Temur Po‘latov. Qardoshlarga hammamiz madadkor bo‘laylik (1988)

SSSR Oliy Sovetining qrim-tatarlar masalasini ko‘rib chiquvchi Davlat komissiyasi tuzilganidan so‘ng bir necha kun o‘tgach, besh o‘zbek ijodkori, ularning orasida men ham bor edim, komissiyaga xat 6ilan murojaat qilib, uning sermashaqqat faoliyatini qo‘llab-quvvatlashimizni va «qrim-tatarlar hademay, tarixlaridagi fojiaviy davrga nuqta qo‘yadilar va o‘zlarining azaliy yerlari — Qrimga qaytadilar», — deb ishonishimizni bildirdik.

Axir, mana qirq yildan buyon bu ko‘chirilgan xalq bilan yonma-yon yashayotgan, har biri qalbida ona yeridan, madaniyatining beshigidan, tilidan, tarixidan, xalq ruhidan ayrilganidan iztirob chekayotganini bilib turgan odamlar — biz shunday ishonch bildiramiz-da?!

Bu dramatik mavzuni keyin yana ikki marta «Moskovskiye novosti» gazetasidagi maqolalarimda tilga oldim, mening ishonchimga bois jamiyatimizda boshlangan stalinchilikka qarshi keskin jarayon, tugal xalqlarning boshiga solingan zo‘ravonlik va qonunbuzarlikning, ularning o‘z madaniyati, ajdodlarining an’analari, xalq turmushini to‘liq va daxl qiladigan e’tiqod va urf-odatlariga ergashib, o‘z yerlarida yashash kabi shubhasiz va tabiiy huquqlaridan mahrum qilishining qoralanishi edi.

Qrim tatarlar joylashtirilgan yerlarda allaqachonlar tashkil topgan noformal birlashmalar — QTMHning («Qrim-tatarlarning milliy harakati») tashabbuskor guruhlari bilan birgalikda davlatchilik asosida tarkibida qrim-tatarlarning vakillari ham kirgan respublika va oblast Ishchi komissiyalari tuzildi. Go‘yoki «ikki hokimiyatlik» barpo bo‘ldi. Qo‘rquvni yengib, tavakkalchilik bilan ko‘p yillardan buyon qrim-tatarlarning o‘z yerlariga qaytishi uchun kurashayotgan jamoat tashkilotlari va rasmiy e’lon qilinganidek, «ko‘pmillatli Sovet davlatining xalqlar do‘stligi an’analariga javob beradigan adolatli yechimlar qabul qilishga yordam beradigan takliflar ishlab chiquvchi davlat komissiyalari («Pravda», 28 iyul 1987 yil) dunyoga keldi.

Qrim tatarlar XX s’ezddan so‘ng tuzilib, vatanlariga qaytish masalasini hal qilolmagan turfa xil rasmiy komisiyalarga bo‘lgan ishonchsizliklariga qaramay, bu gal ham yangi komissiyaga ishondilar, bu bilan ular jamiyatimizning demokratlashuviga, insonparvarlashuviga ishonch bildirdilar. Faqat O‘zbekistonning o‘zida respublika va oblast Ishchi komissiyalariga qrim-tatar millatiga mansub minglab mehnatkashlar — 250 ming ko‘chirilganlarniig har uchinchisi o‘z taklifi bilan murojaat qildi. Mana, ishonch! Davlat organlariga qarshilik ko‘rsatishga, keskin choralarga chaqirgan betayin ekstremistlarga qo‘shilmay, hukumatga ishonch bildirdilar.

Qrim-tatarlarning takliflari jo‘yali edi. Ular Qrim shahar va qishloqlaridagi milliy makonlari hozir boshqacha statusga, etnik tarkibga egaligini, kuyunib bo‘lsa-da qayd etdilar va qrim-tatarlarning asosiy qismi qo‘riq yerlarga, tog‘oldi adirlariga, aholisi kam, o‘zlashtirilishi kerak bo‘lgan yerlarga ko‘chishga rozi bo‘ldilar.

Bunday joylarga birinchi uyushgan oqim bilan 100 ming kishini ko‘chirsa bo‘ladi, bu butun mamlakatga sochilgan yarim millionlik qrim-tatar xalqining beshdan biridir. Shuncha odamning o‘zagi xalqdagi barcha sotsial-siyosiy, madaniy, til jarayonlarining tabiiy kechimi boshlanishi uchun yetarli bo‘lardi. Albatta, bunda xo‘jalik faoliyatining turli-tuman sohalari, mayda aa o‘rta korxonalar, Davlat va kooperativ tashkilotlari, ayniqsa, an’anaviy qishloq xo‘jaligi yo‘lga qo‘yilishi kerak, zero, qrim-tatarlar O‘rta Osiyo aholisi kabi sug‘oriladigan dehqonchilikda omilkordirlar.

Uy-joy muammosini hal qilish uchun qaytib borilgan yerlarda o‘z puliga uy olmoqchi bo‘lganlar uchun sharoit yaratish taklif qilingandi, bunday istakni o‘n minglab oilalar bildirishgan. Hozir yashab turgan joylaridagi uy-joylarini davlatga topshirish evaziga ko‘chib borgan yerda joy va qurilish materiallari olishni va o‘z kuchlari bilan uy qurishni istovchilar ham ko‘pchilikdir. Ko‘pchilik uy-joy kooperativlariga uyushishga tayyor turibdi.

Avtonomiyani tiklash — kelgusida yechsa bo‘ladigan ikkinchi masala. Ammo, avval — qaytish kerak, zero, qaytmasdan turib, joylashmasdan, boy va betakror milliy madaniyatni misqollab jamlamasdan turib, avtonomiya haqida o‘ylashga hali erta. Buni, ishonamanki, qrim-tatarlariiing aksariyat qismi tushunadi.

Ma’lumki, 1987 yilning o‘rtasidan hozirgacha, ya’ni bir yilda Qrimda 2,5 ming qrim-tatar ko‘chib kelgan va ishga joylashgan. Ayni paytda mamlakatdagi qrim-tatar millatiga mansub aholi yiliga 20 ming kishiga ko‘paymoqda! 20 va 2,5!

Qrim-tatarlarni vataniga qaytarishning puxta, ilmiy asoslangan Davlat programmasi zarur, bu tarixiy adolatning tiklanishi tomon qadam, milliy masalalarni yechishning stalincha uslubiga urilgan sezilarli zarba bo‘lur edi.

Buni yana shuning uchun qilish kerakki, qrim-tatarlari xalq sifatida o‘z madaniyati va tilini, intellektual va ruhiy quvvatini kundan kunga yo‘qotib, asosan «jismoniy mehnat kishisi»ga aylanmoqda. To‘g‘ri, shunday fikrlaydiganlar ham bor: o‘zi bu qrim-tatarlarga yana nima kerak? Ko‘chirilgan joylarda ishga joylashtirilgan bo‘lsalar, kiyim-kechak bor, boshpana bor… Bu ma’nan qashshoq odamning, na o‘z tarixini, na vatanini biladigan manqurtning fikri.

Qrimning bilimdoni, shoir Maksimilian Voloshin 1925 yilda, qrim-tatarlar hali o‘z vatanida yashayotgan paytda yozgan edi: «Qrim-tatarlar — mo‘g‘ulizmning ibtidoiy yashovchanligi tanasiga mustahkam, boshqa moslashgan yovvoyilar tomonidan o‘zlashtirilgan quyuq madaniy qatlamlar birikishidan hosil bo‘lgan xalqdir.

Bu holat darhol ajoyib (intellektual emas, xo‘jalikona estetik) rivojlanishga olib keldi, bu ibtidoiy irqiy izchillik va turg‘unlikni batamom yo‘q qildi. Har qanday tatar kishisida darhol nozik irsiy madaniyat namoyon bo‘ladi, ammo bu o‘ta inja va o‘zini himoya qilolmaydigan nozik madaniyatdir…».

«O‘zini himoya qilolmaydigan» inja madaniyat haqidagi aniq kuzatishlar qrim-tatarlar zo‘ravonlik bilan O‘rta Osiyo va Sibirga — begona madaniy muhitga ko‘chirilgandan keyin isbotini topdi.

Yashirishdan ne hojat, o‘tgan qirq yildan ortiq vaqt ichida qrim-tatarlar o‘zbeklar va boshqa O‘rta Osiyo xalqlari madaniyatiga birikishib ketolmadilar, hamma vaqt o‘zlarini ayricha sezib, bu ayriliqdan siqilib yashadilar.

Bu begonalikning sababini Maksimilian Voloshinning boshqa bir kuzatishi qisman izohlaydi: «Qrimda shafqatsiz imperiya hukmronligining yuz ellik yili ularning (qrim-tatarlariiing — T. P.) oyog‘i ostidagi zamindan judo qildi, yangidan ildiz chiqarishga grekcha, gotcha, italyancha meroslari sabab, endi ularning qudratlari yetmaydi…».

Agar bu madaniyat o‘z yerida yangidan ildiz otolmagan bo‘lsa, qanday qilib u begona muhitda unib-o‘ssin? Bizning turkiy, arabiy, forsiy an’analardan bunyod bo‘lgan madaniyatimiz bilan italyan va grek elementlari bo‘lgan qrim-tatar madaniyati orasida qanday bog‘liqliklar bo‘lishi mumkin?

Qrim-tatar madaniyati va bizning o‘zbek madaniyatimizning sintezi umumiy islom an’analari tufayli qiziqarli mevalar berishi mumkin edi. Ammo buning uchun madaniyatlarning erkin va tabiiy rivoji lozim. Peshonasiga uzoq yillar davomida «jinoyatchi xalq» tamg‘asi urilgan xalq madaniyati rivoji haqida gap bo‘lishi mumkinmi?

Bunday shart-sharoitda jismonan yashab qolishning o‘zi katta gap. Qrim-tatarlarning yashab qolishiga, ehtimol, o‘sha «mo‘g‘ulizmning ibtidoiy-yashovchan tanasi» madad bergan. Bu narsa ularga fojiaviy tarixi davomida har gal umid qilishga va achchiq afsuslanishga, yana umid qilaverishga undaydi…

Xuddi shunday, ular 1944 yilning mayida uzoq yo‘l yurgan eshelon O‘zbekistonga tushishganda, bizlarga nisbatan yovuzlikni Beriya qilgan, «Ulug‘ va adolatparvar dohiy» Iosif Vissarionovich Stalin zo‘ravonlikni eshitib, bizlarni yurtlarimizga qaytaradi, deb ishondilar. Ishonib ancha vaqt yangi yerlarda ashqol-dashqolli tugunlarini yechmay, joylashmay o‘tirdilar. Bu «adolatparvar dohiy»ga ishonch xalqning yo‘ldagi kasallik va noqulayliklardan o‘lgan yuzlab kishilari yoniga yangi joyda joni uzilgan yuzlab murdalar — ayollar, bolalar va qariyalarni qo‘shdi.

Qolganlarning yashab qolishiga yerli o‘zbeklar, qozoqlarning hamdardligi, stalinchi amaldorlarning talabchanligiga qaramay biror marta na so‘z bilan, na biror harakat bilan ko‘chib kelganlarni kamsitmagan, nafaqat o‘chog‘ining tafti, balki yeri, territoriyasini ham bo‘lishgan bizning odamlarning shafqati yordam berdi.

Buning ustiga qrim-tatarlari joylashtirilgan ko‘pchilik rayonlarda yerli aholining o‘zi zich — O‘zbekistonda hozir qariyb bir million ishchi qo‘llar ish bilan ta’minlanmagan!

Bizning oddiy xalqimiz donoligi, begonaning qayg‘usiga hamdardligi va o‘z g‘ururi tufayli, «xalq dushmanlari», «jinoyatchi xalq» haqidagi stalincha tashviqotga qaramay, qrim-tatarlar mehnat, nomusni hamma narsadan yuqori qo‘yishlarini, o‘zbeklar kabi har parcha nonni peshona teri bilan topishlarini tushundi. To‘g‘ri, mening ko‘pchilik yurtdoshlarim, men o‘smirligimda ko‘chirilganlar qismatini o‘ylaganimday, o‘zlariga shunday savolni bergandirlar: «Nima uchun biz o‘zbeklarning yagona va betakror zaminimiz jazo joyi, boshqa xalqni surgun qiladigan yerga aylandi?! Bu ishni qilgan odam vatanga muhabbat va tavof qilish tuyg‘ularimiz ustidan kulmadimikin, qarg‘ishga duchor etmadimikan?».

Albatta, stalincha erksizlik har qanday erksizlik kabi qrim-tatarlarning xulq-atvorida, ma’naviyatida aks etmay qolmadi, qachonlardir ochiqko‘ngil va quvnoq xalqni odamovi va kamgap qilib qo‘ydi. Xalq asta-sekin nafaqat o‘z milliy madaniyatini, balkim an’anaviy xo‘jalik yuritish odatlarini — mohir dehqonlari, bog‘bonlari, uzumchilarini… yo‘qota bordi.

Aytish mumkin, deylik, qrim-tatarlarning ko‘pchiligi yashayotgan O‘zbekistonda ularning o‘z gazetasi, jurnali, ansambli bor, qrim-tatar tilida kitoblar chiqib turibdi. Xuddi shunday. Ammo maktablarda — ular bor-yo‘g‘i bir nechta — qrim-tatar tilida darslar fakultetiv yo‘nalishda olib boriladi, go‘yoki qrim-tatar bolalari o‘z ona tillarini emas, horijiy tilni o‘rganayotganday, — bu holda madaniyat va maorifning tabiiy rivoji haqida nima ham deyish mumkin? Qancha bolalar avval ham, hozir ham (lug‘atlar, darsliklarni aytmaylik) hatto alifbe kitobisiz o‘qigan va o‘qiyotganini normal holat deb bo‘ladimi? Toshkent pedagogika instituti tatar fakultetidagi sakson o‘rindan bor-yo‘g‘i yarmi qrim-tatar yoshlari bilan to‘ldi, zero, ularni o‘z tillarini emas, boshqa tilni o‘qitish unchalik o‘ziga tortmaydi.

Madaniyat maskanlarida qrim-tatarlarning asosan o‘z adabiy tillarini biladigan katta va o‘rta yoshdagi avlodi ishlaydi. Ularning ketidan kelayotgan avlodlar bunday bilimga ega emas, bu korxonalar kelgusida tez vaqt ichida mutaxassislarsiz qolishi xavfi bor.

Afsuski ijodkor ziyolilar, jumladan, yozuvchilar begona muhitda o‘z madaniyatlarini asray olmadilar.

Ular bu ishni qila olmas ham edilar, axir yaqin-yaqingacha ularning asarlarida ko‘chirish paytida xalqning boshiga tushgan kulfatlar u yoqda tursin, hatto Qrimni tilga olish, na o‘tmishlarini, na bugungi hayotlarini eslash mumkin emasdi.

Esimda, urushdan oldin Qrim avtonom respublikasi Yozuyachilar soyuzining raisi bo‘lgan Sh. Alyadin 1972 yilda menga shunday hikoya qilib bergandi: u, Sovet Armiyasining kapitani, o‘z diviziyasi bilan ozod bo‘lgan Qrimga kirganda, uni ushlab ko‘chirilganlar bilan qo‘shib O‘zbekistonga surgun qilishgan, stalinchi amaldorlarning ta’qib va xo‘rlashlariga qaramay qishloq va shaharlarimizda kezgan, Andijon yaqinida o‘z oilasini — ochlikdan shishgan, o‘lim talaasasidagi xotini va qizlarini topgan. Uning oilasi, boshqa maxsus ko‘chirilganlar boshdan kechirgan xo‘rlik va haqoratlar butun bir epik asarga syujet bo‘lishi mumkin. Men qrim-tatar yozuvchisini nega bu haqda yozmaysiz, deb so‘raganimda, u yelka qisdi: «Nima kerak? Kim buni chop etadi? Bizga nafaqat yozish, hatto kechmish haqida o‘ylash ham man qilingan…»

Kechmish haqida o‘ylash man qilingan…

Urushdan oldinroq Qrimda ruslar, ukrainlar, armanlar, bolqorlar, greklar bilan birgalikda qariyb chorak million qrim-tatarlar yashashar edi. Qariyb oltmish ming qrim-tatarlar Ulug‘ Vatan urushi frontlariga chaqirilgan, ularning har ikkinchisi janggohlarda mardlarcha halok bo‘ldi, bu hisobga partizanlar va bedarak ketganlar kirmaydi. Mana bizning fashizm ustidan g‘alabamizga qrim-tatarlar qo‘shgan hissa! Allaqancha kishining sotqinligi uchun butun bir xalqqa «jinoyatchi xalq» tamg‘asini bosish — axloqsizlik!

Menda o‘nlab ko‘chirilgan qrim-tatarlarning guvohliklari bor, ularni o‘rganib shunday qarorga keldimki, bu xalqning achchiq qismati — Stalin shaxsiy adovatining oqibatidir. U ukrainlarni kollektivlashtirishning qo‘polliklariga qarshi chiqqanlari uchun ochlikka duchor qilgan, o‘zbek va qozoqlarni sigir va qo‘y-echkilarini zo‘rakilik bilan umumiylashtirishayotganda kulib turmaganlari uchun qirg‘in qilgan, qrim-tatarlarga NKVDning qonunbuzarliklariga, millatning yaxshi kishilarini, ziyolilarining gulini qirayotganiga, «stalincha milliy siyosat»ning buzilishlariga qarshiliklari uchun «tish qayrab» yurgan edi. Moskvada tiklanayotgan stalinizm qurbonlari yodgorligidagi qurbonlar ro‘yxatida, shubhasiz, qrim-tatar xalqi nomi ham bo‘lishi kerak…

Xalqlar do‘stligi tuyg‘usi haqqi-hurmati ham adolat tiklanishi kerak! Do‘stligimiz haqqi hammamiz — ruslar, o‘zbeklar, ukrainlar, estonlar, armanlar, barcha xalqlar — hammamiz mamlakatdoshlarimiz bo‘lmish qrim-tatarlariga madadkor bo‘laylik!

TASSning xabar qilishicha, Qrim aholisi urushdan keyingi davr ichida 780 mingdan 2,5 million kishiga ko‘paydi, u hozir ko‘pchiligi rus va ukrain millatidan iborat bo‘lgan ko‘pmillatli aholiga egadir. Mening nazarimda, Qrimda kechayotgan demografik jarayon, bu bilan bog‘liq barcha masalalar oshkora muhokama va barcha statistik ma’lumotlarni e’lon qilish yo‘li bilan o‘rganilishi kerak.

Mamlakatga sochilib ketgan qariyb yarim millionlik qrim-tatar aholisi o‘z yeriga qaytganda ham yarimoroldagi aholining bor-yo‘g‘i yigirma foizini tashkil etadi. Urushgacha ham ular o‘z avtonom oblastlarida ozchilik edilar — grajdanlar umumiy sonining 25 protsentini tashkil etardilar.

Vaqtning o‘zi bizga, bugun yashayotganlarga o‘tmish adolatsizligini tuzatish vazifasini yuklamoqda — bu bizning ham kelgusi avlodlar oldidagi, ham tarix oldidagi burchimiz…

Faqat «xalq buni tushunmaydi», degan xayolga bormaylik. Ishonaman, Qrimda yashayotgan ruslar, ukrainlar, boshqa xalqlar stalincha hukmronlik eng ko‘p haqoratlagan xalqqa qo‘l cho‘zish kerakligini tushunadilar. Ularga ochiq va halol qilib: kelinglar, bular ham bizning qardoshlarimiz, qisilishib bo‘lsa ham, ularning odamday munosib kun ko‘rishlariga sharoit yarataylik, desa tushunishadi.

Qrim-tatarlarining avtonomiya huquqini tan olganda, biz nafaqat ularning etnik umumlashma sifatidagi ajralmas taraqqiyot huquqini, balkim o‘z madaniyati, tili, milliy an’analari, ijtimoiy va huquqiy ongi, erki va shaxsiy g‘ururiga egalik huquqini, teng huquqli sovet xalqlari oilasida o‘ziga xos noyob taraqqiyot yo‘lidan borish huquqini ham tan olamiz. Shunda xalq vatani bag‘rida halovat topadi, qalb yaralari bitadi va ko‘pmillatli Vatanimizni gullayotgan yurtga aylantirish uchun boshqalar bilan barobar mehnat qiladi.

“Drujba narodov” jurnali, 1988 yil, 12-son

Karim Bahriyev tarjimasi

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 1989 yil, 6 yanvar