Ahad Andijon: «Millat uchun qayg‘uring…» (1991)

Men Ahad Andijon bilan O‘zbekistonga ilk daf’a kelganida ko‘rishgandim. Ammo dildan suhbat qurish «Ishbilarmonlarning Toshkent uchrashuvi» ish boshlagan kunlarga to‘g‘ri keldi. U endigina qirq yoshga kirganligiga qaramay, butun turkiy olamda mashhur: Turkiyadagi «Turkiston» jamiyati prezidenti, «Turkiston» jurnali — darg‘isining bosh muharriri, Istanbul universiteti professori, — tib ilmi bilimdoni, bir qancha ilmiy asarlar muallifi, ayni paytda keng qamrovli, serfaoliyat siyosat kishisi, samimiy inson.

Bu qizg‘in suhbatimiz birgina stol atrofida emas, ko‘pgina joylarda: O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida, «Xalq so‘zi», «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» dargohlarida, O‘zbekiston ziyolilari bilan bo‘lgan o‘zaro uchrashuvlarda, hatto to‘ylarda, yo‘llarda kechdi. Har bir lahza Ahad Andijon uchun qimmatli: ko‘rish, bilish, tanishish, chog‘ishtirish, o‘rganishga kunlar yetmaydi.

Eng avvalo ro‘znomamiz muxlislarining qiziqishlarini hisobga olib, Ahad Andijonning tarjimai holini, nasl-nasabini, umuman, o‘zi haqida so‘zlab berishini iltimos qildim. Zero, mingning otini bilguncha, birning zotini bil, deydi xalqimiz.

Ahad Andijon: — O‘zbek turkiman. 1951 yil Afg‘onistonda tug‘ilganman. Bir yasharligimda Turkiyaga ko‘chib borganmiz. Oqshaharda boshlang‘ich — o‘rta ta’limni olib, 1968 yilda Istanbul universitetida tib (meditsina) tahsilini boshladim. 1974 yilda uni tugatib, ikki yillik askarlikka ketdim. Qaytib Istanbul universitetiga ishga kirdim. Uy bekamiz yerli turk qizi. Oybek va Elbek degan o‘g‘illarimiz bor.

Bobomiz G‘oyib Hoji zamona zayli bilan quloq qilinib otilgan. Otam Hoji Yo‘ldosh 1933 yilda Afg‘onistonga o‘tgan, u yerda mening onam Bibi Hojida xonimga (asli farg‘onalik) uylangan, (avvalgi xotini, ya’ni ko‘p yillar Amriqoda, hozir Turkiyada yashayotgan Abdurahim akamning onasi Andijonda vafot etgan ekan).

Bibi Hojida xonimdan men va Zubaydaxon dunyoga kelganmiz. Otam ham, onam ham vatan dardini yuraklariga jo qilib abadul abad baqoga rihlat qildilar.

Azim Suyun: — Joylari jannatda bo‘lsin. Ahadjon, «Ishbilarmonlarning Toshkent uchrashuvi»ga sizning kelishingizdan maqsadingiz nima? Bilishimcha, siz hozir biror istak yoki taklifni o‘rtaga tashlamayapsiz?

Ahad Andijon: — Juda to‘g‘ri. Men g‘oyatda muhim bu uchrashuvni faqat o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rmoq uchun keldim! Taassurotlarim yomon emas, ammo hamma gap kelishuvlarning samarasida! Shubhalanayapman, o‘ylanayapman, umid qilayapman! Axir, Sovet Ittifoqining iqtisodiy, siyosiy qurilmasi respublikalarni birbiriga qattiq bog‘lagan. Ularni birdan ayrim-ayrim qilib yuborish oson emas. Qolaversa, yetmish yildirki, shakllangan byurokratiyaning ham ta’sirini bir-ikki kunda yo‘qqa chiqarish xayoliy cho‘pchak. Xullas, qattiq amaliy faoliyat ko‘rsatish kerak bo‘ladi.

Azim Suyun: — O‘zbekiston iqtisodiy bo‘hrondan qanday yo‘llar bilan chiqib ketishi mumkin, deb o‘ylaysiz?

Ahad Andijon: — O‘zbekiston o‘z kelajagini yolg‘iz boshigagina o‘ylasa, noto‘g‘ri bo‘lur edi. Axir dunyoda bir milliarddan oshiq nufuzga ega bo‘lgan Chin (Xitoy) davlati bor. Taxminan ikki yuz millionlik O‘rusiya federatsiyasi bor. Shunday ekan, O‘rta Osiyo va Qozog‘iston (Turkiston) respublikalari ayro-ayro katga kuch-qudratga ega bo‘lishlari mumkin emas.

Iqtisodiy jihatdan bir millatning oyoqqa turishi uchun nufuzi 50 millionga borgan bir ichki bozorga ega bo‘lishi kerak. Ana shunday ichki bozorga ega bo‘lgan millat tez orada iqtisodiy tomondan o‘zini tiklab oladi va jahon bozoriga chiqishi mumkin bo‘ladi. Bu hozirda joriy bo‘lgan iqtisodiy qoidadir. Shu jihatdan qaraganda, Turkiston respublikalarining iqtisodiy jihatdan bir federatsiya holiga kelish majburiyati o‘z-o‘zidan o‘rtada ko‘ndalang bo‘ladi. Shu shaklda bajariladigan bir iqtisodiy qurilma yolg‘iz O‘zbekiston Respublikasini emas, butun Turkiston respublikalarini iqtisodiy tarafdan kuchaytirishi mumkin. Olmaotada bo‘lib o‘tgan anjumanga Turkiston respublikalarining rahbarlari ham shu o‘ylar bilan yig‘ilishgan bo‘lsa ajab emas.

Ikkinchi bir amaliy ish — Turkiston respublikalarining yolg‘iz iqtisodiy tomondan emas, siyosiy tomondan ham chet el mamlakatlar bilan qattiq aloqa o‘rnatishlari kerakligidir. Zero, iqtisodiy va siyosiy o‘zgarishlar chambarchas — birga olib borilmasa, oqibati yaxshi bo‘lmaydi. Juda ko‘p narsa hukumat rahbarlariga bog‘liq.

Azim Suyun: — Xalqning maqsad-murodlariga, intilishlariga tarjimon bo‘la olmagan rahbar rahbar emas!

Ahad Andijon: — Juda to‘g‘ri. O‘zbekiston Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov tarix taqozosi bilan yuksak lavozimga keldi. U kishi faoliyatiga biz katta umidlar bilan qarayapmiz. Siz aytmoqchi, xalqning diliga «tarjimon» bo‘lishiga va orzularini yuzaga chiqarishda qattiq kurashishni orzu qilamiz.

Ochiq bozor uslubiga o‘tish paytida Turkiyaga o‘xshagan oxirgi o‘n yillar davomida ko‘p katta yutuqlarga erishgan mamlakatlar bilan aloqa qilish butun Turkiston respublikalari, ayniqsa, O‘zbekiston uchun bag‘oyat ahamiyatlidir. Turkiya ichki siyosati bilan shug‘ullangan bir inson bo‘lganim uchun u yerdagi hukumatning Turkiston respublikalariga nisbatan ko‘p yaxshi niyatlari borligini bilaman. O‘tgan yil ichida Ozarboyjon va Qozog‘iston respublikalari bilan birga o‘rtoqlik ishlari amalga oshirildi. Turkiya bu respublikalarga moddiy-madaniy va texnologiya tomonidan hamkorliklar ko‘rsatmoqda. O‘zbekiston rahbariyati ham Turkiya tomonidan hamkorlik to‘g‘risida da’vat qilingan. Kelajakda takliflar amalga oshirilsa, Turkiya-O‘zbekiston hamkorliklari ko‘p yaxshi natijalarga olib boradi.

Azim Suyun: — «Turkiston» jamiyati haqida ko‘p eshitganmiz. Turkiyaga borgan-kelgan o‘rtoqlar so‘zlab berishgan. Ammo uning prezidentidan eshitish boshqa gap…

Ahad Andijon: — Ma’lumki, Turkiyada «Turkiston» jamiyati 1954 yil tashkil qilingan. Ba’zi sabablarga ko‘ra 1975 yilda yopib qo‘yilgan edi. Bu jamiyat 1982 yilda qaytadan tiklandi. Meni prezident qilib sayladilar.

«Turkiston» jamiyatiga Turkiyada yashayotgan o‘zbek, qozoq, tojik, turkmanlar uyushgan. Qisqasi, ularni bir ittifoqqa birlashtirib turuvchi jamiyat bu. Ular taqdiriga daxldor masalalar ana shu jamiyatda o‘z yechimini topishi mumkin. Bundan tashqari, bu jamiyat butun jahon turkiy xalqlari hayotiga ham befarq qaramaydi… Dunyo voqealariga doimo o‘z munosabatlarini bildirib turadi.

Jamiyat «Turkiston» deb ataluvchi o‘z darg‘isiga ega. U 1987 yildan buyon har uch oyda bir nashr etib kelinadi. Qadimgi va hozirdagi ilmiy, iqtisodiy va siyosiy harakatlarni tadqiq etib, jahon jamoatchiligiga bildiramiz. Amaliyotimizning yanada kengroq yoyilishi uchun 1989 yil «Turkiston ilmiy tadqiqotlari vaqfi»ni tashkil etdik. Uning ham prezidenti etib meni sayladilar.

Turkiyada har yili uyushtiriladigan 40—45 anjumanda so‘zga chiqaman. O‘n yildan buyon konfrantslar, suhbatlar, turli-tuman muloqotlar uyushtiramiz. Xorijdan ham ko‘plab mehmonlarni taklif qilamiz. Va ayni paytda o‘zim ham butun jahon ilmiy anjumanlarida (Amriqo, Olmoniya, Farangiston, Shveytsariya va boshqalar) ishtirok etaman. Xalqlarimiz haqidagi hech bir gap mening nazarimdan chetda qolmaydi.

Azim Suyun: — «Turkiston» jamiyatini avval kimlar boshqarishgan?

Ahad Andijon: — Turkiyada ham ko‘p fidoyi odamlar bo‘lgan va hozirda ham ko‘p. Ahmad Naim O‘ktam, Soli Erkinqo‘l, Hakimjon Qaynar kabi doktorlar shular jumlasidandir. Ana shu ziyolilar bir paytlar jamiyatimizni boshqarib kelishgan.

Azim Suyun: — Turkiyada, umuman, xorijiy mamlakatlarda yashab kelayotgan millatdoshlarimizning Vatan oldidagi qilgan xizmatlarini nimada deb bilasiz?

Ahad Andijon: — Ota-onang turkistonlik bo‘lishi tasodif, ammo Vatanga xizmat qilishing shart, bu hech narsa bilan tenglashtirib bo‘lmaydigan buyuk burch! Albagga, har bir millatdoshimiz ham shunday o‘ylayvermaydi. Vatan yo‘lida xizmat qilish uchun har bir kishi ma’naviy va moddiy boy bo‘lishi kerak! Faqat quruq gap bilan hamma vaqt ham maqsadga erisholmaysan. Sizlar ko‘p yillar «bosmachi» deb atab kelgan millatdoshlarimiz hayot-mamot harblarida imoni yo‘qligidan emas, balki moddiy dunyosi bo‘lmaganligidan yengilganlar!

Turkistonliklarning yetmish yil mobaynida olib borgan eng muhim ishlari, yutuqlari — Turkiston (O‘rta Osiyo va Qozog‘iston) respublikalarining chet ellar bilan aloqalari kesib tashlangan yigirmanchi yillardan to qayta qurish davriga dovur Vatanga tegishli barcha muammolarni tashqi mamlakatlardan ilmiy, siyosiy va ijtimoiy tomonlardan xorij millatlarga bildirishlaridir. Xususan, shaxsga sig‘inish va turg‘unlik deb atalayotgan yillarda Sizning ziyolilarintiz ovozlari butun jahon bo‘ylab baralla eshitilmagani bizga bilindi. Imkonlari torligi ma’lum edi. Ana shunday vaziyatda Mustafo Cho‘qay, Boymirza Hayit singari ko‘plab Turkiston farzandlari o‘z asl vatanlari hayotlarini jahonga tanitishga, muammolarini bildirishga katta kuch-g‘ayrat sarfladilar. Hali ular xizmatlarini tarix, Vatan munosib baholashlariga ishonaman!

Azim Suyun: — Chetdan kuzatgan ko‘zlarga hamma narsa ochiq-oydin ko‘rinadi. Bizlardagi nimalar ma’qulu nimalar…

Ahad Andijon: — Nimalar xunuk demoqchisiz? Millat uchun yaxshi ish qilayotganda tezroq bajaravering, ammo yomon ish qilayotganda o‘ylab ko‘ring degan gap bor. Yaxshi ishlar son-sanoqsiz, aytsam tugamaydi. Lekin bir yomon illat bor ekan, ya’ni aroqxo‘rlik. Ko‘pchilik ichadi, shekilli. Millatning, naslning aynishiga, menimcha, ikkita narsa sababchi bo‘ladi. Birinchisi suyuqoyoq ayollar, ikkinchisi, aytganimdek, aroqxo‘rlik-mayxo‘rlik. Go‘zal to‘ylarni ham aroqsiz o‘tkazmas ekansizlar…

Azim Suyun: — Oxirgi savol. O‘zbek vaqtli nashrlarini olasizlarmi?

Ahad Andijon: — Jamiyatimiz «Sharq yulduzi» darg‘isiga, «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» haftaligiga obuna bo‘lishgan. Bundan tashqari, «Qozoq adabiyoti», «Qirg‘iz adabiyoti», «Sovet Turkmanistoni», «Adabiyot va san’at» (Tojikiston) kabi ro‘znomalar ham olamizu, lekin Olmoniyadagi bir «Kubonsognar» firmasi orqali olishimizga to‘g‘ri keladi. Istagimiz: ularni to‘ppa-to‘g‘ri Turkiya o‘zi olsa. Bu masala ikki davlat rahbarlari o‘rtasida o‘z yechimini topishi kerak. Agar shunday istaklar tug‘ilsa biz yordam berishimiz mumkin.

Azim Suyun: — «Xalq so‘zi»ni olmayapsizlarmi?

Ahad Andijon: — Jon-jon deb olar edik…

«Xalq so‘zi», 1991 yil 28 iyun.