Norboy Xudoyberganov. So‘z qadri — inson qadri (1989)

Amakimni buva derdim. Balki asl buvam bevaqt davo topib, uning o‘rnini amakim bosgani uchun shunday bo‘lgandir. Men uchun mana shunday qadrli, ardoqli inson qariyb yetmish yillik umri mobaynida o‘z qishlog‘idan loaqal bir marta tashqariga chiqib, biror sanatoriyda davolanganini, dam olish uyida bo‘lganini, yayrab yashaganini bilmayman. Paxtazor uning yashash, davolanish, dam olish maskaniga aylangandi. Atigi bir marta — 1971 yili yalinib-yolvorib, Toshkentga «sudrab» olib kelganman. Ammo ikkinchi kuniyoq yo‘lga otlandilar. «Paxtam qarovsiz qoldi, tezroq suvg‘orib, ishlov bermasam, g‘o‘zalarim qurib qoladi. Shu kuni qaytib kelaman, deb brigadirga so‘z berganman», deb qattiq turib oldilar. Unday deb iltijo qildim, bunday deb yalindim, bo‘lmadi. «Yo‘q, bolam brigadirga so‘z berganman, lafzimni buzsam, qishloqda bosh ko‘tarib yurolmayman-ku!..»

Xullas, buvamni kuzatib qo‘yishga majbur bo‘ldim. Rostini aytsam, o‘sha brigadirdan nafratlanib ketdim: bir mehnatkash butun umrini paxtaga bag‘ishlab, hayotini dalada o‘tkazayotgan bo‘lsayu…

Shunday deb jig‘ibiyron bo‘lardim-u, biroq ayni chog‘da buvamning lafzini buzmaganini, so‘zining ustidan chiqqani, va’dani jonidan ortiq e’zozlagani uchun faxrlanib ketdim. Butun umrini dalada o‘tkazib, savodini chiqarishga ulgurmagan bir zahmatkash, omi odam har qanday qiyinchiliklarga qaramay so‘zi bilan ishi birligi uchun jon kuydirsayu, aksincha bo‘lishini xiyonat, hatto jinoyat deb tushunsa. Ijodkorlarimiz, jurnalistlaru tanqidchilarimiz o‘zlarining har bir so‘zi, gapi qadrini, o‘n, yuz karra orttirilgan mas’uliyat, javobgarlik tuyg‘usi bilan his qilishi, shunga ko‘ra ish qilishi kerak emasmi? So‘z otilgan o‘q, o‘ldiradigan ham, tiriltiradigan ham so‘z ekanligini so‘zshunoslar tushunmasa, boshqa kimlar tushunadi?

Yo‘q, tushunishning o‘zi yetmas ekan. Negaki, dabdababozlik, ko‘zbo‘yamachilik, poraxo‘rlik, laganbardorlik, mansabparastlik kabi illatlar avjiga chiqqan keyingi o‘ttiz yil mobaynida ancha-muncha narsani anglaydigan ijodkorlar, rahbarlar, mehnatnashlar ham ko‘ra-bila oqni qora, qorani oq, deb ishontirishga zo‘r berib urindilar-ku!

Xo‘sh, inqilobiy qayta qurishga kirishib haqiqiy oshkoralikni ta’minlash, demokratiyalashtirishni keng quloch yozdirish uchun kurashayotgan hozirgi kunlardachi? Butun qalam ahli har bir so‘zi, gapi, iborasi hayot haqiqatini mavjud murakkabliklari, ziddiyatlari bilan ifodalashga qaratilishi zarurligini chuqur idrok etib, shunga muvofiq ish yuritayaptimi?

Bu savollarga qisman ijobiy javob qaytarib, «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati», «Yosh leninchi», «Yoshlik» kabi matbuot organlarida goho respublikamiz hayotining bir qancha tarmoqlarida inqilobiy poklanish, yangilanish jarayonida uchrayotgan qiyinchiliklar, murakkabliklar mohiyatini yoritishga qaratilgan murosasiz, salmoqli, dolzarb maqolalar bosilgani, shu asnoda, o‘ziga xos jasorat ko‘rsatilayotgannni mamnuniyat bilan ta’kidlash zarur. Lekin ijobiy o‘zgarishlar ufqi, ko‘lamini yanada kengaytirib, tub burilishlarga erishilmasa, chinakam muvaffaqiyatlar yuzaga chiqishi mumkin emas. Vaholanki, birqancha qalamkashlalarimiz bilibmi, bilmasdanmi, moddiy va ma’naviy, madaniy boyliklarni ishlab chiqarishning ko‘pgina sohalarida inqilobiy qayta qurish, oshkoralik, demokratiyalashtirish ishlari go‘yo hech qanday qiyinchiliklarsiz zavq-shavq bilan avj oldirilayapti, turg‘unlik daridayoq ulug‘vor zafarlarga erishilgandi, degan fikrni ilgari surmoqdalar. Misol tariqasida N. Xolliyevning «Uyg‘onish sadolari» maqolasini («O‘zbekiston adabiyoti va san’ati», 1988 yil, 2 dekabr) ko‘rsatmoqchiman.

Oldindan aytib qo‘yay: unda adabiyotimiz qariyb yetmish yil mobaynida erishgan yutuqlarni ko‘rsatishga intilish bor va bu intilish ba’zi hollarda hayot haqiqatining bir qismini aks ettiradi. Ammo hamma gap o‘sha «munosib hissa» mohiyatini ko‘rsatishdaki, bu borada N. Xolliyev aytmoqchi bo‘lgan fikrini obdon o‘ylab, tekshirib, haqqoniy so‘zlar orqali yoritishga mas’uliyat hissi bilan yondoshgan deyish qiyin: «E. Vohidov va A. Oripov poeziyaga yangi tasvir, yangi fikr olib kira boshladi. Behad iste’dodli bu ikki shoir zimmasiga G‘afur G‘ulom, Oybek, Shayxzoda, Uyg‘un, Mirtemir kabi atoqli shoirlar ijod qilib turgan paytdayoq adabiyotdagi dogmalar va qobiliyatsizliklar, vulgarliklarga qarshi kurashish, adabiyotni uyg‘otish vazifasi tushdi va ular o‘z burchini ShARAF BILAN ado etdilar. Bugungi kunda GURKIRAB RIVOJLANAYoTGAN yangi davr adabiyotining birinchi vakili va yo‘l ochari Erkin Vohidov, Abdulla Oripov bo‘ldi» (Bu va bundan keyingi ta’kidlar bizniki N. X.)

«Sharaf bilan ado etdilar», «gurkirab rivojlanayotgan yangi davr» deb mulohaza yuritish 60—80-yillarda qat’iylashgan taomil edi, ammo bu iboralar dabdababozlik, ko‘zbo‘yamachilik kabi illatlar qoralanib, masalaga, vaziyatga inqilobiy qayta qurish nuqtai nazaridan yondoshish talab qilinayotgan hozirgi vaqtda o‘rtaga tashlanayotganini hech qanday vaj-karson bilan oqlab bo‘lmaydi-ku, axir?!

Endi quyidagi ko‘chirma mag‘zini chaqaylik: «E. Vohidov adabiyotga quvonch va baxtni, hayot va zamonni kuylab kirib keldi: u mavjud traditsiyalar yo‘lida ijod etdi. Biroq ISYoN shundaki, u tug‘ma shoir edi. Turg‘unlashib QOBILIYaTSIZLANIB qolgan adabiy muhitda (?) yoshlik va iste’dod shavqi INQILOBIY MAZMUN KASB ETDI». Isyon deyilganda nimaning nazarda tutilayotgaiinn anglab bo‘lmaydi. Axir, tug‘ma talant o‘z-o‘zidan isyon, degan ma’noni ifodalamaydi-ku? Umuman, iste’dod faqat tug‘ma bo‘ladi, sun’iy ravmshda hali bunday nodir boylikni hech kim yaratolmagan.

Mavli, bir-ikki so‘z, ibora chalkash qo‘llanilgan, mantiqqa mos tushmaydi deylik, ammo «yoshlik va iste’dod zavqm inqilobiy mazmun kasb etdi», degan hukmni qanday izohlash mumkin? Axir, zavq-shavq, quvonch singari tuyg‘ular, hislar ehtiroslarga siyosiy tus berib, «inqilobiy mazmun kasb etdi», deyish vulgarlashtirishning, jo‘nlashtirishning o‘zginasi emasmi?

N. Xolliyev fikricha, faqat E. Vohidovgina emas, A. Oripov ham o‘z asarlariga inqilobiy qayta qurish ruhmni singdirib yuboribdi. Natijada, o‘zlarining ijodkor sifatidagi vazifalarini sharaf bilan ado etibdilar. Yana qaysi yillarda deng! Dabdababozlik avj olib, turg‘unlmkni yuzaga keltirgan 60—80-yillarda!

E’tibor bering-a, o‘sha paytlarda buyruqbozlik, byurokratizm rahbarlikning «quyi» tarmoqlaridan to «yuqori» pog‘onasigacha hukmronlik qilganda ijodkorlarning haqiqatni baralla aytishiga, yurak dardlarini ro‘yi-rost oshkor etishiga yo‘l qo‘yilmadi-ku? Bordi-yu, bundan ko‘z yumib har ikkala ijodkor o‘zlarining kattayu kichik hamkasblari bilan yozuvchilik burchlarini «sharaf bilan bajargan» desak, dabdababozlik, ko‘zbo‘yamachilik, poraxo‘rlik, sxematizm, byurokratizm, vulgar sotsiologizm kabi illatlar avj oldirilmagan, deyishga majbur bo‘lamiz-ku! Aslida, real haqiqat A. Oripov, E. Vohidov kabi iste’dod egalari o‘zlarini «millat va xalq otalari» deb e’lon qilgan «yuqori doira»dagi rahbarlar, barcha byurokratlar, mansabparastlar tomonidan «jilovlab» qo‘yilganini, ijodiy erkinlikni partiyaviylik, xalqchillik, sotsialistik realizm «talablari»ni qalqon qilib bo‘g‘ib tashlashganini ko‘rsatadi. Bordiyu, aksincha bo‘lganda har ikkalasi aytaylik, Ye. Yevtushenko yoki A. Voznesenskiy bilan ijodiy musobaqaga kirishib, Butunittifoqdagina emas jahon miqyosida shuhrat qozonmasmidi?!

N. Xolliyev mana shular haqida mushohada yuritganda, turli nazoratlarga qaramasdan har ikkala shoirimiz boshqa qalamkashlar nuqul «urra-urra»chilikka «sho‘ng‘mb» ketgan paytlarida xalqimiz dardu hasratlarining bir qismini ham qancha qiyinchiliklar bilan misralarga joylab, o‘quvchilarga yetkazganini, shu tariqa chinakam ijodiy jasorat ko‘rsatganliklarini ochib bergan bo‘lardi. Allaqachonlaroq ancha-muncha muxlislar orttirgan ayrim munaqqidlarimiz ham o‘sha mash’um dabdababozlik, ko‘zbo‘yamachilik, yuzakilik kabi «kasallik»lar asoratidan qutula olishmayapti. Da’vomni isbotlash uchun Umarali Normatovning yaqinda e’lon qilingan M. Muhammad Do‘stning yangi romaniga yozgan so‘nggi so‘zidagi bir fikrga e’tiboringizni tortaman: «Men «Lolazor» yengil o‘qiladigan asarlar xilidan emasligini aytganimda, bu asar tafakkur tarzi, til, ifoda, uslub va usullari jihatidan HOZIRGI DAVR JAHON ADABIYoTIDAGI YeTAKChI YO‘NALIShLARGA MANSUB ekanligini, romandagi TASVIRNING POLIFONIK SERJILOLIK XUSUSIYaTINI ta’kidlamoqchiman, xolos».

Bir lahza shunday bo‘lgan, deb tasavvur qilaylik, ammo qani o‘sha «tafakkur tarzi, til ifoda, uslub va usullar»dagi «jahon adabiyotidagi yetakchi yo‘nalishlari»ni ko‘rsatadigan unsurlar, qani o‘sha «polifonik serjilolik?» Afsuski, munaqqid o‘z da’vosini isbotlash uchun konkret misollar keltirmaydi. Hatto «polifonik serjilolik» degan iboraning qanday ma’no anglatishini, shu ma’noning qanday qnlib qaysi vositalar orqali «Lolazor»da ifodalangani to‘g‘risida maxsus to‘xtalmaydi. Holbuki, U. Normatov polifoniya tushunchasini badiiy ijodga tatbiq etgan adabiyotshunos M. Baxtinning zamon ruhini, hayot haqiqatini mavjud ziddiyatlari bilan gavdalantiradigan to‘laqonli, ta’sirchan obrazlar, tirik va tipik xarakterlarda o‘z ifodasini topadigan ko‘pma’nolilik, rang-baranglik, serjilolik, ya’ni polifonmya to‘la miqyosda Dostoyevskiyga faqat qisman L. Tolstoyga xosdir, degan fikrini yaxshi biladi va yaxshi bilgan holda bunday yuksaklikka M. Muhammad Do‘stni «olib chiqqani»ga ajablanmasdan ilojingiz yo‘q.

Umuman, adabiyotitimiz qo‘lga kiritgan yutuqlardan quvonmaslik, faxrlanmaslik kerak, demoqchimasmiz. Gap ularning mohiyatini teran anglab, idrok etib, salmog‘ini orttirib ko‘rsatmaslik, yo‘l qo‘yilgan nuqsonlardan ko‘z yummaslik, yo‘qni bor, borni oshirib-toshirmaslik, yaxshisini yomon, yaxshisini a’lo, deb asl vaziyatni buzib bermaslik haqida ketayaptiki, bu oddiy haqiqatni hech kim inkor etmaydi-yu, biroq amalda boshqacha vaziyatga duch kelayapmiz.

H. Abdusamatovning ketma-ket bosilib chiqqan «Zamondosh u kelajakka ham…» («Sovet O‘zbekistoni», 1988 yil, 6 dekabr), «Baxti kulgan san’atkor» («Toshkent oqshomi», 1988 yil, 25 noyabr), «Akademik teatrimiz» («O‘zbekiston adabiyoti va san’ati», 1988 yil, 18 noyabr) maqolalarini o‘qigach, bunga yana bir karra ishonch hosil qilasiz.

Tabiiyki, mazkur maqolalarda qalamga olingan mavzuga oid birqancha to‘g‘ri mulohazalarni uchratasiz; birida Hamza Oktyabr inqilobini madh etgani, ikkinchisida ko‘zga ko‘ringan taniqli aktyorlarimizdan Zikir Muhammadjonovning teatr va kinoda ko‘plab hayotiy obrazlar yaratgani, uchinchisida akademik teatrimizning yetmish yillik faoliyatida salmoqli natijalarga erishgani to‘g‘risida aytilgan ijobiy fikrlashga qo‘shilish mumkin. Lekin bu fikrlardan birortasi aniq, real faktlar tahlili orqali isbotlanmaydi. Bu, ayniqsa, birinchi maqolada yaqqol ko‘rinadi. Unda boshdan oyoq Hamzaning ulug‘ligi, zo‘r san’atkor, ijodkor ekanligi hadeb ta’riflanib, tavsiflanadi: «Revolyutsion xalq jangovar zamon yangicha ijod uchun imkoniyatlar yaratgan bo‘lsa, uning kuychisi bo‘lgan Hamza ulardan MAHORAT BILAN foydalanib, AJOYIB KAShFIYoTLAR ixtiro etdi».

Kani o‘sha «ajoyib kashfiyotlar»? Ularni nimaga asosan kashfiyot deb e’tirof etamiz? Nimalardan qanday maqsadda mahorat bilan foydalangan? Bu mahorat natijasi nimalarda o‘z aksini topadi?

Savollarga javob berish o‘rniga H. Abdusamatov ta’rifu tavsif yo‘lini tutadi: «San’atkor adabiyotga REVOLYuSION O‘ZGARIShlar olib kirdi, voqelikdagi YaNGILIKLARNI badiiy vositalar orqali ommalashtirdi. Bu bilan uning NOVATORLIGI, NOYoB TALANT SOHIBI ekanligi yaqqol namoyon bo‘ldi».

Hamzaning qaysi asarlarida o‘sha «revolyutsion o‘zgarish»lar qanday ifodalangani, qanday yangiliklarni nimalar orqali ommalashtirgani, o‘zining noyob talant egasi ekanligini qayerda, qanday namoyish etgani, qanday qilib novatorlikni egallagani xususida, afsuski, barkamol haqiqiy ilmiy-estetik tahlilga asoslangan aniq, yorqin, ishonarli mulohaza yuritilmaydi. Muallif hozirgi qayta qurish jarayonida saylovlar demokratik asosda o‘tkazilayotganligini uqtirib, diqqatimizni quyidagilarga jalb etadi: «Shu nuqtai nazardan qaraganda Hamzaning bundan 62 yil oldin yozilgan «Saylov oldida» she’ri ALOHIDA AKTUALLIK kasb etadi». So‘ngra shu «aktuallik» nimalarda ko‘rinishini asoslash niyatida shunday misralarni keltiradi:

Meni saylang, meni saylang,
Mening farzandlarim!
Davlatim birla sizni
O‘lguncha mehmon qilaman.

Bu murojaat, ma’lumki, 20-yillarda yashagan boy tilidan bildirilayapti, ammo uning hozirgi kunlarga qanday aloqasi bor? Nimalarga asosan o‘sha misralar hozirgi inqilobiy poklanish, yangilanish davrida aktuallik kasb etadi?

Afsuski, maqola muallifi masalaning shu jihatiga aniqlik kiritmaydi. Umuman olganda, u «novatorlik», «yangi mazmun», «revolyutsion o‘zgarishlar», «originallik» «mahorat» kabi juda noyob so‘zlar, tushunchalar, iboralar, jumlalarni xohlagancha ishlataveradiyu, biroq «originallik» yoki «novatorlik» nimalarda qanday namoyon bo‘layotganini haqqoniy tahlil orqali ko‘rsatmaydi. Buning isboti sifatida yana bir misol keltiramiz: «Biz bu bilan Hamza ijodini ideallashtirish kerak yoki uning nuqsonlarini ochish asossiz, degan fikrdan yiroqmiz».

Ana endi «ideallashtirish» degan so‘zning mag‘zini chaqaylik: bu o‘z-o‘zidan ayonki, kimlarnidir yoki nimalarnidir haddan tashqari oshirib-toshirib maqtash, kamchiliklarni ko‘rib-ko‘rmaslik, bilib-bilmaslik degan ma’noni anglatadi. Xo‘sh, bundan H. Abdusamatov bexabarmi? Bexabar bo‘lmasa, nega Hamzani nuqul maqtovlarga «ko‘mib» tashladiyu, uning ijodiga xos birorta yetishmovchiligi haqida lom-mim demaydi? Shu o‘rinda bizga e’tiroz bildirib, mazkur maqolalar yubileylar munosabati bilan yozilgan, shuning uchun nimalarnidir oshirib-toshirib berish joiz emasmi, deyishingiz mumkin, ammo masalaga bunday qarash dabdababozlik, ko‘zbo‘yamachilik avjiga chiqqan paytlarda keng tarqalgan edi, hozirda bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi, deb hisoblaymiz.

Yo‘q, o‘zbek sovet adabiyoti asoschisi yoki uning nomi bilan atalgan otaxon teatrimiz yoxud taniqli aktyorimiz Z. Muhammadjonovda yo‘q kamchiliklarni to‘qib-bichib ko‘rsatish, mavjud nuqsonlarini orttirib-bo‘rttirib berish, tirnoq ostidan kir izlash haqida so‘zlamayapmiz, bu tabiiy ravishda kamsitishga olib kelardi. Gap ularning mavjud fazilatlarini ro‘y-rost aytish bilan birga bundan ham ortiq ijobiy natijalarni qo‘lga kiritishiga nimalar xalaqit berganini, qanday nuqsonlarga yo‘l qo‘yganini moddiy va madaniy boyliklarni ishlab chiqarish tarmoqlarida ro‘y berayotgan o‘zgarishlarga uzviy bog‘langan holda ochib tashlash, shu tariqa jamiyat hayotining barcha sohalarida adolat, haqiqat, halollik g‘alabasini ta’minlashga ta’sir o‘tkazish haqida borayotir.

Mulohazalarimni buvamning so‘zga, lafzga munosabatini ko‘rsatishdan boshlaganim bejiz emas. Nega shu sodda, savodsiz odam chuqur o‘ylamasdan bir so‘z aytmagan, aytgandan keyin lafzini buzmaganu bilimi, qobiliyati undan o‘n, yuz karra ortiq bo‘lgan mas’ul shaxslar bunga rioya qilishmaydi? Holbuki, dono ota-bobolarimiz aytilgan so‘z — otilgan o‘q, agar u haqiqatni ifodalasa, bu so‘z qanchalik achchiq bo‘lmasin, baribir odamni davolaydi, aksincha, yolg‘on-yashiq, tuhmat bo‘lsa, qalblarni yarador qiladi, hatto halokatga olib keladi, deb hisoblaganlar.

Xayriyatki, mana shunday ibratli an’analarni ijodiy o‘zlashtirib, yangi mazmun bilan boyitishda Butunittifoq ommaviy axborot vositalari, ayniqsa, markaziy gazetalar, jurnallar, xususan, «Pravda», «Sovetskaya kultura», «Literaturnaya gazeta», «Ogonyok» «Novыy mir», «Drujba narodov» faollik ko‘rsatmoqda.

Shunday ijobiy tendentsiyalarga asoslanib, O‘zbekistonimizda ham shunday sog‘lom tanqid ruhi amalga oshishini orzu qilaman. Bir mulohazamni aytib o‘tay: respublika Gosplani raisi o‘rtoq I. Iskandarov o‘tgan yil noyabrda O‘zbekiston SSR Oliy Sovetining sessiyasida doklad qildi. Dokladning agrosanoatga bag‘ishlangan kismi haqidagi ayrim mulohazalarim bilan o‘rtoqlashmoqchiman.

Gapning indallosidayoq e’tirof etay: men iqtisodchi emasman, planlashtirish bo‘yicha maxsus bilim ham olmaganman, binobarin, o‘sha dokladni baholab, uning mohiyatini yoritishga qodir emasman, bunday maqsadni ko‘zlashga ma’naviy haqqim ham yo‘q, lekin oddiy bir qalamkash, grajdan sifatida fikr yuritaman va nimaga xayrixohlik bildirib, nimaga qarshi chiqsam, hammasini haqiqat, deb da’vo qilolmayman. Bu o‘rinda meni ko‘proq o‘rtoq Iskandarovning o‘z so‘zlari, aytganlariga kanday mas’uliyat bilan qaragani qiziqtiradi. Dokladda, chunonchi, shu so‘zlarni o‘qiymiz: «Qishloq xo‘jaligining yalpi mahsuloti 1987 yilda ko‘paymagan edi. 1988 yilda 12,6 protsent ko‘payadi. Mana shunday siljishni ta’minlashga respublikamizning barcha qishloq mehnatchilari bilan birga paxtakorlar bebaho hissa qo‘shdilar.

Sholi, makkajo‘xori doni, kartoshka va sabzavot, poliz mahsulotlari bulturgidan ancha ko‘p miqdorda yetishtirildi va yig‘ishtirib olindi. Deyarli hamma joyda go‘sht, sut va tuxum yetishtirish ko‘paydi» («Sovet O‘zbekistoni», 1988 yil, 19 noyabr. Bundan keyingi ko‘chirmalar gazetaning shu sonidan keltirilDi).

Agar shular rost bo‘lsa, nega hamon taxchillik, yetish movchilik davom etmoqda. go‘sht, mevalar, sabzavotlarning narxi kamayish o‘rniga keskin ortib borayapti?

Gosplanimiz raisi buni bilmasligi mumkin emas. Darvoqe, u xuddi shu yerning o‘zidayoq quyidagilarni e’tirof etadi: «Agrosanoat kompleksining mahsulotni yetishtirish, qayta ishlash va saqlashdagi JIDDIY KAMChILIKLAR sababli aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashda JIDDIY BURILIShga erishishning iloji bo‘lmadi».

Bunisi haqiqat ekanligini ko‘rib turibmiz, bu haqda oshkora gapirilgani yaxshiki, shu jihatdan o‘rtoq Iskandarovga xayrixohman, ammo men nima uchun «jiddiy burilish»ga erishilmaganini, qanday jiddiy kamchiliklar haqida so‘z ketayotganini bilishni istayman. Negadir masalaning bu jihati tug‘risida mulohaza yuritilmaydi. Ammo iqtisodiy, ijtimoiy, ma’naviy-ruhiy, madaniy hayotimizdagi ko‘pgina «o‘pirilish»larning bevosita yoki bavosita paxta monokulturasiga borib taqalishini bilish, ko‘rish uchun iqtisodchi olim yoki siyosatchi, davlat arbobi bo‘lishi shart emas. O‘rtoq Iskandarov esa negadir hatto «monokultura» degan so‘zni ham tilga olmaydi, go‘yo bunday «kasal» yo‘qday mulohaza yuritadiki, mana shunisini hazm qilolmayapman. Axir, u o‘z ishini bilgan inson sifatida xalqimiz oziq-ovqat bilan yetarli ta’minlanmayotganiga birinchi galda monokultura sababchi bo‘layotganidan bexabardir, deb aytolmaymiz-ku!

Xo‘sh, monokultura qayerdan kelib chiqdi?

Bu savolga javoban bog‘zorlar, gulzorlar buzilib, o‘rniga paxta ekilgani, yaylovlar, sabzavotlar yetishtiriladigan yerlar ham paxtazorga      aylantirilgani uchun shunday bo‘layapti, deyish uchun hozir maxsus bilimga ega bo‘lish shart emas. Binobarin, monokulturadan qutulishning birdan-bir yo‘li — almashlab ekishni ko‘paytirish, bog‘-rog‘lar, yaylovlar, gulzorlarni kengaytirishdan iboratdir. Ammo 1989 yilda «oq oltin» yetishtirish plani yana oshirilgani uchun bunga qanday erishamiz?

Qizig‘i shuki, dokladda «paxta tolasi yetishtirish davlat buyurtmasi 1 million 710 ming tonna hajmida belgilangani» aytiladi-yu, biroq bu hajm o‘tgan yilga nisbatan 30 ming tonna tola, ya’ni 150 ming tonna paxta mahsuloti ortiq ekanligi ko‘rsatilmaydi. Shunday bo‘lgach, nima uchun paxta yetishtirish davlat buyurtmasi yana oshirilgani, buning esa monokulturaning tag‘in kuchaytirilishi, mustahkamlanishiga olib kelishi e’tibordan chetda qoldiriladi. Biroq kundalik turmushimiz, hozirda kechayotgan hayotimizda goh bevosita, goh bavosita monokulturaning asoratini sezib turibmiz. Shunga ko‘ra deyarli barcha oblastlarimizning mutasaddilari masalani ko‘ndalang qo‘yibdilarki, bunga o‘rtoq Iskandarovning munosabati quyidagicha: «.. deyarli hamma oblastlar paxta va go‘sht, boshqa turdagi mahsulotlar yetishtirish hamda xarid qilishning 1989 yilgi planini kamaytirishni astoydil talab qilib, ayni bir vaqtda davlat mablag‘lari hisobidan markazlashtirilgan kapital mablag‘larni ancha ko‘paytirishni talab qildilar.

Masalani bu tarzda qo‘yish qayta qurish talablariga mutlaqo zid bo‘lib, tayyorga ayyorlik va iste’molchilik sarqitlari davom etib kelayotganidan darak beradi».

Xo‘sh, qani o‘sha daraklar va ular qachon, qayerda, nimalar orqali namoyon bo‘libdi? «Tayyorga ayyorlik va iste’molchilik sarqitlari» deganda nimani tushunish nerak va bu illatlar qanday sabablarga ko‘ra kelib chiqqan?

I. Iskandarov aftidan bunday savollarning tug‘ilishi, ularga javob qaytarish zarurligini nazardan qochirganga o‘xshaydi. Ayni choqda u muhim bir to‘g‘ri fikr bildiradi: «Chorvasizlarda loaqal bir boshdan qoramol bo‘lganida edi, yiliga 58 ming tonna go‘sht va 860 ming tonna sut qo‘shimcha ravishda olingan bo‘lur edi».

Asosli, haqqoniy istak, lekin uni yuzaga chiqarish uchun yana shu monokulturaga barham berish zarurki, hurmatli raisimiz negadir buni ochiq aytmadi. Biroq mehnatkashlar ommasi, dehqonlar bunday qilolmasligini «Pravda» gazetasining 1988 yil, 23 dekabr sonida qayd etilgan Farg‘ona oblastidagi «Qo‘qon» sovxozi brigadiri E. Xudoyberdiyevning tashvishli mulohazalarida yaqqol ko‘ramiz. Necha asrlardan beri o‘zbek dehqonlari o‘zlarining bog‘-rog‘lar, sabzavot, chorva mahsulotlari yetishtirishda mahoratlarini namoyish qilib kelsalaru, deydi u, hozirgi paytlarda ular qanday qilib kundalik eng kerak oziq-ovqat mahsulotlari bilan o‘zlarini ta’minlay olmay qoldilar? Endi go‘sht, sut yoki kartoshka uchun Toshkent yoki Moskvaga boramizmi? Axir, to‘rt tarafimizni paxtazor o‘rab olgan! Qani sabzavot va mevali daraxtlar ekadigan yerlar? Mollarni qayerda boqishimiz kerak?

O‘zbekistonimizda ahvol shunday. Buni yaxshi tushungan iqtisodchi olim, O‘rta Osiyo qishloq xo‘jalik ekonomikasi ilmiy-tadqiqot instituti direktori S. Usmonov «Zvezda Vostoka» jurnalida (1988 yil 3-son) bosilib chiqqan maqolasida, boshqa chiqishlarida paxta maydonlarini keskin qisqartirib, 4 million tonna hosil yetishtirishga mo‘ljallash zarurligini ilmiy jihatdan asosladi. «Pravda», «Sovetskaya kultura», «Literaturnaya gazeta» singari markaziy matbuot organlarida, respublikamizning birqancha gazeta-jurnallari, radiosi, televideniyesida monokulturani barham toptirmasdan oziq-ovqat programmasini bajarish, Orolni asrash, tabiat, yeru suvning musaffoligini ta’minlash, insonning ruhan, jismonan sog‘lom yashashiga erishish mumkin emas, degan kuchli nido jaranglayaptiki, buni endilikda eshitmaslikning iloji yo‘q.

Gapning po‘stkallasini aytganda, men Gosplanimiz raisi o‘z vazifasini qanday bajarayotganini baholamoqchi emasman… Lekin u rahbar va inson sifatida iqtisod, ilmiy-texnik taraqqiyotga oid orzu-umidlari, dardu hasratlari, say-harakatlari, izlanishlarini ro‘y-rost aytib, o‘zining har bir so‘zi, gapi orqali haqiqatni yoritishga muvaffaq bo‘lsa, qalbida tuplangan teran fikrlarini o‘rtaga tashlasa, balki masalalarni to‘g‘ri hal qilishga katta hissa qo‘shardi, deb istak bildirmoqchiman.

Oddiy mehnatqashlar, olim, yozuvchilar, mutaxassislarning mana shunday hamkorligi hayotda chuqur ildiz otishi, so‘ngra salmoqli mevalar berishi, hayotimizning barcha sohalaridagi taraqqiyotga ko‘maklashuvi kerak. Buning uchun birinchi galda hammamiz haqiqat va adolat ruhi bilan sug‘orilgan mulohazalarni o‘rtaga tashlashimiz, har bir so‘zimiz rostligimizni ifodasi bo‘lib, yolg‘on yashiqdan, tuhmatdan uzoqda turishiga erishishimiz lozim.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 1989 yil, 1 yanvar