«Xalq Komissarlari Sovetining 1920 yil 20 dekabridagi qarori:
Turkiston va Ozarboyjon Sovet Sotsialistik respublikasida paxtachilik madaniyatini qayta tiklash va yanada rivojlantirish maqsadida Xalq komissarlari Soveti qaror qiladi:[1]
- RSFSR dehqonchilik Xalq Qomissarlari zimmasiga quyidagi tadbirlarni amalga oshirish yuklansin:
a) ikki xaftalik muddat ichida Turkiston Avtonom va Ozarboyjon Sovet Sotsialistik Respublikalarining tegishli komissariatlari bilan kelishilgan holda paxta yetishtiradigan xo‘jaliklarning (jamoa va yakkaxo‘jalik) yer va suvdan foydalanishdagi yangi xo‘jalik iqtisodi to‘g‘risida qo‘llanma ishlab chiqilib, kerakli tadbirlarni 1921 yilning 1 yanvaridan kechiktirmay amalga oshirish.
b) Paxtachilik rayonlarining barcha sovxoz va kolxozlarida paxta yetishtirishni o‘stirishga asos bo‘ladigan omilkorlik usuli — almashlab ekishni yo‘lga qo‘yish;
v) Avvallari ishlab turgan tajriba va urug‘chilik stantsiyalarini qayta tiklab, shu turdagi yangi stantsiyalar barpo etish.
g) RSFSR territoriyasidagi barcha paxta chigiti miqdorini hisobga olish va sog‘lom saqlash, Narkomvneshtorgga shunday mahsulotlarni o‘z vaqtida chet eldan sotib olishni topshirish.
- Narkomputga Narkomzemning topshiriqlariga binoan urug‘larni 1921 yilning 15 yanvaridan kechiktirmay tegishli paxtachilyk rayonlariga yetkazib berish.
- VSNX va uning tegishli sho‘balariga sug‘orish inshootlari qurilishini tartibga solish uchun birinchi galda bajarilishi joiz vazifalarni 1921 yilning bahorigacha oxiriga yetkazish.
- Paxtachilik xo‘jaliklarini, birinchi galda kishloq xo‘jaligi qurollari va mineral o‘g‘itlar bilan ta’minlash shartli imkoniyat sifatida tasdiqlansin.
- VSNXga Narkomprod va Narkomzem bilan kelishgan holda bir oy muddat ichida paxtakorlarning mehnatini rag‘batlantirish yo‘li bilan ularni kerakli moddiy buyumlar bilan ta’minlash rejasini ishlab chiqish va tovar fondini ajratish yuklansin.
- NKPSga paxtakorlarga tegishli barcha jihoz, texnika, uskunalarni paxtachilik rayonlariga ekin ekish ishlari boshlanmasdan bir oy burun, o‘z vaqtida yetkazish yuklansin.
- Turkiston va Ozarboyjon Sovet Sotsialistik respublikalari Xalq Qomissarlari Sovetlariga xalq topshirgan paxtasiga almashtirish shartnomalari asosida xalkni oziq-ovqat, kerakli tovarlar bilan ta’minlashni kengaytirish mas’uliyati yuklanadi.
- Qaysi turdagi korxona (yoki maxkama) bo‘lishiga karamasdan, paxtachilik bo‘yicha mutaxassislar uyushtirilib, ular VSNX va Narkomzem qaramog‘iga o‘tkazilsin.
- Paxta yetishtirish, uni dastlabki qayta ishlash, sug‘orish inshootlari, korxonalari, mahkamalari militarizatsiyalansin.
- Shu qarorda ko‘rsatilgan komissariatlarga J. Noginning topshirig‘i bo‘yicha Glavtekstilning huzurida ushbu qarorning amalga oshirilishini nazorat qilib borish uchun majlis o‘tkazish topshirilsin. J. Noginning ma’ruzasini tinglash ikki haftadan so‘ng belgilansin.
Xalq Qomissarlari Sovetining raisi V. Ulyanov (Lenin).
Xalq Komissarlari Sovetining o‘rinbosari (qo‘l qo‘yilgan)*.
Mirzacho‘l xamda unga yondosh Jizzax cho‘llari asrlar davomida qaqrab yotgan, mo‘l foyda olish ko‘zda tutilgan yerlar edi. Mirzacho‘l qanchadan-qancha paxtakor umrining egovi bo‘lmadi! O‘tgan asrning avvalida Mirzacho‘lni o‘zlashtirish xarakati boshlangan. Rossiya podshosi farmoni bilan 1913 yili Romanovskiy (hozirgi Kirov) nomidagi kanal qazib ishga tushirildi. Bu kanal yordamida 45 ming gektar yangi yerni sug‘orish mo‘ljallangandi. Ammo o‘zlashtirilgan yer 20 ming gektarga yetmay qoldi, ko‘plar sho‘rlanib ketgan yerda xech narsa undira olmay turli yuqumli kasalliklardan qirilib ketdi. Podsho amaldorlari qancha qaqqayma bo‘lmasinlar, ular Mirzacho‘lda xar gektar yerning 2-3 metr qatlamida 500 tonnadan 1000 tonnagacha tuproq tuz bor ekanligini va yer osti suvlarining ozgina ko‘tarilishi esa tez orada Mirzacho‘lning istiqbolini yo‘qqa chiqarishini tushungan edilar. Endi biz asrimizning boshida aqlli odamlar boshidan kechirgan xatolarni 50-yillarda yana takrorlashga bilib turib qaror qildik. O‘zbekistonning shu yillardagi rahbarlari Orolning qurishini bilgan holda cho‘llarni o‘zlashtirish ko‘rsatmasini amalga oshirishga kirishib ketdilar. (Buni katta siyosat bilan qanday bog‘liqligini L. I. Brejnevning «Qo‘riq» asarini o‘qib ko‘rsangiz bilasiz).
«Golodnostepstroy» boshqarmasining boshlig‘i I. A. Gamburg bilan uchrashganimizda Mirzacho‘lda bor-yo‘g‘i mingdan ortiq «cho‘lquvar» yashagan vaqtlarda 250 ming gektar yer o‘zlashtirilganini, hozir 500 ming odam yangi yerda yashayotganini va jami 450 ming gektar yer o‘zlashtirilganini bilib oldik. Umuman, bir million gektar yerning 800 ming gektarini o‘zlashtirishning o‘zi ham kifoya kiladi degan yovuz fikr hali ham bor. Bir gektar yerni o‘zlashtirishga 9-10 ming so‘m ajratiladi. Bir sovxoz ochish uchun 30 mln so‘m kerak buladi. Shuning yarmi sovxozga, qolgan yarmi suv xo‘jaligiga sarflanadi. 1960 yildan shu bugunga qadar yangi o‘zlashtirilgan yerdan 5 mln. tonna paxta olingan, xolos. Jizzax cho‘li ham Sirdaryoning suvini ichib, Orol fojiasiga «hissa» qo‘shadi. Hali ham kech emas. Bu yerda yetishtirilayotgan 40 ming tonna paxta tolasi shunday kurbonlikka loyiqmi?.. Bu yiliga 180 ming tonnadan to‘g‘ri keladi. Yiliga, o‘rta hisobda Sirdaryoning 15 kubometr suvi qo‘riqqa oqizilyapti. Demak, yiliga Orolning 430 kubokilometrlik suvi va maydoni o‘zlashtirilgan yerlar qurboni sanaladi. Bu suvning ozgina zaxarga to‘yinib‑to‘yinmagan qismi Sirdaryoga qaytib tushayotir xam deylik. Shunday bo‘lsa-da, noraso zarurat uchun tirik dengizni boy berish insofdanmi, axir?! Orol o‘zining suv ulushini olishi kerak. Yoki hozir uning suvsiz qolgan 26 million gektar Sho‘ristonini xam o‘zlashtirishga kirishish kerakdir balki? So‘nggi yillarda xo‘jaliklar orasida iqtisodiy tenglik izdan chiqqan, ular oziq-ovqat bilan o‘zini-o‘zi ta’minlay olmaydi. Yerimiz saxovatli, lekin, suvga baho qo‘yib sotish talablari ilgari surilayotganiga qaysi shahringizni berasiz? Yer, suv, quyosh nuri sotilmasligi kerak. Millatning qadimiy Vatani ham!
Hamon chet eldan ko‘plab oziq-ovqat mahsulotlari sotib olayotirmiz. Ba’zan o‘zimiz yetishtirgan mahsulotni bizga qaytarib qimmatiga sotishyapti. Umuman boshi berk ko‘chaga kirib qolgan, hal qilinishi kerak bo‘lgan masalalar juda ko‘p. Bular haqida amaliy tadbir qo‘llanmasdan, faqat gapirilyapti. Matbuotda xam ko‘p o‘qiymiz, ko‘zimiz toliqadi. Ko‘p gapiramiz, Orol haqida bir talay marsiya, olyorlar ham bitildi. Mabodo mo‘jiza ro‘y berib, dil so‘zlarimiz haroratidan kislorod va vodorod paydo bo‘lib, reaktsiyaga kirishib suv hosil bo‘lganida Orol allaqachon to‘lgan bo‘lar edi. Afsus, Ona tabiat bunday mo‘jizaga qodir emas!
Orol muammosi to‘g‘risida tilini qayrab yurgan ayrim chechanlar, haligacha kalavaning uchini topa olishmagan shekilli. Ularning aksariyati muzqaymoq olish uchun katta pul maydalashni armon qilib oshiqayotgan zumrashaga mengzaydi. Yo‘qsa ilmiy muhit doirasida dong taratgan olimlarning Sibir daryolari suvi O‘rta Osiyoga boshqarilmas ekan, Orolni qutqarish aslo mumkin emas deb xulosa chiqarishlari nimasi axir?!
Toshkent jamoatchiligi Orol muammosini chuqur o‘rganib, tugal yechimli aniq programmaga ega emas. Mahalliy ma’muriy-yakka sulton apparatning manfaati Selvodxoz va uning hamtovoqlari manfaati bilan chambarchasligidan, bu muammoga loqayd munosabat hanuz barqaror. Eng asosiysi, milliy intelligentsiyada millii chegaralanish Orol muammosi insoniyat muammosi ekanligini xalkka yetkazishga to‘skinlik qilayotir.
Birgina O‘zbekistonning o‘zida paxtaning 26 navi ekilar ekan. Ularning hammasi ham birday to‘qimachilar talabiga javob beravermaydi. Hosilning qanday bo‘lishini na dehkon, na brigadir, na rais oldindan biladi, bil’aks yuqori kursida yaltoqlanib barmog‘ini so‘rib o‘tirganlar rejalashtiraveradi, rejalashtiraveradi. Oqibatda esa Tojikiston va boshka rayonlarda paxtaning kunjarasini besh ming chaqirim yiroqdagi Boltikbo‘yi jumhuriyatlariga tuhfa aylaymiz-da, o‘zimiz 2 ming chaqirim shimoldan Orenburgdan beda pichanini yelkalab tashiymiz, ustiga tovon ham to‘laymiz.
Paxtachilikni xo‘jalik hisobiga o‘tkazish masalasi dadil, asoslab qo‘yilmayotir, bu ahvolda dehqonning hayoti ne kechadi, bilmadim. Har qalay, bu yo‘nalishda ko‘ndalang turgan muammolar oz emas!
Tojikiston SSR (Minvodxozi) suv xo‘jaligi ministri o‘rinbosari B. I. Gavrikovning aytishicha, Tojikistonning suv limiti 13 kubokilometr, shundan 12 kubokilometri yerlarni sug‘orishga sarflanadi. Foydalanilgan suvning teng yarmi — 6 kubokilometri qaytib Amu va Sirdaryoga tushadi… Bir kubometr suv, sarflangan kapital xarajatni qo‘shib hisoblaganda 4 tiyinga tushadi. Hozir ikki rayonda suvga baho qo‘yib sotish tajribasi o‘tkazilyapti, bir kub metr suvning narxi 1 tiyin. «Suvni qanday o‘lchaysiz», deb so‘raganimizda, «O‘lchov qurolidan oqsayapmiz, hozircha eskichasiga tayoq usulidan foydalanayotirmiz» deb javob berdi B. I. Gavrikov. Bir kubometr suvning foydasi (unumi) 3 so‘mga tushar ekan. Suvdan bunday foydalanish to‘g‘rimikan?!
Orol fojeasi Pomir tog‘lariga ta’sir etmasligiga kim kafil bo‘la oladi? Bunday vaqtda qo‘shni mamlakatlar — Xitoy, Hindiston, Pokiston ekologiyasi xam zararli ta’sirga duchor etilmog‘i tayin.
Andijon va Namangan viloyat partiya tashkilotlaridagi uchrashuvlarda viloyat rahbarlari paxta yakkaziroatchiligi 70-80 foiz ekanligini aytishdi…
To‘g‘ri, paxta kerak, lekin xalqning sog‘lig‘ini qurbon qilish hisobiga bo‘lmasligi darkor. Deylik, Farg‘ona vodiysida sug‘orishga 17 kubokilometr suv sarflanadigan 1 mln. 209 ming gektar yer bor deylik. Shunday rasmiy ma’lumot bo‘yicha 504,4 ming gektariga paxta ekiladi va shu yerlardan 1985 yilda 1 million 613.1 ming tonna paxta yetishtirilgan, ya’ni gektaridan 32 tsentnerdan hosil olingan. 1960 yilda esa, ya’ni Orol qurimasdan oldin 460 ming gektar yerga paxta ekilib, gektaridan 22,7 tsentner xosil yetishtirilib, 1 mln. 45 ming tonna paxta davlatga topshirilgan. Biroq shu yillari bu yerda qancha suv sarflangani hakida ma’lumot yo‘q. Ammo o‘sha yili Sirdaryo Orolga dovur oqib kelar edi-ku?..
Chindan aytganda men shu faktlarning qaysi biriga ishonishimni bilmay qoldim. Umumiy sug‘oriladigan yer 1 mln. 209 ming ga. bo‘lsa, shuning 504,4 ming gektariga paxta ekilsa, paxta yakkaziroatchiligi sug‘orma yerlarning 40 foizidan ko‘prog‘ini tashkil etadi. Ikki yolg‘ondan bir butun haqiqat chiqmaydi. Sug‘oriladigan yerning ko‘lami orttirib ko‘rsatilgan (bu chamasi Minvodxozning ko‘nikilgan katta raqami bo‘lishi mumkin), yoki paxta ekiladigan maydon atayin kamaytirib ko‘rsatilgan. Bu Gosagropromdan kutsa bo‘ladigan «ishonchli» ma’lumot… Chamasi ikki mahkama ham xalqni ko‘proq aldashda musobaqalashganga o‘xshaydi. Maxalliy mahkamalar-chi? Ular Toshkentga ko‘z tikadilar. Toshkent Moskva nima der ekan, deydi… Biroq yerli xalqning turmushi daryo o‘zanining boshidagi qashshoq turmushdan biroz yaxshi bo‘lsa-da, ularning ham o‘ziga yarasha dardlari bor-ku?
Biz qo‘shiqlarda Namangan olmasi, Farg‘ona chillakisi, Xorazm qovuni deb, dovruq solishga ko‘nikib qolganmiz. Aslida, bu yerlarda olma-da, uzum-da, qovun-da paxta oliyalari ko‘lankasida qolib ketgan. Ayqash-uyqash kanallar xam, suv omborlari ham paxtaga, unga o‘g‘it yetkazib berayotgan qator kimyo korxonalariga xizmat kilmoqda. Paxta yetishtirishdagi o‘sish Orolga 30 yil ichida yetib bormagan suvlar hisobiga bo‘layotir…
Andijonda har kvadrat kilometr yerga o‘rtacha 400 kishi to‘g‘ri keladi. Bu ko‘rsatkich aholishunos sotsiolog Parevedentsevning aytishicha, Moskva oblasti ko‘rsatkichidan ancha yuqori. Andijonning o‘zida 120 000 dan ortiq mehnatga yaroqli aholi ish topolmay sarson-sargardon. Ularning 70 foizi yoshlar va bolali ayollar. Viloyat sug‘orma yerlarini kengaytirishning hech bir iloji yo‘q. Paxta yakkaziroatchiligidan voz kechilsa o‘rnini bosadigan biron vaqo bormi? Yerning unumdorligini oshirish, qayerda nima ekishni dehkonning o‘zi mustaqil hal qilishi kerak.
Namangan viloyatida sug‘orma yerlarning 72 foiziga g‘o‘za ekiladi. Bunday sharoitda almashlab ekish to‘g‘risida so‘z qo‘zg‘ash qiyin.
1987 yili dengizga 9,5 kubokilometr suv oqizildi, bu yil 23 kubokilometr suv quyilishi kutilayotir. Biz Pomir‑Oloy tog‘laridagi daryolarning o‘zanlari boshida bo‘lganimizda suv zapaslarining hech qanday o‘zgarmaganligining shohidi bo‘ldik. Orol davlat tomonidan o‘ylanmay rejalashtirish asosida quritilganligi kunday ravshan bo‘ldi-qoldi. Orolni «quritish»ga Minvodxoz bilan Minenergo o‘ylamay‑netmay necha milliardlab pul sarfladi. Endi esa uni qutkarish kerak degan vaktda ular avvalgidan besh battar ko‘p pul talab etishayotir… Shunda biz 3 yildan beri dengizga tushgan 30 kubokilometrdan ortiq suv uchun milliardlarni Minvodxozga emas, suvni ato qilgan – Allohga berishimiz kerak emasmi?!
Bizga, Farg‘ona yerlaridan Sirdaryoga oqib tushayotgan kollektor-drenaj suvlarining zapasi ko‘lamini hech kim aytib berolmadi.
Dehqonchilik madaniyati Orol masalasi bilan birga ko‘pgina boshqa masalalarni o‘rtaga qo‘yadi.
- Mamlakatimizga qancha paxta kerak?
- Kichkina territoriyadagi kishilarni har bir qarich yer, tomchi suv uchun talashtirib qo‘yguncha, paxta ekishni ikki hissa qisqartirib, Farg‘onada ota-bobolar udumi — bog‘dorchilik, chorvachilik madaniyatini tiklasa bo‘lmaydimi?
- SSSRda jon boshiga 27 kilogrammdan paxta yetishtiriladi. Qo‘shni Xitoyda esa bu raqam 4 kilogrammni tashkil etadi. Shunday ekan, nega biz ustimizdagi kiyim-kechaklarni Xitoy, Pokiston va boshqa bizdan paxtani kam yetishtiradigan mamlakatlardan sotib olib, kiyamiz?
Qayroqqum suv ombori 1954-1955 yillari qurilgan, 4,5 kubokilometr suvni saqlaydi. Maqsad Mirzacho‘l va Jizzax cho‘llarini sug‘orishga xizmat qilish. (Tojikiston territoriyasida joylashgan). Yiliga uning maydonidan 0,6‑0,7 kubokilometr suv bug‘lanadi. Suv ombori otiga mos qumlikka joylashgan. Qancha suv qumga singib ketayotganligi to‘g‘risida ma’lumot yo‘q. Qayroqqum suv omborimi yo bug‘ qozoni?
Leninobod va Farg‘ona oblastlaridagi hal qilinmagan masalalarning davomi, ya’ni dexkonchilikning ekstensiv usulidan qutula olmaslik, shu yerlik amaldorlar xalqning soni oshib borayotir degan turmush talabi bilan yanada yangi yerlarni o‘zlashtirishga harakat qilmoqdalar. Yirik xo‘jaliklar Mirzacho‘lning bir bo‘lagi — Zafarobodda yangi yer ochish ishlarini davom ettirayotirlar. Bu yangi o‘zlashtirilgan har gektar yerga ketgan pul xarajatlarini hisoblamaganda qo‘shimcha 15-20 ming kubometr suv talab etadi. Shu suvning yalpi miqdori 513 km2. Qayroqqum ko‘li ulushi hisobidan yangi yerlarni ochishga xizmat kilib kelayotir. Qashshoq dehqonlarning o‘zlari Orol to‘g‘risida nimalarni ham bilardi. Odamlarda bebaho tabiat boyliklaridan ko‘proq tortib olish, ta’magirlik, ochofatlik, o‘tgan davrlarda pishib yetilgan shekilli. Ekin-tikinga yer yetmayotir degan cheksiz talablar bilan yanada ko‘proq yer ochishga intilishlar shuning natijasi emasmi? Orol suvi bearmon chayqalib yotgan paytlarda Mo‘ynoq rayonida 48 ming xalq yashar edi. Hozir shulardan teng yarmisi Olis Rossiya, Ukrainadan ishga, baliq tutishga kelganlar o‘z vaqtida juftakni rostlab qolishdi. Mo‘ynoq aholisiga dengiz dam olish uchun emas, mangu hayot kechirish uchun kerak edi. Bu «Mirzacho‘lni Mirzagulistonga aylantiramiz» degan havoyi shiorimizning salbiy oqibati. «Soyuzgiprovodxoz» bundan 5-6 yil burun Orolbo‘yi suvlaridan texnika, ekonomika asosida foydalanish to‘g‘risida TET ishlab chiqdi. Bunda tavsiya etilishicha, Amudaryoning o‘ng va chap sohillariga kanal qazish kerak ekan. O‘shanda ko‘rsatilgan zarur raqamlar bugungi kunga kelib «qarib» koldi. Orol bo‘yidagi vaziyat keskin o‘zgardi. Amudaryo va Sirdaryo o‘zaniga to‘plab chayindi suvlarni zaxkashlar orqali yuborsak, birinchidan, ikki ulug‘ daryoning o‘zanida toza suv oqimi to‘xtatiladi. Ikkinchidan, Qoraqum bilan Qizilqumdan kesib chiqarilayotgan zaxkashlarning zaharli suvlari yaylovlarga qanday ta’sir etadi, yarmi qumga singib yoki bug‘lanib ketsa Orolga qancha zahar tomchisi yetib boradi ekan? Orolga zaxkashning oqava suvlarini quydiramiz degan reja bilan Amudaryo va Sirdaryoning bor suvini dalalarga talosh etsak, daryolarda tosh oqadimi? Chordora va Tuyamo‘yinning quyisida yashayotgan xalqlarning axvoli nima kechadi, azizlar?
«Ukrainada 1950 yili paxtachilik nozirligi tuzildi. Nozir lavozimiga avval paxtachilik bilan shug‘ullanganim uchun meni tayinlashdi… O‘sha yillari O‘rta Osiyoning ko‘pchilik ho‘jaliklarida 14-15 tsentnerdan hosil olinar edi. Ammo u yoqda paxta sug‘orib ekiladi, bu yerda sug‘ormasdan ekiladi…» Bu so‘zlar Ye. Ye. Alekseevskiyning «Men bu yerni sevaman» kitobidan olingan. Bundan chiqdi, o‘sha yillari Ukrainada paxta ekilgan va ma’lum darajada yuqori hosil olingan. Nega hozir shu tajribani davom ettirish mumkin emas? Orolning boshiga yetgan O‘zbekistonning paxtachilikdan iborat itoatkor xalk xo‘jaligi-chi? 60-yillarda o‘zim, maktab o‘quvchisi 3 mln. tonnalik xirmonga hissa qo‘shganman. Ukrainada esa paxtachilik ministrligi 3 yilgina yashadi. Bizda boqiy sinoat bu!
Ma’lumki tarixda yirik kanallar o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmagan. Minvodxozning yaxshi ko‘radigan ertagiday dunyoning barcha Farhodlari yig‘ilib, Shirinlari uchun jon qurbon qilib, Belomor Boltiq yoki yonimizda oqio turgan Qizketganni qazimagan. Qadimgi zamonlarda bizning yerimizda beklar bilan miroblarning qamchisidan kon tomizibgina boylarning yerlarini sug‘organlar. Bugungi Minvodxoz sistemasining (men buni yaqindagina matbuotda o‘kib bildim) repressiya davrida siyosiy tutqunlarning, turmaga qamalganlarning «mehnat tarbiyasi»ga o‘rgatuvchi zo‘rlik qurolidan paydo bo‘lganini o‘qib, nima uchun bu sistemaning fakat o‘tmishidagina emas, bugungi faoliyatida ham sir saqlashga xumori borligi ayon bo‘ladi-qoladi. Sovet hukumati qurilishining dastlabki yillarida ministrlik siyosatining ustivorligi bizning sotsialistik revolyutsiyamizni iskanjaga olib, uning natijasini xavf ostiga qoldirganda, o‘zimizni o‘zimiz qo‘riqlashimiz kerak edi. Biz ichki va tashqi dushmanlarni bir yoqlik kilib bo‘lganimizdan so‘ng, g‘alaba xalq ko‘tarinkiligini paydo qilganda xalqimizning ruhiy moddiy potentsialidan qanday maksadlarda foydalandik? O‘z xo‘jaligining manfaatini o‘ylaydigan odam eng avval bozorga borib, narx-navoni bilib oladi, keyin bozorga nimani chiqarishni, qanday foyda olishni o‘ylaydi. Paxtaning qancha kerakligini hisobga olmasdan million tonnalar uchun kurashavermaslik kerak.
Qo‘shib yozish, yuzaki ma’lumotlar bergan xo‘jalik boshliqlari qonun oldida javob berayotirlar. O‘sha davrlarda nozirlikning teng yarmi xarajatini sarflagan «suvchilar» nega hech narsani bilmagan, ko‘rmaganday pusib turibdilar, ularni hech kim titkilamadi. «Suvchilar» yana suvdan quruq chiqishmoqchimi?! Ministrlikning faqat keyingi yillarda paxtachilikka sarflagan xarajati 130 milliard so‘mdan oshiq ekanligi, bu pul mamlakatimizning kosmosni o‘rganishga sarflagan butun harajatidan ikki hissa ortiq ekanligi kechikib bo‘lsa-da bizga ma’lum qilindi.
Sirdaryo va Amudaryoni yuqoridan kuzatganingizda daryolarni emas, tomirlari ko‘karib ketgan, joni xalqumiga kelib, dod solayotgan bemorni ko‘rasiz. Bu bechora ahvollik xotirangizga muhrlanib qoladi, ruhingizning bir go‘shasida faryodga aylanadi.
Ixtiologlarning fikricha, Orol O‘rta Osiyo uchun yozda sovutgich, qishda isitgich xizmatini o‘tab kelgan. Dengiz regionining iqlimi o‘zgarayotgan bir paytda, yaqin atrofdan kosmosga uchirilayotgan raketalar havo ozon pardasiga ta’sir etib, chekinayotgan dengizda bo‘ron paydo qiladi. Bunday kuchli dengiz to‘lqinlanishi 60-yillarda 6-7 marta, 70-yili 15, 80-yili 20 marta, 88-yil birinchi yarmining o‘zida 24 marta bo‘lganligi kuzatilgan. Tasavvur kilib ko‘ring-a, «Saturn-5» markali kosmik kema uchirilganda, planetamizdagi barcha xalklarning bir marta nafas olishi miqdorida kislorod sarflanar ekan. Bu qanaqasiga fan yutug‘i bo‘larkan?
O‘rta Osiyoning yagona dengizi 80-yillardayoq biologik jixatdan inqirozga yuz tutdi. Uning hayvonot dunyosini endi faqat poleotstologlargina o‘rganishi mumkin. Dengizning oziq-ovqat yetishtirishga bo‘lgan katta ta’sirini hech narsa bilan qoplab bo‘lmaydi. Suvsizlikdan hayvonot dunyosining qirilib ketishi, oziq-ovqatga yaroqli o‘simliklarning hosildorligi kamayishi buning dalilidir. Lekin xozir Yaponiyaning savodli xalqi yetarlicha tabiiy resurslarga ega bo‘lmay turib, bizdan ko‘p oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chikarayotganligini qanday dalillaymiz. Amerika Qo‘shma Shtatlari bo‘lsa o‘zining tabiiy boyliklaridan iloji boricha kam foydalanayotgani ma’lum-ku…
Hozirgi kunga kelib dengiz suvi uchdan birga qiskarib, suvning teng yarmidan ozi qolganligini xamma biladi. Avvallari salqin sohillari bilan quchog‘iga tortadigan dengiz, bugun og‘zidan olov purkayotgan ajdarhoga o‘xshaydi. Tarixchilarimizning tasdiqlashlariga qaraganda burungi zamonlarda ham ikki marta Orolni quritishga urinib ko‘rishgan. Birinchi marta Chingizxonning katta o‘g‘li Botuxon ukasi Jo‘jixon bilan dengiz bo‘yidagi xalqlarni bosib olishga ko‘zi yetmagach, daryoni bog‘lab yengishga erishgan. Ikkinchi marta Temurlang Qo‘hna Urganchni suvga bostirib taslim qildirish, qaram qilish maksadida Amudaryoga bo‘g‘ov solgan. Uchinchi marta Minvodxoz va Mnnenergo bir-birini qo‘llab daryolarga bo‘g‘ov solishdi. Lekin ularning dengizni saqlab qolishga, hatto to‘ldirishga ham qurbi yetadi. Ular buyruq bilan ishlashga o‘rganishgan. Lekin yuqoridan nimagadir xanuz «Orolni to‘ldirasan» degan buyruq berilmayotir.
Dengiz qirg‘oklari qoraqalpoq, qozoq, o‘zbek, turkman va boshqa turli millatlardan tarkib topgan, uch yarim milliondan ortiq xalqlarga makon bo‘lgan yer. Ahvol shunday davom etaversa, bu yerda istiqomat qilayotgan kishilar yanada nochor sharoitda qolishlari shubhasiz.
Qoraqalpoqlar qadimda ko‘p sonli, jo‘mard xalq bo‘lishgan. Uzoq davom etgan urushlar, kirg‘inlar, ko‘chishlar, xalqning kamayib ketishiga olib kelgan. Oktyabr inqilobidan keyin koraqalpoq xalqiga mamlakat maqomi va erkinlik berildi. Lekin avtonom respublika nomini olgan xalq Qozog‘iston SSR tarkibiga, keyin RSFSR ixtiyoriga, so‘ngra stalinchilik davrida O‘zbekiston tarkibiga qo‘shildi. Avtonom respublikaning milliy chegarasi sovetlar davrida o‘nlab marta, har safar siyosiy xarita yangidan bosilganda o‘zgartirilib, qisqara bordi. Chegaralarning o‘zgaraverganidan yuqori qoraqalpoqlar o‘zlarining milliy tillarini, madaniyatini yo‘qotaverdilar. Ishongan dengizlaridan ajralishni his qilayotgan xalq endi nimaga ishonishni, suyanishni bilmay qoldi. Quyidagi faktlarga e’tibor qiling: 1983 yili Butunittifoq miqyosida bolalar tug‘ilishi yuqori ko‘rsatkichga yetgan bo‘lsa, Qoraqalpog‘istonda tug‘ilish ikki foizga kamayib ketdi. Bizlar eng jabr ko‘rayotgan xalqmiz. Xalq ishonib saylagan SSSR Oliy Soveti deputatlari esa, dengiz quriyotganini necha yillardan beri bilaturib xalqdan yashirishgan. Ularni o‘zlariga suyanchiq deb bilgan xalqni zaharli, xarom suv bilan siylayaptilar. Endi ma’lum bo‘lishicha, Minvodxoz Sibir suvlarini dengizni qutqarib qolish uchun emas, O‘rta Osiyo va Qozog‘istonda yangi yerlar ochishni davom ettirish maqsadida olib kelmoqchi ekan.
Yaqinda «Pravda Vostoka» gazetasida moskvalik lingvist Treskova degan kishi «qoraqalpoq kabi mayda xalqlar tilida maktablar va universitet ochib o‘tirishning hojati bormikan» deb yozdi. Bu xalqni tahqirlash, kamsitish va bema’nilikdan boshqa narsa emas. Treskova kabi aqllilarga aytishimiz mumkinki, hozir Qoraqalpog‘istonning 650 dan ortiq maktabida va T. G. Shevchenko nomidagi Nukus Davlat universitetida va yigirmaga yaqin texnikum va maxsus bilim yurtlarida o‘qish qoraqalpoq tilida olib boriladi. Bugunga kelib Qoraqalpoq pedagogika oliy bilim yurtining yopilib qolishiga sabab, avtonom respublikada til biladigan o‘qituvchilarning yetishmasligidir. Moskvaning lingvistika kabinetlaridan kelayotgan bunday aqlsiz safsata bizning yuragimizga og‘ir botadi.
Xozirgi kunda Qoraqalpog‘istonda dehqonchilik va gigiyena madaniyati yuqori deb hisoblaydigan bo‘lsak, bizning xalq shu madaniyatga yetmagan paytlarda, qaytaga hozirgidan yaxshi dehqonchilik qilib, sog‘lom avlod qoldirishgan. Onalar va bolalar o‘limining yuqoriligi madaniyatning, zamonaviy meditsinaning ahvolidan darak berib turibdi. Qoraqalpoq ayollarining 93,7 foizi kamqonlik kasaliga mubtalo bo‘lsa, bu tabiiy sharoit ta’siridan, to‘yib ovqat yemaganlikdan, organizmga kerakli vitaminlarning yetishmasligidan ekanligi ayon-ku! yigitlarimiz xarbiy xizmatga yaroqsiz, masala o‘z-o‘zidan tushunarli. Qorni to‘ymagan xalqqa 3-5 protsent pestitsidli va tuzliligi, iflosligi normadan uch hissa ortiq suv berib qo‘ygandan keyin, buning ustiga fond ajratish vaqtida qoraqalpoq xalqiga jon boshiga hisoblaganda, ittifoq ko‘rsatkichidan 4-5 hissa kam go‘sht ajratilganidan keyin, har uy hisobiga bir emlash xonalari, ikkitadan dorixona ochib qo‘yishning nima foydasi bor?
Biz bugun aldangan ahvolda turibmiz. Sibirdan mo‘l suv keladi deb o‘yladik. 340-qaror chiqdi deb quvondik, mana yaqinda 1110-qaror bilan yana yupanmoqchimiz. Qani ayting-chi, qarorlardan qaysi biri o‘z vaqtida amalga oshirilib, Orolga, xalqqa foydasi tegdi. 340-qaror chiqar-chiqmas bekor qilib tashlandi. Tuyamo‘yin-Mo‘ynoq suv tarnovlari o‘tkazishni ham oqlab bo‘lmaydi, chunki Tuyamo‘yin bilan Nukus oralig‘idagi suvning tuzliligi, bor-yo‘g‘i 0,3—0,5 gramm litr farq qiladi. Demak, suvni o‘zanida, daryodan oqizish iqtisodiy hamda ekologik jihatdan foydali. Yana masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Biz suvni tarnovlar orqali tarqatib, dalalarni zaharli suvlar bilan sug‘oradigan bo‘lsak, tarqoq joylashgan uylar sekin-asta bir joyga jamlanib, bizning agrar respublikamiz bora-bora vodoprovod jo‘mragiga yopishib o‘tiradigan respublikaga aylanib qolmaydimi?! Bizning qoraqalpoq ovullarimizda yaroqli suv tarmog‘i faqatgina o‘n foizni tashkil qiladi.
Xozirgi O‘rta Osiyo va Qozog‘iston agrar kompleksi daryolarning bor suvidan ekin ekishda foydalanib, Orolga iloji brricha bir tomchiyam suv tushirmaslikka mahkum etilgan. Respublikalar orasida ham suv miqdori shu asosda bo‘lib olingan. Biz birinchi galda dengizga yetarli suv yuborib, shundan ortgan suvga dehkonchilik qilish tarafdorimiz. Dengizning taqdiri — boshqa xalqlar taqdiri qatori, qoraqalpoq xalqining ham taqdiridir. Qoraqalpoq xalqining shu regiondan boshqa hech qayerda tarqalgan urug‘i yo‘q. Faqat Konimex rayonida 16 ming qoraqalpoq kun ko‘radi, xolos. Teng huquqli xalqlar qatorida yashar ekanmiz, Ittifoqdagi barcha avtonom respublikalar qatori qoraqalpoq davlat maqomini boshqatdan ko‘rib chiqib, siyosiy iqtisodiy maqomni bir zveno orqali boshqarishni o‘rnatish zarur. Regional xo‘jalik hisobi oxir oqibatda shu maqbul siyosatni amalga oshiradi. Xo‘jalik xisobi joriy qilish Qoraqalpog‘istonning bu kungi tang iqtisodi bilan xalk xo‘jaligida bir talay qiyinchiliklar tug‘diradi. Shuning uchun mehnat resurslarini hisoblab va avtonom respublikada transport va mashina ishlab chiqarish korxonalari ochish, yengil sanoat va oziq-ovkat sanoatini rivojlantirish maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Hali bizda demokratiya to‘la ildiz otib, mustahkam zaminga ega bo‘lganicha yo‘q. Yaqindagina meni avtonom respublikamiz prokuraturasiga chaqirib, 1988 yil iyun oyida Nukus universitetida bo‘lgan bir uchrashuvda qatnashib, nimalar deganligim to‘g‘risida tushuntirish xati yozdirib olishdi. Men bu uchrashuvda dengizimizning nima sababdan qurib borayotganligi to‘g‘risida gapirgan edim.
Men Tuyamo‘yinda ko‘p marta bo‘lganman. Uning oltita trubasining har biri 25 megavatt quvvatga ega. Umumiy maydoni yetti kubometr suv saqlaydigan, to‘rtga bo‘lingan Mejduruche, Qaparas, Ko‘shbuloq, Sulton Sanjar qo‘llaridan iborat. Tuyamo‘yin suv ombori qurilib ishga tushirilgandan keyin hosildorlik kamayib ketdi. Uning energetika ahamiyati ham yuqori emasligi aytib kelinayotir. Bu suv omborining qurilishi davlatga 450 million so‘mga tushganligi, uning bug‘ qozoniga aylanganligi, fakatgina Sulton Sanjar qismida suv ostida 40 million tonnadan ortiq tuz koni qolganligi va bu tuzli eritma suv tanqisligida Amudaryoga chuchuk suv bilan aralashtirib oqizilayotganligi xech kimga sir emas. Buning ustiga Oqchako‘ldan suv olib oqib turgan Ko‘kdaryo kollektori zax suvi bilan Amudaryo suvini qattiqlashtirmoqda.
Toshhovuz kanalini qazish tarafdorlari va mualliflari qo‘llab-quvvatlayotgan loyiha tuzilishini ko‘rib, ko‘z oldingga keltirib, qazilsa yaxshi bo‘lardi deging keladi. Lekin sekundiga 500 kubometr suv oqadigan kanalning qandoq natija berishini, qancha suv qumga singib, qancha suv dalaga yetib borishini tasavvur qilish qiyin. Yana bir tomoni shuki, yer osti suvlarining ko‘tarilishi natijasida namchil Toshhovuz yerlari bilan Qoraqalpog‘istonning chap tarafini zax suvlarga bostirish xavfi kutiladi.
Toshhovuzning zax suvlarini Orolga quyish masalasi bugungi kunda ham kun tartibida turibdi. Oblastning ko‘hna Urganch va Oktyabr, Qoraqalpog‘istonning Shumonay, Leninobod, Qo‘ng‘irot rayonlarida, yer osti suvlarining ko‘tarilishi natijasida yerlarning sho‘rlanishi yuz bermoqda.
Toshhovuz kanalining qazilish sababini turkman melioratorlari Xorazmga ag‘daradilar. Xorazm bo‘lingan suv limitining 80 foizidan ortiq olib, Shovot kanali orqali Toshhovuzga tegishli suv yetib bormaydi, ichimlik suv ham yaxshi emas, biz qachongacha Xorazmdan qolgan suvni ichamiz, deb tushuntiradilar. Kollektor-drenaj suvlarini o‘z territoriyamizdan o‘tkazganimiz uchun bizga pul to‘lanishi kerak, deyishadi. Ikki o‘rtada oqibati yaxshi bo‘lmagan tortishuv hamon davom etmoqda. Amudaryo suvini Qoraqum, Qarshi, Amu‑Buxoro kabi bir necha kanallardan tashqari Oroldan Nurekkagacha 491 ta suvda suzadigan nasoslarning xammasi torta bersa, Oroldan uchgan tuz to‘zonlari ekiladigan maydonlarni bosib ketmaydimi?! Dengiz o‘rnida 26 mln. gektar qum va tuzli yer paydo bo‘lganligi buning asosi emasmi? Asrlar davomida donolik bilan yashab kelayotgan xalqimizga bugun kelajak hisobiga yashash tan emas.
Turkmanistonlik olimlarning fikricha kollektor-drenaj suvlarini biologik yo‘l bilan tozalab, qaytadan sug‘orishda foydalanish mumkin. Bunday sharoitda daryodan suv olmasdan ekiladigan maydonlarni sug‘orish imkoni tug‘iladi.
Amu-Buxoro kanali 4,7 kubokilometr Amudaryo suvini qudratli nasoslar orqali 112 metr balandlikda ko‘tarib haydayapti. Amu-Buxoro kanali ishga tushmasdan oldin Buxoroda 200 ming gektar sug‘oriladigan maydon bor edi. Ishga tushirilgandan keyin esa 258 ming gektar maydon deb ko‘rsatilmoqda. Buxoro «suvchilari»ning og‘zidan chiqqan bu ma’lumot odamni hayratga soladi. «Suviing ham so‘rovi bor» deyishadi. Yerning-chi? Qancha yerga, nima ekib, nima undirishini bilmay mehnat kilgan dehqonchiligimiz yukori bo‘larmikan?!
Hozirgi ekiladigan maydonlarning strukturasi mamlakat ekonomikasiga to‘g‘ri kelmaydi. Planni qanday bo‘lmasip bajarish kerak degan chaqiriklar tabiiy ofatning sabablaridan biridir. Shuningdek, bir regionning xisobidan ikkinchi regionni qutqarib kolib bo‘lmaydi. Qoraqum kanalining Orolga ta’siri masalasini olib ko‘radigan bo‘lsak. Qoraqum kanali Amudaryoning 20 foiz suvini tortib oladi. Lekin shu bilan birga, Turkmanistonning to‘rt million xalqidan uch millioni Qoraqum kanalidan umidvor. Bu taraflarini ham o‘ylash kerak. Qoraqum kanalining har kubometr suviga 6 kilogramm loy va qum qo‘shilib oqadi. Bunday ahvolda 2-3 yildan keyin kanalni boshkarish qiyin bo‘lib qoladi. Suvni tindirib yuborish uchun qurilayotgan Zaid suv ombori 5 kubometr sig‘imga ega, u 1990 yili ishga tushishi kerak.
Qoraqum kanali ishga tushgandan beri yigirma besh yil ichida 225 kubometr suv oqqan, bu Volga daryosining bir yillik suv oqishi bilan teng so‘z. Kanaldan 1,6 hissa ko‘p suv olinmoqda…
Amudaryoning suvi Turkmanistondan Qizil Atrekka borishi kerak edi. Kanal qurilishi uchinchi bo‘lagida to‘xtatildi. Suv yetmayotgan ekan, Sumbar va Atrek daryolaridan suv olsa bo‘lmaydimi? Bu daryolarning o‘zani Erondan boshlanadi. Faqat mavsumiy toshqindagina oqadi. Sumbar daryosidan nasoslar bilan suv olinib, yer o‘zlashtirib dehqonchilik qilinayotir, lekin suv yetarli emas. Eronliklar bilan kelishib daryolar suvidan foydalanilsa bo‘lmaydimi?
Qoraqum kanali olib kelingandan so‘ng Kopettog‘ning etagidagi yerlar o‘zlashtirilib, ekin ekila boshlandi. Bu esa Ashxobod yer osti suvlarining ko‘tarilishiga olib keldi. Hozir 170 ta qazilgan quduq orqali suv tortilib, Qoraqum kanali ustidan oshirib o‘tkazilib, Ashxoboddan 18 km. naridagi qumga oqizilayotgan ekan. Yer osti suvlarining tuzliligi har litrga 17 grammdan to‘g‘ri kelyapti. Qoraqum kanalining zonasidagi 100 ming gektar o‘tloqli yaylovlar zax suv ostida qoldi. Kelajakda Qorashar chuqurligiga 20 kubokilometr tashlandiq suv joylashtirish niyat qilinmoqda. Hozir Sariqamishda 30 kubokilometr suv bor, demak, Qoraqumda xam kelajakda Sariqamishday ko‘l paydo bo‘lishi mumkin.
«Xiva xoni huzuriga borilsin, o‘sha daryo yoqalab yo‘lga tushilsin (O‘zboy, ya’ni daryoning Kaspiyga quyiladigan eski o‘zani nazarda tutilmoqda — Tarj.), agar imkoni topilsa o‘sha suvni eski o‘zanga burib yuborilsin. Shu bilan birga Orol dengiziga kuyiluvchi boshqa o‘zanlar ham to‘silsin…»
— Bu Pyotr I ning 1714 yildagi buyrug‘i. Knyaz Aleksaidr Bekovich Cherkasskiyga Pyotr I tomonidan berilgan ikki yarim asr oldingi buyruqni bugungi O‘rta Osiyo va Qozog‘iston xalq xo‘jaligini planlashtiruvchilar, uni amalda bajaruvchilar, ayniqsa, SSSR suv xo‘jaligi ministrligi amalga oshirishga musharraf bo‘lishdi. Rossiyani oyoqqa turg‘azgan Pyotr I ning Hindiston bilan suv yo‘li orqali bog‘lanish g‘oyasi uchun qadim zamonlardan qolgan tarixni ayblash uyat, lekin podsho Rossiyaning shu vaqtlarda kolonial maqsadlari borligi avvaldan sir emasdi.
Bugun esa, dengizni quritishda aybli odamlarga «Ey, sen o‘z xalqingga kolonial siyosat yurgizayapsan» desangiz, nafsoniyatiga tekkan bo‘lasiz, «Bizlar yuqoridan kelgan buyruqni bajardik» deyishadi, vassalom. Ularning bu ishda qo‘llari bo‘lganligi uchun, o‘zlariga qarshi aytilgan fikrning egasini millatchilikda ayblashadi. Ularga qarasang, Chingizxonni, Amir Temurni, Pyotr I ni, Stalinni tiriltirib, xuddi shular buyruq berishlarini istashadi. Paxta va sholi uchun tirik dengizni boy berish sovet tuzumi sharoitida milliy sharmandachilikdangina iborat. Lekin payhon bo‘lish xavfi ostidagi 35 ming yillik tarix-chi. Bunga kimlardir javobgar bo‘lishi kerak-ku! Faqat begunoh kishilar taqdiri, kelajagi bunga javobgar bo‘lmasligi kerak…
Bir tonna paxtadan 15 ming. m2 gazlama to‘qilishini hisobga olsak, bir tonna paxtaga to‘lanadigan xaqning qanchalik past ekanligini, dehqon mehnatining qadrsizligini tushunib yetasan, o‘ksinasan. Buning ustiga ingichka tolali paxtadan sifatsiz gazlama tayyorlanganini, yomon kiyim tikilganini ko‘rsang, yuraging orqaga tortib ketadi. Paxtaning hosildorligi va sifatini oshirishga olimdan tortib dehqongacha yerlarimizning sho‘rlanib borayotganiga qaramasdan, rizqimizdan qiyib millionlab tonnalab paxta bersag-u, yomon kiyim kiysak…
…Hozirgi kunda Chorjo‘y suv xo‘jaligining bosh muammosi, zax suvlarni qanday qilib bo‘lsa ham yo‘q qilish maqsadida viloyatning hozirgi zax suvlari avvalgi loyiha bo‘yicha kattasharga quyilib turibdi. Undan nariga qirq kilometrlik kanal qazilibdi, bu Kaspiyga olib boradigan Trans-turkman kollektoriga qo‘shilishi kerak. Orol bo‘yicha qarorda regionning barcha zax suvlari Kaspiyga emas, Orolga quyilsin deyilgan-ku?! 340-qarorda esa Amudaryoga zax suvlarni quydirmaslik to‘g‘risida ko‘rsatma bor.
Shuningdek, karor «Qoraqalpog‘istonni sotsial iqtisodiy rivojlantirish to‘g‘risida» ekanligi ma’lum. Lekin moyanaga ko‘shilgan ozgina qo‘shimchadan boshqa amaliy hech narsa bajarilmadi. Ochig‘ini aytganda, mahalliy hukumatlar qarorni bandma-band bajarishni maqsad qilib qo‘ymadi. O‘zbekiston o‘ziga tegishli qarorni bajarmagach, boshqalar, ya’ni Turkmaniston o‘zining zax suvlarini Amudaryoga oqiza berdi. Ayniqsa, Chorjo‘y viloyati, qo‘shni Buxoro, Qashqadaryo bilan daryoni kim ko‘proq zaharlash musobaqasini davom ettirayotir. Amudaryoga oqizilayotgan zax suvlarning tuzlilik darajasi Chorjo‘y viloyatida 2.5-4,5 gramm-litr, Buxoroda 5-9 g. l. Qashqadaryoda 9-14 g. l. Yana O‘sh viloyatini qo‘shganda yiliga 7-8 kubokilometr zaxarli zax suvni daryoga oqizilayotganiga nima deysiz? Qani 340-qarorning to‘liq ijrosi? Chorjo‘yliklar qaror bo‘yicha Amudaryoga zax suvlarni quyishni to‘xtatishi mumkin. Lekin Buxoro va Qashqadaryoning zax suvlari tushib turgan ko‘llari to‘lib ketganidan bu suvlarni daryodan boshqa yerga oqizish imkoni yo‘q. Mayli, ular qarorni bajarib chiqindi suvlarni boshqa yerga, bo‘lmasa kollektor qazib, Orolga quydira qolsin ham deylik. Unda daryoning ikki qirg‘og‘idagi kollektorlardan 7-8 kubokilometr suv oqadigan bo‘lsa, daryoning o‘zidan nima oqadi? Bu mojarodan ham mantiq topish mushkul-ku?
Xo‘jayli-Nukus oralig‘ida Amudaryodan yo‘lovchi tashigan teploxodning so‘nggi reysni bajarib, quruqlikka chiqib qolganiga o‘n besh yilcha bo‘ldi, Chorjo‘yda shunday teplrxod suzib yuribdi, lekin Amudaryoning shu ahvoli bo‘lsa, kichik kemalar qachongacha qatnar ekan. 1955 yillargacha Orol dengizidan 322.0 ming tonnagacha yuk tashilar edi. 1975 yilga kelib, yuk tashish 81,7 ming tonnaga tushib qoldi. Oradan 4 yil o‘tgan, so‘ng dengiz transportlik ahamiyatini birato‘la yo‘qoldi. Bu dengiz: «Orolko‘l»ga, «Kemalar qabristoni»ga aylandi. Amudaryoning transport xizmatini yo‘qotishida, qurilgan GES sabab bo‘ldi. Taxiatosh GESi qurilishida kemalarni o‘tkazadigan shlyuzalar bor edi. Tuyamo‘iin qurilishida esa Amudaryoning transport xizmati mutlaqo hisobga olinmagan. Tuyamo‘yinga shlyuzalar qo‘yilmagan. Demak, daryoning qurishi oldindan rejalashtirilgan bo‘lib chiqadi. Aralskdan Termizgacha flotdan ayrilish, istiqbolini o‘ylagan hech bir xalqqa, respublikaga obro‘ keltirmaydi. Chorjo‘ydagi rahbarlarning esa Amudaryoga avtomobil ko‘prigi yoki bo‘lmasa, xuddi shu yerdan GES qurgisi kelyapti; Negaki, SSSR dengiz floti nozirligiday qudratli mahkama uchun Orol ham, Amudaryo ham xech narsa emas, boridan yo‘g‘i…
Men tahlil qilayotgan bu raqam va ko‘rsatkichlar kishi qalbiga og‘riq bo‘lib tegaveradi. Xato va kamchiliklarga shunchalik ko‘p yo‘l qo‘yilganki, gangib qolish hech gapmas. 1977 yildan boshlab, o‘n yil davomida o‘zlashtirilgan O‘rtacho‘l massivi, bugunda yo‘qolgan makonga o‘xshaydi. Avval bu yerda 9 ta sovxoz tuzilgan edi. Hozirda esa 3 taginasi qolibdi. O‘zlashtirilgan 11 ming gektar yerning 4 mingi ekishga yaroqsiz bo‘lib qoldi. Hosildorlik gektariga 15 tsentnerdan rejalashtirilib, 12 tsentnerdan hosil olinayotir. O‘n yilning ichida 26 million so‘m ziyon ko‘rildi; Hozir cho‘l yerda 4000 ishchi vaxta usulida shahardan qatnab Ishlaydi. Sho‘rlanib ketgan toshloq yerni o‘zlashtirishning nima keragi bor edi? «Giprovodxoz» planlashtirgani uchunmi? O‘rtacho‘lni o‘zlashtirish natijasida yuzaga chiqqan raqamlar ko‘p va har xil. Qaysi biriga ishonish kerakligini bilmaysan, lekin qancha hisob-kitob qilib, bosh qotirmang, bu massivni o‘zlashtirishdan kelgan foydani topish qiyin…
Qashqadaryo viloyatida Qarshi kanali qazilgandan beri Amudaryo suvidan 226 ming gektar yer sug‘oriladi. Qarshi cho‘li o‘zlashtirilishining «qahramonlari» haqida matbuotda ko‘p yozilgan. Qashqadaryo viloyati 1983 yili 621 ming tonna hosil yetishtirib, shundan 123 ming tonnasi ingichka tolali paxta bo‘lsa, 1984 yili yetishtirilgan 404 ming tonna hosilning 139 ming tonnasi ingichka tolali paxta edi. Demak, qayta qurish davrigacha viloyat paxta hosildorligini qo‘shib yozishlar bilan oshirib kelgan bo‘lib chiqadi. Qo‘shib yozishlarning ildizini, menimcha, Qarshi cho‘lini o‘zlashtirishdan izlash kerak. Albatta, xozir o‘zlashtirilgan yerlar minglab odamlar taqdiri bo‘lib qoldi. Lekin Qarshi cho‘lidagi 55 ta sovxozning hech qaysisi shu paytgacha loyihada ko‘rsatilganidek, gektaridan 20 tsentnerdan hosil ololmagan. Faqat qo‘shib yozishlar bilangina oldinga siljish bo‘lgan. Viloyat Amudaryodan 5 kubokilometr suv oladi, shu suv bilan yangidan ochilgan yerlarning hosilini zo‘rlab bo‘lsa-da, planga mos keltirish shartligi, bugungi rahbarlarni uydirma ma’lumotlarga yo‘l qo‘yishga majbur qildi. Bu uydirma Minvodxozning yangi yerlarni o‘zlashtirish normativlariga ham kirgizilgan edi. Loyihada bir odamga o‘n gektar ekiladigan yer to‘g‘ri keladi, aslida bir odamga to‘rt gektardan mos. Balki, ochilran maydon emas, unumdorlik xisobiga olinganda to‘rt odamga bir gektardan ekiladigan maydon to‘g‘ri kelganda ham odamlarning yashash sharoitlari yukori bo‘lardi.
Hozir ham qo‘riq yerlarini ochishga jalb qilinganlarga boshpana yetishmayapti, qonunsiz posyolkalar qurilyapti. Ministr Vasilevning saxiyligidan gektariga sarflanadigan harajat 6 ming so‘m o‘rniga 8 ming so‘mdan oshib ketdi. Plan boshqa, turmush boshqa bo‘lib chiqyapti. Amudaryoning bo‘ylarida hech qanday planga kirmagan sholizorlarni ko‘rish mumkin. Bu yerlar planga kirmagan, buning ustiga daryoning qirg‘oqlariga ekilgan. Sholiga solinadigan ximikatlar bilan daryo suvi zaharlanyapti. Axir busiz ham Amudaryoga birgina Surxondaryo viloyatidan 18 ta kollektor drenajning zaharli suvlari quyilayotir. Melioratsiya bilan shug‘ullanish xech kimni qiziqtirmayotir.
Qashqadaryo dehqonchiligini Amudaryodan boshqa mayda daryolar ham suv bilan ta’minlab turibdi. Lekin bizning suv xo‘jaligimiz kishilarni ichimlik suv bilan ta’minlashni emas, balki birinchi galda paxtaga suv yetkazib berishni maqsad qilib qo‘ygan. Qo‘pchilik qishloqlarda esa xalq buloq boshida o‘tirib mazali suv icholmayotir. Pachkamar suv ombori atrofidagi aholiga ichimlik suvning zarurligi bunga misol.
Bir vaqtlar Surxondaryo va Qashqadaryolar xam Amudaryoga quyib turgan… Hozir esa aksincha, Amudaryodan suv olinib, paxta ekilyapti. Mutasaddilar buni xalqning oziq-ovkat mahsulotlariga bo‘lgan talabi oshib borayotganligidan, ularni ish bilan ta’minlash zarurligidan deb tushuntiradilar. Demograf V. Perevedentsev esa O‘rta Osiyoda iqtisodiy-madaniy ahvol yaxshilanishi o‘rniga yomonlashib borayotganligini dalillab beryapti.
Vaxshda qurilayotgan Rog‘un suv ombori Orol tugul Amudaryoni yanada yomon axvolga solib qo‘yishi mumkin. Bu suv omborida 250 metr balandlikda 19 kubokilometr suv saqlanishini hisobga olsak, Vaxsh daryosi bir necha yil shu suv omborini to‘ldirish uchun oqadi, chunki Vaxshning yillik suv oqimi 30 kubokilometrni tashkil etadi. Rog‘un GESi qurilishi bosh injyoneri M. S. Soyning aytishiga qaraganda, suv ombori atrofida 17 ming gektar yerni suv bosadi, 15,5 ming aholini yashayotgan elidan ko‘chirish kerak bo‘ladi. Shunday ekan, Rog‘un nega qurilayotir? Javob juda sodda. Kuchli elektr energiyasi va Amudaryo quyilishidan 300 ming gektar yerni sug‘orish uchun ekan. Germaniyaning «yashillar partiyasi» vakillari esa bu suv ombori balandligini 250 metr emas, 150 metrga tushirishni taklif qilishdi.
Orol dengiziga yetib bormayotgan suv zapaslari ko‘p. Orol o‘z ulushini olishi zarur. Odamzotning tabiat ustidan noqonuniy hukmronlik qilishga urinishi to‘xtatilishi kerak. Shundagina ekologik ofatdan omon qolish mumkin.
Qoraqalpoq tilidan Oybek Rahim tarjimasi
“Yoshlik” jurnali, 1990 yil 3–son
[1] M. K. Aleksandrov. Paxta, uni saqlash va qayta ishlash. Toshkent, O‘zdavnashr. 1949 yil.