Bismillahir rohmanir rohim. Alhamdu lillahi robbil a’lamin, vassalotu vassalomu a’lo xayri xalqihi Muhammad va a’lo olihi va ashabihi ajma’iyn.
Aziz birodarlar!
Keyingi bir yarim yil ichida, O‘rta Osiyo va Qog‘istondagi turkiy halqlar o‘z tarixidagi eng ayanchli qora kunlarni boshidan kechirdi.
Hukumatimiz boshlig‘i O‘shdagi voqealarni gapirib berdi. Mendan oldin so‘zga chiqqan deputat: «Nima uchun faqat turkiy xalqlar bir-birini o‘ldiryapti?» «Nima uchun musulmonlar musulmonlarning qonini to‘kayapti?» – degan haqli savolni berdi.
O‘ylab ko‘raylik: Farg‘ona, Qirg‘iziston bilan Tojikiston chegarasidagi suv talashish mojarosi, Bo‘ka, Parkent, Dushanbe va nihoyat O‘sh voqealari. Bularning barchasi bitta zanjir. Bir tizimga bog‘liq holda davom etayotgan voqealardir. Bu yerlarda jafo ko‘rganlar faqat musulmonlar. O‘lganlar ham faqat musulmonlar: uyi kuyganlar ham shular. Shuning orqasidan qamalayotganlar ham shular.
Nima uchun bundoq bo‘layapti? Sababchilari qani? Xo‘sh, Farg‘ona voqeasining haqiqiy aybdorlari topildimi? Bo‘kadagi aybdorlar topildimi? Yoki Dushanbeda halok bo‘lgan bolalarning aybdorlari topildimi? Bittasi ham topilgani yo‘q!
Azalda bir xalq bo‘lib kelgan, ulug‘ allomalar yetishtirgan butun bir xalq dunyoga sharmanda bo‘lmoqda. Chet ellarda boshimizni tik tutib yurolmay qoldik.
Bizni kim ajratdi o‘zi – sen o‘zbeksan, sen qozoqsan, sen qirg‘izsan, sen tojiksan, deb?! Nega soxta chegaralar qilindi? O‘rta Osiyo va Qozog‘istonni bir turk jumhuriyati qilamiz deganlar qamalib otildi. Nima uchun ishlarni qilganlar millatchi bo‘lmaydi-yu, musulmonlar millatchi bo‘ladi?
Biz tarixan bir xalqmiz. Oramizga nizo solish, qonimizni to‘kish, bir-birimizni o‘ldirish uchun, taraqqiyotdan ortda qoldirish uchun «turli xalqsan» deb nomlashdi.
Agar bir-birimizni o‘ldirib taraqqiyotga erishadigan bo‘lsak, bunday tarraqqiyotning nima keragi bor?! Bir-birimizning qonimizni to‘kib, yaxshilikka erishadigan bo‘lsak, mol-mulkimizni talon-toroj qilib, xonadonimizni kuydirib mustaqilikka erishadigan bo‘lsak, bunday mustaqillikni kimga keragi bor?!
Afsuski, bunday fikrlar hali ko‘pchilikning xayoliga kelgani yo‘q. Kishilar o‘zini ko‘rsatish, sahnaga chiqarish va shu orqali boshliq bo‘lish, mansabga erishish uchun turli da’volarni qilishmoqda. O‘zbek, qirg‘iz, tojik, turkman va qozoqlarni bir-biriga dushman qilib qo‘yyapti.
Bu ishlarni kim qilyapti? Ular qayerdan kelishdi? Nimaga aybdorlar topilmayapti? Agar biz hushyor bo‘lmas ekanmiz, o‘zimizni-o‘zimiz himoya qilmas ekanmiz, bunday ig‘volar davom etaveradi.
Birodarlar! Bu fitnalarning ildizi juda chuqur ketgan.
O‘sh voqealari maxsus idoralarga, markazga ma’lum emas deb o‘ylamaysizmi? Yo‘q! Ma’lum edi. Bizning diniy boshqarmaga ham kishilar kelib arz qilishgan. “Fitnalarga tayyorgarlik bo‘layapti, bizga yordam beringlar”, deb murojaat etishgan.
Har bir hukumat o‘z fuqarosining jonini, oilasini, mol-mulkini va dahlsizligini himoya qila olgandagina u hukumat deb tan olinadi.
Biz eng avvalo bir xalq ekanimizni tasavvur qila bilishimiz lozim. Agar bir-birimizni sen tojiksan, sen qirg‘izsan-qozoqsan deb ajratadigan bo‘lsak, bu dushmanlarimiz uchun katta muvaffaqiyatdir. Biz xohlaymizmi-yo‘qmi, butun dunyo bizni musulmonlar deb tan olmoqda. O‘tgan ulug‘ alloma ajdodlarimizga nisbat berib, o‘shalarning nabirasi deyishmoqda. Biz o‘shalarning pok ruhini oyoq osti qilmasligimiz kerak.
Farobiy, Beruniy, imom Buxoriy, imom Saraxsiy (o‘zganlik) bir-birini o‘zbegu qirg‘iz deyishmagan. Bu allomalar birlik tufayli taraqqiyotga erishishgan.
Men siz deputatlardan, ziyolilardan, butun O‘rta Osiyo va Qozog‘iston xalqlaridan ushbu haqiqatni to‘liq tushunib yetishlaringizni o‘tinib so‘rayman. Agar biz har birimiz o‘zimizni o‘ylaydigan bo‘lsak, hech qachon olg‘a yurolmaymiz.
O‘shdagi fojia – bu xalqimizning boshida turgan buyuk fojianing bir halqasi xolos. Biz jinoyatchilarni topishga harakat qilmog‘imiz shart. Toki birorta jinoyatchi jazosiz qolmasin. Agar bittasi qolsa ham, halqning davlatga ishonchi qolmaydi. Kim tashkil qilgan, kim ijro etganu kim aralashgan, barcha-barchasi xalq oldida javob bersin.
Musibat, faqat O‘zbekistonnimas, balki butun musulmon olamini larzaga soldi. Chet eldan kelgan mehmonlarimiz, masalan, Makkai mukarramadan, Iordaniyadan kelganlar ko‘zlarida yosh bilan masjidlarda gapirishdi. Ular Islom ta’limotidan xabardor bo‘lganligi tufayli ko‘zlariga yosh olishmoqda. Chunki Islom doimo rahm-shafqatga chaqiradi. Dillarni mehru muhabbatli qilib tarbiyalaydi.
Musibat ko‘rganlarga, xususan O‘shdagi birodarlarga o‘z ta’ziyamizni izhor qilamiz, ularni sabru bardoshga chaqiramiz. Shahidlarni Alloh subhanahu va taolo rahmat qilgan bo‘lsin. Qolganlarga sabr bersin.
Butun xalqimizga murojaat qilaman. O‘shlik birodarlarimizga ta’ziya izhor qilish bilan birga, ularning og‘ir ahvolini tushungan holda xayru ehsonlarimizni ham ayamaylik. Xuddi shu maqsadda diniy boshqarmamiz o‘z mablag‘lari hisobidan ehsonlar ajratdi. Bugun ulamolarimiz muhtojlarga yordam berish uchun Andijonga jo‘nab ketishdi. Andijon viloyatida yordam hisobi ochilgan. Uni e’lon qilaylik. Butun xalqimiz o‘z xayru sahovatini yana bir bor ko‘rsatsin.
Endi O‘rta Osiyo va Qozog‘iston jumhuriyatlarining hukumat rahbarlariga murojaat etaman. Hurmatli rahbar og‘alar, sizlar tushuninglar, biz azaldan bir xalqmiz. Bir-birimizdan ajrab hech qayerga borolmaymiz.
Qurultoy davomida Qozog‘iston Oliy kengashining Orol bo‘yicha qabul etgan murojaatini muhokama qilasizlar. Unda, «biz bir xalqmiz, Orol uchun kurashaylik», degan gap bor. Nafaqat Orol uchun, balki hamma jabhada birgalikda kurashmoq lozim. Daryolarimiz, soylarimiz, arig‘larimiz, toshlarimiz, yerlarimiz bir-biriga tutash. Agar ularni bir-biridan ajratsak, hammamiz og‘ir kunlarga qolamiz. Shuning uchun ham birlashmog‘imiz kerak. Agar rahbarlar buni tushunmasa, biz xalqqa aytaylik – xalq o‘zi tushuntirib qo‘yadi.
O‘rta Osiyo va Qozog‘iston jumhuriyatlaridagi SSJI xalq deputatlariga murojat qilaman. Birodarlar, biz markaziy parlamentda birlashib xalqimiz baxtu saodatini himoya qilaylik.
Hurmatli adiblarimiz Chingiz Aytmatovga, O‘ljas Sulaymonovga, Otaxon Latifiyga, Turkmanistondagi birodarlarga iltimosim va taklifim – yig‘ilib kengashaylik. Kerak bo‘lsa biror bir tashkilot tuzaylik, shu orqali butun O‘rta Osiyo va Qozog‘istondagi musulmonlarga bir xalq ekanligimizni yetkazaylik. Birlashishga chaqiraylik! Tariximiz, dinimiz, urf-odatlarimiz bir ekanligini ziyolilarimiz tushunsinlar. Toki xalqimiz birlashsin. E’tiboringiz uchun rahmat!
Ushbu nutq O‘zbekiston jumhuriyati xalq deputatlarining 1990 yil 18 iyun kungi II – qurultoyida so‘zlangan.