Mutavakkil Burxonov. Nurli siymolar (1991)

(FITRAT VA ChO‘LPON HAQIDA XOTIRALAR)

BIRINChI HIKOYa

Taqdir menga Abdurauf Fitratday ulug‘ isonni tanish baxtini ravo ko‘rganidan mamnunman. Men Fitratni ancha yaqindan bilganmai, uning uyiga tez-tez borib turardim. Fitratning uyida ko‘pgina san’atkorlarni, shoirlarni, olimlarni uchratganman. Bu qutlug‘ xonadondagi suhbatlar mening hayotimda chuqur iz qoldirgan, fikrim uyg‘ongan, saviyam kengaygan, san’at va ijod haqidagi tasavvurlarim ancha to‘lishgan. Fitrat bilan birinchi bor ko‘rishganimda, domla taxminan 42 yoshlarda, men esa endigina 14 yoshga qadam qo‘ygan o‘spirin edim. Bu davrda Fitrat allaqachon xalq o‘rtasida katta shuhrat qozongan: Atoqli inqilobchi, yirik davlat arbobi, faol jamoatchi, barkamol olim, iste’dodli ijodkor sifatida tanilgan edi. Qanday qilib, shunday mashhur odam oddiy bir o‘spirin yigit bilan yaqin bo‘lishi mumkin? Buning hech qanaqa favqulodda siru asrori yo‘q. Faqat o‘quvchi buni anglab olishi uchun, gapni biroz olisroqdan boshlashim — o‘zimning qarindosh-urug‘larim to‘g‘risida ham jinday ma’lumot bermog‘im kerak bo‘ladi.

Men 1916 yili Buxoroda, g‘oyat ajoyib bir oilada dunyoga kelganman. Onam somoniylar sulolasining eng so‘nggi vakilasi bo‘lganlar. Otam esa Muzayyin mahdum nomi bilan shuhrat topgan bo‘lib, madrasada mudarrislik qilgan ekanlar. U bilimi chuqur, fikri ochiq, jaholat va mutaassiblikni jinidan battar yomon ko‘rgan, ijtimoiy hayotdagi ilg‘or harakatlarga, jumladan, jadidchilikka xayrixoh odam bo‘lgan. Buning uchun amirning ta’qibiga uchragan va fojiali halok bo‘lgan. Biz besh farzand bo‘lganmiz — Mohida va Fotima degan opalarim, Minhojiddin va Misbohiddin degan akalarim bo‘lgan. Ularning hammasi ham o‘qigan, oq-qorani tanigan va ayrim sohalarda katta xizmatlar qilgan. Masalan, akam Misbohiddin Burhonov Dushanbeda yashagan, o‘z vaqtida «Tojikistoni surx» ro‘znomasining muharriri bo‘lgan edi. 1934 yilda uni qamadilar. U 1943 yilda qamoq lagerlarida hayotdan ko‘z yumgan. Katta opam Mohida, akamning qamalganiga chidolmay, «xalq dushmanining singlisi» degan «isnod»ni ko‘torolmay, o‘z-o‘zini o‘ldirgan. Fotima opam esa 1969 yili vafot etdilar. Men shu opam tufayli, Fitratga yaqin bo‘lganman. Ammo buning ham o‘z hikoyasi bor.

Endi ikki og‘iz amakilarimdan gapirmog‘im kerak. Mening uch amakim bo‘lgan. Katta amakim Mazhar maxsum, o‘rtancha amakim Mukammil maxsum, kichik amakim Muammir maxsum. Ularning uchovi ham o‘qigan, taraqqiyparvar bo‘lib, inqilobdan oldin Buxoroda jadid harakatining tashkilotchilaridan edi. Sadriddin Ayniy ham, Fayzulla Xo‘jayev ham o‘zlarining Buxoro inqilobi tarixi haqidagi kitoblarida ularning nomlarini zikr qilishgan va faoliyatlariga yuqori baho berishgan. Amakilarimning uchovi ham 1937 yilda qamoqqa olingan va «xalq dushmani» sifatida otib tashlangan. Katta amakim Mahzar maxsum matematik edi. Hindistonda, Turkiyada o‘qigan. Sho‘ro hokimiyati yillarida esa ilmiy faoliyat bilan shug‘ullangan. 20-yillarda «Maorif va o‘qituvchi» oynomasida uning melioratsiya tarixiga, yer tuzilishi masalalariga bag‘ishlangan maqolalari chiqqan. O‘sha davr olimlarining g‘alati bir xususiyatlari bo‘lardi. Ularning asosiy mutaxassisligi matematika yoxud kimyo bo‘lsa-da, baribir adabiyotga, san’atga, musiqaga juda qiziqar edilar. Mazhar maxsum ham bundan mustasno emas edi. Shu tufayli bo‘lsa kerak, u Samarqanddagi etnografik muzika va xoreografiya o‘quv yurtining direktori Mironov bilan qalin, do‘stona munosabatda bo‘lgan. Amakim menda allaqanday qobiliyat uchqunlarini sezganmi yo musiqaga muhabbati g‘olib kelganmi, har qalay, uyimizdagilarning qarshiligiga qaramay, meni musiqa maktabiga bergan. Endi gapning indallosiga kelaylik. Uchala amakim ham Fitratga juda yaqin bo‘lishgan, uni qadrlashgan va har jihatdan e’zozlashgan. 1908 yili Fitratning Turkiyaga ketishida katta amakimning hissasi bor. Mukammil maxsum ham. Fitrat bilan juda qalin do‘st bo‘lgan, do‘stlik iplari shu qadar mustahkam bog‘langanki, amakilarim bamaslahat Fotima opamni Fitratga berib, uni o‘zlariga kuyov qilishgan. Men opamni juda yaxshi ko‘rardim. Shu tufayli, tez-tez uni ko‘rgani Fitratnikiga borib turadigan bo‘lib qoldim. Bu chog‘larda jumhuriyat poytaxti Samarqandda bulib, Fitrat ham shu yerda ishlar, pedakademiyada dars berar va institut bergan uyda istiqomat qilardi. Uy Abram xiyobonida, institutning shundoqqina biqinida joylashgan bo‘lib, oddiygina ortiqcha hashamsiz qurilgan: Bir xonasi ovrupocha, ikkinchi xonasi sharqona uslubda bezatilgan, oynavand dahlizli bir kulba edi. Avvallari men juda tortinib, qimtinib, begonasirab kelardim. Lekin ko‘p o‘tmay, yotsirashlar butunlay yo‘qolib ketdi. Fitrat o‘rta bo‘y, to‘ladan kelgan, go‘shtdor burni ostidagi taqasimon mo‘ylovi o‘ziga yarashgan, sochi to‘kilib, boshining yonlari va  orqa tomonida qolgan, shuning uchun peshonasi haddan tashqari keng ko‘rinadigan odam edi. Uni ancha xushfe’l odam deb o‘ylash mumkin. Aslida tajangroq, serzarda, osongina jahli chiqardi. Lekin menga nisbatan bir marta ham tajanglik qilgani yo‘q. Bilmadim, opam tufayli shunday bo‘ldimi yoxud mening musiqaga ishqibozligim Fitratga ma’qul kelib qoldimi, bilmayman. Har holda, har gal kirib borganimda, domla meni ochiq chehra bilan kutib olar, o‘tirishga taklif qilib, ahvolimni surishtirar, qanday o‘qiyotganimni so‘rardi.

Rostini aytsam, Fitratning uyi men uchun katta bir dorulfunun buldi. Bu uyda men Cho‘lpon, G‘afur G‘ulom, Hamid Olimjon bilan uchrashdim, shu uyda sharq musiqasining haqiqiy go‘zalligini kashf etdim, uning benihoya ranglarga boy, bitmas-tuganmas bir xazina ekaniga ishonch hosil qildim. Shu uyda Buxoro, Samarqand, Farg‘ona, Toshkentning mashhur xonandalari, sozandalari va musiqashunoslari bilan uchrashib, ulardan ancha narsa o‘rgandim.

Yuqorida aytganimdek, men Fitrat xonadoniga qatnay boshlagan kezlarda, domla o‘nlab dramatik asarlarning, go‘zal she’riy dastalarning, har xil ilmiy asarlarning muallifi sifatida tanilib qolgandilar. Men ham u kishini zabardast olim, iste’dodli yozuvchi, ustoz muallim, deb bilar edim. Ya’ni mening nazarimda, Fitrat o‘ta jiddiy, o‘ta salobatli, uncha-muncha narsalarga qiziqavermaydigan, buning uchun vaqti ham yo‘q bir kimsa edi. Tez orada ma’lum bo‘ldiki, mening bu tasavvurim butunlay noto‘g‘ri ekan. Fitrat ko‘p narsani qadrlaydigan, ayniqsa, musiqani haddan ziyod yaxshi ko‘radigan odam ekan. Har holda o‘sha kezlarda har haftada bir marta Fitratning uyida musiqa kechalari bo‘lib turardi. Bu kechalarda shoirlar va olimlar bilan bir qatorda Domla Halim Ibodov, Ota G‘iyos, Ota Jalol, Abduqodir Ismoilov, Abdurahmon Umarov kabi ustoz san’atkorlar ham ishtirok etardi. Bu kechalar tong otguncha davom etar, ularda Shashmaqom ohanglari yangrar, turli musiqa asboblarining sadolari eshitilardi. Tez-tez munozaralar bo‘lib turar, sharq musiqasining xususiyatlari, usullari, nozik jihatlari to‘g‘risida tortishuvlar bo‘lib ketardi. Fitrat musiqani, qo‘shiqni g‘oyat nozik his qilishi bilan birga, kuydagi har bir zarbning o‘rinli yoxud o‘rinsizligini payqay olardi.

O‘sha musiqiy oqshom ishtirokchilarini eslab, ularning ma’naviy dunyosi naqadar boy bo‘lganiga qoyil qolishdan tolmayman. Ular musiqasiz yashay olishmasdi, sharq musiqasi ularning har bir hujayrasiga singib ketganday edi. Fitrat musiqaning chinakam fidoyisi edi. U 26-yillarda musiqa tarixiga oid qimmatli ilmiy asar yaratdi. Unda ko‘pgina musiqa asboblarining tuzilishi bilan birga, paydo bo‘lish tarixini ham bayon qilib bergan. Bundan tashqari, 20-yillarda u Buxoroda musiqa o‘quv yurti tashkil qildi. Bu musiqa maktabi hozir ham bor. Faqat taassuflar bo‘lsinki, bugun o‘sha maktabni Fitrat barpo etganini kamdan-kam odam biladi. O‘sha maktab jamoasi shahar soveti bilan kelishib, maktab devoriga bir lavha osib qo‘ysa-yu, shu bilan Fitratning ruhini xotirlab tursa, ko‘p savob ish bo‘lardi.

Fitratning musiqaga sadoqatini ko‘rsatadigan yana bir voqeani bilaman; 26-yillarning boshida u Buxoro Shashmaqomini ijro etuvchilarni to‘plab, Ota G‘iyosdan mashg‘ulot yo‘lini, Ota Jaloldan nasr yo‘lini yozib oldi. So‘ng Toshkentdan atoqli musiqashunos Uspenskiyni chaqirib olib, unga yonidan pul to‘lab, Shashmaqomni notaga ko‘chirtirgan. Keyinchalik bu notalar Moskvada bosilib chiqdi. Unda «Fitrat va Mironov tahriri ostida» degan yozuv bor. Notalarning bir nusxasi hozirgi kunda Hamza nomidagi San’atshunoslik institutida saqlanmoqda. O‘sha kezlarda klassik merosni e’zozlash emas, tahqirlash, tepkilab yo‘qotish avj olgan edi. Shunday sharoitda Fitratning qilgan ishi chinakam jasorat hisoblanardi. Bu jasorat tufayli, klassik musiqamizning muhim bir qismn kelajak avlodlar uchun saqlanib qoldi.

Fitratning musiqaga munosabati haqidagina emas, tabiati to‘g‘risida, insoniy sifatlarining ayrim jihatlari to‘g‘risida ham tasavvur beradigan yana bir voqea esimda. Yuqorida aytganimdek, Samarqandda musiqa va xoreografiya o‘quv yurti bo‘lib, u Sherdor madrasasida joylashgan edi. Unda musiqadan o‘z davrining taniqli sozandalari dars berishardi, adabiyotni esa G‘ulom Zafariy o‘qitardi. O‘quv yurtida talabalar vaqti-vaqti bilan imtihon qilib turilardi. Fitrat bu o‘quv yurtida ishlamas, lekin hamma imtihonlarda qatnashardi. Uning ishtirok etishiga, savollar berishiga domlalar ham, talabalar ham ko‘nikib qolishgandi. Bir gal domlalardan birining o‘g‘li imtihon topshiribdi. U childirmada allaqaysi kuyni chalayotib, bitta «bum»ni ortiqcha urib yuboribdi. «Bum» degani childirmaning o‘rtasiga uriladigan zarb, «bak» esa ostiga uriladigan zarb bo‘lib, har qaysi kuyda ularning miqdori qat’iy belgilangan bo‘ladi. U paytning domlalari qarindosh-urug‘chilik, tanish-bilishchilik degan narsalarni bilishmasdi. O‘g‘lining bir zarbni ortiq urganiga chidayolmagan domla g‘azab bilan o‘dag‘aylabdi: «Padaring la’nat, «bum» yo‘q edi-ku, bu yerda!» Fitrat qarasa, imtihon berayotgan bolaning ishi pachava bo‘ladigan. U darrov oraga tushibdi; «Domlajon, bitta «bum» uchun bolaning bahosini tushirmay qo‘yaqolaylik». Fitratning oraga tushganini ko‘rib, domla jahlidan tushibdi.

Fitrat tajangroq bo‘lsa hamki, fikri tez ishlaydigan hozirjavob odam edi. Zarur bo‘lg‘anda, bir lahzada kerakli javobni aytib, xarifini mot qilar ekan. Bir kuni bir talaba Fitratga murojaat qilibdi: «Domilajon! Men sizning xatoyingizni topdim!» «Xo‘sh-xo‘sh, — deptilar domla. — Qanday xato ekan?» «Falon maqolangizda «ga» deyish o‘rniga «da» deb ishlatibsiz». Fitrat darhol javob beripti: «Ey, mulla! Mening o‘rnimda siz bo‘lganingizda «da» tugul, «ba» deb yozar edingiz».

Ba’zan esa Fitratning topqirlik bilan aytgan gaplari zohiran yumshoqroq, bo‘shtobroq ko‘rinardi-yu, aslida juda tagdor bo‘lardi. Bunday hollarda domla kinoya va pichingdan mohirona foydalanardi.

Bir gal shunday voqeaning guvohi bo‘lganman.

Samarqandga, Fitratning uyiga G‘afur G‘ulom keldi. Bu kezlarda u «yosh, umidli shoir» qatorida yursa ham ancha tanilib qolgan edi. Tabiatdan quvnoq, hazil-mutoyibani, askiyani yaxshi ko‘radigan G‘afur G‘ulom haddi sig‘ib, Fitratga ham tegajoqlik qilaverar edi. Bu gal ham, u hazil ohangda gap boshladi:

— Domla, sizni yana tanqid qilish boshlandi-ku! Erinmagan odamning hammasi sizga tosh otyapti…

Fitrat, odati bo‘yicha, past ovozda bosiq ohangda so‘radi:

— Ha, sabab? Nima qilibmizki, bizni yana tanqid qiladilar?

— Nima qilardingiz! Hamma shoiru adiblar zamonamizni madh etib asarlar yozishyapti. Siz bo‘lsangiz «lom-mim» deb maqtamaysiz.

— Nimani maqtay, axir?

G‘afur G‘ulom atayin, Fitratning jig‘iga tegish uchun, jiddiy ohangda deydi;

— Mana, traktorlar chiqdi. Maqtangda o‘shani.

—Ie, mulla G‘ofir! Men, axir, uning ovozidan qo‘rqaman-ku, qanday maqtayin…

Fitrat ko‘p talabalarga ustozlik qilgan, ko‘p shoirlarning asarlarini o‘qib, ularni to‘g‘ri yo‘lga solishga uringan, lekin ustoz sifatida o‘ta talabchan edi. Gapirgan gapingiz, qilgan-ishingiz, yozgan asaringiz didiga o‘tirmasa, hech ayab o‘tirmasdi. Kimligingizga qaramay, ko‘nglidagi gapni ro‘y-rost yuzingizga aytib solardi: Aytsa ham go‘rga-ya, jahli chiqqanda, uyidan quvib solishdan toymasdi.

Hamid Olimjon Samarqandda o‘qib yurgan kezlarida Fitratning shogirdi edi. U Fitrat yozgan asarlarni mukammal o‘rganib chiqqan, uning ma’ruzalaridan ko‘p oziq olgan. Bular bilan ham qanoatlanmay, Hamid Olimjon she’riyat bobida ham Fitratning etagidan mahkam tutgan edi.. U yozgan she’rlarini muntazamravishda Fitratga ko‘rsatib borardi. Aftidan, bunday uchrashuvlarda Fitrat she’r va shoirning qanday bo‘lishi kerakligi haqida Hamid Olimjonga ancha narsa uqdirgan bo‘lsa kerak. Xullas, kunlardan birida Fitrating uyiga Hamid Olimjon kirib keldi. Kayfiyati ko‘tarinki, harakatlari shaxdam. Allaqanday ichki g‘urur va mamnuniyat bilan Fitratga bir dasta qog‘oz uzatdi:

— Domla, mana, oltita she’r yozdim.

Fitrat uni o‘tirishga taklif qilib, she’rlarini o‘qiy boshladi. Ammo o‘qigan sari peshonasi tirishib, qovoqlari solina bordi. Oxiri g‘azabdan qo‘llari titray boshladi. Oltinchi she’rni o‘qib bo‘lishi hamono, shiddatli bir harakat bilan, she’rlarni parcha-parcha ilib yirtdi-da, Hamid Olimjon tomonga uloqtirdi.

— Bular she’r emas, me’r bo‘lipti. Siz men aytgan gaplarni yaxshi anglamabsiz.

— Domla, nima gap o‘zi? Nega bunday deyapsiz? — deya Hamid Olimjon Fitratni junbushga keltirgan sababni anglashga urinadi. Fitrat esa buni tushuntirish o‘rniga yana dag‘dag‘a qiladi:

— Oltita emas, ikkita yozing. Lekin yozganingiz she’r bo‘lsin!

— Domla…

— Chiqing!.. .

Hamid Olimjon o‘sal bir holatda domlaning uyini tark etishga majbur bo‘ladi. Qanday qilib alamdan chiqish yo‘lini axtargan Hamid Olimjon keyin o‘ylab qarasa, Fitratning gaplari to‘g‘ri—boyagina o‘ziga dohiyona tuyulgan she’rlar o‘ta g‘arib, benavo… Oradan ancha vaqt o‘tdi. Hamid Olimjon ikkita she’r yozib, yana Fitratning huzuriga keladi. Bu gal ham domla she’rlarini sinchiklab uzoq o‘qiydi, so‘ng chinchalog‘ining bir bo‘g‘inini ko‘rsatib, deydi:

— Ana endi Hamidjon gaplarimni shunchasini tushunibdi.

Fitrat g‘oyat nufuzli, qisqa muddat ichida odamlar o‘rtasida izzat-ikrom qozona oladigan, shoir sifatida ham, olim oifatida ham e’tibori baland odam edi. Bu gaplar faqat mening gapim emas. Fitratni yaxshi bilgan tanishlarimning ancha-munchasi uning to‘g‘risida og‘zidan bol tomib gapiradi. Ulardan biri Sulton Umarov. Bu kishi atoqli olim, yirik jamoat va davlat arbobi edi. Sulton Umarov ham O‘zbekiston, ham Tojikiston Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi bo‘lgan, O‘rta Osiyo davlat dorulfununi rektori, O‘zbekiston Xalq Komissarlari Soveti Raisining muovini, Tojikiston Fanlar akademiyasining prezidenti lavozimida ishlagan. Fitrat bilan bog‘liq voqealarni menga aytib berganida esa, Sulton Umarov hali aspirant edi. Bu voqea, aftidan, 30-yillarning boshida bo‘lgan ekan. O‘shanda Sulton Umarov Leningradga ilmiy komandirovkaga boradigan bo‘lib qolipti. Jo‘nashidan oldin jumhuriyat rahbarlaridan biri u kishini huzuriga chaqiribdi. Shu kunlarda Fitrat domla ham Leningradga borib, allaqanday ilmiy kengashda ishtirok etmoqlari kerakligini aytib, Fitratdan boxabar bo‘lib turish Sulton Umarovning zimmasiga yuklanibdi. Fitrat rafiqasi bilan Yaltada dam olayotgan ekan. O‘sha yerdan Leningradga boribdi. Sulton Umarov mehmonxonaga kelib, Fitratni kengash bo‘ladigan joyga kuzatib qo‘yibdi. O‘shanda yosh aspirantni hayron qoldirgan narsa shu bo‘libdiki, Fitrat domla zalga kirishlari bilan, dongdor sharqshunos olimlardan iborat majlis ahli u kishining istiqboliga oyoqqa qalqibdi. Bunaqa izzat-hurmat kamdan-kam olimga nasib etadi!..

Fitratning nihoyatda zo‘r shoir ekani haqida Lohutiy aytgan bir gap sira esimdan chiqmaydi. 30-yillarning o‘rtalarida men Lohutiyning bir she’riga kuy bastaladim. Shu munosabat bilan oramizda yaqinlik vujudga keldi. Aniq esimda yo‘q— 1939 yilmidi yoxud biroz keyinroqmi—har qalay, Lohutiy bilan ko‘rishib, ancha suhbatlashib, o‘tirib qoldik. Gap aylanib Fitratga keldi. Shunda Lohutiy bir voqeani aytib berdi: «Ha, Fitrat «xalq dushmani»ku-ya, lekin zo‘r shoir-da! Bir kuni men nima munosabat bilandir unga she’riy maktub yozdim. Keyin uning javobini kuta boshladim. Hadeganda Fitratdan javob kelavermadi. Kuta-kuta, toqatim toq bo‘lib, endi jahl otiga qamchi uraboshlagan edim, pochtachi maktub keltirib qoldi. Fitratdan. U ham she’rda yozipti. O, ana she’ru ana — san’at! O‘qib chiqib lol qoldim. Yo‘q, shoir men emas ekanman, «xalq dushmani» bo‘lsa ham Fitrat shoir ekan!»

Aytish kerakki, Abulqosim Lohutiy hazilakam shoir emas edi. 1934 yilda u SSSR Yozuvchilar uyushmasining rahbarlaridan biri bo‘lib saylandi. 1934 yildan keyin, Fitrat haqida bironta ijobiy gap aytish xatardan xoli emasdi. Yuqoridagi gapni aytishga Lohutiyni hech narsa majbur qilgani yo‘q. Shunga qaramay, Fitratning shoirligiga bu darajada baho bergan ekan, Lohutiy zavq-shavqini ichiga sig‘dirolmagan, haqiqatni aytib, yuragini bo‘shatib olishga ehtiyoj sezgan.

1956 yili Fitrat oqlandi. Shundan keyin, ko‘p yillar mobaynida, men shu muborak zotning xotirasiga munosib biron ish qilishni o‘ylab yurdim. Nihoyat, uning she’rlaridan biriga kuy bastalab, shu yo‘l bilan jinday bo‘lsa-da, u kishining ruhini shod qildim. «Nega tark etding meni?» deb ataladigan bu romans hozir nashr etilgan, keng ijro etilyapti. Biroq o‘zim bastalagan romansni tilga olayotgan ekanman, buni maqtanish uchun yoxud ijodimni ko‘z-ko‘z qilish uchun aytayotganim yo‘q, albatta. Men shu bahona Fitrat she’rining dramatizmga to‘la ijodiy tarixini aytib bermoqchiman.She’r qo‘yidagi band bilan boshlanadi:

Go‘zalim, bevafo gulistonim,
Bog‘i umrimda toza rayhonim,
G‘amu qayg‘ularin hujumindan
Sen eding mehribon nigohbonim,
Meni behuda tashlading ketding,
Nega o‘ldirmading-da, tark etding?

She’rning qolgan bandlarini keltirmayman, u bir-ikki yil avval «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» haftanomasida to‘la e’lon qilingan. She’rning ijodiy tarixi qeyidagicha: Hijron dardiga to‘la har misrasidan ayriliq iztiroblarining dudi anqib turgan g‘oyat mungli va ayni choqda, g‘oyat nafis yozilgan bu she’r opam Fotima Burhonovaga atalgan. Yuqorida aytganimday, amakilarim jpamni Fitratga 1928 yili berishgan ekan. Bu paytda Fitrat 42 yoshda bo‘lib, ikki marta o‘ylanishga ulgurgan edi. Ammo nima sababdandir bir xotini bilan murosasi kelishmagan, ikkinchi xotini esa vafot etgan. Fotima opam bilan Fitrat uch yil shirin turmush kechirishgan, keyin ajralishgan. Ammo bu ajralish har ikkovlarining ixtiyorlariga zid o‘laroq, mening akam Misbohiddinning tazyiqi bilan bo‘lgan. U kishi Fotima opamni Fitratga berishgani uchun amakilarimdan g‘oyatda norozi bo‘lgan. «Nechun singlimizni turmush qurgan odamga berishdi?», degan alam unga tinchlik bergan emas. Umuman, akam bilan amakilarimning oralari ilgari ham uncha iliq bo‘lmagan… Xullas, Misbohiddin Burhonov 1931 yili Fotima opamni Samarqanddan Dushanbega chaqirtirib olib, Qur’oni karimni o‘rtaga qo‘yib, Fitratdan ajralishga qasam ichiradi. Opam sodda, xudojo‘y ayol edi. Tabiiyki, u qasamini buza olmaydi, chunki musulmonchilikda qasamxo‘rlik eng og‘ir gunohlardan biri hisoblanadi.

Samarqandga qaytgandan so‘ng, u Fitratning uyidan chiqib ketadi. Bu Fitrat uchun juda og‘ir zarba bo‘ladi. U ancha vaqtgacha o‘ziga kelolmay yuradi va yuragidagi bor dardini qog‘ozga to‘kib soladi. Shu tarzda «Nega tark etding meni?» degan she’riy maktub dunyoga keladi. Opam bu maktubni umrining oxiriga qadar ko‘z qorachig‘iday avaylab saqlagan. Men u kishining vafotlaridan so‘ng, qog‘ozlarini ko‘zdan kechirayotib, maktubni topib oldim va undan nusxa ko‘chirdim.

IKKINChI HIKOYa

Endi Cho‘lpon haqida bilganlarimni aytay. Samarqand poytaxtlik vaqtida Cho‘lpon ham shu yerda istiqomat qilardi va Fitratning uyiga tez-tez kelib turardi. Umuman, Fitrat bilan Cho‘lpon yoshlari jihatdan, oralaridagi tafovut anchagina bo‘lsa-da, juda qalin do‘st edilar. Ular bir-birlarini juda hurmat qilishar, bir-birlarining istak va xohishlariga g‘oyat e’tibor bilan qarashar, bir-birlarining bilimlariyu iste’dodlarini hurmat qilishardi. Ularning do‘stligi 20-yillarning avvalidanoq boshlangan edi. Ma’lumki, Cho‘lpon 1921 yildan boshlab,bir necha muddat mobaynida Buxoroda yashagan va «Buxoro axbori» ro‘znomasida ishlagan. Qulog‘imga chalingan gaplarga qaraganda, Cho‘lponni Buxoroga Fitrat taklif qilgan. Fitrat u paytlarda Fayzulla Xo‘jayev rahbarligidagi Buxoro Xalq jumhuriyati hukumatida nozir bo‘lgan va shu mavqeidan foydalanib, Cho‘lponni «Buxoro axbori» ro‘znomasiga muharrir sifatida ishga taklif qilgan.

Cho‘lpon o‘rta bo‘y, to‘lachadan kelgan, doimo yumaloq gardishli oddiy ko‘zoynak taqib yuradigan odam edi. U juda serandisha, odamlarga bexosdan ozor berib qo‘yishdan cho‘chiydigan, ko‘ngilchan va chinakam shoirona tabiatga ega edi. Arzimagan narsaga xunobi oshib, fig‘oni falakka yetar, asabiylashar, yana arzimagan sabab bilan kayfiyati joyiga kelib qolardi. Bir kuni Fitratning uyiga kelsam, ayvonda Cho‘lpon asabiy bir holatda u yoqdan bu yoqqa yurib turibdi. Salom berdim, nega kayfi buzuqligini so‘radim. «E, domlaning uyiga mehmonlar kelgan. Hammasi bizni yomon ko‘radigan kattalar. Yana xotinlari bilan kelishgan. Ular tirnog‘imiz tagidan kir qidirib yuribdi-yu, Fitrat domla ularning tegirmoniga suv quymoqda!».  Hech narsaga tushunmay, yana surishtirdim. Fitratdomla mehmonlarga: «Qani, olinglar, olib o‘tiringlar», deb odatdagi manziratni qilibdi, mehmon ayollardan biri: «Men olyapman, mana, oldimni ko‘ring», deb javob beribdi. Fitrat esa darhol so‘z o‘yini aytibdi-yu, ayolni o‘sal qilibdi. Cho‘lpon shunga xunob bo‘layotgan ekan. Gaplashib turganimizning ustiga, ichkaridan Fitrat chiqib qoldi. Cho‘lponning asabiy holatini ko‘rib, unga so‘z qotdi: «Ie, hali ham xunobmisiz, bas-da! Axir, uzr so‘radim-ku!» Buni eshitib Cho‘lpon yana tutaqdi: «E, qo‘ying-e, domla-ey, shunaqa ham bo‘ladimi?! Rasvo qildingiz».

Cho‘lponni Fitratnikida ko‘rib yurib, uning yana bir xislatini bilib oldim — u ham musiqani juda-juda yaxshi ko‘rar ekan. Shashmaqom sadolari yangraganda Cho‘lpon sel bo‘lib, butun vujudi quloqqa aylanganday, bir maromda chayqalib o‘tirib tinglardi. Qulog‘i musiqada-yu, hayollari junbushga kelib, nimalarnidir ko‘z oldiga keltirayotgani sezilib turardi. U eshitgan kuylarini yurak-yurakdan juda chuqur his qilardi. Buni komil ishonch bilan aytayotganimning boisi bor. Ba’zan shunday bo‘lardiki, Cho‘lpon bir kuyni berilib tinglab, undan bag‘oyat mutaassir bo‘lib, chiqib ketardi-da, ikki-uch kundan keyin shu kuyga moslab she’r yozib kelardi. Bu she’r esa avalgi so‘zlarga qaraganda, kuyga o‘n chandon, yuz chandon mosroq bo‘lardi. Cho‘lponning «Galdir» degan she’ri bunga misol bo‘la oladi. U xalq kuyiga moslab, dutor tilidan, dutor tuyg‘ularini izhor qiluvchi ajoyib lirik she’r yaratgan. Cho‘lponning o‘zi qo‘shiq aytmas edi, lekin, jinday dutor chertardi. Nazarimda u dutorni chertgan odamni ham yaxshi ko‘rardi va dutorni alohida bir mehr bilan suyardi. U Samarqandda turganida Soliha degan xotini bor edi. Soliha ajib bir mahorat bilan dutor chalardi.

Cho‘lpon bilan so‘nggi marta 1936 yilning oktyabr oyida Toshkentda, uning Revolyutsiya xiyobonidagi uyida uchrashganman… Buning tarixi quyidagicha: 1936 yilning sentyabrida men Moskvada opera studiyasida o‘qimoqda edim. Birdan meni Toshkentga chaqirib telegramma kelib qoldi. Telegrammaga Muhiddin Qoriyoqubov imzo chekkan edi. Qoriyoqubov o‘sha kezlarda yangi tuzilgan O‘zbekiston Davlat filarmoniyasining boshlig‘i edi. Filarmoniya oldida katta vazifalar turar, shuning uchun Qoriyoqubovga uni kadrlar bilan mustahkamlashga ijozat berishgan edi. Qori aka filarmoniyaning badiiy rahbarligiga Mannon Uyg‘urni chaqiripti. Meni esa xormeyster etib taklif qilipti, to‘g‘rirog‘i, tayinlapti. Toshkentga kelib, filarmoniyaga borishim bilanoq, Qori aka: «O‘qishingni biroz kechiktirasan, hozir dekada kontsertini tayyorlaysan», deya ko‘rsatma berdi. Noiloj, ko‘nishga majbur bo‘ldim. Uzluksiz repetitsiyalar boshlandi. Bir kuni Qori aka meni huzuriga chaqirib qoldi. Kirsam, xonada Uyg‘ur ham o‘tirgan ekan. Qori aka juda jiddiy ohangda gap boshladi:

— 1937 yilda Moskvada bo‘ladigan o‘zbek adabiyoti va san’ati dekadasi katta kontsert bilan yakunlanishi kerak. Unda Sovet hukumati va kommunistik partiya rahbarlari ishtirok etadi. Ehtimol, o‘rtoq Stalinning o‘zlari ishtirok etsalar ham ajab emas. Tabiiyki, bu kontsertda eng yaxshi kuchlarimiz eng yaxshi nomerlarini zo‘r mahorat bilan ko‘rsatib, san’atimizning bugungi qiyofasini namoyish etmoqlari zarur. Kontsertning finali zo‘r bo‘lmog‘i kerak. Unda ulug‘ Stalin haqida tantanali xor yangramog‘i lozim. Xuddi shu masalada qiynalyapmiz. Qontsert finalida ijro etishga munosib she’r topolmayapmiz. Xullas, shu ishni senga topshirmoqchiman. Sen Cho‘lpon bilan eskidan tanishsan. Bordi-keldilaring bor. Cho‘lponning oldiga borib ahvolni tushuntirasan. Stalin to‘g‘risida zo‘r bir she’r yozib bersin. Cho‘lponning aniq va’dasini olmay kelma!

Haqiqatan ham, topshiriq juda nozik va o‘ta mas’uliyatli edi. Axir, Moskvada hukumat kontsertida shaxsan o‘rtoq Stalinning huzurida ijro etiladigan qo‘shiqning matnini ham, kuyini ham hammaga buyurib bo‘lmaydi-da! Ayni choqda, bu g‘oyat sharafli topshiriq. Stalin haqida qo‘shiq yozgan odamga hammaning ham qo‘li yetavermaydi. Bunday odamga malomat toshlarini otsang, u yarim yo‘ldan qaytib, sening boshingga tegishi ham hech gap emas. Hammadan ham muhimi — qo‘shiq mualliflari dekadaga olib boriladi, yakunlovchi kontsertda qatnashmog‘i kerak. Mabodo, o‘rtoq Stalin, «bu qo‘shiqning mualliflari qani, bir ko‘rishib qo‘yay», desalar, «mana, ular», deb ko‘rsatish kerak-da. Mabodo, Stalin ko‘rmagan taqdirda ham, baribir, Moskvadan quruq qaytilmaydi — bironta unvonmi yo orden-medal egasi bo‘lib qaytiladi. Xullas, istiqbol porloq… Ana shunday uylar bilan Cho‘lponning eshigini qoqdim. Eshikni Cho‘lponning o‘zi ochdi. U meni sira kutmagan ekanmi, tashrifimdan ajablanganday edi. Shunday bo‘lsa-da, xushnudlik bilan qarshi oldi.

Ichkariga kirdik. Kamsuqumgina dasturxon yozildi. Hol-ahvol so‘rashdik. Suhbat davomida yotig‘i bilan maqsadni anglatdim. Qoriyoqubovning taklifini eshitib, Cho‘lpon anchagacha o‘yga toldi keyin chuqur xo‘rsinib, javobga og‘iz ochdi.

— O‘zingizdan qolar gap yo‘q, Mutavakkiljon. Stalin haqida she’r yozish men uchun sira-sira qiyin emas. Kerak bo‘lsa, bir kechada bunaqa she’rlardan o‘ntasini yozib beraman. Ammo masalaning bir tomoni bor: Ko‘rib turibsiz, keyingi paytlarda menga to‘rt tomondan hujum bo‘lyapti. Boshim ustida bulutlar juda quyuqlashdi. Mabodo, biror falokat ro‘y bersa, mening she’rimga kuy bastalagan kompozitorni sog‘ qo‘yisharmikan. Mutlaqo begunoh odamlar ham besabab juvonmarg bo‘lib ketishmasmikan?..

Men xayr-ma’zur qilib chiqib ketdim-da, borib Qoriyoqubov bilan Uyg‘urga Cho‘lponning javobini aytdim. Ular: «Ie, bu yog‘ini o‘ylamabmiz-ku», degancha bir-birlariga tikilib qolishdi.

Oradan ko‘p o‘tmay Cho‘lpon qamaldi, xalq dushmani sifatida otildi. Ammo men uning «xalq dushmani» ekaniga ishonolmay, uzoq vaqt ruhiy azoblarda qiynalib yurdim.

Fitrat bilan Cho‘lpon madaniyatimiyaning ikki buyuk nurli siymosi edilar. Taqdir menga ular bilan ko‘rishish, suhbatlaridan bahramand bo‘lish baxtini ato etdi. Endi bilsam, ularning davralarida, ular bilan hamsuhbat bo‘lib o‘tkazgan fursatlarim umrimning eng nurli fursatlaridan ekan.

Ozod Sharafuddinov yozib olgan.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 1991 yil 19 aprel.