Umarali Normatov. Toshqin paytidagi sokinlik (1989)

Aprel oyining oxirida Qo‘qon shahrida studentlarning o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha an’anaviy rvspublika olimpiadasi bo‘lib o‘tdi. Bu — Butunittifoq miqyosida «Student va ilmiy-texnik progress» shiori ostida o‘tadigan tadbirning bir qismi sifatida muhim ahamiyatga ega. Avvallari bunday tadbirlar universitet va pedinstitutlar tomonidan alohida-alohida o‘tkazilardi, respublikada yagona xalq ta’limi ministrligi barpo etilishi munosabati bilan bu gal pedinstitutlar bosh bo‘lgan anjumanga universitetlarning talablari — komandalari ham taklif etildi. Respublikaning, qo‘shni Tojikistondagi Leninobod pedinstituti ham qo‘shilgan holda 17 oliy o‘quv yurtida ta’lim oladigan o‘zbek filologiyasining ilg‘or talabalari — bo‘lajak tilshunos, adabiyotshunoslari, tanqidchilari, pedagoglari, ona tili va adabiyotning bo‘lg‘uvsi otashin targ‘ibotchilari shuningdek, ularga ta’lim-tarbiya berabtgan taniqli murabbiy, professor-o‘qituvchilar yig‘ilishdi. Men bu xil anjumanlarda ko‘p marta bo‘lsam-da, jyuri a’zosi sifatida o‘zbek filologiyasi kadrlari tayyorlaydigan barcha oliy o‘quv yurtlari ishtirokida o‘tgan olimpiadada ilk bor ishtirok etishim.

Ochig‘i, bu tadbirga zo‘r hayajon, katta umid bilan borgan edim. Hozirgi adabiy-ma’naaiy hayot bamisoli qudratli toshqinni eslatadi. Qayta qurish, oshkoralik, demokratiyaning iliq shamoli uzoq yillik ma’naaiy karaxtlik muzlarini eritib, qalblarni junbushga keltirdi, bahs-munozaralar avjiga chiqdi, fikrlarning xilma-xilligi odat tusiga kira boshladi; keyingi ikki-uch yil ichida yetmish yillik bosib o‘tgan yo‘limiz, jumladan, adabiyotimiz tarixiga oid shu qadar ko‘p, yangi ma’lumotlar paydo bo‘ldiki, ular goho karaxtlikdan eidigina o‘ziga kelayotganlarni dovdiratib qo‘ymoqda; bir vaqtlar qoralangan, man etilgan ko‘plab asarlar chop etilmoqda, xoin, sotqin, deb qaralgan xorijdagi vatandosh adiblarning asarlari yurtiga qaytmoqda; V. Nabokov, M. Aldanov, B. Zaytsev singari chetda yashab ijod etgan so‘z ustalarining asarlari tufayli kitobxon ko‘z oldida XX asr rus adabiyotining butun bir yangi olami namoyon bo‘lmoqda; yaqinginada biz mutloq haqiqat deb bilgan ko‘pgina nazariy qarashlar, adabiyot programmasi, darslik va o‘quv qo‘llanmalarida nuqulgina ijobiy baholangan adabiy hodisa, asarlar hozir jiddiy tanqid ostiga olinmoqda, adabiyotimizning alohida bosqichlaridagi rivoji, ulkan namoyandalari ijodi haqidagi biryoqlama, yuzaki, afsonaviy tasavvurlar keskin o‘zgarmoqda; qotib qolgan qarashlarga jiddiy zarba berilmoqda…

Bu galgi o‘zbek filolog studentlarining olimpiadasi ana shunday jo‘shqin, hayajonli kunlarda o‘tdi. Xo‘sh, davr ruhi, suroni olimpiadada o‘z aksini topdimi? Afsuski, bu savolga qoniqarli javob berish qiyin. Avaalo, shuni aytish kerakki, Qo‘qon pedinstituti ma’muriyati olimpiadaga tashkiliy jihatdan yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan, olimpiada qatnashchilari uchun hamma imkoniyatlar yaratilgan. E’tirozimiz asosan olimpiadaning odat tusiga kirgan ilmiy-metodik jihatiga, yo‘nalishiga tegishli. O‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha yoema ishlar jarayoni va og‘zaki sinovlar paytida men o‘zimni filologiyamizning oldingi safida turgan, uning bugungi muammolari, dardu-tashvishlari bilan yongan hamkasabalarning (ha, men olimpiada ishtirokchilarini shunchaki shogird talaba emas, o‘zlarini ustozlari bilan hamkasaba deb his etishlarini istardim) bahsi, fikriy jangida emas, bamisoli maktabni bitiruvchilar, nari borsa, abituriyentlar imtihonida o‘tirgandek his etdim. O‘sha, maktabdan bizga tanish insho yozish tartibi, ikki-uchta mavzuni mustasno qilganda o‘sha qolipga aylangan insho temalari, siyqa tekshirish, baholash usullari… Bu yerda ham o‘sha oliy o‘quv yurtlarida odat tusiga kirgan kirish imtihoni oluvchilarga nisbatan ishonchsizlik… Professor N. Mallayev, O. Nosirov, A. Kattabekov, U. Normatov kabi jyuri a’zolari emas, Qo‘qon shahri maktablaridan chaqirilgan til va adabiyot o‘qituvchilari yozma ishlarni tekshirib baholadi. Tashkiliy komitetning izohiga ko‘ra, xolislik uchun shunday qilingan emish, yozma ishlarni jyuri a’zolari tekshirsalar, go‘yo har kim o‘z ko‘machiga kul tortarmish. Bu oliy o‘quv yurtlarida 20, 30 hatto 40 yil ishlagan respublikamizning pedagog olimlari sha’niga haqorat emasmi?

Insof bilan aytganda, maktab o‘qituvchilari yozma ishlarni to‘g‘ri, halol baholaganlar; o‘rta maktab saviyasi darajasidan qaraganda yozma ishlar orasida «yaxshi» va «a’lo» bahoga loyiqlari bor. Menga Buxoro pedinstituti talabasi Laylo Sharipovaning erkin temada yozgan inshosi nisbatan ma’qul tushdi. Ish o‘rta maktabni bitiruvchilar uchun mo‘ljallangan «Shahrim ko‘chalarini shod kezaman», deb atalgan siyqa, jimjimador mavzuda bitilgan bo‘lishiga qaramay, bu qizimiz shahar ko‘chalarini kezishdagi yasama shodlik-quvonchlari emas, ko‘proq Buxoro shahrining bugungi muammolari, tarixiy obidalarning nochor ahvoli haqida kuyinib yozibdi… Shundan boshqa birorta ham, «kashfiyot» deyishga til bormaydi-yu, loaqal salgina bo‘lsin ijodiy ruhda bitilgan o‘ziga xos yozma ishni uchratmadim.

Og‘zaki imtihonlar uchun tuzilgan savollar o‘ta jo‘n, ibtidoiy, deyarli barchasi ilmiy-ma’rifiy axborot xarakterida. Birorta ham talabani bahs-munozaraga undaydigan masala qo‘yilmagan. Olimpiada programmasining dastlabki nusxasida bir qator munozarali nazariy muammolar, jumladan, sotsialistik realizmga oid savol bor ekan, keyinroq bu xil saaollarni programmadan chiqarib tashlabdilar. Emishki, bunday muammolar hali fanda yechimini topgan emas, ular bir yoqli bo‘lguncha kutib turish darkor! Ayrimlar hatto Cho‘lpon bilan Fitratning ijodi xususida axborot tarzidagi savollarga ham e’tiroz bildirishdi, fanda uzil-kesil hal bo‘lmagan, o‘quv programmasi va qo‘llanmalariga kirmagan masalalarii olimpiada programmasiga nomatlub, deb turib olishdi.

Tabiiyki, savollar qanday bo‘lsa, javoblar ham shunga yarasha. Aksari quruq axborot tarzida, programma, o‘quv qo‘llanmalari, darslikdagi gaplarning shunchaki yod olingan, «o‘zlashtirilgan» mahsuli; eng achinarlisi, talaba — olimpiada qatnashchisi darslik, qo‘llanmalardagi gaplarni haqiqat deb biladi, salgina bo‘lsin mavjud fakt va fikrlarga shubha bilan qarash, bahslashish mumkinligini xayolga ham keltirmaydi.

1989 yili «Student va ilmiy-texnik progress» shiori ostnda o‘tayotgan olimpiada qatnashchilari go‘yo olamda hech narsa bo‘lmagandek 20—30 yillar adabiyoti haqida bundan 15—20 yil burun o‘sha davr ruhida bitilgan gaplarni gapirishadi. Oliy o‘quv yurtlaridagina emas, umumta’lim maktablaridagi millionlab o‘zbek o‘quvchilari o‘sha gaplarni o‘qimoqda, ko‘ngliga jo etmoqda! Bir hisobda talaba, o‘quvchi nima qilsin, o‘rta maktablar uchun chiqarilgan darslikda, kuni kecha Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti rus tilida tayyorlangan ko‘p tomli «O‘zbek sovet adabiyoti tarixi»da ham adabiyotimiz tarixi shu ruhda yoritilgan bo‘lsa! Keyingi paytlarda biz xiyla «faollashib» minbarlarda keskin tanqidiy nutqlar so‘zlayotirmizu, adabiyotimiz tarixini yangicha teran yoritadigan, chunonchi, Ivan Dzyubaning «Ellik yildan so‘ng. 30-yillar ukrain adabiyoti — 80-yillar nigohida» maqolasi singari tadqiqotlar yaratish ustida bosh qotirmayapmiz.

Meni, ayniqsa, lingvistik tahlillar jarayoni hayratga soladi: doskaga chiroyli qilib yozilgan misollar, ko‘zni qamashtiradigan sxemalar, yodlab olingan qoidalar, qat’iy hukm-xulosalar — hammasi joyida; go‘yo tilimizda, tilshunosligimizda birorta ham jumboq qolmagan, barchasi hal etilgan; bir studentning birgina masalada jyuri a’zosi bilan jinday bahsini mustasno etganda, umuman, ona tiliga oid munozarali masala ko‘tarilmadi. Yodlab olingan qoida, sxemalar hayot, amaliyot, til rivoji uchun qanchalik nafi bor — bu bilan hech kimning ishi yo‘q…

O‘ylab qolasan kishi, nahotki 17 ta oliy o‘quv yurtidan to‘plangan filolog studentlar orasida ijodiy fikrlaydiganlar bo‘lmasa? Yozma va og‘zaki imtihonlardan ma’yus holda chiqib, milliy tillar ravnaqi va hozirgi holatiga bag‘ishlangan munozarada qisman ko‘ngillar ravshan tortdi. Filologiya fanlari kandidati Isroil Po‘latov chapdastlik bilan boshqargan bahsda boyagina imtihon payti siqilib-qimtinib so‘zlagan studentlar birdan ochilib ketishdi. Ona tili taqdiri bilan bog‘liq ko‘nglida bir dunyo dardi borligi ma’lum bo‘ldi. Afsuski, yaxshi boshlangan bahs poyoniga yetmay kontsert-u mushoiraga aylanib ketdi…

Talabalarning dilini yaxshiroq bilish maqsadida ular bilan suhbatlashdim. Shaxsiy muloqotlar paytida tamomila boshqa manzaraga duch keldim. Ular meni savollarga ko‘mib tashlashdi. Sovet adabiyotining unutilgan sahifalari, 20—30-yillar adabiyotida yangicha qarash, sotsialistik realizm, adabiyotning partiyaviyligi, bizda ijod erkinligi, M. Gorkiy, Hamza, G‘. G‘ulom, H. Olimjon kabi atoqli adiblar ijodining ziddiyatli, munozarali jihatlari, markaziy matbuot sahifalarida, o‘zimizda ketayotgan bahslar, xalqqa qaytarilayotgan son-sanoqsiz adiblar, asarlar haqidagi ularning so‘rovlari, qizg‘in mulohazalarini tinglab ham quvondim, ham o‘yga toldim…

Shunisi taajjublanarliki, tartibga ko‘ra og‘zaki imtihonlar payti talabalarga jyuri a’zolari qo‘shimcha savollar berishi mumkin emas ekan; talabalarning jyuri a’zolari fikriga salgina e’tirozi ham odobsizlik sanalar ekan… Qator oliy o‘quv yurtlarida komandalar bo‘lg‘usi olimpiadaga uning ish programmasi, qat’iy tartib-qoidalari asosida tayyorgarlik ko‘rishar ekanlar… Ko‘rinib turibdi, olimpiada qatnashchilariga oldindan ko‘p narsa bo‘lg‘usi yetuk mutaxassis uchun eng zarur fazilat — yozma va og‘zaki sinovlar payti ijodiy fikrlash, bahslashish ko‘nikmasini shakllantirishga mutlaqo e’tibor berilmagan; olimpiada imtihonlari praktikasida esa talabalardagi shunday fazilatlarni namoyon etish uchun imkon yaratilmagan. Xalq ta’limi ministrligidagi mutasaddi o‘rtoqlar bu haqda jiddiy o‘ylab ko‘rsalar, bo‘lg‘usi olimpiadalarni ko‘proq zamon ruhiga, uning bosh shioriga mos ijodiy tarzda o‘tishi haqida qayg‘ursalar, bunda boshqa respublikalar, loaqal o‘zimizdagi universitetlar tajribasini o‘rganib, ulardan foydali jihatlarini olsalar zarar qilmas edi.

Olimpiada kunlarida men umuman oliy o‘quv yurtlarida adabiyot o‘qitish, bo‘lg‘usi filolog kadrlar tayyorlash, adabiyotshunoslik va tilshunosligimizning istiqboli haqida qator o‘ta jiddiy muammolar yig‘ilib qolganiga yana bir karra amin bo‘ldim. Eng achinarli joyi shundaki, 51 ta olimpiada qatnashchilaridan bor-yo‘g‘i 5 tasi yigitlar, qolgan 46 tasi esa qizlar. Yigitlar ichida birorta ham «yilt» etib e’tiborni tortadigani topilmadi. Qizlarimizning taqdiri, kelajagi yigitlarnikiga ko‘ra mushkulroq, murakkabroq ekanini, filologiya fani mashaqqatlari amalda ko‘proq erkaklar zimmasiga tushayotganligini yaxshi bilamiz. Xo‘sh, filolog studentlar olimpiada qatnashchilari safida ularning o‘rni, salmog‘i hozirgi holda bo‘lsa, ahvol shu tarzda ketaversa, fanimizning istiqboli nima bo‘ladi? Pedinstitutlarda filologiya fakultetlari «qizlar fakulteti» sifatida qolaverar ekan, bu borada jiddiy o‘zgarish bo‘lishini kutish behuda. Keyingi paytlarda o‘zbek adabiyoti bo‘yicha aspirantura uchun ajratilgan o‘rinlarga yigitlardan munosib nomzodlar topolmay garang bo‘lyapmiz.

Bizda ta’lim-tarbiyaning shunday usuli shakllandiki, pedagog-murabbiy insonshunos, ruhshunos, iste’dodshunos emas, balki shunchaki, o‘qituvchi-lektor, u faqat «o‘qitadi», «o‘rgatadi», nasihat qiladi, axborot beradi… Holbuki, haqiqiy ustoz shogirdlariga bilim, tarbiya berish bilan barobar, ularning qalbiga o‘t yoqadi, ularning imkoniyatlarini harakatga soladi!

Buning ustiga murabbiylar orasida eskicha tasavvurlarga, dogmatik aqidalarga yopishib olgan, zamona ruhini his etmaydigan o‘ta jur’atsiz kimsalar bor, hatto ular ko‘p. Ularning nazarida adabiyotshunoslik programmalaridan bir qadam nariga chiqish, hal etilmagan munozarali adabiy hodisalar haqida gapirish, bunaqa «pishmagan gaplar» bilan talabalarning «fikrini chalg‘itish» katta gunoh.

Yaxshi bilamizki, fan hech qachon, ayniqsa, bizning kunlarimizda bir joyda turmaydi, turolmaydi. Bir misol. Ikki yil burun men «O‘zbek soayet adabiyoti programmasi»ni tuzishda ishtirok etgan edim, o‘sha paytda programma mutaxassislar tomonidan fanning eng keyingi yutuqlarini o‘zida aks ettirgan, deb baholangan va nashrga tavsiya etilgan edi. Ikki yil ichida adabiyotshunoslikda ko‘pgina printsipial yangiliklar paydo bo‘ldiki, programmani hozir jiddiy qayta ko‘rib chiqishga ehtiyoj tug‘ilmoqda. Biz faqat fanning hozirgacha erishgan yutuqlarini chuqur o‘zlashtirib olgan royish shogirdlar emas, yangilikka tashna, bahslarga o‘ch, mustaqil ish ko‘ra oladigan, munosib, dovyurak o‘rinbosarlar tayyorlashga burchlimiz.

Bizga — Toshkent Davlat universiteti o‘zbek sovet adabiyoti kafedrasi a’zolariga goho: «Nega sizlar talabalarga bir masala haqida har xil gap aytasizlar, bir kafedra a’zosi bo‘la turib matbuotda bir biringiz bilan bahslashasizlar?» deb ta’na qilishadi. Bunaqa ta’nalarni adabiyotdan, adabiyotshunoslikdan yiroq odamlar tilidan eshitsangiz, kulib qo‘ya qolasiz, ammo adabiyotning, fanning ichida yuradigan kishilardan eshitganingizda hayratdan yoqa ushlaysiz. Axir, nega hamma bir gapni aytishi karak? O. Sharafiddinov, N. Xudoyberganovdek mustaqil adabiyotshunos olimlarni bir xilda fikrlashga, gapirishga da’vat etish kulgili-ku! Shunisi qiziqki, kafedra mudiri sifatida keyingi o‘n besh yil davomida bu borada hamkasb olimlardan ko‘p ta’na eshitaman, lekin O. Sharafiddinov yoki N. Xudoyberganov lektsiyalarini tinglagan, ularning bir-birinikidan farqli qarashlari bilan tanishgan birorta ham talabadan shikoyat eshitganim yo‘q. Har holda hozir odat tusiga kirib borayotgan sotsialistik plyuralizm ilgariroq bizda shakllangan, talabalar ham shunga allaqachon ko‘nikkan. Bir kafedra a’zolari orasidagi erkin, oshkora bahs hech qachon birorta professor-o‘qituvchining obro‘yiga soya tushirganini hali sezganim yo‘q.

Talabalarni keskin munozarali muammolardan, yangi ilmiy kontseptsiyalardan chetda saqlashga urinish, meningcha, ilm-fandagi, o‘quv-tarbiya ishlaridagi xiyonat bilan barobardir. Hozir qizg‘in tortishuvlarga sabab bo‘layotgan ba’zi adabiy muammolarni eslaylik. Yaqii-yaqinlarga qadar sovet adabiyoti tarixiga oid programma, o‘quv qo‘llanmalarida SSSR Yozuvchilar soyuzining I s’ezdiga mamlakatimiz madaniy hayotida muhim hodisa sifatida qaralar, s’ezdda ishlab chiqilgan sotsialistik realizm ta’rifi fandagi mislsiz nazariy kashfiyotlar sanalar, M. Gorkiyning s’ezddagi faoliyati, umuman, Yozuachilar soyuzini tashkil etishdagi xizmati yuksak baholanar edi. Chunonchi, 9-sinf uchun mo‘ljallangan «O‘zbek sovet adabiyoti» darsligida «Sovet Yozuvchilarining Butunittifoq birinchi s’ezdi ko‘pmillatli sovet adabiyoti oldida turgan muhim vazifalarni aniq belgilab berdi», — deyiladi. Bu vazifalar shunday tavsif etiladi: «…sovet yozuvchisi jamiyatning taraqqiyot yo‘lini ko‘ra olishi, nimalar halokatga mahkum ekanini va nimalar rivojlanib g‘alaba qilishini bilishi kerak; sovet yozuvchisi yangilikni, rivojlanib boruvchi kuchlarni ma’qullashi va umri tugagan reaktsion kuchlarni qoralashi kerak».

Hozircha oliy o‘quv yurtlari filolog studentlari uchun ilmiy manba, o‘quv qo‘llanmasi vazifasini o‘tayotgan «O‘zbek sovet adabiyoti tarixi» II tomida I s’ezd haqida shunday xulosa mavjud: «Birinchi s’ezd sovet adabiyotining vazifalari va taraqqiyot yo‘llarini belgilab berdi, sotsialistik realizm metodi problemalarini ishlashga katta hissa qo‘shdi. Sovet Yozuvchilarining Kommunistik partiya va Sovet hukumati atrofiga yanada mustahkamroq jipslashganini ro‘y-rost namoyon qildi» (10-bet). So‘ngra «Tarix»da s’ezd qarorlarining hayotga tadbiqi haqida mana bu gaplar yozilgan: «S’ezddan so‘ng M. Gor’kiy boshchiligida sovet adabiyotining yetakchi otryadi mamlakatimizda sotsializm jamiyatini qurish uchun bo‘lgan kurashni tasvirladi, sovet xalqlarining g‘alaba va yutuqlarini ko‘rsatdi, yangilikning eskilikka qarshi kurashini, bu kurashda hayotning hamma sohalarida yangilikning yengib chiqqanini aks ettirdi» (o‘sha sahifa).

Keyingi paytlarda shu tarzdagi yuksak ijobiy baholar — Birinchi s’ezd belgilagan «dono» yo‘l-yo‘riqlar, s’ezdning «jahonshumul» ahamiyati, adabiy jarayonga ko‘rsatgan «samarali ta’siri» xususidagi dabdabali gaplarga butunlay zid fikrlar aytilmoqda, yozilmoqda. Chunonchi, atoqli rus adibi B. Vasilev «Ievestiya»da chiqqan «Rossiyani sevgin rutubatli kunda ham…» maqolasida SSSR Yozuvchilari birinchi s’ezdining eng muhim yakuni — dogmatik aqidaning tasdiqlanishidir, deydi. Adib yozadi: «Jahon madaniyati tarixida birinchi bor badiiy ijodning tunnel harakati masalasi hal qilingan edi. Bundan buyon san’at ijtimoiy jarayonlarni modellashtirish va bu jarayonlarni harakatga keltiruvchi kuchlarni tadqiq etish o‘rniga «hayotni aks ettirishi», aks ettirganda ham «yangilik» va «eskilik» nisbatlarini, «ijobiy» va «salbiy» jihatlarini dasturilamal qilib olib, muayyan nuqtai nazardan yoritishi kerak edi. Bunga «sotsialistik realizm» degan nom berildi. Sovet san’atiga po‘latdan yasalgan sirtmoq solindi, jilovni esa tahrir etadigan ma’muriy apparat o‘z qo‘liga oldi. 1934 yil san’atimiz, madaniyatimizda Buyuk Burilish yili bo‘ldi: ijodning davlat qoidalarini qabul qilmagan san’atkorlar mehnat qilish imkoniyatidan mahrum etildi, ularni matbuotda badnom qilishdi, badarg‘a qilishdi, qamashdi. Istisnolar bor edi, albatta, lekin na Sholoxov, na Tvardovskiy nihoyatda g‘oyaviy va mutlaqo ma’naviyatli adebiyotning loyqa oqimiga qarshi tura olmadilar. Biz qoidalar va bandlar bo‘lib qolgan ijobiy qahramonga jon ato etolmaganimizning asosiy sababi ham ijodning tushovlab qo‘yilganida, san’atning tunnel yo‘lida bo‘ldi». («Izvestiya», 1969 yil, 19 yanvar).

Taniqli adabiyotshunos V. Baranov «Sovetskaya kultura»da bosilgan «Maksim Gor’kiyning tasdiq va inkori» maqolasida (1989 yil, 1 aprel) ko‘plab ishonchli faktlarga, ilmiy dalillarga tayangan holda M. Gorkiydek ulug‘ yozuvchi qay tariqa aldangani, Stalinning makriga uchib fojialar girdobiga tushib qolganini atroflicha isbotlab beradi. Adib rahnamoligida o‘tgan Birinchi s’ezd uning tashabbusi bilan tashkil topgan Yozuvchilar soyuzi shaxsga sig‘inish sharoitida ma’muriy buyruqbozlik apparatiga aylanganligini uqdirib yozadi: «Endi iyerarxiya, struktura, itoat sistemasi tarkib topdi. Richag orqali mashinani istagan tomonga yo‘naltirish mumkin bo‘lib qoldi».

Boshqa bir tanqidchi, adib I. Deyuba «Ellik yildan so‘ng» maqolasida yozuvchilarning yagona soyuzi stalincha hokimiyat qo‘lida adabiyotda arakcheevchilik tartibini o‘rnatishning qudratli quroliga aylandi, deydi. («Drujba narodov», 1989 yil, 4-son). Ko‘pchilik olim, yozuvchilarning yakdillik bilan e’tirof etishicha, sotsialistik realizm kontseptsiyasi stalinchilar tomonidan repressiya maqsadlariga xizmat ettirildi va stalincha talqin orqali u jamiyat hamda madaniyatga benihoya earar yetkazdi. («Lit. gazeta», 1989 yil, 17 may).

Yoki partiyaning adabiyotga rahnamoligi, oliy ma’muriyat bilan san’at va adabiyotning munosabati haqidagi bahslarni olaylik. Ko‘plab ilmiy manbalarda, o‘quv qo‘llanmalari, darsliklarda «Kommunistik partiya sovet adabiyotining maydonga kelishi va rivojida hal qiluachi faktordir», «kommunistik partiya yozuvchilarning njodiy yutuqlari uchun zarur hamma sharoitni yaratib berdi», «natijada bizning mamlakatimizda dunyoda eng ilg‘or va eng g‘oyaviy adabiyot — ko‘p millatli sovet adabiyoti yaratildi va rivoj topdi», «sovet adabiyotida ijtimoiy ideal bilan haqiqat o‘rtasida qarama-qarshilik yo‘q», «sovet adabiyoti — dunyoda eng erkin adabiyot» degan tushunchalar izchil ravishda o‘tkaziladi, ammo jamiyatimiz tarixida uzoq davom etgan shaxsga sig‘inish, turg‘unlik yillarida adabiyot va san’atga lenincha munosabat printsiplari qo‘pol ravishda buzilgani, yozuvchi, san’atkor bilan hokimiyat orasida aloqalar keskin dramatik, fojeiy tus olgani adabiyot, san’at ishlariga nodonlik, qo‘mondonlik yo‘li bilan aralashish uning rivojiga halokatli ta’sir ko‘rsatgani haqida lom-mim deyilmaydi. Chingiz Aytmatov «Pravda» gazetasida bosilgan «Qanotlar ozod, ammo hali oyoqlar kishandan chiqqani yo‘q» sarlavhali suhbatida (1989 yil, 2 aprel) chuqur ichki bir dard bilan deydi: «Agar kishi biror ishni o‘z ichki e’tiqodi bilan ado etmas ekan, majburiyat va sharoit taqozosiga ko‘ra ado etishga majbur ekan, bu narsa hech qachon uning vujudiga singmaydi, ruhiyati va ongiga o‘rnashmaydi, uning uchun hamisha yot bo‘lib qolaveradi. Jamiki buzilishlar boisi shunda. Misol uchun uzoqqa bormayman. Chunonchi, yaqin o‘tmishda yozuvchilarning, ijodiy intelligentsiyaning jamiyatdagi o‘rni qanday belgilangan edi? Ularga xizmat ko‘rsatadigan toifa deb qaralardi. Axir sizlar bilan bizni «partiyaning dastyorlari» deb atashardi. Mustaqil fikrlaydigan, o‘z shaxsiy qarashiga, haqiqatning yuziga tik tanqidiy boqish huquqiga ega va majbur siymo emas, balki ayni «dastiyor!» Ziyolilar uchun belgilangan o‘rin, vazifa ana shundan iborat edi. Nigilizm, murtadlik, ayni shu «dastiyorlar»ning gijgijlashi tufayli nomaqbul shaxslarni xorijga badarg‘a etish hollari shundan. Boshqa tomondan — oshkora tarzdagi murasasozlik, o‘z iste’dodini pullash (yoki aksincha, xizmat kursisiga yopishib olish), boshliqlarning har qanday, hatto shubhali tashabbusi uchun sariq chaqaga arzimaydigan g‘oyaviy asos topishga tayyor, chaqqon, itoatgo‘y «asoslovchilar»ning paydo bo‘lishi ham shundan…»

Tanqidchi Igor Zolotusskiy «Abstraktsiyalarning yemirilishi» maqolasida bundan ham keskinroq qilib deydi: «Hozir Stalin shaxsiga sig‘inish yo‘q, ammo partiyaga sig‘inish bor. Partiya va uning ilgari surgan g‘oyasi hamisha qonun. Partiya arboblari ba’zan adashadi, partiya esa hech qachon adashmaydi. Shunga ko‘ra 10-sinfga mo‘ljallangan darslikda yozilishicha, adabiyot faqat «Lenin partiyasiga sodiq», bo‘lsagina adabiyot deyishga loyiq». («Noviy mir», 1989 yil, 1 son, 236-bet).

Bunday o‘tkir, munozarali gaplardan cho‘chimaslik kerak. Ayni paytda talabalarda bu xildagi munozaralarga faol, ijodiy, ilmiy-tanqidiy yondashish ko‘nikmasini ham tarbiyalashimiz lozim, toki shogirdlarimiz mavjud qarash, tasavvurlarga zid yangi, keskin gaplar kim tomonidan hatto eng obro‘li, mo‘tabar zotlar tilidan aytilgan bo‘lsa ham, ularni mutlaq haqiqat deb qabul qilmasinlar. Ilmiy haqiqat asosli dalillar, teran mushohada, qiyos, chuqur tahlillar orqali yuzaga chiqishini aslo unutmaslik darkor; talaba-filolog munozarali muammolarning yechimini o‘zgalar, ustozlar tomonidan hal etilishini kutib o‘tirmay, o‘zlari ham ularni ishlash, hal etishda burchli ekanligini his etadigan bo‘lsinlar.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 1989 yil, 27 iyun