O‘rta Osiyoda yoki mamlakatning istalgan mintaqasida yashovchi insonning turmushini ko‘z oldingizga keltiring. Agar odamlarning hayoti va taqdirini ular yashayotgan, to‘g‘rirog‘i, ular mavjud bo‘lgan davlatdagi tuzum bilan uzviy bog‘liqlikda olib qaramasangiz, sira tushuna olmaysiz. Boshqa birorta siyosiy tuzumda nazariya va amaliyotning bu qadar nomutanosibligi kuzatilmagan, ular o‘rtasida biz bugun yuzma-yuz turganimiz qadar yer bilan osmoncha farq bo‘lmagan.
Yangi davr qiyshayib, xarob holga kelgan imoratni qayta qurishga g‘ayrat bilan kirishgan yangi islohchilarni yaratdi. Biroq bu uyning devorini bir tomondangina tiklab boraversangiz, uning ikkinchi tarafi ham eski kasalini oshkor etishi tayin. Negaki, ko‘hna dard xuddi bod kabi, bir joyni davolasangiz, tananing boshqa qismiga ham o‘tib oladi, toki shifokor davolash yo‘rig‘ini o‘zgartirmaguncha, faqat oqibatning o‘zinigina davolashni bas qilmaguncha, kasallikni tug‘dirgan sababiyatini aniqlamaguncha, u azob beraveradi…
Axir, chiroyli naqshlar bilan bezatilgan binomiz zamiridagi soxtagarchiliklar ortida, inson uchun azobdan boshqa yana nima bor? Milt etgan umid, taskin yo‘qligini anglash uchun, nahotki qanchadan-qancha avlodlarning orzuyu imkoniyatlari jamiyat tomonidan boy berilishi kerak. Aynan mana shu do‘zax bizning boy zaminimizni xarob qildi, butun bir dengizimizni domiga tortdi, daryo va ko‘llarimizni quritdi, xalqning o‘zi esa shu qadar g‘ariblashdiki, uning sabr-bardoshi bunchalar cho‘ng ekaniga faqat hayratlanish mumkin, xolos. Hatto bizning oynaijahonimiz sotsialistik jo‘shqinlik bilan ko‘rsatadigan falastinlik qochoqlarning omonat chodirlariyu irqiy jihatdan kamsitilgan zanjilar mahallasining xarob kulbalari ham kuni kecha Nukus atroflarida ko‘zim tushgan loysuvoq chordevorlardan shinamroq edi.
Xalqning bu qadar qashshoqligi sabablarini anglamoq uchun tarixga nazar tashlash lozim. XIX asrning tikkinchi yarmida ham dunyoni bo‘lishib olish davom etayotgan edi. 53—55-yillardagi omadsiz urushda adabini yegan chor Rossiyasi dunyoni xomtalash qilishdagi xavfli raqiblari—birinchi navbatda, Angliyadan ibrat olib, O‘rta Osiyoga jadal yopirilib kelmoqda edi. Bu o‘lkani zabt etishga ishtiyoq xala-bula emasdi. Amerikadagi fuqarolar urushi bois, Rossiyada paxta krizisi kelib chiqqan va u bundan katta ziyon ko‘rayotgan edi. Shuni ham aytish kerakki, bu davrlarda Rossiya Amerikadan, O‘rta Osiyodagiga qaraganda, ko‘proq paxta sotib olar edi. Turkistonni bosib olish jazavasi bu yer tog‘larining ma’danlarga boyligi boisidan ham oshib bordi. Yigirma yil mobaynida, O‘rta Osiyoning keng hududi to‘la zabt etildi. XIX asrning 80-yillaridan boshlab, muzofotdagi paxta maydonlari muttasil kengaya bordi. 1900 yilga kelib, u 246 ming gektardan ziyodga yetdi. Tunab ketilayotgan Turkiston paxtasi esa 83 ming tonnani tashkil qildi. Bu Rossiyaning paxta tolasiga bo‘lgan ehtiyojining uchdan bir qismini qoplardi. Rossiya paxta koloniyasiga ega bo‘ldi. Turkistonning taraqqiyoti esa birdaniga bir necha o‘n yillar orqaga ketdi.
Turkiston XX asr boshlarida batamom Rossiyaning xomashyo omboriga aylandi; oldinda esa, Rossiyani jahon paxta bozori ta’siridan butkul ozod bo‘lish rejasi mahliyo etayotgan edi. Turkiston paxtasiga yakkahokimlik boshdanoq qat’iy va qattiqqo‘llik bilan o‘rnatilgan edi. 1903 yili Germaniyaning Bishoff firmasi O‘rta Osiyo paxtasiga xaridor bo‘lganda, chor hukumati Turkiston paxtasini nemislarga sotmaslik xususida qaror chiqardi. Paxtani sotish yuzasidan qaror tayerlagan chinovniklarga quyidagi mazmunda rad javobi berildi: Imperiyaning tub aholisi tomonidan katta talofotlar berish evaziga qo‘lga kiritilgan paxtachilik bizniki. Va u birinchi navbatda, chet elni emas, rus sanoatini boyitishi zarur. (P. G. Gauza. Turkiston — koloniya. Moskva, 1929 yil, 73-bet).
O‘lkada paxta maydonlari jadal kengaytirilaverdi, bunda xo‘jalik yuritish g‘oratgarlarcha olib borildi, yer-suvdan ochko‘zlarcha foydalanildi. Donli ekinlar o‘rniga ham paxta ekilaverdi. Olimlar paxta maydonlarining hadsiz kengaytirilayotganligi xo‘jalik yuritishdagi omilkorlik belgisi emas; dehqonlarning jismoniy kuchidan ayovsiz foydalanish belgisi ekanini o‘sha vaqtdayoq qayd etgan edilar. Oqibatda, paxtachilik asta-sekin boshi berk ko‘chaga kirib bordi. 1915 yilga kelib, o‘lkadan 300 ming tonnadan ziyod paxta tashib ketiladigan bo‘ldi.
Chor harbiy vazirligining Z. Krivoshein tomonidan yozilgan ko‘rsatmalarida, Turkistonda paxtachilikni har kanday yo‘l bilan, hatto Rossiyadan g‘alla keltirish evaziga bo‘lsa ham, kengaytirish zarurligi uqtirilgan edi: Turkistonning har pud ortiqcha g‘allasi rus va Sibir g‘allasi uchun raqobatdir; Turkistonning har pud ortiqcha paxtasi esa Amerika paxtasi uchun raqobatdir. Shu sababli, bu o‘lkaga, garchi qimmatroq tushsa ham, don tashib keltirib, uning sug‘oriladigan g‘alla maydonlarini paxtaga bo‘shatib bermoq afzaldir (O‘sha manba).
Erni xarob etmasdan dehqonchilik qilish uchun, davlat miqyosida yangi sug‘orish inshootlari qurish haqida jon kuydirish lozim edi. Biroq Rossiya buning uchun pul sarflab o‘tirishni o‘ziga ep ko‘rmadi. Shu maqsadda yaratilgan loyihalar esa — ular juda ko‘p edi — qog‘ozlarda qolib ketdi. Mabodo, mablag‘ ajratilgan bo‘lsa ham, ariq qazishdan boshqasiga yetmasdi.
Men chor hukumati davrida paxtachilik ishi qanday yuritilgani xususida bejiz batafsil to‘xtalganim yo‘q, Chor mustabid hokimiyatining mamlakat paxta mustaqilligiga erishish yo‘li Sovetlar mamlakatining paxta mustaqilligiga erishish siyosatiga hech qanday o‘zgarishlarsiz, aynan ko‘chirildi. Garchikoloniyaning o‘zi yashab qolmagan bo‘lsa-da, imperiyacha munosabatu mustabidlarcha fikr yuritish printsiplari saqlanib qoldi, ya’ni ko‘p o‘n yilliklar davomida, paxta tuzumning o‘zini — bundan boshqa narsani emas, — saqlab turishga xizmat qildirildi. Aks holda, har yili O‘zaro Iqtisodiy Yordam Kengashi mamlakatlariga 700 ming tonna tolani (bu 2 million tonnadan ortiq paxta) jo‘natishning nima zarurati bor?!
Hech qachon, hech kim o‘zbek xalqi va u singari paxta yetishtiruvchi boshqa xalqlardan, ular paxta ekishni xohlaydilarmi, yo‘qmi, mabodo xohlasalar, bu qullarcha mehnat evaziga yetishtirilgan paxta hazrati oliylari qancha turadi, deb so‘ramagan!
Demokratiya va oshkoralik yaqin-yaqinlargacha ham g‘oyat ustomonlik bilan sir tutib kelingan narsalar haqida ro‘y-rost so‘zlash imkonini berdi. Biroq, ish gapdan nariga o‘tayotgani yo‘q! O‘rta Osiyoning paxtasi bilan mamlakatning biron xalqi boyib qolmadi. Rossiya dehqonlari ham, O‘zbekiston va Turkmaniston paxtakorlari singari, yarim och kun kechirmoqdalar. Faqat bolalar o‘limi kam demasangiz, ularning dalalari ham kimyoviy zaharlarga to‘lib-toshgan. Biroq, bugun kimning ko‘proq kambag‘alligini hisob-kitob qilib o‘tiradigan payt emas!..
Ma’naviy qashshoqlanish shu darajaga borib yetdiki, xalqni o‘z tarixi bilan bog‘lab turuvchi ildizlar uzila boshladi. Hatto, diniy taqiqlashlar ham ayollarni o‘ziga o‘t qo‘yishdan to‘xtatib qololmayapti. Hech bir qora kunda yoshgina navqiron qizlarning bu qadar telbalarcha joniga qasd qilishi ro‘y bermagan. Odamlar buni paxtadagi qullikka bejiz bog‘lashayotgani yo‘q. To‘g‘ri, ehtimol, ba’zilar aytgandek, paxta yetib bormagan olis tog‘ qishloqlarida, katta shaharlar atrofidagi qishloqlardagiga nisbatan, ayollarning o‘ziga o‘t qo‘yish hollari kamroq uchrar. Biroq, gap uning qayerda ozu qayerda ko‘pligi ustida ketayotgani yo‘q. Bizning ayollarimiz va dehqonlarimizning shu qadar ma’naviy g‘ariblashib ketgani jonni o‘rtaydi.
Yaqinda menga amerikalik bir yozuvchi AQShning hindilar yashaydigan rezervatsiyalarida (tub joy aholi zo‘rlik bilan ko‘chirib olib borilgan muayyan joylar) ichkilikbozlik avj olib borayotganini aytdi. Olimlar bu hayratomuz hodisani hindilarning o‘z madaniyati va tarixi bilan bog‘lab turuvchi qadriyatlardan batamom uzoqlashib ketgani bilan izohlamoqdalar. Oldinda milt etgan chiroq yo‘q. Umidsizlikdan o‘z joniga qasd qilayotgan ayollarimiz, hayot chechaklarini o‘z qo‘llari bilan olov iskanjasiga tutayotgan benavolar haqida o‘yladim. Ularni so‘nggi qadamga, mudhish o‘lim chohiga ma’naviy g‘ariblik itarib yubormayaptimi?
Bolalar mehnatidan ayovsiz foydalanish hamon davom etayotir. Hanuzga qadar tirikchilikning yagona sharti pul ekan, hech qanday taqiq ota-onani bolasining daladagi serzahmat yordamidan voz kechtirolmaydi. Jumhuriyatlarning iqtisodiy mustaqilligi haqida har qancha ko‘p gapirilmasin, markazning o‘z amrini qonunlashtirilgan tarzda o‘tkazib kelishi davom etar ekan, unga erishib bo‘lmaydi. Hozir markaz mamlakat yuritayotgan siyosat uchun qancha paxta kerak bo‘lsa, paxtakor jumhuriyatlardan aynan shuncha miqdorda paxta yetkazib berishni amirona talab qilmoqda. Mahkamalar va paxta yetishtiruvchilar o‘rtasidagi munosabatlar boshi yerdayu oyog‘i osmonda qilib o‘rnatilgan!..
O‘sha mahkamalar dehqonni qanday xohlasa, shunday xonavayron etaveradi. Xarid narxlarining arzir-arzimas oshishi go‘yo paxtakor haqidagi ulug‘ g‘amxo‘rlik qilib ko‘rsatiladi. Xo‘sh, bahoni nega sotuvchi emas, oluvchi belgilashi kerak, deb so‘ragim keladi. Nega paxtakor oq oltinning egasi bo‘lib turib mutelarcha bosh egib yurishi kerak? Agar davlat chindan ham, har bir inson taqdiri uchun g‘amxo‘rlik qilsa, moliya nozirligi deb atalgan umumiy qozonga barchaning zahmatli mehnati evaziga kelgan son-sanoqsiz boylikni avval to‘plab, so‘ngra qaytadan taqsimlashi shartmi? Buning o‘rniga, o‘sha boylikni u yaratilayotgan joyning o‘zida qoldirishni ravo ko‘rsa, yaxshi bo‘lmasmidi?! Axir, bu mahkam.a qachongacha mahsulot yetkazib beruvchining ishtahasini, yeb-ichishini o‘z ixtiyoriga ko‘ra belgilaydi Aqlga sig‘dirib bo‘ladimi shuni? Sog‘lom mantiqqa ko‘ra, ishlab chiqaruvchi, ya’ni og‘ir mehnat bilan paxta yetkazib beruvchi daromadini o‘z ehtiyojiga ko‘ra tasarruf etishi, so‘ngra boshqalarga yordam qo‘lini uzatish haqida o‘ylashi kerak.
Qancha paxta ekish, uni qanday narxda va kimga sotish masalasini xalqning o‘zi mustaqil hal eting huquqini qo‘lga kiritsagina, u bugungi qayta qurishga ishonishi mumkin. Biz esa dehqonlarga shunday huquqni berish o‘rkiga, g‘irromlik asosiga qurilgan ko‘hia imoratning devorlarini yamab-suvash bilan ovoramiz. Bu holda o‘sha imoratning qulab tushishi hech gap emas. Hozir jumhuriyatimiz huqumati markaziy mahkamalarning marhamati bois, botqoqqa cho‘qib qolgan o‘lkani qutqarishga urinmoqda. Ehtimol, bu sa’y-harakatlar muvaffaqiyatli yakunlanar. Har holda, qanday qutqarish va qaysi vositalar yordamida qutqarish xususida, faqat yuqoridan beriladigan ko‘rsatmalar bilan ahvolni o‘nglab bo‘lmasligi hammaga ayon. Shu ma’noda jumhuriyat Nozirlar Kengashi raisi Sh. R. Mirsaidovning O‘zbekiston SSR Oliy Soveti birinchi sessiyasidagi ushbu fikrlari diqqatga sazovor: Ittifoq organlari qo‘llaydigan qonunlashtirilgan hiyla-nayranglar hisobga olishning bu ayyorona usuli, oqibatda, O‘zbekiston SSRni bir necha yil davomida dotatsiyali jumhuriyatlar qatoriga tushirib qo‘ydi. Sodda qilib aytganda, O‘zbekiston sun’iy ravishda qashshoq jumhuriyatga aylantirilgan va har yili saxovat yuzasidan unga Ittifoq g‘aznasidan pulli yordam ajratilib, uning xalqi xayr-ehson hisobiga yashovchi qilib ko‘rsatildi.
Aslini olganda O‘zbekiston Ittifoq fondiga har yili 9 milliard so‘mga yaqin foyda keltirib, subventsiya tariqasida, 3,1 milliard so‘m oladi. Nima bu—dotatsiyada bo‘lishmi yoki aksimi?
…O‘zbekistonga keladigan mahsulotlar jumhuriyatdan chiqadigan mahsulotlardan ko‘p, Ittifoq oldida qarzimiz katta, yiliga 2—3 milliard so‘m xayriya olib yashovchi, qarzdor jumhuriyat degan ta’nalar asossiz ekanligini isbotlash zarur. …Axir, Orolga shunchalik ekologik zarar yetkazilishi va u halokatga yuz tutishi markazning topshiriqlirini bajarish tufayli yuz berdi-ku!…
Jumhuriyat hukumatining iqtisodiy mustaqillik yo‘lida qo‘yayotgan dadil qadamlariyu boshqalariladigan bozor iqtisodiyotiga o‘tishda O‘zbekistonning mavjud shart-sharoitidan kelib chiqish masalasining ilgari surilganligi, Tashqi savdo va xorijiy mamlakatlar bilan aloqa davlat komiteti, shuningdek, xomashyo va yengil sanoat mahsulotlari ta’minoti hamda ularni sotish bosh boshqarmasi tuzilganligi umid uyg‘otmoqda. Albatta, hali oldinda juda katta muammolar qalashib yotibdi. Bu muammolarning bir jihati O‘rta Osiyoning suvtekin paxtasiga o‘rganib qolgan markaziy maqkamalarning osonlikcha yon bermasligi bo‘lsa, ikkinchi jihati, turg‘unlik yillaridan meros bo‘lib qolayotgan aqidalarning hamon kuchliligidir. Masalan, men yaqinda Orolbo‘yida bo‘lib qaytdim. O‘sha kunlarda bu yerda o‘rtoq V. X. Dogujiyev boshliq hukumat komissiyasi ish olib borayotgan edi. Komissiya Mo‘ynoqqa kelganida, magazinlarda hamma narsa muhayyo etib qo‘yilgan edi, uchrashuvga kelgan odamlarning o‘zi ham xuddi bayramlardagidek yasan-tusan qilib olishgan. Ular o‘z poroziliklarini hech narsa bilan izhor qilganlari ham yo‘q. Holbuki, zahar socha-socha o‘lib borayotgan dengizning yonginasida yashayotgan aynan mana shu odamlar avlod-ajdodi bilan batamom yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida mash’um qismatga yuzma-yuz turishibdi!..
Uzoq yillar mobaynida shiorbozlik va aqidaga aylangan kommunistik g‘oyalarning ustivorligi odamlarni yolg‘onga ko‘niktirdi, gangib qolish, ma’naviy g‘ariblik, umumiy loqaydlik chohiga itardi. Tiniqlik — milliy o‘ziga xoslik shakllanadigan o‘zakdir. Ma’naviy sayozlik esa xalq sifatida o‘limga yuz tutishning birinchi alomati. Bu mash’um alomat, o‘zining barcha qadriyatlarini himoyalashga ojizlik, har qanday balolardan muhofaza etib turuvchi qudratini boy berish — ofatga qarshi turolmaslik belgisidir. Ma’naviy inqirozga yuz tuban ketishshundan so‘ng boshlanadi. Xudoga shukurki, biz hali bu so‘nggi chegaraga borganimiz yo‘q… Biroq, mamlakatning turli joylarida bo‘y ko‘rsatayotgan milliy nizolar, millatchilik kayfiyatlari, agar ta’bir joiz bo‘lsa, aqldan ozishning dastlabki belgilaridir. Bu qadar telbalik ham osmondan tushgan emas, uni biz yashab turgan tuzumning o‘zi tug‘dirgan. Siyosiy tuzumning ma’naviy g‘aribligi, beaxloqligi yalpi beandishalikka yo‘l ochadi, xalqlarning ichki ma’naviy imkoniyatlarini, uning bo‘hton va yuzsizlikka qalqon bo‘luvchi himoya kuchlarini yemiradi.
Eski imoratning peshtoqlarini bo‘yash bilan demokratik jamiyat qurib bo‘lmaydi. Bu hammaga kunday ravshan. Tuzumni tutib turuvchi tayanchlarning o‘zini ham qayta qurmoq kerak. Ezilgan va bor budi talangan paxtakor hali yangi uy va maktablar qurib berilgani, tomorqasi kengaygani, xomashyoga to‘lanadigan haqning oshgani bilan ham, yaxshi yashab qolmaydi. Maoshi mamlakatdagi eng yuqori ish haqi darajasiga yetgan taqdirda ham, ular, baribir, paxta quli bo‘lib qolaveradilar. Tag‘in uning ko‘zlari nahordan yarim tunga qadar paxta dalasidan bo‘lak narsani ko‘rmaydi. Agar biz uni paxta narxini oshirib borish, ya’ii oz-ozdan moddiy rag‘batlantirish evaziga, paxta ekishga bangilarcha o‘rgatib boraversak, hech qachon uning yelkasi oftob ko‘rmaydi.
O‘z taqdiri va bolalari taqdirini mustaqil hal etish paxtakorning o‘z qo‘lida bo‘lishi kerak! Agar shunday bo‘lmasa, bizdagi paxta dalasining mash’um rezervatsiyalardan mutlaqo farqi qolmaydi.
Ehtimol, bizga xavf solayotgan ekologik falokatlar ham unchalik qo‘rqinchli emasdir. Chunki, yerimiz yana bizni boqa olishiga, inson jamiki kasalliklardan forig‘ bo‘lishiga, o‘layotgan dengizimiz qayta tirilishiga umid bilan yashayapmiz. Biroq, insonning qullarcha mehnatga, barcha mahrumliklar va nochorliklar, g‘aribona hayot tarziga o‘rganib qolishining o‘zi dahshatlidir!!!
Yana bir bor takrorlashga majburman: Paxtakor xalqqa yetkazilgan ma’naviy va jismoniy talofotni hech qanday sabab, hech qanday zarurat, hech qanday ilojsizlik bilan oqlab bo‘lmaydi!
«Fitna san’ati» (2-kitob, «Fan» nashriyoti, Toshkent, 1993) kitobidan olindi.