Qayta qurishning uch-to‘rt yili O‘zbekistonda yetilgan muammolarni anglash, mudhish sun’iy muammolar yaratish, turli kurashlar bilan o‘tib ketdi. Yangi siyosatning ilk aniq natijasi shuki, nihoyat, bizning jumhuriyatimizda ham oshkoralik ruhi qaror topa boshladi. Biroq bu oshkoralik faqat davralarda majlis va boshqa yig‘inlarda og‘zaki bahslar shaklida namoyon bo‘lib, ayrim nashrlarimizda esa hamon ishonchsizlik ruhi hukmrondir. Hayriyatki, keyingi oylarda yolg‘on muztog‘lari erib, ba’zi rasmiy nashrlar ham el so‘zini aytib, «tovush» chiqarmoqda.
Qayta qurish siyosatining ilk belgisi bo‘lmish oshkoralikning birinchi samarasi shuki, hurmatli ustozimiz Erkin Vohidov ta’biri bilan aytganda, ilgari «qo‘g‘irchoq emasmiz» deb chirangan zotlarning iplari endi oshkor ko‘rinib qoldi. Foje shundaki, Stalin mamlakatni tikanli sim bilan chegaralab tashlab, nimaiki noma’qulchilik bo‘lsa, shu chegara ichida qildi. Jumhuriyatlarning milliy tillarini, milliy madaniyatlarining har qanday kurtagini yo‘q qilishga bo‘lgan urinishlar, qadimiy an’analarning o‘lim yoqasiga kelib qolgani aynan oshkoralik tufayligina ayon ko‘rindi.
Bugungi kunda turli kasalliklarni, xususan, jigar-kasallagini ko‘paytirish, bolalar o‘limi, tabiatni quritib, boyliklarini talab, insonni halokatga boshlash, minglab begunoh kishilarni qamash, el ichida turfa to‘polonlar chiqarib turish rejali ravishda maxsus uyushtirilishi oydinlashib qoldi. Shu noxush holatlar bois ham qayta qurish va oshkoralikning biz uchun eng muhim bosqichi fosh qilishdan iborat bo‘lmoqda va biz shuni ham eplay olmayapmiz.
Xalq och bo‘lsa, uning nasli buziladi, degan ekan Sharqning ulug‘laridan biri.
Amerikalik doktor Haydar uzoq muddat ochlik e’lon qilganida bir ustozimiz taajublanib so‘rabdilar: «Bu ochlikdan o‘lib qolmaydimi? O‘zi ochlik e’lon qilishning qoidasi qanaqa bo‘ladi?» «Qoidasi shuki ochlik e’lon qilgan kishi non bilan suvdan boshqa hech narsa yemaydi ham, ichmaydi ham!» deb javob beribdi ustozning do‘stlari. «Hayhot, debdilar ustoz, agar non bilan suvdan boshqa hech narsa yeb-ichmaslik ochlik e’lon qilish, bo‘lsa, unda o‘zbek xalqi allaqachon ochlik e’lon qilgan ekan…»
Bu hazilning tagi zil. O‘tgan turg‘unlik davrlarida turli maxfiy reja va tadbirlar asosida qirg‘in olib borish bilan birga millatning naslini buzishga, uning kelajagini ham barbod qilishga urinishlar bo‘lgani bugun sir emas. Ko‘plab ayollarning bola tashlashi, ya’ni go‘daklarning chala tug‘ilishi, buning ustiga, ikki boshli, bir ko‘zli, qing‘ir-qiyshiq yoki boshqa g‘aroyib shakllarda dunyoga kelayotgani faqat butifos, buxlefos yoki boshqa zaharlarning natijasi emas, balki mash’um rejalarning oqibati ham ekanligi ochiq ko‘zlarga ravshan ko‘rinib qoldi. Ochlikdan nasl buziladi degan mantiqqa tayansak, qishloq mehnatkashlarining kuni quruq non bilan choyga qolgani, iqtisodiy jihatdan g‘arib ahvolga tushgani, tirikchiligiga yetadigan oylik ololmasligi, xalqimizning umumittifoq miqyosidan bir necha barobar kam go‘sht iste’mol qilishi, meva-cheva, sabzavot va boshqa sun’iy taqchilliklar tufayli ayollarning kamqonlik va zaiflikka duchor etilgani barcha sir-sinoati fosh bo‘ladi-qoladi. Va nihoyat, jumhuriyatdagi mahalliy millat yigitlarining 35 foizi harbiy xizmatga yaroqsiz ekanligi bu mash’um rejalarning zinhor-bazinhor yashirib bo‘lmas oqibati va isbotidir.
O‘tgan davrda tag‘in, faqat paxtakor—dehqonlar emas, paranjidan qutulib, undan dahshatliroq ketmonga tutilgan ayollar, talaba-yoshlargina emas, hali suyagi qotmagan maktab bolalari ham og‘ir mehnatga giriftor qilindi. Matbuotning asosiy mashg‘uloti faqat mehnatni targ‘ib qilishdan, xalqni yerga kishanband etib tashlashda vositachilik qilishdan iborat bo‘ldi. Mansabidan bo‘shatilgan qozi quduq boshiga borib, suv olayotgan odamlarga qarab, «Ko‘tar paqirni, tushir paqirni!» deb, o‘zicha buyruq berib turar ekan. O‘zbek matbuoti, xususan, oynai jahoni (televideniyesi) o‘sha amaldan tushgan qoziga o‘xshaydi. Axir, Rossiyada ham o‘ziga yarasha mehnat bor, ish bor, lekin Markaziy matbuot bunaqa g‘arib, bunaqa «buyruqbardor» emas-ku! Mir Alisher Navoiy faryod qilganlaridek:
G‘araz gar jon edi, olding, ana hoy, O‘luk tandin ne istarsen yana, hoy! Ko‘ngul qonin ichardin to‘yg‘il emdi, Meni o‘z mehnatimga qo‘yg‘il emdi!..Qayta qurishni partiyaning o‘zi boshlab berdi. Demak, maxfiy sirlarni ochishda, el-yurt muammolarini hal etishda muayyan siyosiy qarshilik yo‘q. Biroq hali yuqorida ham, viloyat, shahar, rayon firqa qo‘mitalarida ham rasmiyatchi to‘ralarning mustahkam saflari mavjud. Jumhuriyat muammolarini hal etishda, xalqni jaholat va mahdudlik komidan olib chiqishda matbuot ulug‘ xizmat qilishi mumkin. Afsuski, aytganimdek, matbuotimiz ahvoli yaxshi emas. Toshkent Davlat dorilfununidan har yili yuzlab jurnalist kadrlar yetishib chiqadi. Lekin imoni butun, maslagi sobit, jasur, siyosatdon muxbir barmoq bilan sanarli. Gazetachilarimiz ro‘zg‘orga kishanband bo‘lib qolgan. Ularda yurt kezish imkoniyati yoki g‘ayrati yo‘q. Axir, faqat haqiqat nurigina matbuotga sayqal berishi mumkin.
O‘zbekiston Telegraf agentligi ayrim muxbirlarining subutsizligi, yolg‘onchiligi, hatto ba’zi hollarda buzg‘unchiligi ilgari fosh etilgan. Matbuotning, xususan O‘zTAGning beqarorligi Qo‘qon voqealarini mutloq telba-teskari aks ettirishida ham ravshan ko‘rindi. Buning ustiga, jurnalist odobiga, matbuot tabiatiga xilof ravishda «gazandalar», «pastkashlar» kabi qo‘pol iboralar ustma-ust haqoratlar xalq ommasining haqli g‘azab va nafratiga sabab bo‘ldi. Bu borada mening el-yurtimga aytadigan alohida gapim bor. Shu bois mavzuni boshqa yoqqa burayotib, aytmoqchimanki, O‘zTAGdek tashkilotda o‘zbekcha ish yuritadigan muxbirlarning kamligi adolatning qaysi mezoniga to‘g‘ri keladi?! U yerda barcha materiallar ruscha tayyorlanib, keyin o‘zbekchaga pala-partish tarjima qilinadi. Bu chala tarjimalarni o‘qigan odamning g‘ashi keladi.
Stalin qirg‘ini bosqichida va turg‘unlik davrida barcha millatlar ham xo‘rlandi. Lekin O‘rta Osiyo xalqlaridek jabr ko‘rganlar kam. U yoqda Sharqiy Turkiston inqilobining barbod etilishi, bu yoqda Oktyabr inqilobidan so‘ng, «sopini o‘zidan chiqarib», ya’ni mavjud mayda nizolarni rivojlantirib, asosni mahalliy rahbarlar talabi bilan mustahkamlagan holda Turkistonning bo‘lib yuborilishi, yozuvning ikki karra o‘zgargani, qrim tatarlari va turklarning ommaviy surgun qilinishi xalqlarimiz tarixidagi eng ayanchli fojialardandir. Xalqlar u davrda faqat ma’naviy jihatdan emas, jismonan ham uqubat chekdilar. Buning ustiga, jug‘rofiy ajrim paytida muayyan urug‘ yeridan bir parchasini bunga berib, og‘a-inilar o‘rtasida doimiy nifoq solib qo‘yishga erishdilar. Biroq o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, turkman, qoraqalpoq bunday fitnaga uchmadi. Ular qayta qurish davrida chinakam og‘a-inilik tuyg‘usini qadrlab, tobora jipslashdilar va jipslashmoqdalar.
Til — millatning birinchi va oliy belgisi ekanligi to‘g‘risida ko‘p gapirildi. Turg‘unlik davrida millatning ana shu belgisiga ko‘proq zarba tushdi. O‘zbek tilida ilmiy ishlar yozish va yoqlash mumkin bo‘lmay qoldi. «Barcha san’atlar ichida biz uchun eng muhimi» (V. I. Lenin) bo‘lgan kinofilmlar o‘zbekcha yaratilmadi. O‘zbekcha kinostsenariylar qabul qilinmadi. Jon boshiga to‘g‘ri keladigan o‘zbekcha kitoblar miqdori keskin ozaydi. Pochta-telegraf singari aloqa vositalari o‘zbek tilini yaqinlashtirmadi. Davlat va davlat boshqaruvining barcha idoralaridan milliy til siqib chiqarildi. Ko‘rgazmali axborotning ko‘p turlari asosan ruscha chiqarildi. Xalqning ma’naviy imkoniyatlari cheklandi. Shunday qilib, o‘zbek tilini davlat muhofazasiga olish, uni jumhuriyatning davlat tili deb belgilash zarurati tug‘ildi. Va bu borada «O‘zbekiston SSRning tillar to‘g‘risidagi qonuni» loyihasi e’lon qilindi. Loyiha birdan jamoatchilikning kuchli noroziligiga duch keldi. Loyihaning qisqa va to‘g‘ri ta’rifi, dag‘alroq bo‘lsa ham, xorazmlik iqtidorli musavvir Shuhrat Bobojonov jo‘natgan maktubda aks etgan: «Tillar to‘g‘risidagi qonun loyihasi bilan tanishib chiqqandan keyin men byurokratiyaning naqadar yashovchanligi, naqadar turlanishga ustaligi haqida o‘ylay boshladim. E’lon qilingan qonun loyihasi o‘zbek tilini huquqiy jihatdan mustahkamlashga xizmat qilmay, balki uni qaytadan boshi berk ko‘chaga tiqib tashlaydi. Qonun loyihasi jumhuriyatdagi Rashidov shaytanati davri mash’um til siyosatining huquqiy suvratini chizadi, xolos». Muallif ahvolni turg‘unlik davriga qiyoslaydi, men bo‘lsam «stalin shaytanati davri» deb aytgan bo‘lur edim.
Dastlab loyiha mafkura komissiyasi qoshidagi Til muammolarini o‘rganuvchi ishchi guruh nomidan e’lon qilingandek tuyuldi. Ishchi guruh a’zolarining ba’zilari ham go‘yo loyihani o‘zlari tuzib taqdim etgandek ko‘rindilar. Keyin jamoatchilik tazyiqi sababmi, ular ham loyihani keskin inkor eta boshlashdi. Har holda, men loyihani tuzishda ishchi guruh a’zolaridan biri ishtirok etganini va uning loyihasi kimlargadir juda ma’qul bo‘lganini bilaman. Xullas, bu boradagi hal qiluvchi gapni ishchi guruh raisi Erkin Yusupov markazqo‘mdagi bir yig‘inda dangal aytdi: — Ushbu loyihani Til muammolarini o‘rganuvchi ishchi guruh tayyorlagani yo‘q, ishchi guruh faqat o‘zbek tiliga davlat maqomini berish to‘g‘risidagi xulosani ishlab chiqqan, xolos…
Biz, «gulgun davrimizda milliy madaniyatlar gullab-yashnadi, milliy tillar ravnaq topdi», demasdan turib, bu milliy madaniyatlar va milliy tillarning o‘limiga yuz tutganini ayta olmaymiz. Ya’ni avval jindek xushomad, keyin… haqiqat! Holbuki, bizning tanqidimiz jamiyatga emas, jamiyatni tanazzulga yetaklagan darg‘alarga — muayyan shaxslarga qaratilgandir. Mayli, rivoj topdi, undoq bo‘ldi, bundoq bo‘ldi, deylig-u, ammo haqiqat hurmati, ba’zi dalillarni nazardan soqit qilmaylik.
Mutaxassislarning aniqlashicha, har bir millat o‘z vakillarini hozirgi zamon axboroti bilan yetarli ta’minlashi uchun bir yilda 300 tadan 500 tagacha jurnal, 8 mingdan 12 mingtacha nomda kitob chiqarishi lozim ekan. Busiz milliy madaniyat, milliy til ravnaqi to‘g‘risida so‘z ham bo‘lishi mumkin emas.
1985 yilgi ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekistonda 88 ta jurnal va jurnal shaklidagi vaqtli matbuot turi nashr etiladi. Shundan atigi 32 tasi o‘zbek tilida 4 tasi qoraqalpoq tilida, qolgani asosan rus tilida chiqariladi. Tag‘in turli to‘plamlar, vaqti-vaqti bilan nashr etib turiladigan xabarnomalar (byulletenlar) ham haligi 32 nashrning tarkibiga kiradi. Buni mustaqil jumhuriyatda o‘rnatilgan adolat deyish mumkinmi?
1913 yilda uch yarim millionlik tatar xalqi o‘z ona tilida 600—650 nomda kitob nashr qilgan. Keyingi davrda esa yetti yarim millionlik tatar aholisi ona tilida bor-yo‘g‘i 270—280 nomda kitob chop etyapti. Bu Stalin siyosatining oqibati va tuzatilmagan davomi emasmi? Qarang, 1940 yilda to‘rt millionlik o‘zbek xalqi 640 nomda kitob nashr etgan, ya’ni har yuz ming nafar o‘zbekka 11—12 tadan kitob to‘g‘ri kelgan. 1985 yilgi ma’lumotga ko‘ra, o‘n olti millionlik o‘zbek aholisi 958 nomda kitob chop etyapti, ya’ni har yuz ming nafar o‘zbekka 4—4,5 tadan kitob to‘g‘ri keladi. Aholining ko‘payishi to‘g‘risida miq etmay, raqamlar o‘sganini aytib maqtanishimiz ham mumkin! Ha, biz bu kun milliy tafakkurimizning ortiq talafot ko‘rib, yemirilib, g‘arib ahvolga tushib qolganining asosiy sabablarini bilamiz. Qarangki, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining nashriyotida chiqadigan adabiyotning 80 foizi rus tilida, 16 foizi boshqa turli tillarda, qolgan 4 foizi o‘zbek tilida nashr etiladi. Endi qayta qurish sharofati bilan 70 foiz adabiyotni milliy tilda nashr etishga Moskva ruxsat beribdi. O‘zbek tilida chiqadigan adabiyot miqdorini yana oshirmoq lozim. Biroq vitse-prezident Erkin Yusupov nashr etiladigan o‘zbekcha manba oz, demoqdalar. U kishining hasrati besabab emas, albatta. Lekin inqilobdan burungi ilm ham — ilm, tarixiy meros ham — manba! Qolaversa, ayrim olimlarimizdan tashqari, boshqa ayrim olimlar o‘z ilmiy asarlarini avval o‘zbekcha yozib, keyin tarjimon yollab, ruschaga o‘girishi sir emas. Menimcha, har qanday holda ham, chop etmoq uchun 70 foizdan ko‘proq adabiyot mavjud! Bosmaxonada harf teruvchi o‘zbek ishchilarining yetishmasligi esa boshqa masala. (Balki o‘zbekcha harflarning o‘zi yo‘qdir?) Afsuski, shundoq ekan, deb qo‘l qovushtirib o‘tirish mumkin emas. Kechgan adolatsizlikni ko‘ngilchanlik va xushomad bilan tuzatib bo‘lmaydi. Kimningdir ko‘nglini ranjitmay turib, butun xalq ko‘nglini shod etmoq mushkul. Ruxsat beribdimi, demak, butun chora-tadbirni ishga solib, imkoniyatdan foydalanmoq zarur.
Endi asrlar davomida tarkib topgan o‘zbek ilm-fan tilini tiklash, taraqqiy ettirish va takomillashtirish uchun butun choralarni ko‘rmoq, ona tilimizda ilmiy-texnikaviy, ijtimoiy-siyosiy atamalar yaratishni qat’iy yo‘lga qo‘ymoq zarur. Bu borada O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti alohida tashabbus ko‘rsatmog‘i va yoki alohida atamalar (terminologiya) instituti tashkil etilmog‘i lozim. Biz mushtariylarimizga hozirgi zamon axborotini, jumhuriyat, mamlakat va dunyo ahvoli to‘g‘risidagi eng muhim ma’lumotni yetkazmog‘imiz uchun yetarli nashr imkoniyatiga ega bo‘lmog‘imiz kerak. Afsuski, qishloq va shaharlarimizda xalqimizning, yurtimizning haqiqiy ahvoli to‘g‘risida oddiy axborot shaklidagi tasavvurga ham ega bo‘lmagan kishilar ko‘p. Ma’rifat bizdan hali ancha yiroq. Nashriyotlarimiz uchun ajratilgan qog‘ozni har qanday bo‘lmag‘ur nashrlarga sarflamay, o‘z ona tilimizda jahonning ko‘plab yaxshi kitoblarini chop etmog‘imiz lozim. Til to‘g‘risida qabul qilinajak qonun xalq talabiga to‘la javob bermog‘i shart. Bu o‘rinda nayrang va burama gaplarning keragi yo‘q. Biz ona tilimizga daxldor bo‘lgan barcha tadbirlarni qat’iy qonunlashtirib olmog‘imiz zarur. O‘zbekistonda millatlararo muomala vositasi ham, ish yuritish tili ham o‘zbek tili bo‘lmog‘i kerak. Axir, aholimizning 70 foizidan ko‘prog‘ini o‘zbeklar, muayyan qismini esa turkiy xalqlarning vakillari tashkil etadi. O‘zbek bilan qirg‘izning, qozoq bilan o‘zbekning yoki o‘zbek bilan qoraqalpoqning, qrimtatar, uyg‘ur yoki tojik birodarlarimizning bir-biri bilan ruscha gaplashib o‘tirganini hech ko‘rganmisiz? Til erkinligi to‘la tiklanmog‘i lozim. Zarafshon shahrida 6 mingga yaqin o‘zbek va o‘zbek tilida so‘zlashuvchi qozoq, tojik birodarlarimiz yashaydi. Ilgari rus maktabi qoshida o‘zbekcha sinf ochishgan edi, piching, iste’zo va kamsitishga chiday olmay, hech kim qatnamay qo‘ydi. Alohida o‘zbekcha maktab ochish zarurligi ko‘rindi. O‘nlab oliy ma’lumotli yigitlar u yerda ish topolmay, oddiy ishchi bo‘lib yuribdi.
Yurt kezsangiz, «ishchilar sinfi — jamiyatning yetakchi kuchidir», degan shiorga ko‘p marta ko‘zingiz tushadi. Shu ishchilar sinfi shakllanmagan millat uchun yaxshigina to‘qmoqdir. Jumhuriyatimizda o‘zbek millatining yetmish foizdan ziyodini jamiyatning yetakchi kuchi bo‘lmagan kolxozchi-dehqonlar tashkil etadi. Ishchilar safida esa M. S. Gorbachev tanqid qilib ketganidek, mahalliy millat vakillari 30 foizga yetmaydi. Darvoqe, nega shunday? Oshkoralik davrida bu narsa fosh bo‘lmoqdaki, bunday chegara turg‘unlik davrida, zimdan, rejali ravishda qo‘yib-qo‘yilgandek taassurot qoldiradi. Lekin, hatto, katta shaharlardagi sanoat korxonalariga mahalliy millat vakillarini ishga olmaslik to‘g‘risida maxsus qarorlar ham bor ekan! Isbot tariqasida Alisher Ibodinovning «Sovet O‘zbekistoni» gazetasida chiqqan maqolasidan ko‘chirma keltiraman: «Masalan, o‘tgan yili Farg‘ona shahar Soveti tevarak-atrofda yashovchilarni ishga olmaslik haqida qaror chiqardi…» (1989 yil, 13 iyun soni ) Holbuki ayni paytda boshqa o‘lkalardan ishchilar keltirilavergan. Tag‘in, o‘zbeklar zavod-fabriklarda ishlagilari kelmaydi, deb matbuotda tuhmat va malomat ham qilib turiladi. Jumhuriyatimizning o‘zida ming-minglab ishga muhtojlar borligiga qaramay, chetdan, ishchi ko‘chirib kelaverish yozilmagan qonunga aylangan. Yana tashkiliy ravishda ko‘chirib keltirilganlar darhol tayyor uy-joy, zarur shart-sharoitlar bilan ta’minlanadi. Qishloqdan oddiy ish qidirib kelgan yigitlar u yoqda tursin, hatto oliy ma’lumotli bo‘lajak olim, adib yoki me’mor o‘z yurtining poytaxtida pasportini ro‘yxatdan o‘tkazolmay (propiska qilolmay) qancha xor-zor bo‘ladi.
Ommaviy ko‘chirishni to‘xtatish faqat bizning jumhuriyatimizda qo‘zg‘alayotgan muammo emas. Bu tadbir butun mamlakatda stalincha talonchilik siyosati sifatida qoralanmoqda. Kuzatgan bo‘lsangiz, Ittifoqda qo‘zg‘olgan muhim muammolarning ko‘pi, masalan, tub joy millat tilini davlat tili deb belgilash va bu yo‘ldagi to‘siqlar hamda g‘ovlar, iqtisodiy munosabatlarning chalkashib, izdan chiqib ketgani, mahalliy millat vakillari o‘rtasida ishsizlikning ko‘payib, ularning ijtimoiy hayotdan chetlashtirib qo‘yilgani, milliy madaniyat kurtaklarining yo‘q qilinishi va hokazolar asosan shu xosiyatsiz tadbir — tashkiliy ravishda chetdan «ishchi kuchi» ko‘chirib kelish tufayli yuzaga kelmadimi?
Ilm-ma’rifatga intilmoq millatni halokatdan qutqaradi. Biron bir ilm dargohida ota-ona yoki ularning farzandi o‘qituvchi bo‘lib xizmat qilsa, darrov ulardan birini chetlashtirishadi. Ayni vaqtda, uyalmay, tinimsiz, kolxozchi-dehqonning bolasi faqat kolxozchi-dehqon bo‘lishi kerak, deb aholining ongiga quyilaveradi. Nega o‘qituvchining farzandi o‘qituvchi bo‘lishi mumkin emas ekan-u, kolxozchining bolasi faqat kolxozchi bo‘lishi kerak ekan? Holbuki, bizdagi kolxoz tuzumining o‘zi inqilob maqsadiga, inson erkiga nomuvofiq tuzilgani aytilmoqda. Ishchining dam olishi, kitob o‘qib, kinoteatrga qatnab, adabiyot va san’atga, ilmu ma’rifatga oshno bo‘lish imkoniyati bor. Ayni vaqtda mahalliy millat vakillaridan ishchilar sinfini yaratmoq davri keldi. Qurilgan va qurilayotgan barcha korxonalarni qattiq nazorat ostiga olib, milliy ishchilar miqdorini dadil oshirib bormoq zarur. Chetdan keltirish o‘rniga o‘z qishloqlarimizdan ishchilar tayyorlasak, uzoqdan kelganlarga yaratiladigan uy-joy sharoitini o‘z yurtdoshlarimizga yaratsak, bu boradagi muammolar birmuncha bartaraf etilgan bo‘ladi. Deylik, Toshkentdek shaharga qishloqlarimizdan ishchi chaqirsak, o‘zi qiynalib, kolxozdan bir parcha yer ololmay, sarg‘ayib yurgan yigitlarimiz jon deb, gurros-gurros ko‘chib kelishlari shak-shubhasizdir.
Ishchi bo‘lmoq chin ma’nodagi yurtparvarlik ekanini yosh yigit-qizlarimiz ham anglab olmoqlari lozim. Hech bo‘lmaganda, o‘z yurtimizda, «etakchi — kuch» bo‘laylik, axir. Ishchilik kasbini yurtimiz uchun, xalqimiz istiqboli uchun qilayotganimiz bizga hamisha taskin, ruh, rag‘bat baxsh etib tursin!
Stalinchilik davridan qolgan milliy ishonchsizlik ruhi hamon ba’zan yuz ko‘rsatadi. O‘zbek yigitlari harbiy ta’limda puxta egallab, Vatanni himoya qilishni o‘rganish o‘rniga, nuqul qurilish batal’onlarida xizmat qiladilar.
Jumhuriyatimizda qancha harbiy bilim yurti bor! Harbiy toliblar safiga bitta-ikkita o‘zbek xo‘jako‘rsingagina qo‘shib qo‘yildi, fazogir (kosmonavt) yoki uchuvchi bo‘lishi-ku, o‘zbekning faqat tushiga kirishi mumkin. Lekin siyosat taqozo etib, kerak bo‘lganda afg‘ondan ham fazogir chiqardik! Mutloq ko‘pchilik aholi o‘zbek bo‘lsa ham, jumhuriyatimiz sport sharafini asosan boshqa xalq vakillari himoya qiladi. Bundoq madad va olijanoblik uchun tashakkur, albatta! Lekin, o‘ziga ham qo‘yib bering, axir! Sizni osmonga ko‘targan xalqni yerga uravermang! Rufat Risqiyev faqat mamlakatda emas, butun dunyoda eng nodir bokschilardan sanaladi. U a’zoyi badanini shikastlab, O‘zbekiston nomini ko‘klarga ko‘targan olovqalb yigitdir. Xo‘sh, bu kun Rufatning ahvoli qanday? U qadr topmog‘i uchun nahotki ulug‘roq millat vakili bo‘lib tug‘ilishi kerak edi? O‘zbekdan Birodar Abduraimov degan bitta bosh trener chiqqan edi, aybu nuqsoni elga noayon, uni ham ko‘p ko‘rdilar. Gdlyan bilan Ivanov minglab begunoh o‘zbeklarni qamadi. Hozircha yuzlab aybsizlar oqlanib chiqdi. Tergovboshilar «o‘zbeklar ishi» degan tavqi la’natni butun olamga yoydi. Ularning qilmishida maxfiy fitnalar bo‘lishi turgan gap. Lekin ikki tuzoqchiga biz hech narsa deyolmadik-ku! Ular hatto Ligachevni poraxo‘rlikda ayblagan edilar, ikkisining ahvoli nima bo‘ldi. Xalq deputatlari s’ezdida bu tergovboshilar ustidan komissiya tuzilgani adolatli ish bo‘ldi. Markaziy gazetalardan birida bir muallif Hindistondagi jahon mo‘jizasi bo‘lmish Tojmahal qasrini Boburiylar qurmagan, hindlarning o‘z ajdodlari qurgan, deb fitna qo‘zg‘adi. Go‘yo hindlarning tarixi va ajdodini ulug‘ va ma’rifatli hind xalqining o‘zidan ham yahshiroq biladigandek, o‘zicha hakamlik qildi. Bir atoqli san’atkorning o‘g‘li, otasining o‘lmas dardidan bexabar, ulug‘ sarkarda Amir Temurning o‘zbek millatiga aloqasi yo‘q, deb chiqdi va Tohir Qahhordan yetarli javobini oldi. Biri Ibn Sino kimniki? — deb fitna qo‘zg‘ab qo‘ydi. Biri «O‘zbeklar ishi», yana biri «O‘zbekiston ishi» dedi. Hatto Haydar Yahyoyevning sud zaliga do‘ppi kiyib borganini pisanda qilib, do‘ppini masxara qildilar.
Bu kamsitish va tahqirlardan maqsad — tinmay xalqning qanotini qayirish, uning parvoziga yo‘l qo‘ymaslik, peshonasiga tubanlik tamg‘asini urishdan iboratdir. Bunday kamsitishlar tariximizda yangilik emas. «Tarixi Komil» asarining muallifi Ibmul Asir ulug‘ alloma «falakiyot va ilmi nujumda yagona olim» Qutulmishning turkiy xalqlardan ekani hayron qolarlik holdir», deb yozgan ekan. U go‘yo o‘z taajjubini izhor etadi.
Hozir ham, mavjud holatimizda xo‘rlash kamlik qilganidek, goh-goh tariximizga ham tosh otib turishadi. Ulug‘ tarix vorislariga shubha va ishonchsizlik bilan qarashadi. Mahmud Qoshg‘ariy, Al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, ziddiyatli shaxs, ulug‘ saltanat va yagona davlat sohibi Amir Temur, Husayniy, Mirzo Ulug‘bek, Bobur Mirzo va boshqa zotlarning nomi ayrim bechora voqeanavislarni hamon cho‘chitadi. Ammo ulug‘ zotlar ruhi bizning xalqimizga sinmas qanot, baland ruh baxsh etadi.
Mening nazarimda, hal etish mushkuldek ko‘ringan ayrim masalalarni o‘rtacha darajadagi rahbarning tadbirkorligi hal qilishi mumkin. Buning uchun fikr kerak, mustaqillik kerak. Turg‘unlik davrida o‘z xalqiga, o‘z millatiga zarracha qayishgan rahbar amalida ishlay olmas edi. Chetlashtirilardi. Hozir ham o‘sha qo‘rquv kayfiyatining ta’siri hamon sezilib turadi. Kadrlar masalasiga esa nuqul chetdan kelganlar rahbarlik qilishi tushunib bo‘lmas holdir. Men ko‘p vaqt yuqoridagi rahbarlar bilan bo‘lgan bahs-munozara va muloqotlar natijasida bir narsani kuzatdim: u yerda «Sovershenno sekretno!» (Mutloq maxfiy) degan varaqa va matnlar qo‘lma-qo‘l, stolma-stol uchib yuradi. Albatta, har bir idoraning o‘z ichki siri bo‘lishi mumkin. Lekin xalq taqdiriga, Vatan hayotiga daxldor bo‘lgan ishlarning «Sovershenno sekretno!» bo‘lishi mumkin emas! Bu — butun xalqni xo‘rlagan, paxta yakkahokimligini o‘rnatgan, Orolni quritgan, bolalarni majruh qilgzn, xotin-qizlarni o‘z-o‘zini yoqishga mahkum etgan, ona tilimizni kamsitgan, jumhuriyat iqtisodini halokat yoqasiga keltirgan, eng makkor usuldir! Jumhuriyatimiz deputatlar guruhi ko‘plab majlislar o‘tkazib, talay qarorlar qabul qilganiga qaramay, Ona dengizimizga yil boshidan buyon arzimagan suv tushdi.
Bir mahal men ishq o‘tida yonib, «Netay bordir bu tog‘larning orasida oyoq izi yuragimning yarasida» deb yozgan ekanman. Bu kun el-yurt qayg‘usida kuyib, tegramga qarayman: mustabidlar o‘tdi, «o‘ttizinchi» qirg‘inchilar o‘tdi. Turg‘unlikning taqdirbozlari o‘tdi. Lekin ularning barchasi bizning yuragimiz ustidan yurib o‘tdilar. Nopok oyoqlarning izi yuragimizga chuqur botdi. Biz toptalgan yurak bilan haqiqat qo‘shig‘ini mag‘rur aytajakmiz. Qayta qurish oydinida qarasak, huquqiy deganimiz — adolatli jamiyatning qanday bo‘lishi kerakligi bundan besh yuz yillar muqaddam Alisher Navoiy degan zot tilidan aytib qo‘yilgan ekan. Davlat boshqaruvining barcha idoralari peshtoqiga yozib qo‘ygulik bu so‘zlar adolattalab xalqlarning nidosidir:
To hirsu havas xirmani barbod o‘lmas, To nafsu havo qasri baraftod o‘lmas, To zulmu sitam jonig‘a bedod o‘lmas El shod o‘lmas, mamlakat obod o‘lmas.“Yosh leninchi” gazetasi, 1989 yil 28 sentyabr.