HAYoT QUVONChLARI VA TAShVIShLARI!.. Mana shu gap hozirgi kunning muhim masalalari qatorida turibdi. Chunki jamiyatimizning barcha kishilari orzumand bo‘lgan nurafshon kelajak yo‘liga jiddiy muammolar birma-bir ko‘ndalang bo‘lib qolyapti: oy yuzli ayollarimiz o‘z jonlariga o‘zlari qasd qilmoqda, chiroyli urf-odatlarimizga yaramas illatlar suqilib kirmoqda, tabiat muvozanati ayrim regionlarda halokat sari yuz burmoqda…
Yuzaga qalqib chiqayotgan ana shunday ko‘ngilsizliklar oldida xotirjam turaverish, beparvo, hatto loqayd qolaverish mumkinmi?! Ayniqsa, otashqalb yoshlar – hayotimiz davomchilariga shunday hol yarashadimi?!
Markazdan muhim topshiriq olindi: agitpoyezd darhol yo‘lga otlanishi kerak! Tashkiliy ishlarni amalga oshirish agitpoyezd jonkuyarlaridan bo‘lmish Feruzaxon uchun unchalik qiyin emas. Shomuzaffarova bunday dolzarb topshiriqlarga birinchi bor yo‘liqqani yo‘q….
Ammo har galgi tashkiliy fursatda doimo katta bir qiyinchilik ko‘ndalang turadi. Qator viloyatlar, turli millatlardan tashkil topgan necha o‘n minglab aholi orasida murakkab topshiriqlarni talabdagidek bajarish har kimga ham qo‘l kelavermaydi. Har bir soha bo‘yicha kasb ustalarini, eng so‘zamol kishilarni tanlab olish kerak. Shu ma’noda so‘zamolki, u odamlarga to‘g‘ri va halol gapni aytsin, cho‘kkan ko‘ngillarni ko‘tarib, jarohatlangan qalblarga malham bo‘lsin. Axir ayni damga kelib xalqimiz asosli xulosalarga, qanchalik achchiq bo‘lmasin, to‘g‘ri so‘zga mushtoq bo‘lib qoldi…
Masalaning shu mushkul tomonlarini yengillashtiradigan imkoniyatlar ham yo‘q emasdi. Agitpoyezdning jihozlangan vagonida yoshlar bosib o‘tgan yilnoma bor bo‘yicha aks ettirilgan. Shuningdek, ilg‘or tajribalar, turli ko‘rgazmalar, kinoekran va televizorlar, eksponatlar hamda fotolaboratroiya kabi zaruratlar joylashtirilgan. Xullas, samarali mehnat hamda mazmunli hordiq uchun zarur barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Buni agitpoyezd jamoasi o‘z kuchlari bilan bunyod etdilar. Shunday sharoitda agitpoyezdga yo‘ldosh bo‘lish, safarga chiqish uchun har qanday obro‘li va yirik mutaxassis hoziru nozir turadi, albatta. Buning ustiga, oldingi safarlarda targ‘ibotning sinovdan o‘tgan mohir vakillari bor edi. Shulardan biri Chinnixon aya Ibrohimovadir.
Avvaldan faol ishtirokchi sifatida tanilgan qo‘qonlik To‘raxon aya Ibrohimovaning qizi, oyisi faoliyatining tolmas davomchisi Chinnixon aya muborak sakson yoshdan oshganligiga qaramay, navbatdagi safar uchun bajonidil rozi bo‘ldi. Aya o‘tgan butun umrini xalq ishiga bag‘ishlab, juda katta tajriba to‘pladi. Zero, oldinda hali katta sinovlar, ne-ne qiyinchiliklar turganligi hayotimizdagi ayrim chalkash urf-odatlar umumiy ishga sezilarli to‘siq bo‘layotganini yoshu qariga bab-baravar tushuntira olish kerak. Faqat kurashish, sabot va matonat bilan olg‘a odim tashlash hamma mushkullarni daf eta olishini uqtirish zarur. Bu gaplarni odamlarga ro‘y-rost aytish, dalillar bilan isbotlash, kelgusidagi ulug‘vor ishlarga chinakamiga ruhlantirish, otlantirish lozim. Yoshlarning, butun yaxshilarning ayasi bunga qodir…
Navbatdagi reysga rahbarlik mas’uliyati Ilhom Usmonov zimmasiga tushdi. Sobir Abdurahmonov va Eduard Ratushniy unga ko‘makdosh. Iste’fodagi mayor, Yangiyo‘l shahar Kirov nomli mahalla raisi Sayfiddin Rahmatov, urush va mehnat faxriysi, Toshkent viloyati Toshkent tumanida istiqomat qiluvchi Yo‘ldosh G‘apporovlar ham taklif qilingan fursatda reys uchun hozir bo‘ldilar. Fanlar akademiyasi bu safarda ishtirok etish uchun tajribali ekolog va meliorator, texnika fanlari nomzodi Robert Maksimovich Gorbachyovni tavsiya etadi. Shuningdek, respublika ilmiy ateizmi uyining katta metodisti Abdurashid Abdullayev, geofizika sohasining iste’dodli mutaxassisi, katta ilmiy xodim Valeriy Viktorovich Razumovskiy, Andijon viloyatining Jalolquduq tumanidagi “Navo” maqom-ansamblining xushovoz xonandalari Ibodatxon So‘fiyeva, Saidabbos Saydullayev, yosh raqqosa Muborakxon Rahmonova…
Bu reysda hamroh bo‘lganlar ro‘yxatini yana davom ettirish mumkin. Biroq, faoliyat uchun baho ro‘yxatga qarab emas, erishilgan natijaga qarab beriladi. Samarqand viloyati mehnatkashlari davrasidagi dastlabki ma’ruzalar, suhbatlar hamda savol-javoblar oldinda g‘oyat katta sinov turganligini ko‘rsatdi. Olimlar masalani qizg‘in muhokama qilishar, behisob savollar yog‘dirishar, murakkab va qiyin vaziyatdan chiqish yo‘llarini so‘rashadi. Ko‘pchilik esa Orol dengizi muammosi, tabiiy muvozanatning salbiy tomonga og‘ishi sabablari, rizq-ro‘z manbai bo‘lmish ona-Er ahvoli haqida asosli javoblar kutardi. Agitpoyezd vakillari ilk uchrashuvlardanoq vazifa ijrosiga ishonch va samimiyat bilan kirishdilar. Buning natijasida tinglovchilarning obro‘-e’tiborini qozona boshladilar. Safarga chiqqanda o‘z sohalari bo‘yicha chindan ham chuqur bilim va katta hayotiy tajribaga ega ekanligi ma’lum bo‘la bordi. Shu asosga qattiq tayanish, faqat to‘g‘ri va halol gapni ayta olish ularni qiyin vaziyatdan qutqarar, umidvor qalblarga taskin bag‘ishlardi. Safar ichkarilab borgan sayin vazifalar salmog‘i ham ortaverdi. Ba’zan oddiy savollar o‘rnini kinoyali so‘roqlar egallar, alamli nidolar ham uchrab turardi.
– Bir paytlar mehmonlarni to‘kin dasturxon ustida tilyorar qovun-tarvuzlar bilan siylar edik. Endi bo‘lsa hatto ta’mli choy ichishning iloji yo‘q. Buning sababini siz – melioratorlar tushuntirib bera olasizmi? – so‘rab qoldi Urganch pedagogika instituti domlalaridan biri.
Zal tinglovchilarga to‘la. Hamma sukut saqlab javob kutmoqda. O‘zbekistonda tug‘ilib o‘sgan, respublikamiz xalq xo‘jaligi taraqqiyoti uchun butun bilimi, kuch va zakovatini sarflab kelayotgan tajribali mutaxassis R.M.Gorbachyov qaltis savol qarshisida bir oz vaqt tek turib qoldi.
– Bu galgi safardan maqsadimiz to‘kin dasturxon ustida uchrashish emas, balki hammamizning boshimizga tushgan kulfat – Orol dengizi muammosini birgalashib hal etish, hayotimiz manbai bo‘lmish yer-suvlarimizning yaroqsizlanishiga chek qo‘yish yo‘llarini izlashdir, – dedi Robert Maksimovich doimiy vazminligini qo‘ldan bermay.
– Siz ham Orol haqida yozmoqchimisiz, balki ancha narsalarni e’lon qilib tashlagandirsiz? – savol tushdi Qoraqalpog‘istonning Xo‘jayli tumanidagi pedagogika bilim yurti talabasidan. – Ayting-chi, yozishdan avval jafokash dengiz qirg‘oqlarida bo‘ldingizmi, qalbi jarohatlangan odamlar bilan suhbatlashib ko‘rdingizmi? Ularga bor gapni aytish uchun jur’atingiz, qudratingiz yetdimi?..
Bunday savollar yuzlab yog‘ilardi. Odamlarning dilini katta tashvish va alam kemirayotgani ayon edi. Agitpoyezd targ‘ibotchilari ming-minglab tinglovchilar qalbiga yo‘l topa olishi bilan birga, ularni mashaqqatli, lekin ezgu ishlar uchun ruhlantira oladi. Ko‘pchilikning g‘amgin chehralari yorishib, o‘ychan nigohlarida nur porlay boshlagani bundan nishona edi. “Nuqul vahima qilaverishib o‘takalarimizni yorishar, xayriyat taskin beruvchilar ham bor ekan”, deya dil izhorlarini ochiq-oydin aytib ham qo‘yishardi…
Agitpoyezdning bu galgi reysi qatnashchilari o‘z burchlarini vijdonan bajardilar. Ularning eng faollari turli joylarda qayta-qayta faxriy yorliqlar, rahmatnomalar bilan taqdirlanardilar.
Masalaning tub mohiyatiga kelsak, amalga oshirilgan bu ezguliklarni yangi ekilgan yaxshilik nihollari, deyish mumkin, xolos. Xo‘sh, ular kelajakda hosil beradimi yoki qurib qoladimi? Agar urf-odatlarimizda, turmush tarzimizda keskin o‘zgarish qilinmasa-yu, ayollar o‘z-o‘zini yoqishi kabi fojiali voqealar davom etaversa… Yoki respublikamizda suvni noo‘rin isrof qilish cheklanmasa, Amudaryo yoqasi bo‘ylab Orol dengiziga sizot suvlarni eltuvchi kanal qurilishi haqidagi gap qog‘ozda qolib ketsa… Kuchli sho‘r bosib, ishdan chiqqan ekin maydonlari oralab chuqurligi kamida uch yarim-to‘rt metrli zovurlar qazilmasa… Xullas, yo‘limizdagi to‘g‘anoqlarni bartaraf etish maqsadida belgilangan rejalar amalga oshirilmas ekan, yaxshilik urug‘i unib chiqishi va hosil berishi amri mahol.
Agitpoyezd tashviqotchilari sepib kelgan ezgulik urug‘i ma’lum vaqt o‘tgach, nishona ko‘rsatar, hosilga ham kirar. Ishning qanday rivoj olayotganidan doimiy ravishda xabardor bo‘lib turmoq lozim. Ahvolni o‘z holiga tashlab qo‘yish esa boshlangan yaxshi ishlar samarasini yo‘qqa chiqarishi mumkin. Ma’lum vaqt o‘tgach, aynan avvalgi reys bo‘yicha ijro tekshirib chiqilsa ham chakki bo‘lmasdi.
Agitpoyezd hamon yo‘lda. Eng muhimi bu poyezdni kelajagimiz egalari bo‘lmish jangovar yoshlar boshqarmoqdalar.
“Yosh leninchi” gazetasi, 1988 yil 13 may soni.