(Meni O‘zbekiston SSR xalq deputatligiga nomzod qilib ko‘rsatishganda, shoir Ikromjon Otamurodov bilan shunday suhbat bo‘lib o‘tgandi)
— Halima opa, suhbatimizni akademik Andrey Saxarovning gapidan boshlasak: «Jamiyatni faqat ma’naviy zaminlarga suyanib yuksaltirish mumkin». Muddao ravshan. Siz qanday o‘ylaysiz?
— Ikromjon, suhbatimizning boshidayoq Saxarovning so‘zini keltirib yuragimning og‘riq nuqtalaridan biriga tegib ketdingiz. Mashrabni kimlar osgan, Nodirani-chi? Ulug‘bekning boshini kimlar kesdi? Bir so‘z bilan aytganda, ko‘ngil ko‘zi ko‘rlar, ma’nan so‘qir odamlar, shundaymasmi? Bu hali minbardagi bir keksa odamni hushtakvozlik, chapakvozlik bilan dovdiratib qo‘yish, fikrni izdan chiqarish, asabini o‘ynash ekanku!… Xuddi kechagiday ko‘z o‘ngimda, zalga qarab hali fikri tugamaganini uqtirolmayotgan, bir amallab gapirib olish umidida qayta-qayta o‘zini qo‘lga olib so‘z boshlayotgan, yana beomon olatasir qarsaklar, hushtaklar ostida gapini yo‘qotib qo‘yayotgan, ozg‘in qo‘llari qaltirab minbarda sochilib ketgan nutqi, qog‘ozlarni yig‘ishtirib ololmayotgan asabiy qariya… Umrguzaronlikdagi bo‘ronlardan ichi to‘kilib, g‘ovak bo‘lib qolgan, g‘ichirlabgina turgan keksa chinorning qulashi uchun bundan ortiq qanday zarba kerak? Ehtimol, uning jon rishtalaridan dastlabki iplari, o‘shanda, minbardan ko‘ngli og‘rib, mag‘lublarcha, munkib tushib kelayotganda uzilgandir?!
Boshqa fikrlarni qo‘ya turib, Saxarovning birgina Afg‘onistonga askarlarimizni kiritmaslik xususida qarshilikka uchragan fikrini eslaylik. Agar uning birgina shu fikri o‘z vaqtida inobatga olinganida faqatgina O‘zbekistonda 1400 dan ziyod yigit, umid-orzu bilan bo‘ylariga gul o‘lchab o‘stirilgan mardumaydon o‘g‘lonlarimiz mulki afg‘on bo‘lib Afg‘on qirlarida qolmagan, o‘z jigargo‘shalari bag‘rida o‘ynab-kulib yurgan bo‘larmidi?!
O‘zi aqlga, insofga chaqirgan odamlarning o‘ziga bo‘lgan «siylovi»dan dovdirab qolgan donishmand Saxarovning ruhi bugun o‘sha nohaq bahslar ishtirokchilarini ham, bu bahslarga tomoshabin bo‘lib o‘tirgan bizlarni ham kechirsin!
— Sezishimcha, gap zaylini qadrni, g‘ururni anglashga, or-nomusni sezishga, o‘zini tanishga burayapsiz? Alalxusus fikr bir butun e’tiqod bo‘lib shakllanish, yakdil xalqqa aylanishdek, azaliy muammo xususida.
— Biz o‘z yo‘limizni yoritmoqchi bo‘lgan o‘z chiroqlarimizni hamisha, beshafqatlarcha o‘z qo‘limiz bilan o‘chirganmiz. Bunga tarixdan ko‘plab misol keltirish mumkin.
Dil tig‘i sitamdan pora bo‘lgan xalqni ko‘rdim,Tani dardu alamdan yora bo‘lgan xalqni ko‘rdim,
Ko‘zi vaqti sahar sayyora bo‘lgan xalqni ko‘rdim.
Axir «dil tig‘i sitamdan pora bo‘lgan» mana shu xalq o‘zining ehtirosli himoyachisi Boborahim Mashrabdek shoirni dordan qutqarib qololmadi-da! Qutqarish uchun esa, Saxarov aytganiday, biz «yuksalishimiz, ma’naviy zaminlarga ouyanib yuksalishimiz kerak». Havoda uchib yurmay, ma’naviy zaminlarimizni chuqurroq o‘rganishimiz, bu zaminning qayerida bepisand, beo‘y oyoq qo‘ysak kimlar chirqirashi, qaysi joyiga oyoq qo‘ysak kimlarniag ruhi bosh ko‘tarishiga farosatimiz yetishi kerak. Yana ko‘zim o‘ngiga o‘z ko‘z yoshlariga «toya-toya… ketib borayotgan» bobojonimiz Ogahiy kelyapti. Yaqinda uning yana bir nolasiga ko‘zim tushdi:
Ko‘nglim o‘tiga suv urmoq birla taskin istamangKim aning bir uchquni solg‘usi yuz Jayhunga o‘t…
Tasavvur qiling, tomirimiz, bobokalonimiz Ogahiyday «ma’naviy zaminimiz» ko‘ngil o‘tining, dardlarining bir uchquni yuz Amudaryoning yonib ketmog‘i uchun kifoya bo‘lsa, biz qayerda o‘sganmiz, Ikromjon? Biz qanday sharoitda bu xil favqulodda dardsiz, «baxtli kuychilar» bo‘lib ulg‘aydik. Mana shu narsa meni ajablantiradi. Zamindan ajralish emasmi bu?!
Ulug‘ bobomiz Qodiriyning turmada tushgan suratidagi ko‘zlari yodingizdami? Men bu ko‘zlarga ilk bor duch kelganimda surat qarshisida uzoq qotib qoldim, ko‘nglimdan esa mana shunga yaqin o‘ylar kechgandim… Inshoollo… Men bu ko‘zlarni o‘z ko‘ksimda bor fig‘on-faryodi bilan o‘la-o‘lgunimcha ko‘tarib yuraman!
Qodiriyning ko‘zi… Ming yillik g‘amim,Hech qachon but bo‘lmas, hech to‘lmas kamim!
Ma’yus ko‘zlaringdan o‘rgilay, jabrdiyda xalqim, ulug‘ xalqim! Axir sen yer yuziga hazrat Navoiydek, ustoz Ulug‘bekdek, ulug‘ Qodiriydek fikrat ustunlarini bergansan. Bugun men subhu-saharlab qodir tabiatga mana bunday iltijo qilaman:
«O qodir egam, endi sen mening daho farzandlar tug‘ish, o‘stirishga qodir jafokash xalqimga o‘z farzandlarini tariqday tirqiratmay qovushtirish, birlashtirish, bolalarning oltin boshlarini asrash kuch-qudratini ham ato et!»
«Adabiyot» gazetasining shu yil 5 yanvar sonidagi «Qismat» maqolasida Toshkentdagi 2-guruch zavodining ishchisi, 1908 yilda tug‘ilgan Kalonov Shukurning SSSR Davlat Xavfsizlik Ministrligi qoshidagi kengash tomonidan antisovet targ‘iboti uchun Krasnoyarsk o‘lkasiga surgun qilinishi 1989 yil 13 martda asossiz deb topilgani va o‘limidan so‘ng oqlangani haqida o‘qib qoldim… Bungacha u o‘n yil Sibir o‘rmonlarida, besh yil Uzoq Sharq qamoqxonalarida o‘tirib chiqadi. Bu «o‘tirib chiqish» Sibir ayozlari asoratlari bilan Shukur Kalonovning ozodlikdagi sanoqli yillari ham kasalxonalarda kechgan va qismati og‘ir inson 49 yoshida 1957 yildayoq olamdan o‘tadi.
Shu kunlarda mening bobom, avvalgi maqolalarimdan birida yozganim repressiya qurboni bo‘lgan Xolnazar chavandozning ham oqlangani haqida mening onam Qarshigul Xolnazar qiziga, Saidqul, Razzoq, Qodirqul Xolnazar o‘g‘illariga xabar keldi. Meni Boyovutga, onamning mazasi bo‘lmayotganini aytib chaqirtirishdi. Borsam, onamning rangi dokadek oqarib ketgan. Qo‘llari qaltirab pichirlaydi, xolos… Oqlashibdi, padari buzrukvorimni oqlashibdi… Bilardim-a, oh, sho‘rlik otam-a, voh sho‘rlik otam… Tariqcha gunohing yo‘qligini bilardim…
Azob, Ikrom, umr bo‘yi hammasini bilib, tishni-tishga qo‘yib yashashday og‘ir azob yo‘qligini men o‘z onam misolida ko‘rdim. Yoshi qirqni qoralamay sochlari paxtaday oqarib ketganini men mehnatning og‘irligidan deb bilardim… Axir inson zotidan, uning bir martagina beriladigan qonuniy o‘z umri ustidan shu qadar bedodlik, masxarabozliklar… Axir bu bu odamlarning har biri ayni gullagan yigitlik yoshida (bobom 37 yoshida ketgan ekanlar) uzoq Sharq qahratonlarida o‘pkasini sovuqqa oldiribmi, dahshatli Sibir qamoqxonalarining sovuq baraklaridagi aqlingga burov soladigan tergov azoblariga dosh berolmay aqldan ozibmi, it azobida o‘lib ketgan bo‘lsalaru, oradan 40 yil, 50 yil o‘tgach tegishli joylar dan «ularga qo‘yilgan ayblar asossiz ekanllgi aytilib, ularning oqlanganligi» haqida qog‘oz olsang… Bu qanday ish yuritish yo‘sini bo‘ldi, axir?
Biz yer ustida birlashib jo‘r ovozda (tushungan kattalar va tushunmagan bolalar birday) shodmon baxt qo‘shiqlarini aytganimizda, yer ostida bari birday quchoqlashib, ayqash-uyqash yotgan eski, beqasam choponiga o‘ralgan cho‘lponlar, sovuq urgan Usmonlar, dindor deb boshidagi sallasi ko‘chaga uloqtirilgan, bir poy mahsisini qo‘ng‘iltoq kiyib, bir poyini kiyishga ruxsat berilmagani uchun qo‘ltig‘iga qisib ketganicha bedarak yo‘qolgan mening bechora bobom Xolnazar chavandoz, Shukur Kalonov… bular qonuniy nafrat, alamdan qanday oyoqqa turmadilar ekan?! O‘sha yillar qay darajada bema’nilarcha baxtiyor yashaganmiz, kuylaganimizning fahmiga va bularning sabablariga endi-endi uncha-muncha yetayotgandayman. Qatag‘on-repressiya yillari, qisqa vaqt ichida xalq orasida o‘quv alfavitining ikki marta o‘zsargani… Ziyoli, bilimdon odamlar, kitoblargacha quvg‘inga uchragani… Bu kabi hodisalarning har biri oddiy xalq orasida asta-sekin ildiz otib, qo‘rquv, vahimaning avj olishi, e’tiqodning susayishi, manqurtlikning boshlanishiga olib keladi.
Shu ma’noda Andrey Saxarov yuz marotaba haq. Jamiyatni inqirozdan ilmiy texnika inqilobi, ishlab chiqarishdagi yuqori ko‘rsatkichlar emas, ma’naviy shakllanish, ma’naviy yuksalishgina asrab qolishy mumkin. Lev Tolstoy topib. aytgan: «Agar bizning yuragimiz bo‘m bo‘sh bo‘lsa, uni qonunlar bilan ham, siyosiy islohotlar bilan ham to‘ldirib bo‘lmaydi». Yuragimizni ko‘tarib turadigan ustun — bizning e’tiqodimizdir.
— Sizning hayot yo‘lingizga daxldor muallimingiz kim? U mazkur tushuncha ifoda etgan ma’no darajasida qismatingizga sherik bo‘lganmi? Bugungi muallim xaqidagi taassurotingiz?
— O‘qituvchilar va ayniqsa, tarix va adabiyot fanidan dars beruvchi muallimlar ma’lum darajada san’atkor ham bo‘lishlari, dars o‘tishni san’at darajasiga ko‘tarishlari kerak. Mening adabiyotdan dars bergan o‘qituvchim Akrom aka Karimnazarov (u kishi haliyam o‘sha bizning Boyovut rayonining Lenin nomli kolxozidagi maktabda adabiyot muallimi) ma’noli o‘qishga juda e’tibor berardilar, o‘zlariyam erinmay qator she’rlar, ba’zan butun-butun poemalarni boshdan-oyoq yoddan o‘qirdilar. Men darsliklarimizdagi qayta ishlanishi kerak bo‘lgan sahifalar, nomukammalliklar uchun avvalo, shu odam oldida o‘zimni aybdor sezaman. Men ayrim she’riy asarlarimizdagi ura-uralar, aravani quruq olib qochishlar, ritorika uchun (darsliklarimizda bunday asarlar istagancha topiladi) shu odam oldida qizaraman. Chuiki, ular kitoblar, yozuvchilar, shoirlarga hali-hanuz g‘ayritabiiy bir katta ehtirom, ulo‘g‘ mehru muhabbat bilan qaraydilar. Shu g‘alati, ijodkorga bo‘lgan cheksiz mehru muhabbatni bolalar yuragiga shunday san’atkorlik bilan o‘chmas qilib singdiradilarki… Shunday odamlarni senga bo‘lgan ehtiromni, mehrni har yili senga notanish yangi avlod, o‘ttiz-qirq bolaning yuragiga soladigan beminnat, daryo ko‘ngilli tashviqotchilaringni aldab bo‘ladimi? Ularga befarqlik ko‘rsatib bo‘ladimi?!
Mening nazarimda, Akrom aka bilan Chingiz Aytmatovning «Asrga tatigulik kun» asaridagi qishloq o‘qituvchisn orasida qandaydir umumiy o‘xshashliklar borday…
Bolalarimiz kattalardan ko‘rganini qilishadi. Ayniqsa, o‘qituvchilarning. O‘tgan yili qishloq maktablarining birida shunday voqea bo‘lganini aytib berishdi. Yuqori sinf o‘quvchilari har biri o‘n besh so‘mdan po‘l yig‘ib, o‘z o‘qituvchilariga qimmatbaho uzuk sovg‘a qilishibdi. Bemalolroq oilalarda bilinmas balki, kamxarj oilalardachi, bir oylik bog‘cha puli bu. Yoki ikkita issiq etikcha olinsa, go‘daklar bu qishdan omon chiqadilar. Qishloqda bir ayolni bilaman. U o‘zi qishloq idoralarining polini yuvib tirikchilnk qiladi. Bolalari maktabda o‘qigani uchunmi, hali maktabning derazalarini, hali sinf polini yuvib yurganini ko‘raman… Bu gal ataylab shu haqda so‘radim.
— Nima qilay, — dedi u uh tortib. — Odamlarday amaldor bo‘lmasamki, bular mendan hayiqishsa. Yo «besh-to‘rt so‘m buyog‘imda ortiqcha bo‘lsaku bayram-payram deb bu qurib ketgurlarning ko‘nglini olsam… Kuchim qo‘limga yetadi. Bolalarimizga durustroq baho qo‘yishsa medal-pedalga ilinarmikan, deyman. Ba’zan o‘zlariyam sha’ma qilishadi. Bolalarim o‘zimday «rabochiy» bo‘lib kosasi oqarmay yurmasin deb, bularga sochim supurgi, qo‘lim kosov…
Bu yoshgina kelinchakning hasratlarini eshitib o‘tiribmanu yuragimga sim-sim og‘riq kirganini sezaman. Biz siz bilan, Ikrom, o‘zlikni anglash, qadr tuyg‘usi haqida gapiryapmiz. Mana bu onasiga o‘yini tozalatib, otasini o‘z tomorqasida ishlatib, bolasiga yaxshi baho qo‘yadigan ayrim o‘qituvchilar ham, har yili oltin medal bahonasida «bir nimalik» bo‘lib qoladigan ba’zi maktab direktorlari ham shu jamiyatimiz a’zosi. Endi mana bu xo‘rsinib o‘tirgan kelinchak—mening ko‘ksimning og‘rig‘i. Uning bolasining «rabochiy» bo‘lib qolmasligi mana bu beandisha mahalliy amaldorchalarga bog‘liq emasligi, buning uchun hali birgalikda juda ko‘p ishlar qilishimiz, avvalo uning o‘zi (shu kelinchak) ning hayotga qarashlarini o‘zgartirishimiz kerakligi, qolaversa, mana bu ta’magir odamlarning nafsini qirqish yo‘llari haqida o‘sha kuni ancha gaplashdik. Jamiyatda kichikmi-kattami yulg‘ichlikni yo‘qotmas ekanmiz, ma’nan yuksalish haqida gap bo‘lishi mumkinmi?! Muallim deb, bolalarga harf tanitgan, xalqni tanitgan odamlarga aytiladi. Afsus, yuqoridagi kimsalar ham muallimlar nomidan gapiradilar. Ma’naviyatning asosi — insonning o‘zligi, o‘zining qanday ishlarga qodirligini anglashidan boshlansa kerak. «O‘z kuchiga ishongan odamning qo‘lidan ko‘p narsa keladi», deydi Gumbold.
— Ma’naviyat haqida ko‘p gapirilyapti?!
— To‘g‘ri. Hamishayam yo‘qolayotgan narsa haqida ko‘p gapiriladi. Bu yo‘qotishni nimalarda ko‘raman? Bultur televizor ko‘rib o‘tirgandik. Bir payt tutab yotgan axlat uyumini mashinaga ortayotgan odamni ko‘rsatishdi. Shu axlat orasidan tashlab ketilgan yangi tug‘ilgan, hali sovub ulgurmagan chaqaloqning o‘ligi chiqqanligini aytishdi. Yorab, shu buruqsib tutab yotgan axlat uyumi yonib ketsa chaqaloq tiriklay shu axlatxonada yonishi kerak! Tushunyapsizmi, Ikrom, nonning uvoli, qush, qumursqaning uvolidan qo‘rqadigan inson bugungi kunda o‘z qonidan bino bo‘lgan jigargo‘shasini tiriklayicha tutab yotgan axlatxonaga tashlab ketyapti!
Axir yaxshi tarbiya ko‘rgan oilalarning bolalari qo‘g‘irchoqlarini ham to‘g‘ri kelgan joyga tashlab ketmaydiku! Matbuotda aytilishicha, bultur mamlakatimiz bo‘yicha 13—14 yoshdagi maktab o‘quvchilari — qizlardan 3 mingi farzand ko‘rganlar. Shunday sharmandali voqea bo‘lgan bitta oilaning ahvolini ko‘z oldinizga keltirib ko‘ring! Bolalarimiz «Munojotni eshitishga hushlari yo‘q, ertadan kechgacha «rok» muzikalariga zikr tushadilar, deb xavotirlanadilar ba’zi dugonalarim o‘z bolalari xususida.
— Buning boisi?
— Hammasining bosh sababi — oilaning asosiy yurituvchi kuchi — ayolning o‘ta bandligida. Ayol hozir shaharda ham (qishloq ayoli haqidaku gap aytmay qo‘ya qolay) davlat idorasi, uy, bozor-o‘char, mehmon-izmon o‘rtasida bo‘zchining mokisiga armandi. O‘z ma’naviy dunyosi, bolalarining ma’naviy dunyosini o‘ylash haqida vaqt qayda unga. Vaqt, sharoit, hayotimizga bostirib kirib kelayotgan G‘arb muzikalari, G‘arb hayoti esa o‘z ishini qilib, yoshlarimizning hayotga qarashlarini o‘zgartirib, ularni yo‘ldan urib ulgurayapti. Uch ming qizaloqning ming siru-sinoatli dunyolarining sehri ochilmayoq barbod bo‘lmadimi? Bolalarimizning o‘smirlikdan o‘tib ulgurmay turib, xazon yaproqlariday so‘nayotgani, orzu istaklarining chinni dunyolari chil-chil sinayotgani qadrlari poymol bo‘layotgani emasmi, bu?! To‘g‘ri aytasiz. Bu haqda ko‘p gapirilyapti. Endi biz o‘zimizni qo‘lga olib amaliy ishga o‘tsak edi…
— Siz o‘zingiz nimalarni tavsiya qilardingiz?
— Buning uchun avvalo qanday yo‘llar bilan bo‘lmasin ayolning davlat idorasidagi ish kuni soatini qisqartirish (men bu haqda deyarli har chiqishimda eslataman);
– maktablardagi o‘quv programmalarini o‘zgartirish, darslar saviyasini o‘quvchilarni G‘arb muzikalariday o‘ziga torta olish darajasiga olchb chiqish;
– o‘quvchilarning ma’naviy saviyasini ko‘tarish;
– bolalarni ko‘chada e’tiborsiz, bekor qoldirmaslik;
– bola hayotida oila javobgarligi, ota-ona mas’uliyatini bir necha baravar oshirish (qanchalik bandligimizdan qat’iy nazar);
– jamiyat uchun nazoratsiz qolgan bola keltirgan zararni ota-onadan undirib olish haqida qonun chiqarish (bu qonun bolalarni o‘z holiga. tashlab qo‘ygan ko‘pchilik ota-onalarni hushyor torttiradi);
– o‘quv programmasiga tarbiya soatlari kiritilishi kabi fikr-mulohazalarni o‘rtaga tashlardim.
Qarang, Mopassan nima deydi:
«Erkak va ayol muhabbati — bu ixtiyoriy kelishuvdir. Buni ularning qay biri buzsa, faqat xiyonatda ayblanadi, ammo ayol ona bo‘lgach.uning burchi yanada kuchayadi, binobarin, tabiat uiga zurriyot masalasini ishonib topshirgan». Tabiat bizga zurriyot masalasini ishonib topshirgan ekan, biz zurriyotlarimizning hayotlarini boshidayoq murg‘ak yuraklarining chilparchin bo‘lmog‘iga yo‘l qo‘ya olamizmi, hali gunoh nimaligini tushunib-tushunmay shu yo‘lga kirib ketayotganlariga bizning yuraklarimiz, ayollar yuragi tinch qaray oladimi? Bas, shunday ekan, bolalarimizning ertangi kuni, jamiyatimizning ertangi kunini sog‘lomlashtirish uchun oyoqqa turmasak bo‘lmas!
— Yoningizdagi insonning qiyofasi?
— Haqiqat, bizning hayotimiz yonimizdagi insonning qiyofasi, ruhiy dunyosiga qanchalar bog‘liq. Biz bolalarimizning (bizning ikki qiz, uch o‘g‘limiz bor) otasi bilan bir ko‘ngildan suhbatlashib qoladigan bo‘lsak (albatta bunday baxt ikkalamizga ham tez-tez nasib bo‘lavermaydi, ikkalamizda ham hamisha bandlik), ming yil o‘tib ketganini ham sezmaymiz. Mening yaratgandan so‘rovim bunday:
«Bandam degan bandangni «yonidagi odam»dan qisma. Umr o‘zi bir siqim. Shuniyam qanchadir qismini kelishmovchilik, g‘idi-bidiga sarflashga to‘g‘ri kelsa, bu ovora umrguzaronlik uchun, bu tiriklik dunyosiga kelib-ketib yurishga arzimaydi».
— Izma-iz voyaga yetib kelayotgan avlodlar orasidagi davomiylik va farqlar, sizningcha, aynan qaysi jihatlarda ko‘rinadi? Bordiyu, avlodlar orasida farqlar sodir bo‘lsa, buni qanday yo‘sinlar bilan yaqinlashtirish mumkin? Ma’naviy qashshoqlik qusurini nima bilan izohlash mumkin?
— Avlodlarni katta, umuminsoniy tuyg‘ular birlashtiradi. Masalan, bir butun xalqqa bo‘lgan fidolik, yorga, farzandlarga bo‘lgan mehru-muruvvat. Odamlar avlodlar orasida ko‘prik vazifasini o‘tashi, ajdodidan qolgan duru gavharlarni yo‘l-yo‘lakay to‘kmay, yo‘qotmay, o‘zi topolsa qo‘shib avlodlariga yetkazishi kerak bo‘lgan ko‘prik vazifasini ado etmog‘i lozim. Biz, afsus, mana shu tarixiy zaruriyatni ko‘ngildagiday qilib o‘tayapmiz deb aytolmaymiz. Bolalarimizning ko‘zlariga, yuraklariga nazar tashlab ko‘ring, yo‘q, ko‘pincha ularning sirtiga qarab, ba’zan havasing kelsa-da, ko‘ngillariga ko‘z solib zulmatga duch kelasan. Qancha kuzatma, sarson bo‘lib qancha izlama miltillagan nur ko‘rinmaydi. Buning uchun mana shu quruq shovqini zo‘r, shaqildoqsifat bolalardan xafa bo‘lmang, ukam, bunda ularning zarracha aybi yo‘q. Ayb, bobolaridan olgan inju-durlarni bolalariga yetkazib berolmagan noshud ota-onalarda. Ba’zan davralarda ikki og‘iz tabrik so‘zini o‘zbekcha aytolmaydigan ziyoli do‘stlarimiz bor. Ikki og‘iz tabrik so‘zi! Shuni aytolmaydigan odam o‘z bolasiga jahonga ko‘z-ko‘z qilgulik boyligimiz bo‘lgan Ahmad Yassaviydan nima aytib beroladi? Mahmud Koshg‘ariydan-chi? Bobolarimiz o‘z tillaridan tortib «Devoni lug‘atit turk»dagi chug‘urlagan qush tiligacha bilganlar. Bizning ehtiyotsizligimiz, beg‘amligimizni qarangki, o‘z tilimizni ham yo‘qotib o‘tiribmiz. Til-a, tilsiz, o‘z ona tilisiz yer yuzida qandoq bosh ko‘tarib yuradi odam!
— Shaxs madaniyati to‘g‘risida o‘ylaganingizda, sizni nimalar bezovta qiladi?
— Hayotda o‘zini tanishdan, o‘z tomirlari qaysi buloqlardan suv ichganini bilishdan muhimroq jarayon–yo‘q. Tanigan, bilgan odam o‘z darajasiga, «o‘zining narxi qanchaga baholanishiga» fahm-farosati yetadi.. O‘zining qadriga yetgan odam o‘zi ilma-teshik sholchada o‘tirib, o‘zgaga parto‘shak to‘shamaydi.
— Yaxshilik, mehr-muhabbat, oqibat, samimiyat singari fazilatlarning qadrsizlanishini qabul qila olasizmi? Vijdon ekologiyasi, ong ekologiyasi kabi tushunchalar fikrlashuv tarzingizga chuqur o‘rnashib dard bilan takrorlanyapti. Masalaning bunday xavotirli sababi insoniy kadriyatni asrab qolish muammosiga borib bog‘lanadi, chog‘i?
— G‘alati paradoks. Biz to‘q yashaganimiz, bilim saviyamiz, savodimiz ortgani sari qadimiy qadriyatlarimizdan, bir-birimizdan uzoqlashib ketayotgandaymiz. Oddiy insoniy muomala, bir-birining ko‘nglini ovlash kamyob hodisaga aylanib borayotganday. Tabiat-ku, bilmayman, qay g‘azab keltirar qilmishimiz bois, noshud bolasidan yuz o‘girgan otaday berman qaramay ko‘llari qurib, qush-qumursqalari qirilib, dov-daraxtlari so‘lish tortyapti. Odamzod, bu bugungi goho beyod, bedod bo‘lib borayotgan odamlar ham shu tabiatning farzandida, nahotki biz ham mehru diyonatdek yashil yaproqlarimizni to‘kib, quruq tanaga aylanib borayotgan bo‘lsak?!
Qo‘rqayapman. Odam-odamga o‘xshamay borayotganidan qo‘rqayapman, Ikrom, Respublika televideniyesining «Inson va qonun» ko‘rsatuvida bir sud jarayonini olib ko‘rsatishgani hamon esimda. Prokuror voqea tafsilotini aytib tugatguncha o‘zini yig‘idan to‘xtata tolmadi. Ehtimol, o‘sha kuni shu ko‘rsatuvni kim ko‘rgan bo‘lsa, hamma yig‘lagandir. Birovning g‘amidan yig‘lay oladigan odamdan umid qilsa bo‘ladi.
O‘sha kuni bir yo‘la uch odam, xotini va qaynonasini otib o‘ldirgan, qaynisinglisini og‘ir yarador qilgan qotil yigitni sud qilishib, otuvga hukm qilishdi. To‘rt qurbon bir uydan! Bunday kunda xalqdan oldinroq biz yig‘lashimiz kerak, Ikrom! Qaysi xalqdaki kotil ko‘p bo‘lsa, qurbon ko‘p bo‘lsa, bu hol uchun avvalo shu xalqning yozuvchisi yig‘lashi kerak! Negaki, biz o‘z asarlarimiz bilan donishmand Chingiz Aytmatovning o‘z Manqurt bolasining o‘qidan halok bo‘lgan Nayman onasining nolalariday fig‘onu-faryodlarimiz bilan xalqning qotib borayotgan ko‘ksini yumshatishimiz, jaholatning oldini olishimiz kerak edi. Dahshatga tushganim, Ikrom, o‘limga hukm qilinishiga aqli yetib turgan qotil «Qo‘shimchangiz bormi?» degan savolga bir-ikkita shunday arzimas gaplarni qo‘shimcha qildiki, alamdan dod deging qeladi! Vijdon, imon tanazzuli emasmi bu?! O‘sha kuni qotilning xotini voqeadan ancha oldin uning cho‘ntagidan nasha topib olgani, uyida to‘polon bo‘lgani, eri xotinini urganini aytishdi.
«Opam o‘zini eri o‘ldirishini yaxshi bilardilar, — deydi kelinchakning singlisi ko‘z yoshini duv-duv to‘kib, — erdan chiqishni or bildilar…»
Yorab, bu qanday bedodlikki, or-nomus kuchi faqat va faqat o‘zini o‘ldirmoqqa yetsa! Biz qizlarimizni qanday tarbiyalayapmiz o‘zi, nahotki ular o‘zlarini himoya qilish uchun tariqcha kuch topolmasalar? «Erdan chiqarib olish o‘limdan yomonligi» haqidagi qayerdagi be’mani fikr bizning mushfiq, munis onalarimiz, mo‘min-musulmon otalarimiz ko‘nglidan qachon chiqib ketadi? Qachon ular o‘z qadrlari, odam uchun bir martagina beriladigan hayot qadriga yetadigan, o‘z qadri uchun bosh ko‘tara oladigan bo‘ladilar, qachon?!
— Insonning tabiatga munosabatida madaniyatning o‘rni?
— Inson tabiatga faqat o‘z iste’moli uchun kerakli narsa deb qarayapti. Men shundan tashvishdaman. Bolaligimni, 3—4 sinflarda o‘qib yurgan paytlarimni eslayman. Kolxozimizning yuqori qismidagi u to-moni Kotlavonga tutashib ketadigan behishti jovidonni eslatuvchi bog‘i bo‘lib, o‘sha bog‘ yer bilan bitta bo‘lib to‘kilgan olmalarni oqizib ketayotgan suvlari bilan faqat xotiramdagina qoldi: Yam-yashil xushbuy gilam — chim ustida u yer bu yerda yotgan katta-katta oppoq olma, noklar, Ikromjon, o‘ynay-o‘ynay u yer bu yerda dumalab uxlab qolgan bolachalarga o‘xshardi. Dastlabki kitoblarimdan biridagi satrlar o‘sha bir umr ko‘ngilimga muhrlangan ko‘rinishlar tasviridir:
Unda-munda uxlab qolgan go‘daksaxt —
Chimga naqsh olmalar to‘kibdi daraxt.
Go‘daklarni yerdan ko‘taradir baxt,
Yurtim, to‘kin bog‘lar fasli bu fasl.
O‘shanda kolxozning Yusuf Xo‘jabekov degan izzatli raisi bo‘lardi. U kishi hozir Yangiyo‘lda. Ular otam bilan chaq-chaq suhbat qurib, kitobxonlik qilganlarida tongotar bazm bo‘lardi. Go‘rlari nurga to‘lgur otam eski kitoblarni qiroatini joyiga keltirib, g‘alati, yurakni larzaga keltiruvchi bir xonish bilan o‘qirdilar…
…Shunday qilib, Hazrat Alimiz munkib yiqilgan, yelka, yag‘rini supaday, bir elni ko‘targulik saman otlarini bir siltanib ko‘tarib oyoqqa turgizibdilaru, hayron qolgan olomonga qarab shunday bir so‘z debdilar….
Men ishonardim. «Bir elni ko‘tarib borayotgan saman otlarga», «Engilsang o‘ldiraman, yengsang senga xotin bo‘laman» sharti asosida Hazrat Ali bilan yakkama-yakka kurash tushgan «malikalar malikasi» Zefununni yenggan Hazrat Alimiz Zefununni shu yurtga hokim qilib qoldirib, o‘zi yana yangi janglarga ot qo‘yib ketayotganiga ishonib yashardim.
Yaqinda Toshkent ko‘chalarida shu saman zuryodlaridan birini ko‘rib qoldim. Ishonasizmi, sog‘inchdanmi, o‘kinchdanmi, ko‘zimga yosh kelib, to otning qorasi ko‘rinmay qolguncha orqamga qaray-qaray ketdim. Nahot, bu ozib-to‘zib qovurg‘alari sanalib turgan ot, o‘sha «bir elni ko‘taradigan» saman avlodlaridan bo‘lsa. «Bo‘ron yollar» qayoqda, xas-xus ilashib chalkashib yotgan siyrakkina yolga bir umr taroq tegmagan… Ko‘zlari… Ko‘zlaridagi hasratga bardosh berish qiyin. Hayvonniki bo‘lsayam!
Yo‘l-yo‘lakay guvillab bostirib kelayotgan mashinalardan qo‘rqib qisinib, o‘zini kiyimlarini ehtiyotlab nariroqdan o‘tayotgan odamlarga suyik ko‘zlari bilan javdirab… Kolxozimizdagi o‘sha bog‘i eram allaqachonlar qurib, sinib, cho‘kirtak bo‘lib yotardi. Bultur bog‘ni butunlay qo‘porib, tozalab, yangi niholchalar o‘tqazishdi. Men o‘sha bog‘ning, ilk ko‘chatlarini xudo rahmat qilgur Rizamat ota o‘tqazib ketgan bog‘ning qaytadan qad ko‘tarishini istayman. Bu bog‘ hamqishloqlarimning rangiga qon yugurtirsin, ro‘zg‘origa qut-baraka kiritsin.
Agar shu bog‘ni o‘shanday qilib ko‘tarishga biz, burungilarning qurbi yetsa, demak qayta qurish g‘alaba qiladi. Masala mana shunday qo‘yilishi kerak. Shu, endigina oyoqqa turayotgan, ko‘pam serdaromad bo‘lmagan kolxozimiz odamlarining, jabrdiyda ayollarining, bolachalarining ko‘zlarida quvonch, ishonch to‘yg‘ularini ko‘rishni istayman. Xuddi men bolaligimda, otamning bir umrlik qadrdoni Yusuf akaning davrlarida ko‘rganday…
Ba’zan tunlar uyqum uchib ketadi, Ikrom. Bog‘lar qurib bo‘ldi hisob. Toshkentning «o‘pkasi» bo‘lgan xushbo‘y, toza havoli Bo‘stonliqdan qirqilayotgan, g‘ichirlab qulayotgan 40—50 yillik bodomlar, yong‘oqlar sadosi kelib turibdi. U yoqda xalqimiz boshiga fojiali quyuq tun qorong‘usiday, bostirib kelayotgan, o‘layotgan Ulug‘ Orol. Bu yoqda qirq boshli ajdarhoday xalqqa, ayniqsa, bolalar, ayollarga zahar purkayotgan, turi qirqdan, yuzdan oshib ketgan kasalliklar. Bularning hammasi odamlarning xarakteri, kayfiyatiga ta’sir, qilmaydimi, uni tirik tutib, tik tutib yurgan ichki ustini — ruhini sindirib ma’nan o‘ldirmaydimi?
Qo‘rqaman, Ikrom, biz bugungi ahvol yechimlarini tezroq topmasak odamzod yuqoridagi aftodahol ot ahvoliga tushmog‘i, o‘z madad kuchlaridan (tabiati, tili, ma’naviyati) ayrilib, bu dashtu biyobonda tentirab qolmog‘i hech gap emas. Odamning ozgina mehru-muruvvatini sezsa yonidagi odam odamku, kerak bo‘lsa yerdagi ko‘karib turgan munis, uyatchan qizaloqday maysa ham, bir narsaga tushunadiganday tikilib, ziyrak quloq solib o‘tirgan sadoqatli it ham qo‘llaydi. Tabiatga, odamga munosabatda shundan kelib chiqish kerak shekilli.
— Insonning kelayotgan nasl oldidagi mas’ulli-gi, Muqaddas ayol — azaliy orzuingizmi yo muayyan tasavvuringizmi? Ayolning qaysi xususiyatlari ko‘nglingizni ko‘tarib, qaysi jihatlari yuragingizga zil bo‘lib botadi? Ma’naviy huquq mezoni. Uchrashuvlarga borganingizda, xususan, onalari tashlab ketgan murg‘ak, begunoh bolalar bilan yuzma-yuz turganingizda qanday ahvolga tushasiz? Sizga kelayotgan xatlarning asosiy mazmuni va sizning munosabatingiz? Armon tushunchasiga she’rlaringizda ham, maqolalariigizda ham ko‘p murojaat etasiz. Bu ma’naviy kemtiklikdan paydo bo‘lgan xavfmi?
— Odamzod qorin bilan tirik emas, deydilar. Haq gap. U orzu dunyolari, umid qo‘rg‘onlaridan chiqib ketib, uzoqqa borolmaydi, yasholmaydi. Mei afsus chekaman, Ikrom. O‘zimning bandligimga, bolalarimning otasini bandligiga, nafaqat bolalarning ko‘nglini olish, ularga mening qiblagohim — otajonimday «o‘z Hazrat Alilarimiz» haqida o‘qib berish, ba’zan o‘z sog‘ligimiz haqida qayg‘urishga ham vaqt topmay ishda til ostiga validol tashlab o‘tirishlarimizga afsuslanaman. Bu, biz — bugungi avlodning umumiy dardi. Biz yer yuziga umid bilan kelgan ekanmizmi, odamday yashashimiz ham keragu, shunday emasmi? Nafaqat, bugungi ishni, uzoqroqni, bolalar taqdirini ham o‘ylashimiz, ertangi yuklarni tortingi kerak bo‘lgan «yuragi tinch, asabi mustahkam» odamni voyaga yetkazish uchun bugun o‘zimiz hotirjamroq ishlash, yashash sharoitiga ega bo‘lishimiz kerak: Bilaman, bu, oson emas. Ayniqsa, bugungi jamiyatning tanazzul ahvolda turganida. Ammo asta-sekin yo‘l qidirib, davlat ishiga zarar yetmagan holda (davlat ishi ham o‘zimiz tortishimiz kerak bo‘lgan yuk) xalqni mana shunday «halloslagan otday» emas, sokinroq, xotirjamroq, odamday yashash sharoitiga olib kelishimiz kerak. Qadri baland ishlar, ulug‘ kashfiyotlar hamma zamonda ham «bo‘lho-bo‘l, chopa-chop» ning emas, tinch oqar daryoday sokin xayollar, erkin fikrlashlar mahsuli bo‘lgan.
Biz ehtimol dastlabki qurgan paytlarimizda yo‘l qo‘ygan noshudligimiz, xatolarimiz uchun endi «qayta» qurayotgandirmiz. Harholda qurgan imoratini buzib, qayta-qayta quraverish me’morga obro‘ keltirmaydi… Halloslab yurib bajariladigan ishning natijasiga ishonib bo‘ladimi?! Insonni, ko‘ngil daryolari sayoz tortib, qurib borayotgan insonni orzu dunyolari, umid qo‘rg‘onlariga qaytarish kerak. Shunda uning zada yuragida o‘kinchmi, armonmi paydo bo‘lsa ajabmas. Qo‘li qaltiramay, kiprik qoqmay osoyishta ko‘ngil–bilan «bolamdan ixtiyoriy, qaytib olmaslik sharti bilan voz kechaman», deb yozib berib ketayotgan ayol ham jamiyatning siz bilan mendek teng huquqli grajdani. Bu begunoh norasidalar jamiyatdagi xato ishlar, xato munosabatlar mahsuli. Shuning uchun ham jamiyat o‘z xatolarini o‘zi tuzatishga majbur. So‘zsiz bu tirik yetimlar ko‘chada qolmaydi. Keyin ularning umr yo‘llari qanday kechadi, ko‘ngil jarohatlari umr bo‘yi bitadimi, bu haqda o‘ylamay iloj yo‘q. Mohigul qizim shamollab qolib kasalxonaga tushdik. Palatamizda to‘rtta bolalik ayollar yotar, har biri o‘z kasal bolasining tashvishlariyu, taglik yuvishdan bo‘shamasdi. Bizning xonamizga to‘rt oylik chaqaloqni olib kirib yotqizishib, tayinlashdi: «Onasi zapiska yozib, bola yostig‘ining tagiga qo‘yib, kechasi qochib ketibdi. Shu bo-laga qarab turingdar, savob bo‘ladi». Onasini izlab hammaga javdirab qarab yotgan o‘g‘il bolachaning ko‘zlari qop-qora, katta-katta. «Qo‘shni palatada ko‘ruvdim onasini, turqi sovuq edi o‘zi, — gap boshladi hamxonamiz, yoshi kattaroq ayol burnini jiyirib, — bir kamimiz harom bola boqish edi…»
Pol yuvadigan kampir berib ketgan shishadagi sut achib qolgan ekanmi, yutoqib emgan bola birdan qotib-qotib yig‘lay boshladi, ichi ketdi.
Biz ayollar bolani navbatma-navbat ko‘taramiz, og‘ziga suv, sut tutamiz. Pol yuvuvchi kampir bolaning karovatiga tashlab qo‘yilgan ko‘ylakchalar, yo‘rgakliklariga ishora qiladi: «Anuvni qarang, voy sho‘rligey, dazmollab ketganini qarang, qalpoqchasiga gul tikib o‘tirganini ko‘rib hayron qoluvdim, sho‘rlikka. Uch kun bo‘ldi kelganiga. Ko‘zidan yosh quriganini ko‘rmadim. Bir katta dardi borda bechoraning. Ey, bu dunyosiga o‘t ketsin. Yonidagi sherigiga «bolamning otasi yo‘q, uyim yo‘q ko‘tarib qayoqqa boraman», degan ekan. Kechasi kiyimlarini ham olmay qochib ketibdi».
Qarang, ehtiyotsiz qo‘yilgan bitta qadamning oqibatlari. Bir toydimi, keyin xato ustiga xatoga yo‘l qo‘yayotganini o‘zi ham sezmaydi chog‘i odam. «Hah, sho‘rlik-a, otasiningku tayini yo‘q ekan, onasi go‘r bo‘lib sen nimaga tashlab ketasan, bu go‘dakkinani. Xudoga nima yozdiya, bu bola bechora.»
O‘shanda, Ikrom, men shu chaqaloqning sutli shishaning so‘rg‘ichiga qanday jon holatda yopishgani, yutoqib emganiga diqqat qilganman. Tinimsiz chinqirib yig‘layverganidan issig‘i chiqib ketgan, ko‘zlari katta bolalarnikiday jiqqa yosh (chaqaloqlar ko‘z yoshisiz yig‘laydiku), suti tugab qolgan shishani harchand tortganimiz bilan bermay quruq so‘rg‘ichini cho‘lpillatib so‘rgani-so‘rgan edi.
Odamzod bolastsning sho‘ri, qora kuni bundan ortiq bo‘ladimi? Ota bor, ona bor. Bola egasiz… «Eng toza meva» she’rimni o‘sha tunda, shu chaqaloqni ko‘tarib yurib, yig‘lay-yig‘lay yozgandim. Hozir sizga o‘sha she’rni o‘qiyman:
Gunoh mahsulidir balki jahonda,Dunyoga keltirmish balki xatolar.
Va lekin hammavaqt, har qanday onda,
Go‘daklar eng toza meva atalar. Mevam, qaysi bog‘da bunyod bo‘lding sen,
Qay noshud bog‘bon u, — mevasin otgan?
Qay bir qondan bino, zuryod bo‘lding sen,
Onam, — deb har kimga jovdirab yotgan? Balki otang bordir, tuyg‘usi ko‘lmak,
Ammo, amali bor — berguvchi farmon.
Mushkulmas, onangning holini bilmak,
Uning seni tashlab, topgani armon! O‘zi tashlab, o‘zi daraklab so‘rab
Yurar tang‘ib sutli ko‘kraklarini.
Muhabbat, sevardim seni jon qadar,
Sen bunda ishqmas, yo‘q, kulfatsan, mastsan!
Ona, sen ham endi ketarsan badar,
Qaytib bu ko‘ylakni dazmollamassan. Bilmayman, kim bunda o‘tar solib dod,
Kimdan oz, yo kimdan ko‘proq ayb o‘tdi?!
Bilganim — ko‘rnamak, nopok ikki zot
Bir toza mevani paymollab o‘tdi. Birovlar qarg‘aydi kuyinib bo‘zlab,
Birov ko‘z yoshini artar panada.
Har ko‘krakdan ona isini izlab,
Chaqaloq chirqirar kasalxonada.
Shundan keyingi uchrashuvlarning birida o‘sha she’rni o‘qiganimda chog‘roqqina zaldan o‘sha mazmunda yettita xat oldim. Birini keltiran:
«Halima opa, men ham o‘sha siz o‘qigan «toza meva»lardanman. Siz qanday o‘ylaysiz? Mei hayotim izga tushib ketishiga uncha ishonmayman. Chunki umrim bo‘yi o‘sha «otasining tayini yo‘q» degan tavqi la’natni ko‘tarib yuribman. Otasining tayini yo‘q qizga qaysi otasi tayin yigit uylanadi? Uzr. Sizga ismimni oshkor yozolmayman».
O‘z tuqqan ota-onasi tomonidan rad etilgan bolada bu dunyoda kimga ishonch qoladi? Bultur «Hayot quvonchlari va tashvishlari» ko‘rsatuvida Sirdaryodagi bolalar uyini ko‘rsatishdi.
Bir qizaloqning to‘xtab-to‘xtab, shashqator yoshi quyilib onasini chorlab, o‘ksib bo‘zlagani haliyam ko‘z o‘ngimda…
Sochlarimni yuvib o‘rgan,Onajonimni sog‘indim.
Hammadan ham ortiq ko‘rgan,
Onaizorimni sog‘indim.
— Bo‘zlama bolajon, — deganman o‘shanda yuraklarim qiyma-qiyma bo‘lib, — onaizoring o‘lganmi, deb qo‘rqaman. Sening bunday sel bo‘lib oqib, bo‘taday bo‘zlashingdan keyin ham, ona tuyaday o‘kirib, oyog‘idagi bor tushov-arqonlarni uzib sen tomonga chopmasa na iloj bor, bolajon, o‘lgan bo‘ladi-da. Odam sifatida, ayniqsa ayol, ona sifatida o‘lgan bo‘lsa umid qilma, bag‘ringni tosh qil, qizalog‘im. «Kelmasa, yig‘lagan hayfi ko‘zim», deydiku xalq.
Shunday, bugun bolalar uylariga bolalarni har xil sabablar bilan berishayapti: balog‘at yoshiga yetmay tuqqani uchun, otasining tayini yo‘qligi yo bo‘lmasa, bu bolaga qarashga rag‘bati yo‘qligi (o‘z oilasi, bolalari bor), uy torligi, yashashga sharoiti yo‘qligi, eridan ajrashib ketganligi uchun, eriga achchiqma-achchiq (bolani qaytarib olishni esa er xayolining ko‘chasiga ham keltirmaydi. Chunki uyda yangi xotin yana homilador)…
Qayoqqa ketyapmiz, o‘zi? Yorab, biz mana shu har bir o‘zining hoyu havasi, hirsi, kichkina, bachkana, maqsadchalari bilan o‘z ko‘chalariga yo‘rg‘alib ketayotgan odamchalar bilan ulkan ma’naviyat ko‘chasiga chiqa olarmikanmiz?..
Axir, boshqa yo‘l yo‘q, manavi qo‘g‘irchoqlar bilan astoydil shug‘ullanib, ularni odamga aylantirish, ta’sir qilgudek dori-darmonlar topib bu bedodlik, bag‘ritoshlik, manqurtlik kasalligiga chalinganlarni davolash, oyoqqa turg‘azishdan, qo‘ltig‘iga kirib suyab bo‘lsayam o‘sha ulug‘ yo‘lga olib chiqishdan boshqa choramiz yo‘q. Chunki, biz xalqni ko‘zlagan yorug‘ manzillarimizga faqat shu—ma’naviyat yo‘li orqaligina olib o‘tishimiz mumkin. Bu ko‘rlik, bemehrlik, beshafqatlikning hammasi inson sifatida o‘z bahosini bilmaslik, o‘z haq-huquqini tanimaslik, o‘z hayotining qadriga yetmaslikdan kelib chiqadi… Men odamga birinchi galda ma’naviy butunlik tilayman. Hayotning qaysi tomoniga nigoh tashlamang, bu xil voqealarning biridan o‘tib ikkinchisiga duch kelaverasiz. Ma’naviy qashshoqlik kemtiklik bo‘lmay, nima bu?! O‘, ko‘rgiligi ko‘p xalqimey, bolalaring ko‘rlarcha o‘z qo‘llari bilan o‘z tomirlarini chopib, qirqib yotgan bo‘lsa bu katta dardning og‘riq, ko‘lami armon so‘ziga sig‘armikan?! Agar sig‘adigan bo‘lsa, shundaydir, armon — yemirilayotgan ma’naviyat!
— Halima opa, sizning nomzodingiz Toshkent viloyatidagi G‘alaba rayonidan jumhuriyatimiz Oliy Kengashiga deputatlikka ko‘rsatildi. Unga qanday muayyan tadoriklar bilan borasiz?
— Odamlarning hayotga qarashi yaqin bo‘lib, o‘rtada begonalik pardasi bo‘lmasa bir-birini tushunish, bir-biriga peshvoz yurish tezlashadi, osonlashadi. G‘alabaliklar sermulohaza, mehnatkash odamlar.
Sharoiti har xil G‘alaba (bu rayonda serdaromad, o‘ziga to‘q xo‘jaliklar bilan bir qatorda, sharoiti qiyin, turmush tarzi og‘ir kolxoz, sovxozlar ham bor) men o‘zim tug‘ilib o‘sgan Sirdaryo viloyatining Boyovut rayonini eslatadi. Kichkina misol. Rayonga borganimda Hamza nomidagi kolxozning bolalar bog‘chasiga kirgandik. Bog‘cha hovlisi chinniday toza, saranjom-sarishta. Xonalar did bilan jihozlangan. Karavotchalarda oppoq, dazmollangan choyshablar. Bog‘cha mudirasi, bog‘cha opalarining bir-biridan sertavoze, xushsuxan munosabatlari… Lekin, mana shu risoladagidek holatlar birgina kamchilikni yanada bo‘rttirib ko‘rsatadi.
Bog‘chani isitish yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan edi. Tezroq bu ishni amalga oshirish haqida o‘yladim… Keyingi uchrashuvlarimning birida Hamza nomidagi kolxozning partkomi Sulaymon aka bog‘chada zarur hajmda remont ishlari amalga oshirilgani, bog‘cha isitilgani haqida aytdilar.
Umuminsoniyatga mehr ko‘rsatishdan ko‘ra, yolg‘za odamga mehru-muruvvat ko‘rsatish, ko‘nglini ovlash qiyinroq deyishadi. Yuqorida aytilgan jumhuriyatimiz. muammolarining har birining aksini qandaydir darajada G‘alaba rayonida ko‘rish mumkin. Tomidan chakka o‘tayotgan ayolning (rayon xotin-qizlar kengashining yig‘ilishida shu haqda gap bo‘ldi) ko‘ngliga o‘zining tashvishidan boshqa nima ham sig‘ar edi?
Har holda, qisqacha aytganda, shu ayollarning hayoti, turmush tarziga bir qatim bo‘lsada nur kiritish ham moddiy, ham ma’naviy jihatdan birinchi galdagi vazifam bo‘ladi, deb o‘ylayman.