Yaqin, O‘rta va Uzoq Sharqda ham madaniy hayot nuqtai nazaridan ibrat olsa arzigulik fazilatlar nihoyatda bisyor. Muhimi shundaki, bu insoniy fazilatlarning aksariyati xalqimizning turmush tarzi, ruhi, asriy an’ana va andishalari bilan behad hamohangdir. Masalan, Yaponiyada qo‘shiqdek nozik va nafosatli san’at darajasiga ko‘tarilgan choy damlash marosimini olaylik. Yoki guldasta tuzish san’atini (ikebana) eslaylik. Bunday urf-odatlar zamirida yapon xalqining o‘zi, o‘zligi shundoq aks etib turadi hamda shu jihatlari bilan jahondagi boshqa xalqlarning hurmat-havasini uyg‘otadi.

Qanchadan-qancha yaponiyalik adibu rassomlarga ilhom bergan bu go‘zal san’atlar!

Bizda-chi? Juda ko‘p ishlarimiz noshud-notovon taqliddan — muk tushib olib faqat G‘arbga taqlid etishdan nari o‘tmayotibdi. Go‘zallik konkursi — mening nazarimda, ana shunday ko‘r-ko‘rona taqlidning yana bir g‘arib ko‘rinishidir. Ko‘rik mutasaddilari har qancha suvab-andavalashmasin, baribir bu musobaqada asosiy mezon badanga qarab qo‘yilishi sezilib turibdi. Aks holda, O‘zTAG muxbiri E. Tuhfatullina to‘g‘ri ta’kidlaganidek, buning «Balli, qizlar!» ko‘rigidan farqi qolmaydi.

Meni bir narsa qattiq hayratga soldi. U ham bo‘lsa, respublika komsomoli Markaziy Komiteti, Yoshlar uyi hamda bir qancha obro‘li tashkilotlarning bir tanu bir jon bo‘lib, bag‘oyat jo‘shqinlik bilan yeng shimarib, mazkur konkurs ishiga kirishib ketganligidir. Bunga vaqt ham, joy ham, mablag‘ ham, hafsala-qunt ham topila qolgani esa taajjubimni yanada oshirdi. Bir o‘ylab ko‘raylik: respublikamizda avariya holatidagi qancha maktab borligi komsomol Markaziy Komitetidagi o‘rtoqlarga ma’lummikan? Ulardan bittasi shundoqqina Toshkentning markazida joylashgan 40-maktab ekanidan bu do‘stlarimiz xabardormikanlar? Gospital bozori yonidagi daqqiyunusdan qolgan bu xaroba maktab oldidan har safar yuragimni hovuchlab o‘taman: xudo ko‘rsatmasin, qattiqroq yo‘talib yuborsangiz, qulab tushishi mumkin. Bu maktablarning barchasi kuchli seysmik zonada joylashgani e’tiborga olinsa…

U yog‘ini aytmagan ma’qul. Yoki I. Oxunboboyev nomidagi respublika Yosh tomoshabinlar teatrining nochor ahvoli, bino ostidan suv chiqib yotgani haqida qariyb o‘n yillardan buyon gap bo‘ladi. Respublika yoshlarining bosh shtabi bo‘lmish komsomol Markaziy Komiteti yosh-yalangning kuch-quvvati, aql-idroki, boringki, mablag‘ va moddiy qudratlarini avvalo mana shundoq zarur, ezgu ishlarga safarbar etsa bo‘lmasmikan? Bu ishlarning tarbiyaviy ahamiyati ko‘proq bo‘lmasmikan?

Konkurs g‘oliblariga videomagnitofon, chet elga yo‘llanma taqdim qilinar ekan. Chet ellarda bunday sovringa hatto «Mersedes» mashinasi ham qo‘yilishi mumkin va bu hol kishini ortiqcha ajablantirmaydi ham. Boshqalarni bilmadimku, lekin bizning konkursda va’da etilayotgan mukofotlar masalasi meni birmuncha o‘ylantirib qo‘ydi. Videomagnitofonning eng arzoni — mamlakatimizda ishlab chiqarilgani bir yarim ming so‘m turadi. Puliyam mayli, deylik, avvalo bu narsani topishning o‘zi amrimahol. Deylik, yelmay-yugurmay bunday noyob matoh egasi bo‘lib olgan yoshgina — o‘n olti-o‘n sakkiz yashar qizni ko‘rgach, boshqa ming-minglab qizlarning ham ko‘ngli sust ketmasmikan? Ayrim ota-onalar yuragida ham qizining husnini bozorga solib bo‘lsa-da, ana shunday buyumli bo‘lib qolish havasi qo‘zg‘almasmnkan? Bu borada keyinchalik har turli aldam-qaldam yo‘llar, nopok vositalar ishga solinmasmikan? Umuman, chuqurroq mulohaza qilib ko‘rilsa, tabiiy husnda husn egasi bo‘lmish odamning qanday konkret xizmati bor? Bordiyu bu narsa bilim, hunar yoki iste’dod bo‘lsa ekan, uni asrab-avaylagani, kamolotga yetkazgani uchun kishiga mukofot berilsa arziydi. Chiroyni, go‘zallikni esa insonga, ma’lumki, tabiat ato etadi. Tabiat har qancha dono, mukammal, saxiy bo‘lmasin, shu paytgacha birorta mukofot yoki nishonga, aytaylik, hatto «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi» unvoniga sazovor bo‘lgan emas. Binobarin, tabiatning xizmati uchun boshqa birovga mukofot berish o‘rinli bo‘lmasa kerak.

Konkursda qatnashajak qizlarimizning kelgusi taqdiri haqida ham o‘ylab ko‘rish lozim. Ularning olgan mukofoti erta bir kun borgan joyida peshonasiga tavqi la’nat bo‘lib qaytmaydimi? Har qalay, men shunday bo‘lmasligini juda-juda istar edim.

Yaqinda matbuotda navoiylik bir necha ijodkorning maktubi e’lon qilindi. Ular Navoiy shahri markazida o‘rnatilgan uch-to‘rtta yalang‘och ayol haykali har xil gap-so‘zlarga, xalqning haqli noroziliklariga sabab bo‘layotgani xususida kuyinib yozibdilar. Har qanday holda ham xalqimizning, ota-bobolarimizning ruhiga, hayo, odob, nazokat, iffat degan muqaddas tushunchalarga qarshi bormagan ma’qul. Bunday xatti-harakatlarning qanday salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligini Navro‘z bayrami taqdirida ko‘rib turibmiz.

«Oynasi bor kishining bari Iskandar emas, Chehrasi kulgan go‘zalning barchasi dilbar emas», deydi ko‘hna shoirlardan biri. «Yuzingizdan chimmatni oldik, Iffat pardasini olganimiz yo‘q», deydi bugunning zabardast shoiri unga jo‘r bo‘lib. Binobarin, donishmand xalqimiz asrlar davomida buningdek maxsus chora-tadbirlarsiz ham asl ma’naviy go‘zallarni doimo bexato saylab kela bilgan, Barchin deb, Shirin deb, Layli va Nodira deb, Kumush va Ra’no deb ardoqlab kelgan. Moziyga sinchiklab nazar solsak, o‘tmishda ham shuningdek hatti-harakatlar, go‘zallik bozoriga dallol bo‘lishga intilgan ba’zi kimsalar bo‘lganini taxmin qilish mumkin.

Chunki:

— Ko‘zingni qaro deydilar,
Qorako‘z ukajonim, yor-yor,
Ko‘rsat ko‘zingni bir ko‘rayin,
Jonim ukam-ey, yor-yor.

Ammo hozirjavob, zukko xalq shu laparning o‘zidayoq bunday kimsalarga nozik hazil-mutoyiba bilan o‘rinlatib javob qaytargan:

— Ko‘zimni ko‘rib nima qilasiz,
Siz akajonim, yor-yor.
Ohularning ko‘zlarini
Ko‘rmabmidingiz, yor-yor.

Shunga o‘xshab, qizlarimizning go‘zalligini, husnu malohatini bilmasmidik, ko‘rmabmidikki, maxsus ko‘rik qilib o‘tirsak? Kolaversa, biz bugun «go‘zallar malikasi» deb toj kiydirib, videomagnitofon tortiq aylasak-da, bu malikamiz choy damlaganda ham tagiga oldirib yuboradigan «pazanda» bo‘lib chiqsa… judayam go‘zal ish bo‘lmasa kerak.

Yana bir mulohaza: konkursdan tushadigan foydaning yarmi Abdulla Qodiriy uy-muzeyi fondiga o‘tkaziladi, degan gapni o‘qib, men, ochig‘i, qattiq ranjidim. O‘zbek ayolining munisligi, qalb bisoti, latofat va ibosini g‘oyat sharqona odob bilan tarannum etgan mumtoz adibimizning ruhi poklari bu muruvvatdan shod bularmikan? Mayli, ehtimol konkurs o‘tsa o‘tar, lekin, nazarimda, masalaning mana shu jihatini har tomonlama, ko‘pchilik bilan kengashib ko‘rish zarur. Chunki go‘zallar ming-ming, konkurslar ham behisob, ammo Abdulla Qodiriy dahosi bitta, yagona! Modomiki, adibning uy-muzeyiga mablag‘ to‘plash zarurati tug‘ilgan ekan, men jamoatchilik kuchi bilan qodiriyxonlar jamiyati tashkil etishni taklif qilaman. Bu jamiyat Qodiriy ijodini o‘rganish, targ‘ib qilish bilan birga, bankda maxsus hisob ham ochishi mumkin. Aminmanki, mumtoz adib ijodining millionlab muxlislari yuraklaridagi yodgorlikni haykal siymosiga ko‘chirish uchun himmatlarini aslo darig‘ tutmaydilar.

Nazarimda, go‘zallar konkursini tashkil etishda birmuncha shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘yilganga o‘xshaydi. Masalan, shaxsan menda shu munosabat bilan bir qancha savollar tug‘ildi. Ko‘rikning tashkilot komiteti qanday printsip asosida tuzilgan? Musobaqalarga kimlar hakamlik qiladi? Ular qanday odamlar? Ko‘rikni baholashda qanday mezon asosida ish ko‘radilar? Nima uchun bu tadbir jamoatchilik orasida tuzukroq muhokama qilinmadi?..

Men bu savollarni azbaroyi qiziquvchanlik tufayli berayotganim yo‘q. Yodlaringizda bo‘lsa, o‘tgan yili Moskvada xuddi shunday Butunittifoq konkursi yakunlangach, «Komsomolskaya pravda» gazetasida «Ana, xolos!» degan bir maqola bosilgan edi. Maqoladan ma’lum bo‘lishicha, hakamlardan biri — Parijdagi xristian ruhoniylarining rahnamosi bo‘lmish «Hazrat Roman» degan kimsaning asl qiyofasi butunlay boshqacha ekan. Avliyo qiyofasidagi bu shaxs aslida jinoiy javobgarlikdan qochib yurgan axloqan buzuq bir kimsa ekan. Eng ajablanarlisi shundaki, u hech qanaqa Parijda yashamas, tovlamachilik bilan kun kechirarkan.

Uning qanday qilib go‘zallar konkursiga hakam bo‘lib qolganini endi hayit o‘tgach hech kim — na mutasaddilar, na tashkilotchilar, na ishtirokchilar bilardilar… Bizda o‘tajak konkursda ham shunga o‘xshash nopok va qallob kimsalar aralashib qolmasligiga kafolat bormi?

Ehtimol, men bir qoloq fikrli odamdirman, lekin oshkoralik sharofati bilan ko‘nglimdagi andishalarni ochiq-oydin aytdim. Kelinglar, ko‘plashib o‘ylab ko‘raylik. Agar ko‘pchilik, yo‘q, shunday ko‘rik bizga havodan ham, suvdan ham zarur, deb hisoblasa, nachora unda, ehtimol o‘tkazilar. Lekin shunda ham men baribir bir taklif kiritishni istardim: modomiki, shu ko‘riksiz yashayolmas ekanmiz, bu tadbirni joylarda Navro‘z bayrami ichida o‘tkazib yuborgan ma’qul. Qardosh Tojikistonda bu yil shunday qilinibdi. Faqat bu konkurs chehra va badan ko‘rigigina bo‘lib qolmay, aqlning, farosat va zehnning, odob va hayoning chinakam namoyishiga aylansin. Bunda, aytaylik, pazandalik, muomala madaniyati, mehmon kutish, kashtachilik, choy damlash, guldasta tuzish kabi shartlar ko‘rikning asosiy talablari bo‘lishi mumkin. G‘oliblarga «Navro‘z malikasi» degan unvonu endigina qattiq yerdan qaltirab chiqqan bir dastagina boychechak taqdim qilish kifoya. Ilk bahor kunlarida bundan yuksak mukofot bo‘lmas.

Videomagnitofonni esa… «bir og‘iz shirin so‘z nondek arzanda» bo‘lgan, ko‘ngli g‘arib go‘daklar tarbiyalanayotgan bironta bolalar uyiga berish kerak.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 1989 yil, 21 aprel