Hamid Ziyoyev. To‘fon (1992)

http://n.ziyouz.com/images/dukchieshon2.jpg
Xalq isyoni saltanatni yo‘q qildi,
Xalq istadi: toj va taxtlar yiqildi…
Xalq istadi, ozod bo‘ldi, bu o‘lka,
Ketdi uning boshidagi ko‘lanka.
Cho‘lpon

Avvalo, shuni aytib o‘tish kerakki, o‘zbek xalqi o‘zining ko‘p asrlik tarixi davomida xorijiy davlatlarning tajovuz va hukmronligiga qarshi kurashib keldi. Uning mustaqillik va ozodlik uchun olib borgan qonli janglari tarix sahifalarida oltin harflar bilan bitilgan. Bunday kurashlar chor Rossiyasi o‘zbek xonliklarini bosib olgandan keyin ham sodir bo‘ldi. 1916 yilgi xalq qo‘zg‘oloni bir shahar yoki viloyatdagina emas, balki butun O‘rta Osiyo va Qozog‘istonni qamrab oldi. Unda o‘zbeklar, tojiklar, qozoqlar, turkmanlar, qirg‘izlar, qoraqalpoqlar va uyg‘urlar faol qatnashdilar. Hatto o‘lkaning ba’zi joylarida ruslar ham ishtirok etganligi haqida ma’lumotlar mavjud. Uning aks sadosi butun Rossiya imperiyasi bo‘ylab taraldi. Qo‘zg‘olon chor hukumatining mustamlakachilik va milliy zulmi avj olgan vaqtda ko‘tarildi.

Chunonchi, 1914 yilda boshlangan birinchi jahon urushi Rossiyadagi barcha millatu elatlarning boshiga ko‘pdan-ko‘p azob-uqubat va tashvish soldi. Xalq xo‘jaligining izdan chiqib ketishi mamlakatda ocharchilik va qashshoqlikni tobora kuchaytirib yubordi. Bu holat ayniqsa, Turkiston o‘lkasida yaqqol ko‘zga tashlandi. Chor hukumati va kapitalistlar urush ketayotganligini ro‘kach qilib, o‘lka aholisini yanada battar taladi, zulm ostiga oldi. Og‘ir iqtisodiy vaziyatga qaramay, chor hukumati Buxoro (Kogon-Qarshi-Termiz), Farg‘ona (Qo‘qon-Namangan-Andijon), Yettisuv (Aris-Burnas) temir yo‘llarini qurdi. Bundan maqsad — o‘lkada yetishtiriladigan dehqonchilik mahsulotlari va tabiiy boyliklarni Rossiyaga ko‘proq olib ketish edi. 1914—1916 yillarda 41 million pud paxta, 3 million puddan ortiq paxta yog‘i, 200 ming pud sovun, 300 ming pud go‘sht, 474 ming pud baliq, 70 ming ot, 12797 tuya, 270 arava, 1344 o‘tov, ko‘p miqdorda quruq mevalar va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari Rossiyaga jo‘natilgan edi. Shuningdek, 1914 yilda Yettisuv viloyatidan 34 million so‘mlik yirik va mayda qoramol, 1915 yilda Sirdaryo hamda Yettisuv viloyatlaridan bir million bosh qo‘y olib ketilgan. O‘lkada g‘alla yetishtirish va chorvachilik orqaga ketdi. Rossiyadan g‘alla keltirish ancha kamaydi. Natijada rus g‘allasiga umid bog‘lab nuqul paxta ekkan o‘zbek dehqoni juda qiyin ahvolga tushib qoldi. Oziq-ovqat, kiyim-kechak, gazlama, qurilish materiallarining narxi kun sayin oshib bordi. Masalan, gazlama narxi 300—400 foizga, kiyim-kechak narxi 200—300 foizga, qand narxi 250 foizga, poyabzallar narxi 300—400 foizga ko‘tarildi. Farg‘ona vodiysida ilgari 50 so‘m turadigan otning narxi 100—200 so‘mga, 5—9 so‘mlik qo‘ylar narxi 30—35 so‘mga oshdi. G‘alla va non narxi ham ko‘tarildi. Bular kamdek, chor hukumati har turli solig‘u majburiyatlarni ko‘paytirdi. Yer solig‘i 1914 yildagi 6859021 so‘mdan 1916 yilda 14311771 so‘mga yetdi. Bir pud paxta tolasiga 2 so‘m 50 tiyindan qo‘shimcha soliq olish joriy etildi.

1915 yilning 1 yanvaridan boshlab, tub aholidan harbiy xizmatni o‘tamaganliklari evaziga daromadlaridan qo‘shimcha 21 foiz harbiy soliq olish buyurildi. Urush tufayli paxtaning bozor narxi ko‘tarildi. Bundan paxtakorlar birmuncha foyda ko‘rishlari mumkin edi, lekin chor hukumati to‘qimachilik sanoati egalarining talabiga ko‘ra paxta savdosini nazorat ostiga olib, uning bozor bahosini 30—31 so‘mdan 24,05 so‘mga tushirdi. Bu hol dehqonlarga ziyon keltirgan bo‘lsa, kapitalistlarning cho‘ntagini to‘ldirdi. Masalan, birgina Tver to‘qimachilik sanoati 1913—1914 yillarda paxtaning eski narxidan 1893000 so‘m foyda ko‘rgan bo‘lsa, ularning keyingi 1915—1916 yillardagi daromadi 9931000 so‘mni tashkil etdi. Dehqon ommasi banklar, firmalar va mahalliy sudxo‘rlardan olgan qarzlari orqasidan ham mushkul ahvolga tushib qolgan edilar. Paxtakorlarning ehtiyoj va talablarini amalga oshiruvchi, himoya qiluvchi birorta tashkilot yoki jamiyat yo‘q edi. Odatda, erta bahordayoq paxtakorlar ro‘zg‘orida oziq-ovqat, kiyim-kechak va mablag‘ga muhtojlik nihoyatda kuchayib, ularning yer haydash, urug‘lik sotib olish va ekish ishlariga hech vaqosi qolmas edi. Paytdan foydalanuvchi firmachilar banklardan pul olib, paxta tumanlarini kezib, paxtakorlar bilan qarzga pul berish xususida shartnomalar tuzardilar. Bu ishni amalga oshirishda mahalliy sharoitu urf-odatlarni yaxshi bilgan mahalliy ma’muriyat vakillari, dallollar, chistachi[1] va aravakashlar vositachilik qilardilar. Har bir firma vakili avvalo viloyat hokimlari va oqsoqollarini o‘zlariga og‘dirish uchun quyuq ziyofatu sovg‘a uyushtirganlar. Firma bo‘lim hokimi va oqsoqoli bilan yaxshi munosabat o‘rnatishi hamono uning faoliyati uchun keng yo‘l ochilgan. Turkistonda bo‘lim oqsoqoliyu hokimi pixini yorgan odamlar bo‘lgan. Odatda, oqsoqol va hokimlikka boy kishilar saylangan, saylangunlaricha o‘n minglab so‘m sarflashdan-da toymagan, vaholanki, uning bir yillik maoshi 600 so‘mga to‘g‘ri kelgan. Lekin hokimlikni qo‘lga olishi bilan sarflangan pullarini aholidan ancha oshig‘i bilan qaytarib olgan. Bu xarajatlarni undirishning asosiy og‘irligi paxtakorlar zimmasiga tushgan. Shu ravishda mahalliy boylar ham mehnatkash omma ustidan qattiq zulm o‘rnatgan edi.

Xullas, og‘ir soliqlar, qarzdorlik va qahatchilik dehqonlarni bir parcha yeridan hamda mol-mulklaridan mahrum bo‘lishiga olib keldi. Natijada mardikorlar va chorikorlar soni ko‘payib ketdi. Urush bahonasi bilan tub aholi qattiq ta’qib va siquv ostiga olindi. O‘lkada vaziyat g‘oyat og‘irlashib, keskin tus oldi. Bundan cho‘chiy boshlagan chor hukumati zo‘r berib, tub aholini rus davlatiga nisbatan «sodiq» bo‘lishlikka chaqirar, «vatanparvarlik» tuyg‘ularini namoyish etishni talab etardi. Davlatga qarshi qilingan har qanday xatti-harakat darhol qo‘porib tashlanishi haqida mahalliy ma’muriyat ko‘rsatma olgan edi. Hatto machit-madrasalarda rus imperatoriga sog‘liq va uzoq umr tilagan holda «xutba» o‘qish buyurildi. Chor hukumati vakillariyu kapitalistlar mahalliy ma’muriyatga tayangan holda mehnatkash ommani mustamlakachilik va milliy zulm iskanjasida benihoya siqardiki, unga boshqa chidashning iloji bo‘lmay qoldi. 1916 yil 25 iyunda rus imperatori Nikolay II ning «Imperiyadagi begona xalqlar erkak aholisini harakatdagi armiya rayonlarida harbiy inshootlar va shuningdek davlat mudofaasi uchun zarur bo‘lgan boshqa har qanday ishlarga jalb qilish» haqidagi farmoni yara ustiga chiqqan chipqon bo‘ldi. Bunga ko‘ra Turkiston o‘lkasidagi Sirdaryo, Farg‘ona, Samarqand, Yettisuv va Kaspiyorti viloyatlaridan 19 yoshdan 43 yoshgacha bo‘lgan kishilar mardikorlikka safarbar etilishi lozim edi. Farmon butun o‘lka aholisini larzaga soldi. Chunki mardikorlikka, asosan kambag‘allar olinishi kerak edi. Ular ketsa ayollar va farzandlar boquvchisiz qolib, halok bo‘lishlari muqarrar edi. Shunga qaramay chor hukumati vakillari podshoh farmoni darhol amalga oshirilishini talab qildi. Sabr-kosasi to‘lib-toshgan xalq ko‘tarildi.

Qo‘zg‘olon 1916 yil 4 iyulida Xo‘jand shahrida boshlandi. Bu yerda to‘plangan 6—7 minglik olomon politsiya idorasini qurshab olib, mardikorlikka bormasliklarini shovqin-suron bilan izhor qildilar. Olomonning oldingi saflarida Abdumadaminov, Dadaboy Masharipov, Yahyoxon Qori Olimxonov, Eshonxon Mirza O‘rinov singari kishilar turdilar. Ko‘tarilgan omma orasida ayollar va bolalar ham bor edi. Politsiya hamda askarlarning qo‘zg‘olonchilarga qarata o‘q otishlari natijasida ulardan uch kishi o‘ldirildi, 4 kishi yarador qilindi. Odamlar askarlar qurolini tortib olishga urindi. Bu voqeadan keyin aholi Samarqand viloyatining ayrim joylarida ham birin-ketin bosh ko‘tarib, bir necha oqsoqollarni kaltakladi, mardikorlik ro‘yxatlarini yirtib tashladi. 7 iyulda Dahbed qishlog‘ida qo‘zg‘olonchilar bo‘lis boshqaruvchisining mirzasi Qobulovni o‘ldirishdi. Unga mulla Usmon Abdurasulov, Gadoy Abduqodirov, Xolmo‘min Xolmurodov, Azizqul Murodov, Muxtor Hafizov singari kishilar boshchilik qilgan. Qo‘zg‘olon qatnashchilaridan 24 kishi hibsga olindi. 21 iyulda Jumabozor qishlog‘ida 4 ming kishidan iborat olomon to‘planib, mardikor olinishiga qarshi norozilik bildirdi. O‘sha kuni Samarqand shahrining Registon maydoniga to‘plangan minglab odamlar podshoh farmoni bekor qilinishini talab etdi. Ayrim odamlar mardikorga borishdan bosh tortib, guruh-guruh bo‘lib boshqa joylarga qocha boshladilar. Masalan, 12 iyulda Dovul va Chashmay bo‘lislaridan odamlar Buxoro xonligiga o‘tib ketadilar. 11—12 iyul kunlari Yem, Zomin va Yangiqo‘rg‘on qishloqlari aholisi ayrim oqsoqollarni o‘ldirdi va mardikorlikka bormasliklarini izhor qildilar.

Xalq qo‘zg‘oloni, ayniqsa Jizzax shahrida nihoyatda kuchli o‘tdi. Bu yerda 13 iyul kuni Nazar Xo‘ja, mulla Mahamat Rahim boshchiligidagi olomon chor hukumati hukmronligiga va mardikor olinishiga qarshi bosh ko‘tardi. Prokurorning aybnomasida ko‘rsatilishicha, nayza, so‘yil, bolta, pichoq, qilich va to‘pponchalar bilan qurollangan) olomon 13—17 iyul kunlari shahar va uning atrof joylarida harbiy qismlarga, ma’muriyat vakillariga qarshi hujum uyushtirganlar. Ular ko‘p joylarda temiryo‘l izlarini ko‘chirganlar, ko‘prik va uylarni yondirganlar, telefon simlarini uzganlar, temiryo‘l kazarmalari va qurilishlarni ostin-ustin qilganlar. Shuningdek, qo‘zg‘olonchilar Jizzax uyezdi boshlig‘i polkovnik Rukinni, politsiya shtabs-kapitani Zotoglovni, uyezd boshqarmasining tarjimoni Mirzahamdam Zakirjonovni, Jizzax shahrining katta oqsoqoli Komil Jumaboyevni, oqsoqol Mirzayor Xudoyorov va rus askari F. Grishenkoni o‘ldirdilar.

15 iyulda Kattaqo‘rg‘on uyezdining Chimboy va Kalqo‘rg‘on bo‘lislarida ham g‘alayon ko‘tarilib, qozi Toshg‘oyib Nazarov o‘ldiriladi, ikki oqsoqol toshbo‘ron qilinadi.

18—21 iyul kunlari g‘alayonlar Samarqand viloyatining Mingariq, Gadoytopmas va Serg‘osh bo‘lislarida yuzaga keldi. 20 iyulda Kattaqo‘rg‘on shahridagi qo‘zg‘olonda harbiy komandaning o‘q uzishi natijasida 5 kishi o‘lib, ko‘p kishilar jarohatlandi.

Chor ma’muriyati Jizzax qo‘zg‘oloni qatnashchilarini vahshiylarcha jazoladi[2]. Shahar va bir nechta qishloqlar yer bilan yakson qilindi. Shahar aholisi issiq jaziramada cho‘lga haydab yuborildi. Bu yerda ko‘p ayollar, bolalar va keksalar misli ko‘rilmagan azob-uqubatlarni boshidan kechirdilar. Hatto Jizzax fojiasi Peterburgda Duma yig‘ilishida muhokama etildi. Duma bu masalani, umuman 1916 yilgi qo‘zg‘olonni bostirishda chor ma’muriyati tomonidan yo‘l qo‘yilgan shafqatsizlikni tekshirish uchun Duma a’zosi A. F. Kerenskiy boshchiligida maxsus komissiya jo‘natadi. A. F. Kerenskiy ahvolni tekshirib, tub aholi g‘alayonlarini bostirish uchun belgilangan jazo ekspeditsiyasi o‘ta shafqatsizlik qilib, nafaqat erkaklarni, balki ayollar va bolalarni ham qirib tashlagan; aholi turar-joylarini shu qadar buzib, yakson qilganlarki, bunaqasi urush maydonlarida ham yuz bergan emas (masalan, Jizzax shahri butunlay yakson qilingan), deb topadi.

Bunday holat qo‘zg‘olonchilarning esdaliklari va xalq og‘zaki ijodida ham o‘z aksini topgan:

Taxta ko‘prik bitdimi?
Nikolay podsho o‘tdimi?
Jizzax shahrini vayron qilib
Murodiga yetdimi?
Osh kadi, palok kadi,
Tomga chiqib dod ayladi,
Namozgohni soldat bosib
Jizzaxni vayron ayladi[3].

Xalq qo‘zg‘olonlari Sirdaryo viloyatida ham alanga oldi. 11 iyul kuni Toshkentning Eski shahar qismidagi politsiya boshqarmasiga boradigan ko‘chada xotinlar dod-voy ko‘tarib, mardikorlikka hech kimni bermasliklarini izhor etganlar. Ularga erkaklar ham qo‘shilgan. Politsmeystr Mochalov mirshablarga idoraga kiradigan yo‘llarni to‘sishni va hech kimni qo‘ymaslikni buyurgan. Biroq, ikki-uch ming kishilik olomon panjaralarni sindirib, mirshablarni toshbo‘ron qilib, ichkariga kirganlar. Xotinlar «mardikorlikka bermaymiz», erkaklar esa «bormaymiz, shu yerda o‘lamiz», deb baqirishgan. Qo‘zg‘olonchilardan biri mirshab Yo‘ldosh Muhammad qo‘lidan to‘pponchani tortib oladi. Boshqarma idorasining qorovuli Mirahmad Mirakshayev ma’muriyat yonini olganligi uchun olomon tomonidan o‘ldirilgan. Shuningdek, xaloyiq politsiya boshqarmasining mirzasi Trentoveus boshini jarohatlagan. Toshbo‘ron tufayli Sebzor dahasining mirshabi Said Ismoiljonov, Shayxontohur dahasining mirshablari Tilla Eshmuhamedov va Doniyorxo‘ja Isaxo‘jayevlar jarohatlanadi. Askarlardan uch kishi yaralangan. Olomon boshqarma idorasi deraza va eshiklarini sindirdilar. Shu paytda xotinlarning qo‘zg‘olonga qatnashayotganligini qoralagan Obid usta Azizxo‘jayev kaltaklandi. U shahar kasalxonasida o‘lgan. Prokuror aybnomasida ko‘rsatilishicha, u politsiya boshqarmasi idorasi derazasi tagida turib, shovqin-suron ko‘tarish va toshbo‘ron qilish erkaklar turganda xotinlarga munosib emas, degan. Shu zahoti erkaklar va xotinlar uni ko‘chaga sudrab olib chiqishadi. Kimdir biqini va qorniga pichoq urgan. Qo‘zg‘olon vaqtida podpolkovnik N. Ye. Kolesnikov bir necha marotaba olomonni tinchlantirishga harakat qildi. Ammo ular qarshilik ko‘rsatishni to‘xtatmadilar. Qo‘zg‘olonchilardan biri qo‘lida qilichi bilan N. Ye. Kolesnikovga tashlanganida u bu kishini to‘pponchadan otib o‘ldiradi. Shundan keyin xaloyiqning qoni qaynab «Ur!» degan ovozlar yangradi. Olomon orasida Mahmud Mirsoatov ismli gimnaziya o‘quvchisi «Mirshablarni uringlar!» deb odamlarni hujumga chaqirgan. Qo‘zg‘olonchilardan Mirqosim Isamuhammedov sherigi bilan telefon simini uzgan. Olomonning boshqarma idorasiga bostirib kirishi xavfi tug‘ilgandan keyin N. Ye. Kolesnikovning buyrug‘iga ko‘ra ularga o‘q uzildi. Natijada 11 kishi o‘ldirildi va 15 kishi yarador qilindi. O‘lganlar orasida Abdusamad Abdusoatxo‘jayev, Shoyunus Abdukarimov va boshqalar bor edi. Ayollardan Ro‘zivonbibi Ahmadxonova o‘ldirildi. Zo‘rbibi Musamuhammedova yarador qilindi. Usta Odil Alimboyev, Oxunbobo Abdulla Azizov, mulla Olim Fayziboyev, Po‘lat Mirisayev, Shokir Kamolov, Ernazarxo‘ja Ikromboyev, Sodiq Qoriyev va boshqa kishilar yaralangan edilar. Boshqarma hovlisida ro‘y bergan fojiadan ko‘p o‘tmay Toshkent shahar boshlig‘i S. O. Kochin yetib keladi. U o‘zi ko‘rgan voqeani shunday bayon etgan: «Men politsiya boshqarmasiga kelganimda ko‘chada, boshqarma atrofida va qisman hovlisida erkaku xotinlardan tashkil topgan olomonga duch keldim. Olomon bir necha ming kishidan iborat bo‘lib, ular orasida o‘lganlar va yaradorlar yotardi… Politsiya boshqarmasiga boradigan ko‘chada ayrim kishilar menga yig‘i-sig‘i aralash nimalarnidir tushuntirishib, kimlarningdir ustidan shikoyat qilmoqchi bo‘ldilar. Bu yerdagi erkaklar va xotinlarning hammasi xo‘rlangan va ezilgan ko‘rinadi. Politsiya boshqarmasiga kirganimda Eski shahar mirshablarining hammasini qo‘llarida to‘pponcha ushlab turganliklarini ko‘rdim. Boshqarma binosi yonida telefon simi uzilgan holda yotibdi. Idoraning ichida g‘isht va tosh parchalarini, eshik va derazalar singanini ko‘rdim. Hali harbiy qismlar kelmagan edi. Olomonning tarqalishini so‘rab qilingan takliflar inobatga olinmay, shovqin-suron eshitilib turdi. Ko‘p o‘tmay o‘liklarni va yaradorlarni olishga va tibbiy yordam ko‘rsatishga kirishildi. Shu paytda boshqarmaga harbiy bilim yurtining bo‘linmasi va Toshkent Yangi shahrining mirshablari kelishdi. Shundan keyin harbiy qismlar ham kelib, olomonni ko‘cha tarafdan o‘rab oldi va ularni tarqatishga muvaffaq bo‘lindi. Qo‘zg‘olonchilardan bir guruhi mirshab Mirkomilning xonadoniga hujum qilish uchun Beshog‘och tomonga ketishgan ekan».

Chor hukumati qo‘zg‘olonni bostirgandan keyin ko‘p kishilarni hibsga oldi va sud qildi. G‘alayonning faol qatnashchilaridan etikdo‘z Abdurahmon Qayumso‘fiyev va qora ishchi Mirqosim Shomuhammedov osib o‘ldirishga hukm etildi. Ishchilardan Tojiboy Yunusxo‘jayev, G‘ulom Kamolov, Yo‘lchi Ibrohimov, Nizomiddinxo‘ja Zayniddinxo‘jayev, kambag‘al dehqon Murodxo‘ja Mahmudali Xo‘jayev, Yoqub Murodjaboyev va boshqalar uzoq muddatli surgun yoki qamoq jazosiga tortildi. Garchand Toshkent qo‘zg‘oloni bostirilgan bo‘lsa-da, uning aks sadosi butun o‘lka bo‘ylab taraldi. Avvalo, g‘alayonlar Toshkent atrofidagi joylarda avjga chiqdi. Odamlar 12—14 iyul kunlari Xitoytepa, To‘ytepa, G‘ishtko‘prik, Xonobod, Piskent va Kaufman stantsiyasi (Zangiota)da bosh ko‘tarib, mardikorlikka bormasliklarini ma’lum qildilar. 15—16 iyulda Vrevskiy stantsiyasi atrofida va 84-temiryo‘l raz’ezdida ko‘p ming kishilik olomon ko‘chaga chiqdi. 20 iyulda Bulat bo‘lisida 50 ming, Qibrayda 6 ming kishilik olomon mardikorlikka qarshi isyon ko‘tardi.

Ular orasida To‘ytepada bo‘lgan ko‘tarilish ajralib turadi. Bu yerda xaloyiq oqsoqol uyi, idorasi va imperator Nikolayning suratini yondirib tashladi. Chor harbiy bo‘linmasi qo‘zg‘olonchilarga o‘q uzishi natijasida 20 kishi nobud bo‘ldi va yarador qilindi.

Sirdaryo viloyatiga qarashli Amudaryo bo‘limida (Qoraqalpog‘iston) ham qo‘zg‘olonlar yuzaga kelganligi ma’lumdir. Qo‘zg‘olon Farg‘ona viloyatini ham qoplab oldi. 1916 yil 9 iyul kuni g‘alayon Andijon shahridagi Jome machiti maydonida ko‘tarildi. Bu qo‘zg‘olonga A. Hakimoqsoqolov, A. Ro‘ziboyev, M. Abdukarimov singari kishilar boshchilik qilgan. Andijon uyezdi boshlig‘i I. A. Brjeziskiyning ma’lumotiga ko‘ra, 500 kishilik olomon chor hukumatining mardikorlikka safarbarlik to‘g‘risidagi farmoniga bo‘ysunmasliklarini aytganlar. Ular uyezd boshlig‘ining tushuntirishiga quloq solmay, undan farmonni bekor qilishni va mardikorlikka safarbar qilmaslik haqida tilxat berishini qat’iy ravishda talab etganlar. Aksincha ellikboshilar va boshqa amaldorlar bitta qoldirilmay o‘ldirilishi va ularning mol-mulklari talon-toroj qilinishini uyezd boshlig‘iga bildirganlar. Bu talabga rad javob olingandan keyin qo‘zg‘olonchilar politsiya va harbiy otryadga qarshi ketmon, tosh va tayoqlar bilan tashlandilar. Bu to‘qnashuvda harbiy bo‘linma tomonidan o‘q uzilib, qo‘zg‘olonchilardan 10 kishi yaralangan va 3 kishi o‘ldirilgan, askar va politseylardan bir necha kishi shikastlangan. 10 iyulda Oltinko‘l bo‘lisiga qarashli Dalvarzin qishlog‘ida qo‘zg‘olonchilar bo‘lis boshlig‘i Mullaxonishbek Mullaro‘zibekov va uning ikki hamrohini o‘ldirdilar. Bunda qishloqning butun aholisi qatnashdi. Jazo bo‘linmasi yetib kelgan vaqtda ularning hammasi qishloqni tark etgan edilar.

13 iyulda Andijon uyezdi Maygir bo‘lisining Chuam qishlog‘ida qo‘zg‘olon ko‘tarilib, olomon qishloq oqsoqoli Y. Hasanboyev, ellikboshi Qipchoqboy va mulla Yo‘ldosh Sultonxo‘jayevlarni urib o‘ldirganlar. Shuningdek, ular amaldorlarning uylarini buzib, mol-mulklarini talaganlar. Qishloq oqsoqolining otasi K. To‘raqulboyevning ko‘rsatishicha, xaloyiq uy-joylarni vayron qilishdan tashqari, 200 ming so‘mlik qarzdorlik hujjatlari va veksellarni yondirib tashlaganlar.

Qo‘zg‘olonlar jazo bo‘linmalari tomonidan shafqatsiz bostirilishiga qaramay, tobora keng yoyila borgan. 12 iyuldan 13 iyulga o‘tar kechasi Chek Oftobachi va Chek G‘ofir qishloqlarining 300 kishilik olomoni qishloq oqsoqolining uyiga bostirib kirib, uni topib berishlarini oila a’zolaridan talab qilganlar. Bu vaqtda oqsoqol va ma’muriyatning boshqa vakillari Andijon shahrida yashirinib yurgan edilar. Qo‘zg‘olonchilar oqsoqolning o‘g‘lini va boshqa qarindoshlarini bog‘lab, oqsoqolni topib berishmasa, ularni o‘ldirish va uy-joylarini yondirishni ma’lum qiladilar. Hatto qo‘zg‘olonchilar oqsoqolni qidirib topish va jazolash maqsadida o‘z vakillarini shaharga yuborganlar. Chek Oftobachi qo‘zg‘olonchilarining boshlig‘i kurashni davom ettirish maqsadida Xonbog‘, Chek Madiyor kabi qishloqlarga o‘z vakili mirob Sotiboldiyevni yuborib, xalqni ko‘tarilishga, amaldorlarni jazolashga da’vat etadi.

Qo‘zg‘olon Donqo‘yma qishlog‘ida ham bo‘lib o‘tgan. Bu yerda xaloyiq qishloq oqsoqoli M. Sarimsoqovning xonadoniga bostirib kirib, mardikorlar ro‘yxatini va boshqa hujjatlarni kuydirib, oqsoqolni topib berishlarini qarindoshlaridan talab qilganlar. Xalq qo‘zg‘oloni Mirobod qishlog‘ida ham bo‘lib, mahalliy ma’muriyatning zulmi va adolatsizligiga qarshi kurashganlar. Ma’muriyat vakillari qo‘zg‘olonchilarning jazosidan shaharga qochib qutulganlar.

Norin, Baliqchi, Jalolquduq, Hakimobod, Izboskan, Yerboshi bo‘lislarida, Cho‘ja, Xo‘jaobod, Kapa, Poda kishloqlarida bo‘lib o‘tgan xalq harakatlari ham diqqatga molikdir. Bu yerdagi ko‘zg‘olonlarda ham yuqoridagi xatti-harakatlar takrorlangan.

Farg‘ona viloyatidagi eng yirik qo‘zg‘olonlardan biri 10 iyulda Marg‘ilon shahrida bo‘lib o‘tgan edi. 20—25 ming kishidan iborat shahar aholisi O‘rda maydonida to‘planib, mardikorlikka qarshi ko‘tarildilar. Qo‘zg‘olonchilar mardikorlikka olish haqidagi Farmonni tushuntirish va amalga oshirish maqsadida so‘zlamoqchi bo‘lgan politsmeyster, podpolkovnik Paxotin va mahalliy ma’muriyat vakillariga gap bermay, hujum qilganlar. Polkovnik Paxotin esa to‘pponchasini o‘qtalgan holda zo‘rg‘a to‘dadan qochib qutulgan. Mehnatkash xalqqa jabr o‘tkazgan oqsoqollar esa maydonda olomon tomonidan kaltak, ketmonu toshlar bilan urib o‘ldirilgan. Odamlar tarqab ketishi hamono qo‘shimcha harbiy bo‘linma kelib, O‘rda maydoni va boshqa muhim joylarni egalladi. Kun davomida qo‘zg‘olonning faol qatnashchilari qidirilib, ulardan 63 kishi qamoqqa olindi. Jinlar qishlog‘ida esa qo‘zg‘olonchilar bilan jazo bo‘linmasi o‘rtasida to‘qnashuv ro‘y bergan.

Yozyovon bo‘lisining turli joylarida bo‘lib o‘tgan qo‘zg‘olonlarda 36 kishi sud javobgarligiga tortilgan. Ularda asosan xotinlar faol ishtirok etgandilar. Shu boisdan ayollar ustidan tergov qo‘zg‘atilgan. Biroq, jamoat tazyiqidan cho‘chigan chor ma’muriyati ayollar ustidan olib borilgan tergovni pirovardida to‘xtatgan edi. Aravon bo‘lisida xaloyiq adolatsizlik va zulmga qarshi ko‘tarilib, bo‘lis hokimini kaltaklab o‘ldirganlar. G‘alayon sabablarini Turkiston tumani muhofaza qilish bo‘limi boshlig‘i M. N. Volkov shunday bayon etgan: «Qo‘qon shahrida Aravon bo‘lis hokimi Ibrohimning o‘ldirilishi u tomonidan aholining qattiq zulm ostiga olinishi natijasida sodir bo‘ldi. Bo‘lis hokimi safarbarlikka ishchi kuchlarini jalb etish haqidagi buyruqni oliboq bo‘lim mirzasi G‘ofir bilan maslahatlashib, chaqiriq ro‘yxatiga barcha kishilarni kiritish va kim pul bersa, uni ro‘yxatdan o‘chirishga qaror qildilar, bu uning o‘limiga olib keldi. Ko‘rsatilgan bo‘lim mirzasi G‘ofir oyiga 25 so‘m maosh oladi. Biroq, u keyingi ikki yil davomida Qo‘qon shahrida 6 ming so‘mga yaqin bahoda uy sotib oldi. 2000 so‘mdan ortiq pul sarflab, o‘zi va ukasini uylantirdi. Bundan tashqari uning 1000 so‘m naqd puli bor. Farg‘ona viloyat bo‘lislari hokimlarining ko‘pchiligi Aravon bo‘lis mirzasi kabi ish yuritadilar». 9 iyul kuni mazkur bo‘lisning Roziyog‘liq qishlog‘i aholisi ko‘targan qo‘zg‘olon jiddiy tus oldi. Mahalliy ma’muriyatning adolatsizligi va zulmidan sabr kosasi to‘lgan olomon bo‘lis hokimi I. Hasanboyev va uning hamrohlarini urib o‘ldirgan. Qo‘zg‘olonchilardan biri halok bo‘lgan. Qo‘zg‘olonni bostirish uchun yetib kelgan jazo bo‘linmasi darhol olomonni qurshab olib, 316 kishini hibsga olgan. Bu qo‘zg‘olonda 2 ming kishidan ortiq erkak va ayol qatnashib, ular Aravon, Kaligor, Turkman, Chomoshbi, Barzangi kabi qishloqlar aholisidan tashkil topgan edi. Qo‘zg‘olonda qatnashgan ayollar: «O‘g‘illarimizu erlarimizga ming so‘m berilsa ham mardikorlikka bermaymiz», deb xitob qilganlar.

Qo‘zg‘olonlar tarixida Naymancha qishlog‘i aholisining ko‘tarilishi diqqatga molikdir. Bunda ayollar jasorat va tashabbus ko‘rsatib olomonning birinchi safida turganlar. Shundan keyin jazo bo‘linmasi zo‘rlik bilan ayollarni chetlatib, erkaklar bilan yuzma-yuz bo‘lgan. Shunda olomon orasidan bo‘linma boshlig‘iga qarab toshlar otilgan. Bu qo‘zg‘olon ham bostirilgan. 11 iyuldan 12 iyulga o‘tar kechasi 400—500 kishilik olomon To‘da qishloq oqsoqoli qo‘lidan mardikorlik ro‘yxatini tortib olib, kuydirgan. Bu vaqtda Rishton qishlog‘ida ham M. Boboxonov, Sh. Hojiyev, P. Yo‘ldoshboyev va boshqa kishilar rahbarligida qo‘zg‘olon ko‘tarildi. 500—600 kishilik olomon Qo‘qon uyezd boshlig‘i K. V. Medinskiyning tushuntirishiga quloq solmay, bo‘lis hokimi M. Jalolovga tashlanib uni o‘ldirmoqchi bo‘ldilar. Biroq, hokim olomon orasidan qutqazib olindi. K. Medinskiyning qo‘zg‘olonchilardan bir necha kishini ushlab olishi olomonni yanada g‘azablantirdi. Xaloyiq harbiy otryadni qurshab ola boshladi. K. Medinskiy va uning hamrohlari, shu jumladan mahalliy ma’muriyat qadam-baqadam qurollarini o‘qtalgan holda chekina boshlaydi. Bu vaqtda qo‘zg‘olonchilarning bir guruhi K. Medinskiyning orqa tomonidan to‘sib oldi. Harbiy bo‘linma va ma’muriyat vakillari ketmon, tosh, kaltaklar bilan qurollangan olomon halqasida qoladi. Harbiy bo‘linma o‘t ochganda qo‘zg‘olonchilardan uch kishi yaralangan, 12 kishi qamoqqa olingan.

Xalq g‘alayonlari mayda qishloqlarda ham yuz bergan. Bunday hollarda uch-to‘rt qishloq ahli birgalikda harakat qilgan. Masalan, Qirqketmon, Beshkalapoyon va Beshkallabola qishloqlaridagi xalq ommasi Qudash qishlog‘iga to‘planib, bo‘lis hokimini o‘ldirmoqchi bo‘lib, qidirganlar. Ellikboshi va uning o‘g‘lini kaltaklaganlar hamda uyini buzib, mol-mulkini talaganlar. Harbiy bo‘linma tomonidan qo‘zg‘olon qatnashchilaridan 18 kishi hibsga olingan. Qo‘zg‘olonlar temiryo‘l va stantsiyalar, telefon va telegraf simlarini xavf ostiga qo‘ygan. Shuning uchun ham Qo‘qon jandarmeriya boshlig‘i temiryo‘lga yaqin joyda aholi to‘planib Gorchakov stantsiyasini egallash, telefon va telegraf orqali aloqani buzishga shaylanayotganini Farg‘ona viloyati general-gubernatorligiga ma’lum qilgan edi. Qo‘zg‘olonlar bostirilgani bilan baribir chor ma’muriyati vakillari mavqeiga zarba berardi. «Keyingi kunlardagi g‘alayonlar,— deb yozgandi Qo‘qon uyezdining boshlig‘i K. Medinskiy,— aholi orasida mahalliy ma’muriyatning mavqeini ancha qo‘porib tashladi. Mahalliy ma’muriyat haddan tashqari asabiylashgan bo‘lib, o‘ziga ishonchni yo‘qotmoqda. Musulmon bayramining birinchi kunida (18 iyul) umumiy qo‘zg‘olon ko‘tarilishi to‘g‘risida qat’iy so‘zlar eshitilmoqda. Xavfsizlikni ta’minlash uchun Qo‘qon shahar garnizonini tezda kuchaytyrish lozim». Shuningdek, bu hujjatda temiryo‘llar xavfsizligini darhol oshirish ham bayon etilgan.

Xalq g‘alayoni Namangan uyezdida ham keng ko‘lamda o‘tgan edi. 9 iyulda minglab erkak va ayollar chor va mahalliy ma’muriyatning mardikorlikka olish haqidagi farmonini tan olmasliklarini bildirganlar. Ma’muriyatning qo‘zg‘olonni tarqatib yuborishga qaratilgan harakatlari hech qanday natija bermadi. Aksincha, xalq ommasi tobora ko‘payib bordi. Shundan keyin pulemyotlar bilan qurollangan harbiy rota chaqirilib, olomonni qo‘rqitish chorasi ko‘rildi. Biroq, qo‘zg‘olonchilar ro‘yxatning berilishini qat’iy turib talab qiladilar. Shu vaqtda olomon orasidan «Ur!» degan so‘zlar yangrab, xalq rotaga tashlandi. Askarlar pulemyotlardan o‘q uzib, qo‘zg‘olonchilardan 12 kishini o‘ldirdilar va 38 kishiga tan jarohati yetkazdilar.

Namangan uyezdi boshlig‘i P. R. Krashkovning ko‘rsatishicha, yarador bo‘lgan qo‘zg‘olonchilar ma’murlarga qarata: «Bu hech narsa emas, baribir biz o‘z maqsadimizni amalga oshiramiz!» deb xitob qilganlar. Qo‘zg‘olon vaqtida katta-kichik oqsoqollar, qozilar, politsiya, umuman ma’muriyat vakillarining hammasi o‘ldirilishi haqida xitoblar eshitilib turgan. Qonli to‘qnashuvlardan keyin qo‘zg‘olon tarqalib, uning faol qatnashchilaridan 19 kishi qamoqqa olingan.

12 iyulda shu uyezdning Olmos qishlog‘ida erkak va ayollar birgalikda bosh ko‘tarib, mahalliy ma’muriyatning adolatsizligi, qiynog‘iga qarshi kurashdilar. Ular qishloq oqsoqoli M. Abdurahimov va uning yonidagi hamrohlarini kaltakladilar. Bu xildagi harakat Jarqo‘rg‘on qishlog‘ida avjga chiqdi. 11 iyulda bu qishloqda 1000 ga yaqin odam to‘planib, ular mahalliy ma’muriyat joylashgan boloxonali uyni qurshab olib, ro‘yxatni talab qildilar. Qishloq oqsoqoli Tojiboy ro‘yxatlarni olomon o‘rtasiga tashlashga majbur bo‘ldi. Bu hujjatlar darhol yo‘q qilindi. Biroq, qo‘zg‘olonchilar bu bilan qanoatlanmay, boloxonaga bostirib kirib, bo‘lis hokimini yerga tashlab yuboradi. Olomon oqsoqolni kaltaklab o‘ldiradi. Shundan keyin olomon bo‘lis hokimi uyini xonavayron qilib tashlaydi.

Uezdning Peshqoron, Uychi, Xo‘jaobod, Uyg‘ur, Toshqo‘rg‘on va Barzik qishloqlari aholisi bosh ko‘tarib amaldorlarning uylariga hujum qilgan va ro‘yxatlarni yondirib tashlaganlar. 14 iyulda uyezdning Chindaul qishlog‘ida katta qo‘zg‘olon bo‘lgan. 1000 kishiga yaqin xalq ommasi ma’muriyatning safarbarlik haqidagi tushuntirish so‘zlariga quloq solmay, norozilik bildirganlar. Qo‘zg‘olonchilar politsiya va uning boshlig‘ini qurshab, ro‘yxatlarni tortib olganlar. Shuningdek,ular bo‘lis idorasini buzib tashlaganlar. Qo‘zg‘olonning 50 nafar faollari ishi sudga oshirilgan.

15 iyulda uyezdning Chodak qishlog‘ida ko‘tarilgan qo‘zg‘olon ham e’tiborni tortadi. Ko‘p sonli olomon bo‘lis hokimi Mullaqozi Xudoyberdiyevning uyiga bostirib kirgan, uni tepkilagan. Ketmon, tayoq, tosh va boltalar bilan qurollangan xalq Sh. Toyirboyev, M. Karimov, M. Ashirmatov kabi ma’murlarni ham do‘pposlagan. Ayrim qo‘zg‘olonchilarda to‘pponcha ham bo‘lgan. Odamlar qishloq oqsoqoli N. Aminovning uyi va bog‘ini xonavayron qilib tashlaydi. Shuningdek, oqsoqolning 15 ming so‘m puli va 10 ming so‘mlik qarzdorlik hujjatlari hamda 10 ming so‘mlik uy jihozlari va mollarini yo‘q qilgan. Oqsoqolning o‘zi O‘sh shahriga qochib qutilgan. Bu yerda ham qo‘zg‘olonning faol qatnashchilaridan 90 kishi qamoqqa olindi.

Chor hukumati o‘lkada qo‘zg‘olonlarni bostirish uchun 14 batalon, 33 kazak harbiy bo‘linmasi, 42 to‘p va 69 pulemyot ajratadi. Jazo bo‘linmalari shafqatsizlik bilan harakat qildilar. Bu haqda general-gubernator A. Kuropatkinning rus imperatori Nikolay II ga yozgan raportida shunday satrlar bor: «Siz imperator Oliy hazratlari va barchaga muqaddas vatan hisoblangan buyuk Rossiya oldida o‘z sodiqligini unutganligi, jinoiy ishlar qilganligi uchun Turkiston aholisi qattiq jazolandi». Qo‘zg‘olon qatnashchilaridan 3000 dan ortiq kishi sudga berilib, ulardan 347 tasi osib o‘ldirishga hukm etilgan. Biroq, vaziyatni yanada keskinlashtirmaslik uchun ulardan 51 tasi qatl qilinib, qolganlariga o‘lim jazosi qamoq va surgun bilan almashtirildi. Yuzlab odamlar turli muddat bilan qamoqqa hukm etildi. Ayrim shahar va qishloqlar butunlay yakson qilindi. Ko‘plab uylar kuydirildi va mol-mulklari talandi. Ayniqsa, Jizzax qo‘zg‘olonchilariga nisbatan vahshiylarcha munosabatda bo‘lindi. Bu jihatdan Jizzax g‘alayoni ishtirokchisi To‘ra Norboyning xotiralari bizga ko‘p narsani oydinlashtirib beradi. «Jazo bo‘linmalari tog‘da qochib yurib, och qolib, qishloqdan ovqat olib kelish uchun tushgan Mavlon Aymatovni ushladilar. U bilan yana 7 kishini ushlab daraxtlarga bog‘ladilar. O‘n kungacha har kuni bir bor kaltaklab, ustidan suv quydilar. Askarlar qishloqdan ketadigan bo‘ldilar. Shunda ular bu 7 kishini kaltaklab, o‘ldirib ketdilar». Qo‘zg‘olon qatnashchilaridan biri Muqim Urdushov Toshkentga qochib, so‘ng Jizzaxga qaytib kelib, boshidan kechirganlarini quyidagicha bayon etgan: «Toshkentdan Jizzaxga keldim. Kechasi stantsiyaga yetib, namoz vaqtida shaharga tushib ketdim. Yo‘lda ko‘p askarlarni ko‘rdim. Ularni yonida xalqdan talab olingan qimmatli ro‘zg‘or ashyolari tog‘-tog‘ bo‘lib yotibdi. Askarlar qimmatli ipak so‘zanalarni, atlas va shohi ko‘rpalarni otlariga yopib qo‘yibdilar. Ipak gazlamalarni, shohi ko‘rpalarni tuproqqa yozib ustida ag‘nab yotibdilar. Hovliga chiqsalar ham shohi va atlas ko‘rpalarni yopinib chiqmoqdalar. Bunda xalqdan talab olingan minglarcha ot-mollar va qo‘ylar turibdi. Oyoq ostida bosilib yotgan qimmatli narsalarni ko‘rib, juda rahmim keldi. Eski shahar yo‘lida ketayotganimda Yangi shaharga qarab qator-qator borayotgan xotin-qizlarni ko‘rdim. Ular mendan: «Askarlar talab ketgan narsalarni qaytarib berayotgan emish, deb eshitdik, shu to‘g‘rimi?» deb so‘radi. Men buni ko‘rmaganligimni aytdim. Eski shaharga tushsam, eng yaxshi binolar, mahallalar, shahar ko‘chalaridagi timlar, do‘konlar, oshxonalar va choyxonalar kuyib, yer bilan tep-tekis bo‘lgan. Bunda boyo‘g‘li sayramoqda. Xalq och va yalang‘och, juda og‘ir ahvolda. Bu ahvolni ko‘rib ko‘p achindim».

«Bir kuni, — deb yozadi qo‘zg‘olon ishtirokchisi Mamasharif Husainov, — shahar atrofini askarlar o‘rab, har hovliga besh-oltitadan bo‘lib kiraverdilar. Odamlarni urib-so‘kib uylaridan quvib chiqdilar. Beshikdagi bolalarni yechib olishga qo‘ymadilar. Xalqni bozor maydoniga to‘plab, yosh va jinslariga qarab to‘dalarga ajratdilar. Atroflariga to‘p va pulemyotlar o‘rnatdilar. Askarlar ba’zi odamlarni qulog‘idan burab, to‘p og‘ziga olib borib, keyin qo‘yib yuboradilar. Ba’zilari odamlarga qarab miltiqlarini sharq-shurq qilib qo‘rqitadilar. Odamlar orasida Oqposhsho Jizzax xalqini otib yubordi, endi hammamizni otar ekan, degan gap tarqaldi. Xalqni vahima bosdi. Xotinlar va bolalar yig‘ladi. Askarlar ularni miltiq qo‘ndog‘i bilan urardilar. Bir vaqt Yangi shahardan bir otliq askar chopib kelib: «Siz, makkor Jizzax xalqi podshohi a’zamning oliy farmoniga itoat qilmaganliklaringiz uchun podshohi a’zam sizlarni otuvga buyurgan edi. General-gubernator Kuropatkin sizlarning gunohlaringizni Oqposhshodan tilab olibdilar. Sizlar endi bu shaharda yashashdan mahrum bo‘ldingiz. Sizlarni shahardan 25 chaqirim nariga surgun qilamiz», dedi. Askarlar, mingboshi va politsiyachilar xalqni uch tomonga bo‘lib haydadilar. Kun benihoyat issiq, hammayoqni chang-to‘zon qoplagan, Eski shaharga keladigan suv Yangi shaharda bo‘g‘ib qo‘yilganligi uchun hech joyda suv yo‘q. Bizlarni askarlar yugurtirdi. Bir yerga to‘xtatib, hammaning yonini kavlab, bor pullarini qoqib oldi. Yana yugurtirdi. Chopolmay yiqilganlarni miltiq qo‘ndoqlari bilan urdilar. U vaqtdagi dod-voy olamni tutar edi. Yosh bolalar suvsizlikdan yuragi ko‘yib, o‘lib qolaverdi. Homilador xotinlar tug‘ib yotibdi, askarlar ularga qarashga yo‘l bermaydi. Askarlar yugurishdan bosh tortganlarni otdilar. Yugurib ketayotgan xalqni yana to‘xtatib, qo‘llaridagi uzuklarni, quloqlaridagi sirg‘alarini yulib oldilar. Shu ravishda cho‘lga yetib borguncha necha joyda tekshirib, to yaxshi kiyimlarigacha yechintirib oldilar. Bizlarni shunday azob-uqubatlar bilan shom paytida Qilich cho‘liga olib borib, tashlab qaytdilar. Odamlarda ovqat ham, ko‘rpa-yostiq ham yo‘q edi. Hamma och va suvsiz qoldi. Kechasi biz qishloqlarga borib ovqat olib kelib, hammaga oz-oz ulashib turdik. Bir to‘p odamlar och qolib, kasallikdan o‘ldilar. Ular 10 kundan keyin bizga shaharga kelishga ruxsat berdi».

Bayon etilgan satrlarda, asosan qo‘zg‘olonchilarning ota-onalari va oila a’zolariga qilingan azob-uqubatlar haqida fikr yuritilayotir. Qo‘zg‘olonchilarning o‘zlariga nisbatan qo‘llanilgan jazolar bundan ham qattiq bo‘lgan. Ma’murlar Jizzaxda qo‘zg‘olon ko‘tarilganini ro‘kach qilishib 2000 gektar unumdor yerni davlat foydasiga o‘tkazishadi. Shu tariqa dehqonlar hayotining asosiy manbai hisoblangan yerdan mahrum etilgan. Shular qatorida tashabbuskor qo‘zg‘olonchilar osib o‘ldirildi. General-gubernator A. Kuropatkin bayon etilgan jazo choralarining kelajakda asqotishini yuqorida keltirilgan raportida quyidagicha ta’riflagan edi: «Tub aholi shuni yaxshi bilsinki, rus qoni to‘kilgan taqdirda aybdorlar osib o‘ldirilishi barobarida ularni yerlari Andijon (Dukchi eshon — H. Z.) qo‘zg‘oloni ishtirokchilariniki kabi tortib olinadi. Har bir g‘alayondan keyin qat’iy ravishda qo‘llanilayotgan bu tartib tub aholini rus hukumatiga qarshi qurol ko‘tarmaslikka majbur etishi lozim».

Shuni aytib o‘tish kerakki, yuqori tabaqa orasida dilida chor hukumatiga va mardikorlikka olishga qarshi bo‘lgan kishilar yo‘q emas edi. Ular o‘z maqsadlarini oshkor etishdan cho‘chib, pinhona ish yuritdilar. Masalan, Andijon shahridagi eng yirik millioner Mirkomil Mirmo‘minboyev Qo‘qon va Marg‘ilon shaharlari mingboshilari nomiga quyidagicha xat yuborgan: «Shahringizdagi aholi va boylarga mardikorlikka qarshi chiqishlarini ayting. Rossiyaning ahvoli juda tang, shuning uchun hech narsadan qo‘rqmanglar. Hammangiz bir yoqadan bosh chiqarib ish yuritsangizlar, mardikor olinishiga qarshi qo‘zg‘olon ko‘tarilishi oson. Hozirgi vaziyatda hukumat amaldorlariga pul bo‘lsa bas, hamma ishni bitiradilar. Mening xaloyiqni qo‘zg‘olonga undash harakatim bilinib tekshiruv o‘tkazilganda 150 ming so‘m berib o‘zimni saqlab qoldim. Shu boisdan sizlar ham xavotirlanmay harakat qilaveringlar». Mirkomil Mirmo‘minboyev bunday xatlarni boshqa joylarga ham yuborgan. Biroq, yuqori tabaqa vakillari qo‘rqoqlik va loqaydlik qilib qulay fursatdan foydalana olmadilar. Hatto milliy burjuaziya va ziyolilar zaif bo‘lganligi uchun o‘zlarini o‘tga urishga cho‘chidilar. Natijada xalq g‘alayonlarini jipslashtiradigan siyosiy kuch — rahbar topilmadi. Tosh, g‘isht parchasi, tayoq, bolta, temir-tersak va boshqa oddiy narsalar bilan qurollangan omi omma miltiq, to‘pponcha, qilich, pulemyot va to‘plarga ega bo‘lgan imperiya qo‘shinlariga qarshi o‘zlari bilganicha kurash olib bordilar. Jazo bo‘linmalarining vahshiyligi o‘lkada juda xatarli vaziyatni yuzaga keltirdi. Bundan vahimaga tushgan mahalliy tabaqa vakillari va ziyolilar ahvolni yumshatish, va tinchlikni ta’minlash maqsadida mardikor olishga qaratilgan farmonni amalga oshirishga chor ma’murlariga yaqindan yordam berishga jazm etdilar. Hatto ular «avom xalqni» qo‘zg‘olon ko‘targanliklari uchun istilochi ma’murlardan kechirishlarini iltijo qildilar. O‘sha yili «Turkiston viloyati» ro‘znomasining sahifalarida rus imperatorini ko‘klarga ko‘taruvchi va mardikorlikka borish har bir kishining vatan oldidagi burchi ekanligi haqida she’ru maqolalar chop etildi.

Shuningdek, mahalliy ma’muriyat, milliy burjuaziya va ziyolilar boshchiligida «mahalliy yordam komitetlari» tuzildi. Ular mardikorlarni to‘plash, jo‘natishga ko‘maklashish bilan bir qatorda jamoadan ularning ehtiyoji uchun mablag‘ to‘pladilar. Qahatchilikdan, jazo bo‘linmalarining qirg‘inlaridan nihoyatda toliqqan xaloyiqning qayta qo‘zg‘olon ko‘tarishga holi qolmadi. Bayon etilgan qulay fursatlardan foydalangan chor hukumati imperator farmonini amalga oshirishga qat’iy ravishda kirishdi.

1916 yil 23 avgustida A. Kuropatkin mardikorlikka safarbar qilish tadbirlari haqida buyruq chiqardi. Unda mardikorlikka olinadigan odamlar soni quyidagicha taqsimlangan: Sirdaryo viloyati 60 ming, Samarqand viloyati 32407, Farg‘ona viloyati — 51233, Yettisuv viloyati 43000 va Kaspiy orti viloyati 13830 kishi belgilandi. Safarbarlik 1916 yil 18 sentyabridan to 1917 yil fevral burjua-demokratik inqilobi g‘alabasiga qadar davom etdi. P. Kovalyovning bergan ma’lumotlariga ko‘ra, mardikorlar Moskva, Peterburg, Ryazan, Tula, Oryol, Smolensk, Penza, Bryansk, Dvinsk, Nijniy Novgorod, Qozon, Samara, Perm, Yekaterinburg, Orenburg, Kiyev, Xarkov, Yekaterinoslav, Odessa, Zaporoje, Kerch Tbilisi, Botumi va boshqa joylarga jo‘natilgan.

Chor ma’muriyati belgilangan 200470 kishi o‘rniga 123 mingdan ortiq mardikorlarni safarbar qilishga muvaffaq bo‘ldi. Ulardan 101600 kishi — Rossiyaning g‘arbiy qismiga, 4000 kishi — Sibirga, 7405 kishi Kavkazga yuborilgan. 10 mingdan ortiq kishi Turkiston o‘lkasida ishlatildi. Mardikorlar harbiy va sanoat korxonalarida, konlarda, temiryo‘llar qurilishida, o‘rmonlar va ayrim kapitalistlarning xo‘jaliklarida betinim ishlatildi. Ular ochlikdan, xo‘rlikdan, mashaqqatli mehnatdan ko‘p aziyat chekdilar. Ular orasida sovuq urushdan, turli kasalliklardan o‘lganlar va nogiron bo‘lib qolganlar bor edi. Mardikorlikka yollangan ajdodlarimiz hayoti xalq og‘zaki ijodiyotida quyidagicha aks etgan:

Poyezdingni jildirgan,
O‘txonasi bilan do‘ngalagi,
Dvinskaga ketishdi
Mard yigitning bir bo‘lagi.Dvinskaga ketmas edi
Mard yigitning bir bo‘lagi,
Dvinskaga ketkazgan,
Nikolay zolimning zambaragi.

Dvinskaga yo‘l bo‘lsin,
Qarag‘ayzoring kul bo‘lsin.
Yigitlarni qiynagan,
Nikolaying yo‘q bo‘lsin.

So‘k oshini ichmayman,
Etigimni yechmayman.
Qorda qarag‘ay kesganman,
Hech haqimdan kechmayman…[4]

O‘zbek mardikorlari mashaqqatli va og‘ir hayotning asiri bo‘lib qolmay, kurash olib bordilar. Ular bir necha marotaba ish tashladilar, harbiy bo‘linmalar bilan to‘qnashdilar. Ular orasida mahalliy aholi bilan birgalikda inqilobiy harakatlarda faol qatnashgan kishilar bor edi. Mardikorlar fevral burjua-demokratik inqilobidan keyin o‘z vataniga qaytishga erishdilar va o‘lkaning keyingi siyosiy-iqtisodiy hayotida faollik ko‘rsatdilar.

1916 yil qo‘zg‘oloni chor huqumating mustamlakachilik siyosati avjiga mingan kezda yuzaga keldi. U milliy zulmga, o‘lkaning xom ashyo manbaiga va tayyor mahsulotlar bozoriga aylanishiga qarshi qaratilgan edi.

Qo‘zg‘olonning tarixiy ahamiyati shundaki, u butun Turkiston zaminida yashayotgan turli millat va elatlar siyosiy ongi o‘sishiga va kurashlarda chiniqtirishga olib keldi. Shuningdek, unda ayollarning faol qatnashishi muhim voqea sanaladi. Bu hol tarixda kamdan-kam uchraydigan hodisadir. Qo‘zg‘olon keng quloch yoyishi barobarida chor hukumati hukmronligidan norozi bo‘lgan ayrim yuqori tabaqa vakillarini harakatga chorladi. Ular o‘lka mustaqilligini tiklash uchun qo‘zg‘olondan foydalanib qolishga urindilar. Qo‘zg‘olon chor hukumatining o‘lkadagi kuch-qudratini zaiflashtirib, fevral burjua-demokratik inqilobi g‘alabasini ta’minlagan omillardan biri hisoblanadi. Uning ijobiy tomonlaridan yana biri shundaki, rus imperatorining mardikorlikka safarbar etish haqidagi farmonining to‘la amalga oshirilishiga keskin zarba berdi. Natijada mo‘ljallangan mardikorlar sonining yarimi jo‘natildi. Bu minglab oilalarning xonavayron bo‘lishidan saqlab qoldi. Qo‘zg‘olon o‘zbek va boshqa qavmlarning mustaqillik va ozodlik uchun olib borgan kurash tarixida o‘chmas iz qoldirdi.

“Sharq yulduzi” jurnali, 1992 yil, 3-son

————————————

[1] Chistachilar paxtani chanog‘idan tozalab, paxta zavodlariga sotar edilar.

[2] Jizzax qo‘zg‘oloni vaqtida o‘ta jaholatga berilgan ayrim kishilar oddiy rus kishilarini qiynagan va o‘ldirganlar. Biroq bunday harakat qo‘zg‘olonning mustamlakachilik, milliy zulmga qarshi qaratilgan mohiyatini belgilamaydi. Qo‘zg‘olonning asosiy yo‘naltiruvchisi hisoblangan mehnatkash ommada o‘zga millat vakillarini qirish niyati mutlaqo bo‘lmagan — H. 3.

[3] Bu misralarni 1946 yili folklorshunos M. Afzalov jizzaxlik Qurbonboy Ochildiyevdan yozib olgan.

[4] Qurbon Ali Mo‘minovdan yozib olingan.