Umarqul Egamov. Pora va chora (1989)

Men oliy va oliy bo‘lmagan dargohlardagi ba’zi bir «kasalliklar» haqida mulohaza yuritmoqchiman. Bu kasallikning nomi — poraxo‘rlik.

Poraxo‘rlik pokiza diyorimiz yuziga qora chapladi! Eng yuqori minbarlardan turib bu haqda gapirildi. Dunyoga ovoza bo‘ldik. 40—50 daraja issiqda mehnat qilayotgan dehqon mehnatiga shubha uyg‘ondi. Bir hovuch soya-salqinda — Moskvada va O‘zbekistonda «pichirlashganlar» mehnatkash xalqimiz yuzini shuvit qildi. Andishali odamlarimiz «o‘qidan chiqqan g‘ildirakni» yana iziga tushirish uchun oftobda kuyib-yonmoqdalar. Lekin ko‘pgina «jig‘ildon epidemiyasinga yo‘liqqan nopoklar «baribir tartib bo‘lmaydi, bu dunyo o‘tkinchi», «yo‘lini topib davringni surib qol» qabilida ish tutmoqdalar! Pora olish uchun odamlarni tulkidek avramoqdalar, ilondek yenglariga kirmoqdalar… Ular nihoyatda ehtiyotkorlik bilan harakat qilib, pora olishning yangi-yangi vositalarini o‘ylab topmoqdalar.

Ko‘pgina studentlar, ota-onalar va yuristlar bilan suhbatlashdim. Poraxo‘rlik, uning ildizlari, formalari haqida fikr almashdik.

— Bir ayol o‘qituvchi bor, — deydi Toshkent Politexnika institutining Jizzax filialida ta’lim olayotgan student. «Men ayol bo‘lsam, senlar bilan erkakcha gaplashaman», deydi u… Hamma kechki kursda o‘qiydiganlar 25 so‘mdan yig‘ib ko‘rmasin-chi, uning imtihonidan o‘ta olarmikin?! Berganlarga gruppa spiskasiga qandaydir belgi qo‘yib oladi. O‘zi pulni qo‘liga ushlamaydi. Gruppa starostasi yig‘ib oladi, bilmadim qayerda beradi unga?!.

— Organga xabar qilmadinglarmi?!

— Bir bola chidolmadi. Tegishli joyga xabar qilib ko‘rdi. Kelib ushlashdi ham. Spiskani topib olishdi. Lekin, o‘sha domla «gruppani spiskasi, nima deysanlar?» deb turib oldi. Hozir o‘sha organga xabar bergan bola imtihondan o‘tolmay, sarson bo‘lib yuribdi.

— Hech qachon bu hukumatingda «poryadka» bo‘lmaydi, — deb jig‘ibiyron bo‘ladi, shofer hamqishlog‘im.— Qizim o‘nni bitirguncha faqat «5» ga o‘qidi. Bitirish imtihonida ataylab «4» qo‘yishdi. Qizim «Mayli, Faxriy yorliqqa bo‘lsa ham ilindim, menga ham berisharkan» deb keluvdi. Maktabga 10 ta kelgan ekan, 7 tasini hammaning oldida berishibdi. Uchtasini keyin gaplashganlarga ulashishibdi. O‘zimni o‘qitgan domlalar, ha o‘lsin, deb maktabga bormadim. Demokratiya bo‘lib, yomon bo‘lib ketdi. Hozir baribir pulsiz o‘tkazib bo‘lmaydi, deyishganidan keyin bir marta o‘ksitdim, endi nima bo‘lsa bo‘ldi, deb 500 so‘mga Jizzax meditsina bilim yurtiga rozi bo‘lgandim. Kecha kelishib, 500 so‘m oz, 1000 so‘m bermasangiz bo‘lmaydi deb ketishdi. Nima qilishni ham bilmay qoldim. Endi baribir qizimni yiqitishadi!..

— Xabar qiling prokuraturaga.

— Nima deyapsan o‘zi?! Endi bu sharmandagarchiliklar bormidi menga?! Oraga tushgan qarindoshim. Bir umr yuz ko‘rmas bo‘lib ketamiz. Keyin pora bermoqchi bo‘libsan, deb meniyam qamab qo‘yishsa-chi, dedi u.

— Umrbod o‘g‘limni adashtirdim, — deb kuyinadi pensiyaga traktorchilikdan chiqqan tanishim. — Birinchi farzandimiz, qanday bo‘lmasin o‘qitishimiz kerak, deb onasi qo‘ymadi. Bittasi bilan gaplashdim. Ishlayotgan institutining narxi 4,5 ming so‘m ekan. Birinchi yili o‘g‘lim o‘tolmadi. Gaplashganim o‘sha yili bir yoqqa ketib qolgan ekan. O‘g‘lim bir yil «stroyka»da ishladi. Uning topganini ham qo‘shib beradigan bo‘ldik. Onasi 4,5 ming pulni o‘g‘limning maykasining ichidan tikib berdi. O‘sha akangnikida yechasan, deb tayinladik. O‘sha yili o‘g‘lim institutga kirdi. Lekin bir yilga bormay qaytib keldi. Sababi, o‘zi maktabda yaxshi o‘qigani bilan institutga pul bilan kirgach, darslarga bormay qo‘ygan. U ham bir-ikkitasidan yordam bergani bilan, o‘sha joyda ham bir-biriga g‘anim, bir-birini ko‘rolmaydigan o‘qituvchilar bo‘lar ekan. Keyin o‘g‘lim ichadigan bo‘lib qoldi… Shularni kerakli joyga borib aytsam, yo‘q, endi kech bo‘ldi-da!..

— Hech kimga aytmasangiz aytaman, — qo‘rqa-pisa sekin gapiradi student hamsuhbatim. Siz o‘ylaysiz

«oladigan» o‘qituvchilar avommi? Ular bilan kurashib bo‘lmaydi. Yo‘lini qilib dumingizni tugvorishadi.

Bir o‘qituvchi bor, qanday bo‘lmasin gruppa starostasi yoki armiyadan kelgan «kuzurroq» bittasi bilan munosabatini yaxshilab oladida, gruppa bilan faqat o‘sha orqali aloqa qiladi. Ko‘pincha mashinasiga ballon, har-xil zapchastlar oldiradi. O‘g‘liga ham mashina olib berib qo‘yibdi. Pul olsa auditoriyaning burchagidagi sumkasiga tashlab chiqishadi. O‘zi qo‘liga pul ushlamaydi. Aloqachisi kirishi bilan o‘zi auditoriyadan chiqib ketadi. Boshqa gruppadagi laychasi kelib sumkadagini magazinga almashtiradi yoki kattaroq aytgan narsasini sotib olib, uyiga yetkazadi…

Poraxo‘rlik to‘g‘risida bahs boshlanar ekan, pora olish usullari, poraxo‘rlarning xatti-harakati to‘g‘risida eshitib, yoqangizni ushlaysiz.

Xo‘sh, poraxo‘rlik daraxti shunchalik ildiz otayotgan ekan, unga qarshi qanaqangi kurash usullari mavjud?!

O‘zbekiston SSRning jinoyat kodeksidagi 152— 153—154 moddalari ko‘proq bahslarga sabab bo‘ladi.

— Bu qonunlar mavjud ekan, poraxo‘r jamiyatda «izolirovan» bo‘lib yuraveradi, — deydi aptekachi Yusuf aka, — chunki pora bergan ham, vositachi ham o‘zidan qo‘rqqanidan tonib turaveradi. Demak, poraxo‘rni himoya qilishadi. Bu psixologiyani o‘zgartirish uchun pora berib ishini bitkazganga ham, vositachiga ham katta mukofot berish kerak. Ana shunda u poraxo‘rni himoya qilish o‘rniga ham ishini bitkazadi, ham tegishli joyga borib, dalil isboti bilan uning sirini ochib, poraxo‘rni topishga yordam beradi.

Hurmatli o‘quvchilarga yanada ravshanroq bo‘lishi uchun bu uch moddani to‘liq keltiraman:

152-modda. Pora olish. Mansabdor shaxsning o‘z mansabidan foydalanib, qilishi lozim bo‘lgan yoki qilishi mumkin bo‘lgan biron-bir harakatni pora beruvchi shaxs manfaatini ko‘zlab bajarganligi yoki bajarmaganligi uchun shaxsan o‘zi yoki vositachilar orqali har qanday turda pora olish — mol-mulki musodara qilinib, uch yildan o‘n yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O‘sha harakatlar mas’ul vazifani egallab turgan, yoki ilgari poraxo‘rlik uchun sudlangan, yoxud bir necha marta pora olgan mansabdor shaxs tomonidan qilinsa, yoinki tovlamachilik bilan bog‘liq bo‘lgan holda sodir etilsa mol-mulki musodara etilib, sakkiz yildan 15 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum etish bilan va ozodlikdan mahrum qilish muddatini o‘taganidan keyin ikki yildan besh yilgacha muddatga surgun qilish yoki surgun qilmaslik bilan, aybini og‘irlashtiradigan alohida hollarda esa mol-mulki musodara qilinib, o‘lim jazosi bilan jazolanadi.

153-modda. Pora berish — uch yildan sakkiz yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Bir necha marta pora berish yoki ilgari poraxo‘rlik bilan sudlangan shaxs tomonidan pora berilishi — mol-mulki musodara qilinib, yoki qilinmay yetti yildan o‘n besh yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum qilish bilan va ozodlikdan mahrum qilish muddatini o‘taganidan so‘ng, ikki yildan besh yilgacha muddatga surgun qilish yoki surgun qilmaslik bilan jazolanadi.

Agar shaxsni tovlamachilik bilan pora berishga ko‘ndirilgan bo‘lsa, yoki shu shaxs pora berganidan keyin bu haqda o‘z ixtiyori bilan kelib aytsa, u holda bunday shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod etiladi.

154-modda. Pora olish-berishda vositachilik qilish — ikki yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Pora olish-berishda bir necha marta vositachilik qilish, yoki ilgari poraxo‘rlik uchun sudlangan shaxs tomonidan yoxud o‘z xizmat mansabidan foydalanib qilingan vositachilik.

— Mol-mulki musodara qilinib, yetti yildan o‘n besh yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum qilish bilan va ozodlikdan mahrum qilish muddatini o‘taganidan so‘ng, ikki yildan besh yilgacha muddatga surgun qilish yoki surgun qilmaslik bilan jazolanadi.

Poraxo‘r ayyor! Vositachisi uning iskanjasida! U bu haqda shipshitib ham qo‘ygan. Pora berganga ozroq yengillik berilgani bilan, agarda poraxo‘rning pora olganligi isbotlanmay qolsa, tuhmatchi sifatida jazolanish xavfi bor! Xo‘sh, qonunning bu moddalarini o‘zi poraxo‘rlikka qarshi kurashni chegaralab qo‘ymayaptimi?! Pora u qaysi ko‘rinishda bo‘lmasin: rangli pulmi, nomerli pulmi, u faqat poraxo‘rning qo‘lidagina ushlansa o‘z kuchida bo‘ladi. O‘shanda poraxo‘r ham, vositachi ham shunday gaplar to‘qishadiki, sudgacha ular ilondek sirpanib, qonun ramkasidan chiqib ketishi mumkin. Bunday «olg‘irlarga» tushgan organ xodimlari «barmoqlarini tishlab» qolaveradilar! Bunday muvaffaqiyatsiz operatsiyalar qulog‘iga chalingan «havasmand poraxo‘rlar» ham avjiga minadilar…

Qonun moddasiga ozroq o‘zgartirish kiritilib, vaqtida aybini bo‘yniga olgan vositachi ham kechirilsa-chi! Unda bitta asosiy guvoh ortadi. Poraxo‘r yakkalanib qolardi! Pora bergan odamga asosan u porani berib, ishini bitkazganidan keyin ma’lum vaqt o‘tgach, unga ta’sir qiladi. Biror yerga xabar qilay desa, kurash formasidan bexabar! Dalillar yetishmaganligi sababli ish to‘xtatilishidan qo‘rqadi.

Bilim dargohlari to‘g‘risidagi o‘qituvchilar «nomerlari», kirish imtihonlarining narxlari to‘g‘risidagi gap-so‘zlar nega tugamayapti? Nega kursdan kursga o‘tish, imtihon, zachetlar uchun, kurs ishlari topshirish uchun haliyam poraxo‘rlik davom etmoqda?! Organ xodimlari shoxida yursa, poraxo‘rlar bargida yurishibdi. Poraxo‘rlikka qarshi hozirgi kurash «zaharli bu daraxt»ninr bargini yulishga o‘xshab ketyapti, xolos.

Yillar o‘tib poraxo‘rlik rangini, usulini o‘zgartirdi. Unga qarshi usul topa bilmas ekanmiz, jamiyatimiz badanidagi yiring kattalashaveradi! Unga qarshi profilaktik vositalar topa bilmas ekanmiz, bu «epidemiya» «hayot majbur qilib», havas ustun kelib, organizmida «immuniteti» kamayib borayotgan kimsalarni ham zaharlaydi… Ular ham chumak uradilar! Poraxo‘rlikka qarshi kurashda u bilan uzoqdan turib emas, ichiga kirib kurashish kerak!

Biz, kattalar non yeydigan joyimiz pokligi uchun bunday kurashishimizdan hech nima chiqmasligi aniq. Qayta qurish, oshkoralik institutlarga o‘rnashib olgan ba’zi nopok, nafsi uchun hamma narsadan kechvoradigan «o‘pqonlarni» ancha cho‘chitib qo‘ydi. Chidolmaganlarning ba’zilari bu dargohlarni abadiy tark etdilar. Lekin haliyam nimadandir umidvor bo‘lib, bu «shamollar ham» o‘tkinchidirov, deb yurganlar ham bor. Bundaylar o‘ta yashirin holatga o‘tib oldilar xolos! Yoshlarimiz shunday aktivlashaversa, qayoqqa ham qochib qutilishardi, deysiz?! Faktlar «yashirinib boshini burkasa, orqasi ochilib qoladi!» Hech qo‘rqmang! Agarda, yolg‘on narsa bosilib ketsa ham, oshkoralik ta’sirida aktivlashgan odamlar qo‘ya qolishmaydi, ertasigayoq uning rosti chiqadi.

So‘ng so‘z o‘rnida

Maqolani o‘qigan har bir insonda hozirgi qayta qurish, oshkoralik davrida avtor nega aybdorlarning ism-familiyalarini ochiq yozmabdi degan savol tug‘ilishi mumkin. Poraxo‘rlik to‘g‘risida kim bilan suhbatlashgan bo‘lmayin u beruvchimi, ishtirokchimi, vositachisi kimligidan qat’iy nazar matbuotga maqola yozmoqchiligimni aytsam darhol suhbatni to‘xtatib, o‘zlari haqida yoki voqea haqida yozmaslikni iltimos qilishga tushishardi. Chin va’damni olishgach, ishonch bilan voqealarni ikir-chikirigacha hikoya qilishardi. Muxbir sifatida va’damning ustidan chiqib «qahramonlarim» nomlarini ko‘rsatmadim. Poraxo‘rlikning kelib chiqishi, usullari, unga qarshi kurash formasiga asosiy e’tiborni qaratdim.

“Yosh kuch” jurnali, 1989 yil, 12-son