Bugungi kunda ko‘pgina tarixchilar va arxivshunoslar orasida mustamlaka qilib olingunga qadar O‘rta Osiyo davlatlarida «hech qanday arxiv bo‘lmagan» degan nuqtai nazar yashab keladi. Taniqli sharqshunos A. A. Semyonov RSFSR Markaziy arxivi vakili, Turkiston respublikalari Markaziy arxiv ishlari boshqarmasi boshlig‘iga 1922 yil 22 mayda quyidagilarni yozma ravishda xabar qiladi: «Sizning O‘rta Osiyoda eski arxivlar mavjudligi xususidagi so‘rovingizga binoan shuni xabar qilamanki, bu yerda bunday narsalar yo‘qdir, Musulmon Sharqida, umuman Turkistonda biz tushunadigan ma’nodagi arxivni tasavvur qilolmaydilar, negaki idoraviy ishlar nihoyatda boshqacha tarzda olib borilgan…» Sharqshunos va arxeolog V. Vyatkin esa xuddi shu so‘rovga quyidagicha javob qaytargan: «Siz mendan xat orqali Turkiston o‘lkasi ruslar tomonidan bosib olinguncha bu yerda xususiy va boshqa arxivlar bor-yo‘qligi xususida so‘rabsiz, — mening o‘zim bu masala bilan qiziqib ko‘rganman va ma’lumotlar to‘plaganman. Ma’lum bo‘lishicha, xususiy arxivlar hech qachon bo‘lmagan ekan. Buning ustiga na davlat arxivlari, na qog‘ozlar saqlangan xona bor». «Turkestanskiye vedomosti» gazetasining 1873 yil 50-sonida ta’kidlanishicha, xonliklarda «davlat arxivlari va boshqa omborxonalar yo‘qdir», xuddi shu tarzdagi fikrni A. V. Chernov «SSSRda arxiv ishlari va uni tashkillashtirish tarixi» o‘quv qo‘llanmasida ham ilgari surgan: «O‘rta Osiyoda Oktyabr sotsialistik revolyutsiyasi amalga oshguncha hech qanday arxiv bo‘lmagan». Bu xildagi nuqtai nazarlarga qisman qo‘shilish mumkin, negaki hozirgi tushunchadagi davlat arxivlari O‘rta Osiyo xonliklarida haqiqatda ham bo‘lmagan. Biroq mustamlaka qilinishiga qadar O‘rta Osiyo davlatlarida «hech qanday arxiv bo‘lmagan», degan nuqtai nazar jiddiy e’tiroz uyg‘otadi kishida.
1973 yili SSSR Fanlar Akademiyasi tashabbusi bilan Xorazmga maxsus arxeologik ekspeditsiya yuborilgan edi. Bu ekspeditsiya hozir ham qazishma ishlarini davom ettirmoqda. 1948—1950 yillardagi arxeologik qazishmalar chog‘ida eramizning III—IV asrlariga oid Xorazm davlatining arxivi ochildi. Shunda tush bilan qadim xorazm tilida yozilgan 150 ga yaqin hujjat topildi. Hujjatlar teriga bitilgan bo‘lib katta xumlarda saqlangan ekan. Ekspeditsiya rahbari S. P. Tolstov qo‘lga tushgan hujjatlar bilan batafsil tanishib, ularda mamlakat xo‘jalik hayotiga oid ma’lumotlar yozilgan, degan xulosaga keldi.
Xorazm davlatining keyingi davri hujjatlari (VII asr oxiri — VIII asr boshlari) 712 yili Xorazmni arab xalifasiga bo‘ysundirgan arab istilochisi Qutayba ibn Muslim tomonidan shafqatsizlarcha yakson etilgan, degan ma’lumotlar uchraydi.
Ulug‘ alloma Abu Rayhon Beruniy «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar» kitobida shunday yozadi: «Xorazmliklar yozuvini, afsonalarini bilgan odamlarni Qutayba har xil usullar bilan quvg‘in qildi va qirib yubordi. Islom bu yerga kirib kelmasidanoq o‘lkaning tarixi haqidagi rost ilmlar qorong‘ilikda qolib ketdi».
1938 yili Zarafshon tizmasidagi Mug‘ tog‘idan topilgan hujjatlar ham shu davrlarda yozib qoldirilgan, SSSR FA ekspeditsiyasi tomonidan 89 hujjat topildiki, ularning asosiy qismi so‘g‘d, 3 tasi xitoy, bittasi arab, yana biri esa noma’lum tillarda yozilgan edi. So‘g‘d tilidagi hujjatlar charm va yog‘ochlarga, xitoychasi qog‘ozga, arabchasi esa teriga tushirilgan edi.
V. A. va I. Yu. Krachkovskiylar arab tilidagi hujjatni o‘rganib, nafaqat uning sanasini (717— 719 yillar orasida yozilgan) aniqlab qolmasdan, uning barcha tilsimlarini to‘la ochishga muvaffaq bo‘ldilar. Ularda arab bosqinchiligi davridagi Mavorounnahr tarixi haqida qiziqarli ma’lumotlar keltirilgan ekan.
I. L. Mayakovskiy «SSSRda arxiv ishlari tarixi bo‘yicha ocherklar» kitobida ko‘rsatishicha, arxivdan topilgan hujjatlar moddiy madaniyat tarixi uchun, tilshunoslik uchun katta ahamiyatga egadir. Bu materiallar arab bosqinchilari tarixini hamda Sug‘diyonada VIII asrda kechgan ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarni o‘rganishda muhim ma’lumotlar beradi.
IX—X asrlarda hozirgi O‘rta Osiyo territoriyasida somoniylar davlati vujudga keldi. Ismoil Somoniy hukmronligi davrida, mamlakatda markaziy va muzofot boshqaruvining mustahkam tarmog‘i tarkib topdi.
Markaziy boshqarma devonlardan tuzilgan. Devonlarning boshlig‘i — devoni vazir bo‘lib, u davlat markaziy boshqarmasiga rahbarlik qilgan. Davlatdagi moliyaviy boshqaruvni devoni mustavfi boshqargan. Devoni ar-rasail maxsus organ bo‘lib, bu yerda rasmiy hujjatlar to‘ldirilgan va boshqa davlatlar bilan diplomatik aloqalar yo‘lga qo‘yilgan.
Davlatni har taraflama boshqarish uchun o‘nta devon tuzilgan. Har bir devon joylarda boshqaruv organiga ega bo‘lgan. Hujjatlar va idoraviy ishlar ko‘pincha fors tilida olib borilgan.
Somoniylar hukmronligi davrida amir saroyi va markaziy boshqaruv organlarining barchasi Buxoroda joylashgan bo‘lib, saroy kutubxonasida muhim qo‘lyozmalar saqlangan. Bu kutubxona-arxivning qisqacha sharhini amir Nuh ibn Mansur (976—997) ruxsati bilan foydalangan Abu Ali ibn Sino o‘z tarjimay holida bayon etgan. Bu kutubxona bir necha xonalardan tashkil topgan. «Men ko‘pxonali uyga kirdim,— deb yozadi ibn Sino,— Har bir xonada ustma-ust quyilgan sandiq-sandiq kitob bor edi. Xonalarning birida arab tilidagi she’riy kitoblar jamlangan ekan, boshqasida fiqh (ilohiyot)ga oid kitoblar bo‘lib, har xonada ilmning tarmoqlariga oid kitoblar joylashtirilgan edi. Men qadimgi mualliflarning kitoblari ro‘yxati bilan tanishib, o‘zimga zarur kitoblarni berishni talab etdim. Men kutubxonada shundayin kitoblarni uchratdimki, ko‘pchilikka bu kitoblarning nomi ham ma’lum emas edi. Men bunaqangi kutubxonani oldin ham, keyin ham uchratmadim».
O‘rta Osiyo xalqlari tarixi yoritilgan qo‘lyozma manbalar bizgacha, afsuski, juda kam yetib kelgan. Biroq, bor ma’lumotlar shundan dalolat bermoqdaki, IX—X asrdagi somoniylar davlatida idoraviy ishlar ma’lum darajada tartibga solingani oqibatida, ko‘pgina qo‘lyozma hujjatlar yig‘ilib qolgan, ular faqatgina arxiv-kutubxonalarda saqlanib qolinmasdan, balki o‘sha davr olimlari tomonidan foydalanilgan ham.
Arxiv ishlari va hujjatxonalar XI—XII asrda g‘aznaviylar va qoraxoniylar davrida ham mavjud bo‘lgan.
Yozma hujjatlar hamda o‘sha davr shoirlari, tarixchilarining asarlari asosan, xon va amirliklar saroylaridagi kutubxona-arxivlarda saqlangan. Ammo ayrim ma’lumotlar bu xildagi hujjatlar machitlarda saqlanganidan ham darak beradi. Arab olimi Yoqut 60 varaqli Beruniy asari Marvdagi machitlardan birida, hujjatlar orasida saqlanayotganini aytadi. Yuqorida ta’kidlaganimizday, hujjatli materiallar Turkistonda yashagan turli tarixshunos olimlar tomonidan keng o‘rganilgan ham. Bunga XI asrda Majididdin Muhammad ibn Adnon tuzgan «Tarixi mulki Turkiston» ilmiy asari yorqin misol bo‘la oladiki, mazkur olim o‘sha paytdagi bilimlarni jiddiy o‘zlashtirmasdan turib, bundayin ulkan ishni amalga oshira olmas edi.
Mo‘g‘ul istilochilari davrida Turkistondagi arxiv ishlari rivojini o‘rganish ancha murakkabdir, negaki Chingizxonning O‘rta Osiyo xalqlarini bosib olishi ibn al-Asir ta’biri bilan aytganda: «ulug‘ falokat va ulug‘ kasofat ro‘y berdiki, bundayin vahshiylikni hech bir zot na u dunyoda, na bu dunyoda ko‘rgan emas.»
Afsuski, bu davrlar bo‘yicha materiallar kam. Shunga qaramay, arxiv ishlari tarixini ko‘rsatadigan ayrim ma’lumotlar bor. O‘zbekiston SSR Markaziy Davlat arxivida, biz 1920 yil 20 sentyabr sanasi qo‘yilgan Buxoro shahridagi osori atiqalar va san’at buyumlari, kitoblar qo‘lyozmasini muhofaza qilish hamda ayrim tadbirlar ko‘rish bo‘yicha komissiya yig‘ilishining 3-sonli protokolini uchratdik. Bu komissiya faoliyatida ko‘zga ko‘ringan tarixchi sharqshunoslardan, akademik V. Bartold, Ye. Betger, V. Vyatkin, Turkiston respublikalari Markaziy arxiv ishlari boshqarmasining boshlig‘i D. Nechkin va boshqalar ishtirok etgan. Komissiya yig‘ilishida V. Vyatkin ma’ruzasi tinglangan, unda Buxoro san’ati yodgorliklari va qo‘lyozmalarini qo‘riqlash bo‘yicha qabul qilingan tadbirlar haqida gap borgan. Notiq Buxoro Xalq Respublikasi maorifi nozirati xodimlari bilan birgalikda Buxoro amirining yaqin qarindoshlaridan biri Sodiq to‘ra Ismoil Devonbegi, Sattor Devonbegi va Rais hujjatlari, Buxoro amirining yozgi qarorgohida saqlanayotgan manuskriptlar va kitoblarni maxsus qo‘lyozmalar xonasiga yig‘ishga muvaffaq bo‘lganini aytadi. Bulardan tashqari ular amirlik qozi kalonidan ikki mingga yaqin hujjatlar olishadi.
Notiq xabar berishicha, qo‘lyozmalar mundarijasi, yozilgan payti turli sanalarda kechgan. V. Vyatkin xulosasiga ko‘ra eng qadimgi hujjat Chingizxon istilosi davrida, eng so‘nggisi XX asr boshlarida yozilgan ekan.
XVI asrdagi sud ishlari va Buxoro amirligining XIX asr boshlaridagi arxivi haqida ayrim ma’lumotlarni biz V. Vyatkinning D. Nechkinga 1922 yilning 22 mayida yozgan maktubida uchratdik. Bu maktubda xabar qilinishicha, 325 yil burun «Samarqand qozisi tomonidan ikki yil mobaynida yiliga 800 ga yaqin yozma shakldagi hujjatlar to‘plangan. Buxoro amiri Haydarning XIX asr boshlariga taalluqli hujjatlar to‘plami uch yil mobaynida yozilgan 200 hujjatdan iborat,» ekan (O‘zSSR Markaziy Davlat arxivi. fond 399, 78-ish, 150—151-bet).
Arxiv ishlari va O‘rta Osiyo xonliklarining Rossiyaga qo‘shib olinishi arafasidagi yozishmalar haqida quyidagi ma’lumotlar bor. Jamiki xonlar, amirlar, beklar, amlokdorlar va boshqalarning o‘zaro idoraviy yozishmalari ayrim masalalardagina olib borilgan. Har bir rasmiy xat mansabdor odamning mirzosi tomonidan tuzilgan, so‘ng u o‘z muhrini yozuvli qog‘ozga bosgan. Jo‘natilayotgan xatlarga nomer belgilari qo‘yilmagan. Xatni olgan kishi uni olgani hamono odatda, bajarishga kirishgan yoinki javob qaytargan. Olingan hujjat esdan chiqib ketgunga qadar saqlab turilgan. Ish yuritishning bunday yo‘sini tufayli idoraviy qog‘ozlarning kelishi va ketishi batartib amalga oshirilmagan.
Ma’muriy-huquqiy ahamiyatga ega hujjatlar orasida faqat vaqf yorliqlari, xon yoki amirning turli-tuman yer solig‘ini hisobga olib boradigan ruyxatlari va yorliqlari saqlanib qolgan. Lekin shuni ham aytish zarurki, bu boradagi hujjatlarni daxldor kishilargina saqlashgan. «Davlat mahkamalarida,— deb yozadi V. Vyatkin,— katta yozishmalar olib borilmagan. Yumushlar asosan og‘zaki tarzda berilib, og‘zaki qarorlar qabul qilingan, lekin nikoh tadbirlari, mulkni sotish, meros vasiqalari va shunga o‘xshash omillar albatta yozib borilgan» (O‘zSSR Markaziy Davlat arxivi. fond r-399, 1-yozuv, 71-ish, 3-bet). Bunday hujjatlar esa nihoyatda kam. Sud ishlari O‘rta Osiyo xonliklarida kutilmagan soddaligi bilan ajralib turgan. Yumushlar odatda, og‘zaki ravishda o‘sha kuniyoq hal etilgan, ayblovchi va aybdor sudga kelgach, qarori shu damda amalga oshirilgan. Yakkayu yolg‘iz yozma hujjat savdo qal’alarining imorat solig‘i edi, ammo ular ham nomersiz va nusxasiz bo‘lganidan qozilarda saqlanib qolmagan. Boz ustiga O‘rta Osiyo xonliklari o‘rtasida o‘zaro ichki nizolar, urushlar tez-tez sodir bo‘lib turgan, natijada boshqa davlatlar bilan yozishmalar, xon va amirlar farmonlari, vaqf yorliqlari, xiroj va tanob yig‘imlarining soni haqidagi ma’lumotlari bizgacha yetib kelmagan. Natijada xonlar saroylari, beklar va boshqa mansabdor odamlarning uylari xonavayron etilgani inobatga olinsa, uzoq vaqt ketadigan katta-katta arxiv binolari qurishga sharoit tug‘ilmasdi.
Shularga qaramay, xonlar arxividagi ko‘pgina hujjatlar rus ma’murlari va xonlikning sobiq mansabdor kishilari qo‘liga tushib qolgan. Oqibatda qimmatli, qiziqarli hujjatlar kollektsiya ma’nosida muzey va kutubxonalarga in’om etilgan («Turkestanskiye vedomosti» gazetasining 1902 y. 17 noyabr soni). Bunday hujjatlarning ayrimlari xorijdan kelgan odamlarga sotilgan, ular esa o‘z kutubxonalarini boyitish uchun jon-jon deb xarid qilganlar. Jamoat ariqlarida tegirmonlar qurish huquqini beruvchi hujjatlar, davlat yerlarida do‘konlar va shunga o‘xshash narsalar ayrim yer egalarining, ruhoniylarning, madrasa va machitlarning xususiy mulki sanalgan, «Xon yorliqlari yoinki shu singari hujjatlar — beklarning xonlarga yetkazgan xabarlari endilikda odamlarning qo‘lida uchramoqda» (V. V. Bartold. «Istoriya arxivnogo dela», Petrograd, 1918 y. 75-bet). Asta-sekin bu hujjatlar ham avloddan-avlodga o‘tgan sari yo‘qola borgan yoxud muzey va kutubxonalarga tushib qolgan. Aslida keyingi hollar kamdan-kam sodir bo‘lgan.
Xiva va Qo‘qon xonliklari hamda Buxoro amirligining arxivlari haqida yana nimalarni bilamiz? O‘rta Osiyoning Rossiyaga qo‘shib olinishida Xiva xonligining zabt etilishi muhim bosqichlardan biridir. 1873 yil 29 maydagi xon guruhining rus qo‘shinlariga qarshi jangidan so‘ng Xiva xonligi qo‘ldan ketdi. Xiva yurishida sharqshunos A. Kun ishtirok etib, u xon saroyini tintuv qilish chog‘ida 300 ga yaqin kitob (sharq qo‘lyozmalari) va har xil — asosan xonlikning kirim va chiqimlari bo‘yicha ma’lumot beradigan, diplomatik yozishmalar va bir qancha vaqf, mulqiy hujjatlarini yig‘ib olgan. «Turkestanskiye vedomosti» gazetasining 1873 yil 18 dekabr sonida bosilgan «Xiva yurishi mobaynidagi ilmiy ishlar» xabarida keltirilishicha, «bu hujjatlar to‘plami qiziqarlidir, ammo ularning tarix uchun muhimligidan ham quvonish kerak: 1. Ular to‘liq emas, ko‘plari yo‘qolgan va kimlardir tomonidan talangan. 2. Ular so‘nggi davrlar uchun qiziqarli ma’lumotlar beradi». Xabar muallifi A. Kun hujjatli manbalar kamligini saroyga ruslar yaqinlashib kelayotgani haqidagi xabar tarqalishi hamono boshlangan ur-surda yo‘qolgani hamda musulmon xonliklarida yozma hujjatlarni saqlash taomilga kirmagani bilan izohlaydi.
Arxiv va kutubxonani shoshilinch qarab chiqqandan so‘ng A. Kun ayrim hujjatlarni Fanlar Akademiyasining Osiyo muzeyiga topshirish uchun ajratib oladi, qolganini esa genaral Kaufman imperatorning Peterburgdagi xalq kutubxonasiga sovg‘a qilib beradi. Xiva xonligining kutubxonasi va arxivining keyingi taqdiri qorong‘iligicha qoldi. 1936 yili sharqshunos P. Ivanov Saltikov-Shchedrin nomidagi Davlat kutubxonasining qo‘lyozmalar bo‘limida ishlayotib, ro‘yxatdan o‘tkazilmagan o‘zbek tilidagi hujjatlarni uchratadi. Ular Xiva xonligiga tegishli ekani ma’lum bo‘ladi. Arxivdagi hujjatlarni kengroq o‘rganish shuni ko‘rsatdiki, hujjatlarning bir qismi Qo‘qon xonligiga doir ekan. Ivanov tomonidan hammasi bo‘lib turli kattalik va hajmdagi 120 daftar topiladi. Hujjatlar esa 1822 — 1872 yillarga tegishli edi.
Qo‘qon xonligi arxivi haqida ma’lumotlar anchagina oz. V. Vyatkin Markaziy arxiv ishlari boshqarmasi boshlig‘iga yo‘llagan maktubida «Qo‘qon xonligi saroyida Qo‘qonni bosib olish ishtirokchisidan bilishimcha, qo‘lyozmalardan boshqa, hech qanday materiallar topilmadi», deydi. Bu fikr «Turkestanskiye vedomosti» gazetasining 1875 yil 12-sonida bosilgan xabarda. rad etiladi: «Rus qo‘shinlari tomonidan Qo‘qon shahri bosib olinganida, — deb yozadi muallif, — xon saroyida arxiv qoldiqlari topildiki, bular qipchoqlar saroyni talashidan omon qolganlaridir. Bu arxivning qog‘ozlari asosan, daftarlardan tuzilgan, ba’zan sobiq xonlikning turli mavzelarida xiroj yig‘imi miqdori, ekin ekilgan maydonlarning tanob o‘lchovi, zakot yig‘imi va boshqalar haqida ma’lumotlar beruvchi daftarlar ulanilsa bir necha sarjinga yetardi. Bunday daftarlarning soni mingtaga yetib, ularning eng eskisi bundan 10 yil oldin tuzilgandir». Xabarda ta’kidlanishicha, xon arxivi nihoyatda betartib holda bo‘lgan, negaki qo‘zg‘olonchilar bu yerni ham qo‘lga olishga ulgurgan edilar. Ko‘pgina materiallarning boshi yoki oxiri yo‘q edi. Qo‘zg‘olon ko‘tarilgan payti amaldor shaxslar tomonidan xon saroyidagi hujjatlar talon-taroj etilgan. Yo‘qolgan materiallarni topishning iloji bo‘lmaydi, buning ustiga ularni izlashga hech kim hech qanday tadorik ham ko‘rmaydi. Mazkur xabarda bayon etilgan dalillar qisman A. Semyonovning 1910 yili Moskvada nashr etilgan Kaufmanga bag‘ishlangan to‘plamida ham ta’kidlanadi. Semyonov maqolada xabar berishicha Xudoyorxon Kaufmandan yordam kutib o‘tirmay, anchagina miqdordagi qimmatbaho buyumlarni yig‘ib, Qo‘qondan qochadi. Biroq qo‘zg‘olonchilar uning ortidan quvishga tushadilar va tutib olib, qochoqdan g‘aznaning bir ulushini tortib oladilar. Qo‘qon xonligi arxiv materiallari taqdiri haqida Semyonov o‘zining zikr etilgan maktubida aniqlik kiritgan: «Qo‘qon qushbegisining arxivi hamda Xudoyorxon kutubxonasi va boyliklari Xudoyorxon tarafidan Qo‘qonda yuzlab aravaga yuklanib, Toshkent yo‘nalishiga jo‘natilgan, ammo yo‘lda xonning katta karvoniga Po‘latxon degan noma’lum shaxs hujum uyushtirib, bor narsalarini tortib olib qo‘ygan. «Shundan ma’lum bo‘ladiki, Qo‘qon egallangach (1875 yil fevral), ya’ni Xudoyorxon qochganidan olti oy o‘tib, arxivning faqatgina «qoldiqlari»ni topish imkoni bo‘ladi. V. Vyatkin «Turkestanskiye vedomosti» gazetasining 1902 yil 17 noyabr sonida xabar berishicha, Toshkentdagi xalq kutubxonasida sharq qo‘lyozmalari mavjudligini aytadi. «Bu asarlar asosan K. P. Kaufman Qo‘qon xonlari kutubxrnasidan olgan sharq qo‘lyozmalaridan tarkib topgan, uning katta qismini Kaufman imperatorning xalq kutubxonasiga hadya etgan.» Xabarda bayon etilgan narsalarni shu bilan tasdiqlash mumkinki, P. Ivanov Xiva xonining Saltikov-Shchedrin nomidagi kutubxona arxivi bilan tanishayotganida ayrim hujjatlar Qo‘qon xonligiga tegishli ekanini tasdiqlagan edi. Shubhasizki, bu hujjatlar general Kaufman Peterburgdagi kutubxonaga hadya sifatida taqdim etgan qo‘lyozmalar bo‘lishi mumkin.
Shunday qilib, Qo‘qon xoni arxivi hamda kutubxonasidagi hujjatlar va qo‘lyozmalarning ko‘p qismi nobud bo‘lgan, butun qolgan qismi esa Peterburg va Toshkent kutubxonalari o‘rtasida taqsimlangan. Hozirgi paytda Toshkent xalq kutubxonasidagi barcha sharq qo‘lyozmalari O‘zSSR Fanlar Akademiyasining Sharqshunoslik nistituti fondiga topshirilgan.
Buxoro amirligi arxivi haqida uzoq vaqt hech narsa ma’lum emas edi, faqatgina 1931 yilning dekabrida Buxoro arkidagi suvab tashlangan yerto‘lada arab alfavitida, fors-tojik tilida yozilgan nomalar betartib holda topiladi. Dastlab bu materiallar Buxoro muzeyiga keltirilib, ilk marta saralanadi va tartibga solinadi. 1937—1938 yillarda 77764 maktub O‘zSSR Markaziy Davlat tarixiy arxivi fondiga o‘tkaziladi.
Buxoro amiri Qushbegisining arxividagi hujjatlar XIX asr oxirlaridan to 1920 yillargacha taalluqli ekan. Ular orasida Rossiya siyosiy agentligi bilan ichki va tashqi siyosiy masalalarga doir diplomatik yozishmalar, amirlikning mansabdor kishilari tomonidan joylardagi ahvol haqidagi xabarlari, soliqlar, xalq sayillarini o‘tkazish, jinoyat qidiruv, dehqonlar qo‘zg‘olonlari, amirlikka olimlar, harbiylar va chet elliklarning kelishi, qo‘shinlarning ko‘chib yurishi, vazifaga tayinlash haqidagi yorliqlar, amir yozuvlarini uchratish mumkin.
Fond materiallari orasida faqatgina qushbegiga yuborilgan hujjatlar bo‘lmay, qozi kalon va amir g‘aznasini yurituvchi devonbegiga oid rasmiy qog‘ozlar ham mavjud.
Buxoro amiri arxivi ustida ishlash, amirlikning XIX asr oxiri va XX asr boshlaridagi ijtimoiy-iqtisodiy tarixini yoritishda muhim o‘rin tutadi. Hozirgi vaqtda sharqshunoslarning katta bir guruhi bu borada ish olib bormoqda. Hujjatlarni o‘rganish, tahlil etish, tarjima qilish, so‘zboshlarini yozishda turli yillarda idoraviy ishlarning keksa bilimdonlari — qori Ahmad Muhammedov, Ibrohim Haqilov, shuningdek, SSSR Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi A. Belinskiy, tarix fanlari doktori Mahkam Abduraimov va boshqalar ishtirok etgan.
O‘tgan asrning ikkinchi yarmida Rossiya O‘rta Osiyoni butunlay o‘ziga qaram qilib oldi va hukmronligini o‘tkaza boshladi. O‘lkada Rossiyaning boshqaruv sistemasi joriy etildi. 1867 yilda yangi qo‘shib olingan territoriyalar o‘rnida Turkiston general-gubernatorligi tashkil etildi. Turkiston o‘lkasining qo‘shinlari qo‘mondoni va general-gubernatori etib K. P. Kaufman tasdiqlandi. General-gubernatorlik tarkibiga Sirdaryo, Farg‘ona, Samarqand, Yettisuv, Kaspiy orti muzofotlari va Amudaryo bo‘linmasi kirdi.
Muzofotlarni general-gubernator boshqarib borgan, uyezd boshliqlari esa unga bo‘ysungan. Mahalliy boshqaruv volost rahbarlari, qozilar, mingboshilar, oqsoqollar va tub aholining boshqa imtiyozga ega kishilari tomonidan olib borilgan.
O‘lkadagi turli-tuman tashkilotlarning faoliyati natijasida general-gubernatorlik mahkamasidan tortib, to qishloq boshqarmasi idoralariga qadar hujjatlar bir necha yil mobaynida to‘planib, ular bevosita tashkilotning o‘zida saqlangan. Bunday usul Turkiston o‘lkasida na davlat, na tarixiy arxivlar tashkil etishga sharoit uyg‘otmas edi. General-gubernatorlikdagi mahkamaviy arxivlar Oktyabr sotsialistik revolyutsiyasiga qadar nihoyatda sust tashkillashtirilgan edi. Ko‘plab tashkilotlar arxivlar saqlash uchun maxsus ajratilgan xonalarga ega emas edi, shu sabab arxivlar zax qaznoqlarda yog‘och saroylarda to‘plangan. 1908—1909 yillardagi “ulug‘vor farmonlar”ga muvofiq graf K. K. Palen Turkiston o‘lkasida o‘tkazgan taftish hisobotida yangi binolarni tiklashda arxiv uchun mo‘ljallangan xonalar mo‘jaz qilib qurilganini ta’kidlagan edi. «Barcha imoratlar 7 ta xona, ikkita yo‘lak, dahliz va arxiv uchun mo‘ljallangan chog‘roqqina qaznoqdan iborat». Bulardan tashqari, hujjatli manbalarni saqlash ishiga tashkilotlarning rahbarlari ham jiddiy zarar yetkazganlar, ular qog‘ozlarni yakkash o‘zlari ko‘rib chiqib, yo‘qotib yuborganlar. Orenburg ilmiy-arxiv komissiyasining vakili A. Popov 1914 yilda bo‘lib o‘tgan gubernya olimlari arxiv komissiyasining 1-s’ezdida idoralar tomonidan qimmatli arxiv materiallarning o‘zboshimchalnk bilan yo‘qotilayotgani va yaroqsiz holga keltirilayotgani haqida qator dalillar keltiradi: «Masalan, menga harbiy idoradan ma’lumki, — deydi u, — keyingi 12 yil mobaynida yo‘qotilgan yuz minglab ishlarning anchagina qismi O‘rta Osiyoning qo‘shilishi va bosib olinishi, Buxoro va Xivaga qilingan-harbiy yurish haqida edi» (Guberniya ilmiy arxiv komissiyasi vakillari 1-s’ezdining hujjatlari, SPB, 1914 y, 6—7-bet).
Arxivlarga va arxiv materiallariga bo‘lgan befarq munosabat haqida «Turkiston havaskor arxeologlari to‘garagining arxiv ilmiy komissiyasi bo‘lib tuzilishi haqida» ma’ruza qilgan to‘garak a’zosi L. Yudin ko‘plab misollarni keltiradi (O‘zSSR Markaziy Davlat arxivi, fond, ts—71, 1-yozuv 24-ish, 1—2-bet). U ma’ruzasining kirish qismida 1915 yildagi poytaxt gazetalarining birida chop etilgan xabarni eslab o‘tadi. Unda eski hujjatlarni yo‘qotib yuborish chekka arxivlarda aql bovar qilmaydigan darajada amalga oshirilayotgani haqida gap boradi. «Bizning Turkiston o‘lkasidagi arxiv ishlari nihoyatda yomon ahvolda», deb qayd etadi ma’ruzachi va Farg‘ona muzofoti harbiy shtabida yigirma besh yil oldin yig‘ilib qolgan hujjatlarni saralashni dalil sifatida keltiradi.
«Bunday kamchiliklarga qaramay, — deb xabar beradi u, — materiallarni saralash komissiya tomonidan olib boriladi, «vaqtning tig‘izligi» bois 105 lud keraksiz arxiv materiallari saralab olinib, savdogarlarga o‘rov tariqasida sotilgan. Tez orada muhim ahamiyatga ega hujjatlar bozorlarda va rastalarda ko‘zga tashlanib qoldi». Shundan so‘ng ma’ruzachi, «arxiv xonalarini eski ishlardan bo‘shatish usuli bizda anchadan beri yashash huquqini oldi va shu taxlitda yashashiga hech kim monelik qilolmaydi», deydi. Arxiv va arxiv ishlaridagi tartibsizliklar hamda yomg‘irlar, toshqinlar, xonalar namligiyu boshqa sabablar tufayli ulug‘ ukrain shoiri T. Shevchenkoning Aralsk shahriga askarlikka berilishi, Sirdaryo liniyasi qo‘mondonligi boshqarmasi, Orol flotiliyasining ishlari gumdon qilingan.
1884 yili taniqli burjua arxivshunosi N. Kalachov loyihasiga binoan Rossiya imperiyasi chekka o‘lkalarida qog‘ozlarning ommaviy yo‘qotilishiga qarshi kurash maqsadida gubernya olimlaridan arxiv komissiyasi tuziladi. Arxiv ishlarini tartibga solish va to‘plash, arxivlarni ayovsiz talon-taroj qilish va yo‘qolishdan himoya qilish, har xil idoralarda yo‘qotishga ajratilgan hujjatlarni qaytadan ko‘rib chiqish va saralab olish, ularning tarixiy jihatdan ilmiy qimmatini aniqlash bu komissiyaning asosiy maqsadi edi. Biroq komissiya oldiga qo‘yilgan vazifalar ado etilmay qoladi. Uning arxiv tashkilotlariga kirish huquqi yo‘q edi. Komissiyalarga faqat tarixiy arxivlar uchun yo‘qotishga ajratilgan materiallar saralab olishga ruxsat berilgan edi.
1899 yil 1 aprelda imperator Moskva arxeologik jamiyati barcha arxivlariga, arxeografik va arxiv komissiyasi olimlariga, professor D. Samokvasov ma’ruzasidagi arxiv ishlarini isloh qilish loyihasi va boshqa masalalar bo‘yicha javoblarni taklif etish uchun iltimos bilan murojaat qiladi.
Turkistonda arxiv idoralari bo‘lmagani uchun xat havaskrr arxeologlar to‘garagiga yo‘llangan edi. Bu hujjatga to‘garakning vitse raisi N. Ostroumov quyidagicha javob yozib qo‘ygan: «Javob berish muhlatining qisqa ekanini hisobga olib, javobsiz qoldirildi» (Havaskor arxeologlar Turkiston to‘garagining yig‘ilish va majlislari protokollari, Toshkent, 1917 y. 110—117 betlar). Bu dalil shundan xabar beradiki, Turkistonni o‘rganish bilan shug‘ullanayotgan nafaqat amaldorlar, balki odamlar ham o‘lkada arxiv binolari qurilishiga yetarlicha diqqat qilmaganlar.
Turkiston o‘lkasida arxiv ishlarini tashkil etish va tartibga solish bo‘yicha yakkayu yagona harakat K. Kaufman tomonidan qilingan edi. U 1873 yilning oktyabr oyida mahkamaviy ishlar boshlig‘iga Toshkent shahrida Markaziy arxiv uchun imorat qurish haqida ko‘rsatma beradi. Toshkentda Turkiston general-gubernatorligining barcha bosh ma’muriy va harbiy tashkilotlari joylashgan edi. «O‘lka tarixi va statistikasini o‘rganish uchun ko‘plab dalil va keng materiallar beradi»gan markaziy mahkamalarning muhim yozishmalari Markaziy arxivni tashkil etishda asosiy o‘rin tutdi. Bu materiallarning xilma-xilligi va ularni idoralar arxivlarida alohida saqlash o‘lkani o‘rganish ishiga to‘g‘ridan to‘g‘ri zarar keltirardi. Negaki, ulardan yo foydalanib bo‘lmas edi yoki tadqiqotchilar e’tiboridan chetda qolardi, natijada tadqiqotchilar bunday materiallar bor ekaniga shubha ham qilmasdilar. O‘lkadagi jamiki tashkilotlarning tugallangan hujjatlari sistemaga keltirilsa va materiallar bir joyga yig‘ilsagina har qanday masalani keng o‘rganish imkoniyati tug‘ilishini anglab, K. Kaufman Toshkentda Markaziy arxiv tashkil etishni lozim topadi. Unga o‘lkadagi barcha tashkilot va idoralarning yakun topgan ishlari keltirilishi va saqlanishi lozim, deb aytildi. Markaziy arxivni to‘rt bo‘limga ajratish ko‘zda tutilgan edi. Birinchi bo‘limga — Turkiston general-gubernatorligi idorasining ishlari, ikkinchisiga — oblast va shahar boshqarmalari, sud va Toshkent yarmarka komitetining ishlari, uchinchisiga — Turkiston harbiy okrugi shtabining, harbiy okrug kengashining, okrugdagi topografik va barcha harbiy qismlarning ishlari qabul qilinishi zarur edi. To‘rtinchisiga esa Sirdaryo muzofoti shtabining, komendatlik boshqarmalarining, o‘qchi brigadalari boshqarmasining, gospitallar va boshqa idoralarning hujjatlari yig‘ilishi lozim edi. Bu masalani hal etish uchun Sirdaryo muzofoti harbiy gubernatorligining, muzofotdagi qo‘shinlar qo‘mondoni va Turkiston harbiy okrugi shtabi boshlig‘ining mulohazalari e’tiborga olinadi. Bular orasida faqatgina okrug shtabi boshlig‘i o‘z vaqtida javob beradi, lekin u talab qilinajak xonalar hajmini ayta olmaydi, negaki, «boshqarmadan saqlash uchun har yili qancha hujjatlar yuborilishi haqida aniq ma’lumotga ega emas» edi (O‘zSSR Markaziy Davlat arxivi, fond’S:—1; 16-yozuv, 689—ish, 4-bet). Sirdaryo muzofoti qo‘shinlari qo‘mondoni general-leytenant Golovachev ikkinchi marta qilingan eskartmaga javob yuboradi va Markaziy arxivga qancha hujjat kelishi haqidagi ma’lumotni beradi, shuningdek, 1847—1874 yillar orasidagi 13735, so‘ng esa yiliga 687 tadan hujjatni bir vaqtda topshirish haqida ma’lumot yo‘llaydi. Sirdaryo muzofotining gubernatori bir necha marta qilingan eskartmalardan keyin 1876 yil 24 aprelida «Sirdaryo muzofoti boshqarmasidan 1875 yilgacha tugallangan va 1875 yilning bir qism hujjatlaridan 31200 tasi Markaziy arxivga saqlash uchun berilishi mumkin», deb javob beradi (O‘zSSR Markaziy Davlat arxivi, fond S—1, 16-yozuv, 689-ish, 10 bet). Yiliga 5 ming hujjat tushishi taxmin qilinadi. Xuddi shu raportda 1-bo‘lim idorasining yordamchisi 1876 yil 18 avgustida «bu ish keyinga qoldirilishi buyurilgan» degan belgi qo‘yadi va tashabbus shu bilan tugaydi.
«Turkiston o‘lkasining markaziy boshqarmalari» materiallarini saqlaydigan Markaziy arxiv tuzish haqidagi ajoyib g‘oya bir taraflama xarakterga ega edi. Loyihada Toshkent va Sirdaryo muzofotlaridan tashqaridagi tashkilotlarning arxiv materiallarini yig‘ishga mutlaqo qiziqilmagan edi, bunday idoralar esa o‘lkada nihoyatda ko‘p edi.
Kaufmanning g‘oyasi butkul unutib yuborildi. Faqatgina 1910 yili Kaufmanning yubiley to‘plamida A. Semyonov ta’kidlashicha, uning ayrim amalga oshmagan loyihalari shu vaqtga qadar o‘z hayotiyligini yo‘qotmagan. Bular orasida mahalliy markaziy arxiv tashkiloti tuzish loyihasi ham bor edi. Turkiston o‘lkasidagi arxiv ishlarining to‘laqonli manzarasini ko‘z oldimizga keltirish uchun markaziy tashkilotlarda hujjatli materiallar qay tartibda va qanaqangi xonalarda saqlangani xususidagi dalillarga to‘xtab o‘tish joizdir.
Turkiston o‘lkasidagi bosh tashkilot 1867 yili tuzilgan general-gubernatorlik mahkamasi edi. 1870 yilga qadar mahkamada hujjatlarni qayerda va qay tartibda saqlash, umuman saqlashga zarurat bormi, degan masala bilan hech kim qiziqmagan, faqat 1870 yili mahkamada shtatlarning oshishi bilan «jurnalist» (ham arxivshunos, ham ekzekutor) vazifasini ochish taklif etiladi. Xuddi shu yili 1867—1869 yillarga tegishli bir qism hujjatlarni arxivlarga topshirish mo‘ljallanadi. Ammo hujjatlar topshirilmasdan qoladi, negaki buning uchun maxsus xona yo‘q edi, hujjatlar yetti yil mobaynida bosmaxona binosida qayd-yozuvlarsiz yotadi, foydalanishga esa yo‘l qo‘yilmaydi. 1877 yili mahkamada qo‘shimcha binolar qurilishi tugashi hamono ikkita xona arxiv uchun ajratiladi. 1882 yili mahkama amaldorlaridan tuzilgan maxsus komissiya 1867—1882 yillarda to‘lg‘azilgan 9968 hujjatni bo‘limlardan arxivlarga topshiradi. Hujjatlarni mahkamaning birinchi arxivchi-ekzekutori, kollej assesori lavozimida ko‘p yil xizmat qilgan Nikolayev qabul qilib oladi. Bo‘limlardan mahkama arxiviga har yili qonun-qoidalarga binoan tugallangan hujjatlar qabul qilinishi lozim edi. 1904 yili maxsus komissiya general-gubernatorlik idorasining arxivini tekshirib chiqib, hujjatlar bo‘limlardan betartib holda keltirilgani, muqovalari yirtiq ekani, qayd-yozuvlar noto‘g‘ri to‘lg‘azilayotgani, asosan ayrim varaqlarga tuzilayotgani va bunday varaqlar ko‘p miqdorda to‘planib qolinayotganini qayd etadi.
Turkiston o‘lkasidagi boshqa yirik tashkilotlarning arxivlari xaroba holda edi. 1907 yili Sirdaryo muzofoti boshqarmasining arxivi joylashgan xona yaroqsiz va buzishga loyiq, deb topiladi. Bu arxivdagi 2 mingdan ortiq hujjatning aksar qismi milliy chirkinlik, mahalliy ma’murlar tomonidan aholini ezish, milliy turmush haqida ediki, ularni 1899 yili Sirdaryo muzofoti boshqarmasi amaldorlari tomonidan ishlarni saralash va yo‘qotish uchun tuzilgan maxsus «komissiya» nobud qiladi.
Qolgan muzofotlarda arxiv ishlari ayniqsa o‘lda-jo‘lda edi. Muzofot boshqarmalari mahkamalarida, garchi matyoriallar soni va salmog‘i ancha bo‘lsa-da, arxivlar uchun maxsus odamlar ajratilmagan edi. 1881 yili Kaufmanning «Ojizona hisobot loyihasi»da muzofot boshqarmalari mahkamalarida jurnalist-arxivchi vazifasi tashkil etish ko‘rib chiqiladi (Turkiston general-gubernatorligi muzofotlarida K. P. fon-Kaufmanning grajdanlik boshqarmasi va tuzilishi bo‘yicha ojizona hisobot loyihasi, 1867 y. 7 noyabr — 1881 y. 25 mart. SPB, 1885).
«Jurnalist, — deb ta’kidlaydi Kaufman, — registratura ishlari ko‘pligi, arxivchilik vazifasining unga yuklatilishi o‘ziga yangi bir amaldor tayinlashdan saqlab qolishi, 14 yil mobaynida arxivlarda hujjatlar anchagina to‘planib qolganligi uchun zarurdir». Graf K. Palen 1808—1809 yillarda Turkiston o‘lkasidagi tashkilotlarni taftish qilib chiqib, o‘z hisobotida uyezd idoralarida arxiv ishlari yomon ahvolda ekaniga oid qator misollar keltiradi. «Ko‘pgina uyezd tashkilotlarida arxiv uchun qanoatlanarli xonalar mavjud emas, umumiy qonuniyatlarga javob beradigan, yong‘in chiqish xavfi bor va tor xonalarni uchratdik». Taftishchilar Pishpek uyezd boshqarmasida arxiv hujjatlarining taxlab qo‘yilgan bir qismini kichkinagina nimqorong‘i xonadan, yana bir qismini esa yog‘och saroydan topadi. Andijon uyezdi boshqarmasida esa arxiv uchun mutlaqo xona ajratilmagan, arxiv hujjatlari pastak, tomi loysuvoq, zax saroyda joylashtirilgan ekan. Bu «binoining omonatligi bois 1902 yilning dekabrida tomi ag‘anab tushib, hujjatlar loy va tuproqqa qorishib qoladiki, ularni yoqib yuborishdan o‘zga chora qolmaydi. Bunday hollarga oid dalillar o‘sha paytdagi vaqtli matbuot organlarida uchraydi. Chunonchi «Turkestanskiye vedomosti» gazetasining 1911 yil 16 oktyabr sonida, 1910 yili Avliyoota uyezd boshqarmasi arxivi joylashgan bino texnik ko‘rikdan o‘tkazylganda arxiv uchun yaroqsiz va omonat deb topiladi hamda hajmi to‘g‘ri kelmasligi ko‘rsatiladi.
Uezd boshliqlari mahkamalari yozishmalarini taftish qilishda tugallangan hujjatlarga qayd-yozuvlar qo‘yilmagani, natijada arxiv yo‘qolayotgani, qayd-yozuvlarsiz yo‘qolgan hujjatlarni aniqlash ilojsiz ekani ko‘rsatiladi. Ayrim mahkamalarda hujjatlar nihoyatda betartib holda topiladiki, taftishchilarning o‘zlari ham ularga boqib, uyezd boshqarmasining muayyan tarmoqlaridagi ahvolni aniq tasavvur qilish imkoniga ega bo‘la olmaydi. Taftish bo‘yicha hisobotda tez-tez ayrim hujjatlar, hatto barcha uyezd boshliqlari mahkamalarida ishlar yo‘qolayotgani aytiladi. «Tuzem boshqarmasidagi mahkamaviy qismning qo‘yilishi» sharhiga o‘tilganida taftish Samarqand, Farg‘ona va boshqa muzofotlardagi ko‘pgina volost boshqarmalarining mahkamalari mirzolari mahkamaviy tartib haqida hech qanday tasavvurga ega emas», deb topadi. Kelgan va ketgan xatlar ro‘yxat qilib borilmagan, «mahkama kitoblaridan esa volostda muayyan tarmoqlar bo‘yicha olib borilgan yozishmalarni bilib bo‘lmaydi, haqiqiy qonun-qoidalar, tugallangan ishlarga arxiv qayd-yozuvlari hech qachon qo‘yib borilmagan».
Mahalliy tashkilotlar — qozilar, boylar, oqsoqollar kengashlari faoliyati natijasida yig‘ilib qolgan hujjatlar joylarda Oktyabr inqilobiga qadar saqlanib qoldi. Grajdanlar urushi bosmachilik va chet el interventsiyasi avj olgan yillarda bu xildagi hujjatlarning aksariyati Sovet hukumati va xalq qahr-g‘azabidan o‘z g‘ayriinsoniy ishlarini yashirishga uringanlar tomonidan yo‘q qilinadi. Ularning bir qismi esa har xil falokatlar — yong‘inlar, suv toshqinlari, tutantiriq sabab nobud bo‘ladi. Bularning barchasi o‘lkadagi ilg‘or fikrli ziyolilarda achinish hissini uyg‘otadi. Tarixchi Dobrosmislov «Toshkent kecha va bugun» ocherki muqaddimasida «general-gubernatorlik maqkamasining nazarimda, yakkayu yagona shahardagi tuzukroq arxivi shu bo‘lsa kerak, buni ham istisno qilmaganda mahalliy arxivlar asta-sekin yo‘qolib bormoqda», deb kuyunchaklik bilan yozadi hamda hozircha XIX asr 60—70yillaridagi voqealarning tirik guvohlari bor ekan, o‘lka tarixini yozishga shoshilish kerak, deb ta’kidlaydi.
Oktyabr inqilobiga qadar, o‘lkadagi tashkilotlarda hujjatli materiallarning yomon saqlanganiga qaramay, ularda general-gubernatorlikning siyosiy-iqtisodiy va madaniy hayotining barcha tomonlarini qamrab olgan anchagina arxiv merosi mavjud. Bu haqda O‘zSSR Markaziy Davlat arxivi fondining inqilobgacha bo‘lgan bo‘limida yig‘ilgan hujjatli materiallar guvohlik beradi. Ular XIX asrning ikkinchi yarmidan to 1917 yilgacha bo‘lgan O‘rta Osiyo xalqlari tarixini o‘rganish borasida bebaho manba bo‘lib xizmat qiladi. Bo‘limdagi hujjatlar tarixchilarga, iqtisodchilarga, huquqshunoslarga va boshqa tarmoq mutaxassislariga o‘lkadagi ma’muriy tuzilish, Rossiyaning Afg‘oniston, Iroq, Buxoro, Xiva bylan diplomatik va iqtisodiy munosabatlarini, o‘lkada tog‘-qazilma boyliklari va paxtani qayta ishlash sanoatining paydo bo‘lishi va rivojlanishi, ayniqsa, dehqonchilik va yer tuzilishi, paxtachilik, suv inshootlari qurilishi va xalq maorifi ahvolini teran o‘rganishga imkoniyat yaratib beradi. Fondning katta qismi o‘lkada inqilobiy harakatning o‘sishi, sotsial-demokratik tashkilotlarning faoliyati, 1905—1907 yilgi inqilobiy voqealar, 1912 yilgi sapyorlar bataloni qo‘zg‘oloni, 1917 yil fevral oyi kunlari, Toshkentdagi sentyabr voqealari, Turkistonda Oktyabr inqilobini tayyorlash va o‘tkazish haqida hikoya qiladi. Bo‘limdagi yana qator materiallar O‘rta Osiyo xalqlari rus chorizmining jabr-zulmi va o‘zboshimchaligiga qarshi milliy-ozodlik kurashi, rus madaniyatining yerli xalqlar madaniyati rivojiga ta’siri, ilmiy jamiyatlar fondida ilg‘or rus olimlarining Turkistondagi faoliyati haqida shuningdek, general-gubernatorlik mahkamasi fondidagi ko‘plab ma’lumotlar tarixiy jihatdan nihoyatda qimmatlidir.
Boris Oronyuk, tarix failari doktori,
Bekdavlat Aliyev, tarix fanlari nomzodi
“Sharq yulduzi” jurnali, 1989 yil, 11-son