1987 yilning 5 yanvar kunidan boshlab biz o‘z ahdnomamizdagi barcha mutaxassislar bilan Damashq yaqinidagi Sbeyna qishlog‘i yonida Sovet mutaxassislariga atab qurilgan uyga ko‘chib keldik. Turar joyimiz shahardan 15 chaqirim olislikda bo‘lgani uchun har kuni ishdan so‘ng mikroavtobusda shaharga tushib, oziq-ovqat va boshqa zaruriy narsalar xarid qilib qaytamiz. Kun ora bir xil yo‘ldan shaharga qatnash jonga tekkach, bozor qilish uchun boshqa joy qidira boshladik. Bizga «Sayyida Zaynab» bozori ko‘p jihatdan ma’qul bo‘ldi. Chunki bu bozor bizning turar joyimizdan 8 chaqirim masofada bo‘lib, doim ziyoratchilar bilan gavjum edi.
Sayyida Zaynab qishlog‘ining markazida hazrati Alining qizi Zaynabning qabri joylashgan. Qabr katta gumbazli, taxminan uzunligi ham, eni ham 25 metrdan iborat muhtasham bino o‘rtasida qoldirilgan. Binoning to‘rt tarafi ayvon. Janub tomonida ikkita baland mezanasi bor. Bularning hammasi Samarqand Registoni kabi rang-barang bo‘yoqlar bilan bezatilgani uchun juda chiroyli ko‘rinadi. Binoning ichki devori va gumbazning shifti oyna va billur bezaklarga boy bo‘lgani tufayli bu ziyoratgohni Sovet mutaxassislari «Billur masjid» deb nomlashadi. U yerni eronlik ziyoratchilarsiz tasavvur qilish qiyin. Qeksayu yosh ayollar, hattoki 8—9 yoshli qizaloqlar ham o‘zlariga moslab tikilgan qora chodir yopinib yuradilar.
Ziyoratgohning shundoq yonginasida hammani qiziqtiradigan bozor bor. Bu norasmiy bozorda asosan eronliklar uchun ko‘pgina narsalar Livandan keltiriladi. Sotuvchilarning ko‘pchiligi Afg‘oniston qochoqlari ekan. Ularni bir ko‘rishdayoq, yuz tuzilishi va xarob kiyiniishdan ajratib olish mumkin. Bozorda jinsi shimlar, Yapon texnikasi va boshqa noyob buyumlar arzon narxda sotiladi.
Bir kuni bozordan o‘tayotib o‘z quloqlarimga ishonmay qoldim. Darhol atrofga qaradim. Xarob kiyingan, oldilariga arzimas narsalar qo‘yib sotib o‘tirgan afg‘on yigitlar bir-birlari bilan o‘zbek tilida gaplashayotgan edilar. Ularga yaqinlashib, salomlashish uchun qo‘l uzatdim. Ular seskanibroq, istar-istamas qo‘l uzatdilar. Men o‘zimni tanitishimdan ilgariyoq ulardan biri «Sho‘raviy O‘zbekistonidanmisiz?» deb so‘radi. Ular ko‘ngliga yoqadigan gaplar topib tanishgunimcha allaqancha vaqt o‘tdi.
Keyingi uchrashuvlarning birida suhbatdoshimning ismi Abdurahmon ekanini, xotini va to‘rt farzandi bilan shu bozorchadan 400 metr naridagi tashlandiq zaytunzorda chodir tikib yashayotganini bilib oldim. U 1982 yil dekabridan buyon Eron, Pokiston, Saud Arabistoni va Livanda bola-chaqasi bilan sarson bo‘lib, oxiri shu tashlandiq yerda norasmiy yashayotganini aytdi. Qaytayotganimda menga qarab:
— Qardosh, juma kuni namozdan so‘ng keling, gurunglashib o‘tiramiz, ishlarim yurishib qolgani uchun qo‘y so‘yib mo‘ysafidlarimizga ehson qilmoqchiman, kelsangiz xo‘p bo‘ladi-da, manavi yo‘lcha oxiridagi axlattepaning u yog‘ida bizning chodir, borsangiz ko‘rinib turibdi o‘zi, kelasizmi-a? — dedi.
Albatta kelishimni aytib xayrlashdim. Uyga ketayotib xayolga botdim. «Ehsonni kim qo‘yibdi senga, — deyman o‘zimga o‘zim, — uning o‘rniga egningga sal tuzukroq kiyim ol! Axir qo‘yning narxi falon pul-ku, uning o‘rniga anavi afg‘oncha shalvorning o‘rniga tuzukroq shim olib kiy! Yoki uning bu qilmishida biror sir bor-u men tushunmaymanmi?» Shu kabi xayollar bilan uyga qanday yetib borganimni sezmay qolibman.
Juma kunini orziqib kuta boshladim. Chunki o‘z yurtidan ajralib, qochoq yoki dushman nomini olib, darbadarlikda yashayotgan Afg‘oniston o‘zbeklarining ahvoli va yashash sharoitini o‘z ko‘zim bilan ko‘raman.
Kutilgan kun ham keldi. Manzilga aytilgan vaqtdan ertaroq borganim uchun bir muddat «Sayyida Zaynab» ziyoratgohining atrofida aylanib yurdim. Juma kuni bo‘lgani uchun ziyoratchilar nihoyatda ko‘p. Karvon singari tizib qo‘yilgan Eron avtobuslari ziyoratchilarni olib kelib, 3—4 kunlik sayohatdan so‘ng yana qaytib ketadilar.
Kelishilganidek, juma namozidan so‘ng, tanishimning uyi tarafga yura boshladim. Qishloq etagidagi yo‘lak tugab, axlatxonadan so‘ng eski zaytunzor bog‘ ko‘rindi. Bog‘ning sal ichkarirog‘idan boshlanib ketgan chodirlarning nihoyasi ko‘rinmas edi. Xar bir oila o‘z chodiri atrofini hovlichaga o‘xshatib o‘rab olgan. Devor o‘rnida har xil shox-shabbalar, temir-tersaklar va ular ustidan eskirib ketgan brezent, qop, latta matolar o‘ralgan. Xovlicha eshigi o‘rniga qoqib qo‘yilgan eski odeyalni bir tarafga ochib, ichkariga kirdim. Bu hovlicha ichida ham uchta katta-kichik, bir-biriga teskari qilib o‘rnatilgan chodirlar bor ekan. Meni eng yuqoridagi chodirga taklif etishdi. Hali kirib ulgurmagan edim, Abdurahmonning 5—6 yoshlar chamasidagi o‘g‘li ko‘chadan kirib «Hoy ota, suv kelayapti», — deb qichqirdi. Abdurahmon menga kulimsirab, «Uzr, suv olib olaylik, yo‘qsa ketib qoladi», deb ko‘cha tomonga shoshdi va chiqaverishda turgan har biri 20 litrli to‘rtta plastmassa bidonni bir yigit bilan ko‘chaga olib chiqishdi. Bu fursatda men chodirdan chiqqan uchta mo‘ysafid bilan salomlashib, hol-ahvol so‘rashib turdik. Abdurahmonlar ham ko‘p o‘tmay suv to‘ldirilgan idishlarni olib kirishdi.
So‘ng ko‘cha tarafdan tarillagan motorolyor ovozi eshitilib, sal nariroqdagi chodirlar yonida yana to‘xtadi. Keyin bilsam, bu o‘rtada ichimlik suv yo‘qligi uchun ular 20 litr suvni ikki liradan sotib olishar ekan. Taqqoslash uchun shuni aytish mumkinki, Sayyida Zaynab qishlog‘idan Damashq markaziga borish uchun chiqiladigan avtobusga bir lira to‘lanadi. Masofa taxminan 13—15 chaqirim chiqsa kerak.
Ichkari chodirga kirib o‘tirdik. Mo‘ysafidlar duo qilganlaridan so‘ng har xil savollar yog‘ila boshladi. Eni 4, uzunligi 9 metrlar keladigan bu chodirning ichki ko‘rinishi yashasa bo‘lguday edi. To‘riga Ka’ba surati tushirilgan gilamcha, bir tarafga afg‘on qo‘l gilami, yana boshqa tarafga katta-katta gullar kashta qilib tikilgan mato osilgan. Qayerdan, qanday olib kirilganiga aqlim yetmadi — xona o‘rtasida lampochka yonib turibdi, burchakdagi parda ostidan kichik hajmli televizor ham ko‘rinib turibdi.
Xonada o‘tirgan kishilar soni 40 dan ortdi. Ularning yarmidan ko‘prog‘i yoshi 55—60 lar chamasida, 10—15 kishi o‘rta yoshli, 5—10 tasi esa yosh yigitlar edi. Dasturxonga keltirilgan sho‘rva va palovning ko‘rinishidan ham ularning yemishlari nochor ekanligi yaqqol ko‘zga tashlanardi. Dasturxon yig‘ilganidan keyin ham har xil savollar boshlandi. Xonadagilarning ko‘pchiligi mendan gumonda o‘tirgani uchun ularga o‘n minutlar chamasi Afg‘oniston muammosi haqida gapirib berdim. Oxirgi kunlardagi «Izvestiya» gazetasida bosilayotgan Afg‘on muammosi haqidagi ma’lumotlarni muttasil o‘qib borayotganim tufayli bo‘lsa kerak, gaplarim ta’sirli va asosli bo‘ldi. Men yaqin kunlarda Sovet qo‘shinlari Afg‘onistondan to‘la olib chiqib ketilajagini (u paytda qo‘shinlarni olib chiqish boshlanayotgan edi) va tez kunlar ichida ular ham ona yurtlari Afg‘onistonga qaytishlari mumkinligini aytdim.
Bir oz sukunatdan so‘ng suhbat mavzui o‘zgardi. Mo‘ysafidlardan biri gap boshlab, qandaydir uch kishi haqida surishtira boshladi. Mavzu o‘zgargani uchun ichimga sal yorug‘lik tushib, yengilroq nafas ola boshladim. Surishtirilayotgan uch kishi haqida o‘tirganlardan biri shunday dedi:
— Yormatni muxobarot (Suriya xavfsizlik organi) ushlab, hamma molini olib, o‘zini besh kun zindon qilibdi, so‘ng Lubnonga (Livanga) olib borib qo‘yib yuboribdi. Bugun tunda kelarmish, kelsa anavi ikkovi haqida ham ma’lum bo‘ladi.
Qeyin surishtirib bilsam, ular tog‘ yo‘li bilan piyoda Livanga borishar, u yerdan arzonroq narxda narsalar olib kelib, bu yerda sotib, tirikchilik qilishar ekan. Bundan bir hafta ilgari haligi uch kishini chegara qo‘riqchilari ushlab olishgan ekan. Suriyada norasmiy yashayotgani va norasmiy yo‘l bilan savdogarlik qilayotgani uchun ularni Livanga olib borib qo‘yib yuborishibdi. Bu ko‘rguliklar tavakkalchi Afg‘on o‘zbeklari uchun odatiy ish ekan. Namozi asr o‘qilganidan so‘ng men ulardan javob so‘radim. Ko‘chaga chiqqanimda havo ancha sovuq bo‘lishiga qaramay yengil va kir-chir kiyinib yurganbolalarni ko‘rdim. Meni kuzatib chiqqan yigitlardan bu yerda necha xo‘jalik yashashini so‘radim. Ular yuzdan ortiq oila yashashini, har bir oilada kamida o‘n, ko‘pida yigirmadan ortiq jon borligini, keksalar subh namozidan peshin namozigacha Damashq ko‘chalarida poyafzal tuzatib tirikchilik qilishlarini, qolganlar esa bozorda ishlashlarini aytib berdilar. Ulardan biri o‘z bobosi haqida gapirib, asli o‘zbekistonlik ekanligini, bobosining aytishicha, ularning hovlilari va yaylovlari Samarqand shahridan uncha uzoq bo‘lmagan joyda bo‘lganligini gapirdi. Bundan uch oy ilgari otasi shu yerda qazo qilibdi, ikki akasi bir yil muqaddam Turkiyaga ketgan, haligacha xabar kelmas ekan. Ular meni katta yo‘lgacha kuzatib qaytdilar. Men Damashq mikroavtobusiga chiqib ketdim.
Oradan bir oylar chamasi fursat o‘tgach, yana do‘stim Abdurahmon ziyoratiga bordim.
— Siz bizni yo‘qlasangiz, sizni xudo yo‘qlasin, qardosh, qani chodirga marhamat, — deb ichkariga boshladi u. Bu safar meni kiraverishdagi kichkina mehmonxona chodirga olib kirdi. Bir ozdan so‘ng 8 yoshli katta o‘g‘li Rahmiddin choy olib kirdi. Uzoq suhbatlashib o‘tirdik. Suhbat chog‘ida u hozirgi kunda ishlari ancha qiyinlashgani, ko‘pchilik oilalar Turkiyaga ko‘chib ketayotgani, Suriya politsiyasi gohida chodirlarigacha kelib, ko‘chib ketishni talab qilayotganini ma’yuslanib gapirdi. O‘zining qanday qilib bu yerga kelib qolgani haqida ham gapirib berdi.
— Bizning uy va yerlarimiz Kobuldan 500 chaqirimlar narida, — deb hikoyasini boshladi Abdurahmon. — Urushning dastlabki vahimalari bizni unchalar qo‘rqita olmadi. Biz uch aka-uka bo‘lib, har birimizning o‘z yerimiz, chorvamiz, uyimiz bor edi. Keyinroq bizning taraflarga ham tez-tez sho‘raviy soruxlari (raketalari) tushib, qishloqlarni va yerlarni vayron qila boshladi. Otam ilgari olamdan o‘tgan, onam katta akam bilan yashar edi. Bir kecha onam biznikiga kelib tunab qoldi. Yarim tunda xabar keldiki, o‘sha akamning uyiga sorux (raketa) tushibdi. Ishonasizmi, sakkiz farzandi bor edi. Inson zoti narida tursin, qo‘y-molidan ham biror narsa tirik qolmabdi. Oradan uch kun o‘tgach, onam yoniga o‘tqazib: «Bola-chaqangni va ukalaringni olib, bu yurtdan chiqib ket, agar ketmasang rozi emasman, men yo‘lga yaramayman, kichik tog‘ang bilan sening uyingda qolamiz», dedi. Bu gapni rad etishning iloji bo‘lmadi. Ikki yil Pokistonda yurdim, u yerdan Pokiston pasportini olib, Saud Arabistoniga bordim, haj qildim. Keyin suv yo‘li bilan Lubnonga, undan tog‘ yo‘li bilan Suriyaga, mana shu kulbaga kelib qoldik-da, qardosh.
Abdurahmon gapini tugatib, bir nuqtaga uzoq tikilib qoldi. Men hozir u onasi haqida o‘ylayotganini bilardim, lekin biror tasalli beruvchi so‘z topib, uning ko‘nglini ko‘tara olmas edim. Bir ozdan so‘ng mening noqulay vaziyatimni sezib, gapni boshqa yoqqa burdi. O‘tirgan o‘rnida baqirib o‘g‘lini chaqirdi va unga yangi choy buyurib, yana gap boshladi:
— Uch kun bo‘ldi, besh oila avtobus bilan Turkiyaga jo‘nagandi, to‘rt oila o‘tib ketibdi, bir oila qaytib keldi kecha oqshom. Bechora mayda bolalari bilan ko‘p azob chekdi. Dunyo ishlari shunday bo‘larkan-da, qardosh, ular jo‘nagan kuni meni politsiya ushlab oldi. Xuddi shu Maqom (Ziyoratgoh) yonida, yaxshiki qo‘ynimda mol yo‘q edi, do‘q-po‘pisa bilan qo‘yib yubordi. Bu anavi xijrotda (bizdagi pasport stoli kabi tashkilot) biror tanishingiz yo‘qmi? Iqoma (biror joyda yashash uchun ruxsatnoma) qilib bersa, ancha tinchib qolar edik-da.
Ming afsuski, bu ish qo‘limdan kelmasdi. Bir amallab uzrimni aytdim. So‘ng u bizning O‘zbekistondagi dehqonlar hayoti haqida so‘rab-surishtira boshladi. Men avvalgi ahvol, hozirgi bo‘layotgan o‘zgarishlar, umuman, ko‘p narsalar haqida gapirdim. U barchasini katta qiziqish bilan tingladi.
Men o‘sha kuni uyga qaytib kelganimdan keyin ham, oradan 2—3 kun o‘tgandan keyin ham bu muhojirlar O‘zbekistonga bormasmikan? Agar borishsa bundan tuzukroq yashashadi-ku, degan fikr xayolimdan ketmadi va kelasi juma kunigacha biror tuzukroq taklif topib, ularga aytmoqchi bo‘ldim. Atroflicha o‘ylab, juma kuni yana o‘zbeklar lageriga yo‘l oldim. Abdurahmon uyida ekan, uni chaqirib, «Mo‘ysafidlar bilan maslahatlashadigan ish bor», — dedim. U choyga taklif qildi, e’tirozimdan so‘ng, yuring bo‘lmasa masjidga deb, chodirlar orasi bilan yo‘l boshladi. 10—15 chodirli hovlidan so‘ng uzun chodir oldida to‘xtadik. Bu chodir o‘zbeklar lagerining masjidi ekan. Biz ichkariga kirganimizda yigirmadan ortiq yoshu qari kishilar o‘zaro suhbatlashib, choy ichib o‘tirishgan ekan. Meni bu yerda qoldirib, Abdurahmon qolganlarni yig‘ib kelgani ketdi. O‘tirganlardan biri — ellik yoshlardagi kishi menga yaqinroq kelib quyuq so‘rashdi-da, shunday dedi:
— Mehmon, siz tunov kuni kelgan ekansiz, men bir yerga ketgan edim, sizni ko‘rmaganim uchun ko‘p pushaymonda edim, xush keldingiz, durustmisiz, men bundan o‘n yil burun O‘zbekistonga borganman, u yerda tog‘alarim, ko‘p qarindoshlarim bor. Termizdan poyezdda yarim kecha yurasiz, so‘ng jipda (GAZ—69 mashinasi demoqchi) bir soat yurasiz, o‘sha yerda bizning qarindoshlar bor, hammasi bir joyda yashaydi. Adreslari ham bor edi, bilmadim qay go‘rda qoldi, tog‘amni taksisi (engil mashinasi demoqchi) bor edi, onam bilan borganman, uch oyga borib, bir oy turib qaytganmiz, uyda ish ko‘p edi-da.
Agar atrofdagi yigitlar u kishini to‘xtatishmaganda, hali-beri to‘xtash maqsadi yo‘q edi. Ikkita-uchta bo‘lib mo‘ysafidlar kirib kela boshlashdi. Ularning ko‘pchiligi o‘tgan safargi o‘tirishda yo‘q edi. Bir ozdan so‘ng masjid to‘ldi. Kichkina davra kengayib, hatto poygak tarafdagi yoshlar ikki qator o‘tirishdi. Men gap boshladim. Ularga yurtimizdagi keyingi o‘zgarishlar haqida ozgina gapirgach, uyda qog‘ozga tushirib olgan fikrlarimni aytdim:
— Sizlar bu yerda juda qiynaldinglar, bu yerda na sizlarga qaraydigan doktor bor, na ichimlik suv bor. Sizlarni shu ahvolga solgan aslida bizlar. Endi bo‘lar ish bo‘ldi, ming afsus qilganimiz bilan ish o‘rniga tushmaydi, biror chora izlab, sizlarning turmushlaringizni osonlashtirishimiz zarur. Shuning uchun sizlarga bir taklif bilan keldim. Shu taklifni aytib ketaman, sizlar o‘zaro kengash qilinglar, men yanagi juma kuni kelib javobini olaman. Bu taklif shunday: Sizlar Sovet Ittifoqining Damashqdagi elchisiga quyidagicha talabnoma yozasizlar:
«Biz, Afg‘onistonlik o‘zbeklar hozirgi kunda Damashq shahri yaqinidagi bir qishloq chetida norasmiy holda yaishmoqdamiz. Bizning bu kunimizga kimlar sababchi ekani hammaga ma’lum. Turmush sharoitimiz nihoyat darajada og‘ir. Hozir bizlar bir yuz o‘n oiladan iboratmiz. Har oilada o‘n besh-yigirmatadan odam bor. Biz hozirgi Afg‘oniston mojarosi hal bo‘lgunga qadar biror tinch boshpana va mehnatga muhtojmiz. Oramizda keksalar va go‘daklar juda ko‘p, ularning salomatligi kundan kunga yomonlashib boryapti. Har oyda 4—5 yosh bolaga janoza o‘qiymiz. Shuning uchun bizlar Sovet Ittifoqi hukumatidan quyidagicha shartnoma tuzishni talab qilamiz.
- Bizning hammamizga O‘zbekistonning bir joyidan yer ajratib beriladi. Biz ekin-tikin bilan shug‘ullanib, hosilning 30 protsentini O‘zbekiston davlatiga topshiramiz. Shu ish Afg‘oniston muammosi bartaraf bo‘lgunga qadar davom etadi.
- Xar bir oilaga uy-joy beriladi. Berilgan uylarni ketish oldidan isloh qilib, so‘ng topshirib ketiladi.
- Bizning biror kishimizga ham noo‘rin zulm qilinmaydi.
- Bizning to‘la erkinligimiz ta’minlanishi uchun, bizga biror tahdid qilinmasligi uchun O‘zbekistonda biz bilan yonma-yon ikkita BMT vakili va ikkita Saud Arabistoni vakili yashaydi.
- Shartnomani SSSRning Damashqdagi Elchixonasida to‘rt gruppa kishilari imzolaydi:
1-Bizning vakillarimiz,
2-Sovet Ittifoqi vakillari,
3-BMT vakillari,
4-Saud Arabistoni vakillari.
Talabimiz adolatga asoslanganligi tufayli e’tirozga uchramaydi degan umid bilan:
Afg‘onistonlik sarson o‘zbeklar».
Gapim tugab, o‘tirganlarga qaradim. Ularning astoydil ekanliklarini ko‘rib, ularga:
— Agar sizlar shu ma’noda talabnoma yozsalaringiz, men uni Sovet elchisiga olib boraman, unga vaziyatni tushuntiraman, hozirgi kunda bu taklifga birov yo‘q demaydi, — dedim.
Bir oz sukunatdan so‘ng, bu fikrga astoydil qiziqqan yoshlar o‘z yonlaridagi hali fikrlarini jamlayolmayotgan, go‘yo quyoshli kunda momaqaldiroq eshitganday hayron bo‘lib o‘tirgan mo‘ysafidlarga aytilgan gaplarni tushuntirib, ularni bu ishga da’vat qila boshladilar.
Xullas, yaxshi umidlar bilan uyga qaytib, yanagi juma kunini kuta boshladim. Bu gaplar 1989 yil yanvar oyining o‘rtalarida bo‘lgan edi.
Afsuski, kelgusi juma kuni men kutilgan javobni ololmadim. Abdurahmon menga «Bir qism birodarlar Turkiyaga ketadigan bo‘lishyapti, qolganlar, ko‘chib yurish jonga tegdi, endi ko‘chmaymiz deyishyapti», dedi.
Men Abdurahmonning chodiridan chiqib ketayotib, yo‘lda 5—6 mo‘ysafid bilan to‘qnashdim. Ular ichida haligi Termizga borgan kishi ham bor edi. O‘zaro salom-alikdan so‘ng, u menga:
— Mullo, domlamiz unamadilar, hijratimiz kuyar ekan, hijrat Ka’baga, Makkaga bo‘ladi, Sho‘raviyga borsang, bu yerga qilgan hijrating ham kuyadi, dedilar, — deb ochig‘ini aytdi.
Keyinchalik ular bilan yana bir necha bor uchrashdim. Oxirgi marta 1989 yilning may oyida bordim. Atrofdagi axlat va tashlandiqlar ko‘pligi tufayli bo‘lsa kerak, Abdurahmonning chodiri nariroqqa jildirilgan, ko‘pgina chodirlar o‘rni bo‘shab qolgan. Abdurahmondan bu hol sababini so‘rasam, yana bir qancha oila Turkiyaga jo‘naganini, u yerda qo‘y terisi oshlaydigan korxonada ishlashayotganini aytdi. U yerda bir amallab iqoma (rasmiy yashash uchun ruxsatnoma, masalan uch yoki besh yil muddatga) olish mumkin emish, bu yerda qolgan qirq xo‘jalik to Afg‘on masalasi to‘la tinchiguncha shu yerda yashashga ahd qilibdi. Biz ancha vaqt suhbatlashib o‘tirdik. Suhbat oxirida men ham ikki-uch oy ichida ketishim haqida gapirdim. U menga bir oz tikilib turgach: «Qardosh, vaqt g‘animat ekan, bu dunyoga hamma mehmon, tez‑tez kelib turing, siz bilan gurunglashsam, ko‘nglim ancha ko‘tariladi», — dedi kulimsirab.
Bu safar u meni uzoqroqqacha kuzatib bordi. Xayrlashar ekan: «Har yerda bizni duo qilib turing, do‘stning do‘stga qilgan duosi ijobat bo‘ladi, xayr, Xudoga omonat», — deb ma’yus qoldi.
Shu bizning oxirgi suhbatimiz bo‘ldi. Men qaytib borolmadim. Safardan kelganimdan buyon o‘sha manzara xayolimning bir chekkasini band qilib turadi. Nahotki, xolis duodan boshqa narsaga yaramasak? Ona yurtdan olisdagi qondoshlarga nega yordam qo‘lini cho‘za olmaymiz?
Suriyalik o‘zbeklar
Toshkent Davlat universitetining 5-kursida o‘qiyotganimda meni tarjimon sifatida Suriya Arab Respublikasiga yubordilar. U yerda uch yarim yil tarjimon bo‘lib ishladim. Shu o‘tgan davr mobaynida imkoni boricha suriyalik o‘zbek birodarlarim bilan aloqada bo‘lib turdim.
Bir necha marta adabiyotchi olim Burxon Buxoriy bilan suhbatda bo‘ldim. Men u kishi qilayotgan ulkan ishlarni ko‘rib qoyil qoldim. Burxon aka o‘z uyining yarmini ilmiy kutubxona, ilmiy kompyuter markazi va 10—12 kishidan iborat ilmiy xodimlarga ajratib bergan va ular bilan birgalikda ulkan adabiy asarlarni kompyuter programmasiga joylamoqda. Ziyoratlarim birida u kishi mendan Alisher Navoiyning ba’zi g‘azallarini ifodali o‘qib berishimni so‘radi. Mening talaffuzimga qarab, g‘azallar aruzning qaysi vaznida yozilganini aniqlab, o‘zlarining qo‘llaridagi kitobga qalam bilan belgilar qo‘yib oldilar. So‘ngra faxr bilan shunday dedilar: «Yaqin kelajakda Navoiyning ayrim asarlarini aruz vaznini yo‘qotmagan holda arab tiliga tarjima qilib, o‘zim tuzgan maxsus transkriptsiya asosida kompyuterga kiritamiz va kompyuter bu asarlarni ingliz va nemis tillariga tarjima qiladi».
Burxon aka Buxoriyning bu gaplari meni to‘lqinlantirib yubordi. Uyga kiraverishdagi keng xona devoriga o‘rnatilgan Alisher Navoiyning katta portreti go‘yoki shu ulkan ilmiy ishlarni ruhan kuzatib, ularga mutasaddi bo‘lib turganday edi. Men shu buyuk siymo oldida o‘zimni noqobil farzandday xijolat sezdim, chunki biz u kishining ulkan asarlarini jahondagi boshqa xalqlarga yetkazish uyoqda tursin, o‘z xalqimiz orasida ham o‘rganib, o‘rgatib bo‘lganimiz yo‘q-ku! Bu mehnatlari va o‘z xalqiga bo‘lgan sadoqati, muhabbati uchun Burxon akaga katta minnatdorchilik bildirdim. U kishi o‘z navbatida qilayotgan ishlari nihoyasiga yetgach, bir kompyuter va Alisher Navoiy asarlari programmalashtirilgan disketni O‘zbekistonga sovg‘a qilish niyatida ekanliklarini aytdilar.
Oradan bir oz vaqt o‘tgach, Abdulmajid aka Buxoriyni bir ziyorat qilib o‘tish maqsadida, u kishining do‘koniga yoordim. Bu do‘kon asosan tovuq va chorva fermalari uchun zarur ba’zi asbob-anjomlarni tayyorlab sotadi. Bino ortida shu do‘konga qarashli kichik korxona va 3— 4 ishchi bor. Do‘kon Damashq shahrining eski shahar qismiga joylashgan. Maxsus do‘kon bo‘lgani uchun ko‘p vaqt xaridorsiz, bo‘sh bo‘ladi. Ertadan peshinga qadar do‘konda Abdulmajid aka, tushdan so‘ng o‘g‘li Yosir Buxoriy turadi. Men borgan kunim Abdulmajid aka kutib oldi, Odatdagidek darhol choy uzatdi. Hol-ahvol so‘rashib, biroz dam olganimdan so‘ng, u kishi mendan «Ta’ziyani eshitdingizmi?» — deb so‘rab qoldi.
— Yo‘q. — dedim.
— Qecha Burxonning onasiga janoza o‘qidik, rahmatli eng keksalarimizdan edi. O‘zbekistonning Shahrixon shahridan edilar. Bugun, ertaga va ertadan keyin, uch kun mobaynida kech soat 5 dan to soat 8 gacha ta’ziya qabul qilinadi, Burxonning uyida, — dedi.
O‘sha kuniyoq ta’ziyaga bordim. Besh qavatli bino bizning Sovet elchixonasidan taxminan 300 metrlar narida joylashgan, Burxon aka shu binoning 5-qavatida istiqomat qiladilar. Binoga kirish eshigi oldida 5—6 kiish ta’ziyaga kiruvchilarni qo‘l qovushtirib kutib olmoqda, ichkarida liftni hozirlab turgan ikki o‘spirin yigit keluvchilarga tavoze ko‘rsatib turibdi. Beshinchi qavatga ko‘tarilib, Burxon akaning uylariga kirdim.
Kiraverishda turgan va keng uyning bir tarafida qator o‘tirgan 10—12 kishining qiyofalaridan ularning o‘zbek ekanliklarini aniq sezilib turibdi. Uzunligi 10 metrli bu xonaning to‘rida ikkita qori navbat bilan Qur’on tilovat qilyapti. Ta’ziyaga kirgan har bir guruh 6—8 kishidan iborat bo‘lib, 2—3 minut tilovat eshitar, xona o‘rtasida xizmat qilib turgan kishilar keltirgan qahvadan ichishar, so‘ngra navbat bilan ta’ziya qabul qiluvchilarga bir-bir qo‘l berib chiqib ketishar va yana navbatdagilar kirib, xuddi shu hol takrorlanar edi.
Lekin qorilar atroflaridagi bu kirdi-chiqdilarga bee’tibor qiroatlarida davom etardilar. Har bir qori 15—20 minutda qiroatni to‘xtatib, duoga qo‘l ochar, o‘qilayotgan va tinglanayotgan tilovat savobini marhuma ruhiga bag‘ishlab, yuziga fotiha tortishi bilanoq ikkinchi qori qiroatni davom ettirar edi. Zamonaviy ovozko‘targichlar tilovatni yanada mungli va ta’sirli qilib yuborar edi.
Ta’ziyadan qaytayotganimda liftga men bilan birga ikki yosh yigit chiqdi. 18—20 yoshlardagi bu yigitlar Saud Arabistoni shevasida mendan hol-ahvol so‘rab, o‘zlarini tanita boshladilar. Ular Burxon akaning jiyanlari bo‘lib, Saud Arabistonida yashar ekanlar. Pastda yarim soatlar chamasi suhbatlashdik. Bu yigitlar ham ko‘pgina Suriyalik o‘zbeklar kabi o‘z ona tillarini bilishmas ekan. Lekin ular albatta o‘zbek tilini o‘rganishlari va birinchi imkoniyatdayoq ota-bobolarining vatani — O‘zbekistonni ziyorat qilib, kelajakda bordi-keldi qilish maqsadlari borligini aytdilar.
Yana bir kuni Abdulmajid akaning do‘konida u kishining katta akasi Abdullatif bilan hamsuhbat bo‘ldim. U Damashqlik o‘zbeklar ichida ancha jonkuyar kishi ekan. Suhbat asnosida Abdullatif aka «Vatan» jamiyati faoliyatidan uncha xursand emasligini sezdim. Buning sababini so‘rasam, u kishi shunday javob berdi:
Biz bu yerda yashash jarayonida arablar bilan quda-andachilik qildik. Natijada aralash oilalar paydo bo‘lib, farzandlarimizga o‘zbek tilida gapirishni o‘rgatish imkoni bor oz susaydi. Albatta, bu bizning farzandlarimiz va ona vatanimiz oldida kechirilmas gunohimizdir. Endi biz shu gunohni yuvish maqsadidamiz. Shu niyatlar bilan qilgan talablarimizga aks-sado chiqmayapti. Mana yoshim ham ellikdan oshyapti, gohida shu fikrlarni o‘ylab, tong ottiraman. Biz, Suriyalik o‘zbeklar o‘rtahol yashaymiz. Birovga muhtoj emasmiz, lekin Saud Arabistoni o‘zbeklari, Amerika o‘zbeklari kabi millionerlar bizning ichimizda yo‘q. Agar aloqalarimiz yaxshi bo‘lib, bordi-keldi bemalol bo‘lib qolsa, har yili ikki marta borib kelishga ham qurbimiz yetadi. Goho Amerikalik qarindoshlarimiz kelib turishadi. Ular farzandlarimiz ona tilini bilmaganliklari uchun bizdan xafa bo‘lishadi. Bu gaplar mening yaramga qayta tuz sepadi. Darhaqiqat, hozirgi kunda o‘g‘il-qizlarimizning faqat familiyasigagina Buxoriy deb yoziladi. Chunki Buxoriy degani o‘zbekistonlik, o‘zbek deganidir. Tarixda o‘tgan ulug‘ islom olimi, hadisnavis alloma Ismoil Buxoriy vatandoshimiz bo‘lgani uchun bizni arablar alohida hurmat qiladilar. Farzandlarimiz esa Buxoriy tilini, ya’ni o‘zbek tilini bilmaydilar. Lekin Ollohga beadad shukurki, ular qalbida o‘z bobolarining vatani va tiliga muhabbat uyg‘ota oldik. Afsuski, farzandlarimizga o‘zbek tilini o‘qitish va kelajakda O‘zbekistonda tahsil oldirish niyatida qilgan barcha harakatlarimiz natijasiz bo‘lib qolmoqda.
Bizning o‘zbek tilida bo‘layotgan suhbatimizni tushuna olmayotgan Yosir Buxoriy bir menga, bir amakisiga qarar va amakisining norozi qiyofasini ko‘rib hayron bo‘lardi. Men Abdullatif akani yupatish va umidlari ruyobga chiqishiga oz qolganligini aytish maqsadida hozirgi kunda Vatanimizda ro‘y berayotgan keskin o‘zgarishlar haqida gapirib berdim. Yosir yaxshiroq tushunishi uchun ba’zi muhim voqealarni arab tilida gapirdim. Shundan so‘ng suhbatga Yosir ham aralashib:
— Agar biz barcha qarindosh-urug‘larimiz bilan, ya’ni ko‘pchilik Suriyalik o‘zbeklar Sovet Elchixonasiga biror iltimosnoma yozsak, shu iltimosnomamizni Sovet elchixonasidagi mas’ul rahbarlarga va O‘zbekistondagi mutasaddi vatandoshlarga yetkaza olasizmi? — deb qat’iy so‘rab qoldi. Men unga arablarda juda ko‘p ishlatiladigan «ala ro’si» ya’ni, «bosh ustiga» deb javob berdim.
Kelishib olganimizdek, bir haftadan so‘ng men Yosirdan ularning talabnomasini olib ketdim. Talabnoma quyidagicha edi:
Sovet Ittifoqining Suriya Arab Respublikasidagi Elchisiga,
Sovet Ittifoqining Damashqdagi Konsuliga,
Sovet Ittifoqining Damashqdagi Madaniyat markazi Mudiriga,
O‘zbekistondagi «Chet ellarda yashayotgan o‘zbek millatiga oid kishilar bilan madaniy aloqa o‘rnatish «Vatan» jamiyati» hay’atiga.
Biz, Suriyada yashovchi o‘zbek farzandlari Sizlarga talabnoma taqdim etib, o‘z farzandlarimizga ona tilini o‘qitish ishlarida madaniy yordam berishlaringizni so‘raymiz. Koshki bu o‘zbekistonlik qondoshlarimiz bilan aloqani mustahkamlashga bir vosita bo‘lsa. Biz bu talabimiz sababini quyidagicha bayon etamiz. Bu yerda o‘zbek tilini birovga o‘rgatish darajasida yaxshi biladigan kishilar yo‘q, undan tashqari til o‘rgatish uchun dastlabki qo‘llanmalar yo‘q.
Ko‘p sonli, o‘zbek tilini o‘rganish istagida yurgan o‘zbeklarni nazarda tutib, Damashqdagi Sovet madaniyat markazida rus tili o‘qitilayotgani kabi shu markaz qoshida o‘zbek tilini o‘qitish kurslarini ochib berishlaringizni iltimos qilamiz. Bundan tashqari, Saud Arabistonida istiqomat qiluvchi o‘zbek birodarlarimizda ham o‘z ona tilllarini o‘rganishga rag‘bat katta. Lekin Sovet Ittifoqi bilan Saud Arabistoni o‘rtasida madaniy aloqa bo‘lmagani uchun ular ham zarur qo‘llanmalarni bizdan so‘rashmoqda. Sovet madaniyati markazida keng ommaviy ishlar olib borilayotganligiga qaramay, bizning ona Vatanimiz bilan aloqalarimizga e’tiborsizlik bilan qaramoqdalar.
Agar Madaniyat markazida o‘zbek tili kursi ochilsa, kelajakda O‘zbekiston bilan aloqalarimizni mustahkamlab, o‘zimizning shaxsiy sarf-xarajatlarimiz hisobiga farzandlarimizni O‘zbekiston oliy ta’lim dargohlariga yubormoqchimiz. Hozirgi paytda biror kishi Toshkentga safar qilmoqchi bo‘lsa: juda ko‘p to‘siqlarga duchor bo‘ladi. Bir amallab u yerga borgan chog‘ida ham, o‘zi xohlagan biror ilm dargohida tahsil ololmaydi.
Shu sababli biz sizlardan shu masalaga e’tibor berishlaringizni va iloji boricha tezroq biror chora ko‘rishlaringizni so‘raymiz. Chunki bu ish natijasini faqat biz emas, balki ko‘pgina qo‘shni davlatlarda yashovchi o‘zbek birodarlarimiz ham kutmoqda.
Sizlarga chuqur ehtirom bilan:
Abdulhamid Buxoriy, Abdullatif Buxoriy,
Abdulmajid Buxoriy, Burxon Buxoriy,
Muhammad Amin Buxoriy, Abdulhafiz Buxoriy,
Abdulaziz Buxoriy, Abdulhodiy Buxoriy,
Faruh Buxoriy.
Toshkentga qaytib kelganimda qo‘limga «Yoshlik» jurnalining 6-soni (1989 y.) tushib qoldi. Unda Erkin Vohidov bilan qilingan suhbatni o‘qib, o‘zim aytmoqchi bo‘lgan quyidagi jumlalarni topdim: «O‘zbeklarning keyingi avlodlari urf-odatlardan uzoqlashib qolishi mumkin. Shu sababli o‘zaro aloqalarni zudlik bilan kengaytirish zarur. «Vatan» jamiyati, chet mamlakatlar bilan madaniy aloqa bog‘lash O‘zbekiston jamiyati, qolaversa, «Yoshlik» jurnali bu ishga bosh qo‘shishlari kerak. Amerikalik o‘zbeklarning (bu o‘rinda men yer yuzidagi barcha o‘zbeklarning demoqchiman) ona yurtga kelib-ketishlariga imkon yaratish, ularning farzandlarini maktablar, oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga taklif etishimiz lozim».
Juda ulug‘ va zarur ishlar. Ayniqsa, uzoq yurtlardagi qondoshlarimiz umid bilan bizga ko‘z tikib turganlarida bu xayrli ishni ertaga qoldirmaylik.
Respublika tashqi ishlar ministrligi va yuqorida nomlari tilga olingan tashkilotlar bu ishga bosh qo‘shadi, deb umid qilamiz.
“Yoshlik” jurnali, 1990 yil 2–son