Alouddin Mansur: «Hayot naqadar shirin bo‘lmasin, e’tiqoddan kechib yashashga arziydigan darajada qimmatbaho emas!» (1990)

Qur’oni karim tarjimoni Alouddin Mansur bilan muloqot

«Olim yoki tolibi ilm, olimlarni tinglovchi yoki ilmni suyuvchi bo‘ling. Ilmning dushmani bo‘lishdan saqlaning, aks holda halok bo‘lasiz», degandilar payg‘ambarimiz Muhammad sallollohi alayhi vasallam. Xuddi shuningdek inson har qancha shakkok bo‘lmasin, vujudida yaratganga iymon keltirish hissi borligini doimo sezadi. Bu tuyg‘uni yo‘qota olish insonning qo‘lidan kelmaydi. Payg‘ambarimiz samoga boqib, «Shunday anvar yulduzlarni yaratib qo‘ygan Allohga nega odamlar iymon keltirmaydilar-a», — deya yig‘lagan. Yulduzlarni odamlar yo‘qotolmaganlaridek, qalblaridagi Allohga bo‘lgan iymonni ham yo‘qota olmaydilar. Faqat bugungi kunning fojiasi, biz o‘z ko‘nglimizdagi iymonga e’tiborsiz bo‘lib qolganimizda. «Sharq yulduzi» oynomasida e’lon qilinayotgan Qur’oni karimning o‘zbekchalashtiruvchisi Alouddin Mansur bilan Islom dini, umuman diniy adabiyotlar tarjimasi borasidagi suhbatimiz ana shunday boshlandi. Ushbu suhbatimiz ayni chog‘da «Qur’on tarjimoni kim? U kishi haqida hikoya qilinglar» deb iltimos qiluvchilarga ham javob bo‘ladi degan umiddamiz.

— Alouddin aka, mana «Sharq yulduzi» jurnalida Qur’oni karim ilk marta hozirgi o‘zbek tilida sizning tarjimangizda e’lon qilina boshladi. Suhbatimiz avvalida jurnalxonlarimizga shu muqaddas kitob va uning tarjimasi haqida ma’lumot bersangiz.

— Bismillahir rohmanir rohim. Avvalo Qur’onni faqat bir adabiy asar deb qarash to‘g‘ri emas. Bu ilohiy Kitob Tangrining borligiga iymon keltirgan kishiga birinchidan Yaratganning qanday zot ekanini tanitadi, so‘ngra insonga insonning kim ekanini, bu dunyoga nima uchun kelganini, zimmasida qanday vazifalar borligini va yaratgan bilan qanday aloqa bog‘lashi kerakligi, o‘zi kabi yaralganlar, ya’ni atrofidagi olam bilan qanday muomala qilishi lozimligini… qisqacha aytganda, qanday qilib inson o‘zining nisbatan qisqa umrini haqiqiy insonday yashashi zarurligini o‘rgatadi. Shuning uchun ham mana 1400 yildirki, dunyoda bu Kitobni o‘qimagan millat, u tarjima qilinmagan til yo‘q hisobi. Bizning ajdodlarimiz ham uni yaxshi bilishgan, o‘qib amal qilishgan. Lekin afsuski necha o‘n yillardan buyon xalqimiz bu ilohiy asardan bebahra yashadi. Uning na o‘zini, na tarjima tafsirlarini o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Xayriyat, bugunga kelib shoir aytmoqchi:

Shukrkim, o‘tdi jaholat davri, uyg‘ondi jahon,
El eshitgay neni bilsang ayt, haqiqatdan gapir.

Mana endi bu aziz Kitob bilan o‘z ona tilimizda uchrashish imkoni tug‘ildi. Shu boisdan men Qur’onni o‘zbek tiliga tarjima qilish to‘g‘risidagi taklifni bajonidil qabul qilib, baholi qudrat bu muborak

ishga kirishdim. Shu o‘rinda fursatdan foydalanib ko‘nglimdagi bir gapni aytmoqchiman: Qur’on kim tomonidan qaysi tilga tarjima qilinmasin uning asliyat darajasida bo‘lmasligi aniq. Chunki undagi har bir oyat, har bir kalima, balki har bir harf shu qadar topib aytilib o‘z o‘rniga qo‘yilganki, bunday aytishga yolg‘iz Yaratganning o‘zi qodir.

Bu da’voyimizga Qur’on nozil bo‘lgan davrda yuz bergan bir voqea dalil bo‘lsa kerak: Muhammad alayhissalom zamonlarida arab olamida adabiyot nihoyat darajada rivojlangan bo‘lib, adiblar orasida tez-tez musobaqalar o‘tkazilib turilar va g‘oliblarning asarlarini Ka’ba devorlariga ilib qo‘yishar edi. Kunlardan bir kuni sahoba (ya’ni, payg‘ambarimiz bilan hamsuhbat bo‘lgan musulmon)lardan biri Qur’ondagi eng ixcham — «Kavsar» surasi yozilgan varaqni g‘olib asarlar yoniga ilib qo‘yadi. Shunda uni o‘qigan shoirlar bir ovozdan «Bu bashar so‘zi emas», deb guvohlik beradilar. Shuning uchun ulamolar Qur’onni aslidek qilib tarjima qilish imkonsiz ishdir, faqat uning mazmuninigina aloqadrihol tarjima qilish mumkin deb hisoblaydilar. Men ham mazkur tarjimani Qur’on sari bir qadam deb baholanishini lozim deb bilaman.

— Qur’on yaralgandan buyon ne-ne davrlar o‘tmadi, lekin Kitob o‘zligini saqladi. Shu ma’noda «Biz Qur’onni tushirdik va uni saqlagaymiz» degan oyat xususida to‘xtalsangiz.

— Darhaqiqat, Qur’onda «Bu eslatmani (ya’ni, Qur’onni) biz o‘zimiz tushirganmiz va uni o‘zimiz saqlaguvchimizdir» mazmunidagi oyat mavjud. Asrlar osha mazkur oyat Qur’onning ilohiy Kitob ekanini qayta-qayta isbotlab kelmoqda. O‘tmishni qo‘yib turaylik, bizning asrimizda bu aziz Kitobga qarshi

qanchadan-qancha xurujlar bo‘lmadi? Uni o‘tga yoqdilar, suvga oqizdilar, tuproqqa ko‘mdilar. Bugina emas. Ya’ni Qur’onni yod olgan yoki hayotini shu ilohiy kitob asosida o‘tkazmoqni istagan hisobsiz kishilarni yo‘qotib yuborishdi. Keyin-chi? Keyin esa boshqa millionlar qo‘llarida, tillarida va dillarida bir harfi ham zahalanmagan holda shu aziz Kitob bilan paydo bo‘ldilar. Islom ta’limotiga ko‘ra Qur’on ilohiy kitoblarning so‘nggisidir. Binobarin uni to qiyomatgacha yo‘qotmay, buzmay saqlashni Tangri o‘z zimmasiga olgan. Shu boisdan boshqa ilohiy kitoblarga o‘zgarishlar kirib, buzilgani holda (masalan, Injilning 70 dan ortiq tarjimalari bor, lekin asl nusxasi hech qayerda mavjud emas) Qur’on payg‘ambar alayhissalomga qanday nozil qilingan bo‘lsa shunday saqlanmoqda. Bu to‘g‘rida yapon olimlari juda qiziq tajriba o‘tkazdilar: XX asr mo‘jizasi bo‘lgan kompyuter vositasida Qur’ondagi harflar, kalimalar, oyatlar va suralar o‘rtasidagi yuksak mutanosiblikni va teran izchillikni hamda unda qamrab olingan mavzular va amrifarmonlarning o‘lmas-o‘chmas ekanini ko‘rib ular bu kitobni bir kishi emas, butun bir akademiya ham yozishi amrimahol degan xulosaga kelganlar va bu tajriba haqida bitilgan risolalarda adolatli bir farazni o‘rtaga tashlaganlar: «Bizning asrimizning odamlari shu qadar toshbag‘ir bo‘lib ketganlarki, hatto temir mashina tekshirib, isbotlab, iymon keltirib turgan kitobni ham inkor qiladilar».

— Domla, Islom dini haqida suhbatlashganda mavzu bari bir, iymon-e’tiqodga kelib taqaladi.

— E’tiqod nafaqat ko‘ngil obodligi, balki har ikki dunyoning obodligidir. Zotan ilmu fan ravnaqining o‘zi insonni baxtli qilolmaydi. Bil’aks, e’tiqoddan ayru tushgan ilm odamzodni halokat yoqasiga olib borib qo‘yishi tayin. Dunyodagi bor ilmu falsafalar aqlni to‘ldiradi, ammo ko‘ngilga ozuqa berishga qodir emas. Dilni faqat pok e’tiqod obod qiladi. Ya’ni, e’tiqodsiz dil — xarobadir. Insonning zimmasida aqldan ko‘ra qalbning haqqi ko‘proq. Insonning tirikligini bildirib turadigan narsa ham uning qalbi. Zero, siz dam olganingizda miyangiz ham dam oladi. Uni ba’zan qattiqroq, ba’zan esa sekinroq ishlatishingiz mumkin. Ammo bu beorom qalb dunyoga kelganingizdan ketguningizgacha bilsangiz-bilmasangiz, istasangiz-istamasangiz tinmasdan urib-ishlab turadi. Demak, INSON degan olamning markazi — poytaxti — qalb, uni pok e’tiqod bilan obod qilmoq — burchdir! Ajabki, e’tiqod nopok dillarga sig‘maydi — xuddi sho‘r yerda gul unmaganidek! Ajabki, ko‘pincha o‘sha sho‘r dillar toza ko‘ngillar ustidan, ularning e’tiqodlari ustidan kuladilar — e’tiqodsizlik e’tiqoddan ustun bo‘lib oladi. Lekin shunday qora kunlarda ham yuksak e’tiqod egalari o‘z e’tiqodlari yo‘lida qurbon bo‘lishni sharaf deb biladilar. Bunga tarixdan istagancha misol topish mumkin. Mana, masalan, Oktyabr inqilobidan keyinti surgun va qirg‘inlarda qanchadan-qancha ulug‘ zotlar o‘z e’tiqodlari sababli shahid bo‘ldilar. Qo‘qonlik bir fozil mo‘ysafidning hikoyasi oradan o‘n besh yildan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsa ham kechagidek qulog‘im ostida eshitilaveradi: 20-yillarda askarlar kunda-kunora ulamo va fuzalolarni shahar chekkasidagi bir jarlik yoqasiga olib borib otishar, ular ketganidan keyin, odamlar qo‘rqa-pusa kelishib shahidlarni chuqurdan tortib chiqarib qabristonga olib borib ko‘mishar edi. Biz bolalar pana-pastqam joylarga yashirinib bu dahshatni tomosha qilardik. Bir kuni uch-to‘rt kishini olib kelib, komandir endi otishga buyruq bermoqchi bo‘lib turganida uzoqdan bir kishi ko‘rindi va shoshib shu tarafga qarab kela boshladi. Aftidan qo‘qonlikka o‘xshamas edi. Yaqin kelgach, jar yoqasiga tizib qo‘yilgan kishilarni ko‘rsatib, askarlardan, «Bular kimlar?» deb so‘radi. Komandir, «Bular ruhoniy, dindor unsurlar bo‘lgani uchun otuvga hukm qilingan. Agar joningdan umiding bo‘lsa yo‘lingdan qolma!» deb po‘pisa bilan javob qildi. Shunda haligi kishi, «Unday bo‘lsa, shoshmay turinglar»,— deb o‘zi ham mahbuslar yoniga borib turdi va dedi: — «Mana endi otinglar. Sal kechiksam, men ham bular bilan ketmay, senlar bilan qolarkanman».

Muhammadjon, mana shu hikoyani eshitganimdan buyon buyuk turkigo‘y adiblar — Abdulloh Qodiriy, Abdulhamid Cho‘lponning o‘limi haqida o‘ylayman, «Ular nochor, noiloj o‘lib ketgan» degan fikrni hech qabul qila olmayman. Nazarimda ular o‘zgalar tirik qolish uchun har qanday razolatdan qaytmayotganlarini ko‘rib tursalar-da, e’tiqoddan kechib yashaydigan hayotni ixtiyoran tark etib, pok e’tiqod bilan shahid bo‘lishni tanlaganlar. Va adashmaganlar! Zotan, bu hayot naqadar shirin, naqadar totli bo‘lmasin, e’tiqoddan kechib yashashga arziydigan darajada qimmatbaho emas!

— Ruh parvarishi jasadning xohishlaridan ustun demoqchisiz-da? Insonning jasadi yerdan-tuproqdan bo‘lib, joni osmondan — ruhlar olamidan tushib jasadga kirgan, desak bo‘ladimi?

— Ha-ha, shuning uchun ham oyog‘i yerdan uzilgan odam jisman halok bo‘lsa, qalbi osmondan uzilgan — e’tiqoddan kechgan odam ruhan halok bo‘ladi. Haqiqiy osmondan ajrab qolgan odam nazarimda issiqxonada — soxta osmon ostida o‘stirilgan o‘simlikka o‘xshaydi: na mazasi bor, na hidi. Chunki jon insonning hech qachon o‘lmaydigan asli-mohiyati, jasad esa bir muddat kiyib yurilib, eskirib, yaroqsiz, holga tushgach yechib qo‘yiladigan libos kabidir. Shuning uchun ham badaningizning biron a’zosi kasallansa, kesilsa yo shilinsa o‘sha a’zo . emas, balki joningiz og‘riydi. Mana shu ayon haqiqatdan ko‘z yumgan kishi adashadi.

Menimcha, keyingi paytlarda, xususan ayollar o‘rtasida ko‘paygan arzir-arzimas bahonalar bilan o‘z-o‘zini halok qilish kabi bema’ni odatlar ham liana shu haqiqatni — jon abadiyligini anglamaslikdan kelib chiqmoqda. Haqsizlik azobidan, ayrim hollarda esa sharmandalikdan qutulish uchun o‘z-o‘zini o‘ldirish, yondirish vasvasasiga tushib qolgan irodasi zaif opa-singillarimiz shu qilmishlari bilan hammasidan qutulaman deb o‘ylasalar qattiq adashadilar. Chunki jasadlari kuyib kul bo‘lishi bilan ular hech narsadan qutulmaydilar — jonlari kuymaydiyam, yonmaydiyam. Jonlari, mana shu qilmishlari tufayli battar azobga qoladi, xolos.

Hayot naqadar og‘ir, naqadar achchiq bo‘lmayein, arzir-arzimas sabab-bahonalar bilan kechib yuborilaveradigan darajada arzon matoh emas!

Qissadan hissa shuki, pok e’tiqod kishini diyonatsiz yashashdan saqlagani kabi, arzimas sabablar bilan o‘zini halok qilishdan — o‘z joniga jabr qilishdan ham saqlaydi.

— Domla, yana tarjimaga qaytsak. Qur’onni o‘zbekchalashtirish jarayoni qanday kechyapti? Shu haqda ikki og‘iz so‘zlasangiz.

— Qur’on tarjimasi menga nasib etgan ekan, buning uchun Allohga beadad shukur. Vaqti keladi, oddiy badiiy asarning tub mohiyatini hamma birdek tushunavermaydi. Qur’oni karimni mutolaa qilganda esa anglash chandon og‘ir. Shu bois tarjima asnosida Ibn Kasiyr, Qurtubiy tafsirlaridan, Abdulloh Andalusiyning «Al-muxarrarul vajiyz» tafsiridan, «Tafsirul jalolayin», «Tafsirun Nasafiy» va boshqa manbalarni qiyosiy o‘rganishga to‘g‘ri kelyapti.

— «Yoshlik» jurnalida G‘azzoliydan tarjimangiz bosildi. Qur’onni o‘zbekchalashtirish bilan bir vaqtda boshqa ishlarga imkon topayotgan ekansiz.

— Islom tarixida o‘chmas iz qoldirgan Abu Homid G‘azzoliyning «Ihyou ulumid-din» asaridan parchalarni bir necha yil burun tarjima qilgandim, alhamdulilloh mana, shu yilga kelib yorug‘ olam yuzini ko‘rdi.

— Kechirasiz, arab tilini qayerda o‘rgangansiz? O‘zingizni tanishtirsangiz.

— O‘sh viloyatining Qorasuv shahridanman. Bolaligimdan diniy tarbiya olganman. Buxoro madrasasida, Toshkentdagi ma’hadda o‘qigan emasman… Ustozlarim bor. Qolaversa, mustaqil mutolaa… Shu o‘rinda hozir eski o‘zbek alifbosini o‘rganishga bo‘lgan ommaviy qiziqishni qo‘llab-quvvatlagan holda ko‘pchilikning nazarida juda mushkuldek tuyulayotgan bu mashg‘ulotning aslida ancha osonligini — qalbimizga, qonimizga yaqin bo‘lgan arab yozuvini, hatto tilini o‘rganishga qunt va havas bo‘lsa bas, niyatlar amalga oshaverishini ta’kidlamoqchi edim.

— Domla, Islom olamida hozirgi yosh avlod o‘qishi zarur bo‘lgan boshqa adabiyotlar ham bo‘lishi tabiiy. Ularning ayrimlarini sanab o‘tsangiz?

— Islom tarixida biri biridan qadrli asarlar ko‘p, ularni o‘zbekchalashtirishni yo‘lga qo‘ymoq kerak. Uzim G‘azzoliyning yuqorida tilga olingan asarini, shuningdek, Abdulloh Shubroviyning «Unvonul bayon» nomli go‘zal asarining tarjimasiga kirishganman.

Suhbatdosh — Muhammad Ismoil.
“Yosh kuch” jurnali, 1990 yil, 10-son.