Ahmadjon Mahmudov, Farida Alimxo‘jayeva. Nutq va xushovozlik (1989)

Nutqning xushovozligi haqidagi bilimlarni evfonologiya o‘rganadi. U xushovoz va jo‘n nutqning sifatlarini tavsiflaydi. Shuningdek, tovush birikuvlarining bir xillari xushovoz, boshqa birlari xushovoz bo‘lmagan sifatlarda jaranglaydi. Tillarni bunday guruhlarga bo‘lish quldorlik jamiyati davridan boshlangan. U vaqtda o‘zga tillarga dushmanlarcha qaralib, ularni kamsitishga harakat qilingan edi. Kishilar o‘z qabila tillariga nisbatan to‘g‘ri munosabatda, lekin boshqa qabilalarning tillarini jon-jahdi bilan inkor etish oqibatida shunday hollar sodir bo‘lgan edi.

Kishilararo muomalaning eng muhim quroli — tilning ijtimoiy mohiyatiga to‘g‘ri munosabatda bo‘la olmaslik, ob’ektiv baho bermaslik sinfiy jamiyatlardagi tengsizlik, sotsial taraqqiyotning cheklanganligi bilan bog‘langan bo‘lib, faqat markscha-lenincha ta’limotgina tillarning kelib chiqishi, tarixiy taraqqiyoti, jamiyatdagi roli, o‘zaro munosabati va boshqa masalalarning aniq yo‘llarini ko‘rsatib berdi.

Dunyodagi barcha tillar ovozdan foydalanadilar, ya’ni turli tillardagi ovozning tuzilishi bir xil bo‘lib, lekin bundan foydalanishda farq bo‘ladi, masalan, o‘zbek tili ovozning toniga, rus tili cho‘ziqligiga, xitoy tili tonning yo‘nalishiga ko‘proq asoslanadi. Hozirgi zamon fonetikasi har bir milliy tilning ovoz jihatdan ifodalanishi mislsiz individual, o‘zicha go‘zal va xushovozligini ko‘rsatadi. Har bir til o‘zining boy fonetik imkoniyatlariga, ichki o‘ziga xos xususiyatlariga egaki, ulardan oqilona foydalana bilish nutqning xushovozligini, yoqimliligini yaratadi. Shuning uchun barcha tillar va jumladan o‘zbek, rus, xitoy tillari, dunyodagi barcha boshqa tillar ham o‘zicha go‘zal, xushovoz tillardir.

Tabiiyki, o‘zbek nutqining xushovozligi va musiqiyligi negizida o‘zbek tili va o‘zbek tili nutqining ichki xususiyatlari yotadi: o‘zbek nutqida qo‘llanadigan so‘zlardagi bo‘g‘inlarning ko‘pchiligi ochiq bo‘g‘inlardir. Ochiq bo‘g‘inlar yopiq bo‘g‘inlarga nisbatan ovoz jihatdan biroz kuchli bo‘ladi, shuning uchun ochiq bo‘g‘inlarning xushovozlikka ijobiy ta’siri shubhasizdir, masalan, «toshloq», «a’lo» so‘zlarini olib qaraylik, birinchi so‘zning har ikki bo‘g‘ini yopiq, ikkinchi so‘zning har ikki bo‘g‘ini ochiq bo‘lgani uchun yo‘g‘on, qo‘polroq «toshloq»qa nisbatan «a’lo» so‘zidagi xushovozlik, yoqimlilik ustun ekanligi shundoqqina sezilib turadi.

O‘zbek nutqida ovozli tovushlar: unlilar, sonorlar va jarangli undoshlar tez-tez takrorlanib turadi. O‘zbekcha nutq eng avval unlilar orqali hushovozlikka erishadi, unli bilan undoshlarning birikib kelishi esa, buni kuchaytiradi. O‘zbek adabiy tilida ovozli tovushlar jarangsiz tovushlarga nisbatan ko‘p qo‘llaniladi, ya’ni o‘zbek nutqining 70 foizi jarangdor tovushlarga to‘g‘ri keladi.

O‘zbek adabiy tilida singarmonizm so‘ngan bo‘lib, xushovozlikni urg‘u yaratadi. Bunda urg‘uli bo‘g‘in so‘zning ovoz markazi bo‘lib xizmat qiladi, ovozning balandligini, kuchini va miqdorini orttiradi, tovush sifatlarini yorqinlashtiradi, talaffuzning qulay bo‘lishini ta’minlaydi. O‘zbek tilidagi tovushlar kombinator o‘zgarishga ko‘proq uchraydi. l, i, t tovushlari bilan yonma-yon kelganda unlilar yumshoqroq aytiladi (yalla, ata, yoy), so‘z boshidagi, so‘z o‘rtasida kelgan jarangli undoshlarning jarangdorligi to‘la saqlanadi (bor, gul, dada, g‘o‘za, zavq, ijobiy), so‘z oxirida esa jarangsizlanadi (talap, sabap, mart). Hozirgi o‘zbek adabiy tilida so‘z o‘rtasida turli xil tovush birikuvlari bilan birga bir xil sifatga ega bo‘lgan undoshlarning, ya’ni tt, kk, dd, shsh, chch, vv, mm, nn (katta, hakka, sodda, pashsha, kissa, oppoq, pochcha, quvvat, amma, chinni) kabi gemikatlarni uchratamiz. Bu o‘zbek talaffuzining o‘ziga xos nozik fonetik belgisi bo‘lib, ifodaviylikni, xushovozlikni — kuchaytiradi.

O‘zbek tili talaffuzida silliq l, y va burun tovushlari n, m katta rol o‘ynaydi; bular nutqni musiqiy qiladi. Tovush paychalari va ularning asosiy toni uning ayrim davrlarda sodir bo‘ladigan uzluksiz o‘zgarishlari natijasida yuzaga kelgandir.

Nutq so‘zlovchining vazifasi o‘z nutqida bu ajoyib tabiat go‘zalligini aks ettirishdan iboratdir.

Ahmadjon Mahmudov, filologiya fanlari doktori
Farida Alimxo‘jayeva

«Guliston» jurnali, 1989 yil, 2-son