Karim Bahriyev. Oshkoralik mashaqqati (1990)

Jumhuriyatimizda, shubhasiz inqilobiy o‘zgarishlar kechmoqda. Bu jarayonning qiziqligi shundaki, biz — oddiy dehqondan hukumat boshlig‘igacha — endi o‘rganayapmiz. O‘zingiz o‘ylang, gung odamga birdan: «Sening tiling bor, gapir!» deyishsa, qay ahvolga tushadi?!

Bugun, menimcha, eng muhimi xotirjam fikrlamoq, oqil harakat qilmoqdir. Janjallar qildik, baqirib-chaqirib ko‘rdik. Chunki ezilgan, xo‘rlangan o‘zbek xalqi ham o‘zining borligini, uni ortiq oyoq osti qilishga yo‘l qo‘ymasligini bildirib qo‘ydi. Ammo endi nolish, ginaxonlik yetar, ishlash kerak..

Jamiyatda shunday ahvol yuzaga keldi: hamma gapdon. Agar hamma baravar qichqirsa, bu shovqinda hech kim bir-birini eshitmaydi. Hatto hamma haqiqatni aytib qichqirayotgan bo‘lsa ham.

Jumhuriyatimizda keyingi kunlarda kinorejissyor Elyor Eshmuhamedovning «Mehr-muhabbat va alam bilan» televizion badiiy filmi haqida turli-tuman fikrlar aytilmoqda. «Bu — sotqinning ishi!», «Bizni butun Ittifoqda sharmanda qilishdi», «Nega Moskvadan ko‘rsatishadi?» — ana shunday gina-kuduratlar. Agar men ham shu fikrda bo‘lganimda, ushbu maqolani yozib, shunday ham ulkan qo‘shinga qo‘shilib o‘tirmasdim.

Bir narsaga ishonchim komil — agar filmni Toshkentdan ko‘rsatishganda, o‘sha kishilar: «Nega uni Moskvadan ko‘rsatishmadi, o‘zimiz bilib, o‘z yog‘imizga qorilib yotaveramizmi?!» — degan bo‘lishardi, Bizda negadir bir-birini ayblashlar yana avjiga chiqmoqda, milliy g‘urur o‘rniga milliy jizzakilik paydo bo‘layotir. «Falonchi — sotqin, xalq dushmani!» — degan gapning zamirida «Men esa xalqning do‘stiman, mensiz xalqqa qiyin…» — degan fikrning ham qulog‘i ko‘rinib turibdi.

Filmda jumhuriyatimizda turg‘unlik yillarida avj olgan poraxo‘rlik, qalloblik vaziyati ochib berilgan. To‘g‘ri, unda yuzaki talqinlar, bo‘rttirishlar, ramziy sahnalarga xos mavhumliklar bor, ammo bu har qanday ijodiy jarayonda bo‘lganiday, izlanish mashaqqatlaridan kelib chiqqan saktaliklardir.

Poraxo‘rlik jamiyatimizning yaramas illati, avval yozganimday, «bizda poraxo‘rlar boshqa jumhuriyatlardagidan kup emas, ya’ni boshqa jumhuriyatlarda poraxo‘rlar bizdagidan kam emas. Ammo bu bizda poraxo‘rlik yo‘q, degani emas-ku.

Albatta, poraxo‘rlikning millati bo‘lmaydi. Poraxo‘rlik — o‘zbeklarning odati, degan tuhmatni to‘qiganlarni fosh qilish kerak. Churbanov rus bo‘lgani uchun pora olmagani kabi, Usmonxo‘jayev o‘zbek bo‘lgani uchun poraxo‘r emas. Bu — shubhasiz. Ehtimol, Chaushesku dunyoda o‘zbek borligini bilmas edi, ammo pora olishni bilardi.

Ammo biz O‘zbekistonda poraxo‘rlik borligini, bugungi g‘ala-g‘ovurda ochiqchasiga aytishimiz ham kerak.

«Mehr-muhabbat va alam bilan» filmida sochlari biznikiday qora, ko‘zlari o‘tkir poraxo‘rlar bor, ammo ularga qarshi kurashganlar — sobiq raykom kotibi, o‘qituvchi Nuriyev, jurnalist Murod, ikkilanishlardan so‘ng kurashchiga aylangan militsiya xodimi Boltayevlar ham o‘zbeklar-ku! Film eski hujjatli kadrlar yordamida bir yonda qahratonda izillab chigit izlayotgan bolalarni, boshqa tomonda — ko‘ksiga navbatdagi yulduzni taqayotgan soxta «qahramon»larni ham ko‘rsatadi. Yodingizdadir, qalloblikni anglab yetgan Nuriyev adolat izlab Moskvaga boradi: «Mening xalqimni qutqaringlar, uning faxri bo‘lgan paxta endi ofatga, xalqning qotiliga aylandi, deb aytaman» deydi. To‘g‘ri, o‘shanda Moskvaning qulog‘i ham tom bitgan edi, dehqonning peshona teri bilan topilgan pulidan tiqin yasab tiqib qo‘yilgan edi u quloqqa.

Bizda ko‘p fojialarga sabab bo‘layotgan bir aqida bor: «Lo‘lidan botir chiqsa, o‘z kapasiga o‘t qo‘yadi!». Shunday qilib, men Urgutda tug‘ilganim uchun hali Urgutning muammolarini yozganim yo‘q. Yaqinda teleoperatorlar bilan film olishga borsak, raykom kotibi «Uka, o‘zingiz shu yerliksiz, bizga yordam berish o‘rniga, etagimizni ochib O‘zbekistonga sharmanda qilsangiz yaxshi bo‘ladimi?» — dedi. Go‘yo mennng yordamim — ularning etagini yopishdan iborat. Yo‘q, axir. Urgutliklar ham mehnatkash xalq, yaxshiroq yashashi kerak. Qashqadaryolik jurnalist, do‘stim shahrisabzlik qizning iffatiga tekkan sakkiz kishining qilmishi haqida ocherk yozganda, qancha yurtdoshlari: «Yuzimizni yerga qaratding!» — deb gina qilishdi. Avvalo ocherkka mavzu bo‘lgan ishdan yuzlari yerga qarasa, to‘g‘ri emasmi?!

Biz Elyor Eshmuhamedovning filmiga qayg‘urgandan ko‘ra, undan durustroq bir rejissyorimiz yo‘qligidan ko‘proq kuyunsak, to‘g‘ri bo‘lardi.

Turg‘unlik davri o‘zbek xalqi turmushida og‘ir asoratlar qoldirdi. Raqamlarga murojaat qilaylik. Jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromad miqdori bo‘yicha 1988 yil O‘ebekistonda aholining 44,7 foizi 75 so‘mdan kam daromad qiladi, ya’ni bizdagi qashshoqlik SSSRdagi o‘rtacha miqdordan (12.6 foiz) qariyb to‘rt barobar ko‘pdir. Litvada esa bor-yo‘g‘i 3,6 foiz. Ukrainada — 8.1 foiz kishi shunday kam daromad qiladi. «Boylar»-chi? Estoniyada aholining 33,5 foizi 200 so‘mdan ziyod daromad qiladi, O‘zbekistonda esa — 2,8 foiz! Bu Ittifoq ko‘rsatkichidan ham olti barobar kam. Bu «2.8 foiz»ning aksari ham shaharda yashaydi. Iqtisodiy tabaqalanish adolatsizlikni tug‘diradi.

Biz yana haqiqatan aytadigan bo‘lsak, filmdan boshqa, zarur dardlar ko‘p — iqtisodiy mustaqillik, inson huquqlari erkinligi, siyosiy hurfikrlilik… Bu muammolar iqtidorni, bilimni talab qiladi. Kimnidir «sotqinlik»da ayblash uchun esa unchalik aql shart emas.

Albatta, «Mehr-muhabbat va alam bilan» filmining menga yoqmagan qirralari ham bor. Bu — uning badiiy tomonidir. Menga Elyor Eshmuhamedovning «Nafosat» filmi hammasidan ko‘proq ma’qul bo‘lgandi. Ijodkor filmdan filmga «dolzarblashib» borayotir, gazeta-jurnallarbop, muammolarga bog‘lanib qolmoqda.

Axtaraversak topamiz, albatta! Shu haqdagi she’rimni «Shakkoklik» deb atadim.

Chilvir sochlaringni ko‘lim topadi,
Labingni qontalash tilim topadi.
Sevgilim, oyog‘im toldi axtarib,
Endi izlaringni yo‘lim topadi.

Sen birovga zorsan, men ham senga zor,
Ko‘zlarim topmasa, dilim topadi.
Hamma bir-birini axtarar, topmas.
Hammamizni izlab O‘lim topadi…

“Yosh leninchi” gazetasi, 1990 yil, 16 yanvar