Tozabek Toshmurodov. Ko‘zni katta ochaylik (1989)

Bolalarga ko‘ylak xarid qilish uchun yaqinda shahar aylanishga to‘g‘ri keldi. Ammo shu kunlarda ko‘ylak ham kamyob matoh bo‘lib qolgan ekan. Birinchi do‘konning bolalar kiyimlari bo‘limida o‘quvchilar ko‘ylagi umuman yo‘q. «Bolalar dunyosi»da yozgisini sotayapti, Markaziy univermagdagi ko‘ylaklar esa maktab formasiga to‘g‘ri kelmaydi… Nihoyat, ko‘ylakni komandirovkaga borganda chetroq shahardan topib keldim. Topishga topdim-u, bu bilan bolalarni xursand qila olmadim. Ko‘ylaklardan birining qo‘ltig‘i tor, ikkinchisining esa bo‘yi uzun. Yoqalarini qancha dazmollamang bir uchi yopishib tursa, ikkinchi uchi buklanib ketadi. Nahotki, haligacha bolalar ko‘ylagini bir nav tikishga muvaffaq bo‘lmadik, deb o‘ylayman.

Do‘ppini olib qo‘yib, mushohada qilaylik-chi, xo‘sh, o‘zim keyingi yillarda mamlakatimizda tikilgan biror ko‘ylakni qoniqish bilan kiydimmi? Aslo! Markaziy magazinlar peshtaxtasiga terib qo‘yilgan Qo‘qondagi fabrikaning ko‘ylaklari bir-biridan g‘arib, bir-biridan beo‘xshov. Yoki respublikamizda tikilayotgan poyabzallar talabga javob berayaptimi? Yo bo‘lmasa, shim-kostyumlari, paltolari qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketgan fabrika bormi? Bunday liboslar talab darajasidan past bo‘lsa-da, nega xalq xarid qilmoqda, degan savol kelib chiqadi. Chet eldan keltirilgan buyumlarni hamma ham topavermaydi. Mamlakatimizda ishlab chiqarilgan liboslarni asosan qishloq aholisi xarid qiladi. Demak, bu — zarurat taqozosi.

Bu hol bugun did, saviya, madaniyat jihatidan bir qadar o‘sgan xalqimizni zo‘rlab beo‘xshov kiyinishga majburlashga o‘xshab ketadi. Ko‘ylak — tikish texnologiyasi jihatidan bir muncha oddiy. Shuniki uddasidan chiqolmayotgan ekanmiz, boshqa kiyim-kechaklarning sifati haqida gapirib o‘tirishning o‘zi ortiqcha.

Keyingi yillarda yutug‘u kamchiliklarimizni chet el ko‘rsatkichlariga taqqoslashga o‘rganib qoldik. Bu oshkoralik bizga bergan imkon. Ilgari chet el ko‘rsatkichlarini noreal, asossiz deb yozardik. Aslida o‘zimiz xo‘jalik yuritish ishiga panja orasidan qarardik, kamchiliklarimizni ro‘y-rost aytib, vaziyatga halol baho bermas edik. Natijada nafaqat sanoatimiz, balki xalq xo‘jaligining deyarli barcha tarmoqlarida samaradorlik pasayib ketdi…

Mamlakatimizda to‘rt yildan buyon yangilanishlar davom etmoqda. Qayta qurish inson uchun barcha qulayliklarni yaratish, kishilarimiz mehnati samaradorligini oshirish, barcha choralar bilan hayot tarzimizni yaxshilash, mo‘l-ko‘lchilik yaratish uchun yanada qat’iyroq kurashga da’vat etadi. Shunday ekan, xo‘jalik ishlarimizni rejalashtirishda samarali usullarni topishimiz zarur.

Muammolarimizning asosiy qismi, so‘zsiz, kadrlar. Deylik, ko‘ylak tikish uchun tikuvchi dunyo standartidan, tikuvchilik mahoratidan, estetika, ekonomika va boshqa sohalardan xabardor bo‘lishi kerak. Shunda u stixiyali tarzda ishlamaydi. Bizda ishchilar, tokarlar va boshqa kasb egalari mehnat faoliyatini asosan shogirdlikdan boshlaydilar. Ularga maxsus bilim berish, mutaxassislik malakasini o‘rgatish kerak. Shunda ham kasbga layoqatli bo‘lganlarini topib o‘rgatish lozim.

Mehnatkashlar bilimi saviyasi har doim davlat e’tiborida turmas ekan, yetishtirilgan mahsulotlarda sifat ham, son ham bo‘lmaydi. Ilgarilari bir avlod ishchilariga bir seriyadagi texnika to‘g‘ri kelar edi. Hozir texnika taraqqiyoti jadallashgan davr. Yangi stanoklar, yangi uskunalarsiz hayotdan tez orqada qolish mumkin. Yangi stanoklar yangicha ishlashni talab etadi. Ortda qolmaslik uchun yana o‘qitish kerak.

Ishchi va xizmatchilarning malakasini oshirish va qayta o‘qitish bo‘yicha respublikamiz Ittifoqda eng oxirgi o‘rinda turadi. Ya’ni yiliga mehnatkashlarning atigi 22 foizi malaka oshirish imkoniga ega. Bu ko‘rsatkich mamlakat bo‘yicha 43 foizni tashkil etadi. Hindistonda har yili 100 million kishi yangi mutaxassisliklarga o‘qitiladi. AQShda esa qayta o‘qitish uchun ketgan xarajat kadrlar tayyorlash uchun ketadigan xarajatga tenglashadi. Bu farqlar mahsulotlarimiz sifati bilan bog‘liq muammolarni oydinlashtirsa, ajab emas.

Bugun qishloq xo‘jalik texnikasi ham, fabrika-zavodlarimiz ham injenerlar qo‘lida. Lekin ishlab chiqarish madaniyatini yuksaltirish, texnika unumini oshirishda ularning roli sezilmayapti. Vaholanki, injenerlar barcha oliy ma’lumotlilarning 44 foizini tashkil etadi. AQShda esa 12 foizdan iborat. Lekin qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash darajasi bizda 30, Amerika Qo‘shma Shtatlarida esa 80 foizdir. Masalan, Toshkent Politexnika institutida 44 ming talaba o‘qiydi. Ularning yarmidan ko‘pi shaharda qolib ketadi va o‘z sohasi bo‘yicha ishlamaydi. Hozir 13,5 ming oliy, 87 ming o‘rta-maxsus ma’lumotli mutaxassis oddiy ishchi bo‘lib ishlamoqda. Ular son jihatidan respublikamiz oliy va o‘rta-maxsus o‘quv yurtlarining uch yilda tayyorlagan kadrlariga tengdir.

Ko‘rinib turibdiki, ulkan xo‘jaligimizning barcha muammolari bilim, malaka masalasiga kelib taqalyapti. Biror hunarni o‘rgatish, mehnatkashlarni o‘qitish uchun mamlakatimiz buyicha milliy daromadning 6 foizi sarflanayotgan ayni paytda, shu maqsad uchun O‘zbekistonda milliy daromadning 3,4 foizi sarflanishini nima bilan izohlash mumkin?

Ma’lumki, barcha mamlakatlarda odamlarning xohish-istaklarini bilish uchun tadqiqotlar olib boriladi. Yaponiyada bilim olish uchun chiziqadiganlar boshqa kasb ixlosmandlariga nisbatan ko‘pligi jihatdan ikkinchi o‘rinni egallar ekan. O‘zbekistonda esa bilim olishni xohlovchilar miqdor jihatdan yettinchi o‘rinda. Bu iqtisodiy omillar bilan ham bog‘liq masala bo‘lib, hayotimiz saviyasini belgilaydigan ko‘zgudir. «Hech qanday to‘siqlar oldida to‘xtab qolmaslik, bosib o‘tilgan yo‘lni e’tibor bilan tahlil etish zarur saboqlar chiqarib olish, ishimizga turmush taqozo etayotgan tuzatishlarni kiritish, qayta qurish ishini sabot bilan, qadam-baqadam ilgari siljitish lozim. Umuman, shunday demoqchiman: har qanday revolyutsiya kabi qayta qurish ham zaif va qat’iyatsiz odamlar uchun bir mashg‘ulot emas», degan edi M. S. Gorbachev. Biz qat’iyat bilan harakat qilganda, qayta qurish boshlangan to‘rt yil davomida, hech bo‘lmaganda chiqarayotgan mahsulotlarimiz sifatini birmuncha yaxshilashga ulgurgan, shaharlarni meva-sabzavot, aholini go‘sht bilan ta’minlashni yo‘lga qo‘ygan bo‘lardik.

Qishloqlarimizda, ayniqsa, tog‘li qishloqlarimizdagi ijtimoiy foydali ish bilan band etilmagan 2 million aholi haqida jiddiyroq o‘ylab ko‘rish kerak. Ular tug‘ilgan joylarini tashlab ketmaydilar, tomorqa va shaxsiy xo‘jaligidagi chorvadan keladigan arzimas daromadga qanoat qilib yashamoqdalar. Shahardagi to‘qimachilik kombinatlari esa ishchi kuchiga muhtoj. Ularning qishloqlardagi filiallarini ochish uchun nahotki yillab o‘ylash va tayyorgarlik ko‘rish lozim bo‘lsa. Bu — mehnatkashlarimiz turmush sharoitlarini yaxshilash uchun yagona tadbir emasmi? Oylik daromad kishi boshiga mamlakatimiz bo‘yicha 100 so‘mdan oshib turgan holda respublikamizda atigi 35 so‘mga to‘g‘ri keladi, xolos. Bu haqda avvalo rayon Sovetlari o‘ylab ko‘rishlari zarur. Qaysi rayonda aholining qanchasi ishga jalb etilgani ularga ayonku! Tog‘ qishloqlarida sanoat korxonalari, jumladan, to‘qimachilik va gilam fabrikalariga o‘xshagan korxonalar qurish to‘g‘risida gapiradigan bo‘lsangiz, ko‘pchilikning ensasi qotadi. Ortiqcha tashvish, xarajatlar asos qilib ko‘rsatiladi. Aslida bu yerda hech qanday asosli rad etuvchi dalil yo‘q. To‘qimachilik tsexlari quradigan bo‘lsak, qishloqlar paxtazorlarga shaharga qaraganda yaqinroq, gilam to‘qish fabrikalari uchun xomashyo ham asosan qishloqda. Shuningdek, qishloq uchun munosib boshcha ko‘plab korxonalar qurish mumkin. Gap faqat psixologik to‘siqni yengib o‘tishda qolgan. Masalan, Forish rayonida 300 dan ziyod qishloq bor. Baxmal rayonidagi qishloqlar ham undan kam emas. Qashqadaryo, Surxondaryo oblastlarida qanchadan-qancha ishchi kuchi to‘lib-toshib yotgan qishloqlar bor. Ba’zida mahalliy aholidan ishchi tayyorlash mushkul, degan mulohazalar bildiriladi. Aslida bu xom gap. O‘zbek chinnisi jahonda dovrug‘ taratgan. Marg‘ilonda atlas necha yuz yillardan buyon to‘qib kelinadi. Har qanday sanoat mahsulotlarini yuqori sifat bilan respublikamizning har bir burchagida ishlab chiqarish mumkin. Buning uchun avvalo ishbilarmon tashkilotchi rahbarlar zarur.

Qayta qurish o‘tmishimizni tanqidiy tahlil etishga izn berar, ulardan xulosa chiqarishga da’vat etar ekan, kamchiliklarimizni ro‘y-rost aytishimiz, ularni bartaraf etish yo‘llarini qidirishimiz kerak.

Ba’zi sanoat mahsulotlarnmiz sifat jihatidan oqsayotganining sababi esa O‘zbekiston agrar respublika, paxtasini beraversin deya boshqa sohalarni rivojlantirishga durust e’tibor berilmay kelgani bilan bog‘liqdir. Paxtaga mukkasidan ketish esa o‘zini oqlamaydi. Endi ko‘zni kattaroq ochaylik!

Tozabek Toshmurodov, iqtisod fanlari kandidati

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 1989 yil, 14 aprel