Kuni kecha Respublika Vazirlar Mahkamasi “Chimyon-Chorvoq mintaqasi tabiiy boyliklarini saqlash hamda hududni o‘zlashtirishga kompleks va izchillik bilan yondashishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi. Bu hujjat keng jamoatchilik, ayniqsa tabiat ixlosmandlari tomonidan qizg‘in ma’qullab kutib olindi. Mintaqaning maxsus muhofaza qilinadigan tabiiy hudud sirasiga kiritilishi ayni muddao bo‘ldi.
Hayotimizning, tirikchiligimizning eng asosiy tayanch nuqtalaridan biri ariqlaru anhorlarda, daryolaru ko‘llarda jon saqlab yurgan baliqlardir. Lekin, ming afsuslar bo‘lsinki, bu jonivorlarga tajovuzkorligimiz kuchaysa kuchaymoqdaki, sira kamaymayapti. Oqibatda bu soha tobora tang ahvolga tushib, tanazzulga yuz tutmoqda. Ha, suv havzalarimizdagi turli-tuman baliqlar zaxiralari keskin kamayib bormoqda. Bunga esa, biz, o‘zimizni tiya olmayotgan odamlar sababchimiz!..
Bolaligimizda Bo‘stonliqdagi tog‘dan oqib tushuvchi ariqlardan baliq ovlardik. Tog‘lar cho‘qqilaridan boshlanib, oxiri Chirchiq daryosiga qo‘shiluvchi ariqlar liq to‘la baliq bo‘lardi…
Keyinchalik, ya’ni o‘ttiz yillar chamasi muqaddam, hammamiz birdaniga “taraqqiylasha” boshladik. Dastlab baliq ovlash uchun turli-tuman qarmoqlar paydo bo‘ldi. Ko‘p o‘tmasdan har xil to‘rlarni ishlatish boshlandi. Bora-bora nafsi hakalak otgan ba’zi baliq kushandalari vahshiylikka butunlay yuz burdilar. Ular har xil kimyoviy moddalarni qo‘llab, baliqlarni ayovsiz qirg‘in qila boshlashdi. Shunday qilib, yigirma-o‘ttiz yillar avval bizning Oqtosh hududimizdagi uch-to‘rtta ariqlar shu xildagi kimsalar dastidan tamoman o‘lik suv o‘zanlariga aylanib bo‘lgan, bu suvlarda yashovchi xonbaliqlardan nom-nishon ham qolmagan edi.
Endi nima qilish kerak? Bu o‘zanlarda yana baliqlar paydo qilish yo ko‘paytirish maqsadida maxsus idishlarda xonbaliqlarni olib chiqib, havzalarga qo‘yib yubordik. Shu sabablimi yoki suv toshgan kezlarida Chirchiq daryosidan o‘rlab chiqishadimikin, ishqilib, ariqlarimizda yana baliqlar ko‘payib qoldi. Biz baliqlarni qayta tiklash va ko‘paytirishga bel bog‘lagan ko‘ngillilar nihoyatda shod edik. Navbatma-navbat o‘zanlarni nazorat qilib turardik. Baliq kushandalarini necha bor yo‘lini to‘sishga ham ulgurganmiz.
Ammo, yomon niyatli g‘alamis kimsalar bari bir fursat topar ekan. Biz g‘aflatda qolgan kunlarning birida xlordan ham o‘n chandon kuchli kimyoviy suyuq moddani ariq boshidagi sharsharadan oqizibdilar. Buning oqibatida nafaqat baliqlar, soy suvidagi jamiki mavjudotlar qirilib bitdi. Oylar davomida biz suv ichadigan ariqlardan zaharli moddaning badbo‘y xidi anqib turdi. Dahshatli shu voqeadan so‘ng o‘n besh-yigirma yillar o‘tib ketsa ham, ariqlarimizda baliq paydo bo‘la olgani yo‘q…
Tog‘ qishloqlari aholisini azal-azaldan mazali xonbaliq bilan ta’minlab kelgan bunday ariqlar fojiasi yurtimizning boshqa joylarida sodir bo‘lmayotganiga kim kafolat bera oladi? Men O‘zbekistonimizning juda ko‘p joylarida bo‘lib, odamlar bilan suhbatlashganman, aynan bizdagiga o‘xshash xunuk hollarning guvohi bo‘lganman, baliq ovlashda shu paytgacha hech kim eshitmagan yana ba’zi usullarni qo‘llayotganlarini ham ko‘rganman. Masalan, elektr toki orqali baliqlarga qiron solish usuli zaharli kimyoviy modda oqizishdan sira qolishmaydi. Tok tarqatilgan suv havzasida ham bironta mavjudot sog‘ qolishi mumkin emas. Ehtiyotsizlik qilsa, kushandalarning o‘zi ham nobud bo‘lishi hech gap emas…
Obi-hayot olamiga mudom falokat keltiruvchi ofatlarning yana boshqa turlari ham bor. Ya’ni, katta-kichik har xil korxonalar iflos va zaharli chiqindilarni oqar suvlarga oqizishi oqibatida juda katta yo‘qotishlar sodir bo‘layotir.
Bechora baliqlar loaqal qish mavsumida ham tinchgina yashamaydigan bo‘lib qoldi. Bu mavsumda ham qarmoq, elektr toki, zaharli kimyoviy moddalarni oqizish usullaridan tashqari, g‘alamislarning ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan yana bir “hunari” ishga tushadi. Eng past haroratli bu mavsumda, ayniqsa, yirik-yirik xonbaliqlar va shohbaliqlar isinib olish va xo‘rak topish ilinjida turli tomonlardan oqib tushib, daryoga qo‘shiluvchi buloqlarning iliqqina o‘zanlari atrofida to‘planishadi. Buni biladigan “baliqxo‘rlar” qo‘shotar miltiqdan ketma-ket o‘q sochib, bir yo‘la o‘nlab baliqlarni halok qiladilar. Odamlar tomonidan ko‘ra-bila turib sodir etilayotgan xunuk, hatto dahshatli bunday yovuzliklar loaqal bundan buyon to‘xtatilmasa, oqibati yaxshilik bilan tugamasligi aniq.. Hammamizdagi eng asosiy illat shuki, barchamiz, hatto mazkur sohaning “nonini” yeb tirikchilik o‘tkazayotgan muhofazachilar ham o‘zlarini o‘ta loqayd va beparvo tutadilar. “Yomon ko‘rinishning, dushman orttirishning menga nima keragi bor?!”, degan illat ko‘pchiligimizning qon-qonimizga singib ketgan.
Tabiiy boyliklarga, chunonchi baliqlarga ofat solish, qiron keltirishning turlari shunchalar ko‘p ekan, tajovuzkorlar yo‘lini to‘sish vositalari-chi?! Buning uchun, birinchi navbatda, joylarda katta-kichik rahbarlar, ayniqsa, fuqarolar yig‘ini raislari, mahalla qo‘mitalari faollari bu masalada, o‘z tasarruflaridagi aholini to‘g‘ri yo‘lga boshlashlari, yurtimizdagi tabiiy boyliklar, jumladan mavjud suvlardagi baliqlar ham shu yerlik odamlarga tegishli, yurt boyligi ekanligini ularning o‘zlariga yaxshilab tushuntirmoqlari kerak. Suvlarimiz baliqlarga qanchalik to‘la bo‘lsa, tabiatimiz shunchalik rang-barang tus oladi.
Demak, bunday boylikni qo‘riqlash uchun doimiy ravishda kurash borishi kerak. Tabiat nazoratchilari esa, o‘z vazifalarini vijdonan ado etishlari, ko‘rib turib “ko‘rmay” o‘tib ketish, qo‘l qovushtirib o‘tirish kabi illatlarga chek qo‘yishlari, uzoq-yaqin maskanlarga nazorat uchun tez-tez chiqib turishlari, qonunbuzarliklarni qattiq jazolashlari, xalqning hamma qatlamlari orasida doimiy targ‘ibot ishlarini olib borishlari zarur.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining “Chimyon-Chorvoq zonasi tabiiy boyliklarini saqlash hamda hududni o‘zlashtirishga kompleks va izchillik bilan yondoshishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori shuning uchun ham katta ahamiyatga egadir. Unda belgilangan keng qamrovli vazifalarning amalga oshirilishi mintaqaning rivojlanishiga, noyob va kamyob tabiiy boyliklarning saqlab, ko‘paytirilishiga xizmat qilishi shubhasizdir.
“Toshkent haqiqati” gazetasi,
2000 yil 15 mart soni.