Tursunboy Qoratoyev. Ovrupa uyidagi mojarolar (1990)

So‘nggi paytda Sharqiy Ovrupa mamlakatlarida sodir bo‘lgan voqealarni G‘arbning nufuzli davlat va siyosiy rahbarlari, ommaviy axborot vositalari ikkinchi jahon urushidan keyingi yillardagi eng muhim voqealar, deb baholamoqdalar.

Bo‘layotgan bu o‘zgarishlar mamlakatimizda qayta qurish deb atalsa, boshqa sotsialistik davlatlarda islohat, yangilanish, xalqchillashtirish deb atalayotir. Lekin bu jarayonlarning sabablari hamma joyda bir xil — ma’muriy-buyruqbozlikdan iborat tuzilma orqali vujudga kelgan ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy tanglikdir.

Stalin va uning izdoshlari ishini davom ettiruvchilar asos solgan mamlakatni buyruq orqali boshqarish ish usuli jamiyat oldida turgan muammolarni davr talabi asosida hal eta olmasligini ko‘rsatdi. Bizga qanchalik og‘ir va achchiq bo‘lmasin ochiqchasiga aytish kerak, hozir boshimizdan kechirayotgan tanglik shu davrning oqibati, mahsulidir.

Bu tanglik sotsialistik tuzumning rivojlanishida boshqa mamlakatlardan orqada qolayotganligi, mehnat unumdorligining pastligi, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning sifatsizligi, kishilar turmush darajasining qoloqligida namoyon bo‘layapti. Iqtisodiy sohadagi tanglik sotsialistik mamlakatlarda ijtimoiy sohada keskinliklarga olib keldi. Avvallari kapitalizm jamiyatiga xos, deb kelingan ish tashlashlar, milliy qarama-qarshiliklar, jinoyatchilikning kuchayishi sotsialistik mamlakatlarni larzaga solib turibdi.

Sotsialistik mamlakatlardagi bu salbiy voqealarga baho berilganida g‘arbdagilar bular sotsializmning tuzum sifatida inqirozi, deb aytmoqdalar. Bu fikrlarga hech ham qo‘shilib bo‘lmaydi. Bu sotsializm g‘oyalari nuqtai nazarlarining tangligi, inqirozi emas, balki ilmiy asoslangan sotsializmdan chekingan, buzilgan stalincha sotsializmning tangligidir. So‘nggi voqealar sotsialistik mamlakatlar rahbarlarining o‘z lavozimlarini suiiste’mol qilishlari, moliyaviy nopokliklari, shaxsga sig‘inish siyosatini o‘tkazishlari sotsializm g‘oyalari qadr-qimmatini tushirib, obro‘sizlantirganligini ko‘rsatib turibdi.

GDRda e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, sobiq rahbarlar Erix Xonekker va Gyunter Mittag 1978 yilda Baytulhikma (Akademiya)ning qurilish bo‘yicha bo‘lim faxriy a’zolari etib saylanib, yiliga 20 ming marka moliyaviy yordam olib turgan ekanlar. 1978 yildan beri ularning har biri 240 ming markadan olganlar. Siyosiy byuroning boshqa a’zolari ham moliyaviy qonunbuzarlikda ulardan qolishmagan.

Ruminiyada Nikolaye Chaushesku hokimiyat tepasida turgan 25 yil mobaynida shaxsga sig‘inishning yangi shakli vujudga keltirilgan. Rumin xalqi har kuni nafaqat Chausheskuni, uning umr yo‘ldoshi — bosh ministrning birinchi o‘rinbosari Yelena Chausheskuning ham nomini ulug‘lashga majbur etilgan. Ruminiya kommunistik partiyasining o‘tgan yili bo‘lib o‘tgan XIV s’ezdi to‘g‘risidagi hisobotda yozilishicha, unda Chausheskuning besh soat davom etgan nutqi delegatlar tomonidan 62 marotaba turib, 39 marotaba o‘tirgan holda gulduros qarsaklar bilan bo‘lingan. Uning tuzumi shunday vaziyatni mamlakatda bundan buyon ham saqlab qolish niyatida edi. Chaushesku partiya plenumining birida so‘zlagan nutqida yaqin vaqt ichida sotsialistik davlat rahbarlari ishtirokida kengash o‘tkazish taklifini ilgari surgan edi. Uning fikricha, sotsialistik mamlakatlarda joriy etilayotgan «bozor munosabatlari, kommunistik va ishchi partiyalarning rahbarlik rolini yo‘qotish — sotsializm ta’limotiga zid» emish. Agar Ruminiyada yangi inqilobiy to‘ntarish bo‘lib, diktator hokimiyatdan chetlashtirilib, o‘lim jazosiga hukm qilinmaganida, balki u ilgari surgan g‘oyasini amalga oshirishga urinib ko‘rgan bularmidi.

1989 yilning o‘rtalarida Bolgariyada turk millatiga mansub grajdanlarning ommaviy ravishda Turkiyaga ko‘chib keta boshlaganliklari butun dunyo ahlini ajablantirgani hammamizning yodimizda. Mamlakatda turk millatiga mansub aholining issiq joyini sovutish, ularni bulg‘or tuprog‘idan siqib chiqarish ham ana shunday yakkahokimlik siyosatining natijasi edi. Vaholanki, Bolgariyaning rasmiy ommavii axborot vositalari jahon afkor ommasiga, jumladan ularning ma’lumotlariga asoslangan bizning ommaviy axborot vositalarimiz ham turk tilida gaplashuvchi fuqarolar va musulmon diniga mansub kishilarni Bolgariyadan «ko‘chib» ketishlarini nonko‘rlik — bu sotsialistik davlatda ularga hamma sharoitlar yaratilishiga qaramay, xorijga ketishmoqda, deb ularning o‘zini aybdor qilib ko‘rsatishdi. Aslida voqea boshqacha kechgan edi. Ma’lum bo‘lishicha, bu Bolgariyaning sobiq rahbari T. Jivkovning 1984 yildan beri mamlakatning musulmon diniga e’tiqod qiladigan fuqarolariga nisbatan olib borgan qatag‘on siyosatining natijasi ekan.

Jivkov rejasining zamirida yagona tub bolgar millatini tashkil etish bo‘lgan. Shunga ko‘ra Bolgariya fuqarolarining musulmon ismlari ularning xohishisiz o‘zgartirilgan, turk tilidan foydalanishi chegaralangan, diniy va boshqa urf-odatlar, an’analar ta’qiqlangan. Ahamiyat bering-a! Jivkovcha siyosatning qa’ridan stalinona ish uslubining hidi gurkirab kelib turibdi. Bunday siyosat qo‘pollik bilan, kishilar xohish-istaklari, ehtiyojlari hisobga olinmay, ma’muriy-buyruqbozlik yo‘li bilan amalga oshirildi. Bu, albatta, xalqchil jamiyat e’lon qilgan nuqtai nazarlarga, inson huquqlariga qaramaqarshi ish yuritish edi. Aholining turkiy tilda gaplashuvchi va musulmon diniga e’tiqod qiluvchi qismi bu siyosatga o‘z noroziligini Bolgariyadan ommaviy ravishda ko‘chib ketish orqali bildirdi. Bolgariyaning hozirgi rahbariyati milliy masalada yo‘l qo‘yilgan bu xatolarni qoralab, adolat va tenglikni tiklashga harakat qilmoqdalar. GDR, Bolgariya, Chexoslovakiya, Ruminiya va boshqa sotsialistik mamlakatlarning sobiq rahbarlari sotsializmning shu buzilgan shaklidan manfaatdor bo‘lganlari sababli bundan voz kechishni istamayotgan edi. Ammo shiddat bilan rivojlanayotgan davr o‘z ishini qildi.

1968 yilda Chexoslovakiya Kommunistik Partiyasining birinchi kotibi lavozimini egallab turgan va so‘ng mamlakatdagi voqealar tufayli partiya safidan o‘chirilgan, hozir yana yuqori lavozimga saylangan Aleksandr Dubchek, sotsialistik mamlakatlarning sobiq rahbarlarini nazarda tutib, «ular sotsializmda emas, allaqachon kommunizmda yashayotganlar», deb e’tirof etgan edi. Haqiqatan hozir lavozimidan chetlashtirilgan bu rahbarlarning turmushi o‘z xalqining turmushidan bir necha yuz barobar farq qiladi. Ular allaqachonoq xalqdan ajralib qolganliklari uchun ham mehnat kishilarining ehtiyojlarini umuman bilmaydilar.

Chexoslavak diyorida kechayotgan xalqchil siyosat o‘z samarasini berdi. Shu paytgacha asarlari xorijdagina mashhur bo‘lgan, o‘z mamlakatida doimiy ta’qib qilib kelingan, chex xalqi huquqlarini himoya qilish «Xartiya-77» harakatining asoschilaridan biri, 52 yashar Vatslav Xavelni mamlakat prezidenti qilib ko‘tardilar.

Hozir barcha sotsialistik mamlakatlarda ommaning e’tibori shu yo‘l qo‘yilgan buzilishlarni bartaraf etish, haqiqiy ijtimoiy adolatli jamiyatni barpo etishga qaratilgan.

Sotsialistik mamlakatlarda ma’muriy-buyruqbozlik siyosatiga barham berib, xalqchil sotsializmga o‘tishga avvalgi yillarda ham harakat qilib ko‘rilgan edi. O‘z vaqtida bu harakatlar kapitalizmni qayta tiklashga urinish, deb baholangan. Binobarin, Vengriyadagi 1956 yilgi, Chexoslovakiyadagi 1968 yilgi, Polshadagi 1980 yilgi voqealarning maqsadi ma’muriy-buyruqbozlikdan qutulish edi.

Sovet Ittifoqida yuqorida aytylgan shaklda bo‘lmasa ham, hayotni xalqchillashtirishga harakatlar 1953 yilda Stalin o‘limidan so‘ng va 1965 yil sentyabr plenumidan so‘ng urinib ko‘rilgan. Lekin, bu harakatlar bugungi qayta qurish darajasichalik tushunilib, to‘g‘ri baholanmagan. Ularning mualliflari va tarafdorlari sotsializm dushmanlari, deb siyosiy hayotdan chetlashtirildi, bir qismi chet elga ketishga majbur bo‘ldi.

O‘z vaqtida sotsializm ta’limoti nima bilan millionlarni o‘ziga jalb etdi va katta qiiinchiliklarga qaramay, uning g‘oyalarini amalga oshirishga kirishildi. Bu birinchi navbatda adolatli, huquqiy jamiyat barpo etish maqsadidan kelib chiqqan talabdir.

V. I. Lenin sotsializmning eng dastlabki belgilaridan biri mehnat unumdorligining yuqori bo‘lishi, deb ko‘rsatgan edi. Bu sohada hamma G‘arb davlatlari sotsialistik mamlakatlardan o‘tib ketdi.

Xo‘sh, sotsializmni sotsializm sifatida belgilaydigan qaysi tomonlari bor. Bu haqda so‘z ketganida biz ijtimoiy mulk, ishlab chiqarishni rejali tashkil qilish haqidagi shiorlardan nariga o‘tolmaymiz. Sir emas, bu belgilarni hozirgi paytda kapitalizmda ham ko‘rib turibmiz. Marks, Engelis, Lenin ta’riflagan shakldagi kapitalist hozir o‘z ish yuritish tarzini butunlay o‘zgartirgan, to‘g‘rirog‘i hayotga moslashgan. Masalan, G‘arbiy Yevropa, AQSh va Yaponiyada ko‘plab jamoa mulklarini ko‘rish mumkin.

Sotsializmning yana bir belgisi bulgan ishlab chiqarishni rejalashtirishni olsak, bu sohada ham G‘arb mamlakatlari sotsializmdan ancha oldinda bormoqda. G‘arbda rejalashtirish bilan bozor munosabatlarini qo‘shib olib borish katta samara bermoqda.

Sotsialistik davlatlarning taraqqiyotdan orqada qolishlariga bosh sabab bir tomondan so‘z bilan amaliy ish o‘rtasidagi farqning kattaligi bo‘lsa, ikkinchi tomondan ko‘p jihatdan hokimiyat tepasida bo‘lgan shaxslarning sotsializm haqidagi noto‘g‘ri tushunchadaligi, behad hokimu mutloqlikka berilib, lavozimini suiiste’mol qilishlaridir.

Sobiq rahbarlarning tushunchasiga ko‘ra, yangi jamiyat o‘zidan avvalgi jamiyatni to‘la inkor etib, uning asosiga qadar buzib, o‘rnida vujudga kelar ekan. Bu tushunchaning naqadar xato va zararli ekanini bugungi hayotimiz ko‘rsatib turibdi. Jamiyatda shunday munosabatlar borki, ularda kapitalizm jamiyatining mahsuli yoki faqat unga xos bo‘lib qolmay, insoniyatning million yillik hayoti davomida to‘plangan tajribasi yotadi. Pul — tovar va bozor munosabatlari ana shulardan biridir. Bular iqtisodni hech qanday nazariyasiz amalda muvozanatda ushlab turishning buzilmas dastgohi bo‘lgan.

Iqtisodi rejali rivojlanadigan jamiyatda bunday munosabatlarga o‘rin qolmaydi, deb so‘nggi yillarga qadar bozor munosabatlarini inkor etib keldik.

Agar sotsializm kishi turmush darajasining yuqori bo‘lishini ta’minlaydigan, fuqarolariga ijtimoiy kafolotlar beradigan jamiyat bo‘lsa, biz bu belgilarni bugun so‘zda emas, amalda kapitalistik jamiyatda ko‘rib turibmiz. Tan olib aytish kerakki, kapitalizm sotsializmning ilg‘or shiorlarini olib hayotga tatbiq etishda ustamonlik qilayotir. Sotsializm bu sohada ham kapitalizmdan orqada qolib, tashabbusni boy berib qo‘ydi. Biz o‘tmish xatolarini qaytarmasligimiz uchun birinchi navbatda kapitalistik jamiyatda hayotni xalqchillashtirishni o‘rganishimiz lozim. Biz ma’lum vaqtlar burjua xalqchilligini, uning ko‘rinishi bo‘lgan mamlakatni parlament boshqarishini tanqid qildik. Bu parlamentga puldorlar saylanishi mumkin va ular saylanganlaridan so‘ng o‘ziga o‘xshaganlarning manfaatlarini himoya qiladi, deb o‘yladik. Ma’lum bo‘lishicha, burjua mamlakatlari parlamentlarida ko‘p yillar mobaynida boshqarishning shunday usuli ishlab chiqilgan ekanki, unga ko‘ra davlat rahbaridan tortib yuqori lavozimlarni egallab turganlar shu oliy organ oldida qilgan va qiladigan ishlari uchun hisobot berganlar va nazorat ostida bo‘lganlar. Ma’lumotlarga suyanadigan bo‘lsak, kapitalizm jamiyatida yuqori lavozimdagilar o‘rtasida qonunbuzarlik, lavozimini suiiste’mol qilishlar sotsialistik mamlakatlardagi singari dahshatli tus olmagan ekan. Sotsializm to‘g‘risida aytilgan fikrlardan «birdan bir yo‘l kapitalizmga qaytish», «uni qayta tiklash», degan ma’no kelib chiqmaydi aslo. Biz hali haqiqiy sotsializmni ko‘rganimiz yo‘q, uni ko‘rmasdan, nimalarga qodir ekanligini bilmasdan inkor etishimiz, umuman, noto‘g‘ri. So‘nggi paytlarda Ovrupadagi sotsialistik mamlakatlarda sodir bo‘layotgan voqealar, o‘zgarishlar sotsializmni inkor etish emas, balki uni yangilash, insonparvar, xalqchil jamiyatga aylantirishga qaratilgandir.

Mavjud tanglikdan qutulish, sotsializmning mavqeini tiklash uchun insoniyat tarixi davomida yig‘ilgan barcha ilg‘or g‘oyalarga suyanishimiz, ulardan foydalanishimiz maqsadga muvofiq keladi.

Tursunboy Qoratoyev, siyosiy sharhlovchi

«Guliston» jurnali, 1990 yil, 3-son