Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: “Bo‘linish emas, birlashish yo‘lini izlamoq kerak” (1989)

MUXBIR: Hozirgi paytdagi yangi iqtisodiy va sotsial jarayonni, milliy munosabatlardagi o‘ziga xos murakkab holatlarni nazardan o‘tkazadigan bo‘lsak, bu jarayonda diniy hayotda ham o‘ziga yarasha muammolar vujudga kelganini ko‘ramiz. Bu holat hozirgi davr sharoitida milliy o‘z-o‘zini anglash taraqqiyoti bilan aloqador bo‘lib, milliy siyosat bilan ham bog‘liqdir. Sizga beradigan dastlabki savolim boshqacharoq tuyulishi ham mumkin: Bugungi kunda sovet O‘rta Osiyosi jumhuriyatlari va Qozog‘iston musulmonlarining kayfiyati qanday? Ma’naviy xotirjamlik qanday kechmoqda?

MUFTIY: Bismillahir rohmanir rohim. Yil boshida bizda juda esda qolarli voqea yuz berdi. O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlarining IV s’ezdi bo‘lib o‘tdi. Uning ishida barcha jumhuriyat va viloyatlarning vakillari ishtirok etdilar. Qurultoy jarayonida dindorlarni o‘ylantirayotgan, tashvishga solayotgan barcha masalalar oshkoralik asosida muhokama qilindi. Ularning ba’zi bir iltimos va talablari qondirildi. Musulmonlar o‘z dillaridagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdilar. Kelgusida qanday yashash kerakligi haqida so‘z yuritdilar.

IV s’ezddan keyin biz diniy boshqarma faoliyatini qaytadan ko‘rib chiqdik. Biz musulmonlar orasida yashayotganligimizni esdan chiqarmasligimiz zarur. Yaqindagina boshqarma bilan musulmonlar orasida qandaydir masofa bor edi. Endi esa ularning diniy masalalardagi talablariga javob berishga asosiy e’tiborni qaratmoqdamiz. Masjidlar ochila boshladi. Bu jiddiy masalada, davlat bizning talablarimizni bajarmoqda. Musulmonlarning muqaddas o‘ziga xos arxitekturasini mujassamlashtirgan eski masjidlar ham qaytarib berildi. Ana shular orasida Buxorodagi Kalon masjidi, Buxoro atrofidagi Bahovuddin Naqshbandiy masjidi va ziyoratgohi, Namangandagi, Qo‘qon va Andijondagi masjidlarni aytishimiz mumkin. Imom Tirmiziyning qabri ta’mirlanmoqda. Bu o‘zgarishlar asosan O‘zbekiston va Tojikistonda bo‘lyapti. Qisman Turkmanistonda ham ishlarimiz oldinga siljiyapti.

Kezi kelganda shu narsani alohida ta’kidlamoqchiman: bir yil davomida ikki mingdan ortiq xristian ibodatxonalari ochildi. Xuddi ana shu davr mobaynida bizda esa bor-yo‘g‘i ikki yuzga yaqin masjidlar ochildi.

MUXBIR: Mening o‘ylashimcha ham bu nohaqlik albatta. Barcha dinlar teng imkoniyatga ega bo‘lmog‘i lozim. Sharoit yaratib berish uchun esa joylardagi mahalliy hokimiyat astoydil bosh-qosh bo‘lmog‘i kerak. Sizningcha avvallari berkitilgan, ya’ni e’tiqod qiluvchilar quvg‘in qilingan yillardagi qancha eski masjidlar ochilishi kerak? Agar ular yetarli bo‘lmasa, O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari qancha masjidlarni qurishni istaydilar?

MUFTIY: Har bir ovul, har bir qishloq o‘z masjidiga ega bo‘lishi kerak. Shuni bilamizki, Islom jamoa bo‘lib e’tiqod qilishni, sig‘inishni yoqlaydi. Agar joy bo‘lmasa-chi? Ko‘pincha keksa kishilar juma kunlari bir marta namoz o‘qish uchun yuz chaqirimlab yo‘l bosishga majbur bo‘ladilar. Masjid faqat namoz o‘qiladigan joygina emas, jamoaning bir-biri bilan muloqot qiladigan joyi hamdir. Bugun biz masjidlarda «Kimga nima kerak? Kim nimaga muhtoj? Kimga qanday yordam kerak?» – degan masalalarni hal qilmoqdamiz. Tarbiya markazini tashkil qilish istagimiz bor. Musulmonlar uchun mehr-shafqat masalasi nihoyatda muhim. Insoniy munosabatlarni o‘z o‘rniga qo‘yib, bir-birimizga ko‘mak bermog‘imiz kerak.

Bizga Toshkentdagi eski masjidlardan birini qaytarib berishdi. Bu masjid shu kungacha sharob sotuvchi idoraning ombori vazifasini bajarardi. Ombor mudiri: «Bir qarang-a, hamma oynalar sindirilgan», deb qoldi. Men esa: «Nima uchun shunday?» – deb so‘radim. U: «Ko‘chadagi bolalar tinchlik berishmaydi. Yangi oyna qo‘yishimiz bilan darrov sindirib yuborishadi», deb javob berdi. Agar masjid bo‘lsa, bolalar bu yerga tosh otishmaydi. Keksalarga hurmat bilan qarashadi. Bu yaxshi, foydali. Shuning uchun ham har bir qishloq o‘z masjidiga ega bo‘lishi kerak.

MUXBIR: Aytingchi, sizningcha O‘rta Osiyo jumhuriyatlari va Qozog‘istonda qancha musulmon bor? Xammasi bo‘lib Sovet Ittifoqida 20 foiz musulmonlar bor, deb hisoblanadi: mening o‘ylashimcha, ular ko‘proq bo‘lishsa kerak.

MUFTIY: Bu murakkab savol. 20 foiz musulmonlar. Bu ateistik ish olib boruvchilar qarashlari asosida dunyoga kelgan raqam deyishimiz mumkin. Bizda shunday vaqtlar bo‘lgan ediki, faqat musulmon odatlarini amalga oshiruvchi kishilarnigina musulmonlar safiga qo‘shishgandi. Masalan dafn etish marosimi. Ma’lumki, bu marosimda barcha ishtirok etadi. Demak, ularni masjidga borib toat-ibodat etuvchilar bilan bir safga qo‘yish mumkinmi? Biz xalqimizda qancha musulmonlar borligini ayta olmaymiz, chunki rasmiy hisobot olib borilmaydi.

MUXBIR: Bizda dinga ishonuvchilar va ishonmovchilar bor deb hisoblanadi. Shunday kishilar ham borki, ular o‘zlarining dinga bo‘lgan munosabatlarini aniqlay olganlari yo‘q. Ular diniy marosimlarda qatnashadi. Diniy urf-odatlarni amalga oshiradi. Ko‘plar buni oddiy milliy an’ana deb atashadi. Bundaylar ruslarda ham, qozoqlarda ham bor. Bunday kishilar O‘rta Osiyo xalqlarida ham bor… O‘z fikrimni aniqlashtirmoqchiman. Ba’zi bir kishilar uchinchi toifaga kirishlari mumkinmi? Ya’ni ular o‘z hayotida diniy urf-odatlarga bo‘lgan munosabatini aniqlashmasa-da ammo diniy an’analarni qo‘llab quvvatlashadi.

MUFTIY: Ha, O‘rta Osiyo va Qozog‘istonda ham ana shunday kishilar bor. Ularning nomlari musulmoncha, oila a’zolari ham o‘zlarini musulmon deb biladilar. Ammo ular musulmon urf-odatlarinn amalga oshirishmaydi. Diniy urf-odatlarni milliy odatlar bilan aralashtiruvchilar ham bor. Ular endilikda o‘z yo‘llarini aniq belgilab olishlari kerak. Hozir hayot o‘zgaryapti. Hamma narsa o‘zligicha bo‘lmog‘i lozim.

MUXBIR: Muqaddas Qur’on samimiylikni targ‘ib etadi. Unda musulmonlar uchun nihoyatda faxr bo‘ladigan juda ko‘p narsalar bor. «Literaturnaya gazeta» o‘quvchilariga Siz boshqarayotgan tashkilotda mehr-shafqatni targ‘ib etishga qanday qadamlar tashlanganligi haqida gapirib bersangiz.

MUFTIY: Mehr-shafqat. Bu qarash Islomning eng asosiy yo‘nalishlaridan biridir. Faqat insonga emas, atrof muhitga bo‘lgan mana shunday qarash Islomda o‘z aksini topgan. Agar bilsangiz, musulmonlarning ish kuni mehr-muruvvatga chaqirish bilan boshlanadi. Bu ham dinimizning e’tiborga molik jihatlaridan biridir. Biz doimiy ravishda odamlarni bir-biriga mehr-shafqatli bo‘lishga, tabiatga, o‘simlik dunyosiga, hayvonot dunyosiga e’tibor bilan qarashga chaqiramiz. Inson bu Alloh tomonidan yaratilgan bandai ojiz. Qur’onga ko‘ra u Xudoning yerdagi xalifasidir. Shuning uchun ham u o‘z o‘rniga ega bo‘lmog‘i lozim. Alloh kishilik jamiyati uchun qanday ishlar qilishimizni doimo eslatib turadi.

Shuning uchun ham biz mehr-shafqat fondining a’zolari hisoblanamiz. Mehr-shafqatga bo‘lgan mening harakatlarim saylovoldi rejalarimda o‘z aksini topgan. Hozirgi paytda biz ehsonga muhtoj bo‘lgan kishilarga yordam beryapmiz. Kelgusida har bir muhtoj bo‘lgan musulmonlarni masjidga biriktirib qo‘ymoqni, masjid esa u kishini o‘z qaramog‘iga olmog‘ini mo‘ljallayapmiz. Hozirgi paytda ba’zi bir bolalar uylari, qariyalar uylari bilan aloqa bog‘laganmiz.

MUXBIR: Musulmon an’analari o‘z asosiga ko‘ra doimiy ravishda tinchlikni targ‘ib etgan. Men Yaqin Sharqda 15 yil yashadim. E’tiqod qiluvchilar hayotini yaqindan kuzatdim. Islom siyosatga aralashmagan joyda doimo tinchlik hukmron ekanligini ko‘rdim. Afsuski, so‘nggi yillarda ba’zi bir voqealar yuz beryaptiki, bu tashvishli holat albatta. Farg‘onada va boshqa shaharlarda musulmon o‘zbeklar nega o‘z e’tiqodlariga qarshi chiqmoqdalar? Hatto odamlarni o‘ldirgan, bezorilik qilgan bu yoshlarning harakatini Sizningcha qanday baholamoq kerak?

MUFTIY: Bu voqealarga Islomning hech qanday dahli yo‘q. Yosh o‘zbeklar musulmon tarbiyasini olmaganlar. Agar ular Islom to‘g‘risida qandaydir tasavvurga ega bo‘lganlarida yoki Islomning mehr-shafqat to‘g‘risidagi musulmonlarga qarata aytilgan so‘zlaridan voqif bulganlarida edi, bunday afsuslanarli voqealar ro‘y bermagan bo‘lardi. Hozirgi kunda bu fojianing haqiqiy sabablari o‘rganilmoqda. Kim aybdor? Bu savolga tergov, sud javob qaytaradi. Yuz bergan voqealar ildizi chuqur. Turli xil sabablar bor. Buni harkim o‘zicha tushunadi. Iqtisodchilarning so‘zlariga qaraganda, buning asoslaridan biri iqtisodiyotdagi qiyinchiliklar, boshqa bir kishilar esa yetishmovchiliklar haqida gapirishyapti. Lekin o‘ylashimcha, bu voqea ipidan-ignasigacha chuqur o‘rganilganidan so‘ng aniq javob beriladi. Yakuniy xulosalar to‘g‘risida butun xalqqa ma’lum qilishga so‘z beraman.

Farg‘onada va O‘zbekistonning boshqa shaharlarida yuz bergan tashvishli voqealar sabablarini bartaraf etish zarur albatta. Qancha tez oldi olinsa, shuncha yaxshi bo‘ladi. Biz U qanday murakkab ish bo‘lishidan qat’iy nazar bunday ishda ishtirok etish tarafdorimiz.

MUXBIR: Meni uch narsa hayratda qoldirdi. Bunda yoshlar katta qatlamining ishtiroki, ko‘p qurollarning borligi, bu qurollar qo‘llanilgandan so‘nggi holat. Kimlardir narkotik moddalarni iste’mol qilgan, kimlardir spirtli ichimliklarni ichgan. Eng tashvishlanarlisi – kurash aholining turli qatlamlaridan chiqqan. Mesxetiyalik turklar dastlabki jabrdiyda bo‘lishdi. So‘ngra ruslar, buxoro yahudiylari va armanlar to‘g‘risida gapirishmoqda. Ularga qarata: «Bizning jumhuriyatimizdan chiqib ketinglar», degan baqir-chaqirlar bo‘ldi. Men o‘zbeklarni eng mehmondo‘st odamlar deb hisoblashga o‘rganganman. Toshkentda ikki marotaba bo‘ldim. O‘shanda o‘zimni xuddi o‘z uyimdagidek his etgan edim. Nima bo‘ldi o‘zi?

Men har doim e’tiqod qiluvchilarga hurmat bilan munosabatda bo‘lganman. Moskva sharqshunoslik institutida mening ustozim professor Yevgeniy Aleksandrovich Belyayev Islom to‘g‘risidagi darsdan saboq berayotganida dinga munosabatda aslo dinga qarshi tashviqot olib boruvchilarday munosabatda bo‘lmaslikni uqtirgan. Ustozimning o‘gitlari ba’zi bir diniy muammolarni tushunishda katta yordam beryapti. Yaqin Sharqda yashaganimda, jumladan Damashqda, Kuvaytda, Hindistonda, boshqa mamlakatlarning shaharlarida bo‘lganimda Juma kunlari masjidga borganman. Tanish musulmonlarning oilasida bo‘lganman. Ularning odatlarini his etishga harakat qilganman. Bir kuni Bag‘dodda Al Qozmiya masjidiga borganimda diniy odatlarning biri – zikr tushish paytiga to‘g‘ri kelib qolganman. Mening oldimga masjid imomi keldi. Unga men rus ekanligimni aytdim; Qur’onni ochib arab tilida birinchi suralarini o‘qidim. Imom hayron bo‘lib: «Sen musulmonmisan?» – deb so‘radi. Yo‘q, men masjidni ko‘rishni xohlayman, dedim. Imom masjidni menga ko‘rsatdi. Al-Qozmiy nihoyatda ajoyib masjid. Ammo bu yerdagi holat butunlay boshqacha edi. Shunday bo‘lsa-da, menga nisbatan hech qanday hurmatsizlik bo‘lgani yo‘q. Hozirgi paytda esa bizda qandaydir boshqacha holat. Sizningcha shamol qayerdan esyapti?

MUFTIY: Musulmonlar, jumladan o‘zbeklar mehmondo‘st bo‘lishgan va shundayligicha qolishadi. Mesxeti turklari, Qrim tatarlari xususida gapiradigan bo‘lsak, ular 45 yil avval bizning yurtimizga ko‘chirib haydab keltirilgan. Xalqimiz hurmat bilan kutib oldi. Bir to‘g‘ram nonini birga baham ko‘rdi. Bir necha yil mobaynida hech qanday to‘polonlar bo‘lmagan. Hamma osoyishta, do‘st yashadi. Bir-birini hurmat qilishardi. Mesxeti turklari o‘z qizlarini o‘zbeklarga berishdi. Bir joyda qo‘ni-qo‘shni bo‘lib yashadilar. Musulmonlar bunday holatni doimo yaxshi kutib olganlar. Axir biz hammamiz Odam Ato farzandlarimiz-da.

Saylovoldi mavsumi jarayonida bu narsa yaqqol ko‘rinib turdi. Saylovchilarning 40 foizi musulmonlar emas. Ruslar va boshqalar meni juda yaxshi tushunishdi. Ishonchli vakillarim orasida rus provaslav cherkovining vakili Toshkent va butun O‘rta Osiyo yepiskopi bor edi. Ammo birdaniga Farg‘ona voqealari…

MUXBIR: Men Qur’onda eng ko‘p tarqalgan so‘z sabr ekanligini bilaman. Bu so‘z Qur’onda to‘qqiz marotabadan ko‘proq takrorlanadi. Hozirgi paytda qiyinchiliklar faqat O‘zbekistondagina emas, boshqa jumhuriyatlarda, jumladan Rossiya Federatsiyasida ham bor. Mening o‘ylashimcha, qanoat qilmoq har qachongidan ham zarur. Chunki yuz bergan murakkabliklarni umumiy kuch bilan bartaraf etmog‘imiz zarur.

MUFTIY: Bir narsani alohida ta’kidlamoqchiman. Bizning jamiyatimiz ma’naviy munosabatlar yaxshilanishiga nihoyatda muhtoj. Ahloqiy tarbiya juda zarur. Odam murakkab sharoitga, qiyin ahvolga tushishi mumkin. Agar u ma’naviy pok, ahloqan tarbiyalangan bo‘lsa, sharmandali ishda ishtirok etmaydi. Shuning uchun ham men saylovoldi mavsumi jarayonida bu masalani ko‘tardim. Oshkoralik, demokratiya, qayta qurish bugungi kunda hayotimizning asosi sifatida e’lon qilindi. O‘ylashimcha, xalq demokratiyani to‘liq qabul etishga hali tayyor emas. Ba’zi bir kishilar buni mitingbozlik huquqidan, namoyishlarda ishtirok etishdan, bir-biriga qarshi turishdan iborat deb tushunishmoqda. Haqiqatda shundaymi? Demokratiya bu demokratiya, ozodlik bu ozodlik. Musulmon faylasuflari «Sening ozodliging chegarasi mening ozodligim boshlanganicha mavjuddir», degan so‘zlarni gapirishgan. Biz boshqa kishilar bilan ham yonma-yon yashayotganimizni unutmasligimiz kerak. Bir-birimizni hurmat qilishni o‘rganmog‘imiz lozim.

MUXBIR: Shuni unutmaslik kerakki, bir-birini tushunmoq uchun har tomonlama harakat zarur. Siz bir narsaga e’tibor bermadingiz. Keyingi vaqtda o‘zbeklar, tojiklar, turkmanlar, qozoqlar o‘rtasida bir-birini tushunishga bo‘lgan harakat kuchayganligi sezilmoqda. Ammo bu an’analar hammaning yuragiga yaqin, deb aytish qiyin. Shu bilan birga bir-birini anglashga qarshi turuvchilar kamchilikni tashkil etadi. Musulmon dini vakillari kim tarafda?

MUFTIY: Bir-birini tushunish – hayotiy zarurat. Bunday zaruratni biz avvallari ham sinovda o‘tkazganmiz. Bizning jamiyatimizda bir-birini tushunish hayotimizning barcha sohalarida juda zarurdir. Musulmon dini vakillari uni mustahkamlash tarafdori.

MUXBIR: Hozir ko‘pincha siyosatni islomlashtirish yoki bo‘lmasa Islomni siyosatlashtirish to‘g‘risidagi gaplarni eshitishga ham to‘g‘ri kelyapti. Mening uylashimcha: unisi ham, bunisi ham yuz berayotgan voqealarni aniqlashda yordam beradi. Islom dunyosidagi siyosat ko‘pchilikni o‘ziga tortmoqda. Hukumat boshliqlari va qirollar, jumhuriyat prezidentlari. Masalan, Afg‘oniston atrofidagi voqealarni oling. Hozir u yerda bizning harbiylarimiz yo‘q. Afsuski, urush davom etyapti… Vahhobiychilikka munosabatingiz qanday? «Vahhobiylar» Afg‘onistondagi kontrrevolyutsion hukumat tarafdori bo‘lib turishibdi. Ular ortida Saudiya Arabistoni, so‘ngra amerikaliklar bor. Men qora chaplash niyatida emasman. O‘rta Osiyo jumhuriyatlarida «Vahhobiylar» faoliyatining faollashishi tasodifiy bo‘lmasa kerak? Bizning Janubiy sarhadlarimizda Islom o‘choqlarini tuzish yo‘lidagi harakat bilan bog‘liqqa o‘xshaydi? Men Sizning bu to‘g‘ridagi fikringizni bilmoqchiman.

MUFTIY: Sizning savolingiz Afg‘oniston bilan bog‘liq bo‘lsa-da bunga kengroq javob bermoqchiman. Chunki, mintaqadagi barcha voqealar, Eron Islom inqilobini ham oladigan bo‘lsak, ularning barchasi Sovet Ittifoqidagi musulmonlarga ta’sir qiladi. Ammo g‘arb g‘arbligicha qoladi. Biz buni yaxshi bilamiz. Bu masalalarga nihoyatda diqqat e’tibor bilan qaramog‘imiz lozim. (Nihoyat) Bu masalalar kishilarni Sovet Ittifoqiga qarshi qo‘yadi. Nihoyatda makkorlik va ayyorona ishlar. G‘arb jurnalistlari bizga turli xil xabarlarni yetkazishmokda. Turli xil g‘oyalarni, turli xil ta’limotlarni targ‘ib etishga harakat qilmoqda. Yaqin-yaqingacha ular Sovet Ittifoqi musulmonlarni batamom yo‘q qilgan, Islom butunlay ta’qiqlangan, deb gapirib keldi. Endilikda esa ular: «O‘rta Osiyoda musulmonlar nihoyatda shakllangan. Lekin Sovet Armiyasida ular kamchilikni tashkil etmoqda. Vaqtlar keladiki, ular Moskvaga qarshi qurolli qo‘zg‘olon ko‘taradilar», demoqdalar. Mening o‘ylashimcha, ular bir tosh bilan ikkita quyonni urishni mo‘ljallashmoqda. Bizning hukumatimizni qo‘rqitishni, musulmonlarning Moskva bilan munosabatiga rahna solishga harakat qilishmoqda. Bunday sharoitda xalq nihoyatda hushyor bo‘lmog‘i lozim. Bizning Janubiy sarhadlarimizdagi voqealarni diqqat bilan kuzatmog‘i kerak.

«Vahhobiylar»ga kelsak, ularning ta’limoti biz uchun ma’lum. Uning asoschisi Saudiya Arabistonida yashagan. U asosan yahudiylarga qarshi ta’limot yurgizgan. Buni barcha biladi. Ammo vaqt o‘tyapti. Har kim bu ta’limotni turli xil qabul qilmoqda. Keksalarda Islom to‘g‘risidagi o‘ziga xos qarash bor, yoshlarda o‘ziga xos.

MUXBIR: Yangi vazifada Sizga muvaffaqiyat tilayman. Bu ish, o‘ylashimcha, hozirgi paytda juda muhimdir. Ayniqsa, odamlarning ma’naviy turmushini o‘zgartirishda.

MUFTIY: Tashakkur. Men yana bir aniq narsani aytmoq-chiman. Hozir biz Islomning 1400 yilligini nishonlashga tayyorgarlikni boshladik. Haqiqatni aytish kerakki, hozircha bu jarayonni muhokama qilish bilan bandmiz. Xalq deputatlari, jumladan xalq deputatlarining birinchi s’ezdi paytida Mixail Sergeevich Gorbachevga yubiley tantanalarini o‘tkazish taklifini bildirdik. Bu taklif ma’qullandi. Men Sizning gazetangiz orqali mana shu xushxabarni e’lon qilmoqchiman.

O‘rta Osiyoda dastlab musulmonlar Turkmanistonning Marv shahrida paydo bo‘lgan. Boshqa joylarga kelsak, tarixiy hujjatlarni o‘rganish zarur. Biz albatta o‘rganamiz. Bu yo‘lda tarixchilar yordam berishlari kerak. Islomning 1400 yilligini bayram qilish uchun ko‘p narsani aniqlash va har tomonlama tayyorgarlik ko‘rmoq zarur. Mening o‘ylapshmcha, bu juda katta bayram bo‘ladi. Mamlakatimizda bu borada tajriba bor. Yaqinda Rusda sig‘inishning ming yilligi nishonlandi. Biz bu bayramda ishtirok etdik. Xalq nihoyatda xursand edi. Biz o‘z musulmon bayramimizni ham ana shunday keng ko‘lamda nishonlasak, bu adolatdan bo‘lur edi. Alloh ana shu mubrrak qunni munosib nishonlashga imkoniyat yaratadi, deb ishonamiz.

Kelgusi yili imom Tirmiziyning 1200 yilligini nishonlashni rejalashtirganmiz, u olti muborak Hadis kitobidan birining muallifi. Imom Tirmiziy Tirmiz shahrida tug‘ildi. Va bu shahar yaqinida dafn etilgan. Uning kitobini butun dunyo o‘qimoqda. Har bir musulmon bu shaxsga yuksak hurmat bilan karaydi. Biz ham bu mashhur kishining kitobidan keng ko‘lamda foydalanishni mo‘ljallayapmiz. Yubiley tantanalarini «Imom at-Tirmiziy va hozirgi zamon» shiori ostida o‘tkazishni mo‘ljallaganmiz. Bu bilan Islom olg‘a surgan insoniylik, tabiiy muhit, madaniy va boshqa muammolarni odamlarga tushuntirmoqchimiz…

So‘nggi so‘z. Men «Literaturnaya gazeta»ga katta e’tibor bilan qarayman. Har bir sonini o‘qib chiqishga harakat qilaman. Sizning gazetangiz qayta qurish yo‘lida katta ishlar qilyapti. Gazeta xodimlariga muvaffaqiyatlar tilayman. Uning mushtariylariga ham eng yaxshi tilaklar bildiraman.

MUXBIR: Suhbat uchun tashakkur. O‘ylashimcha bu suhbat mamlakatimizning turli joylarida Islomning tarqalishiga katta qiziqish uyg‘otadi. Sharqda qabul qilinganidek: «Sizga tinchlik tilayman. Assalomu alaykum!»

«Literaturnaya gazeta», 1989 yil, 13 sentyabr.