«Yoshlik» jurnalining adabiy tilimiz to‘g‘risida «Muhokama, munozara» olib borayotgani ona tilimizning bugungi holatini chuqurroq tahlil etish hamda haqqoniy xulosalar chiqarishda katta ahamiyat kasb etadi.
X.Doniyorov, N. Shukurov, B. Yo‘ldoshevlarning «Adabiy tilimiz muammolari» maqolasida («Yoshlik», 1989 yil. № 8) o‘zbek alifbosini mukammallashtirish masalasi juda to‘g‘ri ko‘tarilgan va ko‘ngildagi gaplar aytilgan.
Sir emaski, hozirgi alifbomizda tilimizning fonetik xususiyatlari, tovushlar jilosi o‘z ifodasini to‘la topgan emas. Mustaqil so‘zlar yasovchi bir necha tovushlarning bitta harf bilan ifodalanishi chalkashliklar tug‘dirib kelmoqda. Maqola mualliflari ta’kidlashganidek, til orqa va til oldi «o‘» tovushi ana shunday tovushlardan hisoblanadi. Biz qulaylik tug‘dirish maqsadida shartli ravishdi «o‘»ning qattiq, til orqa varianti uchun «o‘» va yumshoq, til oldi varianti uchun «ӱ» belgisini tanladik.
Ma’lumki, «o‘» va «ӱ» tovushlari tilimizda ma’no o‘zgartirish xususiyatiga ega. Masalan, «o‘t» (o‘simlik) — «ӱt» (inson a’zosi), «bo‘lmoq» (biror joyda bo‘lmoq) — «bӱlmoq» (parchalamoq. taqsimlamoq), «o‘rmoq» (o‘simlikni o‘rmoq) — «ӱrmoq» (sochni o‘rmoq), o‘sma (o‘simlik) — «ӱsma» (kasallik) va hokazo.
Mazkur tovushlar omonim so‘zlarning grammatik ma’nolarini ham o‘zgartiradi. Masalan, «to‘la» (semiz, butkul) — sifat yoki ravish, «tӱla» (pul to‘lash) — «to‘lamoq» fe’lining ikkinchi shaxs bo‘yruq formasi, «o‘y» (fikr) — ot, «ӱy» — «o‘ymoq» fe’lining buyruq formasi, «o‘t» (olov) — ot, «ӱt» (harakat) — «o‘tmoq» fe’lining buyruq formasi, «o‘z» — o‘zlik olmoshi, «ӱz» — «o‘zmoq» fe’lining buyruq formasi.
Endi «o‘» va «ӱ» tovushlari bilan bog‘liq bo‘lgan yana bir xususiyatni ko‘rib chiqaylik. Bu xususiyat «q» va «k» harflari bilan bog‘liqdir. O‘zbek tilida «k» tovushidan keyin «o‘» tovushini talaffuz qilish mumkin emas, chunki «k» tovushi «q»ga qaraganda tilning oldinroq qismida talaffuz etilishi va uning yumshoqligi bunga yo‘l bermaydi. «Q» tovushidan keyin esa «o‘» tovushini qo‘llab bo‘lmaydi, chunki «q» til orqa undosh tovushidir. Agar «qo‘l» so‘zidagi «q» harfi «k»ga aylantirilsa, «qo‘l» tamoman boshqa so‘zga aylanadi.
Tilshunoslikda qabul qilingan qoidaga ko‘ra, tilda ma’no o‘zgartirish xususiyatiga ega bo‘lgan tovushgina fonema hisoblanadi. Binobarin, tilimizdagi «o‘» va «ӱ» tovushlari yangi ma’nodagi so‘zlar yasovchi mustaqil fonemalardir. Shuning uchun ularga alohida belgilar joriy qilish zarurdir.
X.Doniyorov, N. Shukurov va B. Yo‘ldoshevlarning fikricha, «bo‘lg‘on» so‘zini mayinlashtirmasdan, o‘zining tabiiy holatiga mos ravishda qattiq talaffuz bilan aytishning hech iloji yo‘q. Chunki amaldagi imlomizda «‑g‘on» affiksi yo‘q, u grammatik qoidaga kiritilmagan, «-gan» affiksi esa «o‘» unlisini qattiq qilib aytishga imkon bermaydi. Shuning uchun ham bu so‘zni ko‘pincha til oldida «bo‘lgan» (maydalagan) tarzida talaffuz qiladilar va o‘z-o‘zidan ma’no chalkashligi kelib chiqishiga yo‘l ochadilar». Bu fikr uncha to‘g‘ri emasga o‘xshaydi. Mualliflar bu o‘rinda «o‘» va «ӱ» tovushlarining talaffuzida og‘zaki nutqning, shevalarning roliga yetarli e’tibor berishmayotgandek tuyuladi bizga.
Darhaqiqat, Samarqand, Buxoro viloyatlarida va Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarining ba’zi joylarida o‘zbek tiliga tojik tilining ta’siri natijasida «o‘» o‘rniga «u»ni ishlatish keng tarqalgan, chunki tojik tilida «o‘» fonemasi kam qo‘llaniladi. Boshqa shevalarda buning aksi ham uchraydi. Masalan, Toshkent shevasida «o‘tqazmoq» (ko‘chat o‘tqazmoq) va «utqazmoq» (harakat) fe’llarining ikkovi ham bir xil talaffuz qilinadi, bunda har ikki holda ham «q» tovushi ishlatiladi. Farg‘ona vodiysining ko‘p joylarida esa «o‘» va «ӱ» tovushlari asl holida talaffuz qilinadi.
Maqola mualliflarining: «Hozirgi yozuvimizda qo‘llanayotgan «o‘» harfi amalda ikki mustaqil tovushni ifodalashga xizmat qiladi» («u» harfi ham shunday), — degan fikrlari ham munozara talabdir.
To‘g‘ri, «u» harfi ham ikki mustaqil tovushni ifodalashga xizmat qiladi, ammo, bizningcha, «u» harfining shu xususiyatini «o‘»nikidan farqlamoq kerak. «O‘» harfi so‘zning boshida kelganda ma’no o‘zgartirish xususiyatiga ega, «u» esa bunday xususiyatga ega emas. «O‘zbek tilining izohli lug‘ati»da ham atigi bir juft omonim so‘zlar keltirilgan xolos» «un» (don mahsuloti) va «un» (tovush).
«U» harfining qattiq va yumshoq variantlarda talaffuz qilinishiga, nazarimizda, boshqa fonetik omillar sabab bo‘ladi. Masalan, «u» harfi «b», «p», «q» harflaridan keyin kelganda qattiq variantda talaffuz qilinadi. Masalan, «qul», «qurmoq», «qurol», «qurt», «quralay», «pul», «pudrat», «pud», «puchuq» va hokazo. «K» va «t» harflaridan keyin esa yumshoq variantda talaffuz etiladi. Masalan, «quva», «kudunch», «kuz», «kuy», «kukun», «tuzum», «tuynuk», «tuzuk», «tul», «tun» va hokazo.
«U» harfi talaffuzining uchinchi ko‘rinishi ham mavjud: «pufak», «kuva» kabi so‘zlardagi «u» harfi qattiq va yumshoq variantlardan farqli o‘laroq juda qisqa, eshitilar-eshitilmas talaffuz qilinadi.
Shu o‘rinda, yana bir unliga — «i»ga izoh berib ko‘raylik. «Qibla», «qattiq», «qizil», «qidirmoq» kabi so‘zlardagi «i» tovushi «ip», «igna», «iffat», «iltifot» kabi so‘zlardagi «i»dan farq qiladi. «Qizil» so‘zidagi «i» til orqa undoshi «q»dan keyin rus tilidagi «ы»ga yaqin talaffuz qilinadi.
Yuqorida aytilganlardan kelib chiqib, «u» va «i» tovushlarining talaffuzdagi farqlari ulardan oldin yoki keyin keladigan undosh tovushlarning artikulyatsiya o‘rinlariga bog‘liq, degan xulosaga kelish mumkin. Shu boisdan unli tovushlarning so‘zda joylashish o‘rniga ko‘ra har xil talaffuz qilinishi ularni fonema deyishga asos bermaydi. Chunki ular ma’no o‘zgartirish xususiyatiga ega emas. Bizningcha, «o‘» harfidan tashqari boshqa unli harflarning tilimizdagi turli variantlari uchun alohida belgilar qabul qilinishiga zarurat yo‘q.
Malikjon Shamsitdinov, O‘ktamjon Nurmatov, Hamza nomidagi Namangan Davlat pedagogika institutining katta o‘qituvchilari
“Yoshlik” jurnali, 1990 yil 7-son