Jumanazar Beknazarov. Loqaydlik zinapoyalaridan (1990)

Tibbiyot fanlari nomzodi, shifokor Jumanazar Beknazarov bilan suhbat

— Jumanazar aka, suhbatimizni boshlashdan oldin o‘tgan kunlarga bir nazar tashlab olsak, zero bu suhbatimiz mavzusiga bevosita aloqador, deb o‘ylayman. «Hokimiyat Sovetlarga!» degan dabdabali shiorning yoshi yetmishdan oshib qoldi. O‘tgan vaqt mobaynida xalqimiz boshidan kechirgan voqealarni o‘n yilliklarga bo‘lib ro‘yxat qilsak, quyidagicha bo‘larkan. 20‑yillar: Sovet hokimiyatini o‘rnatish, quloqlarga qarshi kurash va kollektivlashtirish azob-uqubatlari. 30-yillar: misli ko‘rilmagan dahshatli ocharchilik, mustabid Stalin qatli omi, ikkinchi jahon urushi va uning asoratlari. 60-yillar, jamiyatimizda turg‘unlik illatlarining ildiz yoya boshlashi… Manaviy olamimizga yetgan zararlarni bu jaydari ro‘yxatimizga kiritganimiz yo‘q, hali… Bularni xayoldan o‘tkazaturib, «bunday tuzukroq kun ko‘rganmi bu sahroyi xalq?!» degan xo‘rsiniq bo‘g‘ziga tiqiladi kishining…

Yaqinda oltmishinchi yillarda ro‘y bergan bir voqeani eshitib kulishni ham, yig‘lashni ham bilmay qoldim. Qisqasi, jumhuriyatimizning chekka qishloqlaridan birida bir dexqon imorat solayotgan ekan. Shunda kimdir kelib: — Nima qilasiz, imorat solaman, deb boshingizga tashvish orttirib, axir saksoninchi yillarda mamlakatimizda kommunizm quriladi-ku?! — debdi. Haligi dehqon sodda emasmi, «saksoninchi yilda kommunizm qurilsa, yangi imoratni nima qilaman?!» deb o‘ylab uy qurishni to‘xtatib qo‘ygan ekan. Yo‘q, bu soddafe’llikdan emas, o‘sha yillari nafaqat oddiy deqqon, balki ziyolilar xam «kommunizm» aqidasiga qattiq ishonishar edi. Hukumat tepasiga kelgan Nikita Xrushchev yurgizgan siyosat mana shu puch aqidaga asoslangan edi-da. Ammo sho‘ring qurg‘ur bu xalqni kommunizm emas, och yuhoday quturgan ekologik qiyomat kutib oldi saksoninchi yillarda.

— Ha, bu ekologik qiyomat poydevorining ilk g‘ishtlari Rossiya imperiyasi Turkiston o‘lkasidan paxta xom ashyosini ko‘proq undirishdek vazifani o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan yillari pishitilgan edi. Uning poydevori xalqimiz oldiga paxta mustaqilligini ta’minlash vazifasi qo‘yilgan paytda yana ham mustahkamlandi. Ustqurma «gullab-yashnashi» uchun, butkul shakllanishi uchun yana o‘zimiz zo‘r berdik. Nega shunday qilayapmiz, degan savolni hatto o‘ylab ham ko‘rmadik.

Hukumatimizga, davlatimizga qancha ko‘p paxta bersak, hayotimiz o‘shancha farovon bo‘ladi, bu farovonlik xayot ufqlarida barq urib, ko‘rinib turibdi, yana bir zo‘r bersak bu ufqni egallaymiz, degan xayqiriq va shiorlar bizni xamma tomondan chirmovuqday o‘rab olgan edi. Bu so‘zlarning balandparvozligiyu pala-partishligiga e’tibor berishga, o‘ylab ko‘rishga vaqtimiz ham, imkonimiz ham yo‘q edi. Bu yil falonchi munosabati bilan zarbdor yil dedik, bu yilda pistonchi sharafiga majburiyatlarni oshirib bajaramiz, dedik. Bu yillarning zarbdorligi, sharafli ekanligi hech tugamasdi.

«Kommunizm sari olg‘a!» chaqirig‘idan ruxlangan o‘zbek dexqoni faqat shu to‘g‘risida o‘ylashga majbur bo‘ldi. Bir yilda uch yillik planni bajaramiz, degan dabdabali shiorlardan yerimizning beli mayishib, qaddi bukildi, nasllikka saqlangan buqalar, otlar, qo‘chqoru qo‘ylar so‘yildi. Xalqimiz har xil shiorlar «sehridan» shu darajada gangib qoldiki, yon-veriga orqa-oldiga qarash zarur ekanligini ham unutdi. Agar har tarafga qarayversam, mulohaza qilaversam, vaqtimni yo‘qotaman, men uchun o‘ylaydiganlar bor-ku, bu ularning ishi dediyu, tor tirqishdan qarab, plan va majburiyatlarni bajarish uchun tinmay ter to‘kib, mehnat qilaverdi. Olg‘a yuryapmiz, degan tushuncha har doim xayolda xukmron bo‘ldi. Biroq bir necha yillar «qizil karvon» qilib olg‘a yuraveribmiz-u, «farovonlik» degan qizil baxt kommunizm ufqiday bizdan uzoqlashaveribdi, ekologiya muvozanati buzilaveribdi. 86,8 foizi qishloqda yashaydigan xalqimiz, e, boriga shukr, yashayapmiz-u, deya «davri-davron» suraverdi. Ko‘pchilik esa ekologiya buzilsa buzilibdi-da, menga daxli yo‘q, degan tushunchani o‘zlariga qabul qilib olishdi. Biz shunga o‘rgangan, ko‘nikkan, mute’ edik.

Chor Rossiyasi va uning gumashtalari zulmidan ezilgan, xonavayron bo‘lgan xalq inqilobni xursandlik bilan kutib oldi. Lekin tez kunda xafsalasi pir bo‘ldi. Arman dashnoqlarning haddan tashqari zulmi, rus shovinistlarining milliy kadrlar fikrini mensimay, ularni idoraviy ishlarga yaqinlashtirmasligi va nihoyat, xalqimizning milliy turmush tarzi, iqtisodiy sharoiti, tili va madaniyati xususiyatlari bilan hisoblashmaslik xalq harakatining kelib chiqishiga sabab bo‘ldi. Fan, muloqot, mustaqil dunyoqarash, milliy turmush tarzi ming yildan ko‘proq islom ta’siri ostida bo‘lgan xalqni bir necha yil ichida dahriylashtirish siyosati xalq tomonidan qabul qilinmasligi, nizolarga sabab bo‘lishi e’tiborga ham olinmay, qurol kuchiga ishonildi. Sotsializm qurish yo‘lida to‘g‘anoq bo‘lgan din peshvolarini yo‘q qilish akidasi ostida o‘zbek xalqining savodli ziyolilari yo‘q qilindi. Natijada xalq savodli qatlamidan ayrildi, judo bo‘ldi. Bu esa, inqilobdan oldin Turkistonda yalpi savodsizlik hukmron edi, degan uydirmaga asos bo‘lib xizmat qildi. Biz ham ishondik.

Qatag‘on yillarida ziyolilarimizning ikkinchi qatlami yana bir bor qirg‘in qilindi. Biz endi mute’likni bo‘yniga olgan xolda edik, qayoqqa yetaklasa, o‘sha yoqqa ketaveradigan olomonga aylanib, o‘zligimizni yo‘qotdik. Tabobat ham bu «sharaf»dan quruq qolmadi.

Ayniqsa, eski davlat mashinasini sindirib, tamoman yangisini qurish kerak, eski tuzumning ustqurmasi o‘zgardimi, tamom, bazisi, ya’ni poydevorini ham butunlay o‘zgartirish zarur, degan qonuniyat tibbiyotimizning butun gavdasini zir titratib, o‘zini zor qaqshatdi.

Hozirgi biz o‘rganayotgan darsliklarda Turkiston hududida ar-Roziy va Ibn Sino davridan keyin go‘yo boshqa hakim bo‘lmagandek. Aqalli bir-ikkitasining nomi ham tilga olinmaydi, hatto shunga ishora ham yo‘q. Go‘yo bu yerlarda duoxonu folbin, kuf-suf qiluvchi mulla va eshondan boshqa tabobat bilan shug‘ullanuvchi inson bo‘lmagandek. Demak, inkilobdan keyin tabobatni ham butunlay va tamoman qayta qurdik. Bunda ko‘p asrlar davomida xalqimiz tomonidan ko‘z qorachig‘iday asrab kelingan, orttirilgan amal-uslublardan voz kechildi. Va shu kundan boshlaboq Ovro‘po tabobatiga sig‘inish boshlandi. Xalq orasidagi bemorlarni davolashga uringan tabiblar tazyiq ostiga olindi, quvg‘in qilindi, qadimiy o‘zbek yozuvida bitilgan tabobat kitoblari yoqildi, mozorlarga ko‘mildi. Bir ama lab bu kitoblarni yashirgan hakimlar soni ham asta-sekinlik bilan, ammo muntazam ravishda kamayib boraverdi. Qolganlari ham zamonning tinch bo‘lishini kutaverib, bu sehrli kitoblarda yozilganlarini boshqalarga ayta olmasdan, o‘rgata olmasdan armon bilan bu dunyodan ko‘z yumdilar.

Singan, chiqqan suyaklarni joyiga qo‘yuvchi, shifolovchi tabiblarga sal-pal erkinlik berildi, xolos. Negaki, bu soxada shu tabiblarning oldiga tushadigan shifokorlarning, ulardan qoyilroq qilib bu muolajani bajaradigan vrachning o‘zi yo‘q edi.

Shunday qilib, Turkiston hududida «eski yaramas, ilmiy asoslanmagan» tabobat butkul inkor qilinib, tamoman yangicha, xalqimiz uchun umuman tushunarsiz meditsina yuzaga keldi. Bu meditsinani xalq tabobati bilan yaqinlashtirish, xalq tibbiyotining amalda sinalgan va tasdiqlangan yutuqlarini joriy qilish, bir-biriga qiyoslab, yaxshi tomonlarini olish, omuxta qilish to‘g‘risidagi fikrning zarrasi ham yo‘q edi. 1924 yilning noyabr oyida Turkiston vrachlarining birinchi s’ezdi ish boshladi. Shunisi qiziqki, s’ezd ishida ma’ruza qiluvchilar lisonida «sartы», «tuzemtsы» degan so‘zlar oshib-toshib yotgan bo‘lsa xam mahalliy millat vakillaridan aqalli biron-bir kishi bo‘lmadi. S’ezdning qarorlaridan biri kelgusi s’ezdda mahalliy tilda ma’ruza o‘qigan shifokorni taqdirlash uchun ikkita mukofot ta’sis etildi, xolos. Xalq tabobati bilan hamkorlik qilish, mahalliy xalq tilida darsliklar yaratish va yerli xalqqa o‘z tilida dars berish, umuman, til erkinligida tabobatni o‘rganish kabi masalalar birovning xayoliga ham kelmaganligi tabiiy edi.

O‘z yozuvini yo‘qotib, ikki bor savodsizlik alamini tortgan xalq o‘z tabibu hakimlarini tamoman unutdi. Shahobiddin ibn Abdulkarim, Yusuf ibn Muhammad, Hakim Davoiy, Sayid Muhammad Hasrat, Turdi Shahobiy, Abdulxay Tuniy, Hoji Abdullo kabi o‘nlab, yuzlab tadbirkor, donishmand, zukko ta biblarning nomlari ko‘p yillar davomida biz uchun tamoman begona bo‘lib qoldi. Xalq tabobatini mensimaslik, uning uslub va muolaja xillarini ilmiy asoslanmagan deb yo‘qqa chiqarish, ilg‘or amaliy usullarini ham dinga qarshi kurash niqobi ostida ta’qiqlash oddiy hodisa sifatida qabul qilingani hech kimni hayron qoldirmas edi.

Mana shu siyosiy, iqtisodiy, manaviy yo‘qotishlar oqibatida uvol, savob, imon, e’tiqod kabi so‘z va tushunchalarning muqaddasligini, unga amal qilishni unutdik. Tabiat ehsonlarini, boyliklarini asrab-avaylab saqlash haqidagi donolarimizning so‘zlarini yoddan chiqarib yoki mensimay, tabiatga nisbatan ko‘r va soqov bo‘lib qoldik. Ekologiya muvozanatini ko‘z qorachig‘iday saqlash to‘g‘risidagi xalq o‘gitlarini tamoman esdan chiqardik. Natijada ekologik qiyomat yopirilib, o‘z hujumini boshladi. Mana shu hujum natijasida onalarning 80 foizga yaqinida kamqonlik, bolalarning 70 foizdan ortig‘ida kamqonlik, raxit, gipotrofiya. Yoz oylarida yuqumli ichak kasalliklari hujumidan ko‘z ocholmay qoldik. Bu kasalliklar, ayniqsa, bolalar uchun haqiqiy ofat bo‘lyapti. Tasavvur qiling-a, bu kasalliklar may oyida 6 baravar, iyun oyida 16, iyulda 24, avgustda esa 18 baravar ko‘paymoqda. Ana ko‘rdingizmi, ekologik muvozanatning buzilishidan eng birinchi navbatda bolalar jabr tortishmoqda. To‘g‘ri-da axir, yuqumli o‘tkir‑ichak kasalliklarining 80 foizini bolalar tashkil qilayotgan bo‘lsa, shunday deyishimizga asos bormi yo yo‘qmi?..

Mana shu kasallarni davolash uchun tomirdan suyuq eritma dorilar yuborish zarur. Biroq shu suyuq dorilarni tayyorlash uchun zarur yaroqli suv anqoning urug‘i bo‘layotgani har qanday odamning qalbini zir titratadi. Chunki ba’zi bir nohiyalardagi (masalan, Termiz, Nukus shaharlari, Ulyanov nohiyasi va boshqalar) mavjud suvlarni ikki marta maxsus asbobda haydab, ya’ni bug‘latib, distillansa xam dorilarni, shifobaxsh tuzlarni eritishga yaramayotganini nima deb atash mumkin? Bunga sabab suv tarkibining, tuproq tarkibining haddan tashqari buzilgani. Yana bir misol. Buxoro viloyati, G‘ijduvon nohiyasi aholisiga hovuzlarda suv saqlash ta’qiqlangan. Quduqlardan suv ichish man etilgan. Ajabo, ilgari eng toza suv quduq suvi bo‘lardi-ku, deyishingiz, ajablanishingiz tabiiy. Endi bu gaplar 30 -40 yillar oldingi holga tegishli. Hozir esa bu nohiyaning yeri, yer osti suvlari shu hududda qazilma boyliklarni olish uchun ishlatilayotgan maxsus eritmadan to‘yingan va zaharlangan. Bu hol, ayniqsa, Ko‘kcha sovxozi, Paxtaobod, Xalqobod kolxozlarida achinarli. Sariosiyo nohiyasining Sverdlov, Kalinin kolxozlarida kartoshka va karamdan hosil ololmayaptilar, chunki alyuminiy zavodining zaharli tutuni haqiqiy ofat bo‘lmoqda. Jumhuriyatimiz hududi, uning zamini va zaminida yashayotgan insonlarda har xil pestitsid, gerbitsid, funtgeitsid, yana allaqanday «tsid»lar, nitratlar, xlor-organik birikmalarni sinab ko‘rish va uni uzoq yillarga mo‘ljallangan tasirini o‘rganish uchun tajriba laboratoriyasiga aylangan, deb bemalol aytish mumkin. Misol uchun, Qashqadaryo viloyati G‘uzor nohiyasida 17850 gektar paxta ekil gan yerga 20 turga yaqin 180 tonna (tonna-ya!) zaharli ximikatlar ishlatilgan. Bu degani aholi jon boshiga 1,9 kg. dan to‘g‘ri keladi, degan so‘z. Qoraqalpog‘iston muxtor jumhuriyatining dalalariga sepilgan kimyoviy zaharlarning turi 40 dan ortik bo‘lib, har gektar yerga sepilish jihatidan Yaponiyadagidan 100 marta ko‘p. Bir necha o‘n yillar davomida ko‘pgina olimlarimiz uchun xuddi shu tajriba laboratoriyasi natijalari dissertatsiyalar yozish va uni himoya qilish hamda unvon olish manbai bo‘lib qolganini yashirishdan kim ham yutardi, deysiz. Chunki bu naqa noyob materialni zaminning boshqa burchagidan topish amrimahol. To‘g‘ri-da axir, har yili atmosferasiga qariyb 1.5 mln. tonna zaharli tutun purkalayotgan, xar xil kimyoviy zaharlar yeyaverib, «giyohvand» bo‘lgan yerimizga, ustiga ustak, gektariga yana 20 kg.dan ortik zahriqotillar sepilayotgan, meva-chevalari, sut-qatiqlari muolaja malhami bo‘lish o‘rniga yalpi zaharlanishlarga sabab bo‘layotgan, ona sutidan, sigir sutidan har xil pestitsidlarning zarar keltiruvchi miqdori aniqlanayotgan bo‘lsa-yu, bu faktlar tajriba laboratoriyasi deb atashga nahotki huquq bermasa?! Mana shu ulkan laboratoriyada har xil kasalliklar avj oldi. Masalan, Toshkent Davlat tabobati Oliygohi xodimlari tomonidan Jizzax viloyati Oktyabr nohiyasida yashovchi 820 kishi tekshirilganida ulardan 205 nafari buyrak kasalliklaridan azob chekayotganligi aniqlandi. Qoraqalpog‘iston muxtor jumxuriyatidagi 1—2 oylik bolalarning 90 foizida siydigida tuzlar miqdori haddan tashqari keskin oshganligi qayd etildi. Bu esa ularning ko‘pchiligida kelajakda buyragida toshlar hosil bo‘ladi, degan gap. Umuman, Orolbo‘yida umumittifoq ko‘rsatkichlariga nisbatan qorin tifi bilan og‘rish 30 marta, sariq kasali bilan kasallanish 7 marta, sil va o‘sma kasalliklariga duchor bo‘lish 1,5 marta ko‘p. Sariosiyo rayonidagi bolalarning har xil kasalliklarga chalinishi 2,8 baravar ko‘paygan bo‘lsa, Tursunzoda nohiyasiga yaqin joylashgan ovullarda esa bu ko‘rsatkich 12 ga tengdir.

— Shu ekologik ofat tufayli chuqur ijtimoiy ildiz otgan bolalar o‘limi to‘g‘risida bugun ochiq-oydin gapirilmoqda. Ammo bu bugun paydo bo‘lib qolgan narsa emas. O‘sha oltmishinchi yillarda — paxta va makkajo‘xorizorlar ustida temir qanotli «Kukuruz»lar zahri-qotil purkay boshlaganda, mamlakat bo‘ylab «qishloq xo‘jaligini ximiyalashtirish» da’vati yangragan kezlarda ildiz ota boshlagan edi. O‘tgan davr mobaynida necha minglab norasidalar tutdek to‘kilib, xazon bo‘ldi. Aza ochmagan xonadon kam qoldi yurtimizda… Eng dahshatlisi, sitamkor bu fojea mustabidlar tomonidan xaspo‘shlanib, sir tutilib kelindi. Qancha go‘dakning xazon bo‘lib ketgani bizdan ko‘ra siz mutaxassislarga yaxshi ma’lum bo‘lsa kerak.

— Bolalar o‘limi to‘g‘risida ochiq-oydin gapirilyapti, deb aytib bo‘lmaydi. Hali bu sohada aniq va ravshan, bolalar sog‘lig‘ini muhofaza qilishdek muqaddas ishda sodir bo‘layotgan kamchiliklar bor haqiqati bilan ochilyapti, deb aytishga erta. Avvalo shuni ta’kidlash joizki, tug‘ilgan bolaning bir yoshgacha bo‘lgan davri juda ham muhimdir. Chunki bir yoshga kirgunicha uning kelajakda kim bo‘lishi aniq bo‘lib qoladi. Bir yil gavomida uning organizmida shunday «sakrash» bo‘ladiki, bunday xususiyat uning hayotida boshqa qaytarilmaydi. Mana shuning uchun ham bir yoshgacha sodir bo‘lgan o‘lim «Bolalar o‘limi» degan maxsus tushuncha sifatida qabul qilingan. Sir emas, uzoq yillar tabobatimiz to‘g‘risida karnay-surnay chalib, qizil ranglarda yutuqlarimizni maqtadik. Mana shu shovqinga mahliyo bo‘lib, bolalar o‘limi ko‘rsatkichi bo‘yicha Ittifoqimiz dunyoda 50, jumhuriyatimiz esa 75 o‘ringa tushib qolganini bilmay ham qolibmiz. Qizil pardani ko‘tarsak, Iordaniya, Kuba mamlakatlarida ham yurak ko‘chirib o‘tqazish, bolalar yuragiga tavaqa o‘tqazish operatsiyalari oddiy bir hol bo‘lib qolibdi. Biz esa bu paytda bor faktni ro‘y-rost aytish o‘rniga «bolalar o‘limi» doirasiga kirmay, son kamroq bo‘lishi uchun bir yoshigacha bo‘lgan davrda o‘lim bo‘lsa ham, yoshini kattartirdik yoki vaktiga yetmay o‘lik tug‘ilgan deb, qog‘ozlarni kora qildik. Bor haqiqatni ochiq-oydin aytib, ma’muriyat diqqatini o‘ziga qaratib, tub ijtimoiy ildizlarini ochib, rejali ravishda, ilmiy asosda profilaktika va muolaja ishlarini tashkil qilish o‘rniga raqamlarni bezash bilan shug‘ullanish hali ham barham topgan emas.

Buning ham o‘ziga xos tub ildizlari bor. Uzoq vaqtgacha qonunda yozilmagan bir qoida bor edi. Obro‘li majlisda kimda kim tanqid ostiga olinib, nomi aytilsa, u albatta egallab turgan mansabidan mahrum bo‘lardi. Buni yaxshi bilgan sog‘liqni saqlash mutasaddi rahbarlari iloji boricha raqamlarni bo‘yab, Ittifoq ko‘rsatkichidan farq qilmaydigan darajada saqlashga harakat qilishardilar. Oqibatda qishloq, shaxar kengashi va sog‘liqni saqlash idorasi ma’lumotlari orasidagi farq juda katta bo‘lardi.

«Bolalar kelajagimiz», «Xamma yaxshi narsalar bolalarga» shiorlari o‘rtaga tashlangan turg‘unlik yillarida bolalar o‘limi to‘g‘risida bor faktni gapirish va uni rivojlangan kapitalistik mamlakat ko‘rsatkichlari bilan taqqoslab, o‘z basharamizni namoyon qilish obro‘yimizga to‘g‘ri kelmasdi-da, axir. Nyu-Yorkda yashovchi negrlar orasida bolalar o‘limi 19,1 bo‘lsa-da, «jannatmakon» jumhuriyatimizda bu ko‘rsatkichdan kam bo‘lish o‘rniga 2,5 baravar ko‘p bo‘lsa kim ham baxtiyor bo‘lib, jilmayishga harakat qilardi?

Mana shu faktlarning hammasi shifokorlar tashqi muhit sharoitlari yomonlashuvi, uning muvozanati buzilishi oldida o‘zlarini ojiz sezib, kasalliklarning oldini olish kabi ilohiy ishdan o‘zlari bilmagan holda chetlashtirilgan edilar, desak hech ham xato bo‘lmaydi. Endi shifokorlarning asosiy vazifasi paydo bo‘lgan, rivojlangan kasalliklarni davolashdan iborat bo‘lib kolgan edi. Natijada paydo bo‘lgan kasalliklarni muolaja qilishning uddasidan chiqa olmay qoldik. Qancha kasalni davolasak, yana o‘shanchasi shifoxonaga tushaverdilar. Mana sizga zanjirli reaktsiya!

Yana shuni aytish kerakki, paxtazor chetlariga yoki o‘rtasiga qurilgan mavsumiy omonat bog‘chalar, qishloqlar ustidan uchib o‘tayotgan «Kukuruzlar»dan purkalayotgan dorilarning paxta zararkunandalariga, naxta yaprog‘iga ta’siri juda zo‘r o‘rganilgan edi-yu, lekin bu kimyoviy zaharlarning odamlar, ayniqsa, bolalar organizmiga surunkali ta’siri yaxshi tatbiq qilinmasdan, amaliyotga joriy etilaverdi. Yoki ularning o‘ta zaharli ekanligi ma’lum bo‘lsa ham plan va majburiyatlarni bajarishga intilish ularning zaharlilik xususiyatlarini neytrallayverdi. Bundyn esa birinchi navbatda uy hayvonlari, odamlar, ayniqsa, bolalar zarar ko‘rdi. O‘sha yillari bu zahriqotillarning zaharli ekanligi shu sohada xizmat qiluvchi xodimlarga aytildi-yu, lekin keng xalq ommasi «kimyoviy ko‘r»ligicha qolaverdi. Hatto kimyoviy zaharlar omborlarida himoya vositalarisiz ishlayotgan odamlarni ko‘rish odatdagi hol edi. Chunki «qishloq xo‘jaligini kimyolashtirish» da’vatini maksimal ravishda bajarishni mas’ul xodimlar o‘zlarining olijanob vazifalari deb bildilar. O‘sha «Kukuruzlar» sepayotgan dori tagida qolib uy hayvonlari, zaharlanib shifoxonalarga tushgan paxtakor va uning bolalari to‘g‘risida o‘ylovchi odamning o‘zi kam edi. Balki kim ko‘p kimyoviy dorini ishlatish borasida o‘ziga xos musobaqa avj oldi. Zahriqotilni ko‘proq undirish uchun hatto tanish-bilish, qarindosh-og‘aynichilik, xullas, xamma vositalardan foydalanildi.

Er, suv, havo, ovqat mahsulotlarida kimyoviy nokerak moddalarning paydo bo‘lishi va ularning surunkali ravishda organizmga qabul qilinishi insonning xar xil ta’sirlarga va kasalliklarga qarshi kurashuvchanligini keskin pasaytirganini tan olishdan boshqa ilojimiz yo‘q. Bu xislatning bolalarda yaqqol ifodalanganligi ayniqsa ravshan edi. Masalan, 1974-1980 yillarda Toshkent shahar 14-bolalar shifoxonasi reanimatsiya bo‘limida iyun, iyul, avgust oylarida bolalar o‘limi eng ko‘p kuzatilgandi. Keyingi yillarning xuddi shu oylari xam bundan mustasno emas. Nobud bo‘lgan bolalarning 70 foizidan ortig‘i paxtakor rayonlardan og‘ir ahvolda keltirilgan bolalar bo‘lib, o‘sha paytda biz ularning kasalliklari odatdan tashqari holda kechayotganini tushuna olmaganmiz. Ko‘pchilik bolalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri issiq qon quyish bilan qutqarib qolishga erishilgan.

Ko‘pgina bolalarning kasalliklariga odatdagi dorilarning miqdori risoladagiday ta’sir qilmayotgani, immun kuchlarni oshiruvchi preparatlarsiz iloji bo‘lmayotgani to‘g‘risida ilmiy adabiyotlarda ham yoritildi. Lekin uning haqiqiy sababi aytilmasdi. Yaxshiyamki qayta qurishning insoniy shabadasi esib, mustabidlar tomonidan temir sandiqlarda xor bo‘lib, qamalgan sirlar mog‘orlamay, oftob yuzini ko‘rdi. Lekin bor bo‘yi bilan o‘z qaddini rostlay olgani yo‘q.

— Jumanazar aka, yurtimizda paxtaga ishlatiladigan zahriqotillar va ximkombinatlar kattalar qatori bolalar hayotiga qanchalik tahdid solayotganini qo‘yib turaylik-da, birgina Orol dengizi qurishi oqibatida vaboday tarqalayotgan kasalliklar to‘g‘risida gapiraylik. Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda Orolbo‘yi xududida xar haftada 40 nafar go‘dak hayotdan ko‘z yumar ekan…

— Orol dengizining tobora o‘z qirg‘og‘idan chekinib, talvasaga tushib, qurib borayotgani haqiqiy fojea. Orol bo‘yidagi ekologik falokatning vujudga kelishida tabiat aybdor emas. afsuski, inson tomonidan sun’iy ravishda yaratildi. Ana endi uning jabrini tortmoqdamiz. Bir vaqtlar Xvayrazam nomi bilan atalgan, «Bog‘i eram» deya dostonlarda kuylangan Xorazmga Balx, Nasa, Xuroson, Shom va boshqa shaharlardan kelishib, shu yerda ilm-fan bilan shug‘ullanishgan. Mashhur arab sayyohi Yoqut al-Hamaviy (1179—1229) Xorazmning aksar qishloqlarini shaharga o‘xshatib, do‘konlari ko‘pligidan, meva-chevalari sarxilligidan hayron qolganini yozgan. Arab sayyohi Ibn Bottuta (1303—1378) Xorazm elining axloqi yaxshiligi oldida lol koladi. Qani endi vijdonimizga savol beraylik-chi: qaysi muxitda va iqtisodiy sharoitda yashovchi jamoaning axloqi yaxshi bo‘ladi?

Agar Orol dengizining kurishi Orolbo‘yida yashovchi xalqlar salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaganida edi, balki hayot o‘z okimi bilan o‘taverishi mumkin edi. Ammo mana shu salomatlikning yomonlashganligi fojea bo‘lib, bu fojea bir necha ming kishiga emas, balki bir necha o‘n million insonga tegishlidir.

Har qanday davlatning obro‘yi shu davlat xalqining farovon turmush kechirish darajasi bilan o‘lchanadi. Xalq qanchalik farovon yashasa, ularning umri ham shunchalik uzun bo‘lishi aniq. Ha, umrning uzoqligi shu insonning oziq-ovqatlar bilan kanday ta’minlanganligi, qaysi muhitda nafas olayotgani, baxtiyorlik, shodlik darajasi qay holda ekanligi bilan chambarchas bog‘langan. Jumhuriyatimiz turmush sharoitlari farovonligi bo‘yicha Ittifoq ko‘rsatkichidan ikki baravar orqada. Boshqa davlatlarga nisbatan solishtirsak, 90‑o‘rinda. Mana shunday sharoitda bu chambarchaslik buzilmagan deya olamizmi? Yo‘q! Shunday ekan, «Xalq sog‘ligi — Vatan boyligi» degan shior bizda dabdabadan boshqa narsa emas. Bo‘lmasa tug‘ilajak va tug‘ilgan bolalarning sog‘ligini saqlash uchun barcha narsalarni qilgan, atrof-muhitni yaxshilagan, bu bolalarning bir kuni xalq bo‘lib yetishishini o‘ylagan bo‘lardik.

Tashqi muhit sharoiti yomonlashgani ustiga ichimlik suvi davlat standarti talablarga javob bermasa, biroq uni iste’mol kilmaslikning boshqa iloji bo‘lmasa, Orolning qurigan tubidan osmoni falakka ko‘tarilayotgan 75 mln. tonnadan ortiq tuz nafas yo‘llarini qitiqlayotgan bo‘lsa-yu, bizning sog‘lom inson to‘g‘risida fikr yuritishimiz tabobat qonuniyatining xech bir doirasiga sig‘armikan? Uning yerlarida 40 xildan ortiq zaxriqotil ishlatilsa, har xil pestitsidlar, selitralar bilan to‘yingan okova suvlar yana tuproqni qaytadan zaharlayotgan bo‘lsa, bu muhitda inson sog‘lom bo‘lishi mumkinmi? Amerika Milliy Fanlar akademiyasi rak kasalligidan o‘lishning asosiy gunohkori pestitsidlar ekanligini inkor qilib bo‘lmaydigan dalillar vositasida isbotladi. Biz buning haqiqiy ekanligini jumhuriyatimiz misolida, ayniqsa, Qoraqalpog‘iston muxtor jumhuriyati taqdirida aniq ko‘rib turibmiz. Onkologiya kasalliklarining bunchalik ko‘payishida nitratlarning rolini inkor qilishning o‘zi kulgili. Chunki radiatsiyaning zarari nitratlar ta’siri ostida 2-4 baravar oshadi, radiatsiyaning jinsiy a’zolarga salbiy ta’sirini bir necha marta ko‘paytiradi.

Gerbitsidlarning haddan tashqari ortiq qo‘llanishi oqibatida Mo‘ynoq atrofidagi baliqlar yoppasiga qirilmoqda. Bu qiron zaharning yana bir boshqa xususiyati borki, uni aytmaslikning o‘zi jinoyat: u hayvonlarning kasallanishiga sabab bo‘ladi, o‘smirlarning mehnat qobiliyatiga ta’sir ko‘rsatib, aqliy qobiliyatini pasaytiradi.

Biz ming toshga boshimizni urib, tashqi muhitning inson sog‘lig‘iga ta’sirini rad etishga urinsak ham hayot buning teskarisini ko‘rsatayotgan bo‘lsa, faktlarni xaspo‘shlashga hojat bormikan? Xar xil oromgoh, sanatoriylarga, dam olish uylariga borib, sog‘lig‘ini tiklab yoki yaxshilab qaytgan odamlar yana uylariga kelib, qaytadan kasallanayotganliklari buning isboti emasmi?

Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyati axolisining 80 foizida u yoki bu kasallik bor. Hali bu oddiy qarab ko‘rish, yuragini, o‘pkasini eshitish, laboratoriyada oddiy qon analizini tahlil qilish bilan aniqlangani. Agar fanning eng so‘nggi yutuqlari asosida qurollangan laboratoriyada tekshirilsa, ularning soni yana ko‘proq bo‘lgan bo‘lardi. Mayli, kasallanish 80 foiz ham bo‘la qolsin, lekin shu ahvol yana 8—10 yil davom etsa nima bo‘ladi? Nasl-nasab-chi?

Insonning har tomonlama, ya’ni aqliy, jismoniy va ma’naviy go‘zal bo‘lishi yillar davomida, avloddan avlodga shakllanib, takomillashib borishi irsiyat fanida allaqachon tasdiqlangan. Ayollar va erkaklarning yoshiga nomuvofiq paydo bo‘lgan har bir kichik o‘zgarish uning ikkinchi yo uchinchi avlodiga, albatta ta’sir ko‘rsatadi. Agar uning shu avlodlarida ham yoshligida qarilik belgilari boshlansa (masalan, erta soch oqarishi, yuzga ajinlar tushishi va h. k.). kelgusi avlodlarda u endi doimiy bo‘lib qoladi. Shuni hisobga olish kerakki, yillar davomida orttirilgan yaxshi sifatni yo‘qotish uchun esa ko‘p vaqt kerak emas.

Naslchilik bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislarning aytishicha, no‘xat yoki qalam gulli a’lo nav qorako‘l teri yetishtirish uchun eng kamida 30—40 yillar ona qo‘y va qo‘chqorni tanlashga to‘g‘ri kelarkan. Lekin mana shu teri sifatini buzish, ya’ni avvalgi yassi teri holiga keltirish uchun ikki yil kifoya ekan. Albatta, inson irsiyatida bu biroz boshkacha bo‘lsa ham lekin uning qonuniyati bir. Bundan har kanday tabiat mo‘jizalarining yaxshi sifatlari (go‘zalligi, ko‘rkamligi, mutanosibligi, a’zolarining bir-biriga monandligi, aqli, umri uzunligi) yillar davomida shakllangan, uni yanada yaxshirok tomonga keskin ravishda o‘zgartirish mumkin emas. Biroq yomon tomonga burib yuborish juda ham oson degan xulosa kelib chiqadi. Payg‘ambar Muhammad alayhissalom 63 ga kirgan ekanlar. Va u kishi aytgan ekanlarkim: Men ummatlarimga ham shuncha yoshni ravo ko‘raman. Demak, VII asrning boshlarida insonning o‘rtacha umri shu yosh atrofida ekan. Bundan bir necha asrlar oldin yashab o‘tgan allomalarimizning umri ham hozirgi paytda rivojlangan kapitalistik mamlakatlar aholisining o‘rtacha umridan kam bo‘lmagan. Masalan, Abu Bakr Al-Xorazmiy 58 yil, Abul Qosim az-Zamaxshariy 69 yil, Rashiduddin al-Votvot 94 yoshga kirganlar. Ulug‘ bobomiz al-Chag‘miniy 80, qomusiy olim Beruniy 78 yil umr kechirganlar. Lekin xalqimiz farovonligi uchun tinmay kurash ketayotgan shu kunlarda Qoraqalpog‘iston muxtor jumhuriyatida o‘rtacha yoshning 52 ga tushishi, hatto ba’zi bir nohiyalarda 40 ga teng kelishini ta’rif etishga lisonimizda so‘z topilarmikan? Shu insonlardan dunyoga kelgan bolalarning yoshini Yaponiyadagidek 82 yoshga chiqarishning iloji bo‘larmikan? Shunday qilsa bo‘ladi, deb irsiyat sohasida ishlovchi olim javob bera olarmikan? Lekin dalilsiz quruq so‘z bo‘lsa-chi? Ismlari Oltmishvoy, Yetmishvoy, Saksonvoy qo‘yilganini tunov kungi tarixdan o‘qib, bunga havas qilgan xalqimiz quruq so‘zlardan to‘ydi.

Ana endi, keling, ortiqcha his-hayajonlarga, ehtiroslar cho‘qqisini zabt etishga berilmasdan mulohaza bilan fikr yuritaylik-chi, ekologiya halokati ro‘y bergan sharoitda bolalar holi ne kechdi ekan? Yaponiya yoki AQShdagiday bolalar o‘limi 5—10 ga tengmi yoki sal boshqacharoqmikan? Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, bu ko‘rsatkich 1989 yilda jumhuriyatimizda 38,8 ga, Xorazm viloyatida 49,9 ga, Qoraqalpog‘istonda esa 72 ga teng, 1989 yilning 18 avgustida SSSR Meditsina Fanlar akademiyasining 59-sessiyasida qishloq xo‘jaligida ximikatlarni qo‘llash xaritasi namoyish qilindi. Bu xarita Ittifoqimizning barcha janubiy rayonlari, Moldaviya, Odessa, Xerson oblastlarida eng ko‘p kimyoviy zaharli dorilar qo‘llanilayotganini ko‘rsatdi. Shunisi dahshatliki, qayerda dorilarni qo‘llash ko‘proq bo‘lsa, xuddi shu yerda bolalar o‘limining ko‘pligi ham ma’lum bo‘ldi. Mana shu dalilning o‘zi ham qishloq xo‘jaligini kimyolashtirishni kamaytirmasdan (balki, umuman tugatmasdan) turib, bolalar o‘limini kamaytirib bo‘lmasligini isbotlovchi dalildir.

Rejali va shafqatsiz ravishda defoliantlar, mineral o‘g‘itlar, kimyoviy zaharlar bilan beli mayishtirilgan yerda tug‘ilgan, o‘sgan birinchi avlod emas, balki ikkinchi avlod ham bola ko‘rish yoshiga yetib qoldi. Xo‘sh, endi shulardan mutlaqo sog‘lom bola tug‘iladi, deb kim kafillik bera ola di? Ular kimyo Chernobilining qurbonlari emas, deb aytishga yetarli dalillarimiz bormi? Qorakalpog‘iston muxtor jumhuriyatining Qorao‘zak nohiyasida bolalar o‘limi 140, Uchsoy hududida 187 ga teng ekanligini qiyomatning qaysi xiliga qo‘shish mumkin? Javob bormi?

— Bu hol ehtimol hali ko‘pchilikka sir bo‘lishi mumkin. Xatto ba’zi rahbar xodimlar «Tuhmat!» deb ayuhannos solishlari ham tayin. Ammo shuni ochiq e’tirof etish kerakki, bizda ham qo‘shni Turkmanistonda ro‘y berayotgani singari bolalar ochlikdan o‘lishmoqda. Bu mudhish jarayon botiniy holda, ya’ni go‘dak ona qornidaligida rivojlanish uchun kerakli modda yetishmasligidan sodir bo‘ladi. Shu to‘g‘risidagi fikrlaringizni o‘rtoqlashsangiz.

— Juda to‘g‘ri gap! Agar onalarda oqsil taqchilligi bo‘lmasa tug‘ma gipotrofiyaning bo‘lishi mumkin emas. Demak, ona qornidayoq homila yetarli ravishda o‘ziga kerakli ovqat moddalarni olish imkonidan mahrum, ya’ni ochlik balosiga giriftor. Natijada homilaning qoniga qon, etiga et qo‘shilmaydi. Jumhuriyatimizdagi onalarning 70—80 foizida gemoglobin miqdori 60—80 atrofida bo‘lsa (normada 112—120), vitaminlar bilan eng kamida 5—10 marta kam ta’minlangan bo‘lsa, demak, ular o‘zlarini ovqat bilan taminlay olmayotgan bir paytda, homilasining holi ne kechishi ma’lum-ku, axir. Xorazm vohasida tug‘ilgan bolalarning yarmidan ko‘prog‘ida gipotrofiya; kamqonlik aniqlanayotgani onalarning sog‘lig‘ini qoniqarli deb atashdan ancha yiroq ekanligini ko‘rsatmaydimi?

Jumhuriyatimizdagi bir yoshgacha bo‘lgan bolalarning 60 foizidan ortikrog‘ida gipotrofiya va raxit kasalligi bor. Qishloq joylarda esa bir yeshgacha bo‘lgan bolalarning hammasida shu ramaqijonlik. Ma’lumki, qaysi bolada ushbu kasallik bo‘lsa, ularning immun, ya’ni boshqa kasalliklarga karshi kurashuvchi kuchi keskin darajada kamayadi. Ular kasalliklarning rivoji uchun tap-tayyor manba. Isboti uchun Qashqadaryo viloyati Bolalar markaziy kasalxonasi davolash ishlari bo‘yicha muovini M. U. Xusanovning ma’lumotlarini keltirsam: 1989 yilda shifoxonada davolangan 12860 boshning 82 foizida gipotrofiya bo‘lgan. Ulardan 1/3 birida esa uning og‘ir formasi. Tasavvur qiling-a, 4 yashar bolaning og‘irligi 4 kg, 100 gr bo‘lsa, 8 oylik chaqaloqning og‘irligi 3 kglik toshni bosa olmasa… Bu daxshat-ku! Bu bolalarga karab rahmingiz keladi: ularning ko‘rinishi xuddi 80—90 yashar qariyalarning kichiklashtirilgan nusxasi.

Gipotrofiya bo‘lishining ustiga ustak gipovitaminoz xam bo‘lsa bormi, ular ochlik azobini boshidan kechirmayapti deb aytishga haqqimiz yo‘q. Holbuki, gipovitaminoz (darmon dorilarning kamligi) jumhuriyatimizdagi gipotrofik bolalarning doimny yo‘ldoshidir. Agar ochlik bo‘lmasa edi kamqonlik ham, yuqori ko‘rsatkichdagi kasalliklar ham bo‘lmasdi, bolalar o‘limi ham keskin ravishda kamayishi turgan gap edi. Shuni alohida qayd kilish kerakki, to‘liq sifatli, xilma xil kaloriyali va to‘yimli ovqatlanishni yo‘lga qo‘yish, tashkil qilish kasallanish va o‘limni kamaytirish uchun olib borilgan sog‘lomlashtirish ishlarining asosiy poydevoridir. Hozir esa bizda ana shu poydevorning o‘zi yo‘q. Axir umumittifoqqa karaganda go‘sht iste’mol qilish 75 foiz, tuxum, kartoshka, sut 70 foiz kam bo‘lsa, bu hali shu poydevorning Orolning kurigan yaydoq tuz cho‘liday degan gap emasmi? 1989 yilda jumhuriyatimiz RSFSRga 1 mln 870 ming tonna meva-chevalar yetkazib berdi. Ilgari Orolning shovullab to‘lqinlanib turgan qirg‘oqlarida yashagan aholi orasida yil bo‘yi meva-cheva totmagan ham uchrab turgan paytda bunaka sersaxiylikning bo‘layotgani nahotki ajablanarli tuyulmasa? Axir turmush sharoiti, iktisodiy ahvoli nochor oilalarda bolalar o‘limi yaxshi ta’minlangan, o‘ziga to‘q oilalarga nisbatan 6 marta ko‘p bo‘layotganini hisobga olaylik-da!

Mana ko‘rdingizmi, qishloq ayollari tabobat tavsiya qilgan ovkat xillarini iste’mol qilish imkoniyati yo‘qligi ustiga organizmga zarar keltiruvchi xar xil moddalarni qabul qilishga majbur. Boshka iloj yo‘q-da, axir. Oqibatda ona suti suvdan deyarli farq qilmaydi. Buning ustiga tarkibi o‘zgargan. Bunaka tarkibli sutga esa bola organizmi o‘rganmagan. Mana shu sharoitda sog‘lom ona va sog‘lom bola to‘g‘ri sida gap yuritishning o‘zi kulgili. Ona nimjon; bola nimjon, ona yuzining rangi qochgan. Bunday onalar o‘z bolalarini o‘z suti bilan boqish qudratiga ega emas. Bolasining yuzi sarg‘imtir, jigari shishgan. Bunaqa bolalarda gimotrofiya rivojlanmasdan iloji yo‘q. Ana endi vujudga kelgan ahvolni o‘zingiz tasavvur qilib ko‘ring: ona bolasini nima bilan boqishi kerak? Sut beray desa, suti yo‘q. Do‘konlarda sotilayotgan «Malish», «Malyutka» aralashmalarini beray desa, suv chatoq. Bor suvdan foydalanilsa, «Malish» va «Malyutka» suv bilan suyultirilgan zahoti iriy boshlaydi. Sigir sutini beray desa ko‘ngli bo‘lmaydi. Chunki tashqi muhitning yomonlashuvi sigirlarga xam ta’sir qilib, masalan, To‘rtko‘l noxiyasidagi sog‘in sutlarning 75 foizi sil bilan kasallangan.

Kishini qattiq o‘ylantirib, iztirobga solib ko‘yadigan tarafi shundaki, bu o‘zgarishlar keyingi naslga beriladi. Demak, “Kommunizm bu mamlakatni plyus elektrlashtirish va kimyolashtirish”, degan shior o‘rtaga tashlangan paytgacha avloddan avlodga kuchliroq bo‘lish (men bu yerda immunobiologik omillarni nazarda tutayapman) nasib etgan bo‘lsa, mana endi buning teskarisi bo‘lmoqda.

— Ruhiy nosog‘lom, mayib-majruh bolalarning soni yilda-yil ko‘payib borayotgani xaqida matbuotda ko‘plab yozishmoqda. Albatta bu ham ekologiya oqibatida kelib chiqayotgan bo‘lsa kerak.

— Chaqalog‘ini oppoq libosga o‘rab, tug‘ruqxonani tark etgan ona o‘z baxtining ummonday kengligini, cheksizligini, o‘zining bekiyos baxtiyorligini his etadi. Biroq mayib‑majruh yoki biron-bir norasolik bilan tug‘ilgan bolani tug‘rukxonadan olib chiqayotgan ona xuddi shu baxtni, baxtiyorlikni xis qilarmikan? Bir quloqsufasiz, yoki bir oyoqsiz, yoki qo‘lsiz, g‘ilay bo‘lib tug‘ilgan bolani ko‘lida ushlab, yashaydigan uyi ostonasiga qadam qo‘yayotgan onaning ko‘nglidagi xijilligini, alamini, yuragidagi dardini hech kim yo‘qotish qudratiga ega emas. Mana shu yuragidagi dard, ko‘nglidagi iztirob ona qalbida darz, yuzida ajin, sochida oq paydo qiladi, umrini kisqartiradi.

SSSR Fanlar akademiyasi ma’lumotlariga qaraganda ekologiya muhiti buzilgan xonalarda maxsus, chuqur tekshirish lar yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning 50 foizida tug‘ma kasallik borligini aniqladi. Bir-birining hayotini bog‘layotgan yoshlarning 40—45 foizida qaysidir bir surunkali kasallik borligi qayd etilmoqda. Mana shu sabablar oqibatida tug‘ma majruhli va norasoliklar juda ham ko‘paydi. Maktabni tugatayotganlar orasida 45 foizi surunkali kasal, 36 foizi qandaydir bir normadan tashqari o‘zgarishlardan jabr tortgan. Fakat 20—25 foizi sog‘lom, xolos. Xo‘sh, shu 70—80 foizidan hammasi mutlaqo sog‘lom bolalar tug‘ilishi mumkinmi?

Nafas olayotgan havo toza bo‘lmasa, sog‘lom bolaning tug‘ilishi o‘zi bir mo‘jiza. Tursunzoda va Sariosiyo hududida bolalarning majruh bo‘lib tug‘ilishi 9 baravar ortdi. Bu dalilni ekologiyaning ta’sirisiz, yana kanday omillar bilan izohlash, tushuntirish mumkin?

— Dard ustiga chipqon deganlariday, bizdagi tibbiyot xizmati xam bolalarning hayotini saqlab qolishga ojizlik qilayotir. Birinchidan, kasalliklar o‘ta xavfli bo‘lsa, ikkinchi tomondan, tibbiyot xizmatining ibtidoiy darajadaligi sabab bo‘lmoqda. Masalan, oddiygina faqat bir marta ukol qilinadigan shpritslar ham bizda muammo sanaladi.

— Kasallik jaziridan azob chekib, inqillab, yordam so‘rab, ko‘zlari jovdirayotgan bola bechoraga yetarli darajada muolaja ko‘rsatish vositalarining shifoxonalarda yetishmayotgani, anduh og‘ushida bemorlar chekayotgan azob shifokor yuragini battar iskanjaga soladi. Bir marta ishlatiladigan shprits va ignalarning tanqisligini qo‘ya turaylik-da, kasal bolalar uchun nihoyatda zarur me’da zondlari, kapalaksimon naychalar, maxsus karavotchalar, sun’iy nafas beruvchi apparat ularga jihozlarning yetishmasligini ko‘z oldingga keltirasanu qachon tibbiyotimiz chorasiz tilanchiday zoriqmanlik holidan kutular ekan, deya beixtiyor o‘ylashga majbur bo‘lasan. Bolalarning bir tomchi qonidan uning organizmida qaysi moddalar ko‘paygani yo kamayganini bilish, qondagi nordonlik yoki ishqoriy muhitni aniqlab shunga yarasha yordam ko‘rsatishni orzu qilish qachon tugar ekan-a deb o‘ylamagan shifokorni jumhuriyatimizda topish amri mahol. To‘g‘rida axir, Sog‘likni saqlash vazirligining qo‘lida, ixtiyorida valyuta puli yo‘q. O‘zimizning sanoatimiz bu apparatlarni ishlab chiqarmasa, valyutamiz bo‘lmasa, yolvorib, kelishuvchanlik yo‘li bilan valyutasi bor korxonalarga bosh egib borishga majbursan. Xo‘sh, buning tilanchilikdan nima farqi bor? Hozircha sog‘liqni saqlash ishlariga ajratilgan puldan xorijdan olinayotgan apparaturalar, reaktivlar, asbob-anjomlar Markazning o‘zidan ortmayapti. Endigina amaliyotga joriy qilingan noyob apparat, doriyu reaktivlar, umuman, ilmgir ashyolar quyi muassasalarda anqoning urug‘i. Natija-chi? Tafakkurning qalampirsimon achishtirgan achchiq alami butun tanangni lovullatib yondiradi. Negaki, bu ilmgir ashyolardan fan nomzodi yoki fan doktori unvonligi uchun zaruriy va qimmatli ma’lumotlar olinganidan keyingina uni ko‘rish baxtiga muyassar bo‘lamiz. Ana endi undan foydalanib, biron-bir ilmiy ish qilmoqchi bo‘lsang foydasi yo‘q. Chunki ular ravon va tekis yo‘ldan shitob bilan olg‘a ketayotganida, hali sen hosil berishligi noma’lum shudgorlangan dalaning qoq o‘rtasida turgan bo‘lasan. Bir amallab ravon yo‘lga chiqqaningda esa, e, bu ilmiy mezonlar bilan kasallikni baholash eskirdi, ular endi o‘tmaydi, deyishadi. Natija esa aniq, ilmdan ko‘ngling soviydi. Ha, endi bo‘lgani shu ekan-da, deb boshqa oliy manzillarda yaratilgan, taklif etilgan usul va uslublar bilan ishlayverasan. Buning bir tomoni yaxshi, bosh og‘ritmasdan tayyoridan ko‘chirma va andoza olib kuningni o‘tkazaverasan. Fan olamida birov sening borligingni ham, yo‘qligingni ham bilmaydi.

Yana boshqa masala ham kishini o‘ylantiradi. Hozir bizdagi sog‘liqni saqlash ishlarida gumanizm yetishmaydi. E’tibor qiling-a, shifokor ish vaqti, o‘rin-joy, kategoriya, ilmiy unvoni, necha yil ishlagani uchun moyana va qo‘shimcha haq oladi. Lekin u bemorni qay daraja va sifatda davolayapti, uning bunga ilmiy va amaliy bilimi yetarlimi yo yo‘qmi bunga aslo e’tibor qilinmaydi. Bizning ongimizga singdirilgan bir qoida bor: shifokorning ish staji qancha ko‘p bo‘lsa, u shunchalik tajribali bo‘larmish. Va shunga yarasha haq olishi kerak emish. Ajabo! Nahotki, deysan. Shifokor oliygohni bitirganidan so‘ng o‘z sohasiga, tibbiyotga oid bironta ham maqola o‘qimagan bo‘lsa, bironta ham kitobning mag‘zini chaqmagan bo‘lsa, qanday qilib u tajribali bo‘lsin! Kasal uchun qayg‘uruvchan kechayu kunduz o‘z ilmiy va amaliy saviyasini oshirish uchun intiluvchan yosh shifokor ustidan bu mazax qilish emasmi? Qancha harakat qilsang qilaver, chiranma, chunki sening ish stajing kam, deb aytilgan gapning aynan o‘zi-ku!

Endi tabobat oliygohini bitirgan yoshlarning yaxshi ishlashi ularning e’tiqodiga, jonkuyarligiga, javobgarlik hissini qanchalik seza bilishiga bog‘liq. Ammo bu sifatlarning sabr‑toqati necha yilga yetar ekan? U boshqa dangasalar, ishyoqmaslar, dunyoni suv bossa to‘pig‘iga chiqmaydigan ba’zi bir shifokorlar bilan ishlayvergach, o‘z ishining sifatiga zarur e’tiborini sezmagach, nega? degan savol unda paydo bo‘lishi aniq-ku, axir! U ming barobar kommunistik axloq ruhida tarbiyalangan bilan ham uning fidoyiligi qotib qolgan mexanizm oldida muqim dosh bera olarmikan? Qani, ish stajingiz yetmasa «Oliy darajali jarroh, yoki terapevt, yoxud reanimatolog…» degan unvonni olib ko‘ring-chi?.. Nufuzli komissiya ham sizning bilimingiz, mahoratingiz, uquvingiz yuqori ekanligiga ishonch hosil qilsa ham, siz juda murakkab va nozik operatsiyalarni muvaffaqiyatli bajarayotgan yoki o‘ta murakkab kasallarni o‘z vaqtida tafriz kilib, davolayotgan bo‘lsangiz ham ish stajingiz yetmasa, qo‘llarini ikki yonga yozib, «Ilojimiz yo‘q, ko‘rsatmada ruxsat berilmaydi…» deyishadi. Mana shulardan ma’lum bo‘ldiki, hech qanaqa rag‘bat yo‘q, ishxonangizda xam vaqtingizni o‘tkazsangiz bo‘ldi, sizga oy oxirida belgilangan oylik kelaveradi, chunki siz vaqt uchun ishlayapsiz. Foydali ish koeffitsiyentingiz qanday bo‘layapti — bu ko‘rsatkich asosiy emas. Mana endi andishani yig‘ishtirib qo‘yaylik-da, aytaylik: rag‘batlantirish bo‘lmasa, raqobat bo‘lmasa, xo‘sh, unda ortikcha tashvishning nima keragi bor?

Muolajaning usul va uslublarini tobora takomillashtira borish, talantli yoshlarni xorijlarga yuborib, ularning tajribalaridan foydalanish o‘rniga shifokorlarni o‘toq ishlariga, yagana qilishga, paxta terishga chiqardik. Paxtaga zo‘r berib, loyiha bo‘yicha shifoxonalar qurishni unutib qo‘ydik. Bo‘lmasa har 10000 bolaga 114 o‘rin bo‘lish o‘rniga atigi 76 ta bo‘layotganiga sukut saqlab turarmidik? Jumhuriyatimizda homilador ayollar uchun 7700 o‘rin yetishmaydi. Nega shunday deb kim so‘radiyu kim javob berdi? «SSSRni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishning 1986-1990 yillar va 2000 yilgacha bo‘lgan asosiy yo‘nalishlari»da «Onalik va bolalikning sog‘lig‘ini saqlash tadbirlari kuchaytirilsin» deyilgan. Ammo shu sohada nima ishlar qilindi? Sog‘liqni saqlash IV boshqarmasi o‘rniga tashkil qilingan «Davolash‑sog‘lomlashtirish kompleksi» o‘z xodimlari uchun 1750 so‘m sarflayotgan bir paytda umumiy sog‘liqni saqlash sohasida bu raqam 60-70 so‘mni tashkil qiladi. Xalq, nega shunday, deya so‘rayapti-ku! Oxirgi paytlarda har bir inson sog‘lig‘i sovet, partiya, davlat va xo‘jalik organlarining diqqat-markazida turishi kerak, degan gaplar bo‘layapti. Ammo shundaymi?

— Qaysi yo‘ldan borayotganimiz allaqachon ma’lum bo‘lib qoldi. Orol dengizining qurishi, havo, yer va suvning zaharlanayotgani tufayli bolalar hayotdan ko‘z yumayotgani to‘g‘risida shunchalar ko‘p gapirilyaptiki, hatto taygadagi o‘rmonzorda yurgan kishi ham buni eshitib ulgurdi. Ammo hali Orolga bir tomchi ortiqcha suv quyilgani, Navoiydagi ximkombinatlar «eh attang, buning zarari katta ekan-ku!» deya to‘xtatilgani yo‘q. Ahvol shu tarzda davom etaversa, hademay xalqning nasliga qiron bitishi hech gap bo‘lmay qoldi. Sizningcha, bu ko‘rgiliklardan xalos bo‘lish uchun qanday chora-tadbirlarni kechiktirmay amalga oshirish zarur?

— Butun imkoniyatni paydo bo‘lgan kasalliklarni davolashga emas, balki shu kasalliklarni paydo qiluvchi sabablarni bartaraf qilishga qaratishimiz zarur.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining mana bu ma’lumotlariga yana bir bor e’tiborni qaratsak: inson sog‘ligi 50 foiz hollarda turmush kechirish tarziga, 20 foiz tashqi muhit sharoitiga, 20 foiz nasliy omillarga, faqat 10 foiz sog‘liqni saqlash ishlariga bog‘liq. Bu faktlar katta-katta kitoblarda ham, ro‘znomayu oynomalarda ham keltirildi. Biroq unga e’tibor bo‘lyapti, degan ishonch yo‘q. Chunki natijaning nishonasi ham ko‘rinmayapti. Ammo xalq sog‘ligini saqlash va mustaxkamlash yana meditsina ta’minotini yaxshilash hisobiga uddalashni vazifa qilib qo‘yilmoqda. Bizning diqqat-e’tiborimizdan «Sog‘lom turmush tarzi asosiy mezon» degan qonuniy tushuncha chetda qolyapti.

«Xalqning sog‘ligi yomon! Tezda meditsina xizmatini yaxshilash kerak!», deya hayqirganimiz bilan ish bitmaydi. Chunki «Sog‘lig‘ingiz o‘z qo‘lingizda» degan so‘zlar hozirgi ekologik qiyomat muhitida o‘z ahamiyatini yo‘qotgan. To‘g‘ri, butunlay emas. Lekin inson organizmi atrof-muhit bilan shu qadar chambarchas bog‘langanki, ularni ayrim-ayrim olib, bir-biridan ajralgan holda ish yuritish mutlaqo mumkin emas. Chunki organizmning o‘zi tabiat bag‘rida vujudga keladi va shakllanadi. Hozirgi davrdagi tashqi muhit sharoitlarini bundan yuz yil avvalgisi bilan umuman takqoslab bo‘lmaydi. Atrof-muhit shu qadar jarohatlanganki, jarrohlar tili bilan aytganda, tezlikda operatsiya qilmasdan turib, keskin darajadagi ijobiy o‘zgarishlarga erishish mumkin emas. Biz suv ichamiz, oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilamiz, ammo ular tarkibidagi har xil zahar va zaqqumlar qonga tushib, jigarni, buyrakni, qon ishlab beruvchi organlarni ishdan chiqarayotganligini ham o‘ylab ko‘raylik-da!

Mana ekologik vaziyat yomonlashganligi, natijada kasalliklarning ko‘payayotganligi to‘g‘risida matbuotimiz ancha vaqtlardan beri bong urmoqda. Ammo shunga javob qanaqa bo‘layapti? Sanitariya-epidemiya stantsiyalari o‘z huquklarini byurokratik apparatga allaqachon berib ko‘yganliklari ham sir emas. Axir shu paytgacha biron bir epidemiologiya xodimining yoki sanitariya mutaxassisining jo‘yali va salmokli gap bilan chiqib, havoni ifloslantirayotgan, suvimizni bulg‘ayotgan, yerning qovurg‘asini sindirayotgan mutasaddi tashkilotning ishini ayovsiz fosh qilganini kim eslay oladi? Ayni haqiqatning aksiomasini ro‘y-rost aytish payti kelganida bu jimlikni nima bilan tushuntirish mumkin? Axir bir narsani tushunib olaylik: kasallikni yo‘qotish uchun shu kasallik vujudga kelishiga sabab bo‘lgan faktorlarni, omillarni yo‘qotishdan boshlash kerakligi ayon.

Xo‘sh, ekologiyani yaxshilash uchun nima qilish kerak? Bu qiyin muammo. Lekin bir narsani ta’kidlamoq kerak: o‘ziga ishonib topshirilgan yerga ortiqcha o‘g‘it solayotgan dehqon, havoni ifloslantirayotgan zavod xo‘jayini buning hammasi inson sog‘lig‘iga zarar yetkazishini chin dilidan o‘ylab ko‘rmas ekan, ular ustida jamoat nazorati o‘rnatilmas ekan, ahvolning o‘nglanishi juda ham qiyin gap. Chunki hali ham ko‘p to‘ralar faqat o‘z mansabi va planni o‘ylashadi. Ortiqcha ishlatilayotgan har bir gramm o‘g‘it yoki pestitsid, havoga purkalayotgan har bir gramm zaharli tutun inson organizmi uchun halokatli ta’sirini o‘ylamas ekanmiz, ahvol o‘zgarmasdan qolaveradi. Umuman, odamlar orasida ekologik madaniyatni ko‘tarishimiz kerak.

«Mendan ketguncha, egasiga yetguncha» qabilidagi xo‘jalik yuritish usullaridan butkul voz kechib, eng avvalo sog‘liq va farovonlik to‘g‘risida qayg‘urish birinchi navbatga chiqishi shart.

Yana bir gap. Ibn Sino, Beruniy yashagan davrda ham palov juda lazzatli bo‘lgan. Chag‘miniy bobomiz Xorazmning shirin-shakar qovunlaridan bahramand bo‘lgan, Pahlavon Mahmud shirin taomlardan kuch olgan, Ibn Botutta Amudaryo suvining shirinligini ta’rif etishga go‘zal so‘z topa olmagan. Demak, o‘sha paytlarda o‘g‘itsiz, pestitsidlarsiz yaxshi hosil yetishtirilgan ekan-ku! Hozirgi paytda ham buning iloji bor. Bunga misol Daniya. Nega jumhuriyatimizda mumkin emas ekan? Shuning uchun «giyohvand» yerlarimizning sog‘ligini o‘ziga qaytarish uchun bor imkoniyatlar bilan muolaja qilish zarur. Buning asosiy yo‘li «giyovand»likka sabab bo‘ladigan kimyoviy zaharlarning biron-bir turini ham mutlaqo ishlatmaslik. Bobo dehkonlarimiz ming yillar davomida yaratgan dehqonchilik madaniyatini o‘rganish, tatbiq qilish v amaliyotda qo‘llash nihoyatda zarur.

Talvasada to‘lg‘anayotgan Orolni qutqarish xalq salomatligini saqlash yo‘lidagi eng ulug‘, eng ulkan, eng barakali va savob ish ekanligini unutmasligimizni hayotning o‘zi taqozo qilmoqda. Orolning fojeasi sog‘liqni saqlash faqat tibbiyot o‘ziga tegishli emasligini ochiq-oydin ko‘rsatdi.

— Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur.

Suhbatdosh: Shodiqul Hamroyev

“Yoshlik” jurnali, 1990 yil 10son