Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Mangu haqiqatga qat’iy amal qilamiz (1989)

Biz hozir juda afsuslanarli bir davrda yashayapmiz. Chunki hayotimizning asosi bo‘lgan ko‘plab ma’naviy tushunchalarni unutib yuborganmiz. Shunga qaramay, men hozir baxtli zamonda yashayapmiz, deb aytishim mumkin. Chunki biz bugun kecha eslashimiz ham mumkin bo‘lmagan narsalar haqida nafaqat xotirlash, balki ularni o‘zimizga qaytarib olmoqdamiz. Sevgi va mehr-shafqat so‘zi yangi tushuncha sari yo‘l ochmoqda. Shuni unutmaslik lozimki quruq so‘z amalda ishsiz, qadrsiz bo‘lib qolaveradi. Shu sababli hali olijanob qoidalarni nafaqat eslashimiz, balki unga amal qilishimiz ham lozimdir.

Mamlakatimiz ko‘plab og‘ir sinovlarni boshidan kechirmoqda. Bugun siz va biz, jamoatchilik oldida yengil ko‘chmaydigan muammolar g‘uj bo‘lib turibdi. O‘z hayotimizni haqqoniy qilish uchun, baxtli va o‘zimizga to‘g‘ri yashashimiz uchun hammamizdan yaxshiroq mehnat qilish talab etiladi. Hozir kurrai zaminimizdagi hayotni saqlab qolish, tinchlik o‘rnatish qanchalar zarur bo‘lsa, qalblarimizdagi osoyishtalikni saqlab qolish, o‘zaro muammolarimizni pishiqlashtirish, oilaviy munosabatlarni izga solish ham shunchalar dolzarbdir. Chunki butun bir olam kichik-kichik oilalardan iborat. Jamiyatimiz va xalqlar turli kishilardan tashkil topgan, qaysiki ularning har biriga o‘ziga yarasha muomala zarur.

O‘z atrofimizga bir nazar tashlaylik. Biz kimlarni ko‘ramiz?

Urushdan keyin 40 yil o‘tsa hamki biz bilan yonma-yon yuz minglab yetimlar yashashmoqda. Olovli urush yillarida biz ularga qalbimizni qo‘rini hadya etgandik. Shirin so‘zimizni, oxirgi burda nonimizni ayamagandik. Xo‘sh, bugun-chi? Bugungi yetimlarning onasi hayot. Ular o‘z farzandlarini ko‘chalarga tashlab ketishmoqda. Tug‘ruqxonalarda besabab qoldirib ketishyapti. Temir yo‘l vokzallariga, bozor o‘charga, hattoki axlatxonalarga tashlab ketishmoqda. Shuni ham unutmaslik kerakki, hozir bolalar uylarida tarbiyalanuvchilar, maktab-internatlarda bilim olayotgan begunohlarning ota-onalari qayerdadir o‘z aysh-ishrati bilan mashg‘ul. Ular hayot. Bolalar esa yetimxonalarda.

Etimlar taqdiri bizni qanchalik bezovta qilsa, o‘z bolalari bilan yashayotgan baxtsiz oilalardan ham shunchalik tashvishdamiz.

Bugun ko‘plab oilalardagi begunohlar bir yoshga yetmay qazo qilmoqda. Biz kutganimizdan ortiq miqdordagi bolalar turli xil kasalliklar bilan og‘rishyapti. Ko‘plab onalar majolsizlik dardiga chalingan. Ular hayot tashvishlaridan shunchalar bezganki, o‘z g‘am qayg‘ulariga o‘z-o‘zini o‘ldirish bilan barham berishmoqda. Ana shunday bir paytda, bolalar yetim qolayotgan, onaizorlar o‘zlarini o‘limga mahkum qilayotgan bir paytda biz qanday qilib xotirjam turishimiz mumkin? Bu baxtsizliklarga qarab va chidab tura olamizmi? O‘zligini anglagan odam: «Yo‘q!» – deb javob berishi tabiiy.

Islom – bu sog‘lom jamiyat tuzish uchun kurashishdir. Shu sababli ham Islom inson salomatligi va kamolotiga ziyon yetkazuvchi har qanday illatlarni qattiq qoralaydi.

Giyohvandlik, ichkilikbozlik, fohishabozlik kabi hayotiy tuyg‘ularga yot illatlar – bularning barchasi musulmonlar qalbidagi og‘riqdir. Chunki Islom kishilarga Alloh inson faqat xayrli ishlar uchun, baxt saodat uchun yaratilganligidan ta’limot beradi. Baxt esa o‘zaro hamkorliksiz, tinchliksiz, kundalik hayotimizdagi yaxshi xislatlarsiz yuzaga kelmaydi. Qur’onda Ul zoti sharif shunday deb xitob qiladi: «Alloh bu dunyoda yaxshi fazilatli ishlar qilgan va kishilarni fazilatli yo‘lga boshlagan kimsalarni oxiratda mukofotlaydi».

Qaytariq bo‘lsa-da shuni ta’kidlamoqchiman, butun bir dunyo mayda-mayda g‘ishtlardan tarkib topgan. Agar biz o‘zimiz yashab turgan dunyoni uy deb qaraydigan bo‘lsak, u ana shu g‘ishtlar ustida turibdi.

Erdagi hayotning asosiy o‘zagi bu oiladir. Bolalarimiz ana shu oilada tarbiyalanadilar. «Qush uyasida ko‘rganini qiladi», deganlaridek, ular tarbiyasida oiladagi muhitning ta’siri beqiyos katta. Shu bois Islom oiladagi farzand tarbiyasiga, bolalarning ota-onasiga hurmat bilan munosabatda bo‘lishiga, ota-onalarning bir-biriga iliq muomalada bo‘lishiga juda katta e’tibor beradi. Farzandlarning va ota-onaning huquqiy burchlarini aniq belgilaydi. Ko‘plab oyatlar va hadislarda er va xotin oilada qanday vaziyatda ish tutishi lozimligi aniq ko‘rsatilgan. Shulardan umumiy xulosa qilib shuni aytish kerakki, farzandning aqlli bo‘lib voyaga yetishida ota-ona birdek mas’uliyatlidir. Lekin ota oilani moddiy jihatdan ta’minlab turishga majbur. Chunki u erkak. Ayolga nisbatan qudratliroq. Oiladagi yetishmovchiliklar, kiyim-kechak, oziq-ovqat hamma-hammasi uning zimmasida. Bundan ota faqat oilani boqishi kerak, degan xulosa chiqarmaslik kerak. Bolalar otasini qam, onasini ham birdek yaxshi ko‘radi. Agar ular oilada ona bilan ota o‘rtasida har xil janjallarni ko‘rsa, qalbi o‘ksiydi, shunga ko‘ra tarbiyalanadi. Shu sababli xotin kishi doimo erining kamini to‘ldirishi kerak. Unga eng yaqin ko‘makchi bo‘lishi lozim. Toki farzandlarimiz oiladagi har bir arzimas janjallar ta’sirida qolib, kelajakda o‘z farzandlariga, eng avvalo o‘z jufti pokiga oilada ko‘rganlarini qaytarmasin. Zug‘um o‘tkazmasin.

Ko‘plab ota-onalar o‘z yumushlari, uy tashvishlari bilan bo‘lib farzandlarining tarbiyasiga ikkinchi darajali narsa deb qaraydilar. Ularni qarovsiz qoldirishadi. Ana shunday farzandlar, afsuski, yomon yo‘llarga kirib ketadi, ko‘cha-ko‘yda falokatlarga uchraydi, qurbon bo‘ladilar.

Islom dini o‘z ta’limotlaridan o‘sib ulg‘ayuvchi yoshlar uchun eng muhim tarbiya o‘chog‘i bo‘lmish oilaga juda katta e’tibor beradi. Buyuk Zoti pok bo‘lmish Alloh subhonahu va taolo o‘zining muqaddas kitobi – Qur’oni Karimda erkaklarni o‘z xotinlariga nisbatan nihoyatda xushmuomalada bo‘lishga, doimo ular salomatligidan xabardor bo‘lib turish hamda rafiqasining har qanday talabini bajarishga buyuradi. Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sallollohi vasallam o‘z Hadisi shariflarida shunday bashorat qiladilar.

Ya’ni: «Allohning oldida eng sevimli va hurmatli er shunday kishidirki, u hayotlik davrida o‘z jufti pokiga muruvvat ko‘rsatgan bo‘lsa, farzandlari va oilasining g‘amini yegan bo‘lsa hamda ular tashvishi bilan yashagan bo‘lsa».

Hali jamiyatimizdagi oilalarda qiyinchiliklar juda-juda ko‘p. Kimdir ota-ona mehriga zor, kimdir oilaviy baxtdan mahrum va hokazo.

Islom dini bizni o‘z farzandlarimizga, oilamizga doimo mehribon bo‘lishga chaqiradi. Biz eng asosiysi yetimlarga doimo rahm-shafqatli va muruvvatli bo‘lishimiz kerak. Chunki Muhammad alayhissalomning o‘zlari ham yetimlik dardini tortgan zot edilar. Muso alayhissalom Allohning diydoriga yetishmoq uchun yetimlar boshini silagandi. Islomda yetimlarga muruvvat ko‘rsatish oliy fazilat sanaladi. Bugun biz davlat yetimlar tarbiyasini o‘z zimmasiga olgan, degan noto‘g‘ri tushunchalarga berilmasligimiz lozim. Birinchidan, davlat materiallari ham hisobli. Shu bois yetimlarni kiyim-bosh bilan ta’minlashda ba’zan yetishmovchiliklar yuzaga keladi. Ikkinchidan, esa davlat qanchalik qaramasin, biz yetimlarga insoniy burchimiz tufayli ham qayg‘urmog‘imiz kerak.

Bugun bizning zimmamizdagi eng oliyjanob xislatlardan biri bu yetimlarning bolalar uyi va internatlarga ko‘plab tushishiga yo‘l qo‘ymaslik. Chunki komil iymon bilan aytamanki, har birimizning xonadonimizdan bir yetim uchun joy topiladi. Bag‘rimizda iliqlik hali yetishadi. Ularni ana shu mehrdan bahramand qilishlik lozim bo‘ladi. Har bir musulmon uchun yetimni tarbiyalash, unga otalik va onalik mehrini izhor etish bu eng oliy fazilatdir. Shuning uchun har bir musulmon bu ishda ko‘magini ayamasligi lozim.

Xo‘sh, bu ko‘mak nimadan iborat? Bu ko‘mak shundan iboratki, yetimlar haqida qayg‘urish, ularni kiyim-bosh bilan ta’minlash, oziq-ovqat yetkazib berish, ana bular Alloh yo‘lida qilinishi lozim bo‘lgan sadaqayi joriyalaridandir. Ayniqsa, bayram kunlari ular ko‘nglini ko‘tarish ulug‘ savob. Har kuni ular tarbiyasi uchun qayg‘urish, biror bir mutaxasislikka o‘rgatish va nihoyat voyaga yetganda uylantirish yohud turmushga berish ham iymon keltirgan musulmon uchun oliy fazilat. Mabodo yetimlarni o‘z bag‘rimizga olish niyatimiz yo‘q ekan, kelinglar, hech bo‘lmasa ularga quvonch baxsh etishning uddasidan chiqaylik. Biz qanchalik farovon yashamaylik, qanchalik o‘zimizga to‘q bo‘lmaylik, qayerdadir begunoh bolalar mehr-muruvvatga zor ekanliklarini sira-sira unutmasligimiz kerak. Yetimlarga qayg‘uli kunlarida ko‘maklashish har birimizning insoniy burchimiz.

Islom ta’limoti talqin qilingan ko‘plab kitoblarda yetimlarga doimo mehribon bo‘lishga da’vat etilgan. Agar, deyiladi ulardan birida biron qishloqda bir yetim qarovsiz qolsa Alloh shu qishloq ahliga va yashab turgan jamiyatga balo to‘fonlarini yuboradi! O‘z vaqtida kishilar yetimlar haqida qayg‘ursa, undaylar Allohning nazdida eng ulug‘ zotlardir va oxiratda jannatga dohil bo‘lur.

Bugungi kundagi bizning asosiy vazifamiz ota-onasidan qarovsiz qolgan begunoh go‘daklar haqida qayg‘urishdir. Yetimlarga yordam berishga davlat doimo tayyor. Lekin o‘z navbatida davlat har birimizning ko‘magimiz va qo‘llab-quvvatlashimizga muhtojdir. Bolalar fondining bugungi harakati faqat maqtovga loyiq. Bu tashkilot xayrli ishlarni amalga oshirmoqda. Ushbu fidoyilik mablag‘lari bizning shaxsiy jamg‘armalarimiz va ehsonlarimiz evaziga, mehnat kollektivlarining qilayotgan yordamlari evaziga. Bilingki, ijodiy uyushmalar hamda diniy tashkilotlar o‘tkazayotgan mablag‘lardir. Agar fondning qudrati to‘g‘risida to‘xtaladigan bo‘lsak, bu hali siz va bizning, aniqroq aytadigan bo‘lsak, barcha mehnat kollektivi va diniy tomonlar harakatiga bog‘liq. Iymonim komilki, barcha musulmonlar bu xayrli ishga bosh qo‘shadilar, faol ishtirok etadilar va sovet bolalar fondining yanada keng jabhada harakat qilishiga ham moddiy, ham ma’naviy jihatdan yordam beradilar. Zero musulmon doimo o‘zgalarga ko‘makka shay turadi. Chunki bu yo‘ldagi har bir sa’y-harakat bir yetim boshini silash, uning ko‘nglini ovlash degani. Allohi karim hammamizga bu yo‘lda mehr-shafqat, qalbimizga saxovat nurini yog‘dirgan bo‘lsin.

Islom ta’limoti bizga ayol eng avvalo bolalarimizning onasi ekanligini unutmasligimizni uqtiradi. Ayol bu uyimiz fayzi hamdir. U ro‘zg‘orning ichki kamchiligini barini to‘ldiruvchi, oila uchun chin dildan qayg‘uruvchidir. Shunga ko‘ra Islomda ayolga nisbatan mehribonlik bilan muomalada bo‘lish erkak kishi zimmasidagi bosh vazifalardan biri hisoblanadi. Mana 1400 yildirki, bu kalom o‘zining xayrli taraflarini namoyon qilib kelmoqda. (Albatta unga to‘liq amal qilgan oilalarda). Dinimiz vujudga kelgandan buyon dunyoda juda ko‘p narsalar o‘zgardi, Fan – texnika yuzaga keldi, u rivojlanish bosqichiga o‘tdi, qancha inqiloblar bo‘ldi, olimlar va sayyohlar yetishib chiqdi, inson beshinchi koinotga parvoz qildi. Lekin oiladagi xotin bilan er orasidagi, ota bilan bola o‘rtasidagi munosabatlar o‘sha-o‘shaligicha qolmoqda. Buni unutmaslik kerak.

Qayerdaki o‘z oilasi uchun qayg‘urgan er bo‘lsa, uni mustahkamlamoqda. Qayerdaki oilada totuvlik bo‘lsa, farzandlarga yaxshi tarbiya berilib, haqiqat yo‘liga boshlansa – u oiladan oqil, dono, el orasida izzat-hurmatli farzandlar yetishib chiqyapti. Ana shunday tarbiyasi mustahkam o‘nlab oilalarning yuzlab farzandlari jamiyatimiz taraqqiyoti yo‘lida kamar-basta bo‘lmoqdalarki, bu quvonchli hol.

Afsuski, biz yashab turgan jamiyatda butunlay buning aksi bo‘lgan noqobil oilalar ham istagancha topiladi. Ana shunday oila boshliqlarining o‘zi farzandlariga ahloqsizliklarni ahloq qilib ko‘rsatsalar, aroqxo‘rlikka, poraxo‘rlikka mubtalo bo‘lsalar, er-xotin bir-biri-bilan doimo seni-menga borib tursa, harom-xarish yashasa – ularning farzandlaridan nima kutish mumkin? Bunday oilalarda juda kamdan-kam hollarda halol, jamiyatga foydali farzandlar yetishib chiqadi. Aksariyat hollarda ular o‘z otalari izidan ketadi. Ana shu tariqa bizning farovon va ma’naviy jihatdan boy yashashimizga to‘siq bo‘luvchi illatlar avloddan-avlodga o‘ta boshlaydi.

Hozir insoniyat orasidagi kulfatlarning eng og‘iri bu o‘z joniga o‘zi qasd qilish bo‘lib qoldi. Jumhuriyatimizning aksariyat ko‘pchilik nohiyalarida ayollar o‘ziga o‘t qo‘yib nobud bo‘lmoqda. Bu esa hech kimni befarq qoldirmasligi kerak. Olimlar, huquqshunoslar, vrachlar, sotsiologlar, partiya va sovet xodimlari buni milliy qashshoqlik deb atamoqdalar. Ba’zi bir kishilar esa buni diniy e’tiqodga bog‘lamoqdalar. Lekin biz shuni qat’iyan ta’kidlamoqchimizki, o‘zini yoqib yuborayotgan ayollar mustahkam diniy e’tiqodga ega emaslar. Men bunday bo‘lmag‘ur gap-so‘zlarni tarqatuvchi kishilarga shuni eslatib o‘tmoqchiman: dunyodagi hech bir din insonlarni Alloh tarafidan berilgan o‘z omonatiga nohaq zug‘um qilishga buyurmaydi. Balki barcha dinlar qatori Islomda ham o‘z taniga qasd qilish bu eng og‘ir gunohdir. Shunga qaramasdan ayollarimiz o‘rtasida o‘z-o‘zini yoqib yuborish hollari hali to‘xtagani yo‘q. Turkmaniston, Tojikiston jumhuriyatlari, O‘zbekistonimizning Samarqand, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarida bu hol, ayniqsa, achinarli.

Buning sabablari milliy qashshoqlikda yoki dinga berilganlikda emas, balki oiladagi, mehnat joylaridagi sharoitning haddan tashqari og‘irligidadir. Bolalarning kasalmand bo‘lib qolishi, oilada erning o‘z o‘rni yo‘qligi, uning har xil noshar’iy va noahloqiy ishlarga berilib ketganligi, ayol kishining qadr-qimmati yo‘qolib borayotganligi bular barchasi ona deb atalmish ulug‘ zotni ana shu so‘nggi chorani qo‘llashga majbur qilmoqda. Ayollarning o‘z joniga qasd qilishiga faqatgina ularning o‘zi emas, balki atrofdagi odamlar, butun jamoatchilik ham aybdordir.

Hurmatli birodarlar, keling, o‘z onalarimizga, ayollarimizga, singil va farzandlarimizga ko‘proq mehribon bo‘laylik. Ular qalbini tushunishga harakat qilaylik. Ularga xo‘jalik ishlarida ko‘maklashaylik, oilaviy yumushlarini yengillataylik, farzand tarbiyasidek eng og‘ir ishda hamroh bo‘laylik. Zora Allohi karim siz bilan bizni bu falokatlardan aritsa.

Biz ushbu suhbat davomida jamiyatimiz uchun ogir dard bo‘lib turgan tirik yetimlarning ko‘payish sabablari haqida, ayollarimiz fojiasi xususida to‘xtaldik. Bu haqda yanada kengroq va ko‘proq mushohada qilishimiz zarur. Bizning ushbu va’z-nasihatlardan maqsadimiz insonlarga jamiyat taqdiri, uning kyolajagi, oila baxti uchun qayg‘uruvchi kishilarga nafaqat musulmonchilikda balki yer yuzidagi halol yashovchi, ezgu maqsadli insonlar aqidasi haqida eslatib qo‘yish bo‘ldi.

Bizning maqsadimiz har bir oilada mehr-muhabbat va ahillik bo‘lsin.

Oila mustahkam bo‘lsin.

Bolalarning bilim olishi, ular tarbiyasi to‘g‘ri izga tushsin.

Hayotimizdagi yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan kulfatlar yo‘qolsin!

Yillar davomida avlodlarimiz ruhiga singib ketayotgan diniy aqidalarimizga amal qilaylik. Ularni tarbiyamizga singdiraylik. Bu Allohga ishonuvchi barcha mo‘min-musulmonlar uchun, o‘z vatanini sevgan barcha insonlar uchun muqaddas burch bo‘lib qolsin.

«Semya» jurnali, 1989 yil.