Bamisoli bir daraxtning shoxlari hisoblangan o‘zbeklar, tojiklar, qozoqlar, turkmanlar, qirg‘izlar va qoraqalpoqlar asrlar mobaynida O‘rta Osiyodagi moddiy-madaniy boyliklarni yaratishda, mahalliy zolimlarga va chet ellik bosqinchilarga qarshi kurashda qo‘lni-qo‘lga berib bahamjihat harakat qildilar. Ular bir daryodan suv ichib, bir zaminda yashab kelayotgan va bir-biriga og‘a-ini qoni-qarindoshdirlar. Afsuski shaxsga sig‘inish va turg‘unlik yillarida bayon etilgan xalqlarning o‘tmish tarixi chuqur va atroflicha o‘rganilmadi. Bu sohada qilingan ilmiy ishlarni ummondan bir tomchi desa bo‘ladi. Ayniqsa o‘lkadagi u yoki bu tub xalqning shakllanishini o‘rganishga yetarli darajada e’tibor qilinmay, o‘quv darsliklarida esa faqat yuzaki ma’lumotlar berildi.
Avvalo shuni aytib o‘tish lozimki, O‘rta Osiyodagi xalqlarning shakllanishi bir-biriga chambarchas bog‘liq holda sodir bo‘ldi. Biroq bir xalqning shakllanish jarayonida o‘ziga xos xususiyatlari va davrlari mavjuddir.
O‘zbek xalqining shakllanish ildizlari ham uzoq o‘tmishga borib taqaladi. Shuni ta’kidlash lozimki, xalqimiz faqat keyingi asrlardagina «o‘zbek» degan nom bilan atala boshlandi. Bundan oldingi davrlarda esa u turk nomida yuritilgan. Shu boisdan turkiy xalq deganda hozirgi zamon o‘zbeklarining ajdodlarini tushunmoq kerak. Bundan ikki yarim ming yillar muqaddam O‘rta Osiyoda Xorazm, So‘g‘d va Baqtriya davlatlari mavjud edi. Bu yerlarda xorazmliklar, so‘g‘dlar (Zarafshon va Qashqadaryo vodiysida), chochliklar (Toshkent vohasida), jarkonliklar (Farg‘ona vodiysida), margianliklar (Marv vohasida) va baqtriyaliklar (Amudaryoning o‘ng qirg‘og‘idan to Hisor cho‘qqilarigacha cho‘zilgan joylarda) shu nomdagi turli xalqlar yashaganlar. O‘lkaning tog‘ etaklari va cho‘llarida esa, saklarning ko‘chmanchi qabilalari istiqomat qilganlar.
Ko‘pchilik olimlarning fikricha, bayon etilgan xalqlar eroniy tillar turkumiga kiruvchi tillarning birida so‘zlashganlar. Biroq, Mahmud Qoshg‘ariy va Alisher Navoiyning ko‘rsatishicha, Iskandar Zulqarnayn bostirib kirgan vaqtlarda (eramizdan avvalgi 329 yilda) O‘rta Osiyoda turkiy qabilalar mavjud bo‘lgan. Bu haqda ko‘pgina ma’lumotlar bor. Tarixdan ma’lumki, Xorazmning yuzaga kelishi ham turkiy aholining faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan. Chunonchi, qadimiy podshohlardan biri aybdor 400 kishini kimsasiz joyga surgun qilibdi. Ancha vaqtdan keyin esa choparlarni yuborib, surgun qilinganlarning holidan xabar olib kelishni buyuribdi. Choparlar qaytib kelib podshohga surgundagilar chaylalar qurib, baliqchilik bilan shug‘ullanayotganliklarini hamda u yerda o‘tin juda ko‘pligi haqida ma’lumot beribdilar. Shunda podshoh u yerda go‘sht va o‘tinni qaysi so‘z bilan aytilishini so‘raganda choparlar go‘shtni, «xor» yoki «yovor», o‘tinni esa «razi» deyilishini aytishibdi. Shunda podshoh u joyni surgun qilinganlarga berib, uni Xorazm deb atash hamda 400 turk ayolini yuborish haqida farmon beribdi. Shulardan Xorazm xalqi yuzaga kelgan emish.
I—IV asrlarda Xorazm va So‘g‘ddan Indagacha va Pomirdan Parfiyagacha cho‘zilgan katta hududda Kushon davlati hukmronlik qildi. IV asrning oxirida bu katta davlat «oq xunlar» nomidagi turkiy qabilalar tomonidan tormor etildi.
Shundan keyin O‘rta Osiyoda eftalitlar davlati (V—VI asrlar) hukm surdi. Ayrim olimlar eftalitlarni turkiy tilli deyishsa, boshqalari eroniy tilda so‘zlovchi aholi deb qayd qiladilar. O‘rta Osiyoda turkiy aholi ayniqsa eftalitlardan keyin hokimiyatni boshqargan turk hoqonligi davrida (VI—VII asrlarda) ko‘payib ketdi. Bu davlat aslida Oltoyda tashkil topgan bo‘lib, Quriyadan to Qora dengiz bo‘ylarigacha cho‘zilgan joylarni o‘ziga bo‘ysundirgan. Uning askarlari O‘rta Osiyoni va Eron chegaralarigacha bo‘lgan viloyatlarni egallagan. Turk hoqonligi Xitoyni ham o‘z vassaliga aylantirib, uni har yili katta o‘lpon to‘lab turishga majbur qilgan. Undan Iroq va Vizantiya singari qudratli mamlakatlar doimo cho‘chib turgan. Bu davrda turk tili davlat tili hisoblanib, o‘sha vaqtda turkiy tilda yozilgan tarixiy, qimmatbaho yodgorliklar hozirgacha saqlanib qolgan. Xoqonlik davrida eroniy tilidagi tub aholining turklashishi kuchayishi va ko‘plab turkiy qabilalarning o‘lkaga ko‘chib kelishi ko‘zga tashlandi. Masalan, VI asrning oxirlarida ular ommaviy ravishda Buxoro vohasiga o‘rnashdilar. VII asrda turkiy qabilalar Toshkent, Buxoro va Samarqand oralig‘idagi joylarga, Tohariston va Xurosonga mustaqil o‘rnashgan. Hatto turk-so‘g‘d Ittifoqi yuzaga kelib, so‘g‘dlar bilan turkiy aholi bir-birlariga qiz berib, qon-qarindoshchilik qila boshlashgan. So‘g‘dning yuqori tabaqa vakillari turkiy ismlarni va unvonlarni qabul qildilar. Ularni shundan so‘ng turklar davlat ishlariga jalb qila boshladilar. Turkiy hukmron doiralari so‘g‘d savdogarlarining faoliyati uchun o‘zlarining bepoyon yerlarida zarur sharoit tug‘dirib katta daromad oldilar. Chunonchi so‘g‘dliklar Sharqiy Turkiston, Xitoy, Vizantiya, Mo‘g‘uliston, Sibir va boshqa joylarda bo‘ladigan savdo-sotiq ishlarida asosiy vositachi bo‘ldilar. Bir qator mamlakatlarda turkiylarning mustamlakalari paydo bo‘ldi. Bu davr feodal tuzumining o‘sishi va yirik davlatning yuzaga kelishiga, turli viloyatlarning o‘zaro aloqalari rivojlanishiga olib keldi.
VII asrning oxirlari va VIII asrning birinchi choragida O‘rta Osiyoda yashovchi turkiy va eron tillarida so‘zlashuvchi aholi bir tan va bir jon bo‘lib arab xalifaligi bosqinchiligiga qarshi qahramonona kurashdi. Biroq qattiq qarshiliklarga qaramasdan xalifalik o‘lkada o‘z hukmronligini o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldi. U mahalliy madaniyat va yozuvlarni yo‘q qilib, arab tilini davlat tiliga aylantirdi. Shuningdek odamlarni islom diniga majburan kiritdi. Minglab arablar o‘lkaning turli joylariga o‘rnashtirildi. Bosqinchilar mamlakat boyliklarining egasi bo‘lib qoldilar. Xalifalik hukmronligiga qarshi mahalliy aholi bir necha bor qo‘zg‘olon ko‘tardi. Masalan, ulardan biri Muqanna boshchiligidagi qo‘zg‘olondir. Yurt ozodligi uchun arab xalifaligiga qarshi kurashda turkiy aholi salmoqli o‘rin egalladi.
Garchand xalifalikning O‘rta Osiyoni bosib olishi va hukmronligi katta ziyon keltirgan bo‘lsa-da, lekin pirovardida u turli xalq va qabilalarning jipsligini mustahkamlab iqtisodiy va madaniy aloqalarini yanada rivojlantirdi. O‘rta Osiyoning tashqi dunyo bilan aloqasi ancha o‘sib, u jahon fani doirasiga tortildi. Otashparastlik va boshqa turli dinlarga nisbatan ilg‘or va takomillashgan islom dinining joriy etilishi esa, aholining ma’naviy hayotini boyitdi hamda turmush tarzining umumiyligini ta’minladi. Shuningdek, feodal tuzumining yanada rivoj topishini va turkiy aholining xalq sifatida shakllanish jarayonini tezlashtirdi.
Mahalliy xalqlarning uzoq va qattiq kurashlaridan keyin 900 yilda arab xalifaligining hukmronligi tugatilib, mustaqil Somoniylar davlati barpo etildi. Bu davlatning asoschisi Somoniyning balxlik bo‘lganligi haqida ma’lumotlar bor. Shuni aytib o‘tish lozimki, Somoniy qaysi xalq farzandi bo‘lishligidan qat’i nazar, u barpo etgan davlat butun vujudi bilan O‘rta Osiyoda tashkil topgan tub xalqlarning umumiy davlati hisoblangan. Uning poytaxti Buxoro shahri bo‘lgan.
Somoniylar davlati X asrning oxirigacha yashadi. Bu vaqtlarda qishloq xo‘jaligi, hunarmandchilik va savdo sohalarida katta yutuqlarga erishildi. Madaniyat va san’at o‘sdi.
Tarixiy hujjatlarga ko‘ra, turk qo‘shinlari Somoniylar davlatining harbiy-siyosiy tayanchi hisoblangan. Turk lashkarboshilari podshohlarni o‘z ta’siri doirasida ushlab turganlar. Hatto ular itoat etishdan bosh tortgan ayrim podshohlarni qatl qilishgacha borganlar. Masalan, Nasr I (914—943) turk qo‘shiniga yaxshi munosabatda bo‘lmaganligi uchun ovda o‘ldirilgan. Podshoh saroyidagi oliy mansablarga kishilarni tayinlash turk lashkarboshilarining roziligisiz amalga oshirilmagan. Ko‘pgina viloyatlarning hokimligiga turkiy hukmdor doiralarining vakillari tayinlangan edi. Ayrim davrlarda esa turkiy lashkarboshilar amalda siyosiy hokimiyatni to‘la o‘z qo‘llariga olgan edilar. Masalan, Abd al-Malik I (954—961) podshohligi vaqtida shunday holat yuz bergan.
Somoniylar davlati vaqtida turkiy aholi ikki guruhga bo‘lingan edi. Birinchisi shahar va qishloqlardagi o‘troq turkiylar bo‘lsa, ikkinchisi tog‘ bag‘ri va cho‘llarda istiqomat qiluvchi yarim o‘troq va ko‘chmanchi turkiy qabilalardir. Bu ikki toifadagi turkiy qabilalarning aksariyati vaqt o‘tgan sari o‘zaro aralashib borgan bo‘lsa-da, lekin o‘troq nohiyalardagi eroniy tildagi aholi bilan birlashmadi. Ular «sof» holda o‘troq turkiy aholining atrofiga jipslashdi. Xullas, IX—X asrlarda yuzaga kelgan siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat hamda eroniy tildagi aholining bir qismining turklashuvi, o‘lkada qadimdan istiqomat qilib kelgan turkiy aholi va boshqa joylardagi ko‘chib kelgan turkiy qabilalarning tobora kuchayishi O‘rta Osiyoda katta turkiy qatlamni yuzaga keltirdi va turkiy aholi mamlakatning iqtisodiy va siyosiy hayotida asosiy salmoqli o‘rinni egalladi.
Natijada IX—X asrlarda turkiy aholi xalq sifatida to‘la shakllandi. Bu xalq keyinchalik o‘zbek nomi bilan atala boshlandi. Shunisi diqqatga sazovorki, eramizdan avvalgi davrlardanoq O‘rta Osiyoda ma’lum bo‘lgan turkiy til vaqt o‘tishi bilan keng ko‘lamda rivoj topib bordi. X asrga kelib Sharqiy eron tillari, shu jumladan, so‘g‘d tili avvalo shaharlarda, keyinchalik qishloqlarda yo‘qolib bordi. Pirovardida ular shu hududdagi yerlarda «o‘lik» tilga aylandilar. Ularni IX—X asrlar davomida fors (dari) tili siqib chiqargan edi. Fors (dari) tildagi aholi tojiklar nomi bilan bir xalqni tashkil qildi. Akademik B. G‘ofurovning ko‘rsatishicha, fors (dari) tili asosida XVI asrning boshlarida adabiy tojik tili o‘ziga xos xususiyatlari bilan shakllandi. Fors (dari) tilini O‘rta Osiyoda tarqalish sabablari hali yaxshi o‘rganilmagan. Bizning fikrimizcha, so‘g‘d aholisining bir qismi turkiy aholiga aralashib ketdi. Qolgan qismi tojiklarning ajdodlarini tashkil etdi. Bundan tashqari ko‘plab so‘g‘dliklar o‘z vatanlarini tashlab, xorijiy mamlakatlarga borib, o‘z turar joylarini tashkil qildilar. Ayni bir paytda so‘g‘dlarning ma’lum qismi Farg‘ona vodiysiga ko‘chib ketdilar. Chet el bosqinchilarining hujumlari va o‘zaro urushlarda ko‘pdan ko‘p so‘g‘dliklar halok bo‘ldilar. Bayon etilgan holatlar so‘g‘d aholisining tarqab ketishiga va kamayishiga olib kelib, pirovardida so‘g‘d tili zaminini parchaladi.
Arab qo‘shinlari orasida islom dinidagi xurosonliklar ko‘p edilar. Bular O‘rta Osiyoda o‘rnashib, fors tilini va islom dinini tarqatishga qatnashdilar. Fors tili islom dinini tashviq qilishda muhim ahamiyat kasb etdi. Bu hududda fors tilining tarqalishiga boshqa sabablar ham bor. Ma’lumki, O‘rta Osiyo, Afg‘oniston, Xuroson, Eron va Hindiston o‘zaro siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalarni olib borganlar. Shuningdek, ularning bitta davlat tarkibiga kirgan vaqtlari ham bo‘lgan. Bunday davrlarda fors (dari) tili vositachilik rolini o‘ynagan. Boshqa xalqlar bilan aloqa vositasi tili bo‘lganligi uchun O‘rta Osiyoda saroy ahllari, savdo-hunarmand doiralari hamda madaniyat vakillari fors tilini o‘rganishga harakat qilganlar. Bu holat X asrda Somoniylar davlati davridayoq ko‘zga tashlangan edi. Keyinchalik fors (dari) tili O‘rta Osiyodagi qadimiy Sharqiy eroniy tilni siqib chiqarib, bu tilda so‘zlovchi aholining, xususan so‘g‘dlardan bir qismining ham ona tiliga aylandi. O‘z navbatida turkiy til ham eramizning birinchi ming yilligida Sharqiy eroniy tilida so‘zlashuvchi so‘g‘dlarning bir bo‘lagini qamrab, uni turklashtirdi. Turkiy til keyingi asrlarda keng ko‘lamda kuchayib bordi. Bunda yirik turkiy davlatlarning yuzaga kelishi muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Chunonchi X asrning oxirida Somoniylar davlati ag‘darilib, ikki yirik turkiy davlat tashkil topdi. Uning biri Qoraxoniylar davlati hisoblanib, unga Qashqardan Amudaryogacha cho‘zilgan bepoyon yerlar, shu jumladan Buxoro, Samarqand, Toshkent, Yettisuv, Farg‘ona vodiysi va boshqa atrof joylar kirgan. Ikkinchisi G‘aznaviylar davlati bo‘lib, uning chegarasi Shimoliy Hindistondan to Kaspiy dengizining janubiy qirg‘oqlarigacha cho‘zilgan. Uning ixtiyoriga Afg‘oniston va Shimoliy-sharqiy Eron ham kirgan. Shundan keyin G‘aznaviylar davlati ag‘darilib, o‘rnida turkiy saljuqiylar davlati maydonga keldi va unga Xorazm ham bo‘ysundirildi. Shuningdek, saljuqiylar Iroq Aqlasida, Ozarboyjon, Kurdiston, Ko‘histon va Bag‘dodda ham hukmronlik qildi. Keyin mustaqil Xorazmshoh davlati barpo etildi. Ana shu tarixiy-jug‘rofiy sabablarga ko‘ra, turkiy aholining va turkiy tilning mavqei beqiyos ko‘tarildi. Bu jarayonning guvohi bo‘lgan mashhur tilshunos olim Mahmud Qoshg‘ariy o‘z asarining so‘z boshisida shunday yozgan edi: «Xudo davlat quyoshini turklar burjida yaratdi. Falakni ham shular mulkiga moslab aylantirdi. Ularni turk deb atadi, mulkga ega qildi, ularni zamonamizning xoqonlari qilib ko‘tardi. Zamon ahlining ixtiyor jilovini shular qo‘liga topshirdi, xalqqa bosh qildi, bularni to‘g‘ri yo‘lga yurishga qodir qildi. Bularga qarashli kishilarni g‘olib qildi. Ularga qarashli kishilar maqsadlariga yetib, beboshlar holatidan qutuldi. Ularning (turklarning) o‘qlaridan saqlanmoq uchun eng asosiy yo‘l — ularning tillarida so‘zlashishdir. Chunki ular bu tilda so‘zlashuvchilarga yaxshi quloq soladilar, o‘zlarini yaqin tutadilar, turk tilini biluvchilarga zarar bermaydilar. Hatto o‘z panohida turgan boshqalarning gunohini ham kechib yuboradilar. Ishonchli bir buxorolik va nisaburlik boshqa bir ishonchli odamdan shunday eshitgan edim, ular bu so‘zni payg‘ambarga nisbat berib aytgan edilar: payg‘ambar qiyomatning belgilari, oxir zamon fitnalari o‘g‘iz turklarining xuruji haqida gapirganda, shunday degan edi: turk tilini o‘rganing, chunki ularning hukmronligi uzoq davom etadi. Hadisning to‘g‘ri yoki to‘g‘ri emasligining javobgarlini uni aytgan kishilar gardaniga. Agar to‘g‘ri bo‘lsa, turkiy tilni o‘rganish vojib (zarur)dir. Hadis to‘g‘ri bo‘lmagan taqdirda uni o‘rganish zarurligini aql taqozo qiladi» («Devoni lug‘atit turk», 43-44 betlar).
Darhaqiqat, mo‘g‘ullar hukmronligi davrini hisobga olmaganda, XI asrdan to XIX asrning 70 yillarigacha, ya’ni salkam ming yilga yaqin davr davomida hokimiyat turkiy yuqori tabaqasining qo‘lida bo‘lgan. Eramizning birinchi ming yilligida ham turkiy davlatlarning mavjudligini nazarga olinsa, turkiy xalqlarning tarixi hisobi yanada oshadi. Ko‘p asrlar davomida turkiy til qadimiy sharqiy Eroniy va keyinchalik fors (dari) tillariga singib ketmay, aksincha vaqtlarning o‘tishi bilan shunchalik rivojlanib bordi.
Turkiy til ayniqsa Temuriylar davlati vaqtida yuqori pog‘onaga ko‘tarildi. Bunda buyuk bobomiz Alisher Navoiyning xizmatlari beqiyos kattadir. XVI asrning boshlarida bir vaqtlar Volga daryosi bo‘yida tashkil topgan Oltin O‘rda davlatidagi Shayboniyxon boshchiligida o‘zbek ko‘chmanchi qabilalari Temuriylar davlatini tor-mor qilib O‘rta Osiyoda o‘z hukmronliklarini o‘rnatdilar. Shundan keyin XVI asrdan to XIX asrning 70 yillarigacha Buxoro, Xeva va Qo‘qon singari uchta o‘zbek xonliklari hukm surdi. Bu vaqtlarga kelib tub turkiy aholi uncha ko‘p bo‘lmagan o‘zbek qabilalarini «yutib» yuborib, ulardan o‘zbek nomini oldilar. Shu ravishda ming yillar davomida O‘rta Osiyoda istiqomat qilib kelayotgan turkiy aholi pirovardida o‘zbeklar deb ataladigan bo‘ldi.
Xulosa shuki, o‘zbek xalqi IX—X asrlarda xalq sifatida shakllandi. Keyingi asrlarda uning tarkibi turli ko‘chmanchi va yarim o‘troq qabilalar hisobiga boyib va mustahkamlanib bordi.
Hamid Ziyoyev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, tarix fanlari doktori, professor
«Guliston» jurnali, 1990 yil, 8-son